– Qancha bo‘ldi kasal bo‘lganingga, Kuldirgich?
– Uch yil.
– Birinchi kasal bo‘lgan kuning zo‘r-a!? Hamma seni ko‘rgani keladi!
– Ha, haqiqatan ham, zo‘r bo‘ladi… rosa ko‘pchilik keladi birinchi kunlari. Sendayam shunaqa bo‘lganmi, Boybo‘ta?
– Ha, shunaqa bo‘lgan, hamma qarindoshlarimiz kelgan. Bir kunda yetti-sakkiz kishi kelardi. Opkelgan narsalardan maza qilardim.
– Menga kichkina ammam qarardi, o‘zi ham kasal edi, lekin ro‘zg‘orni eplay olardi. Turmushi bo‘lmagani uchun biznikida yashardi, siqilaverib, menga o‘xshab kasal bo‘lgandi… Xarakteri zo‘r edi-da, ammo-lekin… Keyinroq kasal ko‘rgani kelgan odamlar kamayadi. Agar kasaling birdan yomonlab qolsa, qarindoshlaring yana yangitdan kelishni boshlaydi.
– Mendayam xuddi shunaqa bo‘lgan! Borib-borib hech kim kelmay qo‘yadi. Aytding-ku, qachon og‘irlashib qolsang, odamlar yana har kuni kelishni boshlaydi. Oxiri zerikadi shekilli, kam keladi, kelganlari ham faqat quruq non ko‘tarib keladi. Bir kuni ancha og‘ir yotganimda birdaniga ko‘p qarindoshlarimiz kelgan. Yarim tungacha o‘tirishgan. Ularning gaplarini eshitib yotardim, ko‘nglim aynib, qayt qilaverganimdan hech narsa yemaganman kun bo‘yi. Ular dasturxon atrofida o‘tirishib po‘rr-po‘rr ovoz chiqarib ko‘k choy ichar, allanarsalarni g‘o‘ng‘illab gapirardi: uyga xuddi qovoqari qamalib qolganga o‘xshardi. Ba’zan hamma jimib qolardi: qovoqari oynaga urilib, deraza tokchasida turgan gultuvak ichiga quladi deb o‘ylardim o‘zimcha. Onam shunda jimlikni buzib, to‘xtovsiz: “Dasturxonga qarab o‘tiringlar, mehmonlar, olinglar, olinglar!” derdi. Keyin otam ham qo‘shilib “Olinglar, olinglar,” deb qo‘yardi. Enamning ko‘zi kechqurun yaxshi ko‘rmasdi, lekin u ham mehmonlarga “Qani, olmaysizlarmi? Qaranglar dasturxonga!” derdi. Shunda mehmonlarning ham “Qani? Qani? Olib o‘tiringlar-chi!” degan ovozi kelardi. Men yarim tunda ular nima yeyishyapti ekan deb bosh o‘girib qaraganimda, dasturxonda qo‘shnimiz Soyib tegirmonchi kuydirib chiqargan achimsiq-taxir undan yopilgan qora nonning qotgan bo‘ltamlaridan boshqa hech narsa yo‘q edi. Nonga hech kim qo‘l uzatmas, lekin hamma “Ha, olyapmiz!” deb bosh irg‘ab qo‘yardi, xolos. Faqat shaharlik tog‘am uyalganidan qo‘liga non olib, tishi o‘tmaganidan choyga ivitib yeb o‘tirardi. Shunda tog‘am nonning gardishini tishlab o‘tirganini ko‘rdim. “Ha, tog‘am endi shahardan emas, qishloqdan uylanar ekan”, deb o‘yladim. Bilasanmi, Kuldirgich, nonning chetini tishlasang, qishloqning chetidan uylanasan, o‘rtasidan tishlasang, o‘rtasidan. Shuni tog‘amga aytmoqchi bo‘ldim, lekin o‘shanda tilim aylanmagan. Ichim yomon achib, yana qayt qilib yuborganman.
