Nazar Eshonqul. Ochilmagan eshik (hikoya)

Senga qanday jannat yaratib berardim, bilmaysan.
F.M.Dostoyevskiy

Kelinchak o‘z erini murakkab va siyqa bir kitobni o‘qiyotganday mashaqqat bilan, ba’zan adashib, gumonsirab, rashk qilib o‘qirdi. Biroq oxir-oqibatda hammasiga qo‘l siltab loqayd va beparvo bo‘lib qolardi: erini endi ko‘ngli istamay, ming marta o‘qilgan kitobday bezillab, o‘qiganlaridan beshbattar yuragi sovib ketishidan qo‘rqib, yurak hovuchlab, ming istihola, ming xayol va ming ilinj bi¬lan o‘qirdi. Kim biladi, u, balki, bu sirli va chigal kitobda erining begona ayol bilan bo‘lgan ishqiy sarguzashtini ham yuz berishi muqarrar bo‘lgan hodisaday yoki o‘ziga mutlaqo aloqasi yo‘kday, o‘qilaverib har bir so‘zi, tinish belgisi, nuqta-verguli tanish bo‘lgan siyqa bir xatni o‘qiganday, go‘yo shunday bo‘lishi tabiiyday, xotirjam va beparvo o‘qib chiqqandir? Balkim, ko‘nglidagi rashk, alam va o‘zga ayolga hasad tuyg‘usi erining yuzidan bu sarguzashtni butun siru asrori bilan o‘qib bo‘lgachgina yo‘qolgan va o‘rnini noma’lum, o‘ziga o‘xshash mushtipar, erining xushomadlariga osongina asir tushgan ayolga achinish hissi egallagandir? Kelinchak ba’zi-ba’zida o‘ziga «kundosh» bo‘lgan u ayolni xayolan tasavvur qilar ekan, ko‘z oldida dunyoda eng suluv ayolning siymosi paydo bo‘lardi. Erining nazari tushgan ayol bundan o‘zgacha bo‘lishi mumkin emas edi. Ayolning tasavvur oynasida jilvalangan, uning o‘z xayollari mahsuli bo‘lgan bu ilohiy suratga ba’zan o‘zi maftun bo‘lib qolardi va bunday ayolni sevmaslik, uning yo‘lida qurbon bo‘lmaslik kechirib bo‘lmaydigan gunohday tuyular, eri shunday ayolga o‘zini almashganidan faxrlangisi ham kelar, ba’zan eri bir imosiga mahtal turgan bu suluv o‘rnida o‘zi bo‘lgisi kelar, shu sababli ham uning qaddi qomatu husni chizgilarida va ta’riflarida ayol o‘zining qaddi qomati va yuz chizgilarini tasavvur qilar, keyin esa ko‘ngliga yaqin kelinchaklarga u ayolni yalmog‘izday dog‘uli, jodugar, erini makr-hiylalar bilan domiga ilintirgan deya qarg‘ar, og‘ziga kelgan daqqi so‘zlar bilan u noma’lum suluvni, shu orqali o‘zini ham haqorat qilar, o‘limini yaratgandan ham, yaratmagandan ham tun bo‘yi tilab chiqardi. Eri uning birdan-bir xazinasi edi, u eridan qachon bo‘lmasin ajralishni xayoliga ham keltirmas va bu xazinaning hatto xayolida ham faqat o‘ziniki bo‘lishini istardi.
Ammo yozning o‘rtalarida bor orzulariyu xayollarini, ko‘nglining tubiga yashirib qo‘ygan xazinasini ikkiga ajratib tashlagan qilich uning o‘zini ham ikkiga bo‘lib tashlagan, endi kechagi kelinchaklik baxtiyor kunlari bilan mashaqqat va iztirob bilan otayotgan har bir ertangi kuni ikkiga bo‘lingan jasadday kelinchakning umri uzra ikkiga bo‘linib, ikki yoqda cho‘zilib yotar, baxtiqarolik bundan buyongi kelinchakning har bir ko‘rgan kuni boshida qonsirab turgan qilich kabi uning qurbonligini istab naq peshonasida muallaq osilib turardi.
Kelinchak har kecha o‘zi o‘tirgan daraxtga bir muddat qo‘nib o‘tgandan so‘ng yana uzoq safarga otlangan qirg‘iydek o‘zidan kundan-kun uzoqlashib, noma’lum manzil sari ketib borayotgan erini, uning so‘nggi paytlarda paydo bo‘lgan ters, qo‘pol, jizzaki fe’l-atvorini, bir vaqtlar eri bilan juft qanot bo‘lib uchib o‘tgan, hozir esa tashlab ketilgan baxt manzilidek ko‘rinayotgan kelinchaklik paytlarini eslab to tonggacha yig‘lab chiqardi: tongda yig‘idan qizarib ketgan ko‘zlarini arta-arta naq o‘zining gavdasiday keladigan og‘ir ketmonni holsizgina yelkasiga tashlab, ruhsiz va aftoda qiyofada dalaga jo‘nardi va kun uzog‘i yana o‘sha erining es-hushini o‘g‘irlagan ayol bilan xayolan munozara qila-qila ayolning eriga qo‘ygan tuzoqlari, makrlari va jodularini hamda umrining gulgun lahzalarini begona o‘tlarga qo‘shib chopib qaytardi. Kelinchak hamisha o‘zini shaharlik ayolga qaraganda ojiz va xunuk bo‘lsam kerak deb xayol qilar, erining aqlini olgan ayol, nazarida, o‘zidan go‘zalroq, mehribonroq, ishvaliroq, jozibaliroq va nafosatliroq tuyulib ketardi. O‘ziga qaraganda ko‘proq biladi, o‘qimishli, erining ko‘nglidan chiqa oladi, toza va ozoda kiyinib yuradi, o‘zidek qatiq bilan bosh yuvmaydi, badanidan ter va g‘o‘za hidi kelib turmaydi, o‘ziga qaraganda yosh, yuzi quyoshda kuymagan, sochlari sarg‘ayib ketmagan, qo‘llari ham o‘zinikidek dag‘al, qo‘pol emas, taftli, haroratli, mayin, nozik – bunday qo‘lni ushlasa, erining bir yillik hordig‘i chiqib ketadi: shunday paytlarda kelinchak o‘ziga o‘zi bechorahol, bo‘shang, uquvsiz, injiq va yig‘loqi bir kelin bo‘lib ko‘rinardi.
