«…Men katta bo‘lsam miltiq sotib olaman.»
«Miltiqni nima qilasan?..»
«Otamni otaman!!!»
I
Qirq to‘rtinchi yil dekabrining boshlarida, qoraxat kelganidan rosa bir yildan so‘ng, yog‘in-sochinli kunlarning birida tersotalik Normat polvon bir oyog‘idan ayrilib urushdan qaytdi. Urushdan majruh bo‘lib qaytish odatdagi voqea bo‘lib qolganligi uchun hech kim uning mayib bo‘lib qaytganligiga ajablanmadi. So‘nggi uch yil ichida urushga soppa-sog‘ ketib, biron muchasidan ayrilib qaytish hodisasi tez-tez sodir bo‘lib turardi. Urush boshlangan yiliyoq yuqori Teraklidan usta Pirnazar qo‘lidan ajralib qaytgandi. Ikki yil oldin esa Qo‘rg‘onosti qishlog‘idan Mulla Turdi ko‘zidan ayrilib qaytdi. Shu yilning boshida Yangiboy hisobchi qishloqqa g‘ildirakli aravada kirib keldi. Uning qullar urug‘idan bo‘lgan xotini ikki-uch oy sochini yulib yurdi-yu, keyin ko‘nikib qoldi. Biroq, yoz boshlarida otlanib Qamashiga tushib ketdi, bir haftalardan keyin eski yuk mashinasida qaytib kelib, erini qayoqqadir olib jo‘nadi.
O‘n kunlardan so‘ng bir o‘zi yakka qaytdi. Odamlar uning erini Qarshidagi nogironlar uyiga tashlab kelganini bilishdi. Yangiboyning soqov ukasi yozning oxirida yangasini o‘lasi qilib savaladi. Qo‘shnilari ertasi choshgoh mahali uni og‘zi-burnidan qon kelib behush yottan holda og‘ilxonadan topib olishdi. Tersotaliklarga Yangiboy hisobchiga qaraganda Normat polvonning mayibligi arzimas bo‘lib tuyuldi. Uning faqat bir oyog‘i, shunda ham to‘piqning usti kesib olingan va o‘rniga yasama oyoq o‘rnatilgan edi. Shu sababli cho‘loqlanib bo‘lsa ham u bemalol yura olardi.
Ertasiga qishloq chekkasidagi katta ayvonli paxsa uyda kichkina to‘y bo‘ldi. Qari bo‘lsa ham anchagina semiz echki so‘yildi. Qaynoq sho‘rvaning hidi Tersotaga yondosh Olma va Supa qishloqlarigacha taralib turdi.
Normat polvonni ko‘rish uchun kelgan qishloqdoshlari o‘zlari tasavvur qilgan norg‘ul, barvasta, umrida olishib ko‘rmagan, lekin suyagi yirik bo‘lgani uchun «polvon», deb nom olgan, qishloqning old chavandozlaridan biri, qomatidan kuch yog‘ilib turgan, o‘ttizdan endi oshgan o‘ktam Normat polvonni emas, ozib, mushaklari shalvirab, bo‘yin tomirlarida ajinlar paydo bo‘lib, yara izlari qolgan, hali dorilarning badbo‘y hidi ketmagan, ko‘rinishidan ellikni bersa bo‘ladigan, sochlari oqara boshlagan, o‘zlari eshitgan urushning tirik guvohini ko‘rdilar. Qishlokdoshlari uning yuzidagi zahillikka, kuygan quloqlarining orti ola-kula bo‘lib qolgan bo‘yinlariga va tez-tez sarak-sarak qilib, silkinib turadigan boshiga hech ko‘nika olmadilar.
Yig‘ilganlar besh-oltita qari qartangdan va onalari qoshida yoki hovlida o‘yin boshlab yuborgan bolalardan tashqari aksariyati ayollar va kampirlar edi.
Joyni avval pechkali xonaning o‘ng tarafidagi katta, keng sovuq xonaga solishgandi. Ammo kampirlar kelib, joyni issiqqina pechkali yotoq uyga o‘tkazishdi.
— Shusiz ham Normatboyning mehmonxonasi borligini bilamiz. Bu yerda hech kim begona emas. Bizga shunisi ma’qul. Besarishta, to‘zib yotgan uyda o‘tirma-sak, o‘tirganday bo‘lmaymiz, — deyishdi ular.
