Muhammad Ziyo. Muallim (hikoya)

Qishning kuni bir tutam. Birpasda namozshomu keyin zimiston. Tuman tushsa, tomosha bo‘ladi. Yomg‘irdan so‘ng qishloq yo‘llarining abjag‘i chiqadi. Chiroq tez-tez o‘chib turadigan qishki kechalarda bir amallab maktabdan uyga omon-eson yetib olishim kerak. Ana shunaqa paytlarda ko‘cha chetidagi yolg‘izoyoq so‘qmoqdan tusmollab ketaveraman. Besh daqiqa yurganimdan so‘ng Anor xolaning tomorqasidagi molxonasidan go‘ng hidi anqiydi. Yo‘g‘-e, nimalar deyapsiz! Jirkanmayman, o‘rganib ketganman. Muhimi, to‘g‘ri yo‘ldaligim, tag‘in ozroq yurilsa – muyulish, ana shu joyda ehtiyot bo‘lish kerak. Bir vaqtlar suv chiqmay qolganda kavlab quvur yamalgan, shu-shu chuqur ko‘milmay qolib ketganidan atrofi botqoqqa aylangan. Bir amallab o‘tganimdan keyin, yana uch-to‘rt daqiqacha yurilgach, Chori akaning uyi chavrasidan olamni buzib yuborgudek hurib, jig‘ibiyroni chiqqan itini zanjir tovushlarigacha eshitiladi. “Bo‘shalib ketsa-ya” deb cho‘chiyman-u, adashmay kelayotganimga shukr qilaman. Yana biroz yurilsa, ko‘cha chetidagi bir quloch keladigan sariq temir qutidan tisillab chiqayotgan gaz isidan nafaqat ko‘nglim behuzur bo‘ladi, balki ko‘zlarimni ham achishtiradi yoz kunlari… Hozir-chi, tumanda quti ko‘rinmagani yetmaganday, isi ham sezilmaydi. Bu zang‘ar gaz pastlab ketgan, yo o‘chgan… Bir marta gaz tashkilotida ishlaydigan Mahkam akaga: “Qancha tabiiy gaz havoga sovurilyapti mahkamlab qo‘ysalaringiz bo‘lmaydimi?” desam, «Bu “Goststandart” kitobida shunaqa», degandi. Ey tavba, qishloqda bunaqa qutilardan qanchayu… Tumanda-chi? Mamlakat bo‘yicha… Eh-he… Shamoldan elektr quvvati olayotgan Ovro‘pa nima qilyaptiykin?.. Hozir gap unda emas, boyagi sariq quti chippakka chiqdi hisob, burningdan narini ko‘rib bo‘lmaydigan tumanda suv ham muzlamaydi. Endi birdan-bir umid mayda-mayda qadamda paypaslab borib ko‘lmakni topish, so‘ng uning cheti bo‘ylab so‘qmoqqa o‘tish. Aslida, eng chuqur joy tizzaga ham yetmaydi-yu, yuzasi o‘n-o‘n besh metrdan oshadi. Ko‘lmak chetidagi yo‘lakdan kunduzlari o‘tayotganimda, it-mushuklarning izlari ko‘zga tashlanadi. Ko‘lmak yoqalab yo‘l solar ekansiz, qoq o‘rtasiga yetganingizda it chiqib qolsa, nima bo‘ladi? Bir tomoni devor, ikkinchi tomoni… Tosh olgan kishi bo‘lib, hiyol egilsangiz qishloq itlari odatda tum-taraqay bo‘lishadi. Lekin Chori akaning itiga o‘xshash vajohatlisiga uchrasangiz, peshonangizdan ko‘ravering. Aynan o‘sha yerda it emas, mashina o‘tib qolsa ham bir balo, qancha astalanmasin baribir loyqadan benasib qolmaysiz. U ham mayli, aytaylik, siz ko‘lmak bo‘ylab ketyapsiz, u tomondan bir kishi kelib qolsa, nima qilasiz? Agar yoshi ulug‘ bo‘lsa, deysizmi? Yo‘q, bu yerda yosh-qari, erkak-ayol degan gap yo‘q. Kim ko‘proq yo‘l bosgan bo‘lsa, u haq, kamroq yo‘l bosgan tomon yon berib ortiga chekinadi. Bu qoidani kim qachon o‘ylab topganini hech kim bilmaydi. Ammo kech kuzdan bahorgacha shu qoida amalda. Shuning uchun men bu yerdan o‘tishda avval yo‘lakka biroz termilib turaman, tumanda allambalo sharpalar goh kattalashib, goh kichrayib ko‘rina boshlaydi. “Bismilloh…”ni tez-tez takrorlab o‘zimga o‘zim dalda beraman. Birov kelavermagach, yo‘l solaman. Eng yomon ko‘rgan narsam shu yerda yuz beradi. Men hamma narsaga chidashim mumkin, bunisiga emas, nima ekan deysizmi? O‘sha dardisar joydan o‘tayotganimda yo men yo‘l beraman, yo menga yo‘l berishadi. O‘shanaqa paytda ayol kishi bo‘lsa, xo‘pala-xo‘p indamay o‘tadi-ketadi, ba’zi erkaklar ham. Ammo yana bir turlari borki, asti qo‘yaverasiz. Tunov kuni yo‘limdan shunaqalarning uch-to‘rttasi chiqib qoldi. Avval, “A-ha-ihm”lab tomog‘ini yaxshilab qirib, “Somalaykum” deb yuzimga tumshug‘ini tiradi, og‘zidan aroq aralash nos hidini gupirtirib:
– Kimsiz? Ie-y… Ha, domla, kech bo‘lganda? – dedi kinoyali.
– Hi-m… Sal ish ko‘payib ketdi, – dedim.
– He-e, qoyil-e, zo‘rsizu, domla, – dedi ulardan bittasi so‘rashar ekan.
