Bomdoddan keyin uyquni “to‘ldirish” ilinjida to‘lg‘anib yotardim. Mana, uch haftadirki, dala hovlidaman, lekin izga tusholmayapman: hamon milk azobi; yurak tez urishi, uyqusizlik tinkamni qurityapti. Muolajalar nafini sezmayapman. Tog‘bag‘ri, buloq suvlari, musaffo havo ham jonimga oro kirmoqchi emasday. Lekin bundan-da zo‘rroq imkoniyatim yo‘qligini o‘ylab, o‘zimga tasalli beraman, uyquni quvishda davom etaman.
Yo‘q, qayta uxlolmadim. Behuda yotishdan ne foyda! Endi qo‘zg‘algan edimki, yostiq yonida turgan jajjixon “sayrab” qoldi. Raqam egasini eslay olmadim, yelka qisib, eringancha unga quloq tutdim:
– Tog‘a, men Ravshanman, salomalaykum.
Ravshan – Baraka opamning to‘ng‘ich o‘g‘li, yoshi yetmishga yaqinlashgan, yuragi vajidan goho biz tomonlarga dam olishga kelib turadi. Shuni o‘ylab:
– Valeykum assalom, Ravshanbek! – dedim ko‘tarinkiroq kayfiyatda. – Shaharda bo‘lsang kerak, issiqdan qoch, tezroq bu yoqqa kel.
Mungli xo‘rsinish eshitildi:
– Qishloqdaman, tog‘a… Onam… – u hiqillaganday bo‘ldi, uzoqroqdan ayollarning yig‘isiyu chuviri uning ovoziga qo‘shilib ketdi…
– Nima? Opam? Qachon?
– Qirq daqiqa avval… – u gapini davom ettirolmadi, telefon “tu-tu”ladi.
– E, o‘zimning jigarginam! – degan so‘zlar beixtiyor lablarimdan uchgancha telefon ekranchasiga ko‘z soldim, soat: olti-yu ellik. Xuddi hoziroq yo‘lga tushadiganday shart o‘rnimdan turdim. Kiyinib, hovliga tushdim. Sokinlik. Quyosh hali yuqori ko‘tarilmagan, daraxtlar shoxlari orasidan zarrin yog‘du sochayapti. Ammo, ha demay, bu yog‘dular tepadan olov kabi purkalishga o‘tadi, odamlarni soya-salqinlar tomon “quvlaydi”…
“Bu yerda shunchalar issiq, – deb pichirladim. – U yoqda, qishloqda… – Jazirama, sarob jimir-jimiri ko‘z o‘ngimda jonlanib, labimni tishladim. – Chidarmikanman? Bilmadim-da… Janozaga yetib borolmasligim aniq. Bu issiqda yo‘l azobiga yurak dosh berolmas: o‘zim ham katta tashvishga aylanib qolishim hech gap emas. Unda?..”
Shu on sakkiz yoshli nevaram Nigina uydan chiqib, pinjimga tiqildi. Indamay, xayolchan holda uning po‘paloq sochlarini siypaladim. U hammadan erta turib, hovliga chiqadi, daraxtzorlar aylanib yuradi. Ba’zan hovuz bo‘yida o‘tirib, suv o‘ynashni xush ko‘radi. Gohida esa xontaxta ro‘parasiga o‘tirib, suratlar chizadi. Ikkinchi sinfni tugatib, ta’tilga chiqqanidan buyon shu yerda – bobosiyu buvisi yonida. Ammo hozir u kutilmaganda boshqa fikr aytdi:
– Bobojon, yuriing, toqqa chiqayliik.
