Nazar Eshonqul. Momoqo‘shiq (qissa)

I

Butun brigada so‘nggi uch kun hasharchilarga joy hozirlash bilan ovora bo‘ldi: har qalay, madaniyat xodimlari, yana biron kori hol yuz bermasin, bizni madaniyatsiz, deb ketishmasin degan istihola bilan shiyponni obdon oqlashdi, yog‘och kart o‘rniga simto‘shaklar o‘rnatishdi, shiypon oldidagi o‘t-o‘lanlarni o‘rib olishdi, daraxtlarni butashdi, qip-qizil matoga nima uchun zarurligini o‘zlari ham tushunmay: «Xush kelibsiz, hasharchilar», «Oq oltinning bir misqoli ham yerda qolmasin» deb yozilgan turli shiorlar ilib qo‘yishdi. Quduqlarni tozalashdi, atrofini qora qog‘oz bilan o‘rashib, kichkina omborxona qurishdi — hamma ishni qunt va ishtiyoq bilan berilib bajarishdi: chunki yuqoridan bu yil shiyponga madaniyat vazirligining xodimlari kelishi mumkinligi va shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rish kerakligi haqida juda ham ehtiyotkorona xabar kelgan edi. Sunbula oyining endi ikki haftasi o‘tganiga qaramay, hasharchilar bu yil erta kela boshlagandi.
Nihoyat juma kuni peshindan keyin bo‘limga qarashli dalalarga olib keladigan yagona tuproq yo‘lda peshonalariga bayroq qadalgan toshbaqaga o‘xshash uch avtobus ko‘rindi: muyulishdagi yo‘ldan to shiyponga kelguncha avtobuslar uch-to‘rt marta tantanali big‘illab qo‘ydi; birpasda hammayoq ostin-ustun bo‘lib ketdi— sovxoz markazidan samovor va qozon tashlab ketishdi: hashardan ko‘ra ko‘rikka kelishganday juda yasan-tusun qilib olgan hasharchilar avtobus to‘xtashi bilan atrofga yoyilgan chang-chungini kuh-kuhlab o‘zlarini shiyponga urishdi — ular yuzga yaqin yosh-yalanglar va turli yoshdagi ayolu erkaklar edi — ular go‘yo o‘zlari bilan bu sokin cho‘l qo‘yniga shaharning sershovqin va betartib hayotini ham birga olib kelganday edilar — shiypon tevaragi ingichka, yo‘g‘on, shirali, shirasiz, nozli, ishvador, xirildoq, sovuq, hiringlagan, charillagan, yig‘lamsiragan, kulinqiragan, bosinqiragan, hadiksiragan, cho‘chinqiragan turli ovozlarga to‘ldi. Hasharchilarning orasida paxtaga birinchi bor kelganlari ham bor edi — ular shiyponni, ostin-ustun qilib qurilgan simto‘shaklarni, ko‘chib yotgan shiftni, deraza o‘rniga qora kog‘oz qoqilgan qorong‘i xonani ko‘rib, bir oz esankirab, shiyponga kiraverishda to‘xtab qolishdi, norozi bo‘lib, bir-biriga va boshqalarga qarashdi, biroq o‘zlariga bop joylarni tanlayotgan hamrohlariga qarab turib, taqdirga tan berganday, umumiy qiy-chuvga qo‘shilib ketishdi.
Ba’zi hasharchilarning ko‘zlarida to‘satdan quyuq o‘rmonga kelib qolgan bolalarning yuzlaridagi hayratdek bir oz ajablanish aks etib turardi. Ular avtobusdan tushishlari bilan yaqin atrofdagi chaylalardan bolalar ham yugurib kelishgan, endi ular bu ajobtovur va o‘zlarining ota-onalariga allaqayerlari o‘xshab, allaqayerlari o‘xshamaydigan odamlarni qiziq-sinib tomosha qilib turishardi, — tomoshaga kelganlar ichida beton ariqda yoshgina toyxarchasini bog‘lab qo‘ygan qop-qora, to‘qqiz yoshlardagi bola ham bor edi, u tinmay burnini tortar, toyxariga qop-qora tirsaklari bilan suyanib, hasharchilarga juda qiziqsinib qarab turardi; — ikki-uchta yoshi kattaroq bolalar esa toki shiypon oldigacha bostirib kelishgan, o‘zlaricha sir boy bergilari kelmay yoki o‘zlariga qarashli joylarga hamisha begonalar kelsa, mahalliy bolalar o‘zlarini qanday tutsa, shunday tutishib, «ko‘p shovqin-suron qilavermanglar, bu yerning xo‘jayinlari biz, bu yerlar bizning yerlar» deyishayotganday g‘o‘dayib turishardi; ularning changga, dog‘-dug‘ga belangan kiyimlari va po‘sti ko‘chib qolgan yuz terlari, aftidan, farrosh bo‘lsa kerak, bitta ayolning e’tiborini o‘ziga tortdi: u shiyponga kiraverishda turgan ikkita bolaga to‘rxaltasidan ikkita pepsikola chiqarib berdi. Bolalar, avval, xijolat bo‘lib turishdi-yu, keyin ayolning yumshoq ovozi ta’sir qildimi, shishalarni olib, maqtanish uchun nariroqda to‘planib turgan uch-to‘rt bolaning oldiga yugurib ketishdi, — qolgan bolalar sal naridan kuzatib turardilar, ularning ichida yoshgina, chit ko‘ylak kiygan ikkita qizcha ham bor edi. Hasharchilarning turli kasb egalari ekanligi ko‘rinib turardi — ba’zilari juda bejirim kiyinishgan, boshqalari xuddi kinolardagi qaroqchilardek keng soyabonli shlyapa, tor yupka va yelkasiga har xil shokilalar solingan kamzullar, kurtkalar kiyib olishgandi, qiz-juvonlarning ko‘zi pishib qolganlari avtobusdan tusha solib, paxta terishga tushib ketadigandek dalaga mos anchayin odmi kiyimlarda edi. Hasharchilar orasida popukdekkina kotiba qizlar ko‘pchilikni tashkil qilardi — ular churkun shox-shabbalar ichida ochilgan bir dasta lolalardek ko‘pdan beri go‘zal va chiroyli narsalarni ko‘rmagan anchayin besarishta shiyponga o‘zgacha chiroy va malohat bag‘ishlab yuborgandilar. Kotibalardan tashqari farrosh ayollar, bufet xizmatchilari, ba’zi bo‘lim xodimlari, teatr artistlari, turli ansambl qatnashchilari, bitta tepakal dramaturg va teatrga adabiy emakdosh bo‘lgan, keyingi paytlarda «yosh, iqtidorli» deb tan olina boshlagan Shamsi Saloh degan, andak kekkaygan, dalada, ayniqsa, yaqqol ko‘zga tashlanadigan uzun, jingalak soch qo‘ygan, hatto shu sochidanoq. iqtidorliligini bilib olsa bo‘ladigan bir yozuvchi ham bor edi: uni bu yerga kelishga hech kim majbur qilmagandi, u o‘z xohishi bilan, e’tirof etishicha, «xalq hayotini o‘rganish» uchun kelgan edi. Uning bu yerda paydo bo‘lishi hali erga tegmagan ba’zi xonanda va o‘yinchi qizlarning e’tiborini birdan o‘ziga tortdi: u haqda adabiy guruhlarda iliq gaplar yurardi: Moskvada o‘qigan, uylanmagan (to‘g‘ri, ba’zi ichiqoralar pana-panada qish-lokda xotini va bolasi bor deyishardi, lekin bunga unchalik ishonib bo‘lmasdi — u qishloqqa juda kam borar, shunda ham ikki kun turmay qaytib kelardi — uylangan bo‘lishi sira mumkin emas edi, chunki shu kunlarda uning falonchi shoira bilan munosabatlari juda yaxshi, shu yil to‘y ham bo‘lib qolishi ehtimoldan xoli emasligini bashorat qilishardi, ikkinchidan esa u davralarda hali-beri uylanmoqchi emasligini, erkinlik va hurlikni sevishini juda kamtarlik bilan ma’lum qilardi), endigina o‘ttizga kirganiga qaramay uchta kitob chiqarishga ulgurgan, adabiy olamni o‘ziga mahliyo qilib qo‘ygan «yosh daho»lardan edi, o‘zi esa xushmuomila, sertakalluf, nozik did edi — bu fazilatlar uning zohiriy ko‘rinishiga juda mos tushardi — go‘yo xushmuomilalik va sertakalluflik aynan shu odam uchun yaratilganday edi, bundan tashqari muqarrar ro‘yobga chiqajak bashoratning kamtarin ifodasi bo‘lgan uning jarangdor taxallusi ham o‘ziga shoxning boshidagi tojday yarashib turardi. Bu yozuvchidan tashqari hasharchilar orasida vazirlikka qarashli gazetaning ikkita muxbiri, duradgorlar, rassomlar, vazirlikning xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudiri ham bor edi. Xullas, barchasi madaniyat xodimlari desa degulik kelbatda edilar.
Ularning yuzidagi salobatni va ayollarning yuzidagi malohatni ko‘rib bir oz dovdirab qolgan chehrasi issiqqina barvasta brigadir yigit oyog‘i kuygan tovuqday besaranjom edi. Uning yuzida to‘satdan mo‘tabar mehmonlar bostirib kelganda to‘zib yotgan uyining o‘rtasida gangib, kalovlanib qolgan mezbondek holat kechinar edi. U goh hasharchilarning xo‘jalik mudiri bilan nimanidir kelishar, goh narirokda paxta terib yurgan xotin-xalajlarning oldiga borib kelar, goh baxmaldek chang o‘rnashib qolgan eski mototsiklini patillatib qaylargadir jo‘nab qolardi. Hasharchilar esa hammasiga beparvo, hamon bir-biri bilan joy talashishar, to‘shaklarni taxlashar, ayollar choyshablar bilan o‘zlari yotadigan joyni o‘rab olishardi.
Bo‘m-bo‘sh va huvillab yotgan shiyponga birdan fayz kirdi, atrof supurib-sidirildi, suv sepildi: birpasda qozon va mo‘jazgina qo‘lbola oshxona paydo bo‘ldi: bino odam kulgusi va hazil mutoyibalar bilan to‘ldi. Shiypon ichida ko‘p yillardan buyon o‘rnashib qolgan qandaydir dorining achimsiq hidi ham shiypon ichiga yopirilib kirgan mushki anbar hidi aralash mast qiluvchi ayol isini bosishga ojizlik qilib qoldi — bu hid bir zumda shiypon atrofini ham zabt etib oldi: torgina sport kostyumlari kiyib olgan qiz-juvonlar qaddu qomatlarini ko‘z-ko‘z qilib, shiyponga kirib chiqib turishardi. Vazirlik guruhga boshliq qilib jo‘natgan Ismoil Ali degan dramaturg yuzi tovoqday brigada boshlig‘i bilan qilinajak ishlar to‘g‘risida gaplashmokda edi: u yigitni unchalik nazarga ilmayotgani shunday ko‘pchigan yuzidan ko‘rinib turardi: u brigadirning gapini qoshini jiyirib tinglar va nomigagina bosh irg‘ardi.
Brigadir rangi qanaqaligini bilib bo‘lmas mototsiklini sudray-sudray o‘t oldirib ketgach, u shiyponning bir chetida tevarak-atrofni hafsalasizlik bi-lan kuzatib turgan Shamsi Salohning oldiga bordida, do‘stona bir yaqinlik bilan qo‘ltig‘idan oldi.
— Bu deyman, halitdan zerikib qoldingizmi? — dedi u Shamsi Salohning ko‘zlariga yaltoqlanib tikilar ekan.
Shamsi Saloh, talmovsiradi, so‘ng beparvolik bilan kulib qo‘ydi. — Sovxoz markazidan juda uzoq ekan. O‘n besh chaqirimcha bor, shekilli? Yo‘l ham rasvo, anovi qishloqdagilar qanday kun kechirisharkin? Nahotki bozor-o‘char uchun ham sovxoz markaziga borishsa? Qiziq. — So‘ng o‘ziga o‘zi gapirayotganday:— Bu yuvinish degan masalalar nima bo‘ladi? — dedi.
Ismoil Ali ichida «Ana shunaqa, hamma yer Moskva emas», deganday hiringlab kuldi.
— Endi yuvinishni shaharga qaytib ikki hissa qilib chiqarib olamiz. Bu yerda esa shamollar yuvib qo‘yadi yuzingizni… he… he… men yigirma besh yildan beri paxtaga kelaman, lekin jar solishayotgandek, har tomonlama qulay yuvinish xonasiyu, muzlatkichi bor, kiroyi shiyponni hali ko‘rganim yo‘q, menimcha ko‘rmasam ham kerak. E… ular hammasi gazetada… to‘qib-bichishadi. Bizning gazetachilarimizda subut degan narsa qolmadi, bilmadim, ular kimni aldashar ekan.
Shamsi Saloh xuddi bu gaplarni eshitaverib, charchaganday, bilinar-bilinmas xomuza tortdi, biroq Ismoil Aliga hech narsa demadi, javob o‘rniga yana paxta dalalariga xomush nigoh tashladi: ichida bu manzaraga nisbatan hech qanday his uyg‘onmaganiga, nimadir toshday bo‘lib bo‘g‘ziga tiqilib turganiga, yuragi birdan bu narsalar o‘ziga aloqasi yo‘qday «uxlab qolganiga» bir oz ajablandi. U men, o‘sha peshonasidan ter hidi kelib, mehnatda qotgan mushaklari bo‘rtib turgan, o‘z hayotidan mamnun odamlarni ko‘rsam, yuragimda yangi to‘lqinlanish boshlanadi, deb o‘ylagandi. Hozir esa negadir bu taftsiz, zavqsiz manzaradan ko‘ngli g‘ashlandi: o‘zini diqqat bilan kuzatayotgan Ismoil Aliga malollangandek tikildi.
— Hali ham yovvoyi yashaymiz, juda qoloqmiz, — dedi hafsalasizlik bilan.
Madaniyat xodimlari shiyponga yaxshilab joylashib olgach, kechga yaqin— quyosh dalalar uzra qadab qo‘ygan zarhal nayzalarini bir-bir terib ola boshlagach, uch-to‘rtta bo‘lib aylanishga chiqishdi; yil o‘n ikki oy shahar ko‘chalaridan narini ko‘rmaydiganlarga kitoblardagina o‘qigan bu biyobon g‘aroyib tomoshaga o‘xshar edi; hammayoq oppoq paxtazor, faqat uzoq-uzoqlarda sahroning o‘zlashtirilmagan joylari qip-qizil bo‘lib ko‘rinardi. Shiyponning kun botish tomonida shu yerda dehqonchilik qiladigan odamlar yashaydigan qishloqning daraxtlari qorayib ko‘rinardi: shiypon bilan bir qator har yer, har yerda qamish va loysuvoq chaylalar joylashgandi, u yerda xotin-xalajlar sigir yetaklab yurar, ikkita yoshgina bola jildirab qolgan beton ariqda qiqirlab kulganlaricha bir-biriga suv sepishardi: shabada chaylalardan yengilgina qovun va rayhon hidini olib kelgan, quyosh qiyo oqqancha taftsiz porlab turardi. Hasharga kelaverib, tajribaliroq bo‘lib qolgan bir-ikki yosh yigit qovun-tarvuz umidida tomorqalar tomon yo‘l olishdi. Shamsi Saloh va Ismoil Ali bilan ikkita keksa aktyor nariroqda ko‘rinib turgan bog‘ga o‘xshash daraxtzorga qarab ketishdi. Yo‘l chang, yurish noqulay edi. Shu sababli ular beton ariqcha yonidagi chimzor bo‘ylab ketdilar. Ularning bu sayrida biror bir maqsad yo‘q edi: shunchaki kunni kech qilish va avtobusda ko‘p yurganlaridan uyushib qolgan tomirlarini yozib kelmoqchi edi. Undan keyin qo‘nalg‘aning atrofida nimalar borligini ko‘rib qo‘ysang yomon bo‘lmaydi, degan niyat bilan ketib borishardi.
— Brigadir ancha yuvosh bolaga o‘xshaydi, — dedi keksa aktyorlardan biri Ismoil Aliga qarab. — Paxtasi ham yomon emas.