– Komaga tushishingdan avval shunaqa bo‘lar ekan, do‘xtir aytishicha, qonda atseton ko‘tarilib ketib, butun badanni zaharlar ekan. Boybo‘ta, o‘zi sen qachon birinchi marta komaga tushgansan?
– Ikki yil bo‘ldi. Bir kun komada yotganman. Sen komada yotganingda nimalar bo‘lishini bilasanmi? Men hech narsa eslay olmayman. Keyin boshqalar senga nima bo‘lganini gapirib beradi-a?
– Ha, shunaqa. Komaga tushsang hech narsani eslolmaysan. Men ertalab soat o‘nda komaga tushganman. Yetti soat komada bo‘lib, kechga borib o‘zimga kelganman. Menga ham boshqalar gapirib berishgan nima bo‘lganini. O‘shanda men juda ko‘p yugurib yuborganman-da o‘zi. Qanaqa kasalga chalinganimni do‘xtirdan eshitgan otam bilan onam tuni bilan yig‘lab chiqqan. Men bo‘lsa ertalab turib chopaverganman. Adirga chiqib olib yugurganman. Shuvoqlarni shatiratib, chirtillatib uzib chopganman, qomg‘oqlarning ustidan sakrab-sakrab o‘tganman, oyoqlarimni yantoqqa yumtalatib yugurganman. Shimimning pochasidan tizzamgacha qo‘ytikanga to‘lib ketgan. Men beto‘xtov chopaverganman. Shamoldan, quyundan ham tez chopayotgandek edim o‘shanda. Chopaversam tuzalib ketaman, deb o‘ylagan bo‘lsam kerak-da! Oyoqlarim qontalash bo‘lib uyga yetib kelganman-da, komaga tushganman. Ammo-lekin kasalxonada g‘ira–shira bir gavda ko‘zimga ko‘ringanda, xudo bo‘lsa kerak, deb o‘ylaganim esimda bor. Ko‘p yugurganim uchun mening oldimga keldi, deb o‘ylaganman. Keyin bilsam, u do‘xtir ekan. Komadan chiqqan paytim yonimga kelib: “Meni ko‘rib kulganing esingda qoldimi?” deb so‘ragan.
– Senga Kuldirgich deb emas, “Yugurong‘ich” degan laqab qo‘yish kerak ekan. Lekin ukol olganingda ham kulasan-a, nega?
– Og‘rimasin deb kulaman. Kulaverganimdan ko‘kragimga kateter qo‘ymoqchi bo‘lgan hamshiralar yomon qiynaladi, bir gal bittasi jahli chiqib kateterni oyog‘imdagi tomirimga qo‘ygan.
– Hozir kateterni qo‘ldagi tomirga ham qo‘yadi. Oxirgi marta reanimatsiyada yotganimda plastik ignali kateter qo‘ygan, egiladigan, yumshoq bo‘lgani uchun qimirlab ketsang ham og‘rimaydi, temir igna o‘sha plastik igna ichiga tiqiladi. Bu yerni reanimatsiyasi yaxshi ekan, do‘xtirlari ham yaxshi. Men o‘zimizning tumandagi kasalxonada yotganimda onam tuni bilan derazadan qarab o‘tirgan ekan. Ertalab nega uyga ketmaganini so‘rasam, onam “Bolam, komada yotganlarning qonini o‘g‘irlab sotishadi, deb eshitganim bor edi, qoningni, joningni oynadan qarab qo‘riqlab turdim,” degan. Odamning jonini o‘g‘irlasa bo‘ladimi-a, Kuldirgich?