Asta uzoqlashisharkan visir-visir: “Domlani aytganini qil-u, qilganini qilma, degan mashoyixlar”, deb ko‘chani boshiga ko‘tarishib vahhalab, rosa qotishdi.
Ularning gap ohangidan go‘yo ishxonada qolib birov bilan don olishib, yoxud ul-bul yerda uchrashib ko‘ngilxushlik qilgan kishidek. Yoki maktabni biror buyumini mashinaga ortib, “Siz aylanma yo‘ldan boravering, men to‘g‘ri yo‘ldan kesib chiqaman” degan kishi ahvoliga tushasiz. Men ularning xayolidan o‘tgan bema’ni ishlarni qilmaganman, hammani o‘zlariga o‘xshatishadi-da. Bordiyu, o‘sha bemazagarchiliklarni qilgan taqdirimda ham bu takasaltang, pastkashlar oldida baribir farishta hisoblanardim. Bular shu ketishida qishloq chetidagi kulbaga – xotini tashlab ketgan Qulmatnikiga borishadi. Keyin tonggacha vadahang-bang¬¬ – qimor. Bari bema’nigarchiliklar o‘sha yerda bo‘ladi. Qulmat cho‘talchi bo‘lvoladi. Buni hamma biladi, faqat uchastka noziri bilmaydi xolos, ehtimol u ham cho‘tal olar. Balki, ular ham har xil oqimlarga qo‘shilib, ishkal chiqarmaganidan xursand bo‘lsa kerak. Xo‘sh, kech bo‘lganda o‘zing nima qilib yuruvding dersiz?
Odatda, qishloqqa qish kelsa, butun-butun oilalar bir xonaga qamaladi. Yo‘q, bizni birov qamamagan, o‘zimizni o‘zimiz qamaganmiz. Maqsad o‘tinni, ko‘mirni tejash, qolaversa, uyning shiftigacha qorayib, ta’miri buzilishidan asrash.
Qishxona – bir xona, o‘rtadagi katta xontaxtani sandalga moslaganmiz, o‘ta zamonaviy. Sandal ostiga cho‘g‘ emas, elektr quvvati bilan ishlaydigan pech qo‘yganmiz. Sandalning to‘rida onam, o‘ngida rafiqam bilan o‘g‘lim, chapida esa o‘zim yotaman, elektr quvvati o‘chgan paytlari xona chetidagi pechkaga zo‘r beramiz. Har tong pechkaning chig‘anog‘ida tandir nonni isitishadi, biram muattar hid taraladiki, kun bo‘yi kayfiyatim, ishlarim ham zo‘r bo‘ladi, buni hech nimaga almashib bo‘lmaydi. Biroq uydagilar biror ishga unnab qolsa, birpasda non kuyib, achqimtir is paydo bo‘ladi. Kayfiyatni ham rasvo qiladi. Boshqalarni bilmadim-u, biz qishda shunday qilib kunimizni ko‘ramiz.
Qisqasi, men boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lganim uchun deyarli har kuni bolalarning daftarini tekshirib, baholashim kerak. Bir kuni boyagi sandal ustida daftarlarni tekshirayotgandim, qo‘shnimiz bolta so‘rab chiqibdi, olib berib uyga kirsam, o‘g‘lim daftarlarga chizib tashlagani yetmaganday bittasidan varaqlarini yirtib olibdi. Fig‘onim falak bo‘lib, “bolaga qaramaysanmi?” deb xotinga o‘shqirdim. O‘g‘lim chinqirib yig‘lab yubordi. Onam: “Endi ko‘zim ilingandi, nima janjal, nima to‘polon”, deb jahllari chiqdi. Sababini bilgach, “Daftar-qalaming boshingdan qolsin, shu bolangdan azizmi? Yozuv-chizuvingni maktabingda qilib kelgin”, deb nabirasini bag‘riga oldi. Tokchada turgan gazeta-jurnallarni olib, “aylanay, bolam, ma, chizovur” deb papaladi, qaysar o‘g‘lim esa kerakmas deganday ularni har tomonga uloqtirib xarxasha qilardi. Shu-shu ishlarni tugatib uyga qaytadigan bo‘ldim. Maktab sovuq, kechgacha qolishning o‘zi bo‘lmaydi. Shuning uchun to‘k bilan ishlaydigan pechkadan bittasini stolim ostiga qo‘yib olganman. Elektr o‘chmasa – berdi Xudo, o‘chsa – urdi Xudo. Agar ishlarim oxirlab qolgan bo‘lsa, sham yoqib yakunlab qo‘yaman. Har safar sham yoqqanimda Umar ibn Xattob (roziyallohi anhu) yodimga tushadi. Hazratda doim ikkita sham: biri o‘ziniki, ikkinchisi xalqniki bo‘lardi. Menda esa bor-yo‘g‘i bitta: u ham bo‘lsa, xotinimdan berkitib olib kelgan shamim. Agarda ish hali-beri tugamaydigan bo‘lsa, chiroq o‘chishi bilan uyga jo‘nayman. Biroq baribir ertasiga vaqtliroq kelib yakunlab qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Ana, nega ishdan doim kech qaytishim sababini bilib oldingiz.
Men barchasiga toqat qilishim mumkin, ammo anavinaqangi lo‘ttibozlarning g‘iybatiga chiday olmayman xolos. Bunaqalarga ro‘baro‘ kelmay deyman-u, qurib ketgur ko‘lmaklar xalaqit beraveradi.
Ko‘lmakdan omon-eson o‘tgandan so‘ng yana ozroq yurilsa o‘ng tomondagi birinchi simyog‘ochdan keyingi uy – ko‘k darvoza. Tamom-vassalom, yetib keldim hisob. Ko‘rdingizmi? Aslida ko‘cha ja yomonmas, yo‘l ham unaqa uzoq emas, odamlarning o‘zi havosatchi.