Ba’zan u o‘ziga hech aloqasi bo‘lmagan, gohida iztirob, faromushlik, gohida shiddat, jo‘shqinlik, xushbaxtlik chulg‘ab oladigan erining tund yuzidan quyuq tuman ichida sekin o‘chayotgan gulxan yanglig‘ o‘ziga atalgan va asta-sekin izsiz so‘nayotgan zaifgina ehtiromni ko‘rib qolardi.
Kelinchak to‘rt yilning chang-g‘uborlari, yomg‘ir-qorlari ostida qolgan, bu uyga endi kelin bo‘lib tushgan paytlaridagi ehtirosli muhabbatni xuddi o‘t-o‘lanlar orasidan yo‘qolgan ignasini axtarayotgandek erining quv ko‘zlaridan ba’zan sargashta bo‘lib izlab qolardi. Lekin suvga cho‘kkan toshdek bu muhabbat qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi. Ba’zan kelinchak yonida yotgan sovuq va tund erkakka qarab turib nogahon erining kuyovlik paytlari esiga tushar va shunda o‘sha navqiron va quvnoq kuyovbolaga hecham aloqasi yo‘q yot bir erkak bilan yotgandek birdan seskanib tushar va yonidagi erkakni qayoqqadir tashlab ketgan sho‘x-shodon, quvnoq kuyovi izlab, sigirini axtarib yurib quyuq o‘rmonda adashib qolgan ertakdagi o‘gay qizchadek erining xudbinlik va zaharxandalik bilan qizarib turadigan yuzini, ohista bilinar-bilinmas ajinlar qoplayotgan peshonasini, temirchining ombiriday sovib qolgan lablarini sekin paypaslab izlab qolardi.
– Bu nima qilganing? – jerkib yuzlaridan qo‘llarini siltab tashladi uyg‘onib ketgan eri unga zarda bilan tikilar ekan. – Haliyam yosh bolaga o‘xshaysan. O‘zingni sal bosib olsang-chi.
U yuzini teskari o‘girib oldi-da, yana pishillab beozor uyquga ketdi, kelinchak esa bo‘g‘ziga toshday tiqilib turgan yig‘ini bosish uchun tishlarini qahp bilan bir-biriga bosib turar, agar tishlarini qo‘yib yuborsa, bo‘g‘zidan butun uyni, butun hovlini, butun qishloqni, butun dunyoni boshiga ko‘taradigan ayanchli yig‘i otilib chiqishini anglar, biroq yuzidan yosh tomchilari sim-sim to‘kilib, bo‘yinlari orqali bir erkalashga, bir ardoqqa intizor bo‘lib so‘lib turgan kichkina, zaif ko‘krakchalarining hovuchiga borib quyilayotganini sezmas edi.
– Eringning sendan ko‘ngli soviganiga sabab – befarzandliging, – derdi ko‘ngliga yaqin kelinchaklar uning g‘o‘zalar orasida ketmonni quchoqlab xuddi kasallikka chalingan bir tup g‘o‘zadek mung‘ayib, so‘lib, tushkun va umidsiz yum-yum yig‘lab o‘tirganini ko‘rgan paytlar. – Bitta bola tug‘ib bersang, senga parvona bo‘ladi-qoladi.
Kelinchakning o‘zi ham shunday o‘ylar edi. Lekin ayb kimdaligini ham, nimaga shuncha yildan beri bola ko‘rmayotganini ham, nima uchun boshqalarday peshonasi yorug‘ emasligini ham, Parvardigor o‘ziga onalik shodligini nima uchun ravo ko‘rmayotganini ham bilmas edi. Buning uchun eri ham, o‘zi ham sababchi bo‘lib tuyulmasdi – sababi o‘zidan ham, eridan ham o‘zga xilqatda bo‘lib tuyular va o‘sha xilqatdan ba’zan baxt va dorilamon kunlarga qo‘shib farzand ham so‘rar edi. U ham ona bo‘lishni istar, u ham qornini qappaytirib qishloq ko‘chalaridan havasni va hasadni keltirib kerilib o‘tishni orzu qilardi.
Eri ertalab bir dasta kalitlarni olib, bir haftadan buyon ochilmayotgan omborga qarab ketdi. U yerdan asabiylashib, xo‘mrayib qaytib keldi.
– Yo qulfdan voz kechish kerak yo eshikdan, – dedi u o‘ziga o‘zi gapirgandek. – Ochib bo‘lmayapti. Qulf yomg‘irda ochiq qolib, zanglagan. Biron narsa bilan o‘rab qo‘yishga esa sening aqling ko‘plik qilgan.
