Oyisi Xurshidni bog‘chadan vaqtli olarkan, tarbiyachisiga: «Bugun bolaganamning tug‘ilgan kuni!» — dedi. Kunduzgi uyqudan vaqtli uyg‘otilgan Xurshid «tug‘ilgan kun»ning nima ekanligiga aqli yetmasa-da, quvnab irg‘ishlay boshladi.
— Tug‘iygan kunim, tug‘iygan kunim! — deya qichqirgancha oldinga tushdi. Oyisi uni zo‘rg‘a tutib turib, maykasi ustidan oq shoyi ko‘ylakchasini arang kiygizdi. Xurshid battar irg‘ishlar, lablarida muzikaga o‘xshatib, turli ovozlar chiqarardi.
— Duvvuv… tug‘iygan kunim…
Xurshid yo‘l bo‘yi oyisiga bidirlab keldi, hovliga yaqinlashganda chopa-chopa darvozadan birinchi bo‘lib kirdi, atrofga alanglab, bir nimalarni izlagan bo‘ldi. Ko‘ziga hech narsa ilinmadi. U yugurgancha katta uyga o‘tdi: uyning o‘rtasida uzun stol qo‘yilgan. Stol ustida turli xildagi yemishlar. Xurshidning ko‘zi o‘rtasi qip-qizil gulli tortga tushdi. Mazza! U tortga qo‘lini cho‘zgan edi — yetmadi. Yaqinginadagi stulni qo‘yib, chaqqonlik bilan o‘rmalab chiqdi, tortning gulli joyiga changal urdi. Bittasining gulini tamomlab, ikkinchisiga qo‘l cho‘zayotganda oyisining ovozini eshitdi.
— Voy o‘lmasam, nima qilib qo‘yding! — oyisi yugurgancha kelib, uni stuldan olib, tashqari sudradi. Ular eshiqdan chiqaverishda Xurshidning ko‘zi toshoynaga tushdi: burni, yuzlari oppoq. Xuddi tsirqdagi amakiday. Oynaga qayta o‘girilib qararkan, bilagi bilan burnini artdi. Oyisi hamon javrardi: — Endi man nima qilaman, birpas shoshilmasang-ku, o‘zim kesib berardim.
Oyisi uni cho‘miltirdi. Patli sochiqqa o‘rab, o‘zi o‘ynaydigan uyga olib kirdi. Xurshid gilam ustida bir dumalab, o‘rnidan turdi-da, ochilib ketgan sochiqni oyoqchalari bilan tepa boshladi. U semizgina, dumdumaloq. Oyisi uni zo‘rg‘a quvib tutarkan, kiqir-qiqir kular, labchalarini cho‘chchaytirib, allaqanday ovozlar chiqarardi. Yangi kiyim kiydirayotganda Xurshid battar quvnab, oyisining bo‘ynidan achomlab oldi. Matroscha ko‘ylak va kalta shimining cho‘ntaklariga qo‘lini tiqib ko‘rdi. Oyisi uning ensiz yelkalaridan tutib, pushti, namchil, nuqra yuzchalariga shirin bir mehr bilan boqdi. Shu payt Xurshidning burni bilan qosh oralig‘ida mayin ajinlar paydo bo‘ldi, og‘zi yarim ochildi… aksirdi. Oyisi: «O‘h, urdi!» deya sochiqning uchi bilan uning burnini qattiq artdi. Xurshidning burni osti qip-qizarib, ko‘zlarida yosh aylandi.
— Qani sizlar? — uyga otasi kirdi. Xurshid burun ostining og‘riganini ham unutib, otasiga qarab yugurdi, otasi cho‘nqaygan edi, uning bo‘ynidan achomlab oldi. «Sizni tug‘ilgan kuningiz bilan chin qalbdan tabriklayman, hurmatli Xurshid Savriyevich!» — dedi otasi yo‘g‘on ovozda uning betlaridan «cho‘lp-cho‘lp» o‘parkan. Xurshid o‘zini otasining bilagiga tashlab, yayradi. Otasi o‘rnidan turganda uning ko‘llariga osilib, oyoqlari orasida arg‘imchoq uchdi.