Ismoil Ali javob bergisi kelmagandek, olis-olislarga ko‘z tikdi, poyonsiz mavjlanib yotgan dalalarga qisiq, mo‘g‘ulsifat ko‘zlarini yugurtirib chikdi, so‘ng taxi buzilmagan ro‘molchasi bilan terlab ketgan bo‘ynini va yuzini artdi.
— Ha, bularga ham qiyin, — dedi negadir achingandek, lekin semiz yuzida achinishdan ko‘ra malolat aks etib turardi, aktyorning savolini to‘satdan eslab qolgandek, unga qarab bosh chayqadi. — Ha, mo‘min bolaga o‘xshaydi. Ikki yil oldin agronomiyani tugatgan ekan, sizni teatrda ko‘rganman, deydi. — Uning so‘nggi gapi bir oz g‘urur bilan jarangladi va ikki aktyor negadir bir-biriga ma’noli ko‘z tashlab olishdi.
— Bu yerlarda qanday yashashar ekan? — dedi Shamsi Saloh, narirokdagi bedazorda sigir boqib yurgan bolaga qarab. — Ha, aytganday, ov qiladigan joy bormi?!
— Bor, — dedi Ismoil Ali, — huv, anovi tepaning orqasida ko‘l va tashlandiq yerto‘la bor. O‘tgan yili ham shu atrofga kelgandik.
Ular bog‘ desa bog‘ga, chakalakzor desa chakalakzorga o‘xshamaydigan, sersoya, tig‘iz qilib ekilgan daraxtzor oralab borishardi, daraxtlar orasida ko‘p yillik yul-g‘unlar, yantoqlar o‘sib yotardi: botayotgan quyoshning so‘nggi nurlari shoxlarda osilib turar; bu yerda nega-dir dilni xomush qiladigan sukunat hukm surardi. Keksa va churkun daraxtlar horigan jangchilardek kech-ki shabadada holsizgina tebranardi.
— Qishloq xo‘jaligini bitirgan dedingizmi? Shamsi Saloh Ismoil Aliga qaradi, so‘ng buning o‘zi uchun hech qanday qizig‘i yo‘qligini anglagach. — Ha-a — deb qo‘ydi cho‘zib.
Uning ko‘ngli xijil edi, ayni paytda u bu yerlardagi biron narsani ko‘zdan qochirmoqchi emasdek har bir daraxtni diqqat bilan ko‘zdan kechirardi. U tuppa-tuzuk nomi chiqqan yozuvchi edi, keyingi ikki kitobi, ayniqsa, unga shuhrat keltirgandi, tanqidchilar uning «nozik ta’b», «nafis didli» ijodkor ekanligini alohida ta’kidlashardi. Uning «lirik qahramonlari hayotdan go‘zallik izlovchi va hayotni go‘zallashtiruvchi» qahramonlar edi. U daraxtlar orasidan va tevarak-atrofdan bo‘lajak asariga uzukka ko‘z bo‘lgudek latif manzaralar izlar, shu sababli hamrohlariga qaraganda parishonroq edi. U go‘yo bu keksa, xunuk, daraxtlarga ham o‘zining nihoyatda qobiliyatli ekanligini ko‘rsatib qo‘ymoqchidek bag‘oyat orasta kiyinib olgan, egnidagi oq kostyum o‘ziga juda yarashib turar, qumloq yo‘lda undan yengilgina cho‘chqa tumshuq iz qolardi. Ikki aktyor keyingi paytda matbuotda paydo bo‘lgan teatr muammolari to‘g‘risidagi bahslarga Shamsi Salohni ham tortish uchun, tovushlarini bir oz ko‘tarib, munozara qilishardi.
— Hamma balo shundaki, u barcha aybni bizning ustimizga yuklayapti, — derdi burni qizil aktyor, — go‘yo biz o‘ynolmayotgan emishmiz. Qani, yaxshiroq, dramaning o‘zi bormi, deydigan mard yo‘q. Ular o‘zlari to‘g‘risida lom-mim demaydilar. Bu maqoladan boshdan-oyoq artistlar aybdor, ular savodsiz, o‘z ustlarida ishlamaydi degan fikr kelib chiqadi. Dramaturgiyamiz-chi? Dramalar zamondan orqada qolmayaptimi? Bu to‘g‘rida hech qanday fikr yo‘q. Axir kavush yomon tikilsa, oyokda nima ayb?
Bu gap sal oldinda ketayotgai Ismoil Aliga tegib ketdi shekilli, u ogohlantirgandek, tomoq qirib qo‘ydi. Ikki aktyor ham birdan jim bo‘lib qolishdi. Najot izlagandek Shamsi Salohga tikilishdi. Biroq, u hamma narsaga loqayd va parishon edi. Daraxtzor tugab, ular qandaydir qamish chaylaning qarshisidan chiqib qolishdi: chayla oldida yog‘ochdan so‘ri qilingan, so‘rining bir chetiga o‘ntacha qovoq terib qo‘yilgandi. Chayla bilan daraxtzor oralig‘i yigirma qadam ham chiqmas, supada ularga orqa o‘girib, so‘ta sitgancha qandaydir qiz qo‘shiq aytardi. Qizning ovozi tiniq, hatto juda tiniq, ta’sirchan, shirali va marokdi edi. U qo‘shiqning eng yuqori pardasini ham qiynalmay, zo‘rlanmay, tabiiy va samimiy kuylardi. To‘rt hasharchi ham xuddi birov imo qilgandek birdan to‘xtab qoldi. Ular qo‘shiqning nazariy tomonlarini va ovozning qadrini yaxshi tushunardilar. Shu sababli qarshilaridagi qizga bir zum sehrlanganday, bir oz ajablanganday qarab turishardi. Hatto eng mashhur hofizlar ham bu qo‘shiqning yuqori pardasiga kelganda bir oz kuchanishardi; qiz esa dugonasiga shivirlayotganday qiynalmay, ovoz maromini o‘zgartirmay pardadan-pardaga oshib o‘tardi. Uning ovozi so‘zlarni ham ohangga aylantirib yuborar, qiz qanotini ozod qoqib yurgan qushchaday, berilib qo‘shiq aytardi. Qo‘shikdan hatto qizchaning duk-duk urayotgan yuragini ham eshitish mumkin edi. Uning tovushidagi erkinlikka Shamsi Saloh birdan majoz topa oldi: tog‘ kiyigi cho‘qqidan-cho‘qqiga ana shunday sakrab yuradi, deb o‘yladi u. Qiz ularni ko‘rmas, qo‘shig‘ining avjini o‘zgartirmay bir paytning o‘zida tez-tez so‘ta sitrardi. Uning atrofida jo‘xori doni uyulib ketgan, qizdan ikki qadam narida ikki-uch haftalik buzoq o‘ynab yurardi, uning kechki quyoshda yaltirab ketayotgan junida va kichkina, chiroyli ko‘zlarida ham qizning qo‘shig‘i jilvalanayotganga o‘xshardi.
Bu juda go‘zal manzara edi, buni faqat usta rassomlarning suratlaridagina ko‘rish mumkin, biroq eng zo‘r musavvir ham uning qo‘shig‘iga bo‘yoq topolmagan bo‘lardi. Qizning ovozida bani dunyo o‘zaro uyg‘unlashib jaranglar, go‘yo xayol ham, go‘zallik ham, orzu ham qizning qiyofasiga kirib qo‘shiq aytardi. Qo‘shiqni tinglayotgan odam bahorni, yasharish faslini, sollanib turgan gullarni, shabadadan to‘kilay-to‘kilay deyayotgan qizg‘aldoq bargidagi shudringni, tuman qoplab olgan bog‘ni, varrak uchirayotgan bolalarni yuksak-yuksaklarda parvoz qilayotgan, jilvalanayotgan bolalik xayolini ko‘z oldiga keltirishi mumkin edi. Bolalik kabi go‘zal, tiniq va orzumand bu ovoz quyoshning issiq taftidek o‘z ohangi bilan odamni eritib yuborar, ko‘ngilga yoqimli shabadaday esib kirardi. To‘rt hasharchi shunday taassurotlarni boshdan kechirar, ular qo‘shiqni oxirigacha eshitmoqchidek dong qotib turishardi. Qo‘shiq xayolni tortqilab, tortqilab olis-olislarga, xayolot, orzu, samimiyat va mo‘jizalar gullab yotgan bolalik adirlari tomon olib qochardi. U xasis dunyoning qo‘ynidan bu go‘zal ohanglarni parcha-parcha qilib qo‘porib olayotganday va jarohatlar bijg‘ib yotgan qalblarga malham qilib bosayotganday edi.
To‘rtta hasharchi daraxtzordan chiqaverishda to‘xtab qolgan, go‘yo qimir etsalar dunyoning ulug‘ mo‘jizasidan quruq qolishadigandek, ko‘zlarini ham yummay turardilar. Bu ota-bobolardan meros qolgan, quvg‘in qilingan, qatl etilgan, yoqib yuborilgan, lekin oxir-oqibatda zulmlardan, qatllardan yana qayta tirilavergan, yana ham go‘zallashgan, ulug‘lashgan, zamonlar silsilasida osmonu falakdan yog‘ilgan in’om kabi yana paydo bo‘lavergan va madaniy dunyoning mafkurasi bilan zaharlab tashlangan to‘rtta san’at odamining qitig‘iga tegish uchun ularni bosib, yanchib o‘tib, yiroq-yiroqlarga oqib borayotgan, kechki shafaq qo‘ynida yana-da ko‘proq tovlanayotgan xayolday go‘zal qo‘shiq edi; go‘yo zaminu zamonning, insonning azaliy orzularining bitta tori mana shu qizning chaylasidan o‘tganu, u qiz o‘zini tinglayotganlar o‘kirib-o‘kirib yig‘lasinlar, boshini toshga ura-ura behuda o‘tayotgan umrlariga armon qilsinlar, umrning g‘animat ekanligini, bu hayot odamga bir lahzaga berilganini anglasinlar, bir-biriga ta’zim qilsinlar, bir-birini quchib yig‘lasinlar, mening ham, bu qo‘shiq aytuvchining ham umri bir lahza, faqat qo‘shiqgina abadiyligini his etsinlar deb, bu torni shafqatsizlik bilan qayta-qayta chertar edi…
Mana bahor kelayapti. Chechaklar bosh ko‘tarayapti, qizg‘aldoqlar qir-adirlar uzra qiyqirib, chopib yurishibdi, ana, qamish chayladan bolakay yugurib chiqdi, u onasining po‘pisasiga qaramay, yomg‘ir savalab o‘tgan maysalarga qiqir-qiqir kulgancha ag‘nayapti, uning kulgusidan uyg‘onib ketgan dunyo porillab ochilayotgan g‘unchalarning ko‘zlari orqali tevarak-atrofga razm solayapti, dunyo g‘aflatdan uyg‘onayapti… bog‘larda ishonch, xavotir, orzu daraxtlari gullayapti.. Bu o‘lkaga yana muhabbat qo‘shig‘i qaytdi…
…O, sen momoqo‘shiq! Qalbimning muqaddas qo‘shig‘i.
Sen bu biyobondan, bu mardumlar dilidan nelar izlab yuribsan? Sen bu ruhlar qabristonidan nelar izlayapsan?! Bu odamlar yuzlarida sen izlayotgan ul shamlar allaqachon o‘chib bo‘lgan. Bu sahroda sen uyg‘otadigan narsa qolmagan. O, bildim, sen bu yerlarga meni izlab kelgansan. Mana, men, qancha siring bo‘lsa ayt. Ko‘nglimdagi ul g‘olib tug‘larni ko‘tar. O, meni o‘z o‘lkangga da’vat et. O‘liklar yurtiga qo‘shin izlab kelgan sarkarda qo‘shiq! O, balki, bu qo‘shiq emas, qilichlar jarangidir?! Yuragiga o‘q sanchilgan jangchining hayot va o‘lim haqidagi so‘nggi xulosasidir. O, sen, ulug‘ niyat qo‘shig‘i! Mayli, yangra! Mayli, zabt et! Meni o‘z ohangingga g‘arq qil! Mayli, meni kuyning kunda-sida qatl et! Toki qabrim ham sening o‘lmas satrla-ringda qolsin!..
O, o‘lmas qo‘shiq kemasi! Suz, suzaver! Ul olis diyorlardan menga tomon suzib kel, mening yuragimga langar tashla! Men seni asrlar, yillar osha kutdim. Ul momo yurtlardan meni izlab kelishingni bilardim. O, umid kemasi! Suz, suzaver. Bu sahro uzra ulug‘vor yelkanlaringni yozib o‘t! Seni ko‘rib odamlar hali dunyoda go‘zallik va qo‘shiq mavjud ekanligiga ishonsinlar, seni kutib olish uchun yuraklarining qir-g‘okdariga chiqsinlar..
Qiz qo‘shig‘ini tugatgan bo‘lsa ham to‘rttala hasharchi hamon unga hayrat bilan qarab turishardi — go‘yo qo‘shiq emas, hozirgina oldilaridan qizg‘ish qanotli tulporlar chopib o‘tganga o‘xshardi: qo‘shiqning davo-mini har biri o‘zicha xayolida davom ettirayotgandek, bu dilgir ohangni tutib olib, ko‘ksilariga bir umr qadab qo‘yish uchun qo‘shiq izidan dala uzra xayolan yugurib yurishgandek edi..
Eng birinchi bo‘lib Ismoil Ali o‘ziga keddi. Qo‘shiq allaqachon oqshom qa’riga singib ketgandi, qiz esa jo‘xorizorda donlab yurgan tovuqlarni katagiga qamash uchun hay-haylab, haydab yurardi; u xuddi qo‘shig‘i kabi suluv edi, — har qalay, uzoqdan suluv bo‘lib ko‘rinardi. Uning qizil chit ko‘ylagi yugurayotgan paytda rostdan ham olislardan kelayotgan kemaning alvon yelkaniga o‘xshab, hilpirab ketardi.
— Ovozi operettaga juda mos ekan, — dedi Ismoil Ali o‘zini sal yig‘ib olib, — faqat bir oz tarbiyalash zarur, lekin san’at olamini asir tushiradigan ovozi bor ekan.
Shamsi Saloh shamday qotib qolgandi: uning vujudida xotiralar, xayollar, tuyg‘ular g‘alayonga kelgandi. U keyingi paytlarda qo‘shiq eshitib, o‘zining hozirgiday hayajonlanganini hech eslay olmasdi, uning yig‘lagisi kelardi, bo‘g‘zida toshday narsa tiqilib turar, borib u qizni quchgisi, rahmat aytgisi, oyog‘iga yi-qilgisi kelardi. Balki keyinchalik u o‘zining ushbu holatini eslab kulib ham yurgandir, biroq hozir u shunday qilishga qodir edi, faqat boyagina dunyoning eng latif qo‘shig‘ini aytgan qizning qo‘shiqqa mos bo‘lmagan kelbatda tovuq quvlab yurishiga ajablanayotgan edi. Go‘yo qo‘shiq aytgan qiz osmonu falakka uchib ketganu bu qiz esa faqat uning suvrati… Bu manzara unga juda qattiq ta’sir qiddi. U keyinchalik ham ushbu daqiqalarni tez-tez qo‘msar, sog‘inar, lekin buni oshkor qilishga istihola qilardi.
Shamsi Saloh hamrohlaridan yuz qadamcha orqada borar, xomush va parishon edi.
U shiyponga qarab burilishdagi beton arikda ketmonini yuvayotgan sariq mo‘ylovli kishining salomiga alik olib, bosh irg‘ab o‘tib ketdi-da, so‘ng birdan iziga qaytib, ters so‘radi:
Daraxtlar ichidagi chayla kimniki? — qo‘li bilan daraxtzor tomonga ishora qilib.
— Otaqulniki, brigadirniki, — dedi mo‘ylovli kishi unga qiziqsinib tikilib. Uning itoatkor, andishaparast chehrasida har doimgiday ehtirom paydo bo‘ddi va qaddini tiklab, shoirning oddida g‘oz qotdi.
Shamsi Saloh xo‘mraygancha jim qoddi.
— Singlisi nima ish qiladi? — so‘radi u yana.
— Qanday singlisi? — suvchi unga endi ajablanib tikiddi. Keyin dona-dona qilib, — Otaqulboy onadan bitta! — dedi. Nimanidir o‘ylab, ko‘zlaridagi savol to‘satdan yo‘qolib, birdan topishmoqning javobini topgan bolanikiday shodon uchqun paydo bo‘ldi. — E, ha, kelinni aytyapsizmi?
Shamsi Saloh sal oldin negadir «Qishloq xo‘jaligini bitirgan ekanmi? — deb so‘ragan yuvvoshgina brigadirni esladi, yuragi g‘ashlandi, suvchining savoliga javob ham bermay, xo‘mraygancha shiyponga qarab yo‘l oldi. Suvchi bu salobatli odamning nega Otaqulning xotinini ataylab so‘raganiga aqli yetmay, izidan ajabsinib qarab qoldi.

