I
Posyolkada birinchi marta paydo bo‘lganda uning yuzida hali navqironlik davri shamlari o‘chmagan, badani va serajin bo‘yniga chirigan yog‘och isi o‘tirishib qolgan, dimog‘idan yoqimli tamaki hidi kelib turar, garchi o‘tkir va azobli ko‘zlaridagi yovvoyi mushukdek yot mung uni odamlardan chetga tortib tursa-da, ochiq istarasi va salti-suvoy suni-sumbati kishida tanishish va suhbatlashish istagini tug‘dirardi. Lekin u odamlar bilan ilakishib ketolmadi. Kim unga o‘zini yaqin tutsa, u shunchalik o‘z qobig‘iga o‘ralib olar, bu yerdagilarga qorong‘i bo‘lgan hayoti kabi burchakdagi quyosh nuri tushmaydigan pastakkina hujrasiga kirib, kuni bo‘yi chekib o‘tirardi: hujraga ham terchil badan hamda tamaki hidi o‘rnashib qolgan, g‘alati osoyishtalik va jimlik bilan kun uzog‘i shiftda suzib yuradigan hidlar uning yolg‘iz va so‘qqabosh hayotini to‘ldirib, bu besarishta va ipirisqi xonaga tiriklik bag‘ishlab turganday edi: zotan, uning ko‘nikmaga aylangan sokin va yolg‘iz hayotini bu yillarda hech kim buza olmadi. Bu eshigi qaysi tomondaligi noma’lum bo‘lgan to‘zigan qo‘rg‘onga hech kim kirolmadi.
Bahorning chuvoqli kunlari kotib uni baliq oviga olib borar, odamlar begim kunlari tong paytlari tamaddi to‘la ro‘zg‘or xaltasini zo‘rg‘a ko‘targancha ko‘lga qarab ketayotgan qorovulni va uzun egma qarmoqlarni yelkasiga tashlab, xas shlyapani oliftalarcha chakkasiga qo‘ndirgan kotibni ko‘rib qolishardi: naynov, daqqi bo‘lib ko‘ringan qorovul butun inon-ixtiyorini uning qo‘liga berib qo‘yganday kotibning izidan borar, unga aqalli qayoqqa ketishayotganining ham qizig‘i yo‘qday boshini egib, qo‘nji qaytarilgan qizil etikning poshnalariga qarab yo‘lni topar va sekin lo‘killardi. Ular, odatda, ko‘lning yalanglikka tutash joyini tanlashardi; bu yerda quyoshning ayovsiz jazirasidan asraydigan ikkita tasodifan o‘sgan yovvoyi jiyda daraxti bor edi. Kotib hamisha qarmoq oldida bo‘lardi. U esa o‘choq boshida kuymalanar, yaqin oradan xas-xashak, tezak terib, tutab yotgan o‘choqni hadeb puflar, achishgan ko‘zlarini kotibga mahramona ehtirom bilan tikib qo‘yardi. Tamaddi paytlari ular deyarli gaplashishmasdi, yeb-ichib bo‘lishgach, ov zeriktirganidan jiyda ostida yolg‘iz o‘zi ichkilikni davom ettirayotgan kotib nariroqda po‘kakka yurak hovuchlab tikilib turgan qorovulga qarab qahqaha otib yuborardi; u esa o‘zini yanayam noshud his etar va beo‘xshov jilmayar, lekin nega jilmayganini o‘zi bilmasdi.
– Seni yaxshi bir ayolga uylantirib qo‘yaman, mana, ko‘rasan, hali onasi o‘pmaganiga, – derdi kotib uning yelkasiga xuddi qari otni qamchilaganday qars-qars urib.
U indamas, yosh boladay xo‘mrayib olardi. Biroq pir-pir uchayotgan kipriklari va yoyilib borayotgan lablari unga bu taklif yoqib tushganini fosh qilib turardi. Kechqurun ovi yurishmay jahli chiqqanidan to‘yib ichib olgan, xurmachasi to‘lib qolgan kotibni suyab, sudrab mehmonxonaga olib kelar, kotib esa uni quchoqlab o‘par va qo‘shiq xirgoyi qilardi: shunday paytda nuqul ayollar esiga tushardi; divanda yarim yonboshlab ayollar bilan bo‘lgan ishqiy mojarolarini g‘o‘ldirab aytib berar, ora-sira o‘zi bilan birga o‘qigan olis yurtlik qizga uylanolmay dog‘da qolgani, shuning alamida ichishini, unday qizni butun dunyoni ham axtarib topib bo‘lmasligini qayta-qayta ta’kidlardi.
– Sen bilan bizning dardimiz bir, – derdi kotib uni cho‘lp-cho‘lp o‘parkan. – Shuning uchun seni yaxshi ko‘raman. Sen mening… jigarim-m-san, yo‘o‘q, akam-m-s-san, ke-l, yaxshilab o‘pay.
Bunday dilgir pallalarda qorovulning yig‘lagisi kelar, lekin yig‘lamasdi. Ba’zida xuddi yosh bolaga o‘xshab qoladigan bu odamga nisbatan ko‘nglida mehr paydo bo‘lardi. «Ikkalamiz ham baxtsizmiz, ikkalamiz ham sarsonmiz», – deb o‘ylardi qorovul ko‘zlarini chetga olib qocharkan, rostdan ham kotibni xuddi o‘z jigariday to‘yib-to‘yib quchgisi, xuddi go‘dakday og‘ushiga olib ovuntirgisi kelardi.
– Mana bu yerim alamga to‘lib ketgan, – derdi kotib ko‘kragiga mushtlab. – Qancha ayolni qo‘limdan o‘tkazdim, lekin undayini topolmadim. U olamda bitta.
– Olamda bitta, boshqa hech joyda yo‘q, – derdi u ham kotibning gapini tasdiqlab. – Qani, yechinib yoting.
So‘ng u kotibning kiyimlarini yechishga yordamlashar, muzxonadan qatiq olib ichirar, boshini bog‘lab qo‘yar, shunda ham tinchimay kechalari uch-to‘rt marta xabar olardi.
– Siz ishga ketavering, – derdi u ertalab kotibga qusuqqa botgan polni va gilamni artib olar ekan, – o‘zim yuvib qo‘yaman.
Kotib qilgan ishidan endi uyalayotgandek tund qiyofada chiqib ketar, yuvib qo‘yilgan ich kiyimlariga esa xuddi shunday bo‘lishi kerakday e’tibor ham bermas, indamay kiyib olardi.
Ba’zan kotib unga ataylab shahardan yaxshi navli tamaki yoki pivo ko‘tarib kelganda uning chehrasi yorishib ketardi.
– Bu nimasi, ovora bo‘libsiz-da, – derdi yuzaki xijolat bilan, biroq ichida o‘zicha g‘ururlanib qo‘yardi. U kotibning kalondimog‘ odam ekanligini bilsa ham, uning shu tantiligini juda hurmat qilar, gapini ikki qilmay bajarishga urinar, kallasi qizib qolgan kotib og‘zidan bodi kirib, shodi chiqib, uni «qo‘tir taqa» deb so‘ksa ham, sira xafa bo‘lmas, aksincha, qiyshayib qolgan og‘zidan vishillab chiqadigan bu so‘z uni kotibga yanada yaqinlashtirar, ertasiga u xuddi hech narsa eshitmaganday xonaga maymoqlanib kirib kelardi.
Posyolkada hali yangi uylar bo‘lmagani uchun kotib mehmonxonada yashab qoldi, keyinchalik uy bitgach ham u negadir oilasini olib kelmadi. Oyning boshlarida uch-to‘rt kun yo‘q bo‘lib ketar, so‘ng yana qahrli, tund va ho‘mraygan qiyofada paydo bo‘lar, posyolkada u ketishi bilan to‘xtab qolgan ishlar yana jonlanar, paxtazorda uloqib yuradigan sigirlar bog‘lanar, do‘konlar o‘z vaqtida ochilardi. Kotib odamshavanda kishi edi, qorovul tezda buning guvohi bo‘ldi. U sherigiga bir oz takabburona tikilar, lekin har qanday kishining ko‘ngliga yo‘l topadigan ulfatijon yigit edi. «Agar bu dunyoda muruvvatli va qalbi toza yigit bo‘lsa, u mana shu kotib», – deb o‘ylardi qorovul.