Ota xursand, ona shod, bola baxtiyor.
— Qani onasi, tezroq bo‘ling, halizamon mehmonlar kelib qolishadi, — dedi otasi. Xurshid «mehmonlay, mehmonlay!» degancha irg‘ishlab, tashqariga otildi. U qo‘shni bolalarga borib qo‘shilarkan: «Mani tug‘iygan kunim boy!» — dedi maqtanib. Unga hech kim e’tibor bermagach, hafsalasi pir bo‘lib, uyga qaytdi. Oyisi oshxonada ekan.
— Oyyi… tug‘iygan kunim tani? — deya so‘radi oyisining oyoklariga yopishib. Oyisi qah-qah urib kuddi.
— Tugilgan kuning kechqurun bo‘ladi… mehmonlar kelganda! — dedi uning boshini silab. — Bor endi, bolam.
Xurshid qo‘shni xonaga kirib, kech bo‘lishini kuta boshladi. Uy burchida to‘ntarilib yotgan pachoq «samosval»ga ip bog‘lab, uyning u boshidan, bu boshiga «pirillatgancha» borib kela boshladi. Keyin biqiniga «Moloko» deb yozilgan sariq mashinasini «samosval»ga ko‘ndalang qilib yuklab, ohista sudray boshladi. Tezda bundan ham zerikdi. Katta uyga yana bir bor kirmoqchi bo‘ldi. Borsa, eshik ochilmadi. Uzoq unnadi. Ochilmadi. O‘tirib olib, bor ovozda yig‘lashga tushdi. Otasi kelib:
— Nega yig‘laysan? — deb so‘ragan edi, oyoqlarini tipirchilatib, battar yig‘ladi. Shu asnoda darvoza qo‘ng‘irog‘i jiringladi. U ham ko‘zlaridagi yosh bilan otasiga ergashib, darvozaga yugurdi. Hovliga uchta amaki kirdi. Ikkitasining bo‘yi otasinikidan baland, bittasiniki otasiniki bilan baravar. Oldingi amakining qorni katta. Har uchala amakining ham qo‘ltiqlarida qog‘ozga o‘ralgan narsa. Nima bo‘ldi ekan? Oshxonadan oyisi yugurib chiqib, mehmonlarni xursand qarshi oldi. Qorni katta amaki, keyin boshqalari ham qog‘ozga o‘ralgan narsalarini oyisiga berishdi. Oyisi oshxonaga, otasi bilan mehmonlar katta uyga yo‘l olishdi. Ulardan keyin yana bitta amaki, ikkita xola keldi. Ularni ham onasi «Xush keldiyizlar», deb qarshi oldi. Xurshid ularga ag‘rayib turar, o‘ziga e’tibor bermaganlaridan o‘ksinib, bir chetda mung‘ayib turardi. Chunki, ularning uylariga bundan oldin kelgan mehmonlar doim uni o‘pib, yuziga sekin urib qo‘yishardi. U ham mehmonlarga ergashib, katta uyga kirdi. Hamma o‘zicha gapiradi. Otasi radio yonida. Musiqa yangraydi. Qorni katta amaki to‘rda, guldirab kuladi. Xurshid burchakka qisilib, ularga yer ostidan qaraydi. Yon tomondagi xola unga qarab jilmaydi. Tishlari tilla. Yaraq-yaraq qiladi.