II

Tong payti samovarchi tashqarida taqur-tuqur qilib yurganda u o‘zidan-o‘zi uyg‘onib ketdi, xurillab, beozorgina uxlab yotgan hamxonalariga birpas tikilib turdi-da, kiyinib sekin tashqariga chiqdi: tong oqara boshlagan edi, shundagina u ko‘l bo‘yiga borib, quyosh chiqishini kuzatmoqchi bo‘lganini esladi. Tun qaylargadir uchib ketish uchun dalalar ustidan asta-sekin qanotlarini yig‘ib olayotgan edi. Kechasi bilan tun mulkiga poyloqchilik qilib chiqqan oy shami ham endi yer yuzini yoritishga ojiz ekanligini sezganday pilpillay-pilpillay so‘na boshlagandi. U sahro tongining salqin havosidan entikib ketdi; bu tongda va bu dalalarda unga yot bir yovvoyi g‘urur to‘shalib yotardi, ular sirlarini hech kimga bermoqchi emasdek yoki qandaydir xavfni kutib, dong qotib qolishgandek, sirli tarzda hurpayib, olishgandi. Tong olis-olislarda ko‘rinayotgan qishlokdarda o‘zining tirikchilik qo‘shiqlarini boshlab yuborgan, pastqam qirlar usti-da shafaq tug‘day hilpirar, dalalar uzra osoyishta sokinlik hukm surardi.
Shabada egatlar ichidan g‘o‘zalarni qitiqlab, kuldirib chopib o‘tardi. Shamsi Saloh egat oralab borar, oyoqlari ostida barglar shitir-shitir ezilardi. Ba’zan g‘o‘zalar uning sharpasidan hurkkandek, qaltirab ketardi, u o‘ziga ko‘pdan buyon begona bo‘lib qolgan, qandaydir dard va og‘riq bilan to‘lg‘onib yotgan bu zaminni tinglagisi kelardi.
Alamli, shapoloqday-shapoloqday yuzlari sarg‘aya boshlagan, mahzun turishlari va mungli qarashlari bilan sharq ayollariga o‘xshab ketadigan, tonggi salqinda kelinchakdek titrab turgan bu g‘o‘zalar nelar demokda? Nega ular bunchalik bezovta, bunchalik ruhsiz, bunchalik so‘lg‘in?
Kaftlariga mitti quyoshchalardek umid tolalarni ko‘tarib olgan va ichiga oralasang izingdan norozidek shitirlab, javrab qoladigan, keng dalada yastanib yotgan g‘o‘zalarning namoyishimi bu? Yoki tuproq ostida qovjirab yotgan ota-bobolarning falakka o‘qtalgan mushtlarimi bu? Agar razm solib qarasang, seni g‘o‘zalar emas, sonsiz, tahlikali lashkarlar o‘rab turganini ko‘rasan. Nechun, nechun bu lashkarlar qurbonlikka mahkum etilgan? Ularning bunchalik g‘azabga keltirgan narsa nima?! U qanday kuch, qanday johillik?! Bu g‘o‘zami, yo isyonmi?!
Shamsi Saloh uzoq-uzoqlarga boqdi va nechundir olis-olislarga cho‘zilgan paxta dalasini yig‘lab yotgan ayolga o‘xshatdi, yo‘q, io‘q, balki qo‘shiq aytayotgan ayolga o‘xshar. Agar g‘o‘zalar ham kuylaganda qanday qo‘shiq aytgan bo‘lardi? Yoki anavi kelinchakka o‘xshab (kelinchak ekanini u kecha bilib olgan edi) momolar qo‘shig‘ini aytarmidi va bu qo‘shiqni u tushuna olarmidi? To‘g‘ri, kechagi qo‘shikda ham birmuncha dag‘allik bor edi, lekin uni baribir hayajonga soldi, bag‘rini titratib yubordi-ku; u o‘zini san’atning billur qoyasiga chiqib oldim, hamma narsani endi shu qoyadan ko‘raman deb o‘ylardi. Lekin kechagi qo‘shiq to‘satdan yerga tortib tushirdi; uning qalbida nafis tashbehlar ostida ko‘milib qolgan unut xotiralarini yuzaga chiqardi, — bu qo‘shiq emasmi, axir, bu go‘zallik emasmi? Shamsi Saloh baribir ich-ichidan buni tan olgisi kelmadi, agar tan olsa, o‘zi kulib yuradigan «yaltiroq» romanlarning qahramoniga aylanib qoladigandek ko‘nglida bir o‘jarlik uyg‘ondi.
Shamsi Saloh tund, biroz oliftaroq, jimjima narsaga o‘ch, biroz kibrliroq, hamma narsaning go‘zal bo‘lishini istovchi va hamisha shunga intiluvchi, hasham-li va jilvali narsalarni sevuvchi, har bir manzaraning nihoyatda zebo tomonlarini ko‘ra oluvchi, nafis tashbehlarga ustasi farang, yashashi va kiyinishida ham o‘ta ziyolilik barq urib turuvchi kishi edi; u hayotga ham, tevarak-atrofiga ham mana shu nozik ziyo-lilik ko‘zoynagi bilan qarardi.
Paxta dalasidan uning ko‘ngliga og‘ir taassurot cho‘kkan edi, go‘yo uning hislari, sezgilari birdan gung bo‘lib qolgandek edi, u bunday kayfiyat bilan hech narsa yozolmasligini yaxshi bilardi. Sal narida atrofini qamish o‘rab olgan ko‘l ko‘rindi, shabada uning dimog‘iga balchiq hidini olib keldi. Ko‘l ham qurib qolgan siyohdonday unda diqqinafas taassurot uyg‘otdi.
Shunda u kechagi qo‘shiqni esladi, bu dala, bu ko‘l, bu manzaralar o‘sha qo‘shiqning mahzun baytlari emasmi? Xuddi qorong‘u xonaga lop etib quyosh nuri tushganday uning xufton ko‘nglining bir chetida qanday-dir yorqin siymo unga avvaliga notanish tuyuldi, so‘ng qo‘shiq aytayotgan kelinchakni esladi-yu, yuzi yorishib ketdi. Qanday ayol, u, nazari bog‘u eram gullariga ham tushishi qiyin bo‘lgan bu odamni o‘ziga g‘oyibona chorlayotgan? Nega uning ayolga baayni go‘zal tashbehday, bunchalik ishqi tushib qoldi? Ehtimol, uning eng go‘zal tashbehi ham shu kelinchak bo‘lar?
Ko‘l atrofi etni junjiktiradigan darajada salqin edi va undan sasigan baliq hidi kelardi; endi hech narsani o‘zgartirib bo‘lmasdi, ko‘z oldidagi qurum manzaralarning ma’nisi yo‘qolgandi. U bu yerlarni kun uzog‘i kezsa ham o‘zi izlagan narsalarni topa ol-masdi. Umuman, bu yerlardan nima izlayotganini uning o‘zi ham yaxshi bilmasdi. U kelgan yo‘lidan yana iziga qaytdi.

III

U Muazzamni uch kundan so‘ng yana o‘sha qamish chayla oldida uchratdi. Shunday, qo‘shiqchi juvonning oti Muazzam edi, u endigina yigirma birga kirgan, muallimlar bilim yurtini tugatgan — lekin orada bola bo‘lib qolgani va Otaqulni sovxozning chekkasiga brigadir qilib tayinlaganliklari uchun ishga o‘rnasha ol-magan, mana ikki yildan beri olti-etti oyi shu yerda, ko‘rimsiz chaylada o‘tar edi. U bir oz mustarlikka moyil, ta’sirchan, ancha ziyrak kelinchak edi. Otaqul haftalab uyga bormay, shiyponda yotib qolavergach, issiq-sovug‘idan xabar olib turish uchun u maktabda dars berish istagini ham tashlab, mana shu chaylaga ko‘chib kelgan edi. Bu yil bolasi uch yashar bo‘lib qolgani tufayli uni qishloqqa, qaynonasining qo‘liga tashlab kelgan, o‘zi esa eri bilan besh oydan beri dalada edi. Xo‘sh, u hakda yana nima deyish mumkin, darvoqe, u rostdan ham juda suluv edi. Uni ko‘rgan odam ko‘klam paytidagi qirni eslardi; unda hamma narsa oddiy va shu bilan birga allanechuk mahobatli edi; bir paytlar maktabning yarmi unga xushtor bo‘lgan, lekin hech kim o‘ylamagan va kutmagan yigitga to‘satdan turmushga chiqib ketgandi. Uning qo‘shiq aytishini hamma bilar, biroq hech kim uning Shamsi Saloh ich-ichidan e’tirof etayotgandek qo‘shiq uchun tug‘ilganini bilmasdi; qishloqdoshlari uni to‘ylarning guli deb bilar, qiz uzatish ziyofatlarini usiz tasavvur qilolmas, biroq hech kim shu paytgacha uni qo‘shiq uchun tug‘ilgan deb aytgan emasdi. Umuman, u suluv juvonlarga ato etiladigan barcha fazilatga ega edi. O‘ta sodda va ko‘ngli bo‘sh edi, vujudidan qishloq kesagining isi kelib turardi. Shamsi Saloh unda favqulodda bir iqtidorni sezmoqda ediki, bu sezgisi o‘ziga ham huzur ba-g‘ishlardi. U Muazzamni uch kundan so‘ng chayla oldida paxta terib yurganda uchratdi. Muazzam yarim etak paxtasini yelkasiga tashlab, chaylaga qarab, sekin yurib kelardi. Kun tushga yaqinlashgan, havo dim edi.
Hasharchilar allaqachon balandroq sersoya g‘o‘zalarning tagiga cho‘zilishgandi. Shamsi Saloh Muazzamni juda yaqindan, uch qadamcha beridan ko‘rdi-yu, yuragi birdan gursillab ura boshladi. U qishloq ayoli shunchalik barno bo‘ladi deb hech o‘ylamagandi. Shamsi Salohni ayolning yuzidagi balqib turgan suluvlikdan ham ko‘ra undan taralayotgan, o‘ziga yarashgan ayollik malohati lol qoldirdi. Kelinchakning yuzida osudalik, iztirobga o‘xshash bezovtalik, nedandir norozilik hislari o‘ynoqlardi. Shamsi Salohga oldidan to‘g‘ri behishtdan chiqqan huru g‘ilmon o‘tib ketganday tuyuldi. Kelinchak o‘tib ketishi bilan Shamsi Salohning naza-rida hamma narsaning ismi yo‘qoldi, dalaning ham, osmonning ham, g‘o‘zalarning ham, dim havoning ham, barcha ismni kelinchak o‘g‘irlab ketgan edi. Shamsi Saloh qo‘lga tushgan o‘ljani qo‘yib yuboradigan noshudlardan emasdi. U darrov o‘zini tutib oldi; yaqinroqda paxta terayotgan farrosh juvonlarni suv ichib kelishga taklif qildi. Juvonlar etaklarini qarta chetiga qo‘yishib, Shamsi Saloh bilan chaylaga qarab jo‘nashdi. Doimo hasharchilar bilan o‘ralashib, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, suv-puvidan xabar olib yuradigan Otaqul yaqin-atrofda ko‘rinmasdi, bu ayni muddao edi. Shamsi Saloh barcha tajribasini ishga solib, kelinchak bilan tanishishga harakat qilmoqchi bo‘ldi. Biroq, uning «tajribalari»ni ishlatishga hojat ham qolmadi, suv ichib bo‘lgan juvonlarning nariroq ketishi va vaqt o‘tkazish uchun yog‘och do‘lchada iloji boricha ko‘proq va uzoqroq suv ichishga harakat qilayotgan Shamsi Salohga suv uzatib turgan Muazzam birdan:
— Siz yozuvchimisiz, — deya so‘rab qoldi, uning ko‘zlarida hayrat, qiziqish balqib turardi. — Qech ham tirik yozuvchini uchrataman deb o‘ylamagandim.
Yog‘och hidi o‘tgan suvni yutishni ham, yutmaslikni ham bilmay turgan Shamsi Saloh qilt etib yutindi-da, o‘ziga ehtirom bilan tikilib turgan chiroyli ko‘zlarni ko‘rgach, nima deyarini bilmay jilmaydi.
Bu kelinchak tushmagur, shu darajada yoqimli, shu darajada ofatijon va dilbar ediki, uni bu chuchmal, yer hidi kelib turgan suvga qo‘shib ichib yuborging kelardi, vo darig‘, bu kelinchakning kuydirma jonligidan do‘lchadagi suv ham limmolim qaynab ketgan, bu suvni ichgan ham dunyoga qo‘l siltab, hayu, hayt, — deb telba bo‘lib o‘tgan bo‘larmidi?
— Kaminaning boshiga shunday baxtsizlik tushgan, — dedi u bir oz jimjima bilan.
— Voy, nega unday deysiz, — Muazzamning ko‘zlarida birdan ajablanish paydo bo‘ldi. — Men eng baxtli odamlar yozuvchi bo‘ladi deb o‘ylayman.
U juvonning soddaligidan ichida huzur qildi, hozirgina qo‘l uzatsa yetmaydigandek tuyulgan omad qushining juvonning iffat to‘la ko‘zlari orqali o‘ziga hayrat bilan boqib turganini ko‘rish huzurli edi.
— Ishqilib men bu baxtni hech kimga ravo ko‘rmasdim, — dedi iloji boricha o‘zini sirliroq qilib ko‘rsatish uchun. U chiroyli ayollar sirli kishilarga ko‘proq moyil bo‘ladilar deb qayerdadir o‘qigandi. Oraga birdan sukunat cho‘kdi. Muazzam unga nima deb javob berishini ham bilmay, qizarib ketdi. Shamsi Sa-ohning otgan birinchi o‘qi nishonga tekkan edi, Muazzam shafqat va samimiyat aks etgan ko‘zlarini unga tikib turardi.
— Qovun yeysizmi? — deb so‘radi u keyin shoshib chaylaga taklif qilar ekan, — voy, meni qarang, kiring ham demabman. Kiring, mana, o‘zingiz tanlab oling.
Shamsi Saloh ichkariga kirdi-yu, eski-tuski ko‘rpa-yostiqni, sholchalarni, qop-qora choyidishni, siri ko‘chib qolgan kosalarni, qovun shirasidan dog‘-dug‘ bo‘lib qolgan dasturxonni, chaylaning to‘riga terib qo‘yilgan qovun-tarvuzlarni, suv sepib supirilaverganidan bo‘lsa kerak, chang hidi tutgan hujrani va bu xunuk idishlarga, balchiq ichida o‘sgan guddek yuzidan hayot shavqi taralayotgan Muazzamni o‘zining hamishagi nafis ko‘zoynagi bilan kuzatib chiqdi: nazarida ko‘z oddida turgan xarob chayla va o‘zining qo‘shig‘idan ham go‘zalroq Muazzam boshqa-boshqa dunyoda turganday, yoxud boshqa-boshqa dunyo uchun tug‘ilganday tuyuldi unga. U o‘sha kuni dunyodagi eng baxtiyor ayolday qo‘shiq aytgan kelinchakni mana shu vaziyatda, shunday ayanch narsalar qurshovida uchrataman deb, sira o‘ylamagandi.
Chaylada hamma narsa betartib sochilib yotar, u odam yashaydigan joydan ko‘ra, ko‘proq tovuq katagiga o‘xshardi, bu yerda hamma narsa qo‘pol, ko‘rimsiz, xunuk va omonat edi. U mana shu qora turmushning baxtsiz asoratini izlab Muazzamning ko‘zlariga tikildi, biroq bu ko‘zlar Shamsi Salohga noma’lum bo‘lgan baxtdan yayrab turar, o‘zidan baxtsizlik izlayotgan sovuq ko‘zlarga yal-yal yashnab boqardi. Bu ko‘zlarning qirlarida goho tole ohulari yugurgilab qolardi va atrofga xijolat — hayo aralash saodat yellari taralardi. Tikilib-tikilib qarasang, bu qorachiqlar supasida qora libos kiygan sehrgar o‘tirganini ko‘rarding, sehrgar o‘ziga tez-tez josusona nigoh tashlayotgan anchayin sur ko‘zlarga goho ajablanish, goho hayrat tuzoqlarini qo‘yardi, goh o‘zining jimitdaygina sahnasiga qoqsuyak, xo‘mraygan yuzning suratini chizardi; goh bu kichkina saltanatga bostirib kirmoqchi bo‘layotgan ayg‘oq-chi nigohlarni tahdidona muzaffarlik bilan qarshi olardi va o‘zining shu taxlit tilsimona o‘yinlari bilan har qanday baxt va baxtsizlik haqidagi tushunchalardan yuksakda turishini isbot etmoqchi bo‘lardi. Yo‘q, yo‘q, bu ko‘zlarda sehrgar emas, oybolta ko‘targan jallod o‘tirardi, u bu mulk devorlaridan xufyona oshib o‘tmoqchi bo‘lgan o‘g‘ri qarashlarni ayvoni sahnasida o‘kirtib-o‘kirtib qatl etardi…
Shamsi Saloh qanchalik urinmasin bu ko‘zlarning sirli pardasini surib ichkariga kirolmadi. Biroq, baribir bu juvon ko‘ziga baxtsiz va natavon bo‘lib ko‘rindi. «U o‘z baxtsizligini odamlardan ustalik bilan yashirishga o‘rganib qolgan», deb o‘yladi u kechqurun yolg‘iz aylanib yurar ekan, yana o‘sha manzarani ko‘z oldiga keltirib. Ha, u baxtsiz, u tasodifan yoki aldanib bu sharoitga tushib qolgan, endi esa boshqalarga baxtlidek ko‘rinib, o‘zini aldab yashayapti, xuddi barcha baxtiqaro ayollardek. Unga o‘zining baxtsiz ekanligini va baxtli bo‘la olish yo‘llarini ko‘rsatish kerak. Men ko‘zlariga qaraboq uni qandaydir g‘am ezayotganining guvohi bo‘ldim…
Boshqa kuni tong payti u daraxtzor ichidan Muazzamning tandirga o‘tin solish uchun cho‘pchak, har xil xas-xus terib yurganini kuzatib turar ekan, parvarish qilinmaganidan oyoqlari tars-tars yorilib ketgan, erta so‘la boshlagan a’zoyi badani haftalab suv ko‘rmaydigan bu ayol unga iloha bo‘lib ko‘ringandi. Tutqundagi qo‘shiq ilohasi! Ro‘zg‘or va ikir-chikirlar zindoniga zanjirband qilingan iloha! Bu ayolning zanjirband Prometeydan qanday farqi bor? Uning ko‘ziga tobora xunuk ko‘rinib borayotgan Otaqul nariroqda sigir jildirib yurardi. «Yo‘q, bular uning qalbini hech qachon tushuna olmaydilar, bu chaylada, bu sahroda tanazzul va zavolning hidi anqib turibdi» deb o‘ylagandi o‘sha tongda, ko‘ngli mustar bo‘lib, iziga qaytar ekan.

