Somon yo‘li
Ikkinchi hikoya
Botir do‘xtir ishdan qaytaturib Shahobning do‘koniga kirdi. Qishloqda “tijorat”nomini olgan, yo‘l bo‘yida chust do‘ppidek qo‘qqayib turgan do‘kon kezi kelganda mayxona vazifasini o‘tardi. Shu kunga qadar birov bu deparada choyxona yuritib, biri ikki bo‘lmagan. Buning sababini hech kim bilmaydi. Kasod bo‘lgan choyxonachilarning o‘zlari ham buni goh nasiyachilardan ko‘rsa, goh soliqchilarga yopishtiradi. Qolaversa, zamona tezkor, do‘konga birrov bosh suqqan hamqishloqlar uchun ichimlik ham, gazak ham shu yerning o‘zida muhayyo, o‘rikdan bo‘shagan shatmoq yashiklar bir zumda kursiga, ko‘cha gazetasi dasturxonga aylanadi.
Hozir ham to‘rt ulfat do‘konning chetida teshikkulchadan bo‘shagan qog‘oz qutini o‘rtaga qo‘yib, qo‘r to‘kib o‘tiribdi. O‘rtada ikkita labi uchgan piyola, piyoz po‘stidek yupqa kesilgan uch-to‘rt bo‘ltam kolbasa, uch dona paxtaolma bor. Do‘kon devorlariga naridan beri ohak surilgan, to‘rda shildiroq yelimqog‘ozli surat osilgan, unda xitoy qizi soxta jilmayib turibdi, ikkinchi suratda savat to‘la subtropik mevalar. Ranglari shunchalar tiniqki, qizgina yutinsa, tomog‘idan yutumi ko‘rinadigandek, bu yoqda esa kivining har bir tukigacha dikkayib turibdi. Kivini umrida ko‘rmagan, lekin har safar bu mevani tukli kartoshkaga o‘xshatib mutoyiba qiladigan ulfatlarning suhbati qizg‘in.
– “Bunyodkor”ga braziliyalik trener kepti. Turkiyaning “Fenerbaxcha”siga trenerlik qilardi-ku, o‘sha!
– “Bunyodkor”mi, shu avvalgi “Quruvchi”-da?
– Ha-da, yaqinda Braziliyadan bir o‘yinchi ham sotib oldi-ku.
– Turkiya braziliyalik trenerni qaytarib olmoqchi emish, qancha so‘rasa beramiz debdi, shu rostmi?
– Biznikilar osonlikcha qaytarib bermasa kerak.
– E, ota-bobosi pul-da, kim ko‘p to‘lasa, o‘shanga ketaveradi-da.
Botir do‘xtirning eshik g‘iyqillashiga monand salomi suhbatni bo‘ldi.
– Keling, do‘xtir. Piyoz qalay? – dedi do‘konchi. – Bu yil endi “Neksiya”ning rangini olay dedimi?!
Sarxush ulfatlarga qiya qarash qilib olgan do‘xtir bu gapdan bo‘ynini ichiga tortdi, jikkakkina gavdasi yana bir qarich cho‘kib ketgandek bo‘ldi. Ulfatlar yalt etib do‘xtirga qaradi. Birma-bir bosh irg‘ab, salomlashildi.
– “Neksiya”ning rasmini chizib qo‘yganmiz, lekin rang kirmayapti, eski “Moskvich”ga qarab tortadimi, deyman… shira yeb bitiryapti-ku, dori sepishim kerak edi, borolmayapman, – dedi uf tortib do‘xtir.
– Xavotir olmang, do‘xtir, doriyam topiladi, zaharchiyam keladi o‘zi qidirib, xudoning buyurgan soatida. Birorta boshi aylangani kep qolar, u dorini sepgandan keyin bu “dori”ni qimasa bo‘maydi. Ungacha biz bilan…– Saidali quvlik bilan chap ko‘zini qisib, peshtaxtadagi shishalarga imo qildi.
– Do‘xtir, zaharchi kemasa, piyozingizga dorini o‘zim sepib beraman. Apparat topsak bo‘ldi, keling, siz ham bir odamga o‘xshab dam oling. Biror minut tin oling-da endi, do‘xtir. Oling bitta shishani, keling! – Bo‘riboy Botirni qistay boshladi.
–O‘zi shundog‘am tomog‘imdan hech narsa o‘tmayapti, Bo‘riboy.