Kotib bir so‘zli odam edi – u qorovulga bergan va’dasining ustidan chiqdi; inspektor va tumandagilarning xarxashasiga qaramay, mehmonxona qorovulligida olib qoldi; uch yil badaliga unga biron marta yomon gapirmadi; kotibning bor alami ichida edi, shuning uchun deyarli har kuni ichar va qorovulga ham ichirar, so‘ng to ertalabgacha qotib uxlardi.
II
«Onasi hosilotning o‘ynashi bo‘lgan!». U quloqlariga ishonmadi; yanglish eshitmadimmikin deb o‘yladi. Lekin eshik orqasidan kotibning ovozi juda aniq-tiniq eshitilib turardi. U kotibning chiroyli, xumor ko‘zlarini, badqovoq yuzini ko‘z oldiga keltirdi; divanga yarim yalang‘och cho‘zilgancha o‘ziga ayttirib, izidan: «Okasi jonidan», – deya baqirishlari esiga tushdi. So‘ng xuddi tutib bo‘lmaydigan ko‘zyoshday kotibni bekatda ilk marta ko‘rgani, egnidagi oq mo‘ynadan tikilgan po‘stini esiga tushdi. U kotibni ayiqday befahm odam bo‘lsa kerak deb o‘ylagandi. Lekin bunday bo‘lib chiqmadi, kotib uning o‘tmishi bilan qiziqmadi. Keyinchalik inspektor kelib ogohlantirgach ham bunga e’tibor bermadi, uni yangi qurilgan mehmonxonaga qorovul qilib qo‘ydi. U ko‘p yillardan beri o‘z o‘tmishi bilan qiziqmagan odamni birinchi bor uchratishi edi va ular tezda inoq bo‘lib ketishdi.
Ichkaridan xo‘rsiniqqa o‘xshash yig‘i ovozi kelardi; qandaydir ayol kimdandir nohaq haqorat eshitayotganday o‘ksinib-o‘ksinib yig‘lardi – u esa asta-sekin loyqalanayotgan daryo yoki dag‘dag‘a va vahima bilan boshlanishdan oldin go‘yo bu qari va keksa dunyoni bir boplab laqillatmoqchidek birdan osoyishta bo‘lib qolgan bo‘ron yoki endigina hilpiray boshlagan bayroqdek ichida nimadir toshib, hapriqib kelayotganini his qilgancha torlari uzilgan g‘ijjak kabi sassiz, sadosiz qotib turardi. U barvasta, mushakdor, qirg‘iyburun, yuzi raqami o‘chib ketgan tangachadek ko‘rimsiz, ichkilikning va qachonlardir boshidan kechirgan musibatlarning asorati bo‘lib gazak olgan yaradek gezargan, uzun qo‘llari endi bu dunyoda ushlab oladigan narsasi qolmagandek yoki qandaydir nomsiz musiqani hech kimga eshittirmay chalayotganday bilinar-bilinmas qaltirab turardi. U chorak soatcha oldin kotibning yoshgina brigadir qiz bilan mehmonxonaga kirib ketganini ko‘rgan edi. Saldan so‘ng doim qulflog‘lik turadigan va ba’zi-ba’zida kelib qoladigan e’tiborli mehmonlarga mo‘ljallangan xonaning kalitini so‘rab kelganda kotib unga ma’nodor ko‘z qisib qo‘ydi. Uning yuzi hirs va dag‘allikdan qizarib ketgan edi.
– Yoki seni kiritib yuboraymi? – dedi kotib ichkariga ishora qilib. U yoyilib kuldi. Bizlarga yo‘l bo‘lsin siz turganda deganday yelka qisdi. So‘ng ularga xalaqit bermaslik uchun bog‘ eshigini zanjirlab, hujrasiga kirgan joyida birdan ichkaridan ayol yig‘isini eshitib, taqqa to‘xtab qoldi. U beixtiyor dahliz bo‘ylab o‘ng tarafdagi xonaning eshigi oldiga bordi, biron yordamim kerak emasmikin degan xayolda edi. Ichkarida yig‘i aralash kotibning sal qizishgan jazavali tovushi eshitilardi. U qizga nimanidir uqtirar, to‘g‘rirog‘i, nimadir deb ovutardi; qorovul eshikni itarmoqchi bo‘ldi, lekin birdan qo‘lini tortib oldi.
– Hamma shunday qiladi, – dedi kotib palag‘da ovozda. – Boshqacha yo‘li yo‘q. Shuni bilki, bo‘lmaydi ham. Buning uchun hech kim seni ayblamaydi, sen qo‘rqma, hammasiga o‘zim javob beraman.
Qiz, aftidan, yig‘i aralash kotibni jerkib tashladi. Ichkarida nimadir taraqlab quladi: u «kursi ag‘anadi» deb o‘yladi, so‘ng shundoq eshikning tagida kotibning hansirashini eshitib, dahliz orqali kichkina ayvonga chiqib turdi, biroq eshik ochilavermagach, yana uzalib dahlizga qaradi; polining bo‘yog‘i ko‘chib qolgan, qalin baxmal parda osilgan derazadan oyning xiragina shu’lasi tirqirab to‘kilardi. Oy ham onda-sonda mehmonlar tashrif buyurgandagina ochiladigan binoning did bilan bezatilgan xonasida nimalar bo‘layotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmoqchidek qalin parda orqali dahlizga xomush mo‘ralab turardi.
Kotib mehmonxonaga ko‘p ayollarni boshlab kelgandi, biroq birontasi yig‘laganini yoki ortiqcha shovqin ko‘targanini qorovul eslolmasdi.
Qiz tez-tez, jerkib-jerkib gapirar va ora-sira piqillab qo‘yardi. Uning yig‘isi mehmonxonaning jips devoridan zo‘rg‘a sirg‘alib o‘tib, ayvon orqali boqqa o‘rmalab chiqar va o‘zidan salqin havo taratayotgan hovuz atrofidagi daraxtlar orasiga singib ketardi.
U qizning so‘nayotgan gulxan kabi ojizgina yig‘isini ayvonning bir chetida ustunga suyangancha tinglab turar va kotib qurg‘ur xuddi ayg‘irga o‘xshaydi-ya deb o‘ylardi. Xona eshigi ikki-uch marta qattiq-qattiq urilgach, u yana dahlizga mo‘ralab qaradi, boshqasiga jur’at qilolmay ayvon bo‘ylab u yoqdan bu yoqqa yura boshladi. So‘ng boyagi joyiga borib ustunga suyandi-da, tun kitobining zulmat to‘la varaqlaridan nima qilish zarurligini o‘qib bilmoqchidek uxlab yotgan boqqa tikilib qoldi.
III
O‘shanda yigitlarning hammasi ichib olgan edi. Ular orqavoratdan «Ota bezor» deb nom olgan bu yangi posyolkaning ilk qo‘nalg‘achilari edi; otalari bilan gap talashib yoki mo‘mayroq pul topish ilinjida Tersotani tashlab kelgan, cho‘lning shavqsiz va jazira hayotiga o‘rganib qolgan va shundan boshqacha hayotni tasavvur ham qilisholmaydigan, hatto bolaliklarini ham xuddi bir paytlar o‘qigan, lekin nomidan boshqa hech narsasi eslarida qolmagan darslikdek erinchoqlik bilan elas-elas eslaydigan tanbal va hali mutlaqo bo‘z yigitlar edi. Ular biri qo‘yib, biri olib undan posyolkadan chiqib ketishni talab qilishar, yo‘qsa, tushiga ham kirmagan hangomalarni ko‘rishini, o‘zlarining hech narsadan tap tortmasliklarini do‘q-po‘pisa aralash ta’kidlashar, ular bu yerga kimningdir yo‘rig‘i bilan kelganlarini, aftidan, unchalik yashirgilari ham kelmay mehmonxonaning old zinasigacha bostirib kelishgan va mo‘tabar mehmonlar uchun ataylab qurilgan bu hashamdor binoning zinasi ularga noma’lum va qorong‘i bo‘lgan boshqa dunyoga boshlab boradigan yo‘lakdek zinaga chiqaverishda taqqa to‘xtab qolishgan va u yerdan hatlab o‘tishga botinolmay ustunga suyanib o‘zlarini sinovchan xo‘mrayib kuzatib turgan undan va naq kiraverishdagi peshtaxtaga osib qo‘yilgan, kechki shabadada salobat bilan hilpirayotgan alvonday bayroqdan bir oz hadiksirab turishardi.