IV

Ular daraxtzor oralab sekin yurib kelishardi: to‘g‘rirog‘i, Shamsi Saloh uni «to‘satdan», «odatlanib qolgan kechki sayrdan qaytayotib ko‘rib qolgan» edi. Muazzam o‘tlokda yelkasiga bir quchoq o‘t ko‘tarib qay-tayotib, keksa gujum oldida qip-qizil «kechki shafaqni kuzatayotgan» o‘sha kuni o‘ziga g‘alati-g‘alati tikilib qo‘ygan yozuvchiga duch kelgan edi. Shamsi Saloh shu yerdayoq o‘zining ziyoli odam ekanligini isbotladi; uning qo‘lidagi o‘tni o‘z yelkasiga oldi. Tun dalalar orqali sekin daraxtzorga ham yopirilib kelayotgan edi. Muazzam gulli, chetiga chiroz solinib qo‘lda tikilgan odmi kamzul va yoqasiz chit ko‘ylakda edi, Shamsi Salohning e’tiborini tortgan uning mittigina ko‘kraklari ayni uchishga chog‘langan qushning qanotlaridek bo‘rtib turardi, oyog‘i, balog‘i changga belangandi, sochidan va bo‘ynidan ter hidi kelardi. Hozirgina o‘t o‘rayotib kesib olgan bo‘lsa kerak, uning bir barmog‘i naridan beri kir lattaga o‘rab bog‘langan, yuzi xijolatdan va o‘tni shoshib o‘rganidan bo‘lsa kerak, bir oz qizarib ketgan edi. Daraxtzorda qushlar betinim chah-chahlardi, qo‘shni brigadada paxta terayotgan mashinalar birin-ketin chiroqlarini yoqa boshlagan edi, ularga ko‘rinmayotgan shiyponda ovqat suzilayotgan bo‘lsa kerak, quvnoq kulgilar eshitilayotgandi — ayni ovqat mahali oshpaz chol «Kimning muchali it bo‘lsa, suyak o‘shaniki» der, garchi bu gap hasharchilar kelganidan beri juda siyqalashib ketgan bo‘lsa-da, har gapirganda odamlar qah-qah urib kulishardi. U bugun Muazzamni shu yerda uchratishni bilgani uchun ataylab daraxtzorga kelgandi. U har kuni kechqurun daraxtzor orasidan sigir sog‘ayotgan yoki chayla atrofini supurayotgan Muazzamni kuzatar edi. U qancha kuzatsa, Muazzamning baxtsiz va notavon ayol ekanligiga shuncha ishonib borardi. Uning qo‘shiqlari endi unga o‘ta mungli va oh-vohga to‘la noladay bo‘lib eshitilar edi. U hozir Muazzamni gapga solmoqchi, ichidagilarni bilib olmoqchi, bu shubha va gumonlarini o‘z og‘zidan tasdiqlatib olmoqchi edi.
U Muazzamga o‘zining bolaligi, hozir xotirasidan chiqib ketayotgan qishloqlari, maktabni bitirib mar-kazga o‘qishga ketgani, «o‘sha yoqlarda xalqimizning juda qoloq yashashini anglagan»i, bu qoloqlikdan ular faqat qurbon qilish yo‘lidan borsagina qugilishi, faqat yuksak maqsad yo‘lidagi qurbonlikgina qoloqlikning va o‘rta asrchilikning zich o‘rmonini to‘la va ravshan yoritishi mumkinligi, buni o‘tgan yili o‘z qishloqlariga borib his etgani va hokazolar haqida gapirib berdi. (Keyinchalik u aynan «va hokazolar» haqida gapirib berdim, deb eslagandi).
— O‘qish, o‘qish, so‘ng ish, turli yozuv-chizuvlar… bilan umr o‘tib ketibdi, — dedi kamtarlik bilan, «yozuv-chizuv» degani o‘ziga yoqib tushdi, — qishloqdan chiqib ketganimga o‘n yetti yil bo‘libdi. Gohida singlimdan xat kelib qoladi. Mening esa hayotimga ham kelmaydi — bilasizmi, ba’zan juda alam qiladi.
— Nima, siz qishloqqa bormay qo‘yganmisiz? — so‘radi uning gaplaridan juda ta’sirlangan Muazzam, daf’atan uning noma’lum yarasiga tegib ketishdan qo‘rqqandek ehtiyotkorlik bilan.
— Ba’zan. Lekin u yokda juda zerikaman. Odamlar gaplarimdan kulayotganday yoqi tushunmayotganday tuyuladi menga. Siqilib ketasan kishi. Ularning sening fikringni emas, rang-ro‘yingni, sochingni, kiyimingni, qanday sigareta chekishingni muhokama qilishadi. Buni shuning uchun sizga aytayapmanki, siz ham shundaysiz. Odamlar kulmaslik uchun ulardan yashirib qo‘shiq aytasiz… Yoki noto‘g‘rimi?
Muazzam ayb ish ustida qo‘lga tushganday duv qizarib ketdi chog‘i, unga yuzini teskari o‘girib oldi va xijolatomuz jilmaydi.
— Shunday… biz ko‘p narsani bilamiz. Sizning qo‘shig‘ingizni tinglab turib, — albatta, bu gunohim uchun meni kechirasiz deb o‘ylayman — bilasizmi, nimani esladim; bo‘ynidagi qullik va qoloqlik kishanlarini parcha-parcha qilib tashlab, san’at, fan va madaniyat sari dadil ketib borayotgan Sharq qizini. U o‘zining yelkasidagi jaholat va razolat toshlarini itqitib tashlab, taraqqiyot quyoshi tomon mag‘rur ketib borayapti… orqasida esa eski turmushning vayron bo‘lgan imoratlari yotibdi, darg‘azab shamol uni iziga qaytarish uchun sochlaridan, etaklaridan tortqilayapti, pana-panada ilonday sovuq va badbashara qo‘llar unga tosh otayapti. Lekin u to‘siqlarni yanchib o‘tib, asta-sekin insoniyatning ul oliy dargohiga ko‘tarilib bormokda… Bunday nokamtar xayollarga borganim uchun meni afv eting, biroq siz shunga munosibsiz… Men bunga sizning qo‘shig‘ingizni mana shu daraxtlar orasida turib eshitgan kuniyoq amin bo‘lgan edim. Nazarimda, siz bu yerlarda juda siqilib qolganga o‘xshaysiz yo noto‘g‘rimi? Odam o‘zining baxtsiz ekanligini aksariyat hollarda bilmay o‘tadi. Baxtsizlikni anglash uchun uquv va bilim bo‘lishi kerak, uni baxtdan farqlay olish kerak. Axir odam o‘z orzusi uchun kurashmasa yoki orzusiz yashasa, bu dahshatku! Baxt tuyg‘usi bizga azaldan o‘rgatib kelishganlaridek, bola-chaqa ko‘rish va ularni voyaga yetkazish uchun o‘lib-tirilish emas, baxt — bani insoniyatga har kim qo‘lidan kelganicha xizmat qilishdir. Biz yozuvchilar asli omadsiz odamlar bo‘lsak ham, mana shu yo‘lda baholi-qudrat xizmat qilamiz. Mana sizning qo‘lingizdan qo‘shiq aytish keladi, o‘zbek ayoli nimalarga qodir ekanini boshqalarga ko‘rsatib qo‘yish keladi. Ammo siz erkin emassiz, qo‘shiqni ham hammadan yashirib aytasiz — go‘yo bu aybday, aslida mana shu eng katta baxt — siz minglarning qalbini xushnud etish uchun dunyoga kelgansiz.
Muazzam yerga qarab turardi, u hech narsa demas, biron narsa deyishga holi ham kelmasdi, Shamsi Salohning so‘zlari uni sehrlab qo‘ygan, turmushning achchiq tashvishlari ostida ko‘rinmay qolgan, bir paytlar porillab ochilgan qizlik orzularini yana ko‘ngil yuzasiga tortib chiqargan, uning xayolini uzoq-uzoqlarga olib jo‘nagan, so‘nib qolgan havaslar g‘alayonini qo‘zg‘agan edi. Uning yuzida shubha ham, ishonch ham, qo‘rquv ham aralashib ketgan edi; biroq baribir ko‘nglining bir chetida bu gaplarga nisbatan endigina yorishayotgan tong singari umid tug‘ilayotgan edi. Ular daraxtzorning quyuq joyida to‘xtab qolgan edilar: tun daraxtlar orasidan mo‘ralab, ularni kuzatib turardi, daraxtlar yengil shitirlardi: Shamsi Saloh ko‘tarib olgan o‘tdan ko‘kat hidi anqirdi — qandaydir qil-piq — o‘tdan tushgan bo‘lsa kerak — bo‘ynini qitiqlardi. Shamsi Saloh ayollarga bo‘lgan munosabatini hamisha yashirib yurardi. Biroq hozir gaplariga mahliyo bo‘lib, o‘zini yo‘qotish darajasiga yetgan mana shu qishloq juvonini quchgisi, uning titrab turgan lablaridan o‘pgisi, bir juft qanotdek dirkillayotgan, tepsinayotgan ko‘kraklarini hovuchiga olib, olis-olislarga uchirgisi, shu lahzalarda qon seli nihoyatda tezlik bilan aylanayotgan vujudni qo‘llarida ko‘tarib, sakrab-sakrab, aylanib-aylanib yugurgisi kelardi. Daraxtzor, ikkalasini etaklari ostiga yashirgan tun va ham hayo, ham noma’lum qo‘rquvdan karaxt bo‘lib qolgan, Shamsi Salohning ko‘z oldini mayoqday yoritib turgan suluv juvon uni goh gunohga, goh gunohsizlik-ka o‘xshaydigan, inson yaralgandan beri ko‘r-ko‘rona shaydo bo‘lib kelgan nelargadir chorlardi. U hissiyotga hech qachon berilmasdi va hissiy narsalar unga hind filmlari ruhida tarbiyalangan o‘n olti yashar xayolparast qizlarning mashg‘ulotiday bo‘lib tuyulardi — o‘z hissiyotlarini ham u aqlga, fikrga garchi, zo‘rlik bilan bo‘lsa ham bo‘ysundirib olgan, shu sababli uning hissiyoti ham juda ustalik bilan charxlangan va zeb berilgan qilichga o‘xshar edi. Endi esa hissiyotlari unga bo‘ysunmayotgan, bo‘ysunishni istamayotgandi va bu o‘ziga ham allanechuk yoqmokda edi.
… Moviy osmonni nozlana-nozlana kezib yurgan ul ko‘k hiloli bilan daraxtlar orasida qisinib-qimtinib, yuzida hayo va andak hurkaklik bo‘rtib turgan, yonoqlari yalovday hilpirayotgan bu ayolning qanday farqi bor? Farqi shuki, ul hilol osmonlik, bunisi esa yerlik. Unisining ming yillardan beri yerdan nimadir izlay-izlay yuzlari za’faron bo‘lib qolgan. Bunisi esa oqshomni zarrin nurlar bilan bezagan ul ko‘klik musavviraga hasadi kelganday atirgul bargi yanglig‘ qizargan, go‘yo bu oqshomni yuzining qizil shu’lasi bilan cho‘miltirib, zarrin oyni rashk o‘tida ado qilmoqchidek. Za’faron yuzi yana ham sarg‘aytib-so‘litmoqchidek… Yo‘q, bu kelinchak hiloldan ham ko‘ra gulga ko‘proq monanddir. U kimningdir chorlovini eshitgan-u, bu churkun daraxtlar orasida porillab ochilgan, — undan atrofga g‘urur va erk shu’lalari taralayapti. Shuning uchun ham hilol uning yonog‘iga hol bo‘lishni istagandek yotog‘idan bosh ko‘tarar-ko‘tarmas cho‘lning asov shamollari tarab qo‘ygan bu zebo chehraga shaydo bo‘lib tikilib qolgan. Yo‘q, bu ayol hammasidan ham dilbar bir she’rning go‘zal satriga o‘xshaydi — bu yerlardan qachonlardir qandaydir daho shoir o‘tganu, uni mulku falak bilan bog‘lab turadigan uchqur xayollari va mo‘jizalar yaratuvchi tilidan tuprog‘i jizg‘anak bo‘lib yotgan sahroi-biyobonga bu go‘zal satr bir tomchi ko‘zyosh yanglig‘ sirg‘alib tushib qolgan. Oy esa shu go‘zal satrni izlab yurgan ul shoirning yoniq xotirasidir. Uning yonida qilichini tushirib qo‘ygan bahodirday aql hushidan ayrilib turgan bu nozik-ta’b, kibor sifat shoir ul go‘zal satrni o‘qiy olar-mikin? Tushunarmikin?! Undagi dardli so‘zlarni his etarmikin? Yoki bu go‘zal satr o‘qilmas bitikdek zamonlar osha sirli va maftunkorligicha jaranglab qolaverarmikin? Bu yerlik hilol shunchalar go‘zalki, uning oldida ul ko‘hlik hilol chala tug‘ilgan go‘dakning yuziga o‘xshab qoladi, oyga qarab turib, hech bir nuqson topolmaysan, yo‘q, yo‘q, mana shu benuqsonlikning o‘zi nuqson emasmu? Yerlik hilol esa «nuqson» va «benuqson» degan tasavvurlarga bo‘ysunmaydi, uni so‘zlar ifodasiga solib bo‘lmaydi, uning nomini eshi-tish bilanoq so‘z ham, til ham kuyib ketadi…
Keyinchalik shu lahzalarni eslab, meni Muazzamni quchib olish istagidan faqat uni cho‘chitib yubormayin degan xavotirgina to‘xtatib qolgandi, deb o‘ylagandi. Kim biladi, balki shundaydir, balki bu juvon bari-bir bir kuni qo‘limga tushadi degan o‘jar bir ishonch qaytarib qolgandir. Balki, odamlarga tez ta’sir qiladigan, nomini eshitsa, ko‘zlarida ehtirom uyg‘onadigan «yozuvchi» degan obro‘siga putur yetkazishdan qo‘rqqandir yoki chirigan shoxlari sinib, barglari to‘kilganidan mushtipar qiyofaga kirgan va g‘ira-shira qora ko‘lankalarga aylangan qarovsiz daraxtlarga qaraganda ham mushtiparroq bo‘lib qolgan, o‘zining shakarguftorligiga ro‘yirost ishongan sodda kelinchakning hayo, iffat va noxush sukunatdan yorilish arafasidagi shardek tarang bo‘lib turganini ko‘rib, o‘zining balandparvoz xayollaridan va hayosiz istagidan uyalgandir. Oraga cho‘kkan bir necha soniya sukutdan so‘ng u rostdan ham o‘zini bosib oddi va zohiriy ko‘rinishga yarashmagan yumshoq va hamdardona ohangda:
— Bu yerda yashash juda og‘irmi? — dedi va o‘zining savolidan o‘zi ezilib ketdi.
Muazzam indamadi, faqat bosh irg‘adi — Shamsi Saloh ayolning ko‘z milklarida paydo bo‘lgan va oy nurida yaltirab ketgan ko‘zyoshlarini ko‘rib, ko‘ngli shafqat va iltifot bilan to‘ldi; Muazzam hatto boshini ko‘tarib qaramadi, agar biror narsa desa ho‘ngrab yig‘lab yuboradigan holi bor edi uning.
— Siz, bu yerlardan qadringizga yetadigan, orzuingizni ro‘yobga chiqaradigan kishilar orasiga ketarmidingiz, ular yordam qo‘lini cho‘zishsa, bu yerlardan ketishga rozi bo‘larmidingiz?
— Ha! — dedi go‘yo bu taklifni qilayotgan odam fikridan qaytib qolishidan qo‘rqqanday shoshib Muazzam. U juda ham to‘lqinlanib ketgan edi, hali hech kim u bilan orzulariyu armonlari to‘g‘risida bunday gaplashmagan, dunyoda ish, tashvish, o‘choq, qozon-tovoqdan boshqa ko‘ngil degan narsa ham bor, deb aytmagan edi.
— Agar birov sizni orzuingizdagiday baxtga yetaklab borsa, nima qilgan bo‘lardingiz, umuman, men rozilik ma’nosida aytmoqchiman…
Muazzam yerga tikilib turardi, u nimalarnidir tushunmayotganga, nimalarnidir anglolmayotganga o‘xshardi. Nega endi hozir, nega endi aynan, hozir, tunda, daraxtlar orasida bu — o‘zi tilga olishga ham, eslashga ham qo‘rqadigan narsalar haqida gapirayotganlariga, nima uchun so‘rayotganlariga tushunmayotgan edi.
— Bir umr… bir umr duo qilardim u odamni, — deb shivirladi u o‘ziga o‘zi gapirayotganday.
Shamsi Salohga boshqa narsa kerak emas edi. U Muazzamdan mana shu gapni olish uchun bir haftadan beri atrofida girdikapalak bo‘layotgan, uning ko‘nglini bilmoqchi, bu sohada qalbga qarmoq tashlab ko‘rmoqchi edi. U hozir rejasi bunchalik oson amalga oshganidan baxtiyor ham edi, endi buyog‘i aniq — qishloqning changida oyoqlari yorilib yurgan suluvni san’at malikasi qiladi.
U yulduzlari pirpirab turgan salqin kechada uzoq kezdi, tun hozirgina o‘zini mas’ud etgan kelinchak yanglig‘ sirliligi va fasohati bilan uning qalbini sirqiratar, og‘ritar, uni hislar quyuniga tashlar edi. U ichiga kirib olgan kim bilandir xayolan olishar, munozara qilar, tortishar edi. U hozir vujudida tug‘ilayotgan narsalarni she’r qilishni istar, ko‘ngliga kecha qa’ridan, yulduzlar shu’lasidan sim-sim satrlar oqib tushar edi. «Sen, — deb murojaat qilar edi u xayolan kimgadir, — yovvoyi o‘tlar orasida o‘sgan gulsan. Sen ko‘zda qalqib turgan bir tomchi yoshsan… Sen baxtli bo‘lishing kerak, sen yer yuziga faqat baxtli bo‘lish uchun kelgansan, sening ovozing odamzodni go‘zallik va xayolot o‘lkasiga boshlab borish uchun in’om etilgan. Sen tabiatning eng durdona va noyob namunasisan, seni tabiat faqat go‘zal narsalar uchun yaratgan. Sen — odamlar million yillardan beri izlab kelayotgan ohangsan, bu ohangni dunyoning yovuz kuchlari yanchishga, yo‘q qilishga urinadilar, lekin sen tobora yangrayverasan, sen — gullar timsolida, toshdan-toshga sakrab yugurayotgan zilol suvli jilg‘alar, endigina bosh ko‘targan maysalar, tonggi shudring, kechki shafaq timsolida odamlar qarshisida paydo bo‘laverasan…
… Qo‘y, uni tashla, dunyoning bu azaliy ikir-chikirlaridan voz kech, sen hamma narsadan, hatto dunyodan ham ustun turuvchi ilohasan. Sen faqat ardoqlanishga, e’zozlanishga va farog‘atga munosibsan.
O, kel, mening ko‘nglimni to‘ldir, tezroq kel, dunyo to sengacha yarim edi. Sen uni to‘ldir, mayli, mening ko‘ksimni bosib o‘t, mayli, mening tanamni poyondoz qil, faqat sen yurgan yo‘llarda gullar ko‘karsa bo‘ldi, sening ovozingni eshitib, chechaklar bosh ko‘tarsa bo‘ldi, sening ovozingni eshitib dunyo hushyor tortsa bo‘ldi…
… Ko‘rayapsanmi, yerni turtib-turtib maysalar bosh ko‘taryapti, kurtaklar chirigan po‘stloqni yorib chiqayapti, g‘unchalar ochilayapti — bular hammasi bir lahzada bo‘layapti, chirigan, so‘lgan, payhon qilingan gullar qayta barg yozayapti, bog‘ turli iforlarga burkanayapti, daraxtlar novda tugayapti, yomg‘ir o‘ziga kamalakdan libos tikayapti — bari seni qo‘shig‘ingdan, sening ilohiy ovozingdan, sen ohanglarni yondirgan ohangsan, sen tun qo‘ynida lovullab turgan alangasan!..
… Ana sen dunyoni kulgung bilan to‘ldirmoqchidek, qiqirlab kulayapsan, yuzingdan jilvalanib-jilvalanib ohanglar taralayapti. Ana sen qizg‘aldokdar ichida yugurib borayapsan, egningda oq harir ko‘ylak, boshingda qizil durra… yo‘q… yo‘q, bu durra emas, qizg‘aldoqning bir dona bargi, egningdagi kechagina gullagan o‘rikning libosi…
… Ana sen billur zinalardan yuksaklikka ko‘tarilayapsan… oyoqlaring ostida baxtning, shon-shavkatning suyaklari sochilib yotibdi — sen, ana, bu qadimiy zulmat va sokinlikni ovozing bilan tilib borayapsan — ovozing yonib borayapti, bu sahroda o‘z nomini yo‘qotgan va nomsiz narsalarga nom berayapti, ism berayapti, adashgan dunyoni yana o‘z holiga qaytarayapti… Senga musiqaning keragi yo‘q, sening ovozingga faqat yulduzlar kuy bastalay oladi… Ko‘zlaringni ochib yumishing tun bilan tong almashishiga o‘xshaydi — kipriklaring tonggi yulduzlardek yaraqlab ketadi — qani edi ko‘zlaring ayvonida uxlab yotgan kipriklardan bittasi men bo‘lsam… Yo‘q, sening makoning yer emas, sen falak qizisan… Sen oy kursisidan yerga shafqat bilan boqayotgan farishtasan, sen hurlik farishtasisan, sen orzuning, xayolning suratlarini chizib berish uchun bu dunyoga kelgansan…
Oy ko‘k dengizida qip-yalang‘och suzib yurardi. U tashqariga gulxan yoqib, hasharchilar qandaydir rok muzikaga dikonglashayotgan shiypon tomon borar ekan, yaqin kunlarda boshlanajak yangi hikoya haqida o‘ylardi. U bilan tun ham dalalar uzra qadam tashlab yurar, sarpo kiyib olgan qora po‘stinda zarhal ziraklar yaltirardi.

