Bekat. Ustida moviy gumbazi bor. Ixcham shiyponchasining ikki tomonida bittdana jimjimador kichkina do‘kon. O‘ng tomondagisi hozir berk. Chapdagisi esa ochiq. Peshtaxtalari anvoyi shirinligu tamakilarga to‘la. U yerdan so‘zlarini tushunib bo‘lmas zamonaviy qo‘shiq taraladi. Do‘kon ichida o‘tirgan, boshiga qimmatbaho telpak kiygan o‘n sakkiz-yigirma yoshlardagi ozg‘in, rangpar yigitcha og‘zidagi saqichini hafsala bilan chaynaydi, jag‘ining qimirlashini ataylab kuy ohangiga solayotgandek.
Chap tarafdagiga do‘konga yaqinroq o‘rnatilgan o‘rindiqda o‘rta yoshlardagi ikki ayol gaplashib o‘tirishibdi. Ularning biri havo iliq bo‘lishiga qaramay, jun ro‘molini qariyb og‘zini ham to‘sar darajada aylantirib o‘rab olgan. Biri esa jun qalpoq kiygan, barrali paltosining ichidan yelkasiga tashlab olgan guldr ro‘moli ko‘ksida ko‘rinib turibdi. Ikkisining ham tizzasida ro‘zg‘orbop sumka bo‘lib, qo‘llarini uning ustiga qo‘yib olishgan. Ularning gaplarini ilg‘ash qiyin, atrofdagilardan andisha qilibmi, sekin-sekin gaplashishadi. Gap orasida bir-birlariga xiyol jilmayib, bekatga kelib to‘xtagan avtobuslarning peshonasidagi raqamiga birrov ko‘z tashlab qo‘yishadi. Aftidan ular yo shoshilishmasdi, yoki ular kutayotgan avtobus juda siyrak yurishini bilganlaridan bemalol o‘tirishardi.
Ayollardan o‘ngroqdagi qotmadan kelgan novcha odam hadeb u yoqdan-bu yoqqa borib keladi. Egnida ohori to‘kilgan palto, boshidagi chuchvaramonand kichkina shlyapasi ham ancha uringan, uning ostidan chiqib turgan o‘siq qora sochlari jingalak bo‘lib, paltosining yoqasi osha yelkasiga qayrilgan. Qo‘lidagi jomadoncha (diplomat) ishlatilaverib eskirganidan oqshayib, yaltirab ketgan. U ko‘zlarini qariyb yerdan uzmay, qisqa qayrilishlar bilan jonsarak borib-kelaveradi. Har zamon-har zamonda yuqoriga ko‘tarilgan nigohi atrofga parishon boqadi, kerakli avtobusning kelishini orziqib kutadi.
Bekat shiyponchasidan pastga — avtobuslar to‘xtaydigan yerga tushib olgan savlatdor odamning boshi go‘yo hech qayoqqa burilmaydi. Uning ustida qora charm kurtka, boshida qo‘g‘dek yaotiroq telpak. Bo‘ynidagi qalin yungdor sharf iyaklarini yashirgan. Lo‘ppi, qizg‘ish yuzida hayotga tashnalik butun bo‘y-basti bilan ufurib turibdi. Uning buutn borlig‘i oftob nurida go‘yo jilva qilayotgandek tuyuladi. Ikki qo‘li ham charm kurtkasining cho‘ntagida, qorni gavdasiga mutanosib ravishda bo‘rtib chiqqan va gavdasini tik tutmoq niyatida orqaga tashlangan yelkaga mos, jag‘i ham xiyla yuqoriga ko‘tarilgan. U ham kutmoqda, biroq ishonch bilan kutmoqda. Bu ishonch shundayki, oldiga kelib to‘xtayotgan avtobuslardan biroz o‘zini chetga oladi-da, na avtobusning manglayidagi raqamiga e’tibor beradi va na uning ichidagi odamlarga qaraydi, to u yurib ketguncha yo yonboshiga, yo orqasiga butun gavdasi bilan o‘girilib oladi.
Chap tarafdan, katta yo‘lning cheti bo‘ylab bir yigit bekatga keldi-da, shiyponchaga chiqmay, pastda to‘xtadi. Har qimirlaganida shildiragan ovoz chiqaradigan kurtkasining oldi ochiq, yalangbosh, sochi kalta qilib taroshlangan. U tinmay pista chaqadi. Ikki barmog‘ida tutgan pistani og‘ziga olib boradi va tishlari orasiga solib, jag‘ini juda tez, xuddi olmaxon yong‘oq yamlaganday bir-ikki qimirlatadi-da, pistaning mag‘zini tomog‘iga yo‘llab, po‘chog‘ini andishasizlarcha purkab tashlaydi. Bu mashg‘ulotini astoydil hafsala bilan bir xil tarzda bajaradi. Pistani chaqarkan, ko‘zlari olma teradi, nimaga nazari tushsa, go‘yo pistaga qo‘shib chaqib yuboradigandek. Yigit sira tek turmasdi — goh yelkasini beo‘xshov silkir, goh qo‘lini u yoq-bu yoqqa betoqatlarcha qimirlatar, yo boshini, yoki butun gavdasini siltab-siltab aylantirardi.
