Muhammad Shodiy. Men zo‘rman (hikoya)

“Mahallamiz pahlavonlari” musobaqasida g‘olib aniqlandi. Bolakay sevinganidan sakrab yuboray dedi. “Dadam chempion!”
Hamma bugungi bellashuv qanday kechganini o‘zaro sharhlab, uy-uylariga tarqar, bolakay go‘yo qanot chiqarib uchardi. Ko‘nglida iftixor tuyg‘usi. “O‘zimdan kattalar ham havas bilan qaradi menga. Siz tufayli. Rahmat, dada!”
Qishloqning eng yoshi ulug‘i – bobosi ham xursand bo‘ladi bu xabardan. U ham vaqtida zo‘r kurashchi bo‘lgan. Ha, ot izini toy bosar deganlaridek, bir vaqtlar butun vodiyda tengi bo‘lmagan pahlavonning o‘g‘li bugun mahallada eng zo‘r kurashchi. Chempion!
Bobojonning qo‘li doim duoda. “Hazrat Ali sheri Xudoning ruhi qo‘llasin!” derdi o‘g‘lini. Duo ijobat bo‘lgan ko‘rinadi.
– Pahlavonim! – yoshiga munosib kelmagan epchillik bilan o‘rnidan turib, o‘g‘lini quchoqladi mo‘ysafid.
Shu payt dadasi, tomdan tarasha tushganday, nima deb yubordi deng…
– Polvon nomingiz bor sizning ham. Kuch sinamaymizmi, ota?
Bolakay bo‘shashdi. Quloqlariga ishonmasdi. Otasi, “Kuch sinaymizmi?” deb turibdimi yoshi bir joyga borgan bobosiga?
Lekin bobosining yuzida ajablanish yo‘q edi.
– Mayli, – deya rozilik bildirdi u.
– Qani, keling. Lekin men zo‘rman!
Bolakay toshday qotdi. “Dadam nima qilmoqchi? Rostdan ham… bellashmoqchimi bobom bilan? Esi joyidami o‘zi?”
U bobosining belidan qo‘lini o‘tkazayotgan dadasiga:
– To‘xtang, – dedi hayajonli tovushda.
Dadasi qo‘lini tortib, unga yuzlangan edi, duduqlanib:
– Ayam chaqiryaptilar, – deb qo‘shib qo‘ydi.
– Ayang?
– Tezda chiqarkansiz.
– Xo‘p!
Chiqib keta turib yangi chempion otasiga qarata:
– Men zo‘rman! – dedi yana.
– Bilaman, – dedi mo‘ysafid kulib qo‘yib.
Bolakay “kuch topib aqlini yo‘qotgan” dadasining bunday muomalasidan titrab ketdi.
“Bu qanaqasi? Men zo‘rman, deyaptimi dab-durustdan?”
– Bolam, senga nima bo‘ldi? – so‘radi bobosi uning botiniy iztirobini sezib.
Bolakay zo‘rma-zo‘raki jilmaydi:
– Men, shunchaki… Lekin dadam hazillashdilar. Erkalandilar, zo‘rman, deb. Siz xafa bo‘lmang!
Mo‘ysafid xoxoladi:
– Nega xafa bo‘lay, bolajonim? U haq gapni aytdi-ku? Bir paytdagi kuch-quvvatim hozir dadangda. Bugun chempion bo‘ldi. Men zo‘rman, deyishga u haqli!
– Hech ham-da, bobo. Xonadonning eng zo‘ri – o‘zingiz! – bolakayning ko‘ngli buzilib, ko‘zlariga yosh qalqidi.
Oradan haftalar o‘tsa hamki, dadasi: “Ota, men zo‘rman!” deyishdan charchamas, go‘yo ataylab bolakayning jahlini chiqarish uchun shunday deb ko‘krak kerardi.
– Bildik, zo‘rsiz, – dedi bolakay bir kuni g‘ashlanib.
– Zo‘rni zo‘r deydilar-da, bola! Ota, – bobosiga yuzlandi dadasi, – men zo‘rman deyishim nega yoqmayapti tirranchaga? Ko‘z olaytirishini qarang. O‘zingiz ayting, men zo‘rmi yoki…
– Sen zo‘rsan, o‘g‘lim, – dedi bobosi, “maqtanchoq” farzandini yelkasidan qucharkan. – Boshing omon bo‘lsin. Lekin bir kun kelib manavi nabiraginam zo‘r bo‘ladi!
Mo‘ysafid yotib qoldi. Ko‘p o‘tmay olamdan o‘tdi. Dunyo bolakayning ko‘ziga qorong‘i. Qanday yaxshi ko‘rardi-ya! Chempion dadasida ham endi oldingi shasht yo‘q.
Oradan yil o‘tdi. Yana bellashuvlar boshlanarmish, degan gap chiqdi. Bolakay dadasidan so‘radi:
– Maydonga chiqasizmi?
– Yo‘q, – mahzun kulimsiradi dadasi. – Endi… Men endi…
– Nima bo‘ldi? Zo‘r edingiz-ku?
Biroz chuqur xayolga cho‘mgan dadasi xo‘rsindi:
– Ha, zo‘r edim. Men zo‘r edim, bolam. Endi…
U bu gapni shunday ichki bir dard va iztirob bilan aytdiki, bolakayning a’zoyi badani qaltirab ketdi. Xonada – og‘ir sukunat. Bolakay dadasining g‘amgin ko‘zlariga boqar, dadasi esa mo‘ysafidning devorda osig‘liq suratiga mahzun termilardi: “Ota, men nima bo‘ldim? Nima bo‘ldim men, ota?”
Bolakay unsiz faryod qilayotgan dadasining ortidan quchdi. Noto‘g‘ri tushunarkan uni. Bir vaqtlar nega takrorlab: “Men zo‘rman” deya qo‘llarini… Yo‘q, bag‘riga bosarkan otasini. Erkalanib… Endi u yo‘q. Kimga kerak endi kap-katta odamning erkaligi? Eng yaqin do‘sti endi yo‘q. Qulab tushdi suyangan tog‘i.
Bolakayning rahmi kelib ketdi.
– Quloq tuting, dada. Eshityapsizmi?
– Nimani? – dadasi o‘girildi.
– Bobojonning gaplarini… – bolakay shunday deb bobosining suratiga xayolchan termildi. So‘ng otasiga yuzlanib: – Sizgamas, menga gapirdilar, – dedi. – Dadangga ayt, ruhini cho‘ktirmasin, men shu yerdaman, yoningizdaman, dedilar bobojonim.
– Nahotki? – dadasi hayajonlandi.
Bolakay uni qattiq quchoqlab, tasalli ohangida:
– Hali ham zo‘rsiz, dadajonim, – qo‘shib qo‘ydi. – Siz zo‘rsiz. “Men zo‘rman”, deb ayting, iltimos! Ilgariday “Men zo‘rman” deng!
– Men zo‘rman, – dedi dadasi kulib.
Shu tobda u haqiqatan ham allaqanday kuchning yuragini junbushga keltirayotganini sezar, ko‘zlari porlar, devorda osiqliq mo‘ysafid otasining suratiga mamnun boqardi.
“Yanglishgan ekanman, men tamom bo‘ldim, deb. Shu yerda ekansiz, otajonim, men zo‘rman. Men zo‘rman!”

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 9-son