Nargiza Asad. Oypari (hikoya)

– Kim qo‘shiq aytyapti? – so‘radim kompyuterda ishlayotgan Muqaddasdan.

U o‘girilib ochiq deraza tomon qaradi.

– Ha, umi, qo‘ysang-chi, – dedi beparvo.

To‘rt tomonim bahor bo‘lgay,
Moviy tushli nahor bo‘lgay,
G‘am ko‘ksiga ohor to‘lgay,
Men-la qolsang, Dildorajon…

Nazarimda, qo‘shiq xonaga mezon shabadasi yanglig‘ mayin oqib kirardi.

Ajabo, kim ekan u? Ovozi buncha hazin, g‘amgin.

Qo‘shiq biz turgan ko‘p qavatli uyning qo‘shni ayvonidan eshitilardi.

– Derazani yop, xalaqit beryapti, – dedi Muqaddas.

Istamaygina oynani yopdim. Endi qo‘shiq elas-elas eshitilar, ammo joyimdan jilolmasdim.

Muqaddas tabiatan o‘ziga ham, atrofdagilarga ham talabchan qiz. Peshonasi tirishib, doim bir nimalarni o‘ylab yuradi. Balki bilgani muhim bir narsadir? Har qalay, mnemonika, psixologiya, mantiqiy matematika atalmish fanlarni butun borlig‘i bilan qabul qiladigan bu qiz mendan chandon farq qilardi. O‘zimga kelsak, uning ta’biricha, o‘ta bo‘sh-bayovman, xayolparast, ko‘ngilchan.

Hozir ham kompyuterini chiqillatib yozib o‘tirgan qarindoshimga qarab, ikki qutbning odamlari bo‘lsak-da, bir xonada, bitta shahar va yagona shu olamda bizni birlashtirib turuvchi ko‘rinmas rishtalar borligini o‘ylab quvondim. O‘yimni chamaladi, shekilli:

– Nozi, yaxshi qizsan-u, vaqtning qadriga yetmasliging yomon-da, – deb qo‘ydi u.

– Nima qilibmiz vaqtni sovurib?

Uning ko‘zoynak ostidagi qisiq ko‘zlariga tikildim.

– Mana, kelganingga necha soat bo‘lyapti-ku, deraza oldida turib vaqtni sovurishdan bo‘lak hech narsa qilmading.

– Nega endi, ovozi yaxshi ekan.

– Qo‘ysang-chi! – qo‘l siltadi u. – Bir bedavo-da! Ko‘zi ko‘rmasa ham, ovozi olamni buzishini!

Deraza tomonga xavotir bilan qarab qo‘ydim.

– Ko‘zi ko‘rmaydimi? Voy bechora, shunga kasal deganmiding?

– Kasal demadim, bedavo dedim! – dedi u kesatib. – Bundoq so‘zning farqiga borsang-chi, raqamlarni tushunmaganingga yarasha, uning yuragi xasta, sening tilingda nima deyiladi, a, oshig‘u bedavomidi?

– Bopladiz, so‘zni farqlay oladigan matematik. Oshig‘u beqaror deyiladi. Bo‘pti, qani ayt-chi, sevib qolganmi hali yigit tushmagur, – dedim hamxonamning ro‘parasiga yaxshilab joylashib olarkanman. U bo‘lsa gapimiz hali tugamasligini bilib, odaticha, eshitmaganga oldi va kompyuteriga muk tushib, yozishga kirishdi.

– Menga qara, gapni boshladingmi, tugat-da endi, – dedim jahlim chiqib.

U bo‘lsa mug‘ombirlarcha ko‘zimga tikilib turdi-da:

– Mayli aytaman, faqat bozorlik qilib kelasan, – dedi shart qo‘yib.

– Xo‘p, qani ayt, – dedim shoshib.

Muqaddas bir zum derazaga tikilib qoldi…

* * *

Bugun ertalabdan yomg‘ir yog‘di. Kuzning salqin havosi etni junjiktirsa-da, yoqimli edi. Osmonning kulrang pardasini iymanibgina ko‘tar­­gan oftob fursat o‘tib asta borliqqa yana nurini yoydi. Shunday munis, shunday dilbar kunlarda negadir Yashar haqida o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. To‘g‘rirog‘i, uning qalbidagi g‘alayonlari, iztiroblari mening yuragimda kechayotgandek edi. Har gal bir devor narida u ezilib kuylardi, munglig‘ she’r aytardi. Bir devor berida esa sel bo‘lib uni eshitardim.