U tinmay pista chaqarkan, avtoulov keladigan tomonga birpas tikilib turdi, so‘ng bekatdagi odamlarga bir-bir qarab chiqdi-da, nigohini qotma odamda to‘xtatdi. Og‘zidagi pista po‘chog‘ini purkab tashlab, o‘ng qo‘lining kafti bilan lablarini artdi.
— Akaxon, soatiz nechchi bo‘ldi? — deya so‘radi to‘ng‘illagan ovozda.
Qotma odam o‘zi bilan o‘zi ovora borib-kelardi. Yigitning ovozini xayollari orasidan elas-elas eshitdiyu nima deganini anglamadi, to‘g‘rirog‘i, unga gapirayotganini fahmlamadi. Lekin ichki bir tuyg‘u uning nigohini yigitga yo‘naltirdi, yigitning o‘ziga qara turganini ko‘rgach, boyagi gap unga aytilganini ilg‘adi va:
— Nima dedingiz? — dedi ingichka, ikkilanishga qorishgan ovoz bilan.
Yigit “senda soat nima qiladi?”, deganday og‘zidagi pista po‘chog‘ini qotma odam tarafga zarda bilan purkab, yuzini chetga burdi.
Charm kurtkali kishi o‘ng qo‘lining ikki barmog‘i bilan chap yengini biroz surib, soatiga ko‘z tashladi-da, “o‘n ikki yarim”, dedi yigitga qaramay. U o‘zining bu harakati bilan “buni senga emas, shunchaki aytyapman”, deyotgandek edi.
Yigit ham ko‘zining qiri bilan unga bir qarab qo‘ydiyu yana pistasini chaqaverdi.
Shu payt ularning oldiga yo‘nalishdagi taksi kelib to‘xtadi. Yigit qo‘lidagi pistani cho‘ntagiga solib, taksi eshigi oldiga keldi. Undan tushayotgan juvon muvozanatini yo‘qotib, yigitga turtinib ketdi.
— Ko‘zingizga qaramaysizmi? — dedi yigit o‘dag‘aylab va juvonni chig‘anog‘i (tirsagi) bilan “biru bir” qabilida surib qo‘ydi.
— O‘zingiz chetroqda turmaysizmi? — dedi juvon ham do‘q urib.
Yigit o‘ng qo‘lining panjalarini yoyib, siltadi.
— O‘ch-ey!.. — U taksiga o‘tirishi bilan ulov o‘rnidan jildi.
Juvon “he, basharang qursin!”, deya g‘udrana-g‘udrana o‘z yo‘liga ketdi.
Yshlak tomondan shiyponchaga kirib kelgan qora to‘nli chol bir odam siqqulik joy qoldirib, ikki ayolning yoniga o‘tirdi. Cholning ixcham oppoq soqoli yuziga ajib tarovat baxsh etar, chehrasidan nur taralayotganga o‘xshardi.
— Yo, Olloh! O‘zingga shukur!.. — dedi chol qo‘li bilan soqolini tutamlab chilab qo‘yarkan, entikib. So‘ng ayollarga o‘girilib: — Uchinchi abtobis oblbanisaga boradi-a, qizlarim? — deya so‘radi.
— Boradi, ota, boradi, — deyishdi ayollar baravariga.
— Ha, xayriyat, — deb qo‘ydi chol o‘zicha.
Qotma odam yurishdan to‘xtab, jomadonchasini chap qo‘liga oldi-da, o‘ng qo‘li bilan shosha-pisha cho‘ntaklarini kavlay boshladi. Paltosining ichki cho‘ntagidan g‘ijimlangan “Saraton” tamaki qutisini chiqarib, bir dona sigaret oldi. Qutini yana cho‘ntagiga solib, qaytadan cho‘ntaklarini timirskilay boshladi. Chamasi, u gugurt axtarardi. Lekin topolmadi. Keyin birov ko‘rib qolsa, bir narsa bo‘ladiganday tamakini panjalari orasiga yashirib, atrofga alangladi. Ro‘parada o‘tirgshan chol va ayollarga bir bor nazar tashlab, charm kurtkali kishida nigohi to‘xtadi. So‘raymi-so‘ramaymi, deb hadiksiraganday picha qarab turdi. Shu mahal qo‘shiq ohangiga mos tebranib, tutun tortayotgan do‘kondor yigitchaga ko‘zi tushdi. Shoshib do‘kon oldiga borib, qo‘lidagi tamakini og‘ziga yaqinlashtirdi-da, dedi:
— Tutatvolay…
Yigitcha istar-istamas o‘rnidan qo‘zg‘alib, qo‘lidagi tugay deb qolgan sigaretni unga uzatdi. Qotma o‘z odati bo‘yicha shoshilganidan qo‘llari qaltirab, tamakisini qiynalib tutatdi. Keyin yigitchaning tamakisini qaytarib uzatdi. U esa qo‘li bilan “tashlab yuboravering”, deganday ishora qildi. Qotma og‘zida tamaki, qo‘lidagini tashlash uchun yon-veriga alanglab, axlat idishini qidirdi. Lekin hech qayerda axlat idishi yo‘q edi. O‘shanda hamma yoq tamaki qoldig‘iyu pista po‘chog‘iga to‘lib yotganini ko‘rdi. Shundayam tamakini tashlamay, o‘z o‘rniga qaytdi. Atrofdagilarga zimdan nazar tashlab, qo‘lidagini o‘ng tomondagi bo‘r o‘rindiqning ostiga irg‘itdi va shoshib biroz nari ketdi-da, cho‘zib tutun tortdi.
