— Jaloliddin!
— Kiravering, — dedi uy egasi, — darvoza ochiq.
Eshikni jur’atsizlik bilan ochib, qo‘lida hassa, kirib kelar ekan: — Xayriyat, shu yerda ekansan, — dedi Nazar bobo, peshvoz chiqayotgan uy egasini ko‘rib.
— E, muallim, o‘zingizmisiz? — Jaloliddinning chehrasi yorishgandek bo‘ldi.
— Ha, men, — deya kulib qo‘ydi bobo, — kutmagan bo‘lsang kerak-a?
— Yo‘g‘-e, nega? Keling, salomatmisiz?
Qo‘l berib, hol-ahvol so‘radilar.
— Qani, ichkariga.
— Kim bor?
— Bir o‘zim.
— Xo‘p, lekin ko‘p o‘tirmayman.
Kirib borayotgan bobo, g‘ayriixtiyor, atrofga razm solib, naqshinkor ayvonga bir qarab: — Zo‘r imoratlar solibsan, — dedi xayolomuz, — nasib etsin. Ancha bo‘ldimi?
— O‘n besh yil bo‘lyapti.
— O‘n besh yil? Qara-ya, men endi ko‘ryapman. Ajab zamonalar. Hamma o‘z tashvishi bilan band. Bir qishloqdamiz, lekin bordi-keldi hisobi bilan. Oqibatsiz bo‘lib ketyapmiz. Bu dargohga oxirgi marta qachon kelganim, hatto, esimda yo‘q.
«Lekin mening esimda, — ko‘nglidan o‘tkazdi Jaloliddin: birdaniga a’zoyi badanida g‘alati bir iztirob paydo bo‘ldi, — otam qazo qilgan kun… Unutib bo‘larkanmi?» lekin nafasini ichiga yutib: — Qani, yuqoriga, — ehtirom ko‘rsatdi uy egasi.
Hassasini ustunga suyab, kalishlarini yechib, «bismillohi…» deya to‘rga qadam qo‘ydi bobo, yana bismillo deb ko‘rpacha ustiga o‘tirdi.
— Qani, omin…
— Xush kepsiz. Men hozir…
— Nima qilmoqchisan?
— Dasturxon yozay desam…
— E, nima deyapsan? Mohi sharifda-ya? Bir oyat o‘qing, de, — deya o‘rnidan turgan Jaloliddinning qo‘lidan tortib, yoniga o‘tirg‘izdi bobo.
— Uzr, muallim.
Bir «u-hum» deya, o‘tirgan joyida bir qimirlab va ko‘zlarini yumganday bo‘lib, bobo oyat o‘qiy boshladi:
— A’uzu…
* * *
— Usto-o-z, otaday ulug‘, degan gap bor, ukajon.
— Xizmat bo‘lsa, muallimjon, bexijolat…
— Iltimos, muallim dema.
— Axir… muallim edingiz.
— Shunday-ku, lekin… Muallimlik allaqachon o‘tgan, o‘tib ketgan. Hozir domlaman. Imom yo‘qligida masjidimizda domla-imomlik ham qilib turaman. Xabaring bordir?
Bir paytlar maktabda ishlardi Nazar bobo. Xo‘jalik mudiri edi. O‘qituvchi yetishmasdi. Shundan gohida darslarga ham kirib turar, qishloqdagilar unga ham «muallim» deya murojaat qilishardi.
— Xo‘p, ustoz, aytganingiz bo‘lsin. Domlajon, qulog‘im sizda.
— Bir iltimos bilan keluvdim.
— Xo‘sh?
— Kitob kerak bo‘lib qoldi.
— Kitob? Qanaqa kitob?
— Otangning eski kitoblari. Mullo edilar, rahmatli, mavlono edilar. Ko‘p kitoblari bor edi. Bironta qolganmi, yo‘qmi?
