Muhammad Salom. Tabiat ohi (hikoya)

Husniya eshikni ochdiyu dimog‘iga urilgan tanish hidni tuyib jilmaydi: «Palov! Nechuk, menga aytishmovdi-ku?»
Ochig‘i, Husniya palovni unchalik xush ko‘rmaydi. Oshqozoni bois o‘zini ham, atrofidagilarni ham shunga ishontirishga urinadi. Ayniqsa o‘zi pishirgan oshdan ishtaha bilan yeyolmaydi: hididan «to‘yadimi», shosha-pisha tayyorlab, maromiga yetkazmaydimi, o‘zi ham bilmaydi. Gohida oshqozonida og‘riq qo‘zg‘aladi-yu, aybni palovdan ko‘radi, o‘zini pazandalikda no‘noq sanaydi. Shuning uchun ham bu taomni ko‘ngli tusaganida u eriga ma’noli qaraydi. Bunaqa imkoniyat esa faqat dam olish kunlaridagina nasib etadi. Yunusjon boshqa barcha ishlarda, qalam tebratishda vaqtini qizg‘ansa ham palovga kirishganda ichi «ummonga aylanib ketadi» — birorta ishni boshqaga yuklamaydi, oshxonaga hech kimni yo‘latmaydi — qozon atrofida kuymalanib aylanaveradi. Faqat suzishni xotiniga yuklaydi. Husniya oshga kapgir urishi bilanoq erini, so‘ng palovni maqtashga tushadi. Bundan Yunusjon sariyog‘day erib, dili yayraydi, ishtahasi yana ham ochiladi. Uning holati Husniyaga ham «yuqadi», lekin, nechundir, bunaqa paytlarda o‘zida bezovtalik ham, qornida og‘riq ham sezmaydi.
Hozir Yunusjon ishda. Ehtimol palovdan bexabardir. Balki ertalab qaynonasi bilan kelishib qo‘ygandir. U Halima xolaning paloviga tan beradi — uni zo‘r pazanda hisoblaydi. Husniya esa avvallari onasidan boshqaning ovqatini yoqtirmasdi, qo‘shnilarnikidan chiqadigan taomlarga qo‘l ham urmas edi. Erga tekkach, ilgarigi injiqligi endi o‘tmasligini anglab hammasiga ko‘nikdi. Onasi juda olisda, o‘zga shaharda — onda-sondagina diydor ko‘rishadilar. O‘shanda ham miriqib gaplasholmaydilar. Ota-ona nafaqali hordiqqa chiqishdi hamki, o‘zlaridan ortmaydilar. Chunki, hali turmushga chiqarilmagan, uylantirilmagan farzandlari bor. Faqat shu safargina Husniya onasini ko‘proq muddatga qolishga ko‘ndirgan. Ko‘nmay iloji ham yo‘q-da. Nargizani har kimlarga ishonib bo‘lmaydi. Bog‘chasiga esa hali-beri ruxsat tegmaydi. Oyiga ellik so‘mga shartlashib, birinchi qavatda yolg‘iz yashaydigan Anya buviga berishgan edi. Eplolmadimi, o‘z holiga tashlab qo‘ydimi, Nargiza ikki marta parhezni buzdi, bir marta o‘yinga berilib, karavotdan yiqildi, burnini qonatdi. Buni eshitib, Yunusjonning ham, Husniyaning ham hushlari boshdan uchib, darhol rayonga sim qoqishdi: «Sizlar o‘zi nevaraniyam o‘ylaysizlarmi?» «Ha, o‘ylaymiz, — deyishdi ota-ona. — Keltirib beringlar, o‘zimiz qaraymiz».
Ularning nevaraga ko‘z qorachig‘iday qarashlariga Husniya shak keltirmaydi. Biroq, Nargiza dardga chalinganidan buyon, ayniqsa Anya buvining uyidagi voqeadan keyin qizchasini hech kimga ishonmaydi. Bu sarig‘ deganlari juda injiq, makkor dard, ehtiyot bo‘lmasa zaif vujudida yana qaytalaydi-da, jigarni batamom ishdan chiqaradi. Husniya ishxonada, bemorlarni qabul qilayotgan damlarda ham qizini xayolidan o‘chirolmaydi. Axir so‘qqabosh Anya buviki uni yiqitdimi, qanday qilib jigargo‘shasini olisga va gavjum xonadonga yuboradi. Birda bo‘lmasa birda xolayu tog‘alari suyub, erkalatib, unga qovurilgan narsalar yedirib qo‘yishlari hech gap emas…
— Palovmi? — negadir hafsalasiz so‘radi Husniya beliga fartuk taqqan onasini ko‘rishi bilan.
— Ha, palov, — dedi Halima xola shaxdi singan misol past ovozda. — Aytmay ketibsan, nima qilishimni bilmay… Oxiri…
— Ajab qilibsiz, onajon. Nargizingizgayam biror nima qilib berarmiz.
— Unikiyam tayyor: qiyma — katlet. O‘zi aytdi bolaginam.
— Qanday yaxshisiz-a, onajon, — u o‘girilib, onasining yuzidan cho‘lpillatib o‘pdi. Halima xola ham beixtiyor qizini bag‘riga bosdi. Ayni chog‘da bugun qizida ancha quvnoqlik ko‘rib, dili ravshan tortdi:
— Qayoqdan kun chiqdi — xursand ko‘rinasan? Vaqtliroq ham qaytibsan.