U esa yigitlarning xuddi ho‘kiz yetaklaganday bitko‘z yigitni oldilariga solib turtib, itarib kelayotganini ko‘rgan daqiqadayoq nima gapligini anglagan va o‘zini iloji boricha xotirjam tutishga qaror qilgandi.
– Qishloqdan chiqib ket! – baqirardi boshiga qalin isqirt shlyapani bostirib kiyib olgan qop-qora yigit. U qandaydir po‘pisa to‘la xatni o‘qib berayotgandek qisinib-qimtinib, ayni paytda, o‘zini dadil tutish uchun dimog‘ini haddan tashqari yuqori ko‘tarib olgandi. – Bu qishloqda sen bilan birga yashashni istamaymiz!!!
– Yaxshilikcha chiqib ket, – derdi boshqa bir jirillaganrog‘i. – Qancha tez chiqib ketsang, o‘zingga shuncha yaxshi. Biz ayab o‘tirmaymiz.
– To‘rt tomoning qibla, kotibning yaloqxo‘ri! – pixillab gapirardi boshqa biri – to‘planganlarning ichida yoshi kattarog‘i o‘sha edi. Uning kir-chirga botgan soqoli ichida chuvak yuzi zo‘rg‘a ko‘rinardi. U boplab gapirdimmi degandek hamrohlariga bir-bir qarab oldi, lekin hamrohlari bu zo‘r gapga unchalik e’tibor berishmadi. Unga qayrilib ham qarashmadi. Hammasi lo‘nda va kesib-kesib gapirish uchun zo‘r berib kuchanishar, shu sababli bir-birlarining gaplarini deyarli eshitishmasdi.
– Yana bizni qo‘rqyapti dema, – dedi bitko‘z yigit. – Sen u yoqda o‘tirib kelgan bo‘lsang ham ayamaymiz… umuman, biz sendan qo‘rqmaymiz, shunday, kelgan yeringga daf bo‘l!!! – Bu gapi bilan yigit uning u yoqda o‘tirib kelganidan cho‘chib turganini sezdirib qo‘ydi.
– Kotibning yuvindisini ichib juda kerilib qoldi, – dedi ozg‘inroq, yuzi quv yigit. – O‘zini bizlarga xo‘jayin deb o‘ylayapti.
– Bugun sigaret so‘radi, ertaga boshqa narsa so‘raydi, – dedi boyagi yuzi chuvagi hamrohlariga ko‘z tashlab olarkan. – Bizni mensimay qo‘ydi.
U yigitlarning o‘zlarini hurmat qilishdan hamda shu kichkina posyolkaning xo‘jayinlari deb e’tirof etishdan boshqa hech narsani talab qilishmayotganini, agar hozir: «Men bu yerda sizlarning borligingizni bilmabman, uzr, posyolka sizlarniki, endi takrorlanmaydi, qulluq», – desa, hamma: «Ha, shunday bo‘lsin, ko‘z kattaroq ochib yurilsin», – deb to‘ng‘illagancha xuddi bu yerga kelib, ko‘p ish qilib tashlaganday o‘zlaridan minnatdor bo‘lib tarqab ketishini angladi, biroq u yigitlarning chang-g‘ubor bosgan, parvarish ko‘rmaganiga ham ancha vaqt bo‘lgan yuzlariga zimdan sinovchan tikildi: u bu janjal behuda chiqmaganini, kimdir uyushtirganini bilardi, zotan, janjalga sabab bo‘ladigan biron ayb ish qilganini ham eslay olmasdi. Posyolkadagilar bilan deyarli oldi-berdi qilmasdi, posyolkaning bir chetida joylashgan mehmonxonadan va bog‘dan deyarli chiqmasdi. U o‘z umrining chalkash so‘qmoqlarini kezib yurgandek har kuni kuz va qish payhon qilib tashlagan bog‘da kezib yurardi – uni shu daqiqalarda ko‘rgan odam mana shu payhon va chirkin bog‘ qo‘ynida qandaydir aziz narsasini yo‘qotib qo‘yganu endi uni izlab daydib yuribdi degan o‘yga borardi, gohida esa to‘satdan boshlangan zilziladan qulab tushayotgan imoratlar kabi omonat ifodalar uning zahil va so‘lg‘in chehrasini butkul egallab olardi; shunday lahzalarda uning afti tutab yotgan g‘o‘laga o‘xshab ketardi.
Odamlarga uning oldingi hayotiyu urug‘-aymog‘i noma’lum edi, posyolka inspektori – sal dovdir va olifta yigit – uni posyolkaga xavfli va ishonchsiz odam qilib tanitgandi. «Bu odam anaqa ro‘yxatlarda turadi, otasi butun qishloqni qirib tashlagan», – derdi u har safar sartaroshxonaga kirganda. «Buning utsiga, aroqxo‘r, aroq desa onasini sotadi. Shuning uchun xotini tashlab ketgan, bu odam jamiyatimiz uchun xavfli kishidir».
Bu xabardan so‘ng polyolkadagilar u bilan ehtiyotkor bo‘lib muomala qiladigan, iloji bo‘lsa, umuman yaqiniga yo‘lamaydigan bo‘lishdi, uning o‘zi ham unchalar odamshavanda emasdi.
Faqat ba’zi-ba’zida uni qishloq oshxonasining bir chetida iflos krujkada pivo ichib o‘tirganini ko‘rishar va hamisha atrofidagi dunyo bilan allaqachon aloqasini uzganday va faqat o‘zigagina ma’lum o‘zga olamda yashab yurganday sara qo‘shnilar qo‘riqlab turgan zabt etib bo‘lmas qal’adek odamni hech qachon o‘ziga yaqinlashtirmaydigan hurkak va yot bir mung cho‘kib yotgan ko‘zlarida toshday qotib to‘ng‘ib dilgir bir qayg‘u akslanib turardi.
Inspektor uni qattiq qistovga oldi va posyolka oshxonasida pivo yoki biron ichimlik ichishni ham taqiqlab qo‘ydi, biroq u har kuni kechqurun oshxonaga pivo ichgani kelar, dud va chang qoplagan burchakda ko‘krak tugmalari yechib qo‘yilgan, bir-biriga tinmay baqirishayotgan, ko‘zlarida hayotning chigal va tushuniksiz savollari qotgan, xuddi umrlari kabi jizg‘anak va to‘zonli sahroda o‘zining ulug‘ gulxanlarini bir-bir o‘chirayotgan kechki shafaq ostida isqirt kursilarga muk tushgan, sahro oftobiga o‘xshab jizzaki bo‘lib qolgan odamlarga bir so‘z demay krujkani yutoqib ho‘plab o‘tirardi. Uning ko‘zlarini yumib olib, huzur qilib ho‘plashiga qarab turib u duyodagi hamma narsani mana shu krujkadagi saltanatga almashtirib yuborgan yoki adolat izlab butun dunyoni kezib chiqqanu nihoyat mana shu saltanatdagina adolat boqiy va muqarrar degan xulosaga kelgan deya xayolga borardi. Xuddi Rim qo‘shinlari o‘likka aylangan Iskandariyaga hech bir qarshiliksiz kirib kelgani kabi, inspektor besh-olti yosh-yalang pivo ichib o‘tirgan oshxonaga shaxdam qadamlar bilan kirib keldi va qorovulning qarshisida to‘xtab, uning qo‘lidan krujkani tortib oldi.
– Senga bu yerda ichish taqiqlangan, – dedi krujkadagi pivoni bir chetga sepib yuborarkan. – Umuman, senga odamlar orasida yurish taqiqlangan!
Qorovul avval inspektorga, so‘ng pivo to‘kilgan joyga qaradi va sekin o‘rnidan turdi hamda bir og‘iz gapirmay, yana pivo olib kelish uchun bufetga qarab yo‘l oldi.
– Tashqariga! – baqirdi inspektor, uning qaysarligidan jahli chiqib, oldini to‘sarkan, tirsagidan ushlab olib, tashqariga sudray boshladi, biroq bir qadam ham bosmay to‘xtab qoldi.
Qorovul inspektorning qo‘llarini ozg‘in, qaltiroq, kuchsiz panjalari bilan ushlab olgan, ko‘zlari jahldan kattarib ketgandi; undan xuddi shu vaziyatda har narsani kutish mumkin edi. Inspektor buni sezdi va uning tirsagini qo‘yib yubordi.
