Telefon jiringladi. Dars tayyorlab o‘tirgan Rustam bo‘ynini cho‘zib narigi xonaga qaradi. Onasi trubkani olib kim bilandir gaplashdi.
— Yana-ya?! Qachon? — dedi u norozi ohangda. Keyin trubkani asta joyiga qo‘ydi-yu, bir zumda g‘amgin bo‘ldi qoldi. Anchagacha divanda harakatsiz o‘tirdi. Keyin turib karavot tagidagi katta chemodanni tortib oldi. Shundagina Rustam dadasining yana komandirovkaga otlanishini angladi.
Oqshomga yaqin eshik ochilib ostonada dadasi ko‘rindi.
— Tayyor bo‘ldimi, kech qolyapman axir, — dedi u kira solib.
— Hozir, dadasi, axir o‘nta qo‘lim yo‘q-ku… Borarsiz shoshayotgan yeringizga…
Rustam onasining ovozida allaqanday zarda sezdi. Odatda shunday zardali gaplardan keyin Rustam uchun tashvishli kunlar boshlanardi: ota-ona arazlashib bir-biri bilan Rustam orqali muomala qilishardi. Arazlashgan er-xotinning bir-biriga otgan nayzasi avvalo Rustamga tegib o‘tardi. Shuning uchun ham u zardali gaplardan bezib qolgan edi. Onasining hozirgi gapi ham Rustamni zirillatib yubordi. Dadasi javob aptishga ulgurmay uning qo‘liga yopishdi.
— Dada, menga nima olib kelasiz, — deb so‘radi u javobga og‘iz juftlagan dadasiga.
— Qani xonangga marsh, darsingni tayyorla, — dadasi shunday deb uning orqasiga shapatiladi-da, xonasiga yo‘l ko‘rsatdi.
Rustam xo‘rsiidi. Qo‘lini stolga ustma-ust qo‘yib iyagini tiradi. Kitobga qaragisi ham kelmadi. Yo‘q, u dadasining po‘pisasidan, savolining javobsiz qolganidan o‘ksidi. Chunki «nima olib kelasiz» deganida, dadasining «nima olib kelay» deya so‘rashini kutgan edi. Lekin… dadasi so‘ramadi. So‘raganida edi… So‘ramasa ham mayli. Har holda onasi bilan arazlashib qolmadi-ku…
Rustam bir amallab darsini tayyorlab bo‘ldi. Kitob-daftarlarini yig‘ishtirib narigi xonaga chiqdi. Bu vaqt dadasi jo‘nab ketgan, onasi oshxonada kechki ovqatga «jiz-biz» qilardi.
— Rustamjon, darsingni qilib bo‘ldingmi, o‘g‘lim, balki yordamim kerakdir, — so‘radi onasi.
— Yo‘q, qiynalmadim, darsni yaxshi tushungan edim, — dedi Rustam.
Shu vaqt eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi.
Rustam chopib borib eshikni ochdi. Qarasa buvisi. U xursandligidan qichqirib yubordi. «Onajon, buvijonim keldilar, buvijonim keldilar», — deya oshxona tomon chopdi.
Oshxonadan qo‘llarini peshbandiga artgancha onasi chiqdi.
— Voy, onajon keling, yaxshimisiz, tan-joningiz sogmi, — onasi biriga javob olmay ikkinchi savolni berarkan, bunisiga ko‘rpacha soldi.
— Ko‘rib turibsanu bolam, otdakman. Qarigan sayin kuchga to‘lyapman chog‘i, uchinchi tominggayam hech qiynalmay chiqdim, — fotihaga qo‘l ochdi va: — tan-jonlaring sog‘ bo‘lsin, Rustamjonam katta yigit bo‘lib yursin, to‘ylarini ko‘ray, — deya qo‘llarini yuziga tortdi.
— Rustamjop bolam, o‘qishlaring yaxshimi? — so‘radi pinjiga kirib olgan Rustamdan buvisi.
– Yaxshi deysiz-qo‘yasizmi, nuqul beshga o‘qiyapti buningiz, — dedi onasi Rustam uchun javob berib.
– Balli o‘g‘lim, balli, — buvisi erkalab Rustamning sochlarini siladi, — Nechuk, bunday kechda bizlarni yo‘qlab qolibsiz, tinchlikmi? — so‘radi onasi.
— Hah, bolam-a, shu tush ko‘ribman degin. Muqul yig‘larmishsanu sababini aytmasmishsan… Shunga o‘zimni bosolmay, ukang kelishi bilanoq uyni topshirib bu yoqqa jo‘navordim. O‘zing tinchmisan ishqilib, ering ko‘rinmaydi…
— Komandirovkaga kettilar… — opasining tovushida ma’yuslik borligini Rustam sezdi.
Rustam charchadi, esnog‘ tutdi. Onasi uni uxlashga qistadi. Rustam buvisidan ajralishni istamaygina o‘rnidan turdi.
— Kirib uxlayver, bolam, ketib qolmayman, — ishontirdi uni buvisi.
Rustam o‘rniga kirib yotdi, lekin uyqusi kelmadi. Onasi bilan buvisiniig o‘zaro sekin-sekin gaplashishayotgani va ayniqsa, onasining yig‘lamsirab aytayotgan so‘zlari eshitila boshladi.
— Turmush qurganimizga mana necha yil bo‘ldi. Ammo shuncha vaqtdan beri tug‘ilgan kunim bilan tabriklash esiga kelmaydi. Har yili bu kunni orziqib kutaman… lekin kutgan kunim dilxunlik bilan o‘tadi… Chunki kuyovingiz yo komandirovkada bo‘ladi, yo indamay kirib keladi-yu, ishiga sho‘ng‘iydi. Dardimni yutib o‘tiraveraman. Indinga tug‘ilgan kunim, kuyovingiz bo‘lsa yana ketdi… Nima qilay, meni tabriklang, sovg‘a keltiring deymi… Yo‘q, deyolmayman. O‘zi bilishini, sezishini istayman. U bo‘lsa shunaqangi loqaydki… Nuqul ishini o‘ylagani-o‘ylagan. Menku mayli-ya, Rustamjonni ham o‘ylamaydida, o‘g‘li borligini hatto unutib qo‘yganday…
«Eh, — birdan o‘ylab qoldi Rustam, — mana endi bildim onamning nimaga xafa bo‘lganini… Mengagina sovg‘a olib bermaydi desam… Nima qilsam ekan? Tug‘ilgan kunlariga biror narsa sovga qilsam qanchalik quvonardilar… Lekin pulni qayerdan olaman? Buvimdan olsam-chi? Ha, buvimdan olaman».
U xayol girdobida qanday uyquga ketganini ham sezmadi. Cho‘chib uyg‘ondi. Uyda hech kim yo‘q edi. Onasi xat qoldiribdi. «Rustamjon, bufetda yumshoq non, qaymoq bor, choy sochiqning tagida. Biz buving bilan ketdik, maktabga kech qolma».
Rustam endi pulni qayerdan olishni bilmay o‘ylanib qoldi. Birdan sopol mushukni esladi. Mushukni olib silkita-silkita uch-to‘rtta tanga tushirdi. Kami bir so‘m ekan. Pulni chuntagiga soldi. Shosha-pisha nonushta qilgach, tashqariga otildi.
U maktabga kelgan zahoti o‘rtoqlari Dilshod bilan Murodning sovg‘a masalasidagi fikrlarini bilmoqchi bo‘ldi.
– Menimcha atir, — dedi Rustamning muddaosini eshitgan Dilshod.
— Be, bunikisiz ham atirlari ko‘pdir, keyin atir kip-kichkina bo‘ladi, — e’tiroz bildirdi Murod, — menimcha sovg‘a kattaroq, uyga kiraverishda ko‘zga tashlanib turishi kerak.
— Axir katta sovg‘aga pulni qayoqdan olaman? — dedi Rustam cho‘ntagidagi bir so‘mni ushlab qo‘yarkan.
— Ha-ya. — hafsalasi pir bo‘ldi Murodning.
— Menimcha, eng yaxshi sovg‘a, gul — bu ovoz Salimaniki edi.
— To‘ppa-to‘g‘ri, nega boyadan beri xayolimizga kelmadi-ya…
Rustam onasiga gul sovg‘a qiladigan bo‘ldi. Orziqib kutilgan kun keldi. O‘sha kuni Rustam sinfdan chiqdi-yu to‘g‘ri maktab gulzoriga o‘tdi. Bog‘bon buvani izlab topdi-da, pulini uzatdi.
— Buva, shunga gul bering, judayam kerak… — o‘tinib so‘radi Rustam.
Buva dam Rustamga, dam uning qo‘lidagi tangalarga qaradi. Keyin og‘zidagi nosvoyini bir chetga tufladi-da Rustamdan so‘radi: Nega kerak bo‘lib qoldi, a, o‘g‘lim?
— Haligi, bugun onamning tug‘ilgan kuplari edi, gul sovg‘a qilmoqchi edim…
Rustam hamon pulni bog‘bon buvaga uzatgan ko‘yi turardi.
— Pulingni cho‘ntagingga solib qo‘y, — buva shunday deb gulzor ichiga kirib ketdi…
Rustam bir dasta gulni quchoqlab uyga chopdi. «Onamning ish vaqti tugashiga hali ancha bor, ulguraman», deb o‘yladi. Uyga kirib guldon topib chiqdi va unga gullarni chiroyli qilib solib qo‘ydi. O‘zini sal orqaga olib gullarga qaradi. Nazarida uy mana shu gullar bilan judayam ochilib ketgan edi. «Endiyam xafa bo‘lib ko‘rsinlarchi», o‘yladi Rustam.
Birdan Rustam labini tishlab o‘ylanib qoldi. «Axir onam mendan emas, dadamdan xafa bo‘lyapti-ku! Gulni dadam hadya qilishi kerak edi!.. Rustam ko‘rsatkich barmog‘ini tishlaganicha uzoq o‘ylandi. Nihoyat yo‘lini topdi. Ammo uning bu «topishida» yolg‘on bor edi. Lekin Rustam buning fatvosini biladi. O‘qituvchisi «yaxshilikka xizmat qilsagina, ba’zan yolg‘on ham gapirish mumkin», degan edi-ku!..
Rustam to‘rttala xonani ham supirib-sidirib bo‘lganida eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. U borib eshikni ochdi-da, tezda iziga qaytdi. Ajratib qo‘ygan bir dona qizil gulni olib, onasiga peshvoz chiqdi. O‘zini komandir oldida turgan soldatday g‘oz tutib tantana bilan so‘zladi:
— Onajon, sizni tug‘ilgan kuningiz bilan tabriklaymiz. — Rustam shunday deya gulni onasiga tutqazdi.
Onasi aftidan bunday bo‘lishini kutmagan edi… Rustamni bag‘riga bosdi, yuz-ko‘zlaridan o‘pdi.
— Rahmat, o‘g‘lim, rahmat… — onasining ko‘zlarida sevinch yoshlari ko‘rindi,
— Ie, tug‘ilgan kunidayam yig‘laydimi, axir biz xafa bo‘lamiz, — Rustam qo‘llari bilan onasining ko‘z yoshlarini artdi.
— Shoshma-shoshma, axir sen bir o‘zingsan-ku, nega hadeb «biz-biz»laysan… — deb so‘radi onasi.
— Nega bir o‘zim bo‘lay, gul dadam ikkalamizdan sovg‘a, — Rustam oldindan o‘ylab qo‘ygan so‘zlarini ayta boshladi.
— Dadang keldimi?
— Yo‘q, ertalab siz ketgandan keyin telefon qildilar. «Bugun onangning tug‘ilgan kuni, hozircha ikkalamizning nomimizdan gul sovg‘a qil, sovg‘aning kattasini o‘zim olib boraman», deb aytdilar, — dedi Rustam yana hech bir tutilmay.
— Voy Rustamjon, rostdanmi? — onasi yana uni bag‘riga bosdi, — xayriyat, dadangga insof beribdi, rahmat… Dadang tug‘ilgan kunimni bilmaydi, deb yurardim, bilar ekan-ku!.. — onasi shunday deya yana ko‘ziga yosh oldi, bu uning xursandligidan edi.
Rustam onasini bunchalik xursand qilganidan nihoyatda quvonib ketdi. Onasi Rustamni qo‘yib yubordi-da, guldondagi gullarni qo‘sh qo‘llab ushlab hidladi.
— Qanday chiroyli, qanday xushbo‘y-a!.. Voy o‘zimning o‘g‘ilginamdan… — U yana Rustamning yuzlaridan o‘pdi-da ichkariga kirib ketdi.
Rustam stol ustiga chiqib mushukni oldi va tangalarni bir-bir tashlay boshladi. Shu payt onasi chiqdi.
— Ha, Rustamjon, nima qilyapsan?
— Dadam telefon qilgach gul uchun bir so‘m olgan edim, solib qo‘yyapman. Axir pulim yo‘q edi-da! Lekin baribir gulchi buva pulimni olmadi…
— Demak gulchi buva yaxshi odam ekan, — dedi onasi.
Shu kuni ularnikida katta bayram bo‘ldi. Buvisi, tog‘asi, yana ko‘pgina mehmonlar kelishdi, Bu bayramda birgina dadasi bo‘lmadi…
Rustam endi dadasini betoqatlanib kuta boshladi. Lekin u o‘ylaganday bo‘lmadi. Uyga kirib kelgan dadasini ogohlantirishga ulgurmadi. Rustam labini tishladi. Dadasi chemodanini divanga qo‘yib ochdi. Rustam onasiga qaradi, onasi judayam xursand edi.
Rustam dadasining chemodan ochishidan, «rostdanam sovg‘a olib kelibdilar shekilli», deb o‘ylagandi, lekin… Dadasi chemodanidan geolog asboblarini, kitob-daftarlarini oldi. Onasiga «kiyimlarimni yuvib qo‘y, kir bo‘lib ketdi» degach, xonasiga kirib ketdi. Rustam beixtiyor yana onasiga qaradi. U xomush bo‘lib qolgan edi…
Rustam dadasining orqasidan yugurib kirdi-da, eshikni, zichlab yopdi. Dadasi uning bu qilig‘idan hayron bo‘lib tikilib qoldi…
— Dada… siz yo‘qligingizda oyimning tug‘ilgan kunlari bo‘ldi. Buvim, tog‘am, kelinoyimlar kelib hammalari tabriklashdi. Siz hecham tabriklamas ekansiz… Oyimning buvimga yig‘lab shunday deganlarini eshitib qoldim. Keyin ikkalamiz uchun gul sovg‘a qildim, keyin, keyin…
— Xo‘sh, xo‘sh… — dadasi unga yaqinlashib keldi.
— Keyin, — Rustam dadasi uchun qilgan ishlarini aytib berdi. — Axir tug‘ilgan kunlarida yana xafa bo‘lmasinlar devdim-da…
Dadasi tiz cho‘kib Rustam bilan bo‘y barobar o‘tirar ekan, o‘g‘lini endi ko‘rayotganday tikilib qoldi. Nazarida o‘g‘li katta bo‘lib qolganday edi. U o‘g‘li anglab yetgan nimalarnidir o‘zi tushunmaganligini fahmladi. Bir zum nigohini pastga qadab xayolga toldi. Ammo mana shu bir zum ichida juda ko‘p narsalarni o‘yladi. Keyin sekin o‘rnidan turib eshikni ochdi. Rustam ham unga ergashdi.
Onasi divanda xomush o‘y surib o‘tirar, ko‘zlarini pastga qadagan edi. Dadasi ohista yurib, uning yoniga o‘tirdi. O‘g‘lining borligini ham unutib, xotinining yelkalaridan ushlab, o‘ziga qaratdi… Rustam onasining ko‘zlarida nam ko‘rdi…
Dadasi onasiga nimalardir dedi. Qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. Rustamni imlab ko‘rsatib bir nimalarni gapirdi. Onasining yuziga tabassum yugurdi…
Rustam onasini hech qachon bunday xursand ko‘rmagan edi…