Dunyo shunday hazin bo‘lar,
Ketishimga izn bo‘lar,
Yolg‘onlaring bil, chin bo‘lar,
Mendan ketsang, Dildorajon…

Muqaddasdan uning Dildora ismli qizga oshiq bo‘lib qolganini eshitganimdan beri behalovatman. Qorachiqlaridagi besaranjomlikni berkitib turgan quyuq kiprikli, bo‘ychan, mo‘ylablari endigina sabza urgan tiniq yuzli bu bo‘z bolaning azbaroyi xafa bo‘lishini, uni xafa qilishlarini istamasdim.

U bilan tanishishim kutilmaganda ro‘y berdi. Ko‘chaning bir chetida xazon uyumlarga tikilib o‘tirgan yigit oldidan o‘tib ketarkanman, u boshini xiyol ko‘tardi. Bu o‘sha yigitmikin, degan xayolda qadamimni sekinlatdim. Salom berdi. Negadir tanish bo‘lmasak-da, shu tobda u bilan gaplashgim keldi. U ham shuni kutgandek o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi.

– O‘tiravering, bezovta bo‘lmang, – dedim unga yaqinlasharkanman.

– Mayli, siz Muqaddas opanikiga kelgansiz-a? – deya so‘radi yuziga tabassum inib.

Ajablandim.

– Ha.

– Hayron bo‘lmang, zinadan chiqib-tushganingizda qadam tovushingizdan bilgandim, bu yerlik emasligingizni, – dedi u muloyim.

Hayratim yanada oshdi.

– Ismingiz nima? – dedi u.

– Nozima opa desangiz ham bo‘laveradi, – dedim uning yoniga cho‘kib.

– Meniki Yashar. Buvim qo‘ygan bu ismni. Meni ko‘p yashasin deganlar-da.

– Chiroyli ovozingiz bor ekan, uni asrang. Bu Xudoning sizga ne’mati.

– Buvimga o‘xshab gapirarkansiz, opa. Sizga qo‘shiqlarim yoqdimi? To‘g‘risi, ko‘p qavatli uyda baralla kuylashning imkoni yo‘q. Ammo aytgim kelganda, nimagadir hamma narsani unutaman. Faqat…

U shunday deb yerga qaradi.

Yashar men bilgan kishilarga o‘xshamas, shu qadar beg‘ubor ediki, qanday qilib billur idishdek sof yuragini saqlay olganiga lol edim.

O‘sha kundan keyin biz u bilan ko‘cha-ko‘yda gaplashib turdik. Hassasi bilan tevarakni chamalaydigan, olamni quloqlari bilan eshitib tasavvur qiladigan Yashar men uchun bu dunyoning tilsimiga aylandi. Chunki har safar uni yanayam tushuna bosh­lar, musiqaga, adabiyotga qiziqishi, bilimdonligi, xotirasining favqulodda kuchliligi unga nisbatan mehrimni oshirardi. Opa-ukadek bo‘lib qolganimizdan Yasharning oilasidagilar, ayniqsa, onasi xursandligini bilardim. Lekin ko‘pchilik, Muqaddasdan tortib, boshqa qo‘ni-qo‘shnilar bizni birga bog‘ni sayr qilishimizni, soatlab gap­lashib o‘tirishmizni, unga kitob o‘qib berishimni negadir hazm qilolmasdi. Yashar kuchli, irodali yigit edi. U o‘zini ruhan bardam tutar, sira nolimasdi. Ko‘rishganimizda “Ra’no”, “Tango”, “Umid”, “Xayolimda” kabi qo‘shiqlarni maroq bilan aytar, yana yangi musiqalari, ularning xomaki parchalaridan kuylab berardi. Keyin hamma qo‘shiqlari muhabbat haqidaligini aytib, ma’yus bo‘lib qolar, to o‘zi aytmaguncha men ham botinib yuragi tubidagi dard haqida so‘ramas edim.

– Siz hammasini bilasiz-ku, – dedi u bir kuni dabdurustdan.