Botir shu kunlarda o‘zi haqida qishloqda tarqalgan gap bu yerda ham chaynalib, davrada ermak bo‘lishdan cho‘chidi. Darhol do‘konchiga yuzlanib, yarim kilo shakar, bir kilo makaron tortishni so‘radi. Bularni qarz-nasiya daftariga yozdirib qo‘yib, keyin yog‘ qachon kelishini surishtirdi-da, do‘konchidan o‘pkalandi:
– O‘tgan gal zavudyog‘ keganda biznikilar ololmapti-ku.
Do‘konchi o‘zini oqladi:
– Aka, ro‘yxat bilan tarqatsak ham yetmay yotibdi. Ro‘yxatni mahalla raisi tuzyapti-ku, – dedi.
Shu payt ulfatlar orasida do‘xtir xavotir olgan mavzuda qochirim bo‘ldi.
– Do‘xtir! Biz tomonlarda g‘alati-g‘alati qushlar paydo bo‘ptimi? Odamlar shunday deyapti. Siz ham bittasini ko‘ribsizmi-ey, shu rostmi?
– E, battol…Sen ham eshitdingmi? – do‘xtir avval tishi orasidan zo‘rma-zo‘raki iljaydi, biroq ushlab turolmadi, bo‘lari bo‘ldi qabilida rostakamiga kulib yubordi.
Do‘konchi bu gapdan bexabar ekanmi yoki atayin talmovsiradi:
– Qanaqa qush ekan? Ko‘lga qo‘ngan qashqaldoqlarmi? Shaharliklar kelib otib ketishyapti ekan.
– Do‘xtir ko‘rgan qushni otib bo‘masmish, qandaydir xosiyati bor ekanmi, keyin u hammaga ham ko‘rinish bermas ekan.
Botirning kulgusidan dadillashgan ulfatlar payrovni ilib ketdi.
Do‘xtir uch kun avval kasalxonadan qaytishda qo‘shni qishloqlik dorichining uyiga kirgan, adirdagi piyozini dorilatish uchun u bilan kelishgan, dorichi “zahar sepsang sahar sep, kun qizigandan keyin boshim og‘rib ketyapti” deb noligach, bular ertasi tongda paykal boshida uchrashishga kelishib, tarqalgandi.
Ittifoqo, do‘xtir uyiga kelayotib ko‘chasida ikki g‘ildirakli qo‘lbola kombaynni mahalla bolalariga sudratib ketayotgan tegirmonchini ko‘rib qoldi. Do‘xtir eshigi tagiga to‘kib qo‘yilgan yuz ellik bog‘ bug‘doyni yanchitishga tegirmonchini bir amallab ko‘ndirdi, ayni mavsum payti, tegirmonchi bir ketsa qaytib bu tomonlarga yana qachon keladi?! Ular yarim tunda bug‘doyni kombayndan o‘tkazib bo‘lishdi. Horgan-tolgan do‘xtir ertasi tong sahar adirga ketar ekan, Abdusalom domlaning hovlisi tepasidagi daraxtzorga yetganda bir qushning tovushi qulog‘iga chalindi. Do‘xtir bu qushni ko‘rmaganiga, ehtimolki, unutganiga, o‘zining aytishicha, yigirma yildan ko‘p bo‘libdi. Ne bo‘libdiki, do‘xtir tong pallasida bu qushning tovushiga mahliyo bo‘lib, uni bir ko‘rish ishtiyoqida dardi-dunyosini unutibdi-da, yaqin tushgacha chakalak ichida qolib ketibdi.
Hayot o‘sha hayot, og‘rimagan bosh bormi, tashvishsiz kalla bormi? Ro‘zg‘or g‘ori, turmush mushti, mol-holga qarash, bolalar g‘ishavasi, xotinning xarxashasi, bularning bari erkakning gardanida. O‘zi yigit kishi qirqqa kirganda bir aynib oladi. Bo‘lmasa, qizi bo‘yiga yetib qolgan kappa-katta odamga balo bormi qushning ketidan quvib. Do‘xtiri tushmagur zax ariqning ichida o‘tirgancha, o‘z xayollari bilan andarmon bo‘lib, bu dunyoga nimaga keldiyu nimalar qildi, ne huzur topdiyu ne jabr ko‘rdi, degan bo‘lmag‘ur xayollarni miyasidan quvib chiqarguncha quyosh naqd tikkaga kelibdi. Dorichi adirda do‘xtirni uzoq kutib, keyin so‘kina-so‘kina ketvoribdi. Do‘xtir nima uchun adirga borolmaganini hech kimga aytmagan esa-da, kechqurun baribir xotiniga yorilgan ekan.