* * *

Uch-to‘rt kundan buyon maktabga ertaroq borib, chala ishlarni oxiriga yetkazish bilan bandman. Jo‘rabek ismli o‘quvchim hammadan oldin kelib, darrov kurtkasini stul suyanchig‘iga ilib dars qilishga kirishadi, darsdan keyin ham ivirsib hammadan oxirida qolib ketadigan odat chiqardi. Bir kuni sovuq avjiga chiqdi, sinfxonada endi pechka yoqilgan, o‘zim paltoda o‘tirardim. U yana o‘sha odatini takrorladi. Men unga kurtkasini kiyib olishini aytdim, u esa yaxlamayotganini aytsa-da, sovuqdan ko‘karib borayotgani, ammo qarori qat’iy ekanini sezdim. Yoniga borib, kurtkasini kiyib olishini iltimos qildim. U bo‘lsa:
– Kiymayman, sovuq qotganim yo‘q, – dedi yana qaysarliq qilib.
– Kiymasang bo‘lmaydi, shamollab qolasan, – deb kurtkasini o‘zim kiygiza boshladim.
– Baribir yechib tashlayman.
– Yechib ko‘r-chi, nima qilarkinman! – dedim xuddi o‘z bolamga tanbeh berayotgandek.
– Nima qilasiz? – deb hiqqilab yig‘lay boshladi.
Kurtkasini kiygizayotganimda cho‘ntagi yonida tuxumdan kichikroq yamoqqa ko‘zim tushdi. Yamoq o‘z matosidan solingan bo‘lsa-da, oq ip bilan uquvsizlarcha tikilgan edi. Agar sababi shu bo‘lsa, unga yamoq bilinmasligini, kurtkasi juda o‘ziga yarashib turganini aytib, ko‘nglini ko‘rtarishni o‘ylardim.
– Kurtkani yechsang, kaltak yeysan, tushundingmi? – deb yolg‘ondan koyidim.
– Ursangiz ham baribir yechib tashlayman, – dedi hamon yig‘lashdan to‘xtamay.
– Nega yechasan? Sababi bormi? – dedim jahl bilan.
– Bu qizlarning kurtkasi.
Birdan xayolimga uning bir sinf yuqorida o‘qiydigan opasi keldi. Va shu olovrang kurtkani o‘tgan qishda kiyib yurganini esladim. O‘rtoqlari masxara qilgan bo‘lsa, jazolashni o‘ylab:
– Kim aytdi shuni, kim? – deb ikki yelkasidan mahkam ushlab silkitdim.
– Mana, kamari chapdan o‘ngga qadaladi, – deb to‘rtburchak yaltiroq temirchasini chapdan o‘ngga qadab ko‘rsatdi hamon yig‘dan to‘xtamay.
Shunda yaltiroq temirchalarini o‘ngdan chapga ag‘darib taqdim-da, olam jumbog‘ini hal etgan odamdek yelkamdan tog‘ ag‘darildi.
– Ana, bo‘ldimi? – dedim xursandchiligim ichimga sig‘may.
– Tugmalari-chi? – dedi yana piq-piq qilar ekan.
Uni qanday yupatishni bilmay, mahkam bag‘rimga bosdim. O‘sha onda sehrgar bo‘lib qolishni, tugmalarini chapdan o‘ngga o‘tkazishini qanchalar xohlaganimni tasavvur qilolmaysiz…

* * *

Endi dars boshlagandim, direktor yo‘qlayotganini aytishdi. Qo‘shni xonada dars o‘tayotgan Oydindan mening o‘quvchilarimga ham qarab turishni iltimos qildim. Buyog‘ini so‘rasangiz, kezi kelganda o‘zim ham bir paytda uchta sinfga dars o‘tganman.
Do‘stim Nizomjon bilan maktabda ham, universitetda ham birga o‘qiganmiz. Faqat u til va adabiyot fakultetida tahsil olgan. Bitiruvchilarning sinf rahbari, tobi bo‘lmay, ishga chiqmapti. Ahmadjon aka salomlashgach, “Maorif bo‘limidan shoshilinch ma’lumotnoma so‘rashyapti, seni xating tuzukroq, og‘ayningning o‘rniga yordam berasan” deb sinfxonaga boshlab kirdi. Direktor bitiruvchilar bilan hazil-huzil qilib, ko‘tarinki kayfiyatda kasbiy qiziqishlari bo‘yicha suhbat o‘tkazdi. Men, aytilganidek, jadvalga tushirib boraverdim. So‘rov tugagach, Ahmadjon aka jadvalni ko‘zdan kechirib imzo chekib, “Kotibaga ber, muhr bosib jo‘natvorsin”, deb sinfxonada qoldi. Yo‘lakda borar ekanman jadvalga qarayman, iqtisodchilar ikkita, hisobchilar uchta, bular hali iqtisodchi bilan hisobchining farqini bilishmasa ham kerak. Otasi fermerlar fermer bo‘lmoqchi – uchtasi, to‘rttasi biznesmen, ikkitasi sportchi, qolgan hammasi prokuror, birorta ham o‘qituvchi bo‘lishni xohlaydigani yo‘q. Alam qilarkan…
To‘g‘ri, biz ham bolaligimizda kosmonavt, uchuvchi bo‘lishni orzu qilganmiz. Lekin bularning yoshida kasbiy qiziqishlarimiz to‘la shakllanib bo‘lgandi. Har holda, menimcha shunday, ko‘pchilik otam muallim bo‘lgani uchun o‘qituvchilikni tanlagan deb o‘ylaydi. Yo‘q, aslo unday emas. Avvaldan bolalarga dars berish, suhbatlashish yoqardi. Ularning beg‘ubor ko‘zlarini, samimiy kulgularini hech narsaga alishib bo‘lmaydi. Men tobora qabihlik, sitam, razolat botqog‘iga botib borayotgan dunyodan uzilib, shu bolalar bilan ovunaman. Agar shunday qilmasam, yuragim yorilib ketadiganday tuyuladi. Shu bolalar hayotim mazmuniga aylanib ulgurgan. Bu shunchaki otakasb emas, men uchun hayot-mamot masalasiday gap. Siz buni tushunishingiz, his qilishingiz uchun o‘z dunyongizni kashf qilishingiz kerak bo‘ladi… Bu esa mening dunyom…
Oydinga minnatdorlik bildirib, darsni davom ettira boshladim. Hayotimda birinchi bor negadir hech xayollarimni jilovlay olmasdim. Ustiga ustak, hech tinib-tinchimaydigan o‘quvchim Javlonning to‘paloni avjiga chiqdi. Yangi telefon olgan shekilli, nuqul maqtangisi kelardi. O‘yinlarining tovushi eshitilib, bolalarning fikrlarini chalg‘ita boshladi. Bir-ikki dakki berdim, quloq solmadi. Boshqa chiday olmasdim. Kallasiga bir shapaloq tushirdim, u yig‘lab sumkasini ham olmay xonadan otilib chiqib ketdi.