U «etmagan» demadi, aynan «ko‘plik qilgan» dedi. Uning xunuk va eski bo‘lsa ham juda mustahkam qulfga ichi achiyotgan va buni yashirmay ta’na qilayotgan edi.
– Qanday qilma, baribir, ochilmaydi, – deya to‘ng‘illadi u uyning orqasiga o‘tib ketarkan. – Pulni ko‘kka sovurishni bilasan faqat. Seni hamisha birov tergab turishi kerak.
U tomorqa tarafda ham yana uzoq nimalardir deb javradi. Kelinchak erining bu marta shahardan jizzakiroq kayfiyatda qaytganini kelgan kuniyoq sezgan edi. Balkim, shaharlik ayol bilan oralari sovigandir, ehtimol, boshqa sababi bordir. Kelinchak chin dildan birinchi sabab yuz berishini istar edi. Shu bois erining ovga borib, quruq qaytgan ovchiday fe’li buzilib qaytishi yozning boshlarida kelinchaklarning maslahati bilan xamirturushga igna qadab tashlaganining karomati deya o‘ylardi. U mushtday xamirga igna qadab suvga oqizib yuborgandi. U erining shaharlik ayoldan ko‘ngli sovishini, uni yoshligidanoq sig‘inishga, gunohlari uchun tavba qilishga va boshiga kulfat tushganda madad so‘rashga o‘rgatishgan o‘sha sirli va hech qachon qiyofasini tasavvur qilolmagan xilqatdan yolvorib so‘rar, har bir narsadan ilinj, chora, madad izlar, hamma irimlarga qattiq rioya qilar edi.
Qachonlardir kelinchak g‘alati tush ko‘rgandi va eri yonida yotgan paytlari negadir o‘sha tushni ko‘p eslardi. Tushida eri xuddi qaysidir bir kinoda ko‘rgandek bag‘oyat suluv va lovillab turgan qip-qizil, harir ko‘ylak kiygan ayol bilan keng lolazorda bir-biriga jilmayib tikilgancha ketib borishardi. Eri ayolning yelkasidan ohista quchib olgan: uning yuzida muzaffarona ifoda porlab turar, ayolni kuldirish uchun nimadir gapirar va oldin o‘zi xoxolab kular edi. Ayol esa eriga qaraganda firog‘i baland, kibrli va kelinchakka chiroyli yuzi bir oz sovuq bo‘lib tuyulgandi. Ular qo‘llarida bir dasta lolani silkitgancha gulbarglari to‘kilayotgandan bexabar o‘zaro suhbatlashib, uzoqda ko‘rinayotgan qir tomon ketib borishar, ularning izidan uchib tushayotgan gulchambarlarni terib yoshgina bir qizcha ham borardi. Qizcha juda yosh, ozg‘in va puchuq edi. Qizcha ular to‘kkan gulchambarlarni bitta qo‘ymay terib olar, eri esa so‘lib qolgan lolalarni ayolning qo‘lidan olib, iziga qaramasdan boshi uzra orqaga uloqtirar va ayolga yangi lola uzib berish uchun damodam yerga egilar edi. Ular puchuq qizchaga deyarli e’tibor ham berishmasdi. Kelinchak eri ayolni yelkalaridan quchgan holda qip-qizil lolalar ichiga sekin o‘tirg‘izganda va so‘ng ular lolalar ichida ular ko‘rinmay qolib, ayolning qip-qizil ko‘ylagi lolazorda hilpirab uchib ketganda hamisha dimiqib va xo‘rligi kelib uyg‘onib ketardi. Qizcha esa ayolning ko‘ylagini tutib kelaman deb shamolning izidan yugurardi, gohida qizcha ayol yotgan joyga qo‘rqa-pisa mo‘ralab qarar va ko‘ngli rashkdan azoblanib ho‘ngrab yuborardi. Kelinchak nogahon puchuq qizchaning o‘zi ekanini anglab qolar, ho‘l bo‘lib ketgan yostig‘ini quchoqlagancha uyg‘onib ketardi.
Kelinchak eri ayolning alvon harir ko‘ylagini qo‘lida uzoq aylantirib otib yuborganini, so‘ng eri bilan ayol qizg‘aldoqlar orasiga singib ketganini, qizchaning esa shamol olib qochayotgan alvon ko‘ylakni tutaman deb yugurib borayotib yiqilib tushganini ko‘rib turardi. Nazarida, kimdir qizchaning yuzini ohista erkalayotgandek bo‘ldi. So‘ng kimningdir badbo‘y issiq nafasi yuziga urildi va yuzida nam sezdi. Kelinchak uyqu aralash sekin jilmayib qo‘ydi. O‘zini quchayotgan, erkalayotgan, so‘ng o‘ziga bilintirmay yechintirayotgan qo‘llar eriniki ekanini sezmaslik, o‘zini bilmaslikka olish uchun g‘aflat uyqusida qotgandek noz aralash g‘ingshib qo‘ydi va tush aralash yiqilib tushgan qizchaning o‘rnidan turaman deb turolmayotganini, qandaydir og‘ir kuch ustidan bosib turganini elas-elas ilg‘ar edi. So‘ng, nazarida, qizni ham yechintirishayotgandek bo‘ldi: kelinchak uyqu aralash o‘zini yechintirayotgan qo‘llarni sekin ushlab, alam va erkalik bilan