V

Shamsi Saloh Muazzam haqida o‘ylayverib, uni sal bo‘lmasa xo‘rlik va jabrning timsoliga aylantirib qo‘yayozgan edi. Uni ayanchli muhit o‘rab olgan, deb o‘ylardi, uni hech kim tushunmaydi, «xuddi meni tushunishmagandek». Erini esa xotinining baxti ham, baxtsizligi ham qiziqtirmaydi, u Muazzamga azaliy ota-bobolaridek sochi uzun deb qaraydi. U mana shunday — ishga borib, ishdan kelib, yana ertalab ishga ketib yashasa bo‘ldi, xuddi hasharotday, xuddi qurtday. Ayanch! Mudhish! Muazzam ana shunday erkak bilan yashashga majbur, uning orzulari, ovozi bu xil yashashning qurboni bo‘lib ketaveradi, bir kuni qarasa u ham bir-biridan injiq, biri-biridan nimjon bolalarning onasi, hamma onalarga o‘xshab o‘zbilar-mon, shang‘i, vaysaqi, bir gapga ming gap bilan javob beradigan jag‘-jag‘ ayolga aylanadi. Bu uning muqarrar qismati. Uni bu zulmatdan ozod qilish ke-rak. Ulug‘ maqsadlar bilan yashayotgan muhitga olib kirish kerak.
Muazzam uning barcha xayollari va o‘ylarini ostin-ustun qilib tashladi: hali qizlik nafosati tashlab ketmagan bu ayolda yashirinib olgan ulug‘ rejalarni ko‘rdi. U Muazzamning sodda, samimiy gaplaridan birdan o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan kelinchakning gaplaridagi ishonchsizlik va umidsizlikdan larzaga keldi, (u keyinchalik «larzaga keldim» deb eslagandi) Shamsi Salohning vujudida homiylik, fidoyilik tuyg‘ulari jo‘sh urib ketdi, u bu kelinchakka najot yo‘llarini ko‘rsatmoqchi, uni «orzular o‘lkasi»ga, madaniyat va san’at gulshaniga yetaklab chiqmoqchi bo‘ldi. U turmush ezib tashlagan, erining injiqlik va qo‘polliklaridan behad ko‘p zug‘um ko‘rgan juda ham yovvoyi muhit bilan qurshalgan yosh ayolni yangi hayot sahnasiga yetaklab chiqishi madaniy dunyoda qanchalik shov-shuvga sabab bo‘lishini ko‘z oldiga keltirib, xushvaqt jilmayib qo‘ydi va Muazzamni teatr sahnalarida, zallarda, ko‘chalarda muxlislar olomonining xushomadona chehralari ichida yal-yal yayrab ketayotganini hamda har bir burchakda poylab turgan olqishlardan va shon-shavkatdan bir oz esankiragan Muazzamning o‘zining yelkasiga bosh qo‘yib, minnatdorona tikilib, quvonch va saodatdan silkinib-silkinib yig‘layotganini xayolan tasavvur qilardi; Muazzam yig‘lab termular ekan «Bular bari siz tufayli, siz bo‘lmasangiz shu kunlarga yetmasdim» deb shivirlaydi… Bular bari rohatbaxsh xayollar edi. Lekin ayni paytda u o‘zining aynan ana shunga ahd qilganini va bu yo‘ldan o‘zini hech kim endi qaytarolmasligini his etardi. U har qanday to‘siqni bosib, yengib o‘tadi, mana shu ezilgan, mana shu xo‘rlangan juvon haqqi, uni saodat behishtiga olib chiqadi, yuzini to‘sib turgan qora bulutlarni surib tashlab, tong yulduzi kabi san’at osmoniga ko‘z-ko‘z qilib, ilib qo‘yadi.
Muazzamni ko‘rgandan so‘ng negadir o‘ziga yoqmay qolgan yuvvoshgina Otaqul uning endi g‘ashini keltira boshlagandi. U Otaquldan johil erlarga xos bo‘lgan xislatlarni izlar, ba’zan kechqurun daraxtzorni aylanib yurar ekan, sigir sug‘orib yurgan Otaqulga duch kelar va bosh irg‘ab salomlashib indamay o‘tib ketardi. Oxiri u Otaqul bilan uchrashishga, ko‘nglidagi barcha gaplarni gaplashib olishga, uni undab ko‘rishga, ko‘nmasa po‘pisa qilishga axd qildi. (Nazarida Otaqul boshqacha usulga ko‘nmas edi). Xullas, har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham Muazzamni bu muhitdan sug‘urib olishga qaror qildi. U Otaqul bilan daraxtzorda ikki marta uchrashib qoldiyu lekin jur’at etolmadi. Buning uchun o‘zini o‘zi yeb qo‘ydi, ertasiga qanday bo‘lmasin, qanday sharoit tug‘ilmasin, unga hammasini aytaman deb qaror qildi. U hamisha to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgangandi, nishonni uzoq mo‘ljalga olishni u o‘ziga ep ko‘rmasdi.
Otaqulni kechqurun shiypon oldida teatrning xo‘jalik ishlari mudiri bilan birga uchratdi. U uzoq kutib turdi (ular qandaydir qog‘ozlar to‘ldirishardi), Otaqul mudir bilan xo‘shlashib, narirokdagi mototsikli tomon yura boshlagach, u to‘satdan uyg‘onib ketganday, tez-tez yurib uning qarshisiga chiqdi.
— Siz bilan ikki og‘iz gaplashib olmoqchi edim, — dedi u Otaqulga dadil tikilib. — Vaqtingiz bo‘lsa, xonaga kirsak.
Otaqul unga ajablanib qarab turdi-yu, lekin uning izmiga bo‘ysundi. Shamsi Saloh va teatrning obro‘liroq artistlari shiyponning burchagidagi xonada to‘rt kishi bo‘lib turishardi. Hozir xonada hech kim yo‘q edi. O‘rtada qo‘lbola stol, ikki chetida gazeta to‘shalgan ikkita uzun yog‘och o‘tirg‘ich qo‘yilgan edi. Shamsi Saloh Otaqulni o‘tirishga taklif qildi. So‘ng oraga noqulay sukunat cho‘kib, o‘zining gapdan yanglishib qolishidan qo‘rqib, birdan gap boshladi, aniq mo‘ljalga urish va bu boqi beg‘am, yuvosh odamga bo‘lgan g‘azabini his qilib turish uchun Otaquldan ko‘z uzmay turdi.
— Sizga aytadigan birinchi gapim shuki… ya’ni nima desamikin… bu ancha nozik masala… Lekin men kelin bilan gaplashdim. U rozi… faqat siz ko‘nmasangiz kerak deb qo‘rqayapti…
Otaqul bahaybat va qo‘pol qo‘llarini stolga qo‘yib, omonatgina o‘tirar, o‘zining beso‘naqay gavdasidan xijolat tortayotganday edi. Shu sababli uning gapini yaxshi anglolmadi.
— Kim? Nimaga rozi? — so‘radi u talmovsirab, beg‘amroq yuzida birdan diqqat aks etdi. Shamsi Salohga hayrat to‘la ko‘zlarini tikdi.
— Kim deysizmi? Kelin — Muazzam… u o‘qishni davom ettirmoqchi, juda yaxshi ovozi bor ekan, bu yer-dagi hurmatli va taniqli odamlarning hammasi e’tirof etayapti — bunaqa ovoz kamdan-kam kishiga nasib qiladi — uni parvarish qilish kerak… xalq uchun… odamlar uchun… uning esa bu yerda boshi ikir-chikirdan, mehnatdan chiqmaydi. Shunday iste’dodni siz odamlardan yashirib, bo‘g‘ib o‘tiribsiz. Biz unga yordam bermoqchimiz… o‘qisin, o‘rgansin…
Otaqul avval tushunmayotgandek, unga beparvo quloq soldi, so‘ng nima gapligini anglagach yuzida birdan qahrga o‘xshash ifoda paydo bo‘ldi. Shamsi Salohning nazarida uning ikki yonog‘ida ikkita tig‘i o‘tkir xanjar jaranglab ochilib ketganga o‘xshadi — ko‘zlari kattalashib, qorachiqlari o‘ynay boshladi, yuzida bezovtalik, norozilik jilvalandi.
— Siz uning ko‘nglini eshitmay qo‘yganmishsiz. Uning ko‘ngli ozoddik istaydi, qo‘shiq aytish — uning uchun hayot. Siz esa odamlar gap-so‘z qiladi deb uni bu hayotdan mahrum qilib qo‘yibsiz… Siz o‘qigan yigitsiz. Uni bug‘mang, u ozod bo‘lsin, u baxtli bo‘lsin, istaganiga erishsin, u bilan kelajakda butun xalqi-miz faxrlanishi mumkin. Siz esa uni uyga qamab olgansiz…
— Men nima qilishim kerak? — deb uning gapini bo‘ldi qo‘rslik bilan Otaqul. U suhbat mavzuidan juda noroziga, oilasiga tegishli har qanday masalani birovlarning ishtirokisiz yolg‘iz hal qilishga o‘rganganga, Shamsi Salohning gaplaridan g‘ashi kelayotganga o‘xshardi. Uning ovozida qutqu bor edi. Shu narsa Shamsi Salohni bir oz g‘azablantirdi.
— Siz unga erkinlik bering, uni mana bu paxtangizga aralashtirmang. U shaharga ketsin, o‘qisin, ovozini tarbiya qilsin…
— Axir, bu mumkin emas. Oilamiz, bolamiz bor. Men esa ketolmayman…
— U shaharda bir umr qolib ketsin yoki bolasini tashlasin, deb aytayotganim yo‘q bu gaplarni. Men sizlarni ajratmoqchi emasman. Faqat uning o‘qishiga, ovozini parvarish qilishga sharoit yaratib berish kerak demoqchiman. Siz uni qo‘llab-quvvatlashingiz kerak…
— Agar rozi bo‘lmasam-chi — dedi Otaqul to‘satdan to‘nini teskari kiyib olib Shamsi Salohning jig‘iga tegmoqchidek jizzakilik va bepisandlik bilan.
— Unda o‘z xotiniga feodallarcha munosabatda bo‘layapti, diplomli feodal, o‘rta asr aqidalari tarafdori deb gazetada urib chiqamiz…bu yog‘ini o‘zingiz bilasiz… o‘ylab ko‘ring.
Otaqul xo‘mrayib oldi. U tabiatan bosiq, og‘ir bo‘lgani bilan hozir xuddi yosh bolaga o‘xshab qizarib ketgan, sal ishora bo‘lsa janjal chiqarishdan qaytmaydigan holatda edi; lablarini jahl bilan qisib olgandi; qarshisida o‘tirgan, hasharchilar o‘rtasida allanechuk obro‘ga ega bo‘lgan, sovxoz rahbarlari ham xushomad bilan gaplashadigan, o‘zi asarlarini o‘qimagan bo‘lsa ham «yozuvchi» degan nomi bor kishi turgani uchun o‘zini zo‘rg‘a bosib, odob doirasidan chetga chiqadigan biron gap gapirib qo‘ymaslik uchun tillarini tishlab turgandek edi.
— To‘g‘ri, sizni ham tushunaman, — dedi Shamsi Saloh uning juda tovsillanib qolganini ko‘rib, — sizning erlik huquqingiz bor, shu sababli har narsa qilishingiz mumkin. Gap shundaki, barcha erlar kabi o‘jarlik yoki kaltabinlik qilsangiz, katta bir iste’dodni tiriklay qurbon qilgan bo‘lasiz. Bu gaplarni sizga aytish menga ham qanchalik og‘ir ekanligini tushunarsiz deb o‘ylayman, sizga hamma narsaga aqli yetgan, oq-qorani ajrata oladigan kishiga murojaat qilayapman. Siz oz bo‘lsa ham shahar ko‘rgansiz; hech qursa, kinolarda, teatrlarda ko‘rgansiz. Axir biz qachongacha Yevropadan o‘rnak olamiz, ularni o‘qib o‘rganamiz, san’at, jasorat deganda ularni misol qilib ko‘rsatamiz?! Xo‘sh, o‘zimizda nega yo‘q?.. Sababi minglab Muazzamlar oila botqog‘iga botib, ko‘rinmay yotibdi, mana bunaqa tashvishlar ulardagi tabiat in’om etgan iste’dodlarni yeb bitirayapdi. Tug‘ish, qozon-tovoq, dala ishlari, g‘iybatlar, uydirmalar — qanchalik ko‘p ayollarimizni qurbon qilmayapdi deysiz. Tuzukkina qobiliyati bor ayollarimiz bir bola tug‘adi-yu, so‘ng hammasini unutadi; keyin quyonga o‘xshab har yili tug‘averadi, tug‘a-tug‘a, azbaroyi arvohga aylanadi — johil er, qora turmush, chirqillab turgan bolalar — mana bizga Yevropaga yetib olishimizga nima to‘sqinlik qilayapdi? Buyuk, ulug‘, daho, go‘zal degan so‘zlarni negadir faqat ularga ishlatamiz, o‘zimizga kelganda mum tishlab o‘tiramiz. Buyuklik uchun odam o‘zini, zarur bo‘lsa oilasini ham qurbon qilishi ke-rakligini tushunmaymiz. Siz, albatta, mening gaplarimni tushunmayotgandirsiz?!
Otaqul uzoq indamay, oyog‘ining uchlariga qarab o‘tirdi. Uning nimadir degisi kelar, lekin ozg‘in yozuvchining og‘zidan o‘qday otilib chiqayotgan savlatli gaplar uni avvaliga shashtidan tushirgan, bu gaplarda jon borga o‘xshar, ishongisi kelar, ko‘nglining bir chetida qandaydir bir hakam «bular hammasi yolg‘on, bular hammasi yolg‘on» deb shivirlar, bu savlatli gaplarda ham allanechuk zo‘rakilik, yasamalik borga o‘xshab tuyulardi.
— Muazzam bu turmushdan juda bezgan. Bu dim va jazirama dalalar, uni hech qachon tushunmaydigan qo‘pol-to‘rs odamlar, qaysidir yovvoyi zamonlardan saqlanib qolgan yovvoyi udumlar, keyin sizning mana bu xirmon tashvishlaringiz hammasi juda joniga tek-kan, yuragi bezib, juda ko‘rkam orzulari tufayli odamlardan ajralib, yolg‘izlanib qolgan (u Muazzamni aynan shunday tasavvur qilardi). Bu yer unga do‘zaxday gap. Nahotki siz buni sezmagan bo‘lsangiz. Axir aytishicha, u sizga ana shu orzularini deb turmushga chiqqan ekan, shekilli..
— Menga bu haqda hech qachon gapirmagan… — to‘ng‘illadi Otaqul.
— Shundaymi? Buni qo‘shiq aytgan paytlari ham sezmaganmisiz..
— Bizda hamma ayollar qo‘shiq aytadi.
— Yo‘q, yo‘q. Siz chalkashtirmang. Muazzam boshqacha, u o‘sha — childirmani paqa-paq urib jazavaga tushadiganlarga sira o‘xshamaydi. Uning ovozida haqiqiy qo‘shiqlardagina bo‘ladigan marom bor. Muhimi, muzikaga qobiliyati bor — buni, darvoqe, siz yaxshi bilasiz. Agar u ham siz aytayotgan ayollarga o‘xshaganda, men bunchalik kuyib-pishib o‘tirmasdim..
Otaqul unga to‘rsayib tikilib turdi-da, yana ko‘zlarini olib qochdi. U «siz bu narsalarni qachon bilib ola qoldingiz, nahotki, Muazzam shuncha narsani sizga aytib bergan bo‘lsa?» deb so‘ramoqchi edi, biroq tili boshqa narsani gapirib yubordi:
— Unda shaharga borish shartmi?
— Albatta, — Shamsi Saloh ichida g‘olibona entikib qo‘ydi, — busiz unga sharoit yaratib bo‘lmaydi, — axir cho‘lda san’atga emas, ko‘proq paxtaga e’tibor zo‘rligini mensiz o‘zingiz yaxshi bilasiz.
Otaqul uzoq jim qoldi. So‘ng o‘rnidan turdi-da, indamay eshikka qarab yo‘l oldi.
— Ha, — dedi Shamsi Saloh qo‘rqib ketib, — nima bo‘ldi sizga?
U eshik oldiga borib to‘xtadi, kalovlandi, nimadir degisi keldi, yana ikkilandi, nihoyat o‘ziga kelib, Shamsi Salohga e’tiborsiz ko‘z tashladi.
— Men o‘zi bilan gaplashishim kerak, — eshik taraklab yopildi; Otaqul so‘nggi daqiqalarda odob haqida o‘ylamay qo‘ydi: bu Shamsi Salohga zarracha ta’sir qilmadi, aksincha, g‘azabini oshkora namoyish qilib, ojizligini bildirib qo‘ygan Otaqulning ustidan ichida kuldi: «Ha, bular hammasi yovvoyi, — deb o‘yladi u, qiziq, qanday yashasharkin, bunday zerikarli maqsadlari bilan. Bola boq, sigir boq, qo‘shnilarning tovug‘ini hayda, uy suva, o‘tin g‘amla… Men bunday turmushdan ko‘ra tars yorilib o‘lishni afzal ko‘rgan bo‘lardim».
— To‘nka, — deb g‘uldiradi u tovush chiqarib, kimni nazarda tutayotganini o‘zi ham bilmay.