* * *

Ertasiga viloyat markazidagi bir maktabda bo‘ladigan seminarga jo‘nadim. Uyga tushdan keyin yetib kelganim uchun ishga chiqmadim. Yo‘l azobi go‘r azobi, dam oldim. Keyingi kuni kallai sahar ishga borsam, maktab darvozasi oldida direktorimiz Ahmadjon aka kutib turgan ekan. Salom-alik qilmasdanoq o‘dag‘aylay boshladi. To‘g‘risi, tunov kungi Javlon voqeasi esimdan ham chiqib ketgan ekan. U xonasiga kirguncha xunob bo‘lib, tinmay kimnidir uchinchi shaxsda so‘kib borar, kechagi qiyomatdan gapiradi. Ahmadjon aka maorif mudiri bilan tuman prokurori Nasriddinxo‘jani bir amallab insofga keltirishibdi, endi o‘g‘li Javlondan, ya’ni o‘quvchimdan kechirim so‘rasam bo‘ldi, olam guliston ekan.
– Xo‘sh, Javlonjon uyida ekan, xohlasang hoziroq birga mashinamda borib kelamiz, – dedi direktor bo‘yin bog‘ini sal bo‘shashtirar ekan qat’iy ohangda.
– Yaxshi, faqat hozir biroz ishlarim bor edi, – dedim o‘zimni bazo‘r qo‘lga olib, keyin xonadan chiqdim.
Zinadan tushar ekanman, ablah direktorni xumordan chiquncha urgim keldi-yu, otamning shogirdi bo‘lgani, doim otam haqida yaxshi gapirib yurgani uchun shaytonga hay berdim. Tushlik vaqtida Ahmajon aka, “Anavi ish nima bo‘ldi?” deb yana so‘radi. Men hech kimdan kechirim so‘ramoqchi emasligimni, qarorim qat’iy ekanligini aytdim. Kechki tomon sinf daftarlarini tekshirib o‘tirgandim, eshik zarb bilan ochildi:
– Boboxonov siz bo‘lasizmi? – dedi formali yigit.
– Ha.
– Biz bilan borishingizga to‘g‘ri keladi.
– Qayerga?
– Borganda bilasiz!
Bular bilan tortishish befoydaligini bilardim. Negadir tez qaytishimga ishonganimdan uydagilarni ogohlatirishni ham xayolimga ketirmadim.
Meni tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borishdi. Bir xodim juda dag‘al ohangda cho‘ntagimdagi hamma narsalarni stolga qo‘yishimni buyurdi. Ruchka, bloknot, dastro‘mol, kalit va pulni chiqarib qo‘ydim. U: “Pulingni sana?” dedi. Uch ming to‘qqiz yuz so‘m. Men doim uydan chiqayotganda kamida shuncha pul olaman, og‘aynilar tushlik qilamiz deb qolishsa, uyalib qolmaslik uchun. Keyin xodim ham pulni sanab, “To‘g‘ri”, dedi. “Endi kamarni yeching”, deb buyurdi. Xodimning muomalasi borgan sari qo‘pollashib borardi. So‘ng qo‘llarimni gardanimga qo‘yishimni aytishdi. Meni ikkita qurollangan soqchi kuzatuvida uzun qorong‘i yo‘lakdan olib borib, umumiy kameraga tiqishdi.
Kameraga kirishim bilan kerosin bilan xlor isiga o‘xshash allambalo hid gup etib dimog‘imga urildi. Xona g‘ira-shira yorug‘ bo‘lib, taxminan, uchga-to‘rt metr kenglikda, eshikdan kirgach bir metrcha joy tashlab yarim metr ko‘tarib chorpoyaga o‘xshatib taxtapol qilingan. Bittasi g‘ujanak bo‘lib yotib olgan, bosh kiyimi ostidan patila sochlari ko‘rinadi, na ayol, na erkakligini bilib bo‘ladi. Bijg‘ishidan daydi bo‘lsa kerak, ikkinchisi muk tushib o‘tiribdi, menga qayrilib qaragani ham yo‘q. O‘zimni tashvishim o‘zimga yetarli, xona havosidan bo‘g‘ilib, panjarali darcha yoniga kelib oldim. Muzdek havo yuzlarimga urildi, sal o‘zimga kelganday bo‘ldim. O‘zimga to‘g‘ri bo‘lganim uchun ilgari birovdan hayiqmasdim. Hayotimda birinchi bor xavotirga tusha boshladim. “Bu yerga aybsiz odamni olib kelishmaydi, olib kelishibdimi, demak aybdorsan!” degan tushunchalar azob bera boshladi. Endi buyog‘i hazil emasligini anglay boshladim. Qancha vaqt o‘tganini bilmadim, bir mahal eshik sharaqlab ochildi. Yana bir kishini olib kirishdi. So‘ng:
– Boboxonov! – dedi formali yigit.
– Men.
– Tashqariga!