— Uyga chaqiruvchilar bugun kam ekan. To‘rttagina uyga bordim. Charchaganim yo‘q, — dedi Husniya ochiq chehra bilan va javondan anor gulli xalatini olib kiydi. — Bunaqasi juda kam bo‘ladi. Gohida kasal shunday ko‘payib ketadiki, kishining tinkasi quriydi, — u, o‘z odati bo‘yicha, sezdirmasdan, uchala xonaga va oshxonayu ayvonga bir-bir bosh suqib chiqdi — kayfiyati ko‘tarildi. Chunki onasi yo‘rgakda tekkan qilig‘i — «ozoda kasal»ligini namoyish qilgan edi: hammayoq ozoda, saranjom-sarishta, pollar yaraqlaydi, deraza oynalari go‘yo yo‘qday, havoga singib ketganday g‘uborsiz. Bolalar oynai jahon ro‘parasida — qo‘g‘irchoq filimga mahliyo.
— Charchamadingizmi, onajon? — so‘radi Husniya onasining yoniga, oshxonaga qaytib kirgach. Halima xola turp to‘g‘rab, jomdagi suvga solardi. —Juda ko‘p urinibsiz-da, koshki sog‘lig‘ingiz yaxshi bo‘lsaykan.
— Bekor o‘tirsam, siqilaman, kasalim qo‘ziydi.
— Shunga o‘rganib qolgansiz. Mayli, siz endi damingizni oling. Mengayam ish qolsin-da, onajon, — Husniya chinni tovoq va likobchalar olib, jo‘mrakdan oqayotgan issiq suvga qo‘ydi. — Bunaqada meni yomon o‘rgatasiz.
— Bo‘pti, oshni o‘zing suza qol, — Halima xola ortiga burildi. —Hali zamon kuyov ham kelib qolar. Yettida yetib boraman, degan.
Husniya ma’noli kulimsiradi: «Ha-a, palov buyurtma ekan-da».
Chindan ham palov sog‘inchi hademay hammani dasturxon atrofiga jamladi. Nargizaning parhezi tufayli bu suyumli taomga e’tibor susaygan, xasta qizaloq ko‘zlarini mo‘ltiratishni hech kim istamas edi. To‘g‘ri, kattaroq bolalar gohida xarxasha qilishardi, ammo kenja singillari esga tushib, darhol lablariga barmoq bosishardi. Bu safar esa bechora Nargizaning o‘zi yo‘lini topdi: palov suzilishi arafasida hech kimning ishorasini kutmay, qiymadan to‘yib oldi, so‘ng oynai jahon ro‘parasiga cho‘nqaydi. Negadir Yunusjonning ko‘ngli buzildi, Husniya labini tishladi. Katta qizlari: «Nargizniyam chaqiraylik», dedi yig‘lamsirab. Halima xola bosh tebratdi. O‘g‘il bolalar, esing bormi, deganday singillariga jerkigannamo qaradilar.
— Shunisi ham ma’quldir. — dedi Yunusjon. — Nafs tiyishni o‘rganar balki…
Bu gap uning o‘ziga ham dalda berdi-yu, biroq palov qanchalik yaxshi bo‘lishiga qaramay, ishtahasi bo‘g‘ildi, tezda qo‘lini tortib, choy ichishga o‘tdi. Qaynanasiyu xotini ham go‘yo undan andaza oldilar. Dasturxon yig‘ishtirilgach, Nargiza hech nima ko‘rmagandek, avval otasiga, so‘ng onasi va buvisiga suykandi. Yunusjon qizini bag‘riga bosib, peshonasidan o‘pdi. Biror soatcha choyxo‘rlik qilib, suhbatlashib o‘tirdilar. Bu orada bolalar uyquga ketishdi. Yunusjon choynakni ko‘targancha ish kabinetiga yo‘naldi. Lekin ishlolmadi — o‘ylab qo‘ygan lavhasini qanday boshlash xususida bosh qotirdi, ammo tuzukroq jumlalar tutqich bermadi. Haligina avtobusda kelayotganida miyasida fikrlar qanday charx urgan edi-ya! Endi bo‘lsa, Nargizaning ovqat mahali indamaygina ulardan uzoqlashgani, o‘zini oynai jahonga alahsitgani — shu go‘dakkinaning ajib qilig‘i nuqul ko‘z o‘ngidan o‘taverdi. Oxiri hozir hech nima yozolmasligini anglab, xonadan chiqdi. Oshxonada kichkina kursida o‘tirib, allaqanday qog‘ozlarni tizzasiga qo‘yganicha ko‘zdan kechirayotgan, goho unga bir nimalar yozayotgan Husniyaga duch keldi.
— Ish paytida shularga ulgurmaysanmi? — dedi uning yonida to‘xtab. — O‘sha yoqda bajarib, uyda dam olish yo bir nimalar o‘qish ma’qul emasmi?
— Bilmaganday gapirasiz-a, — Husniya eriga ginali nigoh tashladi. — Ha, ma’qul. Bu — orzuim-ku, axir. Lekin ulgurish… Rost, bugun ulgurardim: qabuldayam, uyga chaqiruvdayam bemorlar ko‘p emasdi. Faqat… — U nimanidir aytishga tortindi. Yunusjon uning yoniga cho‘nqaydi. — Maqtovdan quvonib ketdim chog‘i.
