Muhammad Sharif. “Uoll Strit” (hikoya)

– Voydod, voy o‘lay! Bolta ko‘tarib kelayotganmish! Endi nima qilamiz? – O‘ttizga o‘rlab qo‘ygan juvon temir darvozani daranglatib yopib kirdi-da, qo‘lidagi cho‘ltoq supurgini chetga uloqtirib, katta dahaga kirgan qurtdek pishillab yotgan erini titrab-qaqshagancha uyg‘otishga tushdi. – Voydod! Tursangiz-chi g‘aflat bosmay! Akangiz kelayotganmish, qo‘lida bolta ko‘tarib! Voy sho‘rim… voydod, odamlar, endi nima bo‘ladi?!
Juvon hovli o‘rtasidagi temirdan yasalgan halinchak-karavotda qo‘llarini ikki yonga lang tashlab xurrak otayotgan erining yelkasidan qattiq-qattiq siltadi. Turtkining kuchidan karavot lapanglab, g‘ijirlagancha nari borib, beri keldi. Karavot chayqalganida Akmalning qo‘llari urug‘lay boshlagan sadarayhonlarni duv silkitdi. Hovli quyuq rayhon hidiga to‘ldi.
Akmal akasi kelayotgani haqidagi xabarini ilg‘ab-ilg‘amay peshonasi qattiq tirishdi, biroq qo‘lida bolta ko‘tarib olganmish, degan gapdan ko‘zlari moshdek ochildi. Ertalabdan bir balo boshlanadi shekilli, degan sovuq o‘ydan badani jimirlab ketdi. Xotini hamon oyog‘i kuygan tovuqdek hovlini gir aylanib tipirchilaydi, “Voy xudoyim-ey, o‘ldirib qo‘ysa-ya!?” deya tinimsiz javraydi, bir uyga kiradi, bir chiqadi, ro‘molini qayta-qayta tang‘iydi, silliq shoyi mato yana boshidan sirg‘alib tushaveradi.
Akmal qo‘llarini musht qilib peshonasiga tiragancha o‘ylanib qoldi, keyin og‘ir uf tortib karavotdan turdi. Qachondir oxiri bo‘lishi kerak-ku buning, bor-e, boshga tushganni ko‘z ko‘rar, nima bo‘lsa bo‘ldi, bu yog‘i endi xudodan – shu fikr bilan u o‘zini bosib olishga urindi, tambalangan temir darvozaga yugurik nigoh tashladi, hovli etagidagi og‘ilxonaga kirib, bir qo‘lida eski bolta, ikkinchisida singan ketmon sopini ko‘tarib chiqdi, ularni darvozaxona devoriga suyab qo‘ydi. Xotini allaqayerdan beshlik topib keldi.
– Qarab o‘tiraveramizmi? Men milisa chaqiraman! – dedi xotini.
– Agar akam qamalsa, ikkita bolasini olib kelib qo‘lingga tutqazaman, o‘zing boqasan! – Akmalning bu gapidan keyin xotinining ovozi o‘chdi. – Nega to‘rsayib turibsan, uyga kir, damingni chiqarma, agar ostona hatlab tashqari chiqsang boshingni yoraman. Bolalarni tez enangnikiga jo‘natvor. Ha, aytgancha, Akromni uyg‘ot, darrov chiqsin.
Bir ozdan so‘ng yangasining avzoyidan salkam o‘takasi yorilgan Akrom  tuflisining ikkinchi poyini oyog‘iga ilib-ilmay akasining yoniga hakkalab keldi.
– Sen qoch, Akrom. Tez qoch! Ertalabdan qaygayam borarding… Ha, Sayidazimning do‘koniga yashirin. U  do‘konini azonlab ochadi.
– Siz-chi, sizga nima bo‘ladi? – dedi Akrom ko‘zlari chaqchayib.
– Men bilan ishing bo‘lmasin, bu yog‘iga xudo poshsho!
Akmal taqdirga tan bergan, akasi shu kelishida boshida tegirmon toshi yurgizsa ham chidashi kerakligini biladi.