– Kerak bo‘lsa joningni ham o‘g‘irlaydi-da! Men o‘tgan yili o‘zimizda reanimatsiyaga tushganimda sakson yoshli bir momo yonimda yotgandi. O‘sha momo nuqul: “Indamay tursang, joningni ham o‘g‘irlaydi bular”, deb baqirardi. Menga ko‘zi tushib qolsa: “Sen tirrancha, nima qilib yotibsan beyda? Tur o‘rningdan, borib enangni o‘chog‘iga o‘t qala, mushtdek boshing bilan pishirib qo‘yibdimi senga bu yerda yotishni?” derdi. O‘sha payt meni yana yugurgim, shartta ko‘chaga chiqib keng dalaga qarab chopgim kelardi. Dim edi-da havo, agar g‘izillab chopaversam, ko‘ylagimning etaklaridan ko‘tarilgan shamol havoni qo‘zg‘atib yuboradi, deb o‘ylaganman. Lekin o‘rnimdan turolmaganman. Momo ertasiga o‘lgan. Hech kim bilmay qolgan o‘lganini. Bitta yangi ishga kelgan hamshira bor edi, o‘sha kelib momoning bilagiga ukol qilmoqchi bo‘lgan, ammo lekin terisiga igna kirmagan sira. Oxiri u katta hamshirani chaqirib kelgan. “Joning chiqqur, kampir o‘lib bo‘pti-ku, endi terisiga igna kirarmidi”, degan bo‘tqa hamshira kichkinasiga baqirib. O‘shanda momoning jonini tunda kimdir o‘g‘irlagan bo‘lishi mumkinmikin, deb o‘ylayman ba’zan. Chunki reanimatsiyadan kimdir o‘lib chiqadi, kimdir tirik chiqadi. Xudoyim o‘zi bilib kimnidir jonini boshqa bir zoriqqanroq kimsaga berib yuborarmikin… Kinolarda borku, kimningdir joni qaytib keladi yoki birovning joni boshqasiga o‘tib qoladi. To‘g‘rimi, Boybo‘ta?
– Ha, ba’zan hayvon yoki qushlarga ham o‘tadi, deb eshitganman. Men qachon qo‘rqib ketsam, odamni joni o‘lganidan keyin sher yoki yo‘lbarsga o‘tsa zo‘r bo‘ladi-da, deb o‘ylardim. Chunki keyin u hech narsadan qo‘rqmaydi-da.
– Qo‘rqadi baribir. Ovchidan qo‘rqadi. Men tez yuguraman-ku, shunga jonim shamolga o‘tsa zo‘r bo‘lardi, lekin shamolning joni bo‘larmikin, deb o‘ylab qolaman. Qushga o‘tsayam yomon bo‘lmasdi, pirr etib uchasan-da ketasan, hech kim tutolmaydi. Xohlagan tomoningga qarab uchasan.
– Joning qushga o‘tsa sho‘ring quriydi, Kuldirgich! Anovi paloponga o‘xshab, ana, qara! Anovi mushukni qara, chumchuq bolasini tutib olibdi. Uyidan olib tushdimikin?
– Chumchuq emas, olaqanotning bolasi shekilli. Mushuk daraxtning uchigacha chiqolmasa kerak. Kechasi rosa shamol bo‘ldi-ku, shunda uyasidan tushib ketgan. Mushukka tekin ovqat bo‘pti-da endi.
– Qara, bizdan qizg‘anyapti. Darrov yeb qo‘ya qolsa bo‘lmasmikin, hammaga tomosha qildirmay.
– Ko‘zini qara, qo‘rqinchli-a, Boybo‘ta? Nima bo‘lsayam joning shu mushukka o‘tmasa bo‘ldi. Etim jimirlab ketyapti… Xayriyat ketdi, ho‘v oshxona ortidagi katta temir o‘choqning tagiga borsa kerak endi. Qushning joni chiqib bo‘lgandir hozirgacha, qayerga ketdiykin, kimga o‘tdiykin?..
– Sen bunaqa gaplarga ishonaverma, faqat kinolarda bo‘ladi bunaqasi… Lekin joningni birov o‘g‘irlab olsa, seni ham o‘g‘irlaydi-da!? Joning bilan bittasan-ku axir… Hali kechqurun Nasiba opash g‘irchillatib dumbangga igna sanchganda g‘iltillab ko‘zingdan yosh chiqarsang, demak, joning o‘zingniki bo‘ladi, hi-hi-hi…
– Ha, o‘l-a, kul-a! Men har gal o‘zimga insulin urganimda jonim o‘zimda ekanimni bilib turaman.