— Maqtov? Kim maqtadi?
— E, o‘zi ko‘pam maqtaydigan ish emas. Ko‘pirtirib yuborishdi-da.
— Qani, biz ham eshitaylik-chi, xo‘jayin, — Yunusjonning chehrasi ochildi.
— Bitta bemorim qattiq shamollab, o‘pkasi hilvirab qoluvdi. Kasalxonaga borgisi kelmadi. Antibiotiklar, gorchichnik buyuruvdim. Gap oxirida, agar topsangiz, propolis eritmasidan tomchilab iching, devdim. Bugun o‘sha kishi guldasta ko‘tarib kelibdi. Yana bir narsa tutqazdi. «Farang atiri», deydi. Topilmas mato-ya?
— Hm, — Yunusjonning qovog‘i osildi. — Oldingmi?
— Ana shu-da, meni haliyam bilmaysiz. Faqat guldastasini olib, tuvakka soldim.
— Xayriyat.
— Gapning qizig‘i bu yoqda. Haligi odam huzurimdan chiqib, bosh vrachga kiribdi. Voqeani aytib, atirniyam ko‘rsatibdi. Takliflar daftarida meni ko‘pirtirib maqtabdi. Bir vaqt, tushlik oxirida bosh vrach hammani yig‘ib, menga rahmatnoma e’lon qilsa bo‘ladimi? Aslida propolisniyam bitta vrachdan eshituvdim. Ko‘p dardlarga davo bo‘larkan…
— Har qalay, jurnalistning xotinisanda, jonim, — dedi u yoq-bu yoqqa qarab olgach Yunusjon, so‘ng Husniyaning yuzidan o‘pdi. — Mana endi yana o‘zimga keldim. Kabinetimni senga bo‘shatib bersammi, devdim, fikrimdan qaytdim, — u ortiga burilib, ishxonasi tomon yo‘rg‘aladi.
— Kabinetingiz o‘zingizga buyursin, dadasi, — deya shivirladi Husniya erining ortidan va u ham qog‘ozlariga egilarkan, qo‘shib qo‘ydi. — Ishqilib, ilhomingiz qaynab tursin-da…
Ishtahaning — «darz» ketishidan hech kim oshkora noligani yo‘q, albatta. Ammo tabiatan har narsani o‘ziga olaveradigan Halima xolaning diliga o‘sha «darz» orasidan tutun o‘rmalab kirdi: «Palov qilmay mangina o‘lay, nevaramning ko‘ngli ketdiyov. Mustargina bo‘lib o‘tirdi. Shuni xayolimgayam keltirmabman». Bu fikr miyasida aylanishaverib, u o‘zini ayblayverdi. Oqibatda uyqusida halovat sezmadi, ertasiga boshi garang, charchagan holda uyg‘ondi. Shosha-pisha
ishga jo‘nayotgan qizidan kechqurunga qanaqa ovqat istashlarini so‘radi. Kechikishidan hadiksiragan Husniya eriga imo qildi. Yunusjonning hali vaqti bor edi. Biroq, har kuni ovqat buyurishdan o‘zini soqit tutishni istardi. Xotini esa bu istak bilan sira hisoblashmas, savolini hech to‘xtatmas edi. Mana endi javob topish zarur. Hadeb takrorlanadigan birortasini aytsinmi?
— Menga baribir, — dedi u nihoyat ishga ketish oldidan. Keyin kulgancha o‘z niyatini aytdi. — O‘zingiz bilasiz, oyi, men ovqat tanlamayman: oqdan ohak, qoradan ko‘mir bo‘lmaydi bizga.
— Mastava qilaymi bo‘lmasa?
— Maylingiz, — sust javob qaytardi Yunusjon va yana savol kutmayoq o‘zini eshik orqasiga oldi. Halima xola yelka qisdi. U kuyovining yolg‘ondakam mulozamatini sezgirlik ila anglagan edi. Yunusjonning ovoz ohangida sal-pal xushlamaslik yo‘q emasdi. Aslida ham u ovqat tanlamas bo‘lib ko‘rinsa-da, xushxo‘r, mazali, rang-barang taomlarni ko‘rganda o‘zida ko‘tarinkilik sezardi. Haftada hadeb takrorlanadigan ovqatlar ishtahasini qo‘zg‘ayvermas edi. Buni o‘zicha biror marta tahlil qilmagan, Husniyaning-ku esiga ham kelmagan — bu borada erini o‘rganmagan. U batamom bemorlar bilan bandga o‘xshar, boshqa mayda-chuyda ishlarga go‘yo vaqt topolmas edi. Kasallar esa juda ko‘p, hamisha yangilari qo‘shilib turardi. Deyarli barchasi unga xaloskorday qarashardi, hurmatini joyiga qo‘yishardi. Hamma vrachlar kabi u ham e’zozlardan ko‘ngli ko‘tarilardi. Lekin o‘zining ham sog‘ligi tobora orqaga ketib borardiki, bu haqda deyarli qayg‘urmasdi. Uning rang-ro‘yiga qarab, onaizor iztirob chekardi, har xil turkona dorilarni tavsiya qilar edi. Bunday damlarda o‘zining ham asabi chatoqligi, sarg‘ayma tufayli jigarni jarohatlagani esiga tushardi-da, yuragi siqilib, boshi og‘riy boshlardi. Qiziq, mana hozir ham ko‘ngli behuzurga o‘xshaydi, ichiga chiroq yoqsa
yorishmaydiganday. U yumshoq kursiga o‘tirarkan:
— E, shuniyam o‘ylab o‘tiramanmi, — dedi qo‘l siltab. — Kechgacha bir gap bo‘lar. Qizingniki baribir o‘z uyingday bo‘lmaskan-da. O‘z uyingda kimnidir qovoq tumshug‘iga qarab o‘tirmaysan. To‘g‘ri, er bilan hisoblashasan. Ammo uning mijozi o‘zingga besh panjaday ma’lum… —u ayni shu topda erini juda ko‘rgisi kelayotganini, uni darrov sog‘inganini his etdi-yu, chuqur xo‘rsindi. — Choli tushmagur ulfatlarga o‘ralashib qoldimikan, sim ham qoqmayapti. O‘shalarga qo‘shilishi menga yoqmaydi-da…
— Biyi, kimga gapirayapsiz?