Uch aka-uka otadan yetim qolibdiki, katta o‘g‘il Adhamning kaltagi ukalarining boshida sinadi. Biroq qachongacha?! Akaning shunday ta’zirini bersinki, qaytib qo‘l ko‘tarishga jur’at topa olmasin. Lekin bu gal qo‘lida bolta bo‘lsa, ish chatoq. Nima jin urdi ekan?
Hakim paxsakash xotinidan ayrilgach, uch o‘g‘lini loyxonada katta qildi, deyilsa sira mubolag‘a bo‘lmas. Yon-atrofdagi qishloqlarda uning qo‘lidan chiqmagan paxsa devor kam. Keyinroq bolalarini yonida olib yuradigan bo‘ldi. Endi u paxsa urganda  bolalari loy tepib beradi. Kenjasi nimjonroq bo‘lganidan loyxonaga tushmas, akalari loy tepsa, u loypang‘illoq o‘ynardi. Shundanmi, Akrom loyi pishmagan paxsadek salga to‘kilgudek, bo‘shangroq ko‘rinadi. Adham bilan Akmal aksincha, bolaligidan loy tepib katta bo‘lgani bois oyoqlari uzun-uzun, to‘rt paxsa balandlikka ham loyni o‘ynab otadigan bilagi va beli baquvvat yigitlar bo‘lib yetishdi. Biroq katta o‘g‘il Adham badfe’l, diydasi toshdek qattiq, o‘tganning o‘rog‘i, ketganning ketmoniga yopishadigan, bermasa tutib uradigan jahldor kimsaga aylandi. Araq ichib olganida Adhamning odamlik siyoqi qolmasdi, ko‘ziga salgina yoqmay turgan kimsani urmasdan qo‘ymas edi.  Zo‘rdan zo‘r ko‘p, deyishadi, lekin bu gap Adhamga tegishli emasdi, olomon-kaltak orasiga tushib qolganda ham  gavdasini g‘oz tutib chiqardi.
Adham orada bir-ikki marta o‘n besh sutkadan qamalib chiqsa-da, mulla bo‘lmadi, qaytaga bir odamga qattiqroq jarohat yetkazib, bir yilga qamaldi. Qamoqdan chiqib kelgan kuniyoq xotinini kaltakladi, keyin ukalari, tog‘asi va amakisini tutib urdi. Bir yil ichida birortasi Adhamni ko‘rgani bormaganmish! Nega borsin axir, u qamoqdaligida yettiyot begonalar nari tursin, g‘alvadan qutulgan xesh-xo‘shlarning hammasi birdek do‘ppisini osmonga otib yurgan bo‘lsa!
Adham anoyilardan emas, endi ichib mast bo‘lganida begonaga tegmay, faqat qarindoshlarini urishga odatlandi. To‘g‘ri-da, ular uydagi gap ko‘chaga chiqmasin degandek milisiga chopib bormaydi, Adham bolalarini chirqiratib yana qamalib ketmasin, deydi-da. Lekin og‘irlik Akmalga tushdi, u ham qarab turmaydi, kuchi yetganicha olishsa-da, aka baribir akalik qiladi. Bir tomondan, eng kichik Akromga-da oson tutib bo‘lmasdi, umrida birovga musht ko‘tarmagan zaifgina o‘spirin bola hali. Adham ichib olsa uni ayamay uradi, “musht qaytar menga”, deydi, qo‘rqa-pisa akasiga bir-ikki musht qaytarsa, “mushting qizlarnikidan ham yumshoq”, deb kaltaklaydi, qaytarmasa, “hezalak” deb yana battar do‘pposlaydi.
Akmal ukasi Akromni olib Rossiyaga ishga jo‘navordi va shu tariqa  akaning muntazam zug‘umidan qochib qutulishdi. Aka-ukalar ba’zan bir yilda, goho olti oyda bir kelib, otasidan qolgan eski uyni buzib, yangitdan qurishga bel bog‘lashdi. Akmalning rejasi avval o‘z uy-joyini bitirib olganidan keyin ukasini uylab, unga ham bir imorat solish edi. Musofirchilik, yurt, uy sog‘inchi ko‘ngilni yumshatar ekan, ora-sira akasiga pul jo‘natib turdi. Mayli, akam-ku baribir odam bo‘lmaydi, lekin bolalari qiynalmasin, dedi.