– Sen yaxshi ekansan, Kuldirgich, insulinni o‘zing olasan. Uyda menga hali ham oyim ukol qiladi.
– Avvallari insulin ukolni menga kichkina ammam qilardi. O‘tgan yili kelganimda shu yerdagi hamshiralar o‘rgatdi. O‘shandan beri o‘zimga o‘zim ukol qila olaman.
– Menga ham o‘rgatishmoqchi, lekin men sal qo‘rqyapman.
– Qo‘rqma, Boybo‘ta, bu yerning do‘xtirlari yaxshi, birpasda o‘rganib olasan. Bu yerda ovqatlari ham yaxshi. Menga ayniqsa kotleti yoqadi. Nega bizda hech kim shunaqa kotlet pishira olmas ekan-a? Agar kichkina ammam ham shu yerda davolana olganda edi, balki kotlet pishirishni ham o‘rganib olgan bo‘larmidi?
– Nima, ammang bu yerda davolansa bo‘lmaydimi?
– Kattalar uchun davolanish pulli, qimmat-ku. Menga bir yilda bitta tekin bron beradi. Otam qishda obkemoqchi edi, ko‘nmadim. Bahorda yo yozda boraman dedim. Qishda sovuqni yomon ko‘raman, yozda issiqqa chidolmayman, shamol bo‘lmaydi-da umuman. Mana hozir shabadani qara, maza. Agar shunaqa shabadaga qarshi yugursang yanayam maza qilasan. Qani endi hozir dalaga chiqib chopolsam, ortimdan kichkina ammam qichqirib qolardiyov: “Kuldirgichim kuldirgichmas kuydirgich bo‘ldi”, deb.
– Nega senga Kuldirgich degan laqab qo‘yishgan? Men yoshligingdan hammani kuldiraverganingdan seni hamma Kuldirgich desa kerak deb yurardim. Betingda kulgiching ham yo‘q-ku.
– Yo‘q, meni emas, kichkina ammamning yuzida kulgichi bor. Menga ko‘p aytardi: “Shu kulgichim boshimga bitgan balo bo‘ldi”, deb. Pochcham ammamni ko‘p urgan-da, nimaga begonalarga kulib qaraysan deb. Lekin ammamning yuzida xudo bergan kulgichi bo‘lsa, unda nima ayb, to‘g‘rimi, Boybo‘ta? Aslida bizda kuldirgich deb boshqa narsani aytadi. Sen o‘zi kuldirgich nimaligini bilasanmi?
– Yo‘q, nima edi o‘zi u?
– Kuldirgich adirda bo‘ladi, to‘pig‘inggacha botib ketadigan bo‘rsildoq mayin tuproqda. Pista sotadigan kampirlar daftarning varag‘ini voronka qilib o‘raganini ko‘rganmisan? Ha, xuddi shunaqa shaklda bo‘ladi kuldirgichning ini. Chumoli kelib inga sirg‘alib tushib qolganda u tuproq tagidan chiqib chumolini pastga, tuproq ichiga tortib ketadi. O‘sha yerda yeb bitiradi chumolini.
– Zo‘r ekan-u. Chumoli indamay kelib tushib qolaveradimi tuzoqqa?
– Hamma chumoli ham tushavermaydi. Ajali yetgani tushadi-da. Chumoli kelib pastda bir nima bor ekanmi, deb paypaslab ko‘radi. Shunda in labidagi tuproq to‘kilib, ichiga chumoli qulab tushadi. Chiqmoqchi bo‘ladi, lekin mayin zarra tuproq o‘pirilib tushaveradi. Qizg‘ish chumolilarning ba’zisi rosa epchil, kuchli bo‘ladi. Oyog‘i va beli uzunligi uchun tuzoqdan chiqib ketishi ham mumkin. Bu payt kuldirgich tirs-tirs qilib boshi bilan chumoliga tuproq otadi. Tuzoqdan endi chiqaman degan chumoli yana pastga sirg‘alib-qulaydi. Biz chumoli terib kelib kuldirgichning uyasiga tashlab poylab o‘tirardik. Kuldirgich yer tagidan chiqib kelib chumolini oyog‘idan pastga torta boshlaganda uya atrofidagi tuproqni shartta hovuchlab, qorasaqichi issiqdan bilqillab turgan asfalt yo‘lga olib chiqib to‘kardik. Keyin kichkina ammam eskirgan unning mitasini terganga o‘xshab tuproqni kaftimiz bilan yoyib, kuldirgichni qidirardik. Topish qiyin edi, kanaga o‘xshash, lekin kesakrang, kalta oyoqlari ipdek ingichka, rosa xunuk narsa bo‘ladi. Kim birinchi topib olsa, o‘sha darrov kuldirgichni tovoniga ezg‘ilab surtib olardi. Tez chopadigan qiladi-da u odamni. Keyin katta yo‘lda kimo‘zarga chopardik.