so‘lg‘in jilmaydi va nogahon qo‘llarning erinikiday yumshoq, ingichka, silliq emas, dag‘al, yara-chaqa bosgan katta ekanligini sezib qoldi-da, yuziga kimdir bir kosa muzdek suv sepib yuborganday seskanib ko‘zini ochdi. Avval tepasida charaqlab turgan quyoshdan ko‘zlari qamashib ketdi va o‘zining qayerda yotganini, atrofini g‘o‘za o‘rmoni o‘rab olganini to‘satdan anglab qoldi. Ko‘zlarini tik quyoshdan pana qilib irg‘ib turdiyu qandaydir bir zarb bilan yana joyiga yotib qoldi va o‘zining yarim yechintirilganini, tanish traktorchi o‘zini qayta yotqizish uchun zo‘r berib yelkasidan bosayotganini, yovvoyi ayg‘irday pishnayotganini bilib qoldi va qo‘rqib ketdi: ikkala oyog‘i bilan traktorchining og‘zi va burni aralash tepib yubordi. Traktorchi «ih» dedi-da, qo‘llarini qo‘yib yubormadi, uning uyg‘onganini ko‘rib jon-jahdi bilan qo‘pol harakat qila boshladi. U burnidan oqayotgan qon kelinchakning ochilib qolgan soniga tushayotganini sezmasdi ham: kelinchak o‘z sha’nini zo‘r berib himoya qilardi. Kiyim-boshiyu butun vujudidan badbuy dori va kerosin hidi kelayotgan traktorchi esa uni oxirigacha yechintirishga urinardi. Ayol chayir va chaqqon edi. Traktorchi kuchli va naynov edi. O‘zlarini ko‘mib turgan g‘o‘zalar ham ularning o‘zaro jangini tomosha qilayotgandek nafas chiqarmay qotib qolishgandi: uzoqdagi shiypondan ayollarning tushlik ovqat ustidagi quvnoq kulgilari toki ular olishayotgan qartagacha yopirilib kirar, lekin ular bu kulgilarga e’tibor bermas, har biri o‘z maqsadi uchun yonib tirishib kurashar edi. Erkak kuchini behuda ishlatib charchab qolgach, birdan umidsiz va tajang ohangda shivirlab xushomad qila boshladi:
– Axir eringning shaharda o‘ynashi borligini hamma biladi-ku!
Kelinchak uning gapidan seskanib tushdi, nomus va alamdan larzaga keldi, birdan qo‘lidagi qilichni birov urib tushirgan askarday bemajol bo‘lib qoldi. Xuddi xazina yashiringan g‘orning tilsimli jumlasiday bu jumlaga uning barcha mudofaa a’zolari birin-ketin asir tusha boshladi: u erkakning qo‘llariga ortiq qarshilik qilmay, go‘yo yashashdan endi umid uzganday, o‘zining ixtiyorini unga topshirganini bildirganday kafti bilan yuzini to‘sib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. U traktorchiga yoqar edi. Ikkalasiga ikki xil qismat, yo‘l, peshona va yulduz bergan taqdirga goh-gohida yengil, farosati kabi og‘zining ham qulfi-kaliti yo‘q, xunuk xotinining yetmish yashar kampirnikiday maza-matrasiz javrashlaridan, injiqliklaridan to‘yib ketgan paytlarida xo‘rsinib-xo‘rsinib la’nat o‘qirdi. Xo‘rlangan, aldangan va hali o‘n gulidan bir guli ochilmay baxtsizlikka mahkum etilgan, bir paytlar o‘zining xayolini band etib, keyin qismat o‘rmon oralab uchib ketgan kelinchakning umidsizlik bilan o‘ksinib yig‘lab yotishiga qarab turib vujudidagi junbish sekin so‘na boshladi: u kelinchakning taqdiri o‘zinikidan ham ayanchliroq ekanligini anglab qoldi, unga achingisi, yordam bergisi, erkalagisi keldi. Biroq kelinchakning butun dalani to‘ldirgan yig‘isiga quloq solib turib o‘zining kelinchakning dardu alamiga yot, begona ekanligini, bu sirli va azobli qalbni hech qachon tushunolmasligini, o‘zining erkalovchi har bir so‘zi uning baxtiqaroligini tasdiqlovchi sadoday bo‘lib jaranglashini his qildi.
Kelinchak toki boshi og‘rib, vujudi bo‘shashib qolguncha traktorchining asov ehtiros bilan o‘zini kesakka qo‘shib ezg‘ilab tashlashini kutib, ingichka tovush bilan arazlagan va xo‘rlangan alfozda yig‘lab yotdi. So‘ng boshi og‘rigach, yig‘idan to‘xtab, bir nafas yon-atrofga g‘amboda va hayrona ko‘z yugurtirdi: yonida endi hech kim yo‘q, egatlar ichiga josusday sharpasiz yengil shabada o‘rmalab kirgan, quyosh esa uning oyoqlari uchiga o‘tib, xuddi o‘z aksini ko‘rmoqchiday egatni to‘ldirib oqayotgan jilg‘adek to‘lg‘onib yotgan, muqarrar hodisani kuta-kuta charchagan oppoq sonlarini va kichkina qorinchasini berilib, zavq bilan tomosha qilar edi.