Ertasi xotini qo‘shnisiga shikoyat qilibdi:
“Qanday odam ediki, adirda piyozini shira bosib yotgan bo‘lsayu, nahot bu kishim yosh boladek qushlarning ketidan yuraversa, bu ketishda qachon kosasi oqaradi, bilmadim… o‘zi necha yillardan beri piyoz ekib, hali bir narsani do‘ndirgan emasdi”, deya fig‘oni chiqibdi. Ustiga ustak o‘sha kuni zaharchi o‘lip qopti deb hazil qilganiyu bugun rostdan ham o‘sha odamga janoza o‘qilganini aytib, yoqasiga tuflabdi.
Bu gap qishloqqa yashin tezligida tarqaydi. Qo‘shib bichiladi.
O‘sha qush aslida ajina ekan, do‘xtirni yo‘ldan ozdirmoqchi bo‘lganmish, o‘sha yerda eski sadaqayrag‘och bo‘lib, unda insu jinslar makon qurganmish. Bechora do‘xtirni ajina ozg‘irdi, deb ayrimlar bolalarini uyiga qamab o‘tiribdi. Abdusalom domlaning enasi o‘sha sadaqayrag‘och tagida chiroq yoqib, is chiqarguvchi edi, kampir dunyodan o‘tgandan keyin bu joy zavol bo‘lib, ajinalar makon qurgani aniq. Bunday yaxshi do‘xtir bu olamda bitta edi, kechayu kunduz odamlarning hojatini chiqarardi, ajina ham kelib-kelib bizning do‘xtirga yo‘liqadimi, deb ko‘pchilik afsus chekibdi.
Boshqalari esa o‘sha qush aslida ajina emas, farishta bo‘lgani, zaharchining o‘limi yaqinlashganini do‘xtirning ko‘ngliga solgani, zero zaharchi baribir o‘lar ekan, do‘xtirning piyoziga zahar sepib o‘ldi, degan gapdan soddadil va jo‘mard do‘xtir bir umr aziyat chekib yurishi mumkin edi, deyishibdi. Ba’zilar do‘xtir endi avliyo bo‘lib ketsa kerak, hammaga ukol qilib, dori yozib berib yurardi, endi bir nazar tashlaganda har qanday kasal tuzalib ketsa ajabmas, nahotki, bizning qishloqdan ham avliyo chiqsa, axir qishloqning nomi bejiz Go‘rmiron – go‘ri miron emas, ya’nikim, mirlar qabristoni, eh-he, bu yerda qancha-qancha aziz avliyolar yotibdi, deb quvongan ham emish.
Boshqalar bunday gap aytgan odamlarni jerkib tashlabdi. Ajinaga balo bormi shunday zamonda? Kecha tuxumidan chiqqani ham kompyuter nimaligini bilsa, sigirini dalaga haydab ketayotgani ham qulog‘iga Em Pe uchmi, to‘rtmi tutib olgan bo‘lsa, tomga g‘o‘zapoya irg‘itayotib bu yog‘i Rossiya, u yog‘i Koreyada ishlab yurgan akasimi yo ukasi bilan telefonda gaplashsa, shunday zamonda ajina qoladimi, debdi.
Aslida, do‘xtir o‘sha qushni bolalikdagi do‘sti, o‘qishdan keyin shaharda qolib ketgan o‘rtog‘iga tutib bermoqchi bo‘lganmish. Chunki bular bolaligida qushman degan jon borki xoh yerda, xoh osmonda bo‘lsin, tinchlik bermagan, hatto qish qattiq kelgan uzoq bir yili simyog‘ochda ochlik va sovuqdan kunishib o‘tirgan qirg‘iyni kun bo‘yi dov-daraxtga qo‘ndirmay, qirma-qir quvib, oxiri holdan toydirib ushlab olgan ekan. Bu qushni ko‘rgani kelgan qishloq bolalarining har biriga qirg‘iyga yemak uchun sichqon solig‘i solganini ham eslabdi odamlar. O‘shandan buyon tengqurlar biror voqeani eslashmoqchi bo‘lsa, “sichqon solig‘i” solingan yildan ikki yil keyin bo‘luvdi bu voqea, deb gapiradi.