VI

Shiypon oldida changga belangan qizil yengil mashina turardi; mashina atrofida yasan-tusan qilib olgan Ismoil Ali, xo‘jalik mudiri va guruh hisobchisi qorin qo‘ygan, baqbaqasi osilib qolgan, shlyapasi pachoq kishi bilan unga qarab imlashardi; ular qayergadir shoshayotganday edi.
— E, qayerlarda yuribsiz, — dedi Ismoil Ali uni chaqirib, — yarim soatdan beri sizni kutamiz.
Shamsi Saloh nima gap deganday ularga ko‘z uchida qaradi.
— Sizlarni to‘yga aytib keldim, — dedi semiz kishi Ismoil Alining gaplaridan so‘ng mo‘tabar odam bo‘lsa kerak degan o‘yda u bilan yaltokdanib ko‘rishar ekan. — Sizlarni kutishayapti.
To‘yga balo bormi hozir, — guldiradi xo‘jalik mudiri Shamsi Salohga yoqadigan gap qilish uchun. Lekin uning to‘yga juda borgisi kelayotgani shunday yuzidan ko‘rinib turardi. — Oldin paxtani tersin, keyin yaxshilab, ikkalasini bir qilib to‘y qilishadi.
— Kuyov tog‘lik, — dedi semiz kishi, — ular paxta degan narsalarni bilmaydi. Biz ham aytdik, lekin qari otasi bor ekan, keksalar rozi bo‘lishdi.
Shamsi Saloh orqa o‘rindiqqa o‘tirar ekan, mashina egasining oshqozoni kasalligini bildi — uning og‘zidan chiqqan badbo‘y hid mashina ichini tutgan edi. U toki qishloqqa kirgunlaricha, hidini sezmaslik uchun nafas olmaslikka tirishib, terlab, bo‘g‘riqib ketdi.
Ularni shinam va keng xonaga olib kirishdi. Xonaga kirgachgina Shamsi Saloh bir oz erkin nafas oldi.
Xonadagi uch-to‘rtta kishi ularni ko‘rib, o‘rinla-ridan turishdi, hurmatlarini joyiga qo‘yib ko‘ri-shishdi. Shamsi Saloh ularni bir-ikki bor «hormangga» borganda uchratgan, bular shu qishloqning mansab-dorlari ekanini bilardi.
Dasturxonni uch-to‘rt xil noz-ne’mat to‘ldirib turardi — katta shokosalarda sho‘r pomidor va bodring, mineral suv, bo‘shab qolgan uchta aroq va sopol laganda qovrilgan hamda qaynatilgan go‘shtlar pala-partish terib qo‘yilgan edi. Ular o‘tirishi bilan go‘sht, ichimlik suv va aroq yangilandi, ularga manzirat boshlandi. Shamsi Saloh oz-ozdan, lekin huzur qilib ichishga o‘rgangandi. Uni kuzatib turgan odam choy xo‘playabdi deb o‘ylashi mumkin edi. Hozir esa chang va kir-chirlarining ichidan chiqib kelgan o‘pkasiga aroq moyday yoqar va u ko‘pam mulozamat qildirmay piyolalarni birin-ketin olardi. U o‘ziga Ismoil Ali alohida e’tibor berayotganini sezdi. Ismoil Ali negadir uni o‘ziga yaqin olar, dramalarini nohaq tanqid qilgan ba’zi kimsalardan chinakam xafa bo‘lib, unga yorilar va bizning tanqidchilarda hali saviya yo‘q derdi. Shamsi Salohni esa savodli, dunyo madaniyatidan xabardor, o‘ziga maslakdosh deb bilardi. Hasharchilarning chuldiroq yovg‘onlaridan ko‘ngli aynigan paytlari uni qayokdandir maxsus buyurtma bilan olib kelingan hufyona taomlar bilan siylar edi. U bu yerdagilarning ko‘pi bilan juda qadrdon bo‘lib qolgan, uni hasharchilardan ham ko‘ra sovxoz rahbarlari ko‘proq hurmat qilishardi. Shamsi Saloh ularning apoq-chapoq bo‘lib o‘tirganini ko‘rib, Ismoil Alining ham manavi amaldorlarga juda o‘xshab ketishini anglab qoldi; yaltoqligi, quv ko‘zlari, gapirish usullari… qornini selkillatib kulishlari. Bu qadar o‘xshashlikdan Shamsi Saloh hatto hayron ham bo‘ldi.
— Bularga e’tibor qilmang, — deb shivirladi u Shamsi Salohning qulog‘i tagida. — Agar har bir narsaga e’tibor bersangiz infarkt bo‘lib qolasiz. Bular hali yovvoyilikdan to‘la xalos bo‘lmagan.
Shamsi Saloh uning «hayvondan» demoqchi bo‘lga-nini va o‘zidan istihola qilib, madaniychasiga «yovvoyilikdan» deganini sezdi.
— Qachon ketamiz, — dedi Shamsi Saloh bu davrada o‘zining yuragi siqila boshlaganini his qilib.
— Qachon kelish bizdan, lekin ketish bulardan, — dedi Ismoil Ali o‘zini har qanday urf-odatni hurmat qiladiganday qilib ko‘rsatib.
Shamsi Saloh ma’qul deganday bosh silkidi va uzr so‘rab, keng ayvon orqali tashqariga yo‘l oldi. Uning izidan yoshgina ko‘k beqasam to‘n kiygan yigit ham chikdi. Qishlokdagi uylar loysuvoq, ko‘rimsiz va chaparasta qurib tashlangandi. Shamsi Saloh go‘ng hidi kelib turgan shilta oralab o‘tar ekan, yosh yigitga qo‘l silkib javob berdi: «Ketavering, o‘zim eplayman…»
Kecha quyuq siyoh rangga to‘lgan, yulduzlar charaqlar, oy tog‘ cho‘qqilari ortida bir tilim qizil yog‘du taratib chiqib kelardi. Qo‘shni uyda qizlarning qiqir-qiqir kulgusi va po‘k-po‘k urilgan doira ovozi eshi-tilardi. Uyning oldida qozon va samovar qaynar, xotin-xalajlar, bolalar qiy-chuv qilishar, uch-to‘rtta odam uy orqasida turgan avtobusga, kelinning seplari bo‘lsa kerak, yuk tashishardi.
Shamsi Saloh tomirini yozish uchun uyning orqasiga aylanib o‘tar ekan, childirma tovushi kelayotgan derazadan birdan tanish ovoz eshitildi. U ovoz avval nimadir deb kuldi, so‘ng childirma qattiq-qattiq urildi va u kutganday qo‘shiq boshlandi. Shamsi Saloh turgan joyida derazaga qaragancha, taqqa to‘xtab qoldi, — deraza sarg‘ish parda bilan to‘silgan, pardaga damo-dam lop-lop ko‘lankalar tushardi. Kelin shu uyda bo‘lsa kerak deb taxmin qildi Shamsi Saloh. U yerda tanish ovoz xuddi birinchi kundagiday, erkin, biroq biroz sho‘xchan, o‘yinbop qo‘shiqni chertib-chertib aytar, qizlar unga jo‘r bo‘lardi. Shamsi Saloh ovozdagi shirani, maromni va o‘ta tiniqlikni yana bir bor ich-ichidan his etdi. «Ko‘ryapsanmi, yerni turtib-turtib, maysalar bosh ko‘trayapti… — bir necha kun oldin uning xayoliga kelgan va uni hayajonga solgan so‘zlar yana xayoliga qalqib chikdi — …bari sening qo‘shig‘ingdan, sening ilohiy ovozingdan, sen ohanglarni yon-dirgan ohangsan, sen tun qo‘ynida lovullab turgan alangasan!..» U yana yuragida nimadir tiniqlashganini, so‘z va ohang qalbini sirqirata boshlaganini angladi — bu holatni u ilhom lahzalari deb atardi… Bu qurmagur kelinchak o‘ziga shaydo bo‘lganlarni bunchalar kuy-dirishni kimdan o‘rgandi ekan?! U qo‘shiqqa momolarning nafasini, bobolarning shukuhini berishni qachon o‘rgana qoldi ekan? Yo uning qonida bormidi bu ulug‘vor miskinlik, bu ulug‘vor tovushlar?! Emranib-emranib kuylashni qachon, kimdan o‘rgana qoldi? Ishqilib, bu ayollarga to‘zim bersin. U yig‘lasa tosh ham yig‘laydi, u kuylasa, tosh ham kuylaydi, u g‘azabga kelsa, tog‘ ham tiz cho‘kadi. Ishqilib, to‘zim bersin! U sariq pardali derazadan oqib chiqayotgan qo‘shiqni vujudiga singdirish uchun butun shuurini quloqqa aylantirib, qotib turar ekan, qo‘shiqdagi mustar bir ohang uning xotirasining bir burchagini birdan yoritib yubordi. Xotiraning bu unut burchagida bir quchoq o‘tin ortmoqlab olib qiyalikdan pastga tushib kelayotgan kampir va teri quloqchin kiygan ozg‘in bola aks etdi. Kampir cho‘loqlana-cho‘loqlana qiyir toshlar sochilib yotgan so‘qmoqdan yalangoyoqlarini zo‘rg‘a ko‘targancha qandaydir qo‘shiqni xirgoyi qilib tushib kelar, momosining uniqib qolgan kalishini qo‘llariga ko‘tarib olgan ozg‘in bola esa unga yetib yuraman deb, qoqilib-qoqilib ketardi. Momosining so‘nayotgan fonusday xira va yoshli ko‘zlari olis-olislarda ko‘rinayotgan cho‘qqi va qirlarga qadalgan, go‘yo bu ko‘zlar uzoq-uzoqlarda — yillar ortida qolib ketgan umrini shu cho‘qqilar orasidan izlayotganday, qo‘shiqqa monand pirpirab-pirpirab ketardi.
— Bu qo‘shiqni eslab qol, — derdi kampir ular qiyalikdan tushib, qishloq yaqinida yorilib qolgan tovonidagi toshlarni terib tashlash uchun yelkasidagi o‘tinni yerga qo‘yib o‘tirar ekan, — bu qo‘shiqni ota-bobolarimiz bizga nabiralaringga yetkazinglar deb o‘rgatgan, sen ham yaxshilab yodlab ol va bir kuni menday bo‘lganingda nabiralaringga aytib berasan. Bu odam haqidagi qo‘shiq. Odamlar o‘lib ketadi, lekin qo‘shiqni aytadigan yangidan-yangi zuryodlar dunyoga keladi, ular bu qo‘shiqni keyingi zuryodlariga yetkazadilar, shunday qilib odamlar o‘lib ketaveradi, lekin qo‘shiq o‘lmaydi…
Shamsi Saloh qalbini sog‘inch, og‘riq va qo‘msashga o‘xshash hislar qoplab oldi. U o‘sha ozg‘in bolaning o‘zi va hamisha yalangoyoq yuradigan kampirning momosi ekanligini e’tirof etgisi kelmayotganday, xotirasi oldida bir zum taraddudlanib qoldi. Momosi aytgan qo‘shiq uning esida qolmagan — u bu qo‘shiqni qachon unutganini eslolmasdi, lekin momosining gaplari va qo‘shiq ohangi xotirasida mixlanib qolgandi; sariq pardali derazadan eshitilayotgan qo‘shiq balkim, o‘sha qo‘shiqdir?! U momosining qo‘shig‘ini unutganidan bir oz uyaldi, biroq birdan ko‘ngli xushnud bo‘lib ketdi, qiziq, kimdir momolar aytgan qo‘shiqni unutishi mumkin, uni umri davomida qayta eslamasligi ham mumkin, bunga zarurat ham sezmasligi mumkin, aksariyat unutishi mumkin, lekin kimdir unutmaydi.
U qo‘shni uyning qorong‘i burchagida o‘zini anchadan beri kuzatib turgan odamni to‘satdan ko‘rib qoldi — u odam ikki-uch marta deraza yoniga keldi, so‘ng jur’at qilmay, yana boyagi qorong‘u joyiga qaytib ketdi. U deraza yoniga borganda Shamsi Saloh xiragina shu’lada lip etib ketgan barvasta gavdani ilg‘adi. Avvaliga, kimdir o‘zini ayb ish ustida qo‘lga tushirmoqchiday poylab yurganidan achchig‘i keldi, biroq uning Otaqul ekanligini bilgach, ko‘nglida o‘jar bir surbetlik uyg‘ondi. U hozir deraza oldiga bor-gisi, Otaqulning ko‘z oldida Muazzamni gapga tutgisi, hozirgina aytgan qo‘shig‘ini yana qayta aytib berishni iltimos qilgisi, bu yuvvosh, mo‘min erning g‘ururi bilan o‘ynashgisi keldi. Lekin bu qaltis o‘yin edi; uni istihola to‘xtatib qoldi. U ortiqcha shubha uyg‘otmaslik uchun tarqay boshlagan mehmonlar oldiga qaytib kirdi. Ismoil Alining xurmachasi to‘lgan edi; mast bo‘lganda yana ham yaltoqona ko‘rinadigan ko‘zlarini unga «qayerlarda yuribsiz» degandek tikdi.
Mashina yana o‘nqir-cho‘nqir yo‘llardan shiyponga qaytdi. U keyinchalik o‘sha tun qo‘ynida sariq pardali deraza ostida turib qo‘shiq eshitgan lahzasini ko‘p qo‘msagandi; bu xotira keyinchalik ham uni Muazzam qolib ketgan o‘sha tundagi olis manzilga tez-tez boshlab kelar edi.
Mana, nihoyat, yana shiypon, har xil mushku anbar, balog‘at, ayol hidiga to‘lgan kartalar orasidan torgina yo‘lak, bosinqirash, g‘ingshish, tanqidchi saviyasi haqida mastona javrashlar — qani bularga yalangoyoq yuradigan momong to‘g‘risida biron nima deb ko‘r-chi, sening haqingda birdan boshqacha fikrlay boshlashadi — ularni sen qobiliyatlisan, cho‘rtkesarsan, asarlaringga aqllari yetmaydi, shu sababli iqtidorli bo‘lsa kerak deb, cho‘chishadi, sening ulug‘ yozuvchilarga taqlid qilib aytgan fikrlaring ularni shoshiltirib qo‘yadi, sen esa o‘zingni yana ham sirliroq, jum-boqliroq qilib ko‘rsatasan — birdan hammaning senga hurmati oshib ketadi; mana nima zarur ularga! Ularga shu payt momong haqida gapirishing naqadar, kul-guli!
Uning yuragini mubham bir g‘ashlik cho‘lg‘adi va Ismoil Alining adabiy olam haqidagi navbatdagi shirali qiroati ostida u aloha uyquga ketdi.