Jaloliddin g‘alati bo‘lib ketdi. «Kitob… otamning kitoblari…»
Nimalardir esiga tushib, etlari junjikib, yuragi gursillab urayotgan bo‘lsa-da, biroz o‘yga cho‘mib, kulimsirab:
— Faqat bitta kitob qolgan, — dedi, — jon deb berardim-u…
Uy egasining xiyol bo‘zlangan rangiga e’tibor bermay: — Berasan, — dedi Nazar bobo, — bittagina bo‘lsa-da, berasan, ukajon.
Biroz sukut saqlab, so‘radi:
— Aytganday, mening Mansurim bilan birga o‘qirding-a?
— Ha, domla, Mansuringiz bilan bir sinfda o‘qirdik. Jo‘ra edik, — dediyu lekin u yog‘ini aytmadi…
* * *
Uning dardi yangilandi. Domlasiga ochiq oshkora aytmasa-da, ko‘zlariga boqib-boqib xayolidan o‘tkazdi: «Ha, domla, jo‘ra edik. Lekin nimadir bo‘lib, bir narsani talashibmi, yoqalashib qolganmiz. Kimdir yelkamga bir musht tushirdi. Qarasam — siz.
— Itvachcha! — deya qattiq tortdingiz qulog‘imdan, — zo‘r bo‘lib ketibsan-ku, ruhoniy, xalq dushmanining o‘g‘li!
Bu ham kamlik qilganday, tarsaki tushirmoqchi bo‘lib, qo‘l ko‘taruvdingiz, «hay-hay!» degan iztirobli ovoz eshitildi-da, qayerdandir yetib kelgan oyim o‘rtaga tushdilar. Men yig‘ladim. Umrimda bunaqa tahqirni, bunaqa musht zarbini totib ko‘rmaganim uchunmi, oyimni ko‘rib, birdan xo‘rligim kelib, o‘ksib yig‘lay boshladim.
— Bir musht yetarli emasmidiki, yana qo‘l ko‘taryapsiz, domla? — dedilar oyim, — erkangizni esa… Bola sizga aziz bo‘lsa, boshqalarga ham aziz. Aytgan gapingizga qarang — ruhoniy, xalq dushmani. Xalq dushmani kim?
— Ho-o, shunaqa degin, — dedingiz zaharhandalik bilan, «birovning azizi» deb, bezorilik, mushtumzo‘rlik qilsayam qarab turish kerak ekan-da, a? «Xalq dushmani» kim emish… Kim bo‘lardi, jalojin, senlar!
— Hoy, og‘zingizga qarab gapiring. O‘ylab gapiring…
— E, kimsan o‘zing menga do‘q uradigan? Kimga orqa qilyapsan? Eringgami? Uning gapi gap bo‘lgan zamon o‘tib bo‘lgan, nahotki bilmasang?
— Muallim degan nomingiz bor, o‘zingizni bosing.
— Nima qilarding, ruhoniy? — dedingiz tahqirona ohangda, — qo‘lingdan bir nima kelarmidi? — Lekin men, — deya dag‘dag‘a qildingiz ko‘kragingizga mushtlab, — ko‘p ishlarga qodirman, hali tomosha qilasan.
To‘g‘ri aytgan ekansiz, domlajon, ko‘p o‘tmay nimalarga «qodirligingiz»ni isbotladingiz ham…
* * *
— Ruhoniy dedi, xalq dushmani dedi, — deya ko‘z yoshi bilan arz qildilar oyim. Dadam taskin berdilar:
— Xafa bo‘lma, nima desa, uning og‘zi. Janjal paytida, jahl ustida, odam nimalar demaydi.
Keyin nasihatomuz davom etdilar:
— Jalolni urgan bo‘lsa, mayib bo‘lmapti. Bir musht-ikki musht bilan o‘lib qolmaydi, pishadi. Aralashmasliging lozim edi — o‘zidayam ayb bor.
Oyim e’tiroz bildirdilar.
* * *
O‘sha voqeadan keyin, domlajon, meni yomon ko‘rib qoldingiz. Ramazon oyi edi, hammasi esimda. Katta tanaffus payti, maktab hovlisiga chiqishimni bilaman, uch-to‘rt bola kelib, qo‘limdan, bilagimdan ushladi.
— Ketdik, domla chaqiryapti.