Yo‘llakka chiqqanimda bir zobit kutib turgan ekan. “Men bilan yuring”, dedi zobit xushmuomalalik bilan, u meni ikkinchi qavat yo‘lagining eng oxirgi xonasiga olib bordi-da:
– Chekasizmi? – deb sigareta tutdi.
– Yo‘q, rahmat.
– Domla, bugun men navbatchiman, otangiz rahmatli bizni o‘qitgan, qo‘limdan kelgani shu, xafa bo‘lmaysiz-da.
– Shunisiga ham shukr.
– Ishonasizmi, “Kazarmennom polojenii”da oylab uyga bormay shu xonada jon saqlaymiz.
– Ishonaman, sizlarga ham osonmas.
– Mayli, domla, men boray, sizni bu yerda birov bezovta qilmaydi. Mabodo zarurat tug‘ilsa, meni – katta leytenant Imomovni so‘rang.
– Rahmat.
Xonaga razm soldim, ikkiga uch kenglikda, ta’miri o‘rtacha, derazasi panjaralangan, eshigining qulfi tugul, tutqichi ham yo‘q. Bitta stol, ikkita stul, bitta oyog‘i siniq shkaf. Avvaliga stulga suyanib uxlamoqchi edim. Bo‘lmadi.
Sinfdoshimiz Mirshakar velosiped o‘g‘irlaganlikda gumonlanib tuman ichki ishlar bo‘limida uch kun ushlab turilganini aytib bergandi. O‘shanda rostmi-yolg‘onmi, «Qiynoq paytida otamni ko‘z oldimga keltirib, “Ota, otajon, yordam bering!” deb dodlayverganman, agar shunday qilmaganimda azobdan qutulish uchun qilmagan ishimni bo‘ynimga olgan bo‘lardim», degandi. Uni otasi hila obro‘li odam edi. Bo‘yniga qo‘yisha olmagach, tez chiqarib oldi.
Maktabni bitirish chog‘larimizda yigitlar to‘planib ko‘pincha halfana o‘tirishlar qilishga qiziqardik. O‘shanda bozorlik qilish Mirshakarning gardaniga tushib, xarajatlar biroz hisobdan oshibdi. Uydagi gap bozorga to‘g‘ri kelmaydi-da, to‘rtta tovuq puliga ikkita tovuq kelgan, yigit narigi mahalladan ikkita tovuq o‘g‘irlab hisobga to‘g‘ri qilib qo‘ygan. Faqat tovuqlarni o‘g‘irlayotgan payt qo‘shnisi Toji xola ko‘rib qoladi-yu, birovga lom-lim demaydi. Toki bir hafta-o‘n kun o‘tgach uyidan velosiped o‘g‘irlangunga qadar, so‘ng gumonim falonchidan deb ovoza qiladi. Mirshakarning aytishicha, velosipedni o‘g‘irlamagan, tovuqni ham o‘zi uchun emas, biz uchun…
Meniing ko‘z oldimda na onam, na akam, na ayolim va na boshqalar… Negadir endi bir yoshga to‘lgan, hali gapirishni ham bilmaydigan o‘g‘lim kelaveradi. Ehtimol, onam yarim jon bo‘lib, bir umr uy bekasi bo‘lgani, akam ham tirikchilik tashvishida mol-qo‘yning ketiga tushgani, ayolim bichish-tikishdan ortmagani uchun ham bu yerga kelib, meni chiqarib olishlariga ko‘zim yetmaganidandir. Unday desam, bir yoshga to‘lgan o‘g‘lim ulardan ortiq nima qilib bera olardi… Bilmadim… Bilganim – o‘g‘lim ko‘z o‘ngimdan sira ketmagani.
Stol ustiga g‘ujanak bo‘lib yotib oldim. Uydagilarni tinchlantirib qo‘ymaganimdan, hech bo‘lmasa, akamga qo‘ng‘iroq qilib, onam xavotirlanmasliklarini aytmaganimdan afsuslandim.
Akam juda sodda, beg‘ubor, mehnatkash odam. Mol-qo‘y boqib tirikchilik qiladi. Otam bizni oliy ma’lumotli bo‘lishimizni juda xohlardi. Akam maktabni tugatib, ikki yil o‘qishga hujjat topshirdi, o‘ta olmadi. Uchinchi yili birga hujjat topshirdik, men o‘qishga kirib ketdim. Unga yana omad kulmadi. Mendan so‘ng tag‘in ikki yil imtihon topshirdi, bo‘lmadi. Keyin hafsalasi pir bo‘ldi shekilli, boshqa harakat qilmadi.
Otam rahmatli: “Bu yerlarda qish chillasi qirq kun bo‘ladi. Shu qirq kunning bor-yo‘g‘i o‘n kuni haqiqiy chilla – qattiq sovuq bo‘ladi, qolgani shunchaki qish kunlari”, derdi. Kuchli sovuqda oyoq-qo‘l muzlab, sovuqni sezmay qolgandan keyin tishlarga o‘tar ekan. Yo‘q, bu tish og‘rig‘i emas, tish sog‘lom bo‘lsa, og‘rimas ekan, faqat qamashib, tish ham savuqdan qaqshar ekan, tavba…
Eshikni taqqillatib, Imomov kirib keldi.
– Domla, men bilan yuring! Boshliq keladigan vaqt bo‘lib qoldi.
– Yaxshi, – deb unga ergashdim.
Yo‘l-yo‘lakay navbatchiligi tugaganini, meni esa sherigiga qoldirayotganini aytdi. U meni olib chiqib ketgan kamera oldiga kelganda, “To‘xtang”, deb sharaqlatib eshikni ochdi-da, “Kiring”, dedi rasmiy ohangda.