Boshqasi, qo‘ysalaring-chi, otam zamonidan beri tinim bilmay mehnat qiladigan do‘xtir nima jin uribdiyu, o‘sha kuni salqin daraxtzorda, zax ariqning ichida bir miriqib uxlab olgan ekan, qovug‘ini shamollatibdi, hozir o‘zi davolanayotgan emish, shira yeb yotgan piyozi bilan ham ishi yo‘qmish, debdi. Yana birovi, ehtimol, do‘xtir chiroq yoqilgan sadaqayrag‘och tagiga siyib-netgandir, dardi shundan bo‘lishi ham mumkin, debdi.
Garchand do‘xtir bu gaplarning hammasidan boxabar bo‘lmasa-da, turli uydirmalar tarqalganini bilar, bu gaplar o‘ziga nash’a qilsa-da, kap-katta odamning haqiqatan ham bir qushga alag‘da bo‘lib, avvalo, hayot-mamotdek dolzarb bir ishdan qolgani uni ko‘p xijolatga qo‘ysa, ikkinchi jihatdan zaharchi “o‘libdi” deb xotiniga aytganiyu ertasi kechga bormay hazili rost bo‘lib chiqqanidan ortiq iztirobda edi.
“Nafasimni yel uchirsa bo‘lmasmidi, ko‘pni ko‘rgan odamlar bejiz hazil harom deyishmagan”, deb ich-ichidan kuyinardi do‘xtir. Lekin bu iztiroblarini birovga bildirmay yurgandi. Mana bugun Bo‘riboy bu haqda gap ochib qoldi.
Do‘xtir endi noiloj qolganini sezib, ulfatlar tepasiga keldi, Bo‘riboy dorini o‘zim sepib beraman dedi-ku, piyozni shu kunlarda dorilatmasa, bu yilgi mehnatiga kuyib qolaveradi. Yerning ijara pulini cho‘ntagidan to‘laydimi keyin? Maoshi yo‘lkiradan zo‘rg‘a oshib-oshmasa. Xotinga esa xudo beradi, qishi bilan yo‘qchilikdan nolib, quloq-miyasini qoqib qo‘liga beradi.
– Qani bo‘lmasa, sal surilinglar-chi, – deb do‘xtir Bo‘riboyning yoniga cho‘kdi. Ikkita piyola besh kishiga beto‘xtov navbat bilan aylantirildi. Do‘konchi kolbasadan ikki yuz gramm kesib, ko‘k yelimidishga parraklab, uzatdi. Ulfatlar do‘xtirning xomush va horg‘in ruhiyatini yana cho‘ktirmaslik uchun qushni eslamay, gapni boshqa tomonga burib yuborishdi.
– Do‘xtir, siz qaysi urug‘dan ekkansiz, gibridmi, xarsidonmi?
– Gibrid.
– Esiz, ispanes degani chiqibdi, o‘shandan ekmabsiz-da, dahshat hosil berarmish, tarozini ham zo‘r bosarmish. Mana, o‘tgan yili qo‘qimboylik bittasi ekkan ekan, dalani o‘zida talamon qilib ketibdi xaridorlar. Shartta bitta “Neksiya” olibdi, g‘izillatib haydab yuribdi, uyini ham remont qipti, oppoq, katta temir darvoza o‘rnatibdi. Bu darvozadan “Kamaz” ham kirib ketaverar ekan. Qolgan pulga ukasiga bitta “Tiko” oberibdi.
– E, taniyman, qishloqqa kirib borishdagi zapravka qani, o‘shandan keyingi ko‘chada turadi.
– Ha, xuddi o‘sha.
– Lekin chetdan kelayotgan bu urug‘larning bari bir yildan keyin ayniydi, o‘zidan urug‘ olish qiyin, har yili yangitdan urug‘ sotib olishing kerak. Pul qani unga. O‘zimizning ota-bobomiz ekib kelgan qoratol yaxshi, jaydari, zahar ham ko‘p kerakmas.
– Do‘xtir eshitdingizmi, yangi germanski dori chiqibdi. Piyozga dorini qalin qilib sepilar ekan. Dori yerning betini yupqa yelimqog‘ozga o‘xshab yopib qo‘yarkan, shunda piyozdan boshqa bitta ham o‘t chiqmas ekan, ana, piyozo‘toq ham shart emas, – dedi ulfatlardan biri va paxtaolmadan bir bo‘lak karsillatib tishladi.