— Qo‘yvorlaring, — dedim, — domla chaqirayotgan bo‘lsa, o‘zim boraveraman.
Lekin meni kuch ishlatib, tortqilab olib borishdi.
Ramazon oyi edi, domla, lekin og‘zingizda sigaret. O‘ttiz-o‘ttiz ikki yoshda edingiz. Ko‘zlaringizdan o‘t chaqnaydi.
— A-ha, mullavachcha! — oshkora adovat bilan qaradingiz menga, — ro‘zamisan?
— Ha, ro‘za! Ro‘za! — qichqirishdi bolalar.
— Bu ilonvachchayam, aftidan, otasiga o‘xshab, mullo bo‘lmoqchi!
Shunday deb maydonda o‘tirib uzum yeyayotgan mendan kattaroq bir bolaga ishora qildingiz, u shartta qo‘limdan ushlab, pastga tortib tushirdi-da, yerga yotqizib, og‘zimga uzum tiqa boshladi…
* * *
Ko‘nglim g‘ash edi. «Og‘iz ochish» fursati ham yetdi. Dasturxon atrofidamiz. Bo‘lgan voqea haqida ota-onamga gapirib berishni lozim topmadim.
Ikki-uch marta oshga qo‘l uzatdikmi, yo‘qmi, darvoza qattiq taqilladi.
— Hoy, kim bor? Ochlaring!
* * *
Jaloliddin borib eshikni ochdi.
— Qani otang. Uydami?
— Ha.
Uch kishi edilar: NKVD xodimi, qolgan ikkisi jamoa idorasidan.
Otasi o‘tirgan uyning eshigini siltab ochishdi.
— Sizga keldik, domla.
Angrayib qolgan onasi:
— Nima gap, tinchlikmi? — deb so‘radi, rang-ro‘yi o‘zgarib.
— Nima gapligini keyin bilasizlar.
— Qani, o‘tinglar. Bir piyola choy…
— Vaqt yo‘q. Qani tezroq! — NKVD xodimi ovozida shiddat bor edi.
— Voy, endigina «og‘iz ochgan» edilar-a…
Jamoa idorasi vakili otasiga olayib qarayapti: — Bo‘lasizmi, yo‘qmi?
— Hozir, o‘g‘lim, hozir, — sarosimaga tushdi otasi. Ketayotib: — Men tez qaytaman, xavotir olmanglar, — dedi.
Xavotir olmay bo‘larkanmi?
Yuragi tars yorilib ketayozgan onasi o‘zini qo‘yarga joy topolmay uyoq-buyoqqa qadam tashlar, xayolidan turli gumon-shubhalar kezar, o‘ziga o‘zi pichirlardi:
«Qayerga opketishdi? Nega? O‘zing saqla, ey Xudo… O‘zing madadkor…»
Ikki soatlardan keyin, baxtlariga, darvozaning g‘ijirlagani eshitildi-da, otasi kirib keldi. Iztirobda edi, lekin labida tabassum:
— Tinchlik ekan-u…
— Tinchlik bo‘lsa, nega bunday qilishadi, dadasi? Turqi sovuqlarning avzoyidan qo‘rqib ketdim.
— Eski savodi bo‘lgan har odamni, nazarimda, so‘roq qilishyapti.
— Tavba, bu yangi hukumat…
— Pastroq, xotin, pastroq. Yangi hukumatga til tekkizma, zamon nozik…
Ertasi, iftordan so‘ng, atrof xilvat bo‘lgach:
— Turgin, bolam, — dedi otasi, — bir joyga boramiz.
— Qayerga? — hayron bo‘ldi Jaloliddin.
«Shu bemahalda qayerga borishlari mumkin?»
Ichi to‘la og‘ir bir xaltani olib chiqar ekan:
— Keyin bilasan, — dedi onasi, — manavini olib borishda otangga yordam ber.
— Bu nima? Ichida nima bor?
— Kitob, bolam, kitob. Eski kitoblar… Bu yerda turishi xavfli, bolajon.