Kamerada o‘nga yaqin odam yig‘ilgan, havosi bijg‘igan. Bular hammasi betayin, o‘g‘ri-kissavurlarmikin? Yo bitta-yarimta menga o‘xshash adashganlari ham bormikan? Shuncha o‘zimni tanitmaslikka harakat qilsam-da, nafasim bo‘g‘ilib, darcha oldiga borishga majbur bo‘ldim. O‘shanda birinchi bor o‘zimni xo‘rlangan, oyoqosti qilinganday his qildim. Men hamisha bolalarni yaxshi bo‘lishga, o‘g‘ri, bezori, firibgar bo‘lmaslikka o‘rgatardim. Bugun o‘zim yomon ko‘radigan toifa qatorida turganimdan ich-etimni yedim. Avstraliyadagi tub aholi qonun-qoidani buzganlarni qamab jazolamay, ajratib, yakkalab qo‘yishar ekan. Aslida, vijdonli odam uchun bu ham qattiq jazo, vijdonli odam shundoq ham pushaymonlikda o‘zini o‘zi yeb, adoyi tamom qiladi.
Bir mahal yana eshik sharaqlab ochildi. Baland ovozda:
– Familiyasi o‘qilganlar bitta-bittadan qo‘llarini boshga qo‘yib tashqariga chiqsin. Falonov, Pismadonov….
Yo‘lakda ikki qurollangan xodimlar, “Devorga qara”, “O‘giril”, deb ko‘rsatma berardi. Hamma chiqib bo‘lgach, yo‘lak bo‘ylab foyega olib chiqib, bir qatorga chizib qo‘yishdi. Bu yerda yurgan xodimlarning ko‘pchiligi yuztanish, hatto ba’zilarining ismini ham bilaman, biroq ular bosh irg‘ab salomlashishdan nariga o‘tishmasdi.
Ro‘paradagi bo‘sh stol, stulga bir mayor unvonidagi barzangi kelib o‘tirib, o‘ng tomondan boshlab so‘roq qila boshladi. Keyin bilsam, “Nachalnik melisa” deganlari shu nusxa ekan.
– Xo‘sh, sen nima hunar ko‘rsatding?
– Meni… – deb chaylana boshladi ayblanuvchi.
– Bular ichvolib mushtlashgan, – dedi boshliq yonidagi mulozim.
– O‘zlari boshladi… – dedi ayblanuvchi yana o‘zini oqlomoqchi bo‘lib.
– U bilan mushtlashganlar qani? – dedi shart gapini kesib boshliq.
– Kasalxonada, – javob berdi nozir.
– Xo‘sh, sen nima karomat ko‘rsatding? – dedi boshliq navbatdagi ayblanuchiga.
Miq etmay yerga qarab turaverdi.
– Mol o‘g‘irlayotganda qo‘lga tushibdi, – dedi mulozim.
– Kim ushladi uni? – so‘radi boshliq.
– Xalq ushlab, bizga topshirdi, chora ko‘ringlar deb, – aniqlik kiritdi yana mulozim.
Navbat menga kelganda negadir boshliq hech narsa so‘ramasdan qatorning u tarafidan, ya’ni chapdan so‘roqqa tuta boshladi:
– Sen-chi? – Boshliq ikki tirsagini stolga qo‘ydi.
Ayblanuvchi indamadi.
– Qo‘shmachilik bilan shug‘ullangan… – deb izoh berdi mulozim og‘zining tanobi qochib.
– Erkakmisan? Tuzukroq ishning boshini tutmaysanmi?
– O‘rtoq nachalnik… – dedi ayblanuvchi xuddi bir narsa esiga tushganday gap boshlab.
– Bo‘ldi, o‘chir! – deb navbatdagini so‘roq qilishga o‘tdi boshliq.
Shu yo‘sinda hammani bir-bir so‘roqlab, yana navbat menga kelganda to‘xtatdi-da, “Anavi mol o‘g‘rini xonamga olib kiringlar”, deb ko‘tsatkich barmog‘i bilan haligi o‘g‘riga ishora qildi, keyin yonidagi mulozimga qarab: “Hammasiga belgilangan tartibda chora ko‘rilsin”, deb zinadan yuqori ko‘tarildi.
Oq-sariqdan kelgan zobit yonimga kelib so‘radi:
– Boboxonov siz bo‘lasizmi?
– Ha.
– Men bilan yuring.
Imomov aytgan odam shu bo‘lsa kerak deb o‘yladim. U meni yuqori qavatga olib chiqdi. Foyeda direktorimizni ko‘rib, yuraklarim ezildi. Militsioner bizni yolg‘iz qoldirib, qaysidir xonaga kirib ketdi. Ahmadjon aka meni harbiy xizmatdan qaytgan askarday uzoq va mahkam bag‘riga bosdi. Hol-ahvol so‘rashgach, uyimdagilarni viloyatga ish bilan ketgan deb tinchlantirganini, kecha kechasi kelganini, ammo uchrashishga ruxsat berishmaganini aytar ekan, ko‘zlarini g‘am bosib qolganini ko‘rdim.
– Hechqisi yo‘q, boshga tushganni ko‘z ko‘radi, peshonangda shu kunlar ham bor ekan, jigar, – dedi kayfiyatimni ko‘tarish uchun…
– Ha, hayot shunaqa ekan-da, – dedim ko‘zlariga qaramaslikka tirishib.
– Nasriddinxo‘ja aka bilan gaplashgandim. Maktabimizni maqtadi, ayniqsa, “Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining bilim saviyasiga gap yo‘q, deb eshitganman”, dedi, ko‘rdingmi? Shuning uchun farzandlarini bizning maktabiga bergan. E’tirofni qara! “Yoshlikda olingan bilim, toshga o‘yilgan naqsh”, dedi. Yana-chi, seni “tuman markazidagi maktabga ishga kelsin, bolalarimga repetitorlik qilsin, oyligidan ikki barobar ko‘p pul to‘layman”, dedi.
– Meni tanir ekanmi?
– Ha-da, u juda ma’rifatparvar odam, xohlasang, hozir birga o‘tamiz, Javlonbek ham uyida ekan, – dedi muloyimlik bilan.