Lekin Bo‘riboy uni oshig‘ich to‘xtatdi, olmaning orasidan chiqib kelgan oppoq qurtni barmog‘ining uchi bilan olib tashlamoqchi edi, qurt pastga, piyolaning ichidagi aroqqa tushdi.
Bo‘riboy gapni davom ettirdi:
– Ho‘v o‘rtoq, begona o‘t chiqmaydi emas, chiqadi. Piyozga o‘xshagan ignabargli o‘t borki, hammasi chiqadi. Faqat piyozni o‘t bosishi kamroq bo‘ladi, lekin bu dori qurg‘ur ham qimmat-da! – Bo‘riboy gap asnosida ko‘rsatkich barmog‘ining uchi bilan aroqning betidagi qurtni piyolaning labiga surib chiqardi, keyin chertib yubordi.
– Piyozni bitiga qarshi Xitoyni “karate”si ham yaxshi ish bermay qo‘ydi, undan o‘zimizda chiqqan “delta fors” tuzuk ko‘rinadi.
– E, yo‘q, xitoyning zahari kuchli baribir. Asosiysi, arzon.
– Zarari-chi, zarari? O‘ldiradi-ku odamni!
Gap ayni qizib turgan payt do‘konga moldo‘xtir Ibrat kirib keldi. Ibrat ikki-uch davrada gap yegani uchun serulfat odam edi. Lekin hozir ulfatlarning qistoviga qaramay, adirga qo‘tir bo‘lgan molni ko‘rishga ketayotgani, molning egasi ko‘chada mashinasida kutib turganini aytdi. U tezda xaridini qilib, eshikka yo‘nalgan edi, Bo‘riboy uzilib qolgan suhbatni nainki davom ettirish, bunga qadar aytilgan gaplarga bir dalil va tirik guvoh ham keltirish ilinjida uning diqqatini tortdi:
– Mana, uzoqqa bormaylik. Mana, sherigimning bojasi, ikki kun avval shundoq piyozga zahar sepib chiqqan-da, shundoq egatning tepasida o‘lgan-qolgan.
– Yo‘g‘-e, u piyozga sepmagan, – endi ostonaga qadam qo‘ygan Ibrat to‘xtab, ortiga o‘girildi: – u bodringga sepgan.
– Shu, zahar o‘ldirgan-da?!
Ibrat eshikdan tashqari mo‘ralab, mol egasiga baqirib biroz kutib turishni so‘radi, ortiga qaytib, davraga qo‘shildi:
– Sen quloq solib turgin, bu shanba kuni bo‘lgan. Men bir kun avval, juma kuni piyozga dorini sepib chiqqanman bojamning apparatida. O‘zi piyozim o‘n ikki so‘tix yerda, ikkita egat qolganda apparat buzilib qoldi, rosa damlayman, lekin sepmaydi-da, og‘zidan dori chuldirab oqib turaveradi sunnat qilinmagan bolaning peshobiga o‘xshab. Haligi ichidagi kolsosi bor-ku, uzukni singari, o‘shanisi ketgan ekan. Ertasiga, shanba kuni bo‘lgan bu, bojamning oldiga buzuq apparatni ko‘tarib bordim. Avval jahli chiqdi, “ming rahmat sizlarga, kecha bir hamqishlog‘ingiz devor ushlatib ketuvdi, bugun siz apparatimni rasvo qibsiz”, dedi.
Ibratning bu gapidan keyin ulfatlar do‘xtirga zimdan qarab oldi, do‘xtir yerga qarab iljaydi. Ibrat gapida davom etdi:
– Bojam bilan biz avaldan kuch sinashib yurardik. Bu gapidan keyin shartta belidan qisib, bir ko‘targan edim, dod dedi, jon aka, dedi. Keyin qo‘yib yubordim. Birga choyxonada tushlik qildik hazil-huzul bilan. Keyin o‘sha yerda uch-to‘rtta bola shaxmat o‘ynab o‘tirgan ekan. Men ham o‘ynadim. Hammasini yutdim, keyin birma-bir peshonasiga chertib chiqdim. Bojam ularni mazax qilib rosa kuldi, yotvolib kuldi. Shunda soat uch yoki to‘rt bo‘lgandi. Shunda bittasi apparat ko‘tarib o‘tdi-da! Endi bojam kechki bodring ekib qo‘ygan-ku. Bodring mana shundoq bo‘lib, ko‘m-ko‘k yashnab turibdi, shishani singari… – Ibrat bir tamshanib oldi.