VII

Shamsi Saloh daladan ertaroq qaytib xonasida «yangi asar» ustida ishlardi. Nimanidir o‘ylab xona bo‘ylab yurar, bir nuqtaga tikilib, bir zum tek qotar, katta pushti daftarga gajakdor harflarda, bejirim qilib nelarnidir yozar, derazadan daraxt shoxlarida o‘ynoqlayotgan chumchuqlarni kuzatar, xayolga botgan ko‘yi yana xona bo‘ylab aylanar edi. U juda parishonligidan eshikning ehtiyotkorlik bilan taqillaganini ham avvaliga eshitmadi. Eshik ikki-uch marta Qayta chertilgach, u taqqa to‘xtab, eshikka qaradi, yuzidagi diqqat va xayolchanlik yo‘qolib, malol kelganday: «Ochiq, kiravering», dedi. Sekin ochilgan eshikdan biroz hadiksiragan, bo‘g‘riqqan va qizargan Muazzam ko‘rindi.
— Muazzam! — Shamsi Saloh shaxdam qadamlarda unga peshvoz chiqdi. U hamisha bu so‘zni aytganda nega-dir entikib ketar, yuragiga shirin epkin oqib kirardi. Shuning uchun u Muazzamning nomini ichida takrorlashni, ba’zan xayolan unga murojaat qilishni juda yaxshi ko‘rardi.
— Keling… qanday shamol uchirdi? — dedi u Muazzamning ko‘zlariga tikilib.
— Men… men… birozga kirgandim, — dedi o‘zini yo‘qotib, kalovlanib qolgan Muazzam, — men kitobingizni olib kelgandim… mana…
Shamsi Saloh shundagina uning qo‘lidagi kitobga e’tibor berdi. U kitobni uch kuncha oldin bergandi va Muazzamning kitobni o‘qib bo‘lganiga sira ishonmasdi. Lekin baribir ko‘nglining bir chetida xushnudlik uyg‘ondi. «Baribir keldi va shunday bo‘lishini bilardim», deb o‘yladi. So‘ng ich-ichida boshqa, xavotirga o‘xshash his paydo bo‘ldi. Muazzamning yuziga sinchkovlik bilan tikildi.
Muazzam xuddi bir uyat ishning ustidan chiqib qolganday, o‘zini qanday tutishni bilmas, unga tik qarayolmas, chiroyli ko‘zlariga g‘am cho‘kkan, tez-tez yurib kelgan bo‘lsa kerak, bilinar-bilinmas hansirab, botinmasdan turardi.
— Menda gapingiz bormi? — dedi u Muazzamning yoniga o‘tib.
— Yo‘q… hech qanday gapim… kitobni berishga keluvdim…
— Ayting… nima gap? Birov sizni xafa qildimi? — u shunday deb Muazzamning qo‘lini ushladi. Muazzam qo‘lini shartta tortib oldi-yu, unga yalt etib qaradi va cho‘chinqirab orqaga chekindi…
Shu payt eshik siltanib ochilib, o‘ttiz yoshlar atrofidagi qosh-ko‘zi timqora, xushbichim juvon ko‘rindi; u Muazzamni ko‘rib, ajablandi, hayron bo‘lib Shamsi Salohga qaradi; labining bir chetida istehzoga o‘xshash ifoda o‘ynoqlab o‘tdi, qoshini chimirdi. Ikkilandi. Baribir ichkariga kirdi. Bu xizmat ko‘rsatgan xonandalardan bo‘lib, vazirlikda kelajagi bundan ham porloqligi to‘g‘risida mishmishlar yurardi. Hech yarashmagan holda bu juvonni Shamsi Saloh bilan «qandaydir sirli», «boshqalarnikiga o‘xshamaydigan» munosabatlari bor deb pichir-pichir qilishardi. Juvonni ko‘rib Shamsi Saloh qizarib ketdi; talmovsiradi, negadir oyog‘i kuygan tovukdek tipirchilab qoldi. Juvonni o‘tirishga taklif qildi; juvon u ko‘rsatgan joyga o‘tirarkan Muazzamni boshdan-oyoq kuzatib chikdi-da, uning kamzulining yoqasidagi kashtali chirozga qarab qoshini chimirdi va Shamsi Salohga «diding zo‘r-ku» deganday, sirli jilmayib tikildi. Shamsi Saloh og‘ziga kalima kelmaganday gezarib qolgandi. U bir juvonga, bir Muazzamga qarab, go‘yo qaysi biri afzalligini solishtirib ko‘rayotganday bezrayib turar, gapiradigan gapi esidan chiqib qolgan, bo‘g‘riqib ketgan edi. Muazzam ham o‘zini noqulay his etdi, chamasi. U qo‘lidagi kitobni stolga qo‘ydi-yu, xonadan tez-tez chiqib keta boshladi.
— O‘tirmaysizmi? — Shamsi Salohning tovushi shunday yasama chikdiki, buni o‘zi ham sezib, battar qizarib ketdi.
— Yo‘q… men boray… — Muazzam unga qaramay javob berdi va eshikni shoshib ochdi. Eshik yopilgach, juvon unga sinovchan tikilib, lablari orasida yoyilib kuldi. Uning ko‘zlari ham sho‘xchan porlab turar, o‘zini juda erkin va bamaylixotir tutar edi.
— Bu kim? — deb so‘radi u. — Anovi brigadirning xotini emasmi?
— Ha, ha, o‘sha… kitob olgandi… olib kelibdi…
Shamsi Saloh unga bir ko‘z tashladiyu, battar qizarib ketdi. Juvon nimadir deb ming‘irladi va qiqir-lab kuldi. U Shamsi Salohga xuddi hozirgina o‘qib chiqqan xatday kibr bilan boqib turardi. Shamsi Saloh uning ko‘zlariga qaramas, nimanidir o‘ylab, derazaga tikilib qolgan edi.
O‘rtaga noqulay jimlik cho‘kdi.
— Bo‘lmasa men ham boray, — dedi juvon o‘rnidan turarkan, — aftidan, juda bandga o‘xshaysiz.
U labining uchini cho‘chchaytirib, Shamsi Salohga sirli tikilib chiqib ketdi, chiqib ketayotganda bu juvonning ko‘zlari sen o‘zingni o‘tu cho‘qqa uraver, baribir ajoyib kunlarning birida sen shoir yashaydigan ul kulbai vayronaga men mana shu qoshim ostidagi bir juft shamimni yoqib qo‘yajakman degan ishonch bilan biram mayin chaqnadiki, afsus, buni Shamsi Salohning o‘zi sezmay qoldi.
Shamsi Saloh yana daraxtzorga yo‘l oldi, biroq qorong‘u tushguncha o‘tirsa ham Muazzamni chayla atrofida ko‘rmadi: chayla suv quyganday jimjit edi, Otaqul ham ko‘rinmas, faqat nariroqda sigir erinchoqlik bilan buzog‘ining peshonasini yalardi. Shamsi Salohga chaylada kimdir borday va piqillab yig‘lab yotganday tuyuldi; biroq chayla oldiga borishga jur’at etolmadi.
Shiyponga kelib, xonaga kirishi bilan Ismoil Ali unga to‘rt buklog‘lik qog‘oz uzatdi va tirjayib qo‘ydi.
— Bu nima?!
— Maktub. Sevgilingizdan.
Shamsi Saloh unga yeb qo‘yguday tikilib, qog‘ozni shoshib ochdi… Xat Otaquldan edi.
Xat ancha bosiqlik va Shamsi Saloh kutmagan qat’iyat bilan yozilgandi.
«Hurmatli… ga. Men sizning haqingizda juda ko‘p o‘yladim. Bilishimcha, siz Muazzamni mutlaqo tushunmabsiz. Men qaytarib aytaman, siz uni bilmaysiz. U hech qachon baxtsiz emas va hech qachon siz kabi turmush haqida, hayot haqida esnab gapirmaydi. U qo‘shiq aytishni yaxshi ko‘radi. Buni men ham bilaman, lekin u o‘zi yoqtirmagan ishni qilishga o‘rganmagan. Men uning o‘zi bilan gaplashdim, u bu yerlarni tashlab ketishga hecham rozi emas. Biz, har qalay, bir-birimizni yoqtirib turmush qurganmiz; men qishloqni tashlab ketolmaganim kabi u ham meni tashlab ketolmaydi. Men uni tushunadigan yagona erkak ekanligimdan hamisha faxrlanaman va u ham meni tushunadi, deb o‘ylayman. Mabodo, gaplarimga shubha qilsangiz uning o‘zi bilan gaplashing. Men unchalik gapga usta emasman va umrimda juda kam kitob o‘qiganman, lekin xatimning oxirida sizga shuni aytmoqchimanki, siz hali bu xalqni bilmas ekansiz. U homiylikka muhtoj emas… U sizning muruvvatingizsiz ham buyukdir…»

VIII

Kuz tongi salqin va xush havo bo‘ladi; endi quyoshning tafti tongti qirovlarnigina eritishga zo‘rg‘a yetadi; subhi sodiqdanoq bu yerlarni tashlab ketayotgan qushlarning sayrog‘i, qiyqiriqlari quloqqa chalinadi; uzoq-uzoqlardagi tog‘larga langar tashlagan ayoz qo‘shinlari hali quyosh kezib yurgan cho‘llarga va paxta-zorlarga tajovuzkor nazar tashlaydi, sahar paytlari esa kuchi va istehkomini bilib olmoqchi kabi bu yerlarga tumanlar josusona sirg‘alib kiradi, quyosh chi-qishi bilan yana tog‘lar orasiga yashirinadi. Kuz tongida yuragingda paxtazor kabi sirli va xatarli nimadir uyg‘onadi, lekin u to‘yg‘uning otini sen hech qachon topolmaysan, zotan, bu tuyg‘uning oti ham bo‘lmaydi.
Mana bir haftaki, hasharchilar dalalarga issiqroq kiyinib chiqishadi, shu sababli nozik qomatli qizlarning egnidagi qishliklar ularni juda qo‘pol qilib ko‘rsatadi. Shu narsani o‘zlari ham sezganday iloji boricha bejirim kiyinishga harakat qilishadi, tushga yaqinlashib, paxtazor ichra yana go‘zal qomatlar o‘zlarini so‘niq quyosh chuvog‘iga ko‘z-ko‘z qila boshlaydi; quyosh ham bu qomatlarning qay bir yeridandir o‘z aksini axtarayotgandek, ularga suqli ko‘zlarini tikkancha osmon ko‘shkida to‘xtab-to‘xtab kezib yuradi.
Muazzam qo‘shni kartada edi; u ro‘molini boshiga tang‘ib olgan, atrofidagilar bilan ishi yo‘kday tez-tez egilar, chang va xas-xusga botgan paxtani qoqib-qoqib etagiga solardi.
— Muazzam!
U paxtasini ko‘targan joyda qaydandir qarshisida paydo bo‘lib qolgan Shamsi Salohga hayron bo‘lib qarab, etagini yana yerga qo‘ydi va uni xuddi endi ko‘rib turganday cho‘chib, hadiksirab tikilib qoldi. Terimchilar narigi paykalga o‘tayotgach, sal narida ikki kotiba qiz ularga orqa o‘girib pardoz qilishardi.
— Muazzam, men sizning oldingizga keldim: boshimni egib keldim, — dedi Shamsi Saloh ichki bir iztirob bilan. U go‘yo bu gaplarni ayta-ayta charchaganday edi, uning gaplarida ilgarigi jo‘shqinlik va ish-tiyoq yo‘q edi. — Kecha eringizdan xat oldim; indamay ketaverishim mumkin edi. Lekin shunday qilsam o‘zimni bir umr kechira olmasdim. Muazzam — u baribir erligiga boribdi. Siz uchun ko‘proq meni ayblaydi, mana o‘qib ko‘ring.
Muazzam xatga qayrilib ham qaramadi. Ikkalasini kuzatayotgan ikkita hamqishloq ayoldan uyalib, paxtasining ustiga o‘tirib oldi.
— Bilaman, — dedi bo‘g‘iq tovushda, — xatni o‘qib ko‘rganman.
— Muazzam?! — Shamsi Saloh o‘zini xuddi ajablangandek ko‘rsatib tovushini azobli va iltijoli ohangga soldi. — Nahotki, shuncha gapdan so‘ng ham menga shuni ravo ko‘rgan bo‘lsangiz? Axir o‘zingiz aytgan edingiz-ku?!.
— Ha, aytgan edim… — birdan qo‘llari bilan yuzlarini bekitib oldi Muazzam, — lekin meni erimdan, oilamdan ajrating, erimni haqoratlang deb aytganim yo‘q. Sizning gaplaringizni ko‘p o‘yladim; o‘sha payti hammasi to‘g‘riga o‘xshagan edi… Sharq qizi… zanjir… Shon-shavkat… endi o‘ylasam hammasi tushga, yetishib bo‘lmaydigan narsalarga o‘xshaydi; o‘zingiz o‘ylang, axir hayot, odam haqida ham hech zamonda shunday o‘ylab bo‘ladimi? Yo tavba qanday qilib sizga darrov meni bu yerdan olib keting deya qoldim?! Uyat, hozir o‘ylab uyalib ketayapman…
Muazzam undan ham atrofdagi g‘o‘zalarning shitirlaridan ham uyalayotganday yerdan ko‘z uzmas, durrachasi chetida chiqib turgan bir tutam sochi peshonasiga tushganini ham sezmasdi. O, qanchalar suluv edi bu ayol! — go‘yo bu yerlarga o‘zining tashrifi malham ekanligini sezganday qaroqchilar talab ketgan manzil kabi mung‘ayib turgan paxtazorda qishloq ayolining qismatini yopinib, milklariga yosh qalqqancha quyoshning o‘zi o‘tirardi. Shamsi Saloh uning a’zoi-badani sekin qaltirab ketganini ko‘rib qoldi. Keyinchalik shu soniyani eslab, ko‘ziga mushtipar, bechora bo‘lib ko‘ringan ushoqqina ayolning nomusi bunchalik kuchliligidan hayron bo‘lgan edi.
— …Men sizni yaxshi odamsiz deb, o‘ylagandim, — Muazzamning lablari pir-pir ucha boshladi. Uning yonoqlarida qon tepardi — hozir uning yonog‘ini ko‘rgan har qanday qip-qizil anor ham rashkdan tars yorilib ketgan bo‘lardi. — To‘g‘ri, bir paytlar katta joylarda qo‘shiq aytishni orzu qilardim degandim, lekin sizga erimning ustidan kuling deb aytmagandim… Men ayolman, erim qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda bo‘lishim kerak…
Muazzam nimanidir o‘ylab jim qoldi, uning kipriklarida tushki quyoshning taftsiz nurlari o‘ynoqlardi. Yo‘q, yo‘q, osmonda uning kipriklaridan taralayotgan yog‘dular o‘ynoqlardi. Shamsi Saloh Muazzam bugun juda ham boshqacha ekanligini uni ko‘rgan zahotiyoq sezgan edi, biroq erini xuddi oriyatini himoya qilayotganday bunchalik ko‘r-ko‘rona himoya qilishini hech kutmagan, bu — Muazzam nomli kitobning yangi varaqlari edi.
— Siz qiynalyapman dedingiz… qo‘shiq aytish yagona orzum dedingiz… Men esa sizni o‘qitish uchun hamma narsani gaplashib qo‘ydim. Siz faqat borsangiz bo‘ldi — qo‘lingizni sovuq suvga urmaysiz, faqat ovozingizni parvarish qilish bilan mashg‘ul bo‘lasiz; o‘qiysiz, o‘rganasiz, eng muhimi — yaxshi, bilimdon, dardi katta odamlar ichida bo‘lasiz… Istiqbolingiz o‘z qo‘lingizda bo‘ladi… Bu yerda ovozingizdan ajralib qolishingiz mumkin. Men ko‘p mulohaza qildim, — sizni qutqarishning yagona yo‘li shu ekan — siz ketishingiz kerak, yaxshi, san’atni tushunadigan odamlar bilan birga bo‘lishingiz kerak. Agar eringiz bu yerdan ketishni istamasa, sizning hech qanday aybingiz yo‘q, siz o‘z baxtingizni izlab ketgan bo‘lasiz…
— Men hech qayoqqa ketmayman, — dedi Muazzam uning gaplaridan g‘ashi kelgandek, kesib-kesib, — men qiyin deb o‘zimni emas, barcha qishloq ayollarini nazarda tutgandim, lekin hech qachon men sizga baxtsiz-man deb aytmaganman. Ha, mening qo‘shiqchi bo‘lish yagona orzum edi, biroq nachora, men erimning izmidagi ayolman; unga bo‘ysunishim kerak.
— Muazzam, ko‘zingizni oching, hamma narsani akd bilan o‘lchang, — Shamsi Saloh azoblanib xitob qildi, — siz o‘zingizga berilgan iste’dodingizni qurbon qilishga haqqingiz yo‘q! Bu narsalardan ustun turishingiz, hamma narsani aql bilan hal qilishingiz kerak. Nahotki siz ham bu ayanchli turmushga o‘zingizni o‘z xohishingiz bilan bog‘lab bersangiz: ko‘zingizni oching, Muazzam, atrofingizga boqing, hayot — zindon emas, uning go‘zalliklaridan bahramand bo‘ling. Sizni baxt, shon-sharaf, hayotning buyuk ne’matlari kutayapdi; o‘z istiqboli uchun kurashgan ayol gunohkor sanalmaydi. Bizning xalqimizning, anavi qishlokdoshlaringizning fojiasi shuki, ular baxt bilan baxtsizlikni farqlay olmaydi; ularning ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar; ular ojiz, mute, zaif odamlar. Uy, ro‘zg‘or, bola-chaqa tashvishi odamni yuksak narsalarni o‘ylashdan chalg‘itadi, hatto har qanday tug‘ma iste’dodni ham halok qilishi mumkin. Bu ikir-chikirlardan yuksakda turish, kerak bo‘lganda rad etish, har qanday xonaki muhabbatdan (u aynan «xonaki muhabbat» dedi, hatto o‘zi topgan bu sifatlashdan ichida g‘ururlanib ham qo‘ydi) voz kechish kerak — san’atning beshafqat, lekin yagona sharti shu! Bu yerda esa — mana bu dala, mana bu paxta, mana bu chang-g‘ubor, anavi chayla, chivinlar, sassiq suv, isqirt qozon, har yili oldi-keti o‘ylanmay — tug‘ilaveradigan kasalvand va chuvrindi bolalar, johil odamlar, tappilar, tezaklar orasida xor bo‘lasiz. Bu yerda, na ilmu fanni, na san’atni, na qo‘shiqni tushunishadi; hammalari ota-bobolaridan qolgan kataklarda itday turmush kechirishadi. Bu yerda xoru zor bo‘lasiz. Yaxshi va o‘qimishli odamlar ichida esa siz ikki-uch yilda yulduz bo‘lib ketishingiz mumkin. Nahotki buni farqlay olmasangiz. Eringiz xuddi mana shu narsani tan olgisi kelmayapti… u …
— Erimga til tekkizmang, — uning gapini siltab bo‘ldi Muazzam va tizzalari orasiga yuzini yashirgancha, piqillab yig‘lab yubordi. — Unda hech qanday gunoh yo‘q: Siz uni shunchalik nochorga chiqarib qo‘yibsizki, u xuddi meni baxti qaro qilib qo‘ygandek bo‘lib yuribdi, menga nuqul, mayli, bor, o‘qi, orzungga yet, agar rostdan ham niyating shu bo‘lsa, boraver, men roziman, deb yalindi. Men o‘zim ko‘nmadim. Mendan rostdan ham yaxshi qo‘shiqchi chiqishi mumkindir? Lekin…
— Biz hamma sharoitni yaratib beramiz, — dedi shoshib Shamsi Saloh, tovushi yalinganga o‘xshab chiqqanidan o‘zidan jahli chiqib, xirillab qoldi. — Eringiz ham borsin… hech kim sizlarni ajratib qo‘ymoqchi emas… Aftidan, uning o‘zi borgisi kelmayapdi…
— Borolmaydi… Bu yerdan ketolmaydi, — Muazzam alam va xo‘rlik aralash pichirladi. — Uni mana shu odamlar o‘qitgan, u ularni tashlab ketolmaydi, shaharda bir kun ham turolmaydi… Shamsitdin aka, — dedi Muazzam birdan unga yoshli ko‘zlarini tikarkan, — sizga rahmat, bilaman, hammasini meni deb qilayapsiz: men sizning boyagi gaplaringizga munosib emasman. Siz tushuning, men ham orzuimga yetishga haqliman… lekin men ayolman — qo‘shiq aytishga ovozim qanchalik bop bo‘lmasin, avvalo erimning oldidagi burchimni bajarishim kerak. Meni kechiring, sizni ancha urintirdim… Bizning ham yelkamizga bir kun oftob tegar, biz o‘qimasak, bolalarimiz o‘qir, har qalay, hamisha shunday qoloq bo‘lib qolmasmiz… Meni ham, erimni ham o‘z holimizga qo‘ying, sizdan o‘tinib so‘rayman. Bizga shunday, hamma qatori yashash juda yoqadi… Agar qo‘lingizdan kelsa, shunchalik yaxshi odam bo‘lsangiz, ana qishlog‘imizda qanchadan-qancha baxti qaro ayollar bor, o‘shalarga yordam bering. Men emas, ular g‘irt bechoralar. Men emas, ko‘proq ular baxtsiz. O‘zlari kim, nima uchun yashayapdi, dunyoda nima gaplar bo‘layapdi — o‘ylab ko‘rishga bir zum ham vaqtlari yo‘q. Ertadan-kechgacha o‘lib-tirilishadi, yana ertaga bolani qanday boqaman, deb bir umr qo‘rqib yashashadi, o‘ylayverib, erta qarib qolishadi: oilasini tebratishga kuchi yetmagach, eri sho‘rlik aroqqa ruju qo‘yadi yoki butun alamini xotinidan oladi — shu ham yashashmi? Shu ham turmushmi? Axir o‘zingiz ayting, shu holatda u siz aytgan san’at yoki qo‘shiq hakda qanday o‘ylasin?! Bechoraning o‘sma qo‘yishga ham vaqti yo‘q-ku?! Siz menga emas, shularga yordam bering… Ularga qarab turib, mening yig‘lagim keladi, juda-juda yig‘lagim keladi…
— Ular to‘g‘risida o‘ylaydigan odamlar bor; men amaldor yoki hayot tarzini o‘zgartirishga qodir daho emasman. Men o‘zim qila olishim mumkin bo‘lgan narsani sizga taklif qilgan edim… — Shamsi Saloh o‘zining jahli chiqayotganini his qildi. Biroq achchig‘i o‘zidan chiqayapdimi, yoki ayolning gaplaridanmi, bilolmadi.
— Ko‘rdingizmi, hatto siz ham shu yerda odam ajratyapsiz, — agar mening baxtimga sizga yoqib qolgan ovozim bo‘lmaganda, demak, menga ham ularning kunini ravo ko‘rar ekansiz-da?! Bu aldamchilik-ku?! Erim — sizga bir narsani farqiga bormaydigan, farosatsiz bo‘lib ko‘ringan erim hech qachon, men mayib bo‘lib qolsam ham tashlab ketmaydi. Ayol kishi uchun shuning o‘zi baxt emasmi?! Nahotki buni tushunmasangiz?!
U yuzini Shamsi Salohga teskari o‘girdi-yu, titrab-titrab yig‘lay boshladi. Shamsi Saloh bu tortinchoq, sodda deb bilgan juvonning shuncha narsani bilishiga, bilib toqat qilib yurishiga ajablandi. U Muazzamdan shunday gaplar chiqadi deb kutmagandi. Bu fikrlar o‘zining rostligini isbotlab, uning vujudiga tobora singishib borardi. U ich-ichida Muazzamning gaplarini tan olayotganini, o‘zini oqlash uchun jinday harakati ham bu savollar qarshisida arzimas narsa bo‘lib chiqishini his qildi; uning ko‘nglida qishloq va bu odamlar haqdagi hukmlari birdan boshqa qiyofaga kira boshladi. U o‘zini tushunmagan, tushunolmagan kelinchakni ovutishni ham, ovutmaslikni ham bilmay ikkilanib turar, ovutay desa, o‘zining gaplari bilan bu hasratli qalbga yana ozor berishdan qo‘rqar, jim turay desa ayolning noo‘rin ta’nalarini ochiq tan olgan bo‘lardi. U qarshisida turgan ilohani oddiy bir qishloqi ayolga aylantirayotgan mo‘jizaning siri nima ekanini bilmay bir zum tek qotdi. Shamsi Salohning bu juvon haqidagi barcha go‘zal xayollari, orzulari uni tashlab daf’atan qayoqqadir uchib keta boshladi; saldan keyin bu juvon ham anavi paxta terib yurgan, o‘zlarining baxtsizliklarini shallaqilik bilan yashiradigan fahmsiz va farosatsiz, og‘zi sassiq ayollardan biriga aylandi, qoldi. Hatto bu narsani nega ilgariroq anglamaganiga hayron bo‘ldi. Uning qalbini uyat, nomus tuyg‘ulari chulg‘ab oldi. Qo‘shiq aytayotgan juvon qiyofasidagi o‘zi izlagan qo‘shiq ilohasi shu bir necha soniyada ayolni butkul tashlab ketgan edi; u iloha o‘rnida eriga ko‘r-ko‘rona mehr qo‘ygan, o‘zining notavon, baxtiqaro ekanligini eslashdan ham qo‘rqib, ho‘ng-ho‘ng yig‘lab yotgan ojiz va nochor ayol qolgan edi. Shamsi Salohning ko‘nglida yana birdan tushkunlik bayroqlari hilpiray boshladi.
— Kecha sizning oldingizga borishdan oddin o‘g‘limni ko‘rgani bordim, — yig‘lagan ko‘yi davom etdi Muazzam, — uni ko‘rib bizning oramizda bo‘lib o‘tgan gap-so‘zlar quruq gap ekanini angladim, yuragim sirqirab ketdi. Qaynonam usiz bir soat ham turolmaydi… ikkalasi xuddi egizakday, xuddi qaynonam ham yosh boladay… ularga qarab yig‘lagim keldi — sizning gaplaringizni eslab yig‘lagim keldi. Kecha sizga shuni aytmoqchi bo‘lib borgan edim… Mening iddizim shu yerda, shu odamlar orasida. Men boshqa joyda ko‘karmayman. O‘ylab-o‘ylab shu qarorga keldim, — bizni tinch qo‘ying, meni deb boshqalar oldida uyalgan odam — axir siz kecha uyaldingiz-ku?! To‘g‘rimi? Men bilan birga o‘tirganingizdan uyaldingiz! — meni deb uyalgan odam qanday qilib orzuimga yetishtirishi mumkin? — Endi keting, odamlar qarayapdi… gap qilishadi… Keting… boshqa uchrashmaylik… keting!
Shamsi Saloh quloqlariga ishonmayotgandek Muazzamga baqrayib tikildi, yo‘q, ajablanmasa ham bo‘lardi, uni haydashmoqda edi. — U ozod va saodatli qilmoqchi bo‘lgan ayol uni haydardi; tashvishlardan, azoblardan, tirikchilikning turli udumlari va ikir-chikirlardan, qiynoq va savollardan, musibat va alamlardan, hadik va shubhalardan iborat umrlarining narigi qirg‘oqlari tomon adashib, uloqib, yig‘lab-siqtab o‘zlariga yo‘l ochib borayotgan, shuncha azob-uqubatlarning, xo‘rliklar va haqoratlarning ichida ham dunyoning barcha ayollari kabi umid va orzu bilan yashayotgan ayol qalbi uni haydayotgan edi. Uni ayolning sirli qo‘rg‘oni ichkariga kiritmadi.
Bu ayolni eridan, tug‘ilganidan beri yashab kelayotgan, johilligi-yu, qoloqligi bilan birga qadrdon bo‘lib qolgan odamlardan, hatto bir kesagigacha oyog‘ining hidi o‘rnashib ketgan bu dalalardan nimaga ishonib ajratib olmoqchi bo‘ldi? Nimaga ishonib? O‘zining yaltiroq, ohangjamo so‘zlarigami? U ko‘zi oldida cho‘zilib yotgan bir necha kun oldin o‘z-o‘zidan yig‘layotgan ayolga o‘xshatgan bepoyon dala bilan bu yig‘layotgan ayol o‘rtasida qandaydir, o‘zi tushunmaydigan mutanosiblik borligini his etdi; o‘zining quruq, balandparvoz, puch gaplari bilan bu ikki xilqatni yana larzaga solmaslik uchun egat bo‘ylab, katta-katta qadamlar bilan Muazzamdan uzoqlasha boshladi.