– Ob-bo Javlon-ey… Domla, men hech kimdan kechirim so‘ramoqchimasman, – dedim danganliga.
– Sabab?
– O‘zingiz bolalarni hech urmaganmisiz?
– Urganman, bundan keyin ham uraman, lekin prokurorning bolasinimas. Kaltakbop ish qilgan bo‘lsa, Javlonning ustidan menga shikoyat yozib bermaysanmi? Maorif mudiri bilan prokuratura eshigini tepib kirmaymizmi! Nozik joyidan ushlamaymizmi? “Bolangning ahvolini qara!” deb. Maorif mudiri G‘ayrat aka ham xafa bo‘ldi. Jiyanining ishi shu prokurorning qo‘lida ekan: “Xudo bir ishimizni o‘nglagan ekan-u, bu tentak qovun tushiribdi!” dedi.
– Nima, shikoyat yozib beraymi?
– Endi kech, g‘isht qolipdan ko‘chdi. Kechirim so‘raysanmi?
– …
Ahmadjon akani olg‘ov-dalg‘ov o‘ylar qiynay boshladi: nima qilsa bo‘ladi bu o‘jar bolani-a! Otasi rahmatli Halim aka meni yoniga olib, ko‘p yaxshilik qilib, el qatoriga qo‘shganini butun xalq biladi. Agar qamalib ketsa, mahalla-ko‘y ko‘z ochirmaydi. Rahbarlik ham o‘zi jonimga tekkan. Kuzda paxta, bahorda yagana. Qizimning ham bo‘yi yetib qoldi. Lavozimdaligimda tuzukroq joyga uzatvorsam, yaxshi bo‘lardi. Qolaversa, yangi hovlini bitirish kerak. Shu bir-ikki yilda ishlarni joyiga qo‘yib, direktorlikdan bo‘shayman-da, yarim stavka dars olib, bir amallab nafaqaga yetib olsam bo‘lgani, qolganiga Xudo poshsho…
Direktor nega kelgani yodiga tushib, bir seskandi.
– Oxirgi marta so‘rayapman, kechirim so‘raysanmi?
– Yo‘q.
– To‘g‘risi, xurmacha qiliqlaring hiqildog‘imga keldi. Ey seni-chi, “o‘zining metodikasi bor, yuqori saviyada dars beradi”, deb ko‘tar-ko‘tar qilgan biz ahmoq. Haddingdan oshma, bola. Menga senga o‘xshagan “Xalq maorifi a’lochisi”ning keragi yo‘q. Bolalar alif bilan kaltakning farqiga bormasa ham mayli. Menga o‘qituvchi degani bolalarni soat sakkizdan to‘rtgacha xonada ushlab o‘tirsa bo‘ldi, tushundingmi? Qolgani bilan ishim yo‘q.
Ahmadjon aka zarda bilan xayrlashmasdan zinadan tushib ketar ekan: “Qamalasan, hazillashayotganim yo‘q!” dedi ko‘rsatkich barmog‘ini xuddi to‘pponchaday o‘qtalib.

***

Derazadan qarasam, quyuq tuman tushibdi. Kecha kechasi havo ochiq, yulduzlar charaqlagan edi. Demak, tuman tongotarda tushgan bo‘lsa kerak…
Oq-sariqdan kelgan haligi zobit yigit meni xonalardan biriga boshlab kirib: “Shu yerda o‘tirib turing”, deb qaygadir gum bo‘ldi. Xona to‘rida fuqaro kiyimidagi basavlat kishi o‘tirardi. U meni so‘roq qilsa kerak deb o‘ylagandim. Yo‘q, unday bo‘lmadi, xona chetidagi bir stulda qimirlamay o‘tirdim. U ham yozuv-chizuvini qilib o‘tiraverdi.
Keyin unga kimdir telefon qildi. U: “Xo‘p, hozir boraman”, deb narsalarini jadal yig‘ishtirib, “men bilan yuring”, dedi. Yo‘lakka chiqdik, u qarshisidagi 22-xona eshigini chertdi. Javob bo‘lmadi. 23-xona eshigini chertdi. Yana javob bo‘lmadi. Razm solsam, eshiklarga xodimning na lavozimi, na ism-sharifi yozilgan. Faqat raqamlangan xolos. Va nihoyat, 24-xonadan sado bo‘ldi shekilli, qo‘li bilan imlab meni chaqirib, “Shu yerda o‘tirib turing”, dedi. Yana xonaning bir chetida qimirlamay o‘tirib, o‘ylar botqog‘iga botdim.
Bilasizmi? Sizga yolg‘on, Xudoga chin. Javlon maktabga otasining xizmat mashinasida kelib-ketsa-da, Jo‘rabekni qanday yaxshi ko‘rsam, uni ham shunchalik yaxshi ko‘raman. Hammasi ham jonajon o‘quvchilarim, vaqti kelsa, koyiyman, urishaman, maqtayman, rag‘batlantiraman. To‘g‘ri, pedagogikada bolalarni urish ta’qiqlangan. Sizga buni qanday tushuntirshni ham bilmayman. Menimcha, bu ustoz va shogird o‘rtasidagi shunchaki… Odatda, xato qilgan vaqtlarim bolalardan uzr so‘rayman.
Dildora daftarini o‘g‘lim yirtib yuborganda ham uni yonimga chaqirib yolg‘ondan stolimni uyoq, buyog‘ini titkilab:
– Daftaringni hech topa olmayapman, o‘zi topshirganmiding? – dedim.
– Ha, ustoz, topshirganman.
– Xo‘sh… Unda uydan yana qidirib ko‘raman, sen ham axtarib ko‘r, – dedim.
– Yaxshi, ustoz.
– Hozircha mana bu daftarga yozib tur, – deb ikki dona daftar berib, uzrimni so‘radim.