Xurshid g‘izillab tashqari chiqib ketdi. Bir ozdan keyin qaytib kelib, avvalgi joyini egalladi. Tilla tishli xola unga qarab, takror jilmayganda, u ham jilmaydi. Uning tishiga choyning yaltiroq qog‘ozi qoplangan edi. Xola bir qaradi-yu, keyin qovog‘ini solib, chetga burildi. Xurshid «achchig‘i chiqdi» deb o‘yladi, sekin og‘zidan soxta tishini olib, barmoqlari orasida ezg‘ilab, sharikcha yasay boshladi. Shu orada uyga mehmonlardan yana besh-olti kishi keldi. Stolning oxirrog‘ida o‘tirgan .sochi ko‘p tog‘a unga qarab turib jilmaydi, keyin o‘ng ko‘zini qisib qo‘ydi. Xurshid ham uning qilig‘ini takrorlarkan: «Yaxshi tog‘a…» deya ko‘nglidan kechirdi.
Bir ozdan keyin korni katta amaki o‘rnidan turib, yo‘g‘on ovozda bir nimalar dedi. Xurshid o‘zining otini eshitganda, dikqat bilan quloq sola boshladi.
— …Vot tak, Xurshidjon bizning eng talantli ukamiz, o‘zi yosh bo‘lishiga qaramay respublikada xizmat ko‘rsatgan artist degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan Savrijon Salimovning nuri diydalari, to‘ng‘ich farzandlari… to‘g‘ri, agar o‘tgan yili tug‘ilgan farzandlari ham bo‘lganda edi… xo‘p, buning zarari yo‘q, bundaqa neudachniyliklar hayotda bo‘lib turadi… men imkoniyatdan foydalanib, Savrijon Salimovning talantlari haqida ikki og‘iz gapirmoqchiman. Darhaqikat, u kishi teatrimizning yosh, umidli va istiqbolli aktyorlaridan. U kishi boshqa ba’zi artistlarga xos bir-birini ko‘ra olmaslik, jizzakilik, boringki, ichiqoralik hislatlaridan tamoman toza va musaffo. Men u kishi bilan ilk marta teatrshunoslik institutining foyesida…
Xurshid bu so‘zlarning farqiga bormaydi, boshi og‘irlashib, guvillaydi. Poygakka yaqin joydagi stulda o‘tirgan otasining oyoqlariga suykanadi. Otasi uni ko‘tarib, tizzasiga o‘tkazarkan: «Jim o‘tir!» deb o‘pib qo‘yadi. Mehmonlar qadahlarni urishtirib, ichishadi. Tilla tishli xolaning yuzi xuddi «dori» ichgandek burishib ketadi. «Achchiq ekan…» o‘yladi Xurshid. Bir qarsakdan keyin otasi uni yerga tushirib, oyisi uzatgan olacha to‘nni «qorni katta amaki»ga kiydiradi. Hamma qarsak chaladi. Otasi «qorni katta amaki»ni zo‘rg‘a quchoqlab, o‘padi. Yana chapak, «He-hey, qiziq bo‘ldi…» o‘yladi Xurshid. Otasiyam, oyisiyam tashqari chiqib ketgach, Xurshid nimagadir o‘zini noqulay, yakka his etadi, boshini egganicha uyalib turadi. Qulog‘iga vilkalarning tovoqlarga bir maromda tegib turgan «shiq-shiq»i eshitiladi. Xurshid yer tagidan mehmoshtarga qaraydi. Hamma kulib turibdi, u bir oz dadillashadi. Hamma o‘z gapi bilan ovora.
U stol qirrasiga osilib, vazadagi olmaga intiladi. Boyadan beri unga ikki-uch marta ko‘z qisib, kulib qo‘ygan «yaxshi tog‘a» bitta olma olib beradi. Xurshid «yana, yana» deya stolga sakraydi. «Yaxshi tog‘a» yana bitta olma beradi. Xurshid ikkala olmani ikki qo‘lida ko‘ksiga qisgancha eshikka tomon buriladi. Oyisi kelardi. U chopqillab, oyisiga tashlanadi va bitta olmani unga tutqizadi. Xurshid oyisi bilan kelib o‘tirarkan, yana o‘z nomini eshitib qoladi. Deraza yonida bir amaki so‘zlardi.