– Sizning haqqingiz yo‘q, – dedi qorovul unga bir oz qaltiragan tovushda. Uning gapida alam, azob va musibat ohangi bor edi. So‘ng indamay xonadan chiqib ketdi.
Inspektor baribir unga oshxonada pivo ichishni taqiqlab qo‘ydi. Biroq kotib uni pivosiz qoldirmas, ba’zan mehmonlardan qolgan, hali bir qultum ham ichilmagan shishani olib chiqib berardi. Inspektor qorovul bilan zimdan olisha boshladi, sovxozdagi ikki o‘g‘irlikda ham avval uning hujrasi tintib chiqildi. Ispektor bu ishni oshkora amalga oshirdi, zero, u posyolkadagilarning ichida qorovulni eng ishonchsiz kimsa deb bilar va undan tezroq qutulish uchun odamlarni unga qarshi kishi bilmas gijgijlay boshladi. Tersotalik yoshlarning qiziqqon va jizzaki, guppi yigitlar ekanini yaxshi bilardi. Posyolka yigitlari qorovulni ko‘rganda nelargadir hozirlanib turadigan bo‘lib qolishdi, biroq u mutlaqo befarq edi, ularga hatto e’tibor ham bermas, mojaro izlab uning oldini namoyishkorona to‘sayotgan yigitlarning qarshisidan indamay o‘tib ketardi.
Ammo bir kuni bitko‘z yigitning oldidan – u bu yigitlar qayerdan ekanligini, nima ish qilishini, qayerda yashashini ham bilmasdi, bu uni qiziqtirmasdi ham – o‘tib keta turib bir dona sigaret so‘radi; tamakidoni xonada qolgan, yigitni ko‘rib juda xumor qilib chekkisi kelgandi. Bitko‘z nima deyarini bilmay shoshib qoldi. Yaqin atrofda jo‘ralari ko‘rinmasdi. Qo‘lidagi sigareta qoldig‘ini bir chekkaga uloqtirib, qaylargadir lapanglagancha yugurib ketdi. U yigitning xatti-harakatiga e’tibor ham bermadi. Hali hujrasiga ham kirmagan ediki, izidan o‘n beshga yaqin yigit to‘g‘ri boqqa talmovsirab, pala-partish bostirib kelishdi: ular aft-angorlaridan kimnidir quvayotganga emas, nimadandir qochib kelayotganga ko‘proq o‘xshashardi.
Tersotaliklar uni boplab do‘pposlab ketishdi. Uni kotib endi qizara boshlagan anorzor ostidan nestu zabun holda topib oldi. Hujraga olib kirib, bir piyola aroq tutdi. Peshonasidagi yoriq uzoq vaqtgacha tuzalmadi. U endi bog‘dan deyarli hech qayoqqa chiqmay qo‘ydi. Do‘pposlangani ham tezda esidan chiqib ketdi. Kotib shunday qildiki, janjalni boshlagan jo‘raboshilar pivo ko‘tarib kelib u bilan yarash bitimini tuzishdi; yuvosh va beozor, sig‘indi va naynov, qiliqlari telba-teskari bu odamni nima uchun kaltaklashganlariga ularning o‘zlari ham unchalik tushunmasdilar.
«U menga joy berdi, o‘zi bilan teng ko‘rib, odam o‘rnida qabul qildi, mendan burnini jiyirmadi, uning ko‘ngli nurday toza, bunday ulug‘ odam yana qayerda bor?!» – o‘ylardi u. Mehribon va odamparvar, tanti va nurafshon qalbni – kotibni u xuddi qoracho‘g‘iga dumalab tushgan marvaridday asrashni istardi. Uning xazonga aylangan qizg‘aldoq bargidek bu jazira cho‘l qo‘yniga, yovvoyi va telba odamlar orasiga uchib tushgan umri davomida topgan mushfiq va muruvvatli, suyanch va rahnamo bo‘ladigan yolg‘iz odam mana shu marvarid edi va o‘zining omadsiz nestu muztar o‘tmishini hech qachon yuziga solmaydigan, uning umr yo‘lidagi xazon va xaslarni supurib, o‘ziga hayot va umid sari yo‘l ochishga dadil va qat’iy undagan sohibkaram ham mana shu marvaridda mujassam bo‘lgandi, uning qalbida shu rahnamo tufayli uyg‘ongan ehtiromga chulg‘angan hislar ham mana shu marvarid edi. Bu siymo har narsaga qodir va kamtarin, xokisor va shafqatgo‘y, tanti va mag‘rur edi, bu siymo qiyofasida jilvalanayotgan shams ko‘nglini xushnud etadigan ko‘p yulduzli bodadan so‘ng uni saodatli va xushbaxt, ezgu va orzumand qiladigan, xayolining ko‘pdan buyon quyosh tegmagan zax va toyg‘oq ungurlarini isitadigan xulyo oftobi kabi munavvar va seryog‘du edi.
Bu tal’at adashgan insoniyatga haq va najot yo‘lini ko‘rsatishga mustahiq etilgan, o‘ktam va serg‘ayrat, loshidan xoki turobigacha yog‘dudan iborat, quyosh va oy bir-birini mangu quvlab yuradigan, umid va xayol sahrosida jizg‘anak bo‘lib qolgan mana shu xiyonat va jaholat zulmati g‘arq qilgan zaminga tiriklik va yashnash urug‘larini sepish uchun yuborilgan, qo‘lida zafar va shijoat suhuflari bor, o‘zi dunyoga kelmasdan ming yillar oldin nuri yaralgan, dunyoda zo‘rlik va adolat o‘rtasiga devor o‘rnata olgan, mag‘lublik va matlublik, undan hamisha o‘zini olib qochgan shon-shavkat va shafqat tulporini minib tug‘ilgan o‘sha Xaloskorning aynan o‘zi edi.
– Men xarob bo‘lgan odamman, – baqirardi u kotibning iltifotidan taltayib ketib, piyolani zarb bilan sipqorarkan. – Meni xarob qilishdi. Men tamom bo‘ldim. Meni o‘chirib tashlashdi…
So‘ng piqillar va birdan-bir yolg‘iz va yorqin, hali hech kimga aytmagan xotirasi – onasini hosilot qanday urganini va o‘zining muzlab qolgan qulog‘ini ushlagancha yalangoyoq qor kechib qanday chirillab yig‘laganini, tishi sinib tushgan onasi qanday qilib uni etagi ostiga yashirgani, og‘zidan oqqan qon idoradan to uylarigacha to‘xtamagani haqida so‘zlar va yig‘lardi. O‘shanda hosilot onasining qorniga tepgan, nimadir deb so‘kkan edi, aftidan… «Bolasi otasiga o‘xshasa, tug‘ilmay o‘lgani yaxshi», – degandi…
– Ular uch kishi edi, ikkita soldat ham bor edi, – piqillardi u peshonasini stolga qayta-qayta urarkan. – Biz bug‘doy so‘rab borgandik… uch kun tuz totmagan edik. – Ular qishloqni o‘rab olishdi, so‘ng duch kelganini ota boshlashdi, – u boshini egib olar, kotibning yuziga qaramasdan yuragini ezib yotgan xotiralarni yutug‘i aniq bo‘lgan qartaday bir-bir ochib tashlardi. Zero, unda hech kim zabt etolmagan, hech kim hukmronlik qilolmagan, hech kim toptay olmagan, ko‘p yillar osha o‘zidan boshqa fuqarosi bo‘lmagan yolg‘iz mamlakat ham shu edi. Bu mamlakatga yot kishilardan birinchi bor kotib kirib keldi va xuddi azobga o‘xshash uzun ko‘chalaridan o‘tib bordi, shu bilan ko‘pdan buyon osoyish yotgan saltanat ham zabt etildi. Biroq u kotibga ko‘z tashlashga qo‘rqar, ko‘z yoshlaridan uyalardi. – Butun qishloq daryo bo‘yiga qochib chiqdi. Askarlar daryo bo‘yini o‘qqa tutishdi. Meni akam to‘sib qolgandi – uning ichagi titilib ketgandi, qishloqda ikki-uch ayoldan boshqa tirik jon qolmagandi… qaysi qishloqqa non so‘rab borsak, «Bosmachining bolasi baribir bosmachi bo‘ladi, non bermanglar», – deb haydashardi. Oxiri onam hosilotning oldiga bordi… Ular onamni ko‘z oldimda kaltaklashdi…
Kotib uning piyolasini to‘ldirib quyar va o‘zi ustma-ust bosib ichardi, keyin uning yelkasiga hamdardona urgancha:
– Ular ablah odamlar, – deb baqirardi. – Ularning hammasini otib tashlash kerak edi.