Biroq orada kutilmagan voqea yuz berib, tinch hayot izdan chiqdi. U Rossiyada ekanida akasi dabdurust qo‘ng‘iroq qildi: “Xotining shaharga tushib begona erkak bilan shashlikxo‘rlik qilibdi, o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlar bor ekan”, dedi joni halqumiga tiqilib. O‘sha payt yigirma beshinchi qavatda g‘isht urayotgan Akmal g‘azabdan ko‘kardi, qo‘lidagi qizil g‘isht uqalanib ketdi. U sira kechiktirmasdan xotinining telefon raqamiga sms-noma yo‘llab, katta harflar bilan “TALOQSAN!” deb yozvordi. Xotini ham bir zum kechiktirmay otasining uyiga jo‘navordi. Akmal safardan qaytgach xotini bilan olti oy gaplashmadi. Lekin mahalla-ko‘y o‘rtaga tushib, er-xotinni yarashtirib qo‘ydi. Xotini ham yalinib-yolvorib, xudoning zorini qildi: “Xudo ursin, shaharga hisobot topshirgani borgan edim, boshqarmadagilar bilan tushlikka chiqqandim, xolos. Til tortmay o‘lay agar, boshqa bir gap bo‘lgan bo‘lsa”. Xotini kichik bir idorada hisobchi edi, uyim buzilmasin deb ishdan bo‘shab oldi.
Biroq aka norozi bo‘ldi. Xotini bilan yarashgan kuni ichib kelib Akmalni o‘lgudek do‘pposladi. Avvallari akasi sal ayab urar ekan, bu gal ayamadi. Akmal momataloq yuziga malham bosayotgan xotiniga tikilar ekan, mayli, oilam buzilib, bolalarim yetim qolmadi-ku, deya o‘zini yupatdi.     
Avvallari Adham birov bilan janjal boshlaganda ajratib qo‘yuvchilar topilib turardi, biroq o‘rtaga tushganlarning kimisidir tishidan ayrilib, boshqasining lunji shishib, yana biri yelkasini chiqarib olgach, hamma tomoshabinga aylandi-qo‘ydi. Adham keyinchalik ko‘proq ukasi bilan jiqqamusht bo‘lavergach, ko‘pchilik yengil tortdi: “O‘zingdan chiqqani o‘pkangni tushiradi, deyishadi, akasining o‘pkasini ukasi bosib qo‘ymasa, boshqa birovning qo‘lidan kelmaydi shekilli”, deyishdi odamlar. Adhamga ko‘zi tushgan kattalar afsus bilan bosh chayqaydi: “Rahmatli Hakim paxsakash shu bolai battol tug‘ilganida paxsa devorning orasiga urib ketmagan ekan-da!?””U bechora bilmagan-da, bilganda urvorardi”, deydi kimdir.  
Bu orada Akmal ukasini yoniga olib yana Rossiyaga jo‘nadi va shu ketganicha bir yarim yilda qaytdi. Kelasolib olti xonali dang‘illama uy qurdi. Uy ham mayli, haybatidan ot hurkadigan kattakon temir darvoza yasattirib, hashamatli darvozaxona ko‘tardi. Darvozaxonaning tomi yopilgan kuni akasi gandiraklab keldi, bir-ikki achchiq-tizziq gaplar aytib, jig‘iga tegdi.
– Bu nima bu? Darvozangni ko‘rgan odam seni o‘ziga maqbara quryapti, deb o‘ylaydi. Endi bir chetiga go‘ringni ham kavlattirib qo‘yavermabsan-da, yozda kirib salqinlab yotarding! – dedi kesatiq bilan.
– Endi, aka, pul meniki, o‘zim xohlagandek quraman, – dedi Akmal g‘azabini tishlari orasidan bir-bir sitib chiqarib. – Xohlasam, maqbara ham qurdirib qo‘yaman.
– Xeh, mishiqi, tiling chiqib qoptimi? – Adham uning tepasiga keldi.
Akmal akasining avzoyiga qarab, o‘lgudek mast shekilli, bir urib ag‘daraman, deb o‘yladi. Biroq akasi xuddi fikrini uqib olgandek ilkis tikkasiga kalla qo‘ydi. Akmal biror soatlardan keyin o‘ziga kelganida xotini peshonasiga ho‘l sochiq bosib o‘tirardi.