Halima xola orqasidan kelib, tik turgan Nargizani payqamabdi. U to‘la uyg‘onib ulgurmagan, qo‘lining orqasi bilan ko‘zlarini uqalardi.
— E, o‘zim bilan o‘zim-da, bolam, —dedi buvi nevarasining yelkasiga qoqib. — Boraqol, avval betingni yuv. Yuvinmasdan gaplashmaydilar.
— Yuvinmay gaplashsa nima bo‘ladi, biyi?
— Uvol. Bor endi, shirchoying ham sovugandir.
— Uvol nima, biyi?
— Uvol… — kalovlandi buvisi, — juda yomon degani. Yomon ishlarni hech kimga yoqmaydigan qiliqlarni uvol deydilar. Uvol ish qilganlarni hamma yomon ko‘radi.
Nargiza negadir qo‘rqib ketdi-yu, dovdiragansimon bir necha odim otib, buvisidan uzoqlashdi. Keyin dahlizdan uning:
— Men hech qachon uvol bo‘lmayman, biyijon, — degan so‘zlari eshitildi.
— Aylanay sandan, bolaginam, hech qachon uvol bo‘lmagin-a, — dedi-yu, Halima xolaning ko‘zida yosh aylandi. — Yomon odamlar uvol bo‘lsin…
Shu tariqa kunlar o‘taverdi… Nargiza kundan-kunga tetiklashib, dard asoratidan qutula bordi. Boshqa nevaralarning uyga ko‘maklashuvlarida ham jonlanish sezildi. Ayniqsa Husniyaning o‘z kasbidan nolishlari kamayganday edi. Yunusjonning uchta lavhasi gazetalarda bosilib, tilga tushdi.
«Uyingda hamisha keksalar bo‘lishiga nima yetsin, — o‘zicha o‘ylardi Yunusjon. — U ayniqsa saranjom-sarishtali, mehribon bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur. Horib-tolib kelganingda bahri-diling ochiladi, yarim tungacha qorin to‘yg‘azish tashvishini qilmaysan. Hammasidan ham bolalaring nima yedi, nima ichdi, ko‘chaga chiqib bevosh bolalarga qo‘shilmadimikan, deb ishxonada ham xun bo‘lib yurmaysan…»
Halima xolaning muvaqqat tashrifi nihoyasiga yetib borardi. Olisda qolgan boshqa farzandlarini, erini, qadrdon shaharchasini sog‘ingan edi kampir. Biroq bu uydan ham ko‘ngil uzolmasdi. Go‘yo Nargiza bilan Husniya unga mung‘ayib qaraydilar. So‘nggi choqlarda kizining ishlari yana ko‘paygan — xizmatdan shirasi shimib olingan husayni uzum donasiday bo‘lib qaytardi, biror nimaga qo‘l urishga, hatto so‘zlashishga madori yetmayotganday ko‘rinardi. Bugungisi esa hammasidan oshib tushdi…
Odatdagiday ertalab buvi bilan nevara yetaklashib, magazinga borishdi — sut, qatiq, qaymoq olishdi. Urush qatnashchisi va shaxsiy nafaqachilar Halima xolaning navbatini orqaga surganini, sal bo‘lmasa, kerakli narsalardan quruq qolishlari mumkinligini hisobga olmaganda, «ochiq havoda yurish» ishlari biror xafagarchilik keltirmadi. Xaridlarini yoniga qo‘ygancha u hovlidagi uzunchoq kursida birpas o‘tirdi. Nargizaning temir arg‘imchoqda uchishini, o‘zicha o‘ynab, xumordan chiqishini ayricha diqkat bilan kuzatdi. U qizchaning qattiq harakat qilib zo‘riqishidan, oqibatda kasali qaytalashidan qo‘rqar edi. Har qalay, besh yoshli qizaloq ham ehtiyotkorlikni unutmasdi, tanbeh eshitishni istamasdi.