Indamadim, zero, yolg‘on gapirolmasdim.

– Dildora bilan musiqa maktabiga birga borardik. U fortepiano bo‘limida o‘qirdi. Juda yaxshi chalardi. Men qo‘shiq kuylardim… Lekin uni uydagilari o‘qishga yubormay qo‘yishdi, – dedi u qovoqlarini uyib. Keyin bir yutindi-da, yana so‘zida davom etdi. – Bir gal ko‘chada dadasining ovozidan tanib, “Dildorani musiqadan ayirishingiz jinoyat”, dedim. U bo‘lsa, jahl bilan: “Bosh­qa yo‘limdan chiqma, bola!”, dedi. Ko‘rmasam ham bilaman, u buni nafrat bilan aytdi. Shunda tushundimki, otasi men uchun uni san’atdan ayirgan. Qarang, bu, axir, jaholat-ku?! – dedi ovozi titrab.

Shu tobda uning qorachiqlari tez-tez aylanar, vujudini hayajon qamragandi. Men uni tinchlantirishga urindim.

– Sen to‘g‘ri gapirgansan, shunday qilgan bo‘lsa, u rostdan ham johil ekan. Xafa bo‘lma, istasang Dildora bilan gaplashib ko‘raman.

Yashar birdan qaddini tutdi.

– Rostdanmi, siz uni taniysizmi? Tanimasangiz ham bir ko‘rishda bilasiz uni. Chunki u mana shu shahar, yo‘q dunyodagi eng chiroyli qiz. Yana shunaqangi go‘zal kuylar chaladiki, tinglab maza qilasiz.

* * *

Tun ko‘kish ro‘molini osmon gumbaziga o‘ragan pallada qandaydir bir notanish qush sayrardi. Bu sas katta yo‘lning narigi tarafidagi qalin daraxtzor tomondan eshitilar, tun pardasini yorib chiqayotgan qushning nolasi ko‘nglimga shu lahzada iztirobga qorishiq g‘ussa solardi. Yaxshiyamki olamda soz va so‘z bor. Yo‘qsa, zimiston tun bag‘ri shu qush ovozisiz, tillar so‘z sehrisiz qolardi.

Tunchiroqqa tutib kitob o‘qirkanman, mutolaadagi zavqimni Muqaddasga ham ilingim keldi. U hozir xotirani mustahkamlash mashqlarini qilar, allaqanday tushuniksiz rasmlar solardi.

– Eshit, mana bu ajoyib afsona ekan, – dedim kitobdan bosh ko‘tarmay.

– Nima haqda? – so‘radi u qiziqroq mavzudamikin degan niyatda.

Mavzuni aytsam rad etishini o‘yladim-da, pinak buzmay afsonani o‘qiy boshladim.

“Qadim zamonda Oypari ismli bir go‘zal qiz yashagan ekan. Uning husni o‘n sakkiz ming olam ichra yagona bo‘lib, oshiqlar tunu kun uning jamolini ko‘rmoq umidida hasrat chekisharkan. Oypari qanchalik mehribon, ko‘rkam bo‘lsa, otasi shunchalik qahri qattiq ekan. Qiz balog‘atga yetib, yuzi ollanib, chiroyi olamga tenglashib borsa-da, ko‘ngil qulfini birovga ochmabdi, hech kimsaga sirini sotmabdi. Oshiqlari soni ortib, g‘am-g‘ussa tortib yurgan zamonda qizning dili kutilmaganda mashshoq yigitga tushibdi. Yigit dunyoni qo‘shiqqa to‘ldirib, qizning ko‘chasidan kuylab o‘tar, Oyparining unga maftunligi ortaverarkan. Har gal yigit kuylaganda qiz o‘zini darchaga urar, uni ko‘rmoq umidida o‘zini unutar ekan. Yigit ham qizning jamolini ko‘rmoq umidida uning ko‘chasida sarson-sargardon yuraverarkan. Ko‘p o‘tmay, bu holdan badjaxl ota, do‘stu ag‘yor xabar topibdi-yu, mashshoq yigit bexabar qolibdi. Xabar topib, qiz oldiga yashindek uchganida esa, darg‘azab ota qizini uy qafasiga solgan, Oypari qanchalik suluv bo‘lsa, qafas ham shunchalik bejirim, tilla to‘siqlar bilan bezatilgan ekan. Shundan keyin bir-biridan batamom ayrilgan oshiq va ma’shuqlar tunu kun bir-birini kuylab, ichikib o‘tibdi. Bora-bora qiz yolg‘izlikda ko‘kdagi oyga, yigit esa o‘z o‘tida yonib yurgan oftobga evrilibdi. Yer asrlar bo‘yi gir aylansa-da, bu oshiqlar bir-biriga yeta olmas, Oypari chor atrofi yulduzli nur qafasida, mashshoq yigit esa tongi oq, shomi qirmizi yolg‘iz kunlarda g‘ussaga to‘lib yashab yuraverarkan”.