– Qo‘ying, shu jinni akangizga tengalmang, nima desa deyaversin… o‘zi ichi kuyganidan qiladi, ajab bo‘sin, kuyib o‘lsin, – derdi xotini jig‘ibiyron bo‘lib.
Xotinim to‘g‘ri aytyapti, deb o‘yladi Akmal. Akasi hamon otasi davrida hashar bilan qurilgan uyda o‘tiradi, ikki xona, oldi ayvonli uy. Shuncha yil o‘tib, yaqinda arzik suvoqdan chiqdi. Qaysidir yili ozib-yozib tepasi tandir, tagi tovuqkatak bir ramaqi tandirxona tikladi. Ulfatlari bilan choy ichib o‘tirganida xotini tandirni quritish uchun o‘t qalab turgan ekan, tandirxona qulab, xotinining oyog‘i singan edi. Shundan buyon hali boshqa imorat solmadi. Ha, ichi kuyadi-da, albatta! Ustiga ustak, o‘tgan yildan beri akasiga pul ham jo‘natmay qo‘ygan.  
Vaqt o‘taverar ekan, akasi kalla qo‘ygandan beri, mana, oradan yana bir yarim yil o‘tibdi. Akmal ukasi bilan yana chetga chiqib ishlab keldiyu qumsuvoq holida qolgan imoratni bo‘yab-bezashga urinib ketdi. Ikki oy deganda uyning bezagi to‘la qo‘ldan chiqdi, hovli sahniga qirmizirang tosh yotqizdi. Devorning ustini gir aylantirib qizil tunuka bilan yopdi, darvozaxonaga kirgan uncha-muncha kishining hashamatdan ko‘zi tinib, boshi aylanadi. Shiftini yoqutrang plastik bilan qoplattirdi, devorlarni eng oxirgi rusumdagi rang va naqshlar bilan bezadi. Ulkan temir darvozaning o‘zi qancha turadi, eh-he, xarajatlarni hisoblab tagiga yetib bo‘lmasdi. O‘zi ustalarning tepasida turib, ko‘ngliga yoqqan bezak, rang va shakllarni aytib turdi. Ustalar o‘zining tengqur o‘rtoqlari, ko‘ngildagidek ish qilishdi.  Akasi kuyadi-da buni ko‘rib, kuyish ham gapmi, yonib kul bo‘ladi…
To‘satdan darvozaning daranglashi uning xayolini qochirdi. Nimadir gupillab quladi, kimdir “voh” dedi. Akmal cho‘chib ketdi, lekin sir boy bermay “Kim u?” deb baqirdi.
– Men, Akmal, menman, he enasini… velikni tormozi ushlamay qoldi, darvozanggga tikka kalla qildim-ku, – dedi oh-voh bilan.
– Zokir, senmisan? Shoshma, futbolkamni kiyib olay, hozir chiqaman, – dedi Akmal.
– Chiqmay qo‘yaver, men zing‘illab ortimga qaytyapman, senga bir xabarni aytgani keluvdim.
– Nima gap?
– Akang yo‘lda to‘xtadi, do‘konga kirdi, – dedi Zokir darvoza ortidan.
– Nima?! Akrom o‘sha yerda edi-ku?
– Qo‘rqma, Akrom peshtaxta tagiga berkinib olgan, ustiga teshikkulchadan bo‘shagan korobkalarini yopib qo‘yganmiz.
– Akam nima qilyapti u yerda?
– Ichyapti.
– Ichyapti…Kim bilan?
– Errais bilan. Ertalabdan ichvosa, bilasan nima bo‘lishini, ehtiyot bo‘l-u, lekin bo‘shashib ham o‘tirma. Bo‘pti, men ketdim, shoshmasam bo‘lmaydi.
Erraisni eslab Akmalning peshonasi tirishdi, keyin ajablandi: akasi uni yomon ko‘rardi, bir gal boplab do‘pposlagan, Errais akasini bir chaqirim naridan chetlab o‘tardi, nega endi birga ichib o‘tiribdi ekan?
Ha, kalavaning uchini topgandek bo‘ldi, axir kecha o‘zi Erraisni toza tuzlab jo‘natgan edi-ku, ana endi u akasini gijgijlayotgani aniq.