Jiddiy tanbeh va mojaro tushdan keyin ro‘y berdi. Maktabdan qaytgan kichik akasi noxosdan oshxona yo‘lagida Nargizaga turtilib, ko‘lidagi likopchani tushirib yubordi. Likobcha chil-chil sindi. Singil akasini jerkidi. Akasi yengilroq musht tushirgan edi, Nargiza bor ovoz bilan chinqirdi. Oraga buvisi tushib, ularni murosaga keltirolmadi. Bunaqa paytda, shubhasiz, «yong‘in»ni bir zarb bilan o‘chirib bo‘lmaydi. Tanbehlar ham, urishishlar ham nevaralarni tezda bitimga keltirolmadi. Bunga Nargizaning uzoq vaqt kasalxonada yotganiyu uyda o‘tirib, zerikkani ham, doimo yon berishlaru erkalashlarga o‘rganib, tantiqlangani ham o‘z ta’sirini ko‘rsatardi. U akasining jazo olishini yoki yalinishini kutardi. Akasi esa unga aslo yon bermasdi, bunga gururi yo‘l qo‘ymas edi. Halima xola shuni tushunardi-yu, ammo qanday yo‘l tutishni bilolmay xunob bo‘lardi. Natijada yuragi sanchib, boshidagi og‘riq kuchaydi — go‘yo miyasida alg‘ov-dalg‘ov boshlandi. Sabri chidamay:
— Voy, man bu yerga kelmaygina o‘lay, — deb yiglab yubordi u. — O‘z uyim — o‘lan to‘shagim, tinchgina o‘tirmaymanmi? Qaytaga o‘zimga kasal orttirdim.
Ikkala nevara ham birdan jimib qolishdi. Nargiza yugurib kelib, buvisini achomladi. Unisi bir nafas talmovsirab turdi-da, so‘ng uyon-buyonni yig‘ishtirishga tutindi. Halima xolaning ko‘ngli joyiga tushgan esada, bosh og‘rig‘i pasaymadi. Bir necha marta analgin ichishni mo‘ljalladi, biroq vrachlarning so‘zlarini eslab, o‘zini tiydi. «Siz juda ko‘p dori ichgansiz, — degandi ulardan biri. — Dorilar jigarga yomon ta’sir etgan. Endi tabiiy vositalardan ko‘pryuq foydalaning». Ammo hozir choydan bo‘lak tabiiy vosita uyda yo‘q. Achchiq ko‘k choy esa dardini yengillashtirolmadi. Boshining orqasida, peshonasi atroflarida nimalardir jimirlar, boshi birovnikiga o‘xshardi.
Sal mizg‘igan edi, vahimali tush ko‘rib, cho‘chib uyg‘ondi. Qayta yotolmadi — biqini og‘ridi. Endi yana qanaqa ovqat qilish muammosi oromini buzdi. Biroq, qalampiru murchlar unga zararli. Undan keyin shu alfozda sabzi to‘g‘rash oson emas. Go‘sht ham oz. Borini ishlatib, uyni quritib qo‘yish — yomon odat. Yunusjon ikki kundan beri magazindan go‘sht topolmayapti. Bozorniki juda qimmat: ikki marta xarid qilsang, cho‘ntak qoqlanadi. Issiq ovqatsiz qolish mumkin emas. Bolalar nima derkin?
— E, bilmasam, — dedi kattasi.
— O‘zingiz bilasiz, — bo‘yin qisdi ikkinchisi.
— Moshkichiri qiling, — dedi uchinchisi.
— E, moshkichiri oyimga bo‘lmaydi-ku, — uni inkor etdi birinchisi. Esingdan chiqdimi, jig‘ildonlarini qaynatadi. Bo‘lmasa, palov bo‘laqolsin.
Halima xola kulimsirab, Nargizaga qaradi.
— Mayli, qilavering, biyijon. Menga shirguruch qilib berasiz.
— Palovga go‘sht kam. Yaxshisi, hammabop moshxo‘rda qilamiz…
Halima xola inqillab-sinqillab, ovqatga unnadi. Har qancha pazanda sanalsa-da, moshxo‘rdani ko‘ngildagiday kelishtirolmadi. Avvalo ahvoli-ruhiyati xalal berdi, so‘ngra bu ular tarafda deyarli tayyorlanmaydi. Shuni o‘ylarkan, u kuyovini ko‘z oldidan o‘tkazdi. Yunusjonning peshonasi tirishganday tuyuldi-yu, qaynananing bosh og‘rig‘i yana kuchaydi, o‘ng biqinida sanchiq bosh ko‘tardi. Nafas olishi qiyinlashdi. Ovqat olovini keskin pastlatib, darhol ko‘rpachaga yonboshladi. Bolalar o‘z mashg‘ulotlari bilan band, hatto shivirlab gaplashardilar. Faqat eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlaganda Nargizaning «oyim keldilar» degancha chopqillab o‘tgani osoyishtalikni buzdi. Bunaqa paytda Halima xola ham nevarasiga ergashib, eshik yoniga borardi, qiziga peshvoz chiqardi.
— Biying qanilar? — Husniyaning horgin tovushi eshitildi.
— Biyim yotiptilar, — dedi Nargiza gunohkorroq ovozda. — Boshlari og‘riyapti.