Bu gap qorovulga moyday yoqar, yillar aro yuragini yoqib yotgan alam shu baqirish bilan bosilganday bo‘lar, ko‘nglidagi gapni aytgani uchun jasur va mard kotibga to‘yib-to‘yib qarar, shunda o‘zi bolalikdan orzu qilgan, o‘zini tiriklikning och panjasidan qutqarib, saodat baxsh etadigan o‘sha osmondan tushguvchi iloh kotibning qiyofasiga kirar va vujudi nurdan bo‘lgan kotib olov sochayotgan qasos qilichini ko‘targancha ko‘z oldida namoyon bo‘lardi.
Keyin hammasi o‘rniga tushardi, ertalab u tamaki hidi bilan birga subhidamning musaffo havosi kezib yurgan besarishta hujrasida ko‘z ochar, zulmatni tilimlab darchadan oqib kirayotgan tongning simobday bir tutam yog‘dusini uzoq tomosha qilib yotar, qishloqning ichkarisidan xo‘rozning bo‘g‘iq qichqirig‘i eshitilar, yog‘du esa hali erkak ko‘zi tushmagan qizning yalang‘och badaniday go‘zal va jozibali bo‘lardi. Bu lahzalar cho‘l qo‘ynida qurilajak kotib aytgan yangi hayotning ilk onlari yoxud ul olis shamsning ilk shu’lalari kabi yashirin va xushanishin edi.
IV
Posyolkaga kelganining uchinchi yili uning o‘tmishi odamlar uchun bir oz oydinlashdi; yig‘im-terim tugashi arafasida xo‘jalik bosqoni Omon Jumaning xonasiga muzofotning narigi chetidan bir ayol o‘n besh-o‘n olti yashar bolasini yetaklab kirib keldi: ayol qirqlardan oshgan, chiroyli yuzida hali so‘limlik va ehtiros so‘nmagan, ko‘zlari o‘ychan, o‘zini tutishidan mulohazali va aqlli ayol ekanligi ko‘rinib turardi. Bola esa garang edi. Ayol Omon Jumaga sovxozda eri ishlayotganini va uni uyga qaytarishga yordam berishini so‘radi.
– Necha yildan beri uyga qadam bosmaydi, – dedi u kursiga o‘tirmayoq. – Kunini ichib o‘tkazadi. Sizga bir ona sifatida murojaat qilyapman.
Ayol yig‘lashga tushdi va o‘g‘lini ko‘rsatib:
– Bu xudo qarg‘agan bolani yolg‘iz o‘zim katta qildim, endi charchadim. Bunga ham ota kerak, – dedi.
Ayolning yig‘isidan ta’sirlangan Omon Juma qorovulni qanchalik qistamasin, u ayol bilan birga ketishdan bosh tortdi.
– Bekorga ovora bo‘lmanglar, – dedi boshini eggan ko‘yi qat’iy qilib. – Biz allaqachon er-xotinlikdan chiqanmiz.
U ayol bilan bolaga qayrilib ham qaramadi. Omon Jumani tang qoldirgancha bog‘ ichiga kirib ketdi va u yerda shoxlab ketgan tutlarni xotirjam butay boshladi. Ayol unga tomon jur’atsizgina intildi-yu, so‘ng joyida taqqa to‘xtab qoldi. Uning umid va ishonchsizlikdan qizarib ketgan ko‘zlarida esa Omon Jumaga ham, bu cho‘l odamlariga ham, cho‘lga ham noma’lum bo‘lgan sarguzashtlarning ko‘lankasi porlardi; uni bu yerga boshlab kelgan umid va erining yuzidagi yot bir vajohatdan tug‘ilgan ishonchsizlik bir zum ikkilantirib qo‘ydi, so‘ng u bolasini yetaklab bog‘dan shitob bilan chiqib ketdi.
O‘zining do‘q-po‘pisalarini ishga solib ham inspektor qorovulni ko‘ndirolmagach, oylik maoshidan yuborib turishga va’da qilib Omon Juma ayolni iziga qaytarib yubordi. Bu paytda kotib posyolkada yo‘q edi. Qorovulning xotini kelib ketganini eshitdiyu: «To‘g‘ri qilibsan, ulardan qanchalik uzoq yursang, shunchalik erkin bo‘lasan, hozir daraxtni silkitsang, xotin yog‘iladi. O‘zim uylantirib qo‘yaman», – dedi va qorovulga kechqurungi boshog‘riq uchun besh so‘m pul berdi. Biroq posyolkadagi har bir odam mishmishni o‘zicha izohlashni istardi: bu tund va aroqxo‘r qorovul hosildan charchab chiqqan cho‘lquvarlarning qish bo‘yi ermagi bo‘ldi.
Ayol erini olib ketish uchun ikkinchi marta kelganda (uning egnida bu marta to‘zg‘igan yomg‘irpo‘sh osilgan, o‘zi ham ustidagi kiyim kabi aftodahol, bir yil oldingiga qaraganda juda tez qarigan, yuzlaridagi malohat shamlari so‘na boshlagan edi) uchastka inspektori o‘zining yaqin tanishidan bu oila haqidagi jamiki siru asrorni bilib olishga ulgurgandi.
U qish kunlarining birida sartaroshxonada paydo bo‘ldi. Navbat kutib turarkan, har doimgiday o‘zi bilgan yangiliklardan odamlarni ogoh etishni lozim deb bildi.
– … Onasi o‘lgach, u uzoq yillar choyxonada dastyorlik qilib yuradi. Choyxonachi nomi qora bo‘lgan qizini unga qo‘shadiyu bir eski uy sotib olib beradi. Shu bilan tinchiydi. O‘zi sal ovsarroq bo‘lgani uchun xotinning ko‘z pardalari yirtilib ketganiga unchalik e’tibor bermaydi. Oradan ikki-uch yil o‘tgach, xotinini yot erkak bilan tutib olib, panshaxa sanchib o‘ldirib qo‘yadi va uzoq yilga qamalib ketadi. Qamoqdan qaytib kelganda xotini kimdandir bola orttirib o‘tirgan bo‘ladi. U maymoq hammasiga qo‘l siltaydi-da, shaharga ketadi, u yerda aroq uchun odamlarning qora ishini qilib yuradi. Daydib-daydib shu yerga kelib qoladi. Kotib uni arzimas pulga mehmonxonaga qorovul qilib qo‘ydi. Xullas, xudo qarg‘agan, chog‘i, boshi hozirgacha malomatdan chiqmaydi. Bor gap shu.
Qizig‘i shundaki, inspektor bu marta negadir qorovulga ancha xayrixoh ohangda gapirdi.
– Boshiga qiyin savdo tushgan ekan, – dedi Tog‘ay muallim bosh chayqarkan, og‘ziga kirgan soch tolasini tuflab tashladi. Inspektor ayolga bu mojaroga aralasha olmasligini va bu o‘ta shaxsiy masalalar ekanini ro‘yi-rost aytdi.
– Biz odamning xohish-istagini hurmat qilamiz, – dedi u xonasidan chiqar ekan, qo‘liga furajkasini oldi. Uning yuzi ko‘p gapirganidan bo‘g‘riqib ketgan, semiz bo‘yni terdan po‘rsillab qolgandi, – men uni majbur qilolmayman.
– Siz oilani saqlab qolishingiz kerak, bu sizning burchingiz, – ayol uning izidan tashqariga chiqar ekan, inspektor gapirgan ohangda siyosat qildi. Lekin inspektor pinagini ham buzmadi: eshikni qulflab, zina orqali pastga tushdi va o‘zini daraxt soyasiga olib, nimanidir o‘ylab turdi-da, – mening kuchim yetmaydi, – dedi, so‘ng pivoxonaga qarab ketdi.
Ayol bu safar uzil-kesil rad javobini oldi. O‘zi ham uzilgan oila rishtasini qayta bog‘lay olmasligiga, eri bilan yashagan o‘tov allaqachon kuyib kul bo‘lganiga ko‘zi yetdi, shekilli, yana yolg‘iz qaytib ketishga majbur bo‘ldi.