Qishloq raisining ismi Abdug‘affor, orqavoratdan hamma uni Errais deydi. Avvalgi laqabi Errayim edi, xalq bilmasa laqab qo‘ymaydi, axir. Eri chetga ishga ketgan juvon bilan don olishib yurgani elga doston bo‘lgach, endi Erraisga aylangan. Ko‘p qing‘ir ishlari bois orada bir raislikdan haydaldi. Uning o‘rniga kelgan qishloqning obro‘li kishisi tuman markazidagi yig‘inda bir marta qatnashgach, “Shu yoshimda endi o‘g‘lim tengi bolalardan so‘kish eshitishim qoluvdi”, deb raislikdan voz kechdi. Qishloqning uddaburon yigitlaridan biri rais bo‘ldi, lekin uch oy o‘tmay “umrim majlislarda o‘tib ketadi shekilli, qolaversa, mahallaning ishi nuqul er-xotin o‘rtasidagi janjal ekan”, deya u ham ishdan bosh tortdi. Errais eski ishiga faxr bilan qaytdi.
“Ana, aytgan edim-ku, sizlarga! Mendan boshqa kim chidardi bunaqa ishga, mendan boshqa kim eplaydi bu ishni?! Uradimi, so‘kadimi, hammasiga bardoshim yetadi. Nima bo‘pti ursa-so‘ksa, majlisga kirishdan oldin bitta shishani bo‘shatib, keyin qip-qizarib turaveraman qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib”, deb rosa maqtanibdi. Aytishlaricha, tor davralarda u har ikki laqabi bilan ham faxrlanib yurarmish.
Kecha qosh qoraya boshlaganda birov darvoza qoqdi, chiqsa shu, Errais turibdi kekkayib, katta qornini qappaytirib. Yonidagi yordamchisi jigarrang  jildni goh chap, goh o‘ng qo‘ltig‘iga qistiradi, kirlanib, yorila boshlagan ko‘ylak yoqasini tez-tez ushlab qo‘yadi. Salom-alikdan so‘ng ichkari kirishdi, Errais darvozaxona hashamatini ko‘rgach, o‘smoqchilab gap boshladi:
– Uka, bu mahalla nomini bizdan beruxsat o‘zgartirib yuborganmishsan?..
– Nima qipman, nima deb o‘zgartiribman?
– Mol strit emishmi… nima edi? – Errais yordamchisiga o‘girildi.
– U-oll Sit-rit, xo‘jayin, Uoll Strit! – dedi yordamchisi jild ichidagi qog‘ozlarni titkilab.
– Ha, shunaqamish… Uoll Stritmish. Elning og‘zida shu gapmish. Odamlar bizda Uoll Strit paydo bo‘ldi, deb ovoza qilib yurganmish. Kattalardan yomon dakki eshitdim, uka, bu qanaqa gap endi! – Errais darvozaxonaning har ikki devoriga bittadan odam bo‘yi qilib solingan Amerika dollarining belgisiga ishora qildi.  
Akmal buni bezak uchun qildirgan, belgilar gipsdan ishlanib, devor sathidan bir qarich bo‘rtib chiqqan. Oqqa bo‘yalib, ustidan lak surilgan, shaklning qirrador va gajakdor qismlariga  zarhal rang behol tekkizilgan, oqshomlari shiftdagi chiroqlar nurida jilvalanib turadi. Akmal yetti-sakkiz yil davomida uyiga dollar jo‘natdi, xotini pishiq-puxta chiqdi, shildiroq qog‘oz pullarning bitasigayam xiyonat qilmay saqladi. Nihoyat, mana shu hashamatli imoratni bitirdi. Ish yakunlanish arafasida Akmalning xayoliga hali hech kim ko‘rmagan bezak solib, odamlarni lol qoldirish fikri keldi – shu dollarning belgisini yasattirdi.
Akmal dollarga haykal quribdi, degan xabar yashin tezligida tarqaldi. Dollarning haykali Amerikada, Uoll Strit ko‘chasida bormish, uni bir quturgan buqa qo‘riqlab turarmish, mana endi bizda ham o‘zimizning “Uoll Strit” paydo bo‘ldi, degan gapni kimdir kinoya, kimdir zavqlanib gapiradigan bo‘ldi.