IX

U sarg‘ayib qolgan barglari duv to‘kilayotgan daraxtlar orasidan yurib borardi. Quyosh allaqachon botgan, ufkda qizil shafaq yonardi. Oyoq ostida churkin novdalar qars-qurs sinar, bog‘da paxta va g‘ubor hidi anqirdi. Qushlar kechki nag‘malarini boshlagan, bugunga atalgan qo‘shiqlarini tezroq kuylab tugatishmoqchidek, tinmay chug‘urlashardi. Bir necha kun oldin behad baxtiyor bo‘lgan joylarda u hozir o‘zini kulgili tarzda baxtsiz deb his qilardi. Hali kuzning yarmi ham o‘tmagan bo‘lsa-da, bog‘ ichida va bog‘ga tutash may-sazorda qarg‘alar to‘da-to‘da bo‘lib izg‘ib yurishardi va har-har damda nimadandir cho‘chishgandek talvasali qag‘illab qo‘yishardi. Salohning yuragi birdan orqaga tortib ketdi, qarg‘alar faqat qabristondagina shunday vahimali qag‘illashadi. U qachonlardir kimningdir inoyati bilan ekilgan gujum daraxtining tagidan o‘tar ekan, bo‘yniga nimadir chars etib tushdi va ko‘yla-gi ichiga sizib keta boshladi. Shamsi Saloh tepaga qarab, shoxda tumshug‘ini ko‘tarib, o‘ziga tikilib turgan qarg‘ani ko‘rdi. Qarg‘a «xo‘sh, qalaysan, og‘ayni?» deyotganday, ikki-uch marta qag‘-qag‘ etdi-yu, nariga uchib ketdi. Shamsi Saloh ro‘molchasini olib, bo‘ynini artdi, so‘ng g‘ijinib, ro‘molchani ham bir chetga uloqtirdi.
Maysazorga chiqaverishda qarg‘alar undan hurkib, chag‘illab osmonga ko‘tarilishdi va sal naridagi ochiq maydonga borib qo‘nishdi. Uzoqda zovur bo‘ylab uch-to‘rtta bola qishloq tomonga sigir haydab borardi, maysazordan zax va ko‘kat hidi kelardi. Ichidan xo‘rsiniqqa o‘xshagan nimadir toshib kelar, lekin buning xo‘rsiniq ekanini ochiq e’tirof etgisi kelmasdi. Ko‘ngli birdan muzlab qolganday, vujudi qaltirab ketdi; Muazzam haqidagi xayollari va orzulari qaygadir omonat qushlardek uchib ketgan, o‘rnini yana qandaydir tushuniksiz bo‘shliq egallagandi. U aylanib-ay-lanib to‘satdan Otaqulning chaylasi yonidan chiqib qoldi. Uni tan olinmagan mag‘lublik bu yerlarga boshlab kelgandi. U chayla oldida kuymalanayotgan Muazzamni ko‘rdi-yu, birdan to‘xtadi; oyoqlari noxush narsani sezganday bo‘shashib qoldi, o‘zini daraxt panasiga olib, beixtiyor uni kuzata boshladi. Muazzam egilib qozon tagini uzoq pufladi, ko‘zlari achishdi shekilli, o‘rnidan turib, uqalay boshladi, so‘ng atrofdan xas-xus va uch-to‘rtta tezak yig‘ib kelib qozon tagiga tikdi. Shamsi Salohga bu naqadar ayanchli bo‘lib ko‘rindi. Muazzam tizzalab yana pufladi: bu marta qozonning tagi lov etib alanga oldi. Piyoz va boshqa masalliqlarni so-lib bo‘lgach, Muazzam chayla atrofiga paqir bilan suv sepa boshladi, yog‘och supaga to‘shak soldi, keyin chaylaga kirib paqir ko‘tarib chikdi va qovun palagida arqon-lab qo‘yilgan sigir tomon ketdi. Muazzam sigir sog‘ayotgan joydan Shamsi Salohgacha munis va dilgir bir ohang oqib keldi-yu, uni birdan larzaga soldi. U yana qo‘shiqni birinchi marta eshitgan holatiga qaytdi, ohang uning xayollarini tortqilab-tortqilab bolalik ko‘chalari tomon olib ketdi. Muazzam qo‘shiq aytib, sigirni iydirar, mahzun va allanechuk orzumand bir qo‘shiq kuylayotganidan ham va uning qo‘shig‘i daraxtzorga yashirinib o‘zini kuzatayotgan, san’atni yuksak darajada tushunadigan va o‘zini shu qo‘shig‘i uchun chinakam saodat va shon-shavkat o‘lkasiga yetaklab bormoqchi bo‘lgan bir odamni yondirib, kul qilayotganidan ham bexabar edi. U shunchaki, ota-bobolari sigir sog‘ayotganda aytadigan va unga ham shunday deb o‘rgatishgan qo‘shiqni xuddi ota-bobolari o‘rgatgandek aytar va bu yerda hech qanday g‘ayritabiiy narsani ko‘rmas, zero, bu uning har kungi qo‘shig‘i edi. Shamol uning qo‘shig‘ini goh yuziga tarsaki tushirganday Shamsi Salohning quloqlariga olib kelib urar, goh bu azaliy va muqaddas ohanglarni unga bergisi kelmayotgandek, shudgorlab tashlangan jo‘xorizor uzra uzoq-uzoqlarga olib qochib ketardi. Cho‘kayotgan tun, qizargan shafaq, churalay aytib, sigir sog‘ayotgan suluv ayol, dala uzra yugurib yurgan kuzgi shabada… bular hammasi naqadar uyg‘un, naqadar go‘zal va betakror ediki, Shamsi Saloh o‘zini bu narsalarga yot, begona ekanini his qildi. Uning ko‘nglida ishtiyoq, muhiblik, hayrat darchalari ochilib ketgan, biroq bu manzaralar unga omonat edi; bu kuy, bu qo‘shiq, bu manzara uniki emas edi.
Shamsi Salohning oyoqlari tagida chigirtkalar chirillay boshladi. Dala uzra tunning xira pardasi tortildi: Muazzam qozon boshiga kelib, ovqat tuzini ko‘rgach, yelkasida bir bog‘ o‘t ko‘tarib kelayotgan Otaqulni ko‘rib, choyidishga suv soldi-da, ichkaridan sochiq olib chiqdi. Otaqul o‘tni chayla orqasiga tashlab, ust-boshini qoqdi, so‘ng do‘ppisini supaga qo‘yib, yarim yalang‘och yechindi va Muazzam quyib turgan suvga pishqirib yuvina boshladi. Muazzam har doim tegajoqlik qilib, suvni uning orqasiga quyib yuborar, o‘zi nari qochib qolardi. Otaqul qo‘llari bilan po‘pisa qilar va uni ushlab olmoqchidek qulochlarini keng ochar, Muazzam esa suv sepib o‘zini himoya qilardi. Bu manzaralar Shamsi Salohga qanchalik og‘ir, uning tasavvuriga qanchalik zid bo‘lmasin, allanechuk tabiiy, sodda va go‘zal edi, u bu manzarani oxirigacha kuzatishga o‘zida kuch topolmadi; ichidagi xo‘rsiniq porillab toshib kela boshladi: bo‘g‘zi achishdi, ko‘ksini nimadir tilimlab o‘tdi. «Siz bu xalqni bilmaysiz. U sizning homiyligingizga muhtoj emas. U sizning muruvvatingizsiz ham buyukdir», deb takrorladi ichida. Shunda birdan Otaqulning dag‘al, qo‘pol, yirik qo‘llari ko‘z oldiga keldi-yu, oppoq, kichkina, mayin qo‘llarini uyalib cho‘ntagiga yashirdi. «Siz bu xalqni bilmaysiz», takrorladi ichida yana. U iziga burilarkan, Muazzamning quvnoq va jarangdor kulgusini eshitib, seskanib tushdi; bu kulguga dosh berolmay butun vujudi jaranglab sinib parcha-parcha bo‘lib ketganga o‘xshadi; bu kulgu g‘olib va baxtiyor edi; o‘zining tabiiyligi va samimiyligi bilan Shamsi Salohni batamom tor-mor qilib tashlagandi. U bu kulguni boshqa eshitmaslik uchun tun sharpaday o‘rmalab kirgan da-raxtzor ichidagi yolg‘izoyoq yo‘lak bo‘ylab yurib ketdi.
«Muazzam, men sening sodda qalbingning tepishlarini, sening xayol va orzularingni irkit bo‘yoqlarim-da aks ettira oldimmi, bilmayman, men chizgan suratga qarab, seni biron kishi sevib qolarmikin va seni men his etganchalik tushunarmikan, buni ham bilmay-man, men faqat senga shuni ayta olamanki, kech kuz kunlarining birida, mezonlar sening tuyg‘ularing kabi to‘zg‘ib uchgan kunda seni qamish chayla oldida uchratgan edim va seni — mening to‘pori, sodda, erka g‘ururimni poytaxtlik mashhur shoirning shirinsuxan va ulug‘vor kalomlariga almashmadim, almasha olmadim, seni yig‘latdimu, seni uning oldida bir necha soniya gangitib qo‘ydimu lekin u jimjimaga seni almashmadim, mening nomusim ham, mening orim ham shunda, mening g‘ururim ham, mening faxrim ham shunda. Mana endi sen bilan abadiy xayrlashish vaqti keldi, seni qanchalik sevmayin, sening noming menga qanchalik saodat baxsh etmasin, men ham kech kuz oqshomining birida seni shu paxtazor qo‘yniga tashlab ketishga majburman, chunki men ham senga, sening qo‘shiqlaringga munosib emasman va bizning qalbimiz abadiy daydilikka va sarsonu sargardonlikka mustahikdir. Biz sening qalbingni tushunolmadik, sening inson va baxt haqidagi orzularingni anglay olmadik, biz sening ota-bobolaringdan meros qolgan tushunchalaringga o‘zimizning balandparvoz tushunchalarimizni tiqishtirdik, senga azob berdik. Biz oddiygina haqiqatni — bog‘ ko‘rkam va so‘lim bo‘lishi uchun undagi qandaydir daraxtni emas, butun bog‘ni o‘zgartish kerakligini juda kech tushundik. Senga ozordan boshqa hech narsa bermagan va berolmaydigan meni va ul mashhur shoirni boshqa eslama…»
N.E.