– Rostdan ham o‘sha narsa odamni tez yuguradigan qiladimi?
– …Rost bo‘lsa kerak. Tovonimga juda ko‘p kuldirgich surganman, chopag‘onligim shundan-da. E, shunaqa chopardimki, shamoldan ham tez yugurganga o‘xshardim. Shunga meni avval o‘rtoqlarim, keyin hamma Kuldirgich deb chaqiradigan bo‘ldi. Chopag‘on bo‘lsang yaxshi edi-da, qo‘ylarni qaytarib kelishga ham ulgurarding. Birovning paykaliga qo‘ying kirib ketib, keyin so‘kish eshitmasding-da. Birinchi marta kasal bo‘lgan kunim ham rosa ko‘p kuldirgich tutganmiz, keyin rosa yugurganmiz. Kechqurun o‘zimni bilmay to‘shakka yotib qolganimda qulog‘imga faqat yelkamdan g‘izillab o‘tayotgan shamolning ovozi g‘iz-g‘iz etib eshitilardi, xolos. Shunda kichkina ammam aytib yig‘lagandi “Kuldirgichim kuydirgich bo‘ldi” deb…
– Ha, zo‘r narsa ekan bu kuldirgiching. Yaxshiyam mayda narsa, odamlarni tortib ketmaydi.
– Endi esimga tushdi, qara, Boybo‘ta! Komaga tushganimda nima bo‘lganini birinchi marta eslayapman, shekilli… Ha, o‘shanda men kuldirgich emas, boshi aylanib tuzoqqa tushib qolgan chumolidek edim nazarimda. Tepaga emaklab chiqmoqchi bo‘laman, biroq pastga sirg‘alib tushaveraman. Barmoqlarim orasidan shuvillab tuproq to‘kilaveradi, hech narsani ushlab bo‘lmaydi. Pastga qarashga qo‘rqaman. Kalta, ipdek ingichka qo‘llar oyog‘imdan tortayotgandek bo‘ladi. Men chumoli emas, Kuldirgichman deb baqirmoqchi bo‘laman, lekin tilim aylanmaydi. Qo‘llarimda tuproqni g‘ijimlab ushlamoqchi bo‘laman, lekin ushlaydigan hech narsa yo‘q. Tepada g‘ira-shira sharpalar ko‘rinadi, lekin tortib olish uchun hech kim qo‘lini uzatmaydi, chaqirasan, eshitmaydi. Rosayam cho‘zilib ketadi bu, keyin, qani endi hammasi tezroq tugasa edi deysan. Ha, shunaqa, xuddi shunga o‘xshash bo‘lgandi.
– E, qoyil! Sen nimanidir eslayapsan-ku, meni esimda hech narsa qolmagan… Kuldirgich, qara! Anovi naynov kelyapti, hozir bir shumlikni boshlamasa bo‘ldi…
– Hey, pandavaqilar! Haliyam sho‘tta valaqlashib o‘tiribsanlarmi? Kettu, qizlarni oynasidan mo‘ralaymiz.
– Ketdik, ketdik! Chop, Kuldirgich! O‘zib ket-chi undan!
– Chopdik, Boybo‘ta! Qani, kim menga yetib olarkin!?
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 5-sonidan olindi.