— Charchagan bo‘lsalar kerak-da, — deb qo‘ya qoldi Husniya loqaydroq ohangda. Uning rangi oqargandi, oyoqda zo‘rg‘a turganga o‘xshardi. Ehtimol shu boisdir, qizini ham erkalamadi. Go‘yo u o‘zi bilan ovoraday ko‘rinardi — yo qattiq toliqqan, yo o‘z ishidan qanoatlanmagan. Agar bir kunda o‘n, o‘n beshta, boringki, yigirmata kishining dardini tinglab, ularni sinchiklab kuzatsa, foydali muolaja buyursa, vrach o‘zidan qanoatlanishi mumkin. Unda mushohada yuritishga, kitobu jurnal titkilashga ham ozroq vaqt qoladi. Horimaydi. Ammo qirq-elliklab xasta odamlar ko‘nglini olish, deyarli har kuni shu hol takrorlanishi man-man degan shifokorni ham loqaydlikka mubtalo etadi yoki ishdan bezdiradi. Koshki o‘sha yoqning o‘zida oh-vohlaru boshqa tashvishlarni bir yoqlik qilish iloji topilmasa. Agar kasallik tarixini emin-erkin, mulohazalar bilan to‘lg‘azib o‘tirsa, qabulda qancha bemor qolib ketadi, to‘s-to‘polon boshlanadi. Asli «tarix» bemor huzurida, aniq xulosalar asosida to‘lgazilishi zarur. Yo‘q, Husniya bunday qilolmaydi. Vaqtni tejash uchun besh-olti minutda shosha-pisha fikr aytib, muolaja buyurishga majbur. Varaqa — «tarix»ga qisqacha qaydlar belgilaydi, xolos. Keyin uni gohida, qoidaga xilof ish tutib, sumkasiga solgancha xonadonma-xonadon izg‘iydi. Ular safiga uyga vrach chaqirgan kimsalarning ham «tarix»lari qo‘shiladi. Uylar esa bitta-ikkita emas — gohida o‘nlab — past-baland, liftli, zinali, beshinchi qavatga ko‘tarilguncha ko‘zlari tinib, boshi aylanadi, darmonsizlanib, devorga suyanadi. Yurak titraydi. O‘sha titrash pardasi ortidan xasta birovning nolishi qalbiga urilganday tuyuladi. So‘nggi kuchini to‘plab, yuqoriga intiladi. O‘zining ahvolini birov so‘ramaydi. Qorin ochgan, ichni nimadir tatalaydi. Yo‘l-yo‘lakay biror nima tamaddi qilay desa, ishtaha yo‘q. Salgina shovqin, ortiqcha gap-so‘z quloqqa yoqmaydi. Tishni-tishga bosib, hammasiga chidaydi….
Bugun bittasi kasallik varaqasini uch-to‘rt kunga cho‘zishni, yaxshiligini quruq qoldirmasligini shama qilib joniga tegdi. O‘zi istamagan holda unga baqirib berdi, xonadan tashqariga quvdi… Kechagisi bundan ham ko‘ngilsiz — bir bemori shifoxonada vafot etibdi. Bunda Husniya o‘zini aybdor sanaydi — birinchi tashrifdayoq uni sinchiklab kuzatolmagan, zudlik bilan kasalxonaga yo‘llanma topib berolmagan. Bir hafta o‘tib, u og‘irlashgandan so‘nggina masalani jiddiy qo‘ydi. Agar o‘sha ayol uyda o‘lganida malomat toshlari mahalla vrachiga otilardi. Mana endi baribir mustar ko‘zlar uni ta’qib etgani-etgan…
— Husni… — inqillagan tovush uni o‘ziga keltirdi. Asta yurib, onasi yotgan xonaga mo‘raladi. Hali Nargiza aytgan gapga unchalik e’tibor bermagan, onasini shunchaki dam olib yotgandirlar, deb o‘ylagan edi.
— Ha, ona, nimaga yotibsiz? Charchadingizmi? Sira tinib o‘tirmaysiz-da.
— Yo‘g‘-e, o‘zi mazam yo‘q, — Halima xola tetikroq gapirishga urindi, — Qon bosimimni bir o‘lchab qo‘ysang, bir balo bo‘lgan ga o‘xshaydi.
Husniyaning tomog‘iga nimadir tiqilgan day bo‘ldi-yu, sekin «uf» tortdi.
— Xo‘p, o‘lchayman hali… O‘zi vahimachiligingiz ham bor-da.
— Ehtiyot yaxshi, bolam…
Lekin bu so‘z Husniyaning qulog‘iga yetib bormadi. U yarim karaxt holda oshxonaga kirib, qozonni ko‘zdan kechirdi. Haligina, yo‘lda sudrab qadam tashlayotgan kezda, bugun tushlik qilmaganini, ochlik sezdirmay tinkasini quritganini eslagan edi. Endi bo‘lsa, ovqatga qaragisi ham kelmayapti.
Tuzini tatib ko‘ray-chi, zora ishtaham ochilsa, — deb o‘yladi-yu, u qozon qulog‘iga suyab qo‘yilgan yog‘och qoshiqda xo‘rdadan ozroq olib, ichdi. Og‘ziga bemaza tuyulib labini burdi. — Gap ovqatdami, o‘zimdami?»
Biroq, ovqatlanish mahalida ham buni aniqlay olmadi. Kosa tagini egallagan ozgina moshxo‘rdani tugatish ancha mashaqqatli kechdi. Doim nazorat qiladigan onasi hozir dasturxon boshidan yiroq edi — o‘zini qorni to‘qqa chiqarib, kichkina uyda yotgandi. Ishdan kech qaytgan Yunusjon esa bu safar ovqatning farqiga borib o‘tirmadi. U bugun gazeta topshirig‘i bilan Bo‘stonliqqa borgandi, Chirchiq bo‘ylaridagi har xil nishootlardan daryoga tushayotgan chiqindilaru oqovalarni ko‘rib, ko‘ngli cho‘kkan — ham jisman, ham ma’nan charchagan edi. Ko‘rganlari haqida boplab tanqidiy maqola yozishni mo‘ljallab qo‘yuvdi. Ammo, uydagi vaziyat…
— Nozim, — Husniyaning zaifroq ovozi eshitildi.