Unga darrov piyola tutqazishdi. U shoshilinch piyolani bo‘shatib gapida davom etdi:
– Bojam haligi apparat ko‘tarib o‘tganga hazil-huzul bilan, bodringni ko‘rdingmi, yashnab yotibdi, hali oqpalak bo‘lmasidan dori sepib qo‘yaylik, meni apparatimni mana bu akang buzibdi, seniki qachon bo‘shaydi, deb so‘radi. Desa aytdiki, Batka dedi, Batka derdi-da bojamni.
– Ha, to‘g‘ri, uni Batka deyishardi.
–Soat beshlarda bo‘shaydi, men hozir bir joyda dorini sepib qo‘yay, keyin bo‘shaydi, dedi haligi apparat ko‘targan. Shunda soat to‘rt yarimmi beshlarmi? Shunda men haligi joydan turib, bo‘pti boja, deb ketdim. Uyga keldim, yotdim. Ertasiga bozor. Sen quy, juft bo‘lsin.
– Ha, quy-da Ibratga, do‘xtirga ham.
– Ertasi bozor. Bozorga ketdim. Bozorga borsam, ukamni ko‘rib qoldim. Bojangiz kasalxonada ekan, xabar oldingizmi, dedi. Nega, kecha otdek edi-ku, desam, ishonmaysizmi, reanimatsiyada yotibdi ekan, dedi. Shu kechqurun ichvolib yiqilib-piqilib tushgandir-da degan xayol bilan haligi joyda reanimatsiyaga keldim. Reanimatsiyaga kelsam, akasi turibdi eshikning tagida. U bilan biroz gaplashib turdik, haligi joyda yarim soatcha gaplashdik. Keyin gapning orasida Batka tuzukmi desam, he, Batka o‘lgan, dedi. Hayron bo‘ldim. Yo‘g‘-e, desam, ha, dedi. Endi shu yerda gaplashib turgan bo‘lsak, ana shu eshikning orqasidagi yo‘lakka kirgizib qo‘yibdi haligi aravachada. Men bilmayman-ku, qayda desam, ana, dedi. Shundoq borsam … Batka! Shundoq kulib qarab yotibdi-da… – Ibrat bir zum tin oldi. – O‘shanda unga apparatni olib kelib bergan soat beshlarda. Haligi joyda dorini sepgan, oqpalakka, bitta zapravkada. Ikkinchi zapravkani qilgan, haligi apparatga suvni, dorini quygandan keyin nima xayol bilanki shundoq apparatning og‘ziga enkayib qaragan-da. Haligi joyda dorining hidi dimog‘iga gup urib, nafas yo‘lini g‘ip yopgan. Bojam po‘rt tashlavorgan o‘zini. Ha-ha bilan kasalxonaga olib kelishgan. Qonini yuvgan, boshqa qilgan, lekin baribir bo‘magan. Jigari shishib, nafas organlari ketib bo‘lgan. Bo‘madi. O‘ldi. – Ibrat shu gapni aytdi-da, keyin dik o‘rnidan turib, do‘kondan chiqib ketdi.
– Joyi jannatda bo‘lsin, o‘ziyam hech qanday zahardan tap tortmasdi. – Botir do‘xtir xo‘rsindi.
– Anovi-chi, Akromning ukasi, piyozga zahar sepaverib tomi ketib qoldi-ku, – ulfatlardan biri gap qo‘shdi.
Biroz sukutdan keyin Bo‘riboy yana gapga kirdi:
– Ha, zahar bilan hazillashib bo‘larkanmi? Lekin zahar bilan hazillashmoqchi bo‘lsang, bilgin, bir yil yoki ikki yil. Undan ortig‘iga dori hazilni ko‘tarmaydi. Men vaqtida to‘xtatdim. Sherigim Adham Rossiyaga ketib qutuldi. Biz ikkovimiz zahar sepmagan dov-daraxt qolgani yo‘q bu deparada. Lekin Adham chatoq edi. Bitta shishani urib olib, issiqmi-sovuqmi, dorini changitib sepaverardi. – U sarxush boshini silkitdi. – Ammo lekin, huzurini apparatning egasi ko‘rdi. Uyiga yong‘oqdan naqshinkor darvoza qurganini ko‘rdinglarmi, o‘sha bizzi mehnat-da. U paytda hozirgi “vertolyot” apparatlar chiqmagandi. Endi-chi, bir shisha benzinni quyasan-da, patillatib bir gektarga bir zumda sepib tashlaysan. Ammo-lekin, do‘xtir, siz xavotir olmang. Men “vertolyot”i bor bir odamni bilaman, sizni piyozingizga o‘shanda dori sepamiz. Ertagayoq!