– A? – deb unga angrayib qaradim. U baland ovozimdan cho‘chidimi, ko‘zlari pirpiragancha menga battar yopishdi:
– Yo‘q demang, bobojon…
“O‘zimning tog‘im chiqib turibdi, toqqa balo bormi? – deb yuborishimga sal qoldi. O‘zimni bosdim. Xayolimda qishloq, Baraka opamning hovlisi, farzandlari, nevara-evaralarining olacha to‘nda dod solib yig‘lashlari, atrof-tevarakdan yoprilib kelayotgan odamlar gir-gir aylanadi. – Borishim kerak…” Biroq borolmasligimni yaxshi bilaman. Hatto, uchoqda ham bunga erishib bo‘lmasligiga ishonchim komil. Ko‘ngil esa…
Bilagim siypalandi:
– Bobo, bobojon…
Zorlanish ko‘nglimga kalit soldi, chog‘i, beixtiyor:
– Bor, boshingga soyabonli qalpog‘ingni kiyib chiq, – deb yuboribman. Nigina quvonchidan kaftimdan o‘pib oldiyu yugurgilab ketdi. Bir necha qadam yurgach, burildi-da:
– Opamniyam uyg‘otaymi? – deb ko‘zlari javdiradi. Qovog‘im uyuldi. Bosh tebratdim. U meni tushunib, endi sustroq odimlar ila, indamay yo‘lida davom etdi. Uning istagini bajo keltirmaganim uchun keyinroq afsus chekdim, albatta. Shu tobda ko‘nglimga qil ham sig‘mas edi.
– Qaysi toqqa chiqamiz, bobojon? – tirsagimdan tutib olgan Nigina ancha yurganimizdan so‘ng so‘rab qoldi.
Nima deyishni bilmay, to‘xtadim, tobora balandlashib borguvchi ko‘m-ko‘k, viqorli cho‘qqilarga ko‘z tashladim. U tomonlardan g‘oyat yoqimli, salqin epkin esib turibdi. Yoshroq paytimizda u yoqlargacha ko‘tarilib, o‘zimizcha hayqirganmiz, odamlar mator deb ataydigan somsabop ko‘katlar, qo‘ziqorin, yirik-yirik ziralar terib qaytganmiz. Shunday sayohatga nevara undayapti, ko‘ngil ham qo‘msayapti. Ammo vaqtga qizg‘anadi kishi. Hafsala ham yo‘q…
– Qani, boraveraylik-chi, oyog‘imiz qayerga olib boradi, Nigina, – dedim biroz ochilib, nevaramning yelkasidan quchib. – Charchasak, qaytamiz.
– Men charchamayman, bu yerlardan opalarim bilan ko‘o‘p o‘tganman…
– Sira charchama, bolam, – deb yuqori intilaman. Ayni shu chog‘, o‘z-o‘zidan xayolimni Baraka opam egallaydi: “Kechirasiz, vidolashga borolmadim, opajon… – deyman ichimda alam bilan, o‘zimni oqlashga urinib. – Islom amakimdayam xuddi shunday bo‘luvdi: eng jazirama paytda bu dunyoni tark etgani tufayli (o‘shanda ham dala hovlidaydim) havo biroz salqinlashgan kezda fotihaga boruvdim. Endi sizdayam shunday bo‘ladi, chog‘i, opa…”
Baraka opam – rahmatli onamning jiyani, amakisining qizi. Mendan, taxminimcha, yetti-sakkiz yosh katta. Men va ukalarim uni xola demasdan opa deyishga o‘rganib qolganmiz. Aslida ham bu mehribon ayol bizlarga chin opalik vazifasini bajargan, qalbimizga shu tarzda tomir yoygan.
U vaqtlarda biz bolakaylar uni boshqa xonadondan kelgan qiz emas, balki o‘z jigarimiz deb bilardik. Buning qanday ro‘y berganini hozir ham eslay olmayman. Juda og‘ir yillar bo‘lgan: 1933 yildagi ocharchilik, manfur Stalin qatag‘onlari, Ikkinchi Jahon muhorabasi hisobsiz oilalarni butkul qirib, millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan. Ota-ona jihatdan bobolarimu buvilarim, qanchalab qarindosh-urug‘larim dahshatli bu ko‘rgiliklardan mislsiz jabr ko‘rib, ko‘p qurbon berganlar. Bizning Baraka opamiz – shunday jafo chekkanlarning biri. Ota-onadan ancha erta ayrilgani yetmaganday, uning birgina Rustam akasini ham urush girdobiga tortishgan. Oilada yolg‘iz qolgan qizaloqni onam va otam o‘z panohlariga olishgan.