— Ha, nima deysiz?
— O‘sha yoqdan o‘shqirasanmi, yalqov? — Husniya endi ovozini baralla ko‘tardi. — Bu yoqqa kel. Dasturxonni yig‘ishtirib, idishlarni yuv.
— Meni darsim ko‘p, — deya to‘ng‘illadi Nozim yondagi xonadan chiqib kelarkan. — Ertaga «Ikki» olsam maylimi?
— Kunduzi nima qilding, ahmoq? — Husniyaning ovozi titrab, bo‘g‘ildi. Yo‘talib, tovushini tobladi. — Shu televizorni ko‘chaga uloqtirsam, qutulamanmi?
— Hoy, sekinroq gapirsang-chi, — o‘z xonasidan shoshilib chiqdi Yunusjon. — Qo‘shnilar eshitsa, nima deydi?
— Ja o‘sha qo‘shnilaringiz oppoqqina-da, tovushi sirayam chiqmaydi!
— O‘shalarga tenglashish shartmi? Har kimning o‘z obro‘si bor. Do‘xtirsan…
— Do‘xtir yerdan chiqqanmi, aqalli bolasigayam ish buyurolmaydi. Biror ish aytdimmi, bahona topadi.
— Bahona emasdir, xo‘jayin, jahl chiqqanda aql qochmasin-da, endi. O‘sha idish-tovoqlarni men yuvaqolay, — Yunusjon oshxona sari yo‘naldi. Ungacha Nozim issiq suv jo‘mragini ochib, ishga kirishdi. Otasi iziga qaytdi.
— Mana shunaqasiz, darrov bolangizning yuzini yuvasiz. Bo‘yi terakday, aqli ko‘rakday ham emas. Odamga rahmi kelmaydi.
— Bolani hadeb yerga uraversa, battar bo‘ladi, — dedi o‘g‘li eshitmaydigan tovushda Yunusjon. — Ishdagi mashmashayu alamlarni uyga ko‘tarib kelmaslik kerak.
— E, jonimgayam tegdi shu ish! — Husniya qo‘l siltadi. Kiprigida yosh ko‘rindi. Biroq, tezda o‘zini tutib, yana eriga nishini sanchdi. — Sizday tarallabedod qilib yurganimda shu ahvolga tushmasdim.
Yunusjonning miyasiga bir nima «to‘p» etib urilganday bo‘ldi-yu, o‘zini bosish uchun ichida yigirmagacha sanadi. So‘ng narigi xonadan sekin chiqib kelayotgan qaynanasiga bir qarab qo‘ydi-da, kulimsiragancha:
— Hay, ishdan bo‘shayqol, tinchiysan, — dedi. — O‘zi qumursqaday joning bor, senga kim qo‘yibdi bir yarim stavka ishlashni. Odamga pul emas, sog‘liq kerak.
— Qo‘ying, menga aql o‘rgatmang. Sizning ikki yuz so‘mingiz bilan kun ko‘rib bo‘lsa ekanki, mazza qilib uyda o‘tirsam, bola tarbiyasi bilan shug‘ullansam! Haftada ikki kilo go‘shtni eplab topolmaysiz, bozordagi qimmatiga chopasiz. Necha kun bo‘ldi, bolalarning og‘ziga meva tegmaganiga. Gapiraverasiz-da…
Yunusjon quloqlarigacha qizarib, peshonasiga ter toshdi. Lekin xotiniga lom-lim demadi. Endi Halima xola oraga tushdi:
— Ko‘pam noshukur bo‘lma, bolam, oylab go‘sht yemaydigan, meva tatimaydigan oilalar bor. Man qishloqni aytmay, shahardayam istagancha topiladi undaylar.
— Ishni tashlasam yo kamroq ishlasam, biz ham o‘shalar ahvoliga tushamiz.
— Ishni zinhor tashlama, — dedi Halima xola o‘ychanlik bilan. — Lekin kasbingga ozroq mehr qo‘ysang bo‘lardi.
— A? — Husniya anqayib qoldi, rangi o‘chdi. — Bu nima deganingiz-a, ona? Kasbimga mehrim bo‘lmasa, qanday ishlayman axir?
— O‘z ishini sevadigan kishining rang-ro‘yi, ahvoli bunaqa bo‘lmaydi. Har bir ishidan quvonib, ruhlanib ishlaydi. Ishiyam, sog‘lig‘iyam rivoj topaveradi. Seniki teskari: asabing joyida emas, oshqozoning yaramiyey.
— Qo‘ying-e! — Husniya teskari qaradi. Ammo onasining so‘zlarini loaqal chuqurroq o‘ylab ko‘rmadi. — Siz meni qayoqdan bilasiz — har bitta bemorim sog‘ayguncha halovat bilmayman. Hurmatim bor… Sog‘ligim yo‘qolishiga…
— Ha, bunga nima deysan? Uzing aybdorligingni tan olasanmi?
— Ha, o‘zimniyam aybim bor, — Husniya chuqur xo‘rsindi. — Lekin sizniyam, otamniyam ayblaringiz yo‘qmi?