Bu ham shunga o‘xshash holat edi-yu, faqat kattalar aralashib, pashshadan fil yasab, hammayoqni rasvo qildi-qo‘ydi. Ko‘nglim sezib turibdi, bugun bo‘lmasa ertaga Javlonning o‘zi kelib kechirim so‘raydi. Mana, meni aytdi dersiz. Lekin bu tomosha toza jonga tegdi.
Keyin yana uch-to‘rt marta meni keraksiz jihozdek u xonadan bu xonaga ko‘chirib yurishdi. Velosiped o‘g‘risi deb gumon qilingan sinfdoshim Mirshakardan farqli o‘laroq, meni birov chertgani yo‘q, hatto sen demadi. “Kambag‘alni urma, so‘kma, to‘nini yirt”, deb shunga aytsa kerak. Organ xodimlari choy, sigareta, hatto taom taklif qilishdi, barini rad etdim.

***

Kecha uni bu yerga olib kelishganda, “o‘quvchilarim, hamkasblarim, mahalla-ko‘y eshitsa, nima degan odam bo‘laman” degan o‘y qiynayotgani, o‘g‘li ko‘z o‘ngidan ketmagani – bari-bari bugun juda kulgili tuyuldi. Bu uning bir kechada ancha ulg‘ayib qolganidan darak edi go‘yo. Eng yomoni, uning orzularidan biri – yangi yaratayotgan bolalar parta-stuli ham cho‘pchakka aylanib qolayotganida edi. Otasi o‘qituvchi bo‘lgani uchun uyda ham, maktabda ham qaddini rostlab to‘g‘ri o‘tirishga o‘rgatgan. Ko‘pincha bolalar partada o‘tirganda mukka tushib o‘tirishadi. Bu esa umurtqaning qiyshiq o‘sishiga olib keladi. Necha bor aytilgan, baribir foydasiz, shundan so‘ng u ayb bolalarda emas, balki parta-stuldadir, degan fikrga keldi. Va yangicha stul haqida bosh qotira boshladi. Uning ixtirosicha, bola tizza bukib, yarim tik holda turadi. Moslamaning orqa va oldi ko‘krak qismida suyanchig‘i bo‘ladi. Shu yo‘sinda bolalarni, butun bir xalqning to‘g‘ri o‘sishini ta’minlash mumkin deb o‘ylardi. Endi bu orzular ham sarobdek…

***

Vaqt asrga yaqinlashganda xonaga haligi oq-sariqdan kelgan zobit kirib: “Ov domla”, dedi kayfi chog‘.
– Labbay, – dedim bazo‘r.
– Men bilan yuring, – dedi ko‘zlaridan olov chaqnab.
Unga ergashdim. Kecha shaxsiy buyumlarim olib qo‘yilgan xonaga olib bordi. Navbatchi familiyamni so‘radi, keyin ruchka, bloknot, dastro‘mol, kalit, pul va kamarimni qaytarib berar ekan:
– Pulni sanadingizmi? – dedi.
– Ha.
– To‘g‘rimi? Hech narsa yo‘qolmaganmi?
– Hammasi joyida.
– Unda chiqavering.
– Imzo-pimzo…
– Shart emas, – dedi norizo qiyofada xodim.
Keyin uyga ketaverishim mumkinligini aytishdi. Men hayron bo‘lib tashqariga chiqdim, ko‘chada Ahmadjon aka kutib turgan ekan. Quchoq ochib kutib oldi. Bag‘riga bosar ekan, og‘zining tanobi qochib, nuqul, “Obbo o‘jar-ey”, “Baraka top”, “Qoyil”, derdi. Mashinaga o‘tirgach, “Yuz gramm…” deb menga bir qaradi-yu, “Choy ichamizmi?” dedi. Men bosh silkib, “Yo‘q, uyga”, dedim.
Mashinada borar ekanmiz, atrofni tuman qoplagan, quyosh xuddi oy misol ojiz nur taratadi. Menga hech narsaning qizig‘i qolmagan, hamma-hammasiga qo‘l siltab bo‘lgan edim. Ahmadjon aka:
– Endi gap bunday, uka, sening qaysarligingda ham bir hikmat bordir ehtimol, lekin sendan bir-ikki ko‘ylakni ortiq yirtganman. Hozir o‘jarlik qiladigan zamonmas, G‘ayrat aka ikkovimiz Nasriddinxo‘ja akani zo‘rg‘a murosaga keltirdik, sen ham jinnilikni bas qilib, maslahatga ko‘ngin. Nasriddinxo‘ja aka gunohingdan o‘tdi hisob, faqat, “Yigirma to‘rt soat ichida tumanda qorasini ham ko‘rmay”, dedi. Shuning uchun qo‘shni tumanda, Cho‘lobod qishlog‘idagi 9-maktabda ishlab turasan, direktori bilan gaplashib qo‘ydim, sharoit qilib beradi, – dedi.
– Onam-chi?
– Onangga akang qarab turar, urushga ketayotganing yo‘q-ku. Qolaversa, prokurorlik muddatli ish. Hech kimni lavozimga bog‘lab qo‘ymagan, hech kim bu dunyoga ustun ham bo‘lmagan, biror gap bo‘lsa, yana o‘zimizga qaytib kelaverasan, onasini emsin bu hayotni! – deb mashina ro‘lini bir mushtlab qo‘ydi Ahmadjon aka.
Men allaqachon qo‘lni yuvib, qo‘ltiqqa artgandim. Oxirgi gap quloqlarim ostida qayta-qayta jarangladi: “Hech kimni lavozimga bog‘lab qo‘ymagan, hech kim bu dunyoga ustun ham bo‘lmagan”. Qoq qish chillasida bo‘lsam-da, men bilan yonma-yon borayotgan shu zarrin quyosh nurlari erta-indin biz sog‘ingan bahorni olib kelishini o‘ylab yuragim orziqib ketdi.
Ungacha avvalgidan-da abgorroq maktab ko‘chalaridan yurishga majburman.

Noyabr-dekabr, 2012.