Charm kurtkali kishining oldiga qaymoqrang “Neksiya” kelib to‘xtadi. Undan novcha yigit tushib, jilmaygancha charm kurtkali odam tomonga yurdi.
— Ie, ha, aka, bu yerda turib qopsiz? — deya u bilan quchoqlashib ko‘rishdi. — Mashinangiz qani, aka?
Charm kurtkali yasama tirjaydi.
— Ustadaydi. Bi-ir aylangim keldi-da, — dedi savob ish qilgan mullavachchaday o‘zini kamtarlikka solib.
— Yuring, oborib qo‘yaman, — dedi haydovchi mashinasini noqulay joyga to‘xtatganidan shoshilib.
Ikkisi apoq-chapoq bo‘lib, “Neksiya”ga o‘tirishdi-da, jo‘nab ketishdi.
Ularning ketidan bekatga avtobus kelib to‘xtadi. Gaplashib o‘tirgan ikki ayol birin-ketin avtobusga chiqishdi.
Chol ham o‘rnidan turib, betoqatlanib avtobus keladigan tomonga tikildi. Bu orada shiyponchaga qo‘ltiqlashib ikki qiz kirib keldi. Ular yalangbosh edilar. So‘nggi rusumdagi palto kiyishgan, kalta sochlarini oliftalarcha silkib, tinmay xiringlashadi.
Nihoyat chol kutgan ulov ham keldi. U tushguvchilarni o‘tkazib yuborib, “yo Olloh!” degancha avtobusga chiqdi. Oradan hech qancha o‘tmay, astobusning eshiklari yopilib, o‘rnidan jildi.
Qotma odam ham pastga tushib, u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. U xuddi avtobusni chaqirayotganday bo‘ynini cho‘zib, uzoqlarga tikildi. Shu asno xiyla turdi-da, batoqatlanib atrofga alangladi. Yaqin o‘rtada boyagi ikki qizdan boshqa odamni ko‘rmagach, ulardan so‘radi:
— Soatinglar yo‘qmi, qizlar?
Qizlar bir-birlariga birrov qarab olishgach, pastroq bo‘yligi:
— Birdan o‘tib qoldi, — dedi va sherigining pinjiga suqilib, birgalashib tag‘in xiringlashdi.
Nihoyat qotma kishi kutgan avtobus ham ko‘rindi. U xuddi hozir avtobusga chiqib oladiganday besaranjom harakatga tushdi. Mana, uzun sariq ulov kelib, pishillab to‘xtadi. Unda odam zich edi, eshiklari arang ochildi. Aksiga olib, bir-ikki odam tushdi xolos. Qotma ikkinchi eshikdan endigina chiqmoqchi bo‘luvdi, qayoqdandir yugurib kelgan uch bolakay undan oldin eshikka yopishishdi. Ular jussalari kichik bo‘lganidanmi yoki epchilliklaridanmi, tezlagina avtobusga chiqib olishdi. Ularning ketidan qotma ham suqila boshladi. U avval jomadonini odamlar orasiga itardi, so‘ng o‘zi osildi. Shu payt tepadan kimdir jerkidi:
— So‘mkayizi o‘tirganlarga bersayizu, biqinimga botib ketdi.
Qotma kishi bir qo‘lida oldidagi odamga osilgan ko‘yi bir qo‘lida jomadonini tepaga ko‘tardi. Chap tomonda o‘tirgan juvon odamlar orasidan uni tortib oldi.
— Tillasi yo‘qmi ishqilib? — deb qo‘ydi hazillashib.
Qotma kishi endi odamlarga ikki qo‘llab tirmashdi. Eshik bazo‘r yopildi. Lekin paltosining peshini qisib qoldi. Yana qizlarning kulgisi eshitildi. Bu safar ular qattiqroq kulishdi.
Avtobus “xayriyat-ey” deganday cho‘zib bir pishilladi-da, kuchanib yurib ketdi.
Moviy gumbaz ostiga yana odamlar kela boshladi…