— Tushundim…
Yoshi bir joyga borib qolgan otasi bilan qishloq chetidagi Kaftaguzar tog‘i etagiga yo‘l olishdi. Atrof-tevarak zim-ziyo, yo‘l yurish mushkul, yuklari og‘ir, dillarda tahlika…
Kichik bir g‘or ichiga Sa’diyu Hofizni, Rumiyu Fuzuliyni, Navoiy, Uvaysiylarni… «ko‘mdilar»da, ortga qaytdilar.
Onasi peshvoz chiqdi:
— Omonmisizlar? Xayolim qayerlarga bormadi.
Oyoqlarini zo‘rg‘a sudrab bosib, uyga kirarkan:
— Endi ko‘nglimiz tinch, — zo‘rma-zo‘raki jilmaydi otasi.
Lekin «notinchliklar» hali oldinda ekan. Mo‘ysafid kasal bo‘lib qoldi, issig‘i baland. Unga yana kelishdi.
— Turing, domla.
Eshikning taraqlab ochilishi bilan qalbi larzaga tushgan, a’zoyi badanini sovuq ter qoplagan onasi xuddi birov tomog‘iga pichoq tiraganday:
— Yana nima xohlaysizlar? — deya titroq ovoz chiqardi.
Dovdirab qolgan Jaloliddinning yuragi ham xapqirdi. Qaqqayib, goh ota-onasiga qaraydi, goh chaqirilmagan mehmonlarga.
— Qarab turibmiz, domla, turasizmi, yo‘qmi?
Bu dag‘dag‘adan onasi biroz qizishdi:
— Turmaydilar. Qanaqa odamsizlar? Bu ahvolda, qanday boradilar?
— Qo‘y, xotin, borish shart bo‘lsa, bir ilojini qilarman, — majolsiz ovoz chiqardi ota, — janjal ko‘tarma.
Shunday deya, o‘rnidan zo‘rg‘a turmoqchi bo‘layotuvdi: — Qimirlamang! — to‘xtatdi onasi va «mehmonlar»ga yuzlandi: — Bormaydilar. Hech qayoqqa!
Shopmo‘ylov norozi ohangda:
— Yomon xotin ekan-ku, — dedi sheriklariga.
Onasi, ko‘zlari mo‘ltirab, mo‘ylovliga qaradi: — Bular-ku begona, sen tushungin, Zohir, uzoqroq bo‘lsa-da, qarindoshmiz-a.
Lekin iltijo unga kor qilmadi.
— Xo‘sh, qarindosh, — dedi u xirillab, — seni deb hukumatga xiyonat qilaymi? Tushingni borib suvga ayt!
Umidi puchga chiqishini sezgan onasi:
— Shunday degin, hukumat farzandi, — dedi mahzun jilmayib, so‘ng najot so‘rab novcha «mehmon»ga yuzlandi: — Ukajonlar, rahm qilinglar. Xudo xayringizni bersin. Musulmonsiz-a, erta-indin hayit, shu ulug‘ ayyomda…
Shopmo‘ylov xoxoladi:
— Hah-ha! Hayitmish… Hayitingga hukumatning ne ishi bor? Oboramiz!
— Kasal bir cholni… Yostiqdan bosh ko‘tarishga kuchi yetmaydi-ku, bu bechorani? — onasining ovozi bo‘g‘ilib qoldi.
Jaloliddin yig‘lay boshladi. Lekin «mehmon»larning parvoyi falak…
— Xola, foytun bor tashqarida. Chiqishlariga yordamlashamiz. Kelishdan bosh tortdi deb aytolmaymiz-ku.
— Shunaqami? — onasi boshqa chidolmay, eshik oldidagi tayoqni qo‘liga oldi.
— Qani, tuyog‘ingni shiqillat! Tezroq!!
Ona g‘azablangan arslonga o‘xshardi shu tobda.
— Yo‘qollaring!!!