– Sen bolani kallangga qaydan keldi dollarga haykal qo‘yish? – dedi Errais Akmalga sinchkov nigoh tashlab.  
– Bilmadim… bu haykal emas, bezak, devorning bezagi, ko‘p joyda ko‘rganman bunaqasini.
– Menga qara uka, seni akangga o‘xshamagan, gapga tushunadigan bola deb yurardim. Ustingga manovinaqa futbolka ilib olib birda-ikkida ko‘chada ko‘rganimda e’tibor bermagan edim, – Errais Akmalning futbolkasidagi katta “Nasha-Rasha” degan yozuvga ishora qildi. – Endi bunisi hammasidan o‘tib tushibdi-ku! Xullas, uka, haykalmi, bezakmi, farqi yo‘q. Bu dollar, bu Amerika, o‘ta nozik masala. Siyosat bilan hazillashib bo‘lmaydi. Senga maslahatim, shu bugunoq haykallaringni ko‘chirib tashla.
– Ie, nega ko‘chirar ekanman, aytdim-ku, bu haykalmas, bezak deb. O‘zi siz nega meni uyimga kirib xo‘jayinlik qilasiz? Nima ishingiz bor? Tegmayman, turadi shunday, agar birov kelib tegsa, qo‘lini sindiraman. O‘n yil chetda yurib topdim bu pullarni, nimani xohlasam, shuni quraman, – deya tikkasiga javob qaytardi Akmal.
– Ho‘v, o‘pkangni bos, bola, xomlik qilma! Hali birov mening gapimni ikki qilmagan, attanglab qolmagin tag‘in dardingni aytgani odam topolmay, – deb Errayis cho‘changladi.
Akmal Erraisning jo‘jaxo‘rozga o‘xshab yelka qoqishidan bir achchig‘i kelsa, bir kulgisi qistadi. Erraisning tunov kuni do‘konchi Saidazim tasvirlab bergan qiyofasi ko‘z oldiga keldi. Errais do‘konga tez-tez ichgani kirib turganidan Saidazimga arzi hol qilishi odatiy ekan. Bir kuni Saidazimga qo‘lidagi to‘rt buklangan qog‘ozni ochib, kula-kula o‘qib beribdi: “Buni qara, odamlarimiz yumaloq xat, yo‘q, yo‘q, qarg‘ish xat yozishga o‘tibdi. Mana, mana shu xatni birov tunda darvozamga qistirib ketibdi. Eshit! Bolamga beriladigan yordam pulini to‘xtatganing uchun sen yer yutkur xudoning la’natiga uchragin… ha, tanish so‘zlar, …xudoyo xudovanda, katta qorning yorilib… ha, bunisi ham eski gaplar, …sen xotinboz… buyam eski diyodiyo, ha, mana bunisi yangi, eshit, …iloyo tezroq go‘rga kirgin va ustingga oxirgi ketmon tuproq tashlangandayoq haromdan semirgan tanangni ilonlar chaqishni boshlasin, haromdan yeganlaringni so‘rib-so‘rib olsin”.
Errais xatdan bosh ko‘tarib, Saidazimga qarab kulibdi: “Mana ko‘rdingmi, xotinlarning og‘zidan nimalar chiqmaydi, meni ilonlar chaqarmish, yana qachon degin, go‘rga kirganimdan keyin. Voy! Voy-voy-ey! Qo‘rqib ketyapman, badanimni ilonlar chaqyapti”. Errais mayitdek qo‘llarini yoniga qisib, jilpanglabdi.  
Akmalning ko‘z oldidan o‘sha holat o‘tib, miyig‘ida kulgi paydo bo‘ldi. Errais buni darrov ilg‘adi:
– Kulasan-a?! Pul shunaqa quturtirdimi seni? Ko‘rmaganni ko‘rgani qursin deb shunga aytar ekan-da!
– Ha, siz ko‘rib qo‘ygan edingizmi, yetimlaru beva-bechoralarning haqqini yeb yotibsiz-ku! Errayimlik qilaverib axiyri Errais ham bo‘ldingiz. Birov bir narsa deyaptimi sizga?
– Ho‘v uka, o‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan, degan gapni eshitmaganmisan deyman, tilingni tiysang-chi! – Erraisning yordamchisi luqma tashladi va ehtiyoti shart ortga bir qadam tisarilib oldi.    