– Qara, xuddi Yasharning qismatiga o‘xsharkan-a? – dedim Muqaddasga.

Ammo dugonam allaqachon uxlab qolgan, sochlari boya o‘zi chizgan rasmlar uzra yoyilib yotar, shu onda falak uzra Oypari ham unga kulimsirab qarayotgandek edi.

* * *

U qo‘shiq kuylardi. Bu qo‘shiqqa sentyabrning birda hazin, birda orombaxsh kunlari ham jo‘r bo‘lar, derazaga yuz bosgan daraxtlar zangor va sariq yaproqlari bilan xonandani go‘yoki olqishlar, shu tobda butun tabiat unga jo‘r bo‘lar, chamamda faqat mana shu alvon olamgina uni tinglar, yigit ko‘ng­lini ulkan bir qalb bilan tushunardi.

Yurak asli qafasdadir,
Isming o‘tlig‘ nafasdadir,
Sensiz ruhim bir xastadir,
Mendan ketsang, Dildorajon…

– Obbo, yana boshladimi bu? – dedi Muqaddas derazalarni mahkam berkitarkan.

– Nega yopasan, eshityapman, axir? – derazaga yaqinlashganimda Muqaddas ro‘paramda turardi.

– Menga qara, Nozi, mazang joyidami ishqilib. Oxirgi paytlar shu bedavo bilan gaplashaverib, sal boshqacha bo‘lib qoldingmi deyman?

– Bu nima deganing, uyalmaysanmi, axir, u e’tiborga muhtoj bola. Nimasi yoqmayapti senga?

– Bir menga emas, hech kimga yoqmayapti. Kecha dadam ham: “Nozi u bilan ko‘p ko‘rishavermasin, har qalay kap-katta qiz. Menga ortiqcha gap-so‘z kerakmas”, dedi. Xo‘sh, nima qilasan shu be… shu bola bilan uchrashib. Xudo uni shunday yaratgan bo‘lsa, nima qilish kerak endi.

– Menga qara, tog‘amga ayt, biz u bilan shunchaki opa-ukadek gaplashamiz. Uni tushunadigan odam kerak. U faqat eshitadi, senu bizga o‘xshab ko‘rishdan mosuvo. Shunchaki, odamgarchilik yuzasidan qilaman buni.

– Xo‘p, tushundim deylik. Lekin hamma narsada me’yor bor. Ana onasi, uka-singillari olib yursin. O‘zi qo‘shiq aytib, hammani bezor qilgani yetar. Qo‘shnilar ko‘ngli yarim deb indamayapti, boshqa bo‘lganida yig‘ishtir ting‘ir-ping‘iringni derdi allaqachon.

Gapirishga og‘iz juftlagan ham edim, ko‘cha tomondan shovqin eshitildi. Nazarimda, ovozlar Yasharlarning derazasi tomondan kelar, o‘shqirayotgan erkak kishi edi. Muqaddas shartta derazani ochdi.

– Menga qara, sen bola yaxshi gapga tushunmaysan, shekilli. Onangga aytdim, senga aytmadimi? Jo‘jaxo‘rozga o‘xshab qichqirmasin, dedim. Yana Dildorajon emish. Nima, qizim senga ermak bo‘ldimi? Ko‘zing bo‘lganda ko‘rsatib qo‘yardim! Yana bir marta qizimni tilga olganingni eshitsam, o‘zingdan ko‘rgin bola. Shu yurishing kamlik qilayotgan bo‘lsa, ovozingni chiqmaydigan, qulog‘ingni eshitmaydigan qilib qo‘yaman!