Otam hisob-kitob ilmida juda kerakli odam bo‘lganligi, front ortini mustahkamlashga xizmat qilishi zarurligi bois urushga jo‘natilmagan. U kishi uchta jamoa xo‘jaligida bosh hisobchi vazifasini ado etar, kechayu kunduz tinim bilmas, biz bolalar padarimiz bilan juda kam ko‘rishar edik. Onam esa ko‘p bolali bo‘lishiga qaramay, ertadan kechgacha dalada ishlardi.
Ko‘pchilik edik. Baraka opamga o‘xshab, yetim qolgan, hech kimi yo‘q boshqa bolalaru qizlar ham oilamizni to‘ldirib turardi. Hovlimiz uncha katta emas, atrofi paxsa devor bilan o‘ralgan, bittagina yetti bolorli uy va oldiyu orti kichik madon – dahlizchadan iborat edi. Uzun to‘shakda hammamiz tizilishib yotardik. Kichiklarning kattasi Baraka opam bo‘lib, bizlarga boshchilik qilardi. Qozon-tovoq, sigir-buzoq, mayda ishlar ham opamning yelkasida edi. Keyinchalik otam oshxona yonidan kichkina uycha tiklab, opam va ukam Ummatni o‘sha yoqqa o‘tkazdi. Mendan keyin tug‘ilgan Ummat yig‘loqi va injiq edi. Uning injiqliklarini faqat Baraka opam ko‘tarar va ovutib bilardi. Otam va onam ishga ko‘milganlari sabab Ummatning xarxashalariga uncha chidamasdilar. Opam esa qiyinchilik qurshovida o‘sib, ancha pishgan, chidamliginaydi. Aslida onam bu borada jiyanidan ham “o‘zib”, yetimchalik azobidan g‘oyat ko‘p aziyat chekkan, mashaqqatlar keyin ham davom etgan edi. Davr o‘zi shunaqaydi – yetimlar, hech kimi yo‘q nochorlar har qadamda uchrardi. Sho‘ro davlati odamlarni shu holga solgandi. O‘z yurtingda boshing egik, dardingni birovga aytolmas eding. Chidamaganning sho‘riga sho‘rva qaynardi. Yuvoshligu mehnatgina odamni halokatdan qutqarardi…
Men o‘choqboshi ishlarida, sigir sog‘ishlarda, ukalarni ovutishda Baraka opamga ko‘maklashardim. Opam kech yotib, erta turar, meni ham uyg‘otib, o‘ziga hamroh qilardi. Kamgap edi. Biror marta huzurlanib kulganini, biror nimadan zavqlanib gapirganini ko‘rmaganman. Jahli chiqqan chog‘da xo‘mrayar yoki urishardi: “Kallang qurmagur!” Bunaqa “so‘kish”larga Ummat ukam eng ko‘p “erishgan”. Albatta, men ham quruq qolmaganman.
Baraka opamning o‘qishga toqati yo‘qrog‘idi. Maktabga u doimo kechikib borar, darslarni o‘zlashtirmas, past baholarda o‘qirdi. Maktab direktori bundaylarni keng o‘quvchilar o‘rtasida izza qilar, yaxshi o‘qishga, intizomga chaqirardi. Lekin o‘zgarish bo‘lmas edi. Bechora opaginamni biror marta dars tayyorlagan, kitob o‘qigan holda ko‘rgan emasdim. O‘sha vaqtlarda o‘zimning ham o‘qishga uncha hushim yo‘q, darslardan qochishga urinardim.