–  Aytdim-ku, yig‘ishtir dollar-pollaringni deb. Bo‘lmasa o‘zingdan ko‘r, oqibati chatoq bo‘ladi, – deya Errais endi jiddiy dag‘dag‘aga o‘tdi.
– Kekirdagingizni cho‘zmang, kekkayishingizni boshqa joyda qilasiz. Aytdim-ku, devorimga birovning qo‘lini tekizmayman deb. Boring, bilganingizni qiling! Osmon qo‘lingizda bo‘lsa, ana, tashlab yuboring, – deb xezlandi Akmal.
Errais dahanaki jang chiniga aylanib ketishini sezib, yordamchisini oldiga solib jo‘nab qoldi. Lekin yomon achchig‘i chiqib ketdi, bir baloni boshlamasa bo‘ldi edi. Kechroq milisa bilan kelsa kerak, deb o‘yladi Akmal. Lekin Errais qaytib kelmadi.
Mana, kecha nega qaytib kelmaganining sababi endi ayon bo‘ldi.
…Odam kutgan sayin kutilayotgan voqea oldida ojizlana boradimi yoki ko‘p o‘ylash kishining ruhini sindiradimi, Akmal shashti tushib ketayotganidan xavotirda edi. U darvozaxonada salmoqlab qadam tashlagancha nari borib, beri keladi, ba’zan to‘xtab, dollarning yarqiroq belgisiga tikilib qoladi, ko‘z oldidan yillar davomida to‘plab uyiga jo‘natgan pullar o‘tadi. Haqini olganidan keyin muhojir ishchilar yotoqxonasida pulini qanday yashirgani, ayniqsa, begona va xatarnok shahar ko‘chalarida cho‘ntagida pulini changallab bank eshigiga yetib olgunga qadar boshidan o‘tkazgan hayajonli damlarini eslaydi.
Nihoyat, tashqarida do‘pir-do‘pir tovushlar va odamlarning g‘ala-g‘ovuri eshitildi.
– Akmal,  darvozani och, – akasining jarangdor ovozi keldi.
– Nima ishingiz bor? Ochmayman, gapingiz bo‘lsa shundoq gapiravering, – dedi Akmal qo‘lidagi  ketmon sopini kaftiga urib.
– Och deyapman, bo‘lmasa buzib kiraman!
– Boring, ichmagan paytingiz kelarsiz.
– Qo‘rqoq! Hali shashlikxo‘r xotining seni etagi tagiga yashirib olgan bo‘lmasin tag‘in? – Akasining istehzoli kulgisi eshitildi.  
Akasi temir darvozani buzib kirolmasligi tayin, lekin haqoratiga chidash oson emas, bu gapni tomoshatalab qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y eshitib turgani aniq. Qolaversa, u bir hatlab devor osha tushishi mumkin-ku. Akmal noiloj darvozaning kichik qanotini asta ochdi. Kutganidek, darvoza tagida akasi chap qo‘lini beliga tirab, o‘ng qo‘lidagi boltasini yelkasiga qo‘yib, zaharxanda ishshayib turardi. O‘n besh-yigirma qadamlar narida bir to‘p olomon bularni kuzatyapti. Akasi boltaning keti bilan Akmalning ko‘ksiga nuqib yo‘lidan nari surdi va darvozaning katta qanotini jahl bilan ochdi. El ko‘rib qo‘ysin degan ma’no bor edi bu ishida.
– Bu nima? – dedi akasi devorda bo‘rtib turgan dollar belgisiga ishora qilib.  
– Hech nima. Nima ishingiz bor? – dedi Akmal akasining vajohati bu gal chindan boshqacha ekanidan cho‘chib. Adham qo‘lidagi boltani o‘ynatib, yarqiroq bezak atrofida biroz aylandi, keyin qo‘qqisdan haykalning qoq o‘rtasiga qarsillatib bolta soldi, gips parchalari atrofga tarsillab uchdi, ho‘v naridagi uyning derazasidan Akmalning xotini bosh chiqardi va “Voydod, odamlar yordam beringlar, o‘ldirib qo‘yadi”, deya baqirishga tushdi.