Qo‘shni eshikning “tarsss” etib yopilganidan hushimga keldim. Rangim oqarib ketdi, shekilli:

– Nozi, yaxshimisan? – dedi Muqaddas aft-angorimga tikilib.

Men esa shoshgancha Yasharning uyiga chopdim. Ayvonga qanday yetib borganimni bilmayman. Ichkariga kirdimu, burchakka tiqilib olgancha unsiz yig‘layotgan sho‘rlik onaizorni, ayvon oldida esa qo‘llari musht bo‘lib, yuzi qizargan, tanasi titrab, qorachiqlari ko‘z kosasida tinmay aylanayotgan Yasharni ko‘rdim…

* * *

O‘ylab ko‘rganmisiz? Agar dunyo bitta rangda bo‘lganida u qanday bo‘lardi? Meningcha, sariq. Chunki hayot sinovlari, iztiroblari, ko‘zyoshlari bilan shu rangda. Kulgularning siniqligi, tushlarning ro‘yoligi, kechaning armoni-yu ertaning nasibasi ham aynan sap-sariq.

Tog‘amnikiga bormaganimga yillar bo‘ldi. Oila, bola-chaqa bilan o‘zimni ovutdim. Bugun esa shu tomonga yo‘limni burdim. Tanish mahallaga kirarkanman, yuragim bir orziqdi. O‘shanda ham bu makon xazonrezgiga to‘la edi. Tevarakda tanish bir iztirob kezar, u derazalardan toshib ko‘chalarga, gulzorlarga, undan o‘tib ko‘ngillarga kirib borardi. Aniqrog‘i, g‘am-g‘ussali kunlarini yomg‘irlari yuvib yuboradigan azim bu shaharchada yashovchi toshyuraklarning emas, ikki dilning ardog‘ida yashardi bu tuyg‘u.

O‘sha kuni Muqaddas bilan to yarim tungacha gurunglashib o‘tirdik. O‘tgan-ketganni esladik. Tabiiyki, Yasharni so‘radim. Ko‘zini chet elda davolatishganini, hozir ham o‘sha yerda o‘qiyotganini aytdi. Yuragim bir qalqdi. Ayniqsa, shuncha ko‘rguliklariga yarasha shifo topayotganini, o‘sha qattiq iztiroblari ko‘rish qobiliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini, shifokorlar esa buni tibbiyotda kamyob hodisa, deb aytishganini eshitganimda mijjam sevinchdan namlandi.

Dildora-chi, dersiz? U ham bir to‘kis baxt egasidir, kim bilsin. Uni hatto ko‘rmadim ham. Ota-onasi uydan chiqishini man etib, boyoqishni qancha azobga qo‘yishdi ekan o‘shanda. Dilida ne gap bor edi, qorong‘uligicha qoldi. Nima bo‘lganda ham u dunyosi zimiston bir yigitning hayotiga nur bo‘lib kirgan, o‘ta nozik, kulgulari shaloladek, yuragi moviy osmondek tiniq qiz bo‘lgani aniq. Yo‘qsa, uni Yashar bu qadar sevib qolarmidi?!

Matematik dugonamga kelsak, u negadir bosh­qacha bo‘lib qolgan, hayotni raqamlar shaklida ko‘radigan qarindoshim tushmagur endi biroz o‘ychan, o‘ziga o‘xshamasdi.

Ko‘zim ilinibdi. Nogahon qandaydir tovushdan uyg‘onib ketdim. Vaqt allamahal bo‘lgan, ko‘kdan oyning nuri uy ichini to‘kis yoritar, ochiq derazadan chigirtkalar xonishiyu daraxt­zor tarafdan tun qushining sayrog‘i quloqqa elas-­elas chalinar, biroq hozir tun saslari qulog‘imga kirmas, zero, ne ko‘z bilan ko‘rayki, deraza oldida Muqaddas ko‘kdan ko‘z uzmay, mahzun-mahzun xirgoyi qilardi:

Sen ishqdirsan, yuragimning gavhari,
Sokin dilim erur mulki – zargari.
Holim toshlar bildi, bir sendan bo‘lak,
Boqqil, menman hamon o‘shal – Oypari…

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 38-son