Pechkali xona ham keng edi, to‘rda taxmonga kir-chir va quroqli ko‘rpachalar, turli rangga bo‘yalgan hosilot po‘staklar, har xil gullar chizilgan namatlar, qo‘lda to‘qilgan gilamlar yig‘ib qo‘yilgandi. Xonaning shifti baland, loysuvoq devorlarning ikki tomoniga qush, kiyik, bir tuvak bodomgulni o‘rtaga qo‘yib, bir-biriga tikilib turgan yigit va qizning surati, qo‘zilar o‘tlab yurgan tog‘ etagining hamda ko‘klam kunlarining tasviri solingan ikkita uzun so‘zana osilgan edi. Kashtalar tagidan ikkita qizil gulli yashil ro‘mol ilingan, ro‘mollar ko‘p vaqt turganidan devorning nusxi urib, rangsizlanib qolgandi. So‘zanaga qaragan odam uni tikkan qiz chevar bo‘lganini va bu kashtalarda o‘sha chevarning qizlik orzu-umidlari barq urib turganini, bular kelinlik sarpolari ekanini sezar, bu kashtalarda balog‘at orzularini ko‘rib, beixtiyor entikib qo‘yardi.
Odatdagiday urushdan qaytganlarga qilinadigan hurmat ma’nosida to‘rda Normat yasama oyog‘ini sog‘ oyog‘i ustiga qo‘yib, uchta lo‘labolishlarga suyanib o‘tirar, uning ikki tomonida yonboshlagan yoki devorga suyanib olgan chollar Normatni shunchaki gapga solib o‘tirishardi. Pechka atrofida esa kampirlar o‘ng tomonda o‘tirgan chollar tomon engashgancha qizg‘in suhbatga berilgan edilar; gohida chollar shumlik qilib, sekin chimchilab olsa, ular o‘shshayib qolgan, ajin bosgan yuzlariga uyalgan tusini berishgancha tillarida «he, o‘l, qarib suyulmay, soqoling ostida qolgur», deb tishsiz og‘izlarini ochib hihilar, o‘zlari esa cholga yaqinroq surilib o‘tirar, xotinlar ham go‘yo bu yerga bir-biri bilan chug‘urlashish uchun kelishganday edi: goh ajablanganini, goh xursand bo‘lganini, goh qayg‘urishayotganini bildirish uchun yuzlarini burishtirib, qoshlarini yozib, yoqalarini ushlab, yana qo‘yib yuborishib, lablarining bir chetidan «cho‘lp» etib tovush chiqarib, hayratlangan bo‘lishar, hamishagidek kimlarnidir g‘iybat qilishga kirishib ketishgan edi. Tashqarida qozon-tovoqning darang-durungi, bolalarning «Bo‘lmaydi, bo‘lmaydi, qaytadan», deb chuvillashayotgani va ayol kishining: «Ha, juvonmarg to‘qol, ukangdi o‘ynatmay erlaringminan o‘ynayapsanmi?» — degan shang‘i ovozi orasida Sharif chavandozning nimadir buyurgan yoki kimnidir, aftidan, bolani: «Hap, senimi, otangning iligiga… Shunday qilabersang qizimdi bermay qo‘yaman», degan bir oz xirqiroq, quvnoq ovozi kelar, go‘yo hamma bu yerga nima uchun kelganini bir lahzadayoq unutishganday yoki unutishga harakat qilishayotganday tuyular edi. Normat esa qishloqdoshlarining yuzlariga so‘zsiz, jim tikilib qo‘yar, nimadandir iztirob yoki xijolat chekayotganday edi. Hammaning oddida cho‘zilib yotishni ep ko‘rmay, o‘rnidan turib o‘tirishga harakat qilar, biroq yasama oyog‘i xalaqit berar, u yana avvalgiday cho‘zilib olar, ikki kundan beri kelib-ketayotganlarning, qishloqdoshlarining yuzidagi achinish va hamdardlik ifodalarini ko‘rib, oyog‘ini kesishayotganda boshlangan kamsitilgandek tuyg‘u uni yana girdobiga olmoqda, ichkariga kirib-chiqib turgan, kechasi bilan uning ko‘kragiga urib, oh-voh qilib, yig‘lab chiqqan, hozir ham suluvligini yo‘qotmagan xotinini jim kuzatar, undan to‘rt yillik ayriliq asoratini axtarar, lekin negadir izlayotganini ilg‘amayotgandek, bu asorat unga sababi noma’lum bo‘lgan begonalik va tundlik bilan qoplangandek tuyular edi.