— …Xurshidjonning tug‘ilgan kunlari shunday bir davrda o‘tayaptiki, shonli xalqimiz, shu jumladan, bizning teatrimiz hayotida juda katta voqealar sodir bo‘layotgan bir paytda… bu paytda hali so‘zga chiqqan teatrimizning otaxoni, hurmatli Shodmonxon akamiz ham juda yaxshi gaplarni aytdilar. Aziz do‘stlar, mana qarang, bugunga yubiley, toyes, imenina dasturxonini tovuqdan tortib tortgacha, aroqdan tortib konyakkacha bezab turibdi, turli xildagi zakuskalar, hammasi muhayyo…
Xurshidning boshi tag‘in chuvillay boshladi. U gapirayotgan amakining boshida uy shiftida osilgan lyustraning g‘ujum chiroqlarini ko‘radi… Qiziq! Oyisidan sekin so‘raydi.
— Oyi, anu amakimmi chochlayi tani? — Oyisi peshonasi yaltiroq, oriq teatr suflyori Shonazar akaga qaraydi, kulgisini bildirmaslik uchun quyi labini tishlab, Xurshidni jerkiydi.
Xurshid ko‘zlarini ochib, yuma boshlaydi. Dasturxonga yangidan keltirib qo‘yilgan kabobdan uning ham yegisi keladi. Xayriyat, onasi tashqari chiqdi. Xurshid o‘ziga olma bergan «yaxshi tog‘a»ga qaraydi, u yonidagi xola bilan gaplashib o‘tirardi. Nima qilish kerak? Stolning to‘ridan qo‘yib kelinayotgan kabobdan bug‘ ko‘tariladi, sochi yo‘q amaki bo‘lsa hamon so‘zlar, chamasi, hozirgina qo‘yilayotgan kabob haqida gapirardi. Ana, nihoyat, «yaxshi tog‘a» o‘z oldida tovoq uchun joy ochadi. Xurshid bir oz mulohazali qarab turadi, so‘ng erkalanib borib, «yaxshi tog‘a»ning tizzalariga suykanadi. Mehmon bitta suyak olib, bolaga tutqizadi. Xurshid suyakni oladi-yu, ikki qo‘llab, og‘ziga eltadi, boshini egri kilib, uzoq mijiydi. Chandir ekan. U qo‘lidagini sekin stol ustiga tashlaydi va «yaxshi tog‘a»ning tizzasiga yopishib, endi o‘zi stolga ko‘tarilmoqchi bo‘ladi.
— Ana xolos, hamma joyimni yog‘ qilib yubording-ku! — deydi «yaxshi tog‘a» uning bilakchalaridan qattiq ushlab. U qaytib yerga tushadi, «yaxshi tog‘a» bo‘lsa ro‘molchasi bilan shimini tozalaydi. Bu voqeadan xabar topgan oyisi uni qattiq jerkigancha sudrab, avvalgi joyi — eshik yonidagi bo‘sh stulga o‘tqazadi.
— Ana shu yerda ko‘milib o‘tir! — deydi past, shiddatli ovozda. Xurshid boshini ko‘ksiga solgancha birpas pishillab o‘tiradi, hamma o‘zi bilan ovora. Hech kim unga e’tibor bermaydi. U nima qilishini bilmay, bosh barmog‘ini so‘ra boshlaydi. Zerikadi. Oyoqlarini o‘ynatadi. Bir vaqt yana u o‘z otini eshitib qoladi.
— …Men Xurshidjonning oyilari haqida gapirmoqchiman, — deya sipolik bilan so‘zlardi «tilla tishli xola». — Haqiqatan ham Shohistaxon o‘z nomlariga yarasha, ismlari jismlariga monand juvon. U kishi mening qizlikdagi dugonam. Hali esimda, biz institutda o‘qib yurgan vaqtimizda men atlas ko‘ylak tikdirsam, ikkita tikdirardim, u kishi biror tufli olsalar bitta emas, ikkita olardilar. Ikkalamizning ham razmerimiz bir edi-da. Hali ba’zi birovlar meni ko‘rib qolishsa, siz Shohistaning singlisimisiz, deb so‘rashadi.
Oyisi poygakda turib qichqiradi.
— Singlisi emas, opasimisiz, deb so‘rashsa kerak?!
Hamma kuladi. Xurshid ham o‘z-o‘zidan jilmayadi, yer ostidan «yaxshi tog‘a»ga qaraydi. U ham kulib o‘tiribdi. Mehmonlar «tilla tishli xola»ning gapidan keyin o‘z qadahlaridagini ichishadi. Oyisi ham ichadi. Ularga mazza. Xurshidning ham suv ichgisi kelib ketadi, chaqqonlik bilan stuldan tushib, hurkibgina «yaxshi tog‘a»ning biqiniga borib tiqiladi. Lekin «yaxshi tog‘a» undan xafa — chetga burilib olgan. Xurshid kichkina kaftchasi bilan «yaxshi tog‘a»ning tizzasi ustida qovushtirilgan o‘ng qo‘lini ohista siypalaydi. «Yaxshi tog‘a» e’tibor bermasdan, yonidagi kishi bilan so‘zlashadi. Xurshidning yuraga siqiladi. Suv ichkisi keladi. U oyoqlari uchida turib, shishaga qo‘l cho‘zadi — qo‘li yetmaydi. Dik etib sakraydi — yana yetmaydi. Ikkinchi marta sakraganda suv to‘la shisha tarelka ustiga ag‘dariladi. Dahshatli ovozdan Xurshid cho‘chib tushadi, so‘ng apil-tapil stol ostiga biqinadi. «Yaxshi tog‘a» o‘rnidan turib ketadi.
— Obbo… endi bunisi bormidi?! — derdi u shimiga to‘kilgan suvni dastro‘moli bilan sidirarkan.
Mehmonlarning «suv — ravshanlik» deyishlariga qaramay, oyisi Xurshidni stol ostidan sudrab chiqaradi, uning ko‘zlari yoshli, oyisiga iltijoli qarar, mehmonlardan madad so‘rab javdirardi. Xayriyat, oyisi urmadi.
— Yur endi, uyqung keldi! — deya uni sudragandek qilib, narigi uyga olib o‘tadi. Burchaqtsan bir uyum qo‘g‘irchoqlarni olib, uning oldiga tashlaydi: — Ma, mana bularingni o‘ynab o‘tir, mehmonlar uyat qilishadi… uyga o‘ta ko‘rmaki…
Xurshid teskari qarab g‘ingshiydi:
— Tug‘iygan kunim tani? Oyisi eshikka yo‘nalarkan:
— Erta topib beraman! — deydi ishontirib.
Xurshid qo‘g‘irchoqlariga qiyo ham boqmay, uzoq o‘tiradi. Zerikadi, yuragi to‘lishib, ko‘zlariga o‘z-o‘zidan yosh keladi. Xo‘rsinadi. Unsiz yig‘laydi. Shu holicha kichkina gavdasi egila-egila ohista bikinga ag‘dariladi. U oyoklarini cho‘zib, qo‘llarini yonga tashlaydi. Uning bir oz siniqqan, lo‘ppi yuzchalarida ko‘z yoshlari qotib qolgan, pishillab nafas oladi.
Qo‘shni xonada hamon uning tug‘ilgan kuni nishonlanar, mehmonlarning biri otasini maqtasa, ikkinchisi onasini maqtardi. Ahyon-ahyonda u uyqu aralash o‘z nomini eshitganda:
— Tug‘iygan kunimmi bey… bey! — deya g‘ingshib qo‘yar, chamasi allaqanday qo‘rqinchli, mavhum tushlar ko‘rardi.