Ne’mat Aminov haqida hangomalar
***
Bundan o‘ttiz yilcha avval jurnalistlar, yozuvchiyu shoirlar orasida Buxoro lahjasini aralashtirib so‘zlash bir muddat rasm bo‘ldiki, Murod Xidirov – Aka Murod, Nosir Fozilov – Aka Nosir… va boshqa qator kishilar ham shu kabi… peshi uyqash nisb bilan atalishiga hech kim ajablanmas edi.
Salom-alikdan keyin albatta “yomon yo‘qmi?” deb ahvol so‘raysiz. Bu – “ahvoling yaxshimi?” degan savolning buxorocha ko‘rinishi. Binobarin, “an’ana”dan bexabar odam jo‘ngina “ahvoling qalay?” deb so‘rasa, unga albatta “yomon yo‘q”, deb javob berishingiz shart.
Ayniqsa, cho‘ntagidan puli tushib qolgan odamga “pulingiz yiqildi”, deb aytish zavqli edi.
Hovliga kelgan mehmonga: “Itimiz qopmaydi, huradi, xolos”, deyish o‘rniga, “Kuchukimiz chaqmaydi, faqat vav-vav qiladi”, deb tasalli berish gashtini ta’riflashga esa har qanday burro til ham ojizlik qiladi.
Adashmasam, o‘sha zamonda kinostudiyada ishlardim. Aniqrog‘i, tuzukroq ishlamasdan maosh olardim. “Ijodiy ustaxona” degan g‘aroyib bir bo‘lim ochib, bir yilda bitta filmga matn yozish sharti bilan uch-to‘rt yozuvchini ishga qabul qilishgan edi. Ustamiz Odilsho Agishev Maskovda yashardi. Oyda bir marta kelib, biz o‘ris lisonida “tvoya-moya” qilib yozgan uch-to‘rt varaq narsani o‘qiydi, maslahat beradi, so‘ng yana Maskovga uchib ketadi. Xullas, bu dorilomondagi hayot shu qadar farog‘atli, shuning barobarida shu qadar betus va zerikarli ediki, ko‘p vaqtim gazet-jurnallardagi akalar va do‘stlarni ziyorat qilish bilan o‘tardi.
Murod Xidirovning “Guliston” jurnalidagi xonasida gap sotib o‘tirgan edim. Telefon jiringladi. Murod aka trubkani oldi, kimnidir yuzi tirishib to‘rt-besh soniya tinglab turdi, so‘ng “telefondan boxabar bo‘p turing, shoir, meni enag‘ar Stalin chaqiryapti” deb chiqib ketdi. Angladimki, uni bosh muharrir muovini Vahob Ro‘zimatov huzuriga chorladi, endi injiq chol kap-katta odamni hovonga tiqadi-yu erinmasdan tuyadi: suvga siymang-da, okasi, bilaman, sizlarga gapim yoqmaydi, lekin na qilay, okasi, aytish – maning burchim, xohlaysizmi-yo‘qmi, man bir adabiyot darvozasiga boylangan itman… va hokazo va hokazo.
Telefon yana jiringladi. Bu gal qattiq jiringladi. Kimdir uzoqdan so‘rayotgani aniq edi. Trubkani ko‘tardim.
– Assalomu alaykum, akajon! – dedi simning narigi uchidagi odam.
– Vaalaykum assalom, – dedim men. – Yomon yo‘qmi?
– E! Topdingiz, akajon! – deya xitob qildi. – Topdingiz, man Buxorodan! Man – o‘rt-toq Baqoyev!
Baqoyev kimligini bilmasdim, lekin sir boy bermadim.
– Uzr, Baqoyev aka, – dedim – Aka Murod Aka Vahobning kabinkasiga chig‘di.
Bor-yo‘g‘i shu. Bir daqiqalik suhbat. O‘rtoq Baqoyev bilan boshqa gaplashganimiz ham, ko‘rishganimiz ham yo‘q. Tabiiyki, o‘rtoq Baqoyev Ne’mat Aminov asarlarida turli nomlar bilan elga doston bo‘lishini tasavvur ham etolganim yo‘q.
***
Bilmagan odam buxorocha takallumlarimizni eshitib, bizni jinni deb o‘ylardi. Bizni jinni qilgan “nobakor”ning oti ham ayon edi – Ne’mat Aminov. Aka Ne’mat. Asli buxorolik, Romitan muzofotining Pitmon qishlog‘idan. Otasining kasbi – temirchi. O‘zi – bugun elga mashhur va matlub yozuvchi.
– Ne’mat aka, Baqoyev deganlari kim? – deb so‘radim bir gal.
Ne’mat aka, bo‘liq vujudini mayda titratib, maza qilib kuldi, so‘ng, arslon yoliday hurpaygan qalin sochlarini ikki panjasini keng yozib ortga taradi, kursiga joylashibroq o‘tirdi.
– Baqoyev – rais, ukajon, – dedi u nihoyat.
– Mansabi raismi? – deb so‘radim men.
– Endi, rais-da, ukajon…
Ne’mat akaning to‘g‘ri savolga shu tarzda dudmalroq javob beradigan odati bor edi. Bir gal Erkin A’zam “Yolg‘onchi farishtalar” romanidagi Shamsi To‘rayev kimligini so‘raganida ham shunday javob bergan edi:
– Shamsi To‘rayevich – katta odam, ukajon.
– Katta bo‘lsa, mansabi nima? Oblispolkommi, obkommi, kim?
– Endi, katta odam-da, ukajon…
***
Ne’mat Aminovning raislari, “katta odam”lari shu qadar ko‘p ediki, ba’zida ularni adashtirib ham yuborardik. Bir qarasang, u yosh va keragidan oshiq darajada g‘ayratli bo‘ladi. Yana bir qarasang, rais yetmishlarni qoralagan keksa odamga aylanadi. Munkillagan cholga aylanadi-yu, Buxoro radiosining kimdir eski boydan qolgan ko‘rdevorli, chorburchak musulmoni g‘isht to‘shalgan hovlisida, namozshomgul va gultojixo‘roz ekilgan bir parcha yerda donlab yurgan chumchuqlarga uzoq tikilib qoladi. Keyin sekin ovoz beradi:
– O‘rtoq Amino‘-o‘f, bu taraf keling…
O‘rtoq Amino‘f, ya’niki Buxoro radiosi bosh muharriri Ne’mat Aminov raisga yaqinroq boradi:
– Chaqirdingizmi, domlajon?
– Qarang, o‘rtoq Amino‘f, – deya uh tortadi rais. – Prastoy chumchuq… chiqadu – tushadu, chiqadu – tushadu… bir minutga qirk marta chiqadu-tushadu… bizga bir oyga bir marta yo‘q…
– Tuzoq qo‘ysak-chi, domlajon? – deb so‘raydi Ne’mat Aminov ichidan toshib chiqayotgan kulgini zo‘rg‘a bosib. – Chumchuq go‘shti davo deyishadi…
– Foyda ne, – deydi rais faylasufona so‘lish olib, – odamizod shu ast, o‘rtoq Amino‘f, avval u yoqi o‘ladu, ba’daz bu yoqi o‘ladu… ba’daz o‘zi o‘ladu…
Ne’mat aka keksa raisning qartaygan ovozini ham, lahjasini ham rosa o‘xshatib ko‘rsatardi. Biz Buxoroi sharifda shunday odam borligiga ishonardik, lekin, bari bir, bu odamning viloyat radiosiga raislik qilgani erish bo‘lib tuyulardi.
– Lekin yomon rais emasdi, ukajon, – deb kulardi Ne’mat aka.
– Tilni bilarmidi o‘zi?
– Endi, rais tilni bilishi shart emas-da, ukajon, keyin bu radio bo‘lsa, muxbirlar yozganini eshitsa bo‘ldi-da…
– Eshitarmidi, ishqilib?..
– Yo‘q, ukajon, eshitmasdi… Bizga ishonardi. Biz ishlardik, u kishi raislik qilardi.
Ne’mat akaning boshqa hikoyasida rais birdan yosharib qolardi.
Nedir bayram kuni. Rais o‘zining xonasida zerikib o‘tiribdi. Ijodkor xodimlar uy-uyida, ishxonada turli xabarlar va kontsertlar yozib qo‘yilgan tayyor tasmalarni aylantirib turadigan texnik xodimlar qolgan, xolos.
Tushga yaqin obkomdan “vahiy” keladiki, palon kolxozdagi Eshmatov boshliq brigada viloyatda birinchi bo‘lib paxta planini bajaribdi, Eshmatov degani ham brigadir, ham mexanizator, unga muxbir yuboring, zudlik bilan yozib kelib, ahli Buxoroni yangi mehnat zafaridan ogoh etsin.
Rais og‘ir ahvolda tushib qoladi. O‘zi eplab yozolmaydi. Birorta jurnalistni uyidan chaqirib olay desa vaqt ketadi. Obkom topshirig‘i – ko‘p qaltis masala, vaqtida bajarmasang mansabdan uchib ketasan. Noilojlikdan uning o‘zi, muxbirxonada qalashib yotgan “Reportyor” rusumli magnitofonlardan birini Vasyaning yelkasiga ilib, ilg‘or brigadir yashaydigan kolxozga zudlik bilan jo‘naydi. Borib ko‘rsaki, ish juda qizg‘in – asfalt yotqizilgan keng maydonda uch-to‘rt kishi, qo‘llarida panshaxa, nam paxtani u yonu bu yonga ag‘darib qurityapti, paxta teradigan ikki-uch moshina ham shiypon yonida dalaga chiqishga shay bo‘lib turibdi.
– O‘rt-toq birgadir! O‘rt-toq Toshmatov! – deya ovoz beradi rais.
Moshinalar atrofida kuymalanib yurgan odamlardan biri keladi, salom beradi. Rais gapni cho‘zib o‘tirmasdan, uning burniga mikrofon tutadi. So‘ng Vasyaga imo qiladi. Vasya magnitofon murvatini buraydi.
– Siz, o‘rt-toq Toshmatov, bu xo‘jalik yiliga nechcha tonna paxta terding? – deb so‘raydi rais. Jumlani “siz”dan boshlab, “sen”da tugatganini sezmaydi ham.
– Man – Eshmatov… – deydi brigadir o‘ng‘aysizlanib.
– Xay, mayli, o‘rt-toq Eshmatov… siz bu xo‘jalik yiliga necha tonna paxta terding?
– Siz – muxbirme? – deb so‘raydi brigadir.
– Muxbir, muxbir… – deydi rais betoqat bo‘lib, so‘ng, tag‘in bu ko‘rgiliklarni boshqalarga sotib yurmasin, degan o‘y bilan shopiriga o‘qrayib qaraydi. Kuygan kalladay tirjayib turgan Vasya darrov lab-lunjini yig‘ishtirib oladi. – Xo‘sh, o‘rt-toq Toshmatov, siz bu xo‘jalik yiliga…
– Man – Eshmatov… Ismim – Xayrullo, – deb eslatadi brigadir.
– Eshmatov, Eshmatov… Siz bu xo‘jalik yilida nechcha tonna paxta terib berding?
– Man, Eshmatov Xayrullo, bu xo‘jalik yilida ellik tonna paxta terib berdim…
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 3-son