Urushdan keyingi dastlabki yillar edi. Birinchi o‘qituvchim Botirov muallim intizomsizligimdan shikoyat qilib, goho uyimizga kelib turardi. Uni uzoqdan ko‘riboq juftakni rostlardim. Onam o‘qishga qiziqishimni juda istar, o‘zi esa men bilan shug‘ullanishga vaqt topolmasdi. Shu bois meni Baraka opamga topshirgan: “Maktabga olib borib, sinfga kiritib qo‘yasan”. Opaginam ertalab qo‘limdan tutgancha hovlidan chiqadi. Katta yo‘lga o‘tganimizdan so‘ng men bir siltanib, qochib qolaman. Opam: “Hah, kallang qurmagur” deb koyigancha maktabga yolg‘iz jo‘naydi. Men bahaybat ko‘prik tagida bir fursat yashirinib turgach, yangi hamrohlarga qo‘shilaman. Boshqa mahal esa yo‘l bo‘yidagi bug‘doyzorlar meni o‘z panohiga oladi… Sinfdoshlar maktabdan qaytar chog‘i xalta-so‘mkamni ko‘tarib, uyga kelaman. Yana o‘yinga g‘arq bo‘laman. Opajonim meni onamga chaqmaydi. Ammo bir hafta o‘tib, Botirov “shayton aravasi”da yana biznikiga keladi. Men tag‘in ura qochaman. Muallim o‘z “arava”sida meni quvadi. Men ayqirib oqguvchi ro‘d bo‘ylaridagi jarliklar, qalin butazoru yulg‘unlar oralab, ko‘zdan o‘chaman. Noiloj qolgan ustoz meni uyimizda kutadi, kechqurun uloviga o‘tqazib, aldab-suldab, o‘z hovlisiga olib ketadi. Shunchalar qiynashimga qaramay, bir yilgina bizga saboq bergan muallim nechundir menga qo‘l ko‘tarmagan, yomon so‘zlar aytib, so‘kinmagan. O‘ylashimcha, bunda Baraka opamning ham hissasi bordir. Negaki, opajonim muallimdan ham, ba’zi katta bolalardan ham o‘ziga xos muomalasi bilan meni himoya qilgan. Bir marta esa meni urmoqchi bo‘lgan kattaroq bolaning ortidan xivich ko‘targancha: “Hah kallang qurmagur” deb, quvlagan. Shularni eslab, nogoh ko‘nglim bo‘shashdi:
– Opaginam, endi yo‘qsiz… – deb pichirladim. – Borish keragidi-ya…
– Qayoqqa boramiz, bobojon? – deb Nigina qo‘limdan tortqiladi.
– Nima? – degancha nevaramga mung‘ayib qaradimu o‘zimga keldim. U kipriklarini pirpiratib, og‘zini yarim ochgancha menga qarab turardi.
– Bobojon, nimaga yig‘ladiz?
– Yig‘labmanmi?
– Hi… Nimagaa? – u bilagimni siypaladi. – Charchadizmi?
– Kel, anavi toshga birpas o‘tiraylik, – dedimu qoramtir-qo‘ng‘ir tosh ustiga ohista cho‘kdim. Havo salqin esa-da, butun vujudimdan ter yog‘ilardi. Nigina indamasdan peshonamdagi tomchilarni qo‘lchasi ila artib olgach, bo‘ynimdan quchdi. Men darhol uni bag‘rimga bosib, manglayidan o‘pdim. – Qanday baxtiyorsan-a, bolajon.
U hech nimaga tushunmay, ko‘zlarimga ajablanib qaradi. Izoh bergim keldi:
– Otang, onang bor, seni tog‘larga olib chiquvchi bobong, buving, opang bor. Mening Baraka opam esa g‘irt yetimchaydi.
– Opayiz bormi, bobojon?
– Boridi…
– Men ularni ko‘ruvdimmi?
– Yo‘q, ko‘rmagansan. U Toshkentga kelmagan. Juda uzoqdaydi,Cho‘g‘olonda. Bugun vafot etibdi. Borolmadim… – mijjamdan bir nima sizdi.
Nigina boshini quyi solib, xomushlandi. Keyin qaddini tiklab, menga maslahat berdi:
– Ertaga boring.
Bosh silkigan bo‘ldim.
– Meniyam olib borasizmi, bobojon? – u bo‘ynimdan quchib, ko‘zlarimga tikildi.
Javob qaytarolmay, chetga qaradim.
– Opayiz yaxshiydilami?
– Ha, juda yaxshiydi… – deb o‘yga cho‘mdim. Ayni shu topda bir voqeani eslab, kulgim qