Munavvarqori Abdurashidxonov. Adibus-soniy

ADIBUS-SONIY

Makotibi ibtidoiya shogirdlarina alifbodan so‘ng o‘qutmak
uchun mumkin darajada ochiq til va oson tarkiblar ila
yozilmish qiroat kitobi


BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM

Hamd

Alloh taolo hazratlari bizni yo‘qdan bor qildi. Kichik edik, katta qildi. Och edik, rizq berub to‘ydirdi. Yalang‘och eduk, kiyim berdi. Ko‘rmak uchun ko‘z berdi. Eshitmak uchun quloq berdi. So‘zlamoq uchun til berdi. Yurmak uchun oyoq berdi. Ishlamak uchun qo‘l ham kuch berdi. Yaxshini yomondan, oqni qoradan ayirmak uchun aql-hush berdi. Xususan, bizga iymon berib, o‘zining birligiga inontirdi. Barcha payg‘ambarlarning afzali bo‘lgan Muhammad alayhissalom hazratlariga bizni ummat qildi. Ham dinlarning eng haq va to‘g‘risi bo‘lgan islom dini ila musharraf qildi. Bu narsalarning har biri Alloh taoloning bergan ulug‘ ne’matlaridir. Bulardan boshqa qancha ne’matlar bergandirki, yozmoq va sanamoq ila ado qilmoq mumkin emasdir. Bu ne’matlarning har birisi uchun Alloh taolo hazratlariga doimo hamd va shukr etmak barchamizga vojibdir. Alloh taologa aytiladirgan hamd va shukurlarning eng yaxshisi bergan ne’matlarini o‘z o‘runlariga ishlatmak va buyurgan ishlarini chin ko‘ngil ila qilib, qaytargan ishlaridan bor kuch ila o‘zini tortmoqlikdir.

Bayt
Bandaning hargiz qo‘lidan kelmag‘ay
Ne’mati Haq shukrini etmak tamom.
Yaxshisi uldurki, har bir ne’matin
O‘z yerig‘a sarf qilgay xosu om.
«Qil!» — deganin jonu dil birla qilub,
«Qo‘y!» — deganin o‘ziga bilgay harom.

SALOVOT

Bizning dinimiz — islom, o‘zimiz musulmondirmiz. Bizga islom dinini o‘rgatgan va musulmonligimizga sabab bo‘lgan afandimiz Muhammad alayhissalom hazratlaridir. Bu zot Alloh taoloning eng yaqin va eng suyuklik bandasi edilar. Shul sababli boshqa bandalariga to‘g‘ri yo‘llarni ko‘rsatmak va egri yo‘llardan qaytarmak uchun bu zotni elchi qilib yubordi va hamma bandalariga bosh va payg‘ambar qildi. Bu zot ham nihoyatda to‘g‘rilik ila Alloh taoloning hamma buyruqlarini sahobalariga o‘rgatdilar, sahobalar bobolarimizga va bobolarimiz bizga yetkurdilar. Shu yo‘l ila biz musulmon bo‘ldik. Mana shul Muhammad alayhissalom bizning payg‘ambarimiz va biz shul zotning ummatlaridurmiz. Shuning uchun bu zotning o‘zlariga va barcha av-lod, qarindosh va sahobalariga Alloh taolodan rahmat tilamak va bu zotning ko‘rsatgan yo‘llaridan va aytgan so‘zlaridan zarracha chiqmaslik har bir musulmonman degan kishiga lozimdur.

ILM

Ilm — bilmagan narsalarini bilganlardan o‘rganmoqdir.
Odam bolasi tug‘ilgan zamonda hech narsani bilmas. Hattoki so‘zlamoq, yozmoq, yaxshini yomondan, oqni qoradan ayirmak kabi eng kerakli narsalardan mahrumlik holda dunyoga kelur. So‘ngra oz-oz o‘rganmoq ila har narsani bilur.
Otalarimiz, onalarimiz, ulug‘larimiz va muallim afandilarimiz ushbu bilgan narsalarimizni o‘rgatmagan bo‘lsalar edi, hozirda biz ham hech narsani bilmas eduk. Shuning uchun odam bolalariga ziyoda lozim bo‘lgan narsa — bilmaganlarini bilganlardan so‘rab va o‘qub o‘rganmak, ya’ni ilm degan aziz va foydali narsani qo‘lga olmak uchun harakat qilmoqdir. Ilm — odamning zehnini ochar, aqlini orttirar, bilmagan narsalarini bildirur, dunyoda baxtli va izzatli qilur. Oxiratda saodatli va sharofatli qilur.

Bayt
Ilmdur dunyoda eng yaxshi hunar,
Ilmsizdan yaxshidur gung ila kar.
Har kishi ilm-la bo‘lsa oshno,
Izzatu davlatda bo‘lg‘ay doimo,
Ilmsiz odam zalilu xor o‘lur,
Ilmsizlardan hamma bezor o‘lur.

AXLOQ DARSLARI

Odob

Bir kishi Luqmoni hakimdan: «Odobni kimdan o‘rgandingiz?» — deb so‘ramish.
Luqmoni hakim: «Odobni odobsizlardan o‘rgandim», — deb javob bermishlar.
Ul kishi yana so‘ramishki: «Odobni odobsizlardan qanday o‘rgandingiz?»
Luqmoni hakim javob bermishlarki: «Doim kishilarning qilgan ishlariga va so‘zlagan so‘zlariga diqqat ila qarab yurdim. Kimdan yomon so‘z eshitsam, ul so‘zni hech bir so‘ylamadim, kimdaki bir yomon ish ko‘rsam, ul ishni hech bir qilmadim, shuning ila odobli bo‘ldim».
Hissa: odobli bo‘lurman degan kishi har narsaga izzat ko‘zi ila boqub, izzat olur. Qaysi ish ko‘ziga yaxshi ko‘run-sa, ul ishni qilmoqg‘a harakat qilur. Va qay ish ko‘ziga yomon ko‘rinsa, ul ishdan o‘zini tortur. Bunday qilgan kishi, albatta, odobli bo‘lur.

Iskandar Zulqarnayn

O‘tgan zamonda Iskandar degan ulug‘ bir podshoh bor edi. Bir kun bir devonaga yo‘liqtsi. Devonaning ba’zi harakatlari podshohga xush kelub, aytdiki: «Ey devona, mandan bir narsa so‘ragil». Devona aytdiki: «Ey podshohi olam, pashshalar manga har vaqg tashvish beradurlar. Yuz va qo‘llarimni choqub, xafa qiladurlar. Buyursangizki, pashshalar manga bunday ozor bermasalar».
Podshoh aytdi. «Ey devona, mandan shunday narsa so‘ragilki, ul narsa manim hukmimda bo‘lsun. Man pashshaga nechuk buyruq qilurman?»
Devona aytdi: «Ey podshoh, dunyodagi maxluqlarning eng kichkinasi va ojizrog‘i pashshadir. Shul pashshagaki hukmingiz yurmasa, emdi sizdan nima so‘rarman?»
Hissa:
Dunyoda sening na hojating vor,
So‘ragil oni san Xudodan, ey yor.

Lofchi

Bir lofchi kishi bor edi. Lof va yolg‘on so‘zlarni ko‘p so‘zlar edi. Bir kun bir majlisda dengizlarning ahvolidan va dengizda ko‘rgan tomoshalaridan hikoya qildi. Majlisdagi kishilardan biri so‘radiki: «Ey birodar, siz dengizda ko‘p sayohat qilganga o‘xshaysiz, dengizlarning baliqlari qanday bo‘lur ekan?»
Lofchi ul kishiga boqub: «Haligacha siz dengiz baliqlarini ko‘rganingiz yo‘qmi? Dengiz baliqlari tuyaga o‘xshash ikki uzun shoxli bo‘lurlar»,— dedi.
Majlisda o‘lturganlar bildilarki, ul bechora na tuyani ko‘rgan ekan va na dengiz balig‘ini. Barchalari birdan kulishib yubordilar. Lofchi uyalib, majlisdan chiqib ketdi.
Hissa:
O‘g‘ul, parhez qil san ham hamisha lofu yolg‘ondan —
Ki yaxshidur sukut etmoq, aytub yolg‘onu yolg‘ondan.

Ikki yo‘ldosh

Ikki kishi do‘st va yo‘ldosh bo‘lib, safarga chiqdilar. Yo‘lda bir ayiq chiqib, bularga yugurib hujum qildi. Bularning biri yosh va chaqqon edi. Shu sababli tezlik ila qochub, bir yerga bekindi. Ammo ikkinchisi o‘zining keksaligi va kuchsizligidan qocholmay qoldi. Nachora, o‘zini bir yerga tashlab, o‘likga o‘xshab qimirlamay yotdi. Ayiq kelub, buni iskab-iskab, o‘luk gumon qilib, zarar yetkurmay tashlab ketdi.
Ayiq ketgandan so‘ngra yo‘ldosh bekingan yeridan chiqub keldi va kulib aytdiki: «Ey yo‘ldosh, qulog‘inga ayiq nima deb shivirladi?»
Yo‘ldosh javob berdi: «Ayiq qulog‘imga, bunday ojizlik vaqtida seni tashlab ketadurg‘on kishiga bundan so‘ng aslo yo‘ldosh bo‘lma, deb shivirladi».
Hissa: Shunday kishilar ila do‘st va yo‘ldosh bo‘lmoq kerakki, shodligingga shod, xafaligingga xafa bo‘lsun. Oshga o‘rtoq, boshga to‘qmoq bo‘lmasin.

To‘g‘ri javob

Otasi o‘lub, bir kishi o‘ldi boy,
Ki qoldi anga molu mulk, saroy.
Oning oldiga bir faqir kelib,
Salom ayladi ko‘p tavoze qilib,
Dedi: «Man sanga tug‘ma qardoshman,
Bu molu manolingga yo‘ldoshman.
Otangdan chu qoldi sanga buncha mol,
Bo‘lib ber menga yarmini ushbu hol».
Ul odam dedi hayrat ila ango:
«Nechuk san qarindosh o‘lursan mango?»
Faqir aydi: «Ey mehribonim, eshit;
Quloq sol, bu arzi nihonim eshit,
Sanu man hama olam insonlari,
Emasmizmi bir odam o‘g‘lonlari?»
Bu so‘zni eshitgach, tabassum qilib,
Bir oltun chiqardi, dedi: «Ol kelib»
Ul aydi: «Birodar, bu qanday suxan,
Manga shulmidir hissa merosdan?»
Javobida ul mardi shirin kalom,
Dedi: «Sokit o‘l, bilmasun xosu om.
Eshitsa gar o‘zga qarindoshlar,
Uzog‘u yaqin, yoru yo‘ldoshlar,
Bo‘lib olsalar, molu mulk tamom,
Sango tegmagay bir tiyin, vassalom».

Pand

Yaxshi muomalani do‘st va dushmanga barobar qilmoq lozimdur. Chunki yaxshi so‘z do‘stlarning do‘stliklarini ortturur. Dushmanlaringni do‘stlikka aylantirur.

Nazm

Bo‘lur xulqu xush ham suchuk til bila,
Etaklab ulug‘ filni qil bila.
Chiqar yaxshi so‘z-la ilon inidan,
Yomon so‘z ila musulmon dinidan.

Jo‘g‘rofiya

Erning ahvolini bildiradurg‘on ilmni jo‘g‘rofiya deyilur. Yer bizning ko‘zimizg‘a tekisg‘a o‘xshab ko‘rinsa ham, aslida tekis emas. Balki po‘rtaxolg‘a o‘xshash yumaloqdir. Avvallarda «Er ho‘kizning shoxida turadir», degan so‘zlarga har kim ishong‘on bo‘lsa ham, hozirg‘i zamonda andog‘ so‘zlarning aslsizlig‘i har kimga ma’lumdir. Yer hech narsaning ustida turmas. Balki havoning o‘rtasi muallaq turadur.
Po‘rtaxolning yuzi o‘zining po‘sti ila qoplong‘onig‘a o‘xshash yer yuzining ham to‘rtdan uch bo‘lagi sho‘r suvlar ila qoplanmish, qolg‘on bir bo‘lagi tosh, qum va tufrog‘lar ila qoplanmishdur.
Suv ila qoplong‘on o‘rinlarini dengiz, ko‘l va daryo deyilur. Tosh, qum va tufrog‘lar ila qoplanmish o‘rinlarini qurug‘liq deyilur.
Dengizlar besh bo‘lak bo‘lib, Bahri muhiti kabir, Bahri muhiti hind, Bahri muhiti atlas, Bahri muhiti munjamidi shimoliy, Bahri muhiti janubiy deb atalurlar. Ushbu dengizlar qurug‘likning atrofini o‘rab olmish ulug‘ dengizlardur. Bulardan boshqa qurug‘likning orasig‘a yorib kirmish nihoyatda ko‘p ko‘l va dengizlar bordur. Mashhurroqlari: Oq dengiz, Qora dengiz, Shimol dengizi, Kaspiy dengiz, Manosh dengizi, Bahrang dengizi, Boltiq dengizi, Atalar dengizi, Marmara dengizi, Azov dengizi, Bahri ahmar, Yaponiya dengizi va Chin dengizlaridur. Qurug‘liq ham besh qitaga bo‘linib, Yevropa, Osiyo, Amriqo, Afriqo, Avstraliya deb atalur.

Hajjoj ila darvesh

O‘tgan zamonda Hajjoj ismli bir zolim podshoh bor edi. Ko‘p ulamo va saidlarning boshlarini kesmish va qonlarini to‘kmish edi. Aning jabr va zulmi shul darajaga yetmishdur, tarix kitoblarining har birida aning ismini Hajjoji zolim deb yod qilmishlar.
Mana ushbu Hajjoj bir kun yo‘lda bir darveshga yo‘liqdi. Oldiga chaqirib: «Ey darvesh, manim haqimga bir yaxshi duo qil!» — dedi. Darvesh qo‘lini duoga ko‘tarib: «Yo Rab! Bu zolimni jonini tezroq olg‘aysan», — deb duo qildi. Hajjoj achchig‘lanib: «Na uchun bunday yomon duo qilursan?» — dedi. Darvesh: «Agar san tezroq o‘lsang, gunohing ko‘paymas. Va barcha fuqaro sening zulmingdan qutulur. Shuning uchun manim bu duom ham sanga va ham barcha kishilarg‘a foydalidur», — dedi. Darveshning to‘g‘ri javobi Hajjojga xush kelub, ko‘p in’omlar berdi. Ham ul kundan boshlab zulmdan qo‘l yig‘di.

Asarning to‘liq variantini saqlab oling.