Eri hali qaytmagan, qaynonasi narigi uyda uxlab qolgan bir kechasi kelinchak yotoqqa o‘g‘riday sirg‘alib kirdi va eshikni mahkam zanjirladi. Oyna oldiga kelgach, qoshu ko‘zini sinchiklab kuzata boshladi. Nazarida, o‘ziga o‘zi bip-binoyi, har qanday ayoldan go‘zalroq ko‘rinib ketdi. U shaharlik ayolda bor xislatlarning hammasi o‘zida ham borligiii angladi. U sekin ko‘ylagini yechib, o‘zini oynaga soldi: nogahon ko‘zgudan o‘ziga tikilib turgan qip-yalang‘och, hurday parini ko‘rib qolib uyalib ketdi va yerdan ko‘ylagini olib, sekin ko‘kraklarini to‘sdi: so‘ng orqa o‘girib, yon tomondan qarab o‘zining silliq va so‘lim qomatiga o‘zi mahliyo bo‘lib qoldi; ko‘ylakni yana qayta yerga tashlab, endi hech narsadan seskanmay mushtday ko‘kraklarini ohista ushlab ko‘rdi: ko‘kraklar uyasidan boshini chiqarib turgan murg‘ak polaponlarday daf’atan yalang‘ochlikdan junbishga kelib bezovta titrab turardi. Ko‘kraklari ham, qorinchasi ham, ulkan qoyadan to‘kilayoggan sharsharadek selkillab turgan qalin, taram-taram sochlari ham hech qanday ayolnikidan qolishmaydagandek edi. Kelinchak erining shaharlik ayoldan o‘zida yo‘q yana nima topganiga hayron bo‘ldi, shaharlik ayolning o‘zidan hech qanday ortiqcha yeri yo‘qday edi. Hatto o‘zining siynalari u ayolnikiga qaraganda durkunroq edi. Kelinchak kiyinib bo‘lgach, bolaligidan qolgan odati bo‘yicha bu o‘lik chiqqanday huvillagan uydan, bu zug‘umli dunyodan qaylargadir uchib chiqib ketmoqchidek qo‘llarini qanotday yozib, silkib-silkib qo‘ydi. Uning xuddi qushday uchgisi kelardi. Uchib-uchib o‘zi qizlik paytlari xayolida yaratgan oppoq ertaksimon dunyoga borib qolishni, u yerda malikalarday baxtli va osoyishta kun kechirishni, bir-biridan go‘zal, mard, pahlavon shahzodalar tug‘ib berishni orzu qildi. Bu xayoliy, lekin uning uchun yagona taskinli dunyo edi. Biroq u uchib ketish uchun qanotlarini silkitgan sayin ko‘proq bu sokin va xiyonatkor hayotga qorishib borardi.
U qozonning tagini uzoq pufladi. Tutundan ko‘zlari achishib ketdi: ko‘z oldi shu’lalanib, milklariga yosh qalqib chiqdi. U qorakuya tekkan barmoqlariga e’tibor ham bermay, ko‘zlarini uqaladi, peshonasiga tushgan sochni chakkasiga tang‘ib qo‘ydi. So‘ng gugurt olish uchun uyga kirdi. Eri qandaydir jurnal varaqlardi. U xuddi o‘z umrini varaqlayotganday jurnalni imillab – erinchoqlik va hafsalasizlik bilan varaqlardi. Erkak unga bir qaradiyu ko‘zlarida o‘t porlab ketdi va zarda aralash tagdor qilib jilmaydi.
– Peshonangni qora qilib ko‘yibsan, – dedi nim tabassum bilan, so‘ng o‘zining qochirimidan o‘zi zavqlanib yoyilib jilmaydi va nimadir esiga tushib, yuziga birdan qahr yugurdi. – Nima buncha ivirsiq bo‘lmasang, biron narsani eplolmaysan, doimo shu – isqirt, kir-chirga o‘ralashib, beva xotinday shalvirab yurasan. Bunday o‘zingga qarasang bo‘lmaydimi?
Kelinchak erining gap ohangidagi tahqirni sezib, ko‘ksida nimadir singanday qulog‘i shang‘illab ketdi. Sochiq bilan peshonasidagi barmoq izlarini artdiyu bo‘g‘zidagi ranju alamni yutish uchun sekin o‘choq boshiga qaytib chiqdi. Erining dag‘alligidan xo‘rligi kelib, o‘choqda lopillab yonayotgan olovga faromush tikildi. Olov o‘choqda emas, o‘zining ko‘ksida yonayotganday va bu qop-qopa, ishlatilaverib xaroba bo‘lib qolgan o‘choq emas, o‘zining yuragiday olovga maftun bo‘lib tikilib turdi: orqasidan qaynonasining vazmin qadam tovushlarini eshitib, o‘rnidan irg‘ib turdi-da, qaylargadir uchishga chog‘langan xayollarini piyozga qo‘shib qozonga tashladi va shoshilib qovura boshladi. U shundagina ko‘p yillardan beri o‘zining xayollari qozon ustida piyozga qo‘shib qovurilganini, avval o‘gay ukalari va mehmonlar, endi esa eri va qaynonasi o‘zining bu zerikarli hamda serkulfat turmushdan xalos bo‘lish uchun ozod qush kabi erk va hurlik istab yuksak-yuksaklarga uchib jo‘naydigan, biroq oxir-oqibatda yana baribir qozonga kelib to‘kiladigan xayollarini yeb qo‘yishganini daf’atan anglab qoldi.
Yozning oxirlarida eri uni o‘zi ishlaydigan, imoratlar palapartish hamda tartibsiz qurilgan katta shaharga olib bordi. Kelinchak shundagina eri o‘zi bilan yurganidan xijolat bo‘layotganini sezib qoldi. Eri tanishlari uchraganda qizarib-bo‘zarib ketar va uning qaddi qomati, ust-boshi, ro‘moliga zarda bilan qarab-qarab qo‘yardi. Ular qandaydir binoga kirib, navbatga turishdi.
Ularni xuddi ichki dunyolarini o‘qib olishmoqchidek turli asboblar bilan obdan tekshirishdi. So‘ng ertasiga yana borishdi. Yana tekshirishdi. Oq xalatli yo‘g‘on ayol eriga nimalarnidir uzoq tushuntirdi. Eri uning oldidan yuzi qizarib, umidsiz qiyofada chiqdi. Toki uyga qaytib kelgunlaricha churq etmadi. Kelinchak erining yuzidagi va ko‘nglidagi o‘ziga atalgan so‘nggi tor ham endi butkul uzilganini sezdi.
Shu kechasi kelinchak birinchi marta erining oldida o‘zini tuta olmadi. Nohaq xo‘rlangandek uzoq yig‘ladi. Uning yig‘isi to‘xtab-to‘xtab uchayotgan besaranjom qo‘ng‘izdek butun uyni to‘ldirdi. Yozning changi o‘rnashib qolgan deraza tirqishlaridan hovliga o‘rmalab chiqdi: u o‘ksib-o‘ksib, noz bilan, ishva bilan, dilbarlik va araz bilan yig‘ladi: eri esa uni ovutgisi ham kelmay, shiftga tikilgancha nimalarnidir rejalashtirib yotdi.
– Endi foydasi yuk, – dedi u kimga gapirganini o‘zi ham bilmay. – Axir bir umr shunday yasholmaymiz-ku.
Kelinchak ko‘ksidagi eriga nisbatan shu vaqtgacha asrab yurgan ehtirom piyolasi jaranglab singanini eshitdi va og‘riqni ham bilmay, alam va umidsizlik bilan barmoqlarini tishlab tashladi.
Kelinchakning kitob o‘qishga na vaqti, na qunti bor edi. U bir varaq kitob o‘qisa, uyqusi kelar, shu sababli kitob o‘qigandan kashta to‘qigan afzalroq edi. Biroq u goh-gohida tush payti, shiyponda dam olib o‘tirishganida, shunchaki ermak uchun ayollar jurnalini o‘kib turardi va u qachonlardir eri singlisi bilan o‘ynashib yurganidan nomusga chiday olmay, o‘zini o‘ldirgan ayol haqidagi qandaydir maqolani o‘qigan edi. Erining shaharlik o‘ynashi haqida o‘ylar ekan, bu voqea bot-bot esiga tushardi. Shunda o‘zining singlisi yo‘qligidan, garchi singlisi bo‘lgan taqdirda ham eri bunday pastkashlik qilmasligini bilsa-da, o‘zini dunyoga keltirar-keltirmas o‘lib ketgan onasining yagona qizi ekanligidan ich-ichida xursand bo‘lib ketardi. Gohida esa o‘gay onasining yoshligida: «Iloyo, baxtiqaro bo‘l, iloyo, qirchillama yoshingda qayril, iloyo, baxting ochilmasdan beva qol!» – deb yer mushtlagan qarg‘ishlarini eslar ekan, meni qarg‘ish urmadimikan degan o‘ydan vahimaga tushardi. Balkim, uni baxtiqapo qilgan onasidir? Cho‘loq, uquvsiz o‘gay onasi o‘zining qo‘lidan bir ish kelmagach, xayolparast o‘gay qizini butun qishloq eshitadigan qilib qarg‘ab yurardi, uning xotirasida bolalikdan ko‘p narsa esida qolmagandi; esida qolganlari uni uzzukun ta’qib etib yuradigan ana shu qarg‘ishlar edi.
U bu qarg‘ishlardan, kattalarning sassiq va qo‘lansa dunyosidan qochib, o‘zini nima himoya qilsa, o‘sha yerga bekinardi: biroq xuddi yalmog‘izning supurgisiday qarg‘ish uni goh molxonadan, goh somonxonadan, goh uloqlar orasida pisib o‘tirgan joyidan topib olar va bo‘ynidan ushlab, qip-qizil tili butun qishloq ustida charxpalakday aylanayotgan maymoq onasining oldiga yetaklab chiqardi. Ba’zan esa bola qalbi bilan u o‘gay onasining ertaklarda aytilgandek unchalik johil emasligini, erkalashni bilmagani tufayli ham erkalash, ham yetimligini bildirmaslik uchun o‘zini qarg‘aganini anglab qolardi. U bolalik dunyosidan kattalar dunyosi tomon deyarli sakrab o‘tgan edi. Endi ko‘zini ochishga, aqlini yig‘ib olishga ham imkon bermay boshiga tosh kabi yog‘ilayotgan malomatlardan, xo‘rliklardan o‘sha bolalikning xilvat burchaklariga – qarg‘ishlarining zich va quyuq o‘rmoniga o‘zini yashirar edi.
Kelinchak qandaydir jurnal varaqlay turib qoshu ko‘zi timqora, qo‘g‘irchoqday orolangan, sochlari yoyilgan tungi kamzuldagi ayolning suratiga ko‘zi tushgandi. Ayolning sochlari yelkasi osha salgina bo‘rtib turgan ko‘kraklari osha to‘kilib turardi. Surat ostida ayollarning orasta bo‘lish, erkaklar xotinlarining kechasi sochlarini yoyib, erkalanib yotishiga moyil bo‘lishlari, ayollarning hamisha yoqimli, yosh hamda so‘lim bo‘lib qolishlari uchun nimalarga e’tibor berishlari to‘g‘risida kattagina maqola bor edi. Kelinchak maqoladagi ko‘pgina so‘zlarga tushunmasa ham, qiziqib o‘qib chiqdi. U suratdagi ayolning tiniq va go‘zal chehrasiga havas bilan tikilib turar ekan, shaharlik ayollarning hammasi mana shunday bo‘lsa kerak deya o‘yladi.
Eri hali mehmondorchilikdan qaytmagan edi. U toshoyna oldiga o‘tirib olib, sochlarini yoyib taradi, so‘ng ko‘ziga qora surma surdi. Labini beo‘xshov qilib bo‘yadi, ko‘kragini yarim ochiq qoldirib, kamzulining yoqasini qaytarib qo‘ydi: yuziga bilinar-bilinmas upa-elik surdi: qoramtir, bug‘doyrang yuzida pardoz ola-bula bo‘lib qolsa ham, unchalik e’tibor bermadi va jurnalda yozilganidek bo‘yniga, lablariga, sochiga atir sepib, ikki kishilik to‘shakning bir chetiga o‘tirib, erini mahtal bo‘lib kuta boshladi.
Eri allamahalda qaytdi. Chiroqni ham yoqmay yechindi. Kelinchak ko‘zidagi yoshlarni artib, uyg‘oq ekanligini bildirish uchun sekin xo‘rsinib qo‘ydi. Biroq eri o‘rniga cho‘zildiyu unga teskari o‘girilib oldi. Kelinchak uzoq jim yotdi. So‘ng erining hali uxlamaganini bilgach, yelkasiga sekin bosh qo‘ydi. Eri unga hayron bo‘lib tikildi-da, o‘girilib yotdi va istamaygina sochlarini silay boshladi. Kelinchak erining ko‘kragiga bosh qo‘ydi. Eri uning yuzini hovuchiga olib, shashtini qaytarmaslik uchun sekinlik bilan lab bosdi.
– Bu nimasi? – kelinchakni siltab tashladi u to‘satdan iflos narsani tishlab olgandek bir chetga tuflar ekan, yonidagi tun chirog‘ini uzalib yoqdi va xotinini g‘azab bilan ko‘zdan kechira boshladi. – Bu nimasi? – dedi u yana. – Nima bu? Xuddi ko‘cha ayollariga o‘xshab bo‘yanib olibsan!
Kelinchak yuziga tarsaki tortib yuborganday bir zum serrayib, eriga cho‘chinqirab tikilib turdi-da, yugurib tashqariga chiqib ketdi: so‘ngra tovoqda turgan suvga apil-tapil yuzini chaydi, so‘rining bir chetiga o‘tirib, chorpoya tegrasiga suyangancha piqillab yig‘lab yubordi. U onasi nohaq urgan qizchadek uzoq yig‘ladi, yig‘lab-yig‘lab boshi og‘rigach, garangsib o‘rnidan turdi, sekin eshikni ocha turib o‘ziga hayron bo‘lib qarab turgan hilolni ko‘rdi, tunning erkalovchi qo‘shig‘iday jildirayotgan ariqchadagi suvning mahzun navosini eshitdi; oyoqlari ostida to‘shalib yotgan bepoyon tun, millionlarcha yulduzlar, minglab chigirtkalarning chirildoqlari, qurbaqalarning masxaraomuz nag‘malari, itlarning bezovta hurishlari, shovullayotgan daraxtlar va sokin uxlab yotgan uylar orasida o‘zining yolg‘iz ekanligini daf’atan his qildi. U bu tuyg‘uni ichkariga kiritmoqchi emasday yugurib kirib, eshikni zanjirlab oldi.
Eri xotirjam uxlab yotardi. Kelinchak uning andak salqi tortgan yuzlariga uzoq tikilib turdi. Erining lashkarlar qo‘riqlab turgan qarorgohda bamaylixotir pinakka ketgan shohdek xotirjam uxlab yotishi unga erish tuyuldi – erining sokin uyqusiga havasi keldi, eri o‘zini mana shu baxtiyorlik va osoyishtalik qarorgohidan bir umrga haydab chiqarganini angladi, eri bilan o‘zi boshqa-boshqa dunyoning odamlariday tuyulib ketdi. U to‘shakda shiftga holsizgina tikilib yotar ekan, tashqarida qoldirib, o‘zi qochib kirgan yolg‘izlik tuyg‘usining eshikdan sirg‘alib kirib, o‘zlari yotgan to‘shakni, xuddi o‘zining kelinchak paytidagidek iffat, hayo bilan tebranib turgan darpardani, eri bilan o‘tgan osoyishta kunlar va qizlik dunyosining bo‘yi kelib turgan yostiqlarni, erining xushnud va baxtiyor chehrasini, o‘zining yaqinginada sinib bitgan baxtli lahzalari yashiringan chiroyli ko‘zlarini va butun uyni qiynalmasdan zabt etganini his etdi va ko‘m-ko‘k osmon qo‘ynida uloqib uchib yurgan quzg‘undek oldingi osoyishta hayotidan uzilib, endi o‘zi ham qayoqqadir, manzilsiz tomonlarga uchib jo‘naganini sezdi. Va umrida birinchi marta o‘lim haqida o‘yladi. Shu kecha tushida ham o‘zining jizg‘anak bo‘lib yotgan sahro uzra bepoyon osmonda yolg‘iz uchib borayotganini, uchib borayotganini, uchib borayotganini ko‘rdi.
Kelinchak ayvon oynasidan erining omborning kalitini burab, achchiqlangan qiyofada qulfni siltab tashlashini kuzatib turar ekan, negadir u omborda o‘zining shu kunlardagi gumonlari, shubhalari, alamlari, qalbini tobora egallab borayotgan, eriga nisbatan ishonchsizligi va toptalgan orzulari solib qo‘yilganday qulfning ochilishini sira ham istamay qoldi. U erining o‘zini tushunadigan paytlardan endi juda yiroqlashib ketganiga shubha qilmasdi.