— Ho‘y, jalojin, — dedi kutilmagan holdan qo‘rqib ketgan shopmo‘ylov, — hali hukumat bilan o‘ynashasanmi? Biz-ku, ketamiz, lekin yana kelishadi. Domla borishga, javob berishga majburlar, ustlaridan shikoyat tushgan…
* * *
«Yana kelishadi…»
O‘sha behalovat tunda uyqusi qochgan edi. Xayoli parishon. Yana kelishlariga amin edi. «Nega bunday qilishadi, nega? Dadajonimda nima ayb? Sihat bo‘lganlaridayam mayli edi…»
Qani edi andakkina mizg‘ib olsa. Azonda turishi kerak. Lekin ko‘zini yumsa, allambalo qo‘rqinchli tushlar…
Saharga yaqin ko‘zi ilinibdi.
— Bolajonim…
Ko‘zini ochib, onasining yoshli ko‘zlarini ko‘rib, titrab, boshini shahd ko‘tardi:
— Kelishdimi, oyijon? Ular kelishdimi?
— Yo‘q, otang…
— Otamga nima bo‘ldi?
— Mard bo‘l, o‘g‘lim, — deya ona uning boshini titroq ko‘kragiga bosdi, — otang… qazo qildilar.
— Nima?..
* * *
Ta’ziyaga ko‘p odam keldi.
— Eh, qanaqa odam edilar-a, domla…
— Qarilik chog‘ida bazo‘r-bazo‘r topgan farzandining rohatini ko‘rmay o‘tdilar, bechora.
— Esiz banda…
Kimdir Jaloliddining yelkasini olib, alam-qayg‘usiga sherik bo‘lar, birov yuragi qon yig‘layotgan onasiga sabr-bardosh tilar, hamma g‘amgin, hamma iztirobda edi.
Ajab dunyo! Mullolarni ko‘rolmaydigan, «xalq dushmani» deb ustlaridan yozadigan odamning o‘zi, falakning aylanishi bilan, endi mullolikka da’vogar. Qo‘liga kitob olmoqchi, diniy kitoblar. Kitoblar…
* * *
… Jaloliddin hayajonini bosib, sekin o‘rnidan turdi-da, ichkariga kirib, ro‘paradagi oynavand javondan otasidan qolgan tabarruk kitobni qo‘liga oldi, labiga oborib, qayta-qayta o‘pdi, ko‘ziga surdi-da, Nazar muallimning oldiga chiqdi.
— Otamdan qolgan tabarruk kitob…
Jaloliddin Saidning fan doktori bo‘lganigayam yigirma yil bo‘lyapti. Shaharlik, lekin bir oyog‘i qishloqda. Bir javon emas, ikki xonasi kitobga to‘la! O‘zi ham bir nechta kitob yozdi. Ha, u kitobga boy, lekin… Lekin otadan qolgan bir dona kitob… barcha kitoblardan unga azizroq, bebaho yodgorlik. Ana, o‘sha yodgorlikni berib yuboryapti. Kimga — otasi ustidan yozgan odamga!
* * *
— E, barakallo! Otamdan qolgan yodgorlik, degin? Yaxshi, yaxshi. Lekin zo‘r mullo edilar, rahmatli, butun vodiy u kishini tan olar, hurmat qilardi. Kitoblariyam ko‘p edi? Shugina qolibdi xolos-da, a?
— O‘qiy olasizmi?
— Anchadan buyon mashq qilyapman. Bu, deyman… — bobo muqovadagi yozuvga sinchiklab qaradi, — «Chahor kitob»,a?
— Yo‘q, «Fiqhi kaydoni»-ku.
— E-ha, «Fiqhi kaydoni». Ko‘zoynak olmaganimni qara… Aytganday… — bobo kissasini kovlaganday bo‘ldi, — so‘rashning aybi yo‘q, qancha berishim kerak?
— Nima?
— Kitobning bahosini so‘rayapman. Aslida, diniy kitobga narx qo‘yish, savdolash ham joiz emas-u…
Jaloliddin Saidning ichi yonayapti-yu, lekin labida tabassum:
— Bu kitob, domlajon, bizdan sizga hadya.
— Rahmat, ukajon, otangga ham rahmat. Lekin… faqat bitta qolgan ekan-da, a? Hay, shunisigayam shukur.
* * *
«To‘g‘ri ish qildimmikin, aziz otajon? Siz nima deysiz, onajonginam?»