– Ie, himoyachisi zo‘r ekan-ku buning, – dedi akasi achchiq istehzo bilan, keyin yerda yotgan gips bo‘lagini mohir futbolchidek shunday tepdiki, u to‘ppa-to‘g‘ri uyning derazasiga borib urildi va oynani chil-chil sindirdi, ayolning dod-voyi ham tindi. Adham ikkinchi haykalni ham qo‘porib tashladi, keyin bopladimmi, degandek atrofga mamnun qaradi. Lekin bu kam edi, hali devorga tushirilgan bezak naqshning har qulochida bittadan dollar ramzi yaraqlab turardi. U devor bo‘yog‘ini chopib ko‘chirishga tushdi. Endi Akmal chidab turolmadi, akasining qo‘lidagi boltaga yopishdi. Aka shuni kutib turgan edi, Akmalning quloq chakkasiga zarb bilan soldi. Uka gandiraklab ortga tisarildi va shu zahotiyoq jon-jahdi bilan raqibiga tashlandi. Shu tariqa yoqalashuv boshlandi. Akmalning xotini yana ayyuhannos solib baqirishga tushdi, odamlarni yordamga chorladi, lekin uydan chiqmadi; hamma biladiki, ularning o‘zlari tinchimasa, boshqa birov o‘rtaga tusholmaydi.
Endi darvozaga biroz yaqin kelib tomosha qilayotgan katta-kichik orasida shivir-shivir boshlandi:
“Akmal Rossiyada uzoq yurgan, o‘risning maslasi bilan kolbasasiga to‘ygan, kuchi ko‘p, akasini urib tashlaydi”.
“O‘risni ovqati nima bo‘pti? Anhorning loyqa suviyam Adhamga kuch beradi. Unga iblis bas kelmasa, boshqasi teng kelolmaydi. Lekin ichvolganda, pand yeb qolishi mumkin”.
“E, nima deyapsan, agar Akmal urib tashlamasa, bitta osh mendan”.
“Adham ursa, mendan bitta shisha”.
Aka-uka rosa mushtlashib charchadi, lekin akaning bilagi zo‘rlik qildi, amallab ukasini tagiga bosib oldi, biroz nafas rostlagandek bo‘lib, hali o‘ng yuzi, hali chap yuziga tarsillatib soldi.
– Sen mishiqi, hali o‘zingdan ketib qoldingmi? Pul quturtirdimi seni? Mana senga dollar! Mana senga haykal! Nima, bu yer senga Amerikami? Kim qo‘yibdi senga otamning uyida dollarga haykal qo‘yishni!
Aka, nihoyat, hansirab o‘rnidan turdi, olomonga qarab ishshaydi, changga belanib yotgan ukani “bo‘ldi, tegishingni olib bo‘lding” degandek yengil tepib qo‘ydi. Keyin boltasini yana yelkasiga qo‘yib, darvozadan mag‘rur chiqdi, izdihom o‘rtasidan o‘tib borar ekan, “Bola hali yosh”, deb qo‘ydi ma’nodor qilib. Odamlarning yarmi akaning ketidan ergashdi, yarmi qoldi. Akmalning bir-ikki og‘aynisi kelib, uni yupatishga tushdi.
– Qo‘y, akang o‘zi g‘irt ablah, buzsa buzsin edi, yana boshqatdan tiklab olamiz. Lekin bir oylik mehnatimiz rasvo bo‘ldi… Mayli, yana bir Rossiyaga borib kelsang, yangitdan bezaymiz.
Akmal boshini ko‘tarib, ko‘ylagining yirtiq yengi bilan og‘zi chetidagi qonni artar ekan, o‘rtog‘idan so‘radi:
– Zokir! Akam darvozadagi dollar bezaklarga tegmadi-a?
– Tegmadi, ko‘rmadi shekilli…
Akmal bu gapni eshitib yengil nafas oldi, chalqancha yotgancha musaffo osmonga mamnun tikildi, badanida og‘riq sezmasdi.
– Darvozasi buzilgan uy xarobazor bo‘ladi, Zokir, akam ataylab darvozaga bolta urmagan, – dedi Akmal ma’yus jilmayib. Labining chetidan yana qon sizib chiqqan edi.  
    
(“Tafakkur” jurnalining 2015 yil, 4 sonida e’lon qilingan)