Botir do‘xtir do‘kondan chiqib uyiga yo‘l olganda tungi salqin tushib qolgan, osmonda yulduzlar bodroqdek potragan, anhorda qurbaqalarning qurillashi quloqni qomatga keltirardi. Uzoqdan qo‘lbola kombaynning tarillagan ovozi eshitilar, chang, somon va yana allaqanday yovvoyi o‘tlarning hidi kelardi.
Botir bug‘doyini chiqarib, yelpib, sandiqqa ham to‘kib qo‘yganini, bu yilgi eng og‘ir mehnatlardan biri ortda qolganini eslab, yulduzlarga mamnun tikilib borardi. Ayniqsa, ko‘kdagi somon yo‘li yarqirab, sirli jivir-jivir qilardi. Xudoga shukr qilish kerak, derdi u. Mana, nimasi yomon, hamma narsa joyida, ertaga piyozga ham dori sepiladi. Xudo xohlasa, kuzda piyoz bir bo‘lib bersa, balki chala yotgan uyi ham bitib ketar, ehtimolki, “Neksiya”, balki “Matiz”, juda bo‘lmay qolsa, “Moskvich” sotib olar. “Moskvich” tuzuk, baribir dehqonning mashinasida…
2010 yil.
Somon yo‘li
Ikkinchi hikoya
Botir do‘xtir ishdan qaytaturib Shahobning do‘koniga kirdi. Qishloqda “tijorat”nomini olgan, yo‘l bo‘yida chust do‘ppidek qo‘qqayib turgan do‘kon kezi kelganda mayxona vazifasini o‘tardi. Shu kunga qadar birov bu deparada choyxona yuritib, biri ikki bo‘lmagan. Buning sababini hech kim bilmaydi. Kasod bo‘lgan choyxonachilarning o‘zlari ham buni goh nasiyachilardan ko‘rsa, goh soliqchilarga yopishtiradi. Qolaversa, zamona tezkor, do‘konga birrov bosh suqqan hamqishloqlar uchun ichimlik ham, gazak ham shu yerning o‘zida muhayyo, o‘rikdan bo‘shagan shatmoq yashiklar bir zumda kursiga, ko‘cha gazetasi dasturxonga aylanadi.
Hozir ham to‘rt ulfat do‘konning chetida teshikkulchadan bo‘shagan qog‘oz qutini o‘rtaga qo‘yib, qo‘r to‘kib o‘tiribdi. O‘rtada ikkita labi uchgan piyola, piyoz po‘stidek yupqa kesilgan uch-to‘rt bo‘ltam kolbasa, uch dona paxtaolma bor. Do‘kon devorlariga naridan beri ohak surilgan, to‘rda shildiroq yelimqog‘ozli surat osilgan, unda xitoy qizi soxta jilmayib turibdi, ikkinchi suratda savat to‘la subtropik mevalar. Ranglari shunchalar tiniqki, qizgina yutinsa, tomog‘idan yutumi ko‘rinadigandek, bu yoqda esa kivining har bir tukigacha dikkayib turibdi. Kivini umrida ko‘rmagan, lekin har safar bu mevani tukli kartoshkaga o‘xshatib mutoyiba qiladigan ulfatlarning suhbati qizg‘in.
– “Bunyodkor”ga braziliyalik trener kepti. Turkiyaning “Fenerbaxcha”siga trenerlik qilardi–ku, o‘sha!
– “Bunyodkor”mi, shu avvalgi “Quruvchi”–da?
– Ha–da, yaqinda Braziliyadan bir o‘yinchi ham sotib oldi-ku.
– Turkiya braziliyalik trenerni qaytarib olmoqchi emish, qancha so‘rasa beramiz debdi, shu rostmi?
– Biznikilar osonlikcha qaytarib bermasa kerak.
– E, ota–bobosi pul–da, kim ko‘p to‘lasa, o‘shanga ketaveradi–da.