— Kuyov, eshitayapsizmi? — Halima xola Yunusjonga yuzlanib, kulib yubordi. — O‘zimiz yemay, ichmay bunga tiqqanmiz.
— Lekin asosiy dardni ko‘rmagansizlar.
— Qanaqa dard? — Halima xola ko‘zlarini katta ochdi. — Dard-pard yo‘g‘idi-ku?
— Men sog‘lig‘imni hasharlarda, paxtazorlarda yo‘qotganman. Har xil suvlar ichib, dorilarga to‘yingan changlar yutib, vaqtida sifatli ovqatlanmay, norma bajarolmaganda gaplar eshitib, shu holga tushganman.
— Hasharni men chiqarganim yo‘q, qizim. Hammaga kelgan to‘y…
— To‘ymish? — Husniya onasining so‘zini kesib, istehzoli kuldi. — Kulfat deng. Bugungi azoblar, bugungi dardlar o‘shaning kasofati.
— To‘g‘ri, qo‘limiz kaltalik qilgan, seni hashardan olib qololmaganmiz.
— Faqat men bilan ish bitmasdi, ona, — dedi Husniya alam bilan. — Bitta men sog‘lom bo‘lgan bilan hayotni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Butun mening avlodim, mendan kattaroqlaru kichiklar ham, hozirgi go‘daklar ham dardga chalingan. Sizlar shunga yo‘l qo‘ygansizlar. Og‘izlaringizga mum solib, miq etmagansizlar…
Halima xolaning miyasida yopiq turgan allaqanday pardalar qo‘qqisdan ko‘tarilganday, parda ortida g‘alati manzaralar yuz ko‘rsatganday bir lahza lol qoldi. Qizining ta’nalarida jon bor edi. Ammo uni to‘la quvvatlay ham olmas va biror jo‘yali bahona ham izlamas edi. Onayu qizni jimgina kuzatib turgan Yunusjon esa chuqur o‘yga tolgandi. Shunaqa mavzuda xotini bilan bir necha bor bahslashganini esladi. Mana endi bahs mevaga kirayapti. Achchiqqina meva…
— Nevlay, — nihoyat tilga kirdi Halima xola, — tilimiz ham, dilimiz ham qulflangan ekanmi, hech nimaning fahmiga bormabmiz. Hammasini eng katta rahbarlarga qo‘yib beribmiz. Oqibatini kim o‘ylabdi deysan. Hay endi… — u boshini ushlab siqdiyu chuqur xo‘rsindi, — o‘tgan ishga salavot. Bu yog‘iga sizlar hushyor bo‘linglar, bizga o‘xshab, ko‘zlarni yumib qadam tashlamanglar. Ih…— u ko‘zini bir dam yumib ochdi-yu, Yunusjonga qaradi. — Kuyov, sizdan iltimos, ertaga meni bir amallab samolyotga chiqarib qo‘ysangiz.
— Ha, nega? — Yunusjon shoshib so‘radi. — Xafa bo‘ldingizmi?
— Yo‘g‘-e, — u chetga qaradi. — Mana, Nargiza ancha sog‘aydi. Meniyam boshqa tashvishlarim bor. O‘zimni qaratishim ham kerak. Ko‘rib o‘tiribsiz, do‘xtir bilan birga yashayapmiz, lekin do‘xtirga zormiz.
— Voy o‘lay, onajon, esimdan chiqib ketibdi, — Husniya dovdiragancha o‘rnidan turib, onasini quchoqladi-yu, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. — Meni kechiring, onajon…
— Qo‘y, yig‘lama, sening aybing yo‘q… — onaizor qizining halitdan siyraklashib, oq oralagan sochlarini siypaladi. O‘zining ham ko‘zlaridan tomchilar dumaladi.
— Kimning aybi bor? — o‘ziga o‘zi dedi Yunusjon xonasiga qaytib, kursiga cho‘karkan. — Meningmi? Nimada? — shu topda u o‘zini ayblagisi kelmadi-yu, maqola haqida o‘ylab, o‘zini chalg‘itdi. Fikrlar qalashib yotardi, ammo tuzukroq so‘zlar miyasida aylanmas edi. Boshi qizib, ko‘kragida sanchiq turdi. — Nima bu? Menga ham kasallik aylanishayapti, shekilli. Yopiray, nima qildim endi? Hali maqola chala qolmasaydi. Qiziq, hamma kasalmand, havo ham, suv ham, tuproq ham kasal, yeydigan narsalarimiz ham kasal. Jamiyatdan ham ishkalliklar chiqayapti. Shunday ekan, dardlardan qanday qochib qutulasan?.. Davolashmi?.. Kim davolaydi?
Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Yunusjon ko‘ksini tutgancha, og‘rinib, eshikni ochdi. Narigi yo‘lakda, to‘rtinchi qavatda yashaydigan yoshgina juvon. Ko‘zlari jiqqa yosh:
— Il-iltimos, Hus-Husni opamlani chaqirib bersangiz, — dedi u zo‘rg‘a. — Adamizlani mazalari qochib qoldi. O‘zlarini yon-yoqqa otayaptilar…
Yunusjon unga ag‘rayib qaragancha, chayqalib eshikka suyandi. Nimalardir deb pichirladi. Ayol boshqa xayolga bordimi, orqaga tisarilib, pastga chopib ketdi…

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 6-son