Uch oylardan so‘ng mehmonxonaga yangi qorovul tayinlandi – bu qorovul ham mo‘mingina odam edi, uni shaxsan inspektorning o‘zi tavsiya qilgandi. Mehmonxonaning kichkina bog‘ida kuz va qishning o‘zaro olishuvi boshlangan, yomg‘ir suvi yangilamaganidan yashil tob tusga kirgan hovuz sahnini o‘t-o‘lan bosib ketgan edi. Uzun yo‘lakning o‘zi esa xazonlar bilan to‘lgandi, hovuz bo‘yidagi gulzorda ham to‘zg‘oq barglar va so‘nggi mezonlar uchib yurar, boqqa kiraverishdagi yalanglikda qarg‘alarning noxush qag‘illashlari eshitilar va ba’zi-ba’zida qarg‘alar naq bog‘ ustida to‘planib shubhali yig‘inlar o‘tkazardi. Mehmonxonaning peshtoqiga ilingan bayroq ham to‘zib bo‘lgan, yomg‘ir va saraton shamoli huda-behuda hilpirataverib uning rangini noma’lum tusga kiritib qo‘ygan, shunday bo‘lsa ham, u peshtaxtada hamon salobat bilan hilpirab turardi, biroq na quvrab-qovjirab to‘kilgan bog‘, na to‘zigan bayroq devorlariga dabdabali chaqiriqlar ilib tashlangan mehmonxonaning hashamiga hech bir gard yetkaza olmagan, uning uzun dahliziga qimmatbaho poyandoz to‘shalgan, xonalari hamishadagidek shinam va toza edi: o‘rtadagi xonaning gilami yangilangan, devorlari qayta bo‘yalgandi: xonada kichkina kiyim javoni, ikkita kursi bor edi va stol ustiga avvalgisiga qaraganda kattaroq va bejirimroq shisha suvdon qo‘yilgandi. Bu sirli hashamlar sari talpingan tashqi dunyoni va yorug‘likni to‘sa-to‘sa charchagandek, horg‘in tebranib turgan qalin pardaning rangi uniqib, gullari o‘chib ketgan, divan esa hamon tajovuzkor qiyofada o‘rtada qad kerib turar; u kirgan har bir odamni yengiltak ayoldek bag‘riga chorlar va ularga nelarnidir ishora qilib, o‘zi bilan sodir bo‘lgan qandaydir g‘aroyib bir voqeani eslatmoqchi bo‘lardi. Faqat kiraverishdagi hujrada besarishta hol hukm surardi: kiyimlar va to‘shak o‘sha kunning ertasigayoq militsionerlar tomonidan titib tashlangan holicha betartib qalashib yotardi. Xonani chang va g‘ubor qoplagan, to‘shaklarni va shiftni qurum bosgan, pol taxtalarining orasi xonaga kirib kelganlarning ustidan kulayotgandek qadam tovushlariga javoban norozi bo‘lib g‘ichirlab qo‘yardi. Deraza yonidagi mixda qorovul tersotalik yigitlar bilan pivo ichgan kuni kiyib yotgan g‘ijimlangan korjoma osilib turar, shim esa yerda yotardi; hujraga kuyindi va tamaki hidi bilan birga odamlarga allanechuk shubhali bo‘lib tuyulgan kishining hidi ham o‘rnashib qolgan, hujraning o‘ta besaranjomligi va torligiga qarab turib u mana shu iprisqilar ichida uch yil mobaynida biron kimsa qadam bosmagan, odamlar yodidan ko‘tarilgan shu kichkina boshpanada qotillik qilish uchun o‘ziga kuch to‘plaganday va uni qotillikka mana shu kuyindi, g‘ubor, tamaki va so‘qqabosh erkakning hidi anqib turgan, uning o‘z umri kabi xaroba hujra undaganday taassurot qoldirardi.
V
Kotib xufton payti mehmonxonaga har doimgiday indamay, bir oz xo‘mrayib kirib keldi: uning qizargan ko‘zlaridan va ko‘pchigan yuzidan ichib kelgani aniq edi. U ichgan paytlari juda muloyim bo‘lib qolardi; uning kasbi cho‘lquvarlikka hech bir aloqasi yo‘q, tabiatan qo‘rs, qo‘pol muomalasi bilan cho‘lga kelib orttirgan manmanligiga takabburlik qo‘shilib uni odamlardan bezdirib qo‘ygan, u vazifasiga kirmasa ham, har bir ishga burnini tiqaverar, o‘zicha ko‘rsatmalar berar – tuman sarkotibi kelganda dalalarni Omon Juma emas, u birga qo‘shilib aylanar, negadir sarkotib oldida o‘zini juda emin-erkin tutar, hatto hazil-huzul ham qilib qo‘yardi. Uni olis shahardan mana shu jo‘mard va janjalkash odamlarga g‘oyaviy yo‘lboshchi qilib jo‘natishgandi; posyolkadagilar ichida sarkotib bilan qalin emish, uni shaxsan o‘zlari tarbiyalab, bu yerga olib kelganmish, yana qandaydir qarindoshchilik tomonlari ham yo‘q emas emish, agar uch yil reja ketma-ket bajarilsa, uni Omon Jumaning o‘rniga yoki hech bo‘lmasa yangi xo‘jaliklardan biriga rahbar qilib saylasharmish, falon emish, pismadon emish, xullas, suyagi toza emish degan gap-so‘zlar yurar, isqirt qorovul bilan g‘alati yaqinligi obro‘siga bir oz soya solsa-da, undan Omon Jumaning o‘zi ham hadiksirar, bu uni yana ham salobatli va muhtaram qilib qo‘ygandi.
VI
Kotibning izidan ozg‘ingina, lekin istarasi issiq qiz ham kelardi. U paxtalik kiyib olgan, kotibning shlyapasi chang, ko‘zlari horg‘in edi. Ular to‘g‘ri daladan kelishayotgan edi, chamasi, egni-boshidan paxta va g‘ubor anqib turardi.
– Menga o‘rta xonaning kalitini ber, – dedi kotib.
Kotibning orqasidagi qizni u darhol tanigandi. U qizni olti oycha oldin bayramona tusda o‘tgan saylov tantanasida ko‘rgan va garchi tanimagan, ko‘rmagan bo‘lsa ham, qo‘lidagi saylov qog‘ozini indamay qutiga tashlagandi. Saylovoldi yig‘ini maktab binosining keng va shinam zalida o‘tgan, qiz esa kotib bilan raisning o‘rtasida qisinib-qimtinib o‘tirardi. O‘shanda u bo‘y-bastiga qarab bu qiz hali maktab o‘quvchisi bo‘lsa kerak deb o‘ylagan va nega aynan shu qizni saylashayotganiga hayron bo‘lgandi. Lekin qiz yigirma uchga kirgan, faol ishboshi, firqa a’zosi va hokazo ekanligini keyin bildi. Kotib qizni shunday kelishtirib ta’rifladiki, uni saylamasdan boshqa iloj qolmadi va shunday ham bo‘ldi. Qiz yuz foiz ovoz oldi. Uning ozg‘in, qotma suni-sumbati, bug‘doyrang yuzi, ta’sirchan ko‘zlari odamda qandaydir yaqinlik uyg‘otar, istarasi issiq va suluvgina qiz edi.
– Biz bu cho‘lni bo‘stonga aylantiramiz, faqat baxtli va ezgu niyatli odamlar yashaydigan yangi hayot quramiz, yangi hayotni mana shunday yoshlar quradi, biz esa faqat ularga yo‘l ko‘rsatamiz. Xullas, sizlarni uyaltirmaydi, faqat paxtani emas, odamni ham yaxshi tushunadi, xalqparvar. Ba’zida, – kotib qizga qarab kulimsiradi, – biz bilan ham tortishib qoladi. Kamchiligimizni shartta betimizga aytadi. Men uni ana shu mardligi uchun hurmat qilaman.
Qorovul o‘sha kunni va kotibning yuzidagi ifodani yaqqol eslab qolgandi va o‘sha kuniyoq qizning qopqonga tushganini, kotib ayyor ayg‘irlardan ekanini u ko‘p yillik tajribasidan bilar va negadir bundan g‘ururlangandi. Kotib uni ko‘rib, ko‘z qisib qo‘ydi. Qorovul ham uning yorishib ketgan yuziga boqib to‘ymas, gapirayotgan xuddi o‘zining jigariday har gapga yoyilib jilmayib qo‘yardi. Saylov tugagach, kotib uni bir chetga tortib, o‘n so‘mlik berdi.