U endi har kuni tuni bilan yig‘lab chiqar, ko‘z yoshlari ko‘nglidagi ishonch, sadoqat va muhabbatni sekin yuvib borardi. Gumon, shubha, ranju alamlar oqimi esa uni nomsiz tomonlarga oqizib ketmoqda edi.
Erining fe’li kundan-kunga aynib borardi. Kelinchak endi erining o‘zidan butkul sovib ketganini sezardi. Kelinchakning ko‘nglida rashk ham, qizg‘onish ham yo‘qolgan, aksincha, erining xatti-harakatlaridan g‘ashi kelardi. Eri ham unga ta’na bilan tikilib-tikilib qo‘yar, xuddi daryoning tubidan bir ko‘rinib o‘tgan va tangachalari quyoshda yaltirab ketgan kichkina baliqday uning tund yuziga gohida qandaydir sirli ifodalar u yonog‘idan bu yonog‘iga bilinar-bilinmas yugurib o‘tardi. Eri keyingi paytlarda shaharda haftalab qolib ketardi. Kelinchak so‘ramasa ham, ish ko‘payib, yotib qolishga to‘g‘ri kelyapti deb ko‘yardi. Ba’zan har kuni kelib turar, u erining o‘ziga nimadir demoqchi bo‘lib, aytolmay ketayotganini sezardi. Shu bilan birga, eri nima demoqchiligini ham bilar, garchi endi yo‘lini yo‘qotgan yo‘lovchiday qayoqqa yurishni bilmay ora yo‘lda qotib turgan bo‘lsa ham, o‘zini erining u gaplarini eshitishga, masalani yo u yoqqa, yo bu yoqqa burishga tayyor deb sezmas, buni tirik turib e’tirof etgisi kelmasdi.
– Tezroq bera qol, – dedi eri unga zarda bilan tikilar ekan.
Kelinchak qo‘lidagi ikki juft qatlamani uzatar ekan, go‘yo eriga o‘zining so‘nggi quvonchlari va shodliklarini uzatayotganday bo‘ldi. Bir paytlar o‘zining baxtini olib borib topshirganday erining bu patirlarni ham o‘sha shaharlik ayolga olib borib topshirishini ich-ichidan his qildi: kim biladi, ayol uning qanchadan-qancha patirlarini yegan ekan?! Uning patirlarini yegan-u, o‘ziga o‘lim tilagandir. Erining o‘zini ko‘proq yaxshi ko‘rishi, qishloqni unutishi uchun patir qilgan qo‘llarni ataylab, istehzo bilan maqtagandir: eri esa o‘ziga oyda ham bir marta ravo ko‘rmaydigan shirin so‘zlarini unga saxiylik bilan, yuzi-ko‘zi, sochi, lablari, qomati va butun uyi to‘lguncha aytavergandir.
U erining keyingi paytlarda iflos bo‘lgan lablarini qandaydir keraksiz lattaga artganday xumorsiz, istamaygina o‘pishlarini esladi va to‘satdan bir necha oydan beri shaharcha o‘pichlardan, turli xil mushk-anbarlardan, upayu bo‘yoqlardan, noma’lum go‘zal ayolga qilingan yaltoqona xushomadlardan iflos bo‘lgan isqirt lablarni artish uchun latta bo‘lib xizmat qilganini anglab qoldi va butun badanini jirkanch, shilimshiq narsa qoplab olganday, harom bilan xarishning farqiga bormaydigan ayolga aylanib qolganday his etdi o‘zini. Kelinchak ko‘ksidagi yig‘ini bosish uchun qilt etib yutindi, eriga o‘zini xursand ko‘rsatib kuzatdi.
Qaynonasini qo‘shnisinikiga jo‘natgach, uyiga kirib, ichidan bekitib oldi. To‘y kuni kiygan oppoq ko‘ylagini kiydi, so‘ng o‘ziga atir sepdi, kishini abadiy baxtiyor qiladigan va qaysidir kitobda shunday deb o‘qigan, qog‘ozga o‘ralgan margimushni choynakka soldi, uni yaxshilab aralashtirdi. Xuddi uzoq safarga otlanayotganday bir zum tek qotdi: choynakka bir nafas dahshat va vahima bilan tikilib turdi: so‘ng ko‘zlarini chirt yumdi-da, bir ko‘tarishda hammasini ichib yubordi. U bo‘g‘zini, so‘ng ko‘ksini kuydirib o‘tgan o‘tdan holsizlanib borar ekan, parchalanib ketayotgan g‘ira-shira ongida shaharlik ayolning kibrli chehrasi va unga tinmay lola terib berayotgan erining mahramona turqini ko‘z oldiga keltirdi va ular o‘tloq ichiga sekin cho‘zilishar ekan, kelinchak bu manzarani ortiq ko‘rmaslik uchun majolsiz qo‘llarini qanotday silkitib, yerdan ohista ko‘tarila boshladi va garchi endi butun tanasi harakatdan to‘xtay boshlagan bo‘lsa ham, o‘ljasiga shiddat bilan otilgan qarchig‘ayday oxirgi kuchlarini yig‘ib, tez-tez qanot qoqa boshladi va o‘zini harir, kamalaknusxa chimildiq yanglig‘ jilvalar ichida uchib yurganday sezdi, so‘ng esa qizlik paytlari orzu qilgan va bu iltifotsiz olamdan bir umr izlab o‘tgan baxtga o‘xshash allanechuk oppoq dunyoga singib borayotganini, singib borayotganini, singib borayotganini elas-elas ilg‘ab qoldi.

1989 yil