– Bugun mening nomzodim yutib chiqdi. Men uchun to‘yib ich, – dedi.
Kechqurun ko‘p ichganidan boshi qizib, bog‘da xirgoyi qilib yurgan qorovul zo‘rg‘a yurib kelayotgan, yuzi qizarib ketgan kotibga duch keldi, og‘zi qiyshayib qolganidan qorovul uning tayyor bo‘lib kelayotganini bildi, suyab xonasiga olib kirdi, yechintirib qo‘ydi; kotib g‘o‘ldirar, uni cho‘lp-cho‘lp o‘par va: «Yurakni bir titib yubor», – deb baqirar, qorovul xirillab qo‘shiq aytar, garchi bu xirgoyi quvurning qurullashiday xunuk va yarashiqsiz bo‘lsa ham, kotib shavq bilan qichqirib qo‘yar, kimlargadir, aftidan, xotirasining bir burchagida qolib ketgan kimgadir «okasi jonidan» deb baqirar, qorovul esa bu xudbin, olifta, o‘zboshimcha, tiyiqsiz va tanti odamni shu lahzalarda qandaydir zil-zambil og‘riq ezayotganini bilar va ko‘proq ko‘nglini olishga harakat qilardi, ba’zan kotibning g‘ayrati unga ham o‘tib, u ham kotibga taqlidan «okasi jonidan» deb xirillar, xuddi kotibdek piyolani ko‘zlarini yumib bir sipqorishda ichib yuborar edi, so‘ng kotibga monand tomoq qirib qo‘yardi, ba’zan esa unga kotibning yosh, navqironligi yuqib, o‘zini, butun vujudini – endi o‘zlarini hech kim bezovta qilmasligini kun o‘tgan sayin tobora ko‘proq anglashayotgan ajinlar va chandiqlar uyumi qiyqirib yotgan peshonasiga, o‘tayotgan kunlar asta-sekin o‘z muhrini bosayotgan va tobora shalvirab, kuygan charmga o‘xshab borayotgan ko‘kazak yuziga, bu dunyoda hech bir iz qoldirmay o‘tayotganidan atrofidagi olamdan va qoq tepasida juft-juft bo‘lib uchib yurgan qushlardan uyalgandek kir va juldur kiyimlar ichiga yana ham ko‘proq botib borayotgan qaddi-qomatiga va ochiq qolgan kitob yanglig‘ uning barcha siru asrorini har daqiqada oshkor etib turadigan ko‘zlariga, go‘yo o‘zi bosib o‘tgan butun hayoti davomida yecha olmagan umr siri yashiringanday yoki behuda va besamar o‘tgan kunlari uchun kimdandir o‘ch olishni istab, g‘azab bilan qisib olinganday doimo asabiy tugilib yuradigan mushtlariga bitilgan payhon etilgan umr haqdagi bu to‘zg‘oq, shaldiroq va Yaratgan ham unutga aylantirgan xatni g‘ijimlab tashlashni istab qolardi.
VII
U dahlizga yana bosh suqib qaradi – ichkaridan tanish g‘o‘ng‘illash eshitilardi.
– Menga qara, noz qilsang, qilmasang, bu yerdan sog‘ chiqmaysan, baribir hech kim eshitmaydi. Agar anavi qari to‘riqdan najot kutayotgan bo‘lsang, ovora bo‘lasan. U mening odamim. Agar unga bir shisha aroq bersam, qizini qo‘ynimga solib qo‘yadi. Bir hovuch un uchun hosilot onasini o‘ynash qilib olgan. Ishonmasang, ana, o‘zidan so‘ra, bir qultum quyib bersam, bularning hammasini o‘zi senga gapirib beradi. Yo chaqiraymi?..
Qiz nimadir dedi, so‘ng nochor piqilladi. Uning ovozida o‘chayotgan shamning yallig‘i kabi zaifgina qarshilik bor edi va bu yig‘i unga tanish edi – hosilot onasini urganda uyga qaytib kelib, onasi xuddi shunday xo‘rlanib, ojiz va notavon yig‘lagandi.
Yuragiga muzday nimadir sirg‘alib tushdi va vujudida go‘yo loyqa suv qo‘pdi; u yerda maktab bolalarini o‘z bag‘riga chorlagan tonggi qo‘ng‘iroqdek nimadir jaranglab ketdi va bu bevaqt jaranglagan bong sadosi boquvdagi ot kabi ko‘pdan buyon payt poylab yotgan uning yovvoyi bir g‘ururini va olis xotirasini uyg‘otib yubordi. Yog‘iy zab etgan qal’asidan qochib chiqqan mag‘lub sarkarda kabi endi bir umr bu yerlarga endi qaytib kelmayman deb yurgan va kimsasiz orol kabi olislarda qolgan hayotining navqiron adirlarida qolib ketgan nelardir uning yuragiga hayqirib kirdi. Ko‘p yillar burun onasining ichkaridagi qiz kabi nochor va ojiz ayolga aylanib yig‘laganini, hosilot oldiga non so‘rab borib, sha’nini yerga urganidan alam va nomusi kelib yuzini timdalab tashlaganini esladi. «Bular bunchalik kaltafahm bo‘lishmasa, – o‘yladi u negadir birdan xotirjam tortib. – Hammasining usuli bir xil!».
U yalangoyoq, yalangbosh qahraton qish kunida o‘zlarini qishloqdan haydab chiqarganlariga ham, onasining sovuq, kimsasiz hujrada qon qusib jon berganiga ham o‘zini ko‘niktirgan edi, kun o‘tkazish uchun choyxonalarda isqirt va qora ishlarni qilishga, odamlar «etim», «o‘g‘ribachcha» deb atashiga, choyxonachining onasini o‘rtaga qo‘yib so‘kishlariga, keyinchalik yosh, suluv xotinining «isliqi» deya javrashlariga, qamalib chiqqach, qo‘llarini bigiz qilib ko‘rsatishlariga, har bir o‘g‘irlikdan so‘ng tintuv qilishlariga, hujjatlarini bosh chayqab, yelka qisib qaytarib berishlariga, ichib, ko‘chalarda uxlab qolganda bolalarning ustiga peshob qilib uyg‘otishlariga – hammasiga ko‘nikkan edi, bularning barchasini taqdiri azalga yo‘ygan, qanday to‘g‘ri kelsa, shunday yashab ketavergan edi, goho onasining o‘n yillar boshidan tushmagan qora shol ro‘moli o‘sha olis yillarning va o‘zlari bosib o‘tgan ayanchli qismatning bayrog‘iday tez-tez ko‘z oldida hilpiray boshlar, u o‘z hayoti, onasi va otasi uchun kimlardandir o‘ch olishni juda istab qolardi, biroq bu tuyg‘uga ham o‘zini ko‘niktirgandi. Tuyg‘ular, xotiralar, dardu armonlar toshib kelganda u xilvatda bekinib, toshib, ko‘pirib ichar, so‘ng hamma narsani unutar, hujrasining bir chetiga o‘tirib jimgina yig‘lar, ertasiga tong mahali yana hech narsa ko‘rmagandek kotib bilan baliq oviga jo‘nardi.
U yaxshilab chekib oldi, yonini paypaslab ko‘rdi. So‘ng eshikka tikilgancha uzoq turib qoldi.
U asta-sekin emas, birdan hammasini tushunganday bo‘ldi; xotinining ko‘zlaridagi surlikning sababini ham, kotibning «okasi jonidan» deb qiyqirishini ham, o‘zining nima uchun bu yerlarda yurganini ham, nima uchun sarsonu sargardon bo‘lganini ham, o‘zi kabi odamlarning nima uchun sargardonlikka mahkum etilganini ham. Uning birdan xo‘rligi keldi. Axir hammasi kunday ayon-ku, nega shu paytgacha fahmlamadi ekan? U o‘zining bolaligini, qahri qattiq va murosasiz otasini, xotinining egnidagi xorij kamzulini, onasining qora sholro‘molini esladi. U zinadan ko‘tarilayotganday xotiralardan sirli va mavhum yuksaklik tomon bir-bir ko‘tarilib bordi: u ko‘tarilgan joydan hammasi yaqqol ko‘rinardi, shuningdek, hammasi tushunarli edi.
U barcha savollarning javobi yashiringan tilsim bo‘lib qarshisida iddao bilan qad kerib turgan yumshoq charm qoplangan eshikka qarab yurdi, so‘ng xuddi aqldan ozgandek ikki yirik mushti bilan to‘satdan eshikni nog‘oradek ura ketdi. Anchadan so‘ng ichkaridagi ovozlar tinib qolgach va shivir-shivirlar boshlangach, eshikning qulf ekanligi esiga tushdi va orqaga o‘zini olib, rom va qulfni zarb bilan tepdi, eshik ikkinchi tepkiga dosh berolmadi. Saldan keyin u o‘zini serhasham qilib bezatilgan, o‘rtadagi stolda go‘sht qoldiqlari va araq shishasi turgan, junbish va ter hidi qoplagan xonada ko‘rdi.
Kotib eshikka yaqin kelib turardi – uning kostyumi yerda yotar, to‘zigan divanda esa esi og‘ganday serrayib qolgan, yuzi haddan tashqari oqarib ketgan, saylov arafasida u o‘quvchi qiz bo‘lsa kerak deb o‘ylagan nimjongina qiz o‘tirardi; u hansirab turgan ko‘zlarida junun o‘ynagan qorovulni ko‘rib o‘rmonda adashib qolib, nogahon o‘zini izlab yurgan otasini uchratgan va o‘pkasini bosolmay yig‘lab yuborgan arzanda qiz kabi birdan tirnalib qolgan yuzlarini bekitib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
Kotib esa xona o‘rtasida o‘zining azmi irodasidan biror marta chetga chiqmagan, o‘zi aytganidek xonaki to‘riq kabi yuvosh, fahmsiz, isliqi va aroqxo‘r, qulday itoatkor qorovulga g‘azab bilan qarab turardi, uning ko‘zlarida o‘ljasidan ayrilgan bo‘rinikiday ochko‘z va qizg‘anch bir ifoda yonardi; lablari g‘azabdan titrar, tugmalari uzilib tushgan ko‘ylagi ostidan esa do‘ppaygan qorni ohista ko‘tarilib tushardi – uning chehrasi hozir o‘zi turgan binoning peshtaxtasida hilpirayotgan bayroqday tahdidli qizarib ketgan, go‘yo bayroq peshtaxtada emas, jizzakilik va qiyiqlik bilan yonayotgan uning chehrasida hilpirayotganday edi.
– Siz mening onam haqida gapirdingizmi? – so‘radi qorovul xuddi qarz so‘rayotganday bir oz tutilib muloyim va zaharli ohangda.
– Xo‘sh, gapirsam nima qilibdi? – dedi kotib uning kirga botgan bo‘yniga qarab aytini bujmaytirarkan gapni bepisand kesdi. Keyin ko‘ylagining tugmasini o‘tkaza boshladi.
– Bir piyola quyib bersam, o‘z og‘zi bilan aytib beradi dedingizmi? – so‘radi qorovul yana ham yuvosh tortib olg‘a intilarkan.
– Nari bor, – baqirdi kotib orqaga tisarilib,– bo‘lmasa, pushaymon bo‘lasan!
– Chakki aytdingiz shuni, – dedi qorovul, – onam hurday ayol ekanini yaxshi bilardingiz… men sizga ming marta aytganman. Chakki qildingiz shuni…
U asta-sekin garang va karaxt qiyofada kotibga yaqinlasha boshladi, to‘satdan qo‘llari o‘rnida qon istab jaranglagan qilichlar o‘sib chiqqandek hamda ko‘zlari bitib, o‘rnida achimsiq go‘r hidi kelayotgan lahm ichiga yoqib qo‘yilgan bir juft ko‘rtaqir sham paydo bo‘lgandek daroz, naynov, tutoqqan holda maymoq yurish bilan kotibga tobora yaqinlashib borar, oldida o‘ziga hamon mensimay, qahr bilan takabburona qarab turgan odamni ushlab olib, bir yamlab yutib yuboradiganday vajohatda edi. Kotib unga bir muddat bepisand tikildi, keyin orqaga chekindi, nimadir izlab stol ustini paypasladi-da, so‘ng suvi yarim bo‘lib qolgan grafinni olib, chog‘langancha, go‘yo bir urishda bu so‘laqmonday gavdani parcha-parcha qilib yubormoqchidek qulochkashlab to‘g‘ri uning yuziga otdi…
Aqldan ozgandek sochi va kiyimlari bir holatda to‘zigan, qo‘rqqanidan yuzlari ko‘karib ketgan qizning almoyi-aljoyi so‘zlaridan nima gapligini zo‘rg‘a anglab, har ehtimolga qarshi tayoq tutgan uch-to‘rtta odam, qo‘liga hech qachon otilmaydigan to‘pponchasini qisib ushlab olgan inspektor va bosh hisobchi mehmonxonaga cho‘chinqirab bostirib kirganimizda dahlizda hamon oy shu’lalari o‘ynoqlardi: juda yaqin kishisi ketayotgan kemaning izidan ma’yus termilib bandargohda qolgan alvon kiyimli ayol kabi yoki bir necha soat oldin bu xonadan, bu dahlizdan, bu sodda va johil odamlar orasidan kishi aqli ham, shuuri ham yetmas qaylargadir qandaydir bir kema bosh olib jo‘nab ketganu uning harir va alvon yelkaniga hasad qilib o‘zi ham qaylargadir suzib jo‘namoqchi bo‘layotgan pardani deraza tirqishidan oqib kirayotgan shabada ohista hilpiratar, pol tagida chigirtkalar biri qo‘yib, biri olib tinmay hushtak chalardi, burni qonagan odamdek qulfi va romi titilib ketgan eshik ko‘pdan buyon bizlarni kutib turgandek lang ochib qo‘yilgan, xonada esa qonga belangan qo‘llariga grafinning bir parcha sinig‘ini xanjarday tutib olgan, to‘satdan boshlanib, hamma narsani ostin-ustin qilgach, o‘zidan keyingilarga chang-g‘ubor qoplagan dalaniyu shox-shabbalari singan daraxtlar bilan to‘zigan xazonlarni qoldirib so‘ngan bo‘rondek yuzida telbalik va jazava to‘nib qolgan qorovul divanda horg‘in ham mag‘lub alfozda o‘tirar, xonani qon va ter hidi tutgan, qon gilamdan sizib o‘tib, burchakdagi ochiq joyda halqob bo‘lib to‘planib qolgan, unda chiroqning aksi lipillar, grafin sinig‘i barmoqlarini tilib tashlagan qorovulning yuzida esa bir necha soniya oldin qilgan qotilligining muhridek bir tomchi qon qotib qolgandi.
O‘rtada esa bir muddat uxlagan-u, hozir uyg‘onib qoladigandek chap tirsagiga omonatgina bosh qo‘ygancha, o‘ziga o‘xshash va o‘zidek yashab o‘tgan, yashayotgan minglab, millionlab odamlarga umrni qanday yakunlash kerakligini bir ko‘rsatib qo‘ymoqchidek yoki o‘zi ko‘tarib oqqan umr jilg‘asi oylar osha, yillar osha qaylardadir adashib, uloqib suzib yurganu nihoyat cho‘l o‘rtasidagi havosida hamon junbish va nahsning do‘q-do‘q maromi saqlanib qolgan mana shu ovloq binoda yelkasida ko‘tarib yurishdan charchagan, uni o‘ng‘aysiz mag‘lub holicha tashlab, yer ostiga butkul singib ketganday labining bir chetida bir vaqtlar izidan o‘zidek o‘smir va takasaltang yigitlarni ergashtirib, ko‘chalarda janjal va to‘polon qilib yurgan paytlarida orttirgan tirtiq orasidan o‘ziga qo‘rquv va vahm bilan tikilib turgan ostonadagi odamlarning hamda o‘zini so‘qir tilamchidek avval bolalikning oftobro‘ya ko‘chalaridan, so‘ng yigitlikning turli mashmashalari va gunoh daraxtlari gullab yotgan o‘rmonidan va nihoyat bir sakrab o‘tilgan botqoq kabi qisqa ufunotga g‘arq aql-idrokning g‘arazga botgan to‘shagidan yetaklab o‘tgan va o‘zining o‘limi uchun ayanchli sahna tayyorlagan qismatining ustidan boplab kulayotgandek og‘zining bir uchida zaharxanda tabassum qotib qolgan va o‘ng qo‘liga go‘yo umr bo‘yi intilib yetishgan narsasi shuday ter va kirga botgan sarg‘ish soch tolasini changallab olgan kotibning sovugan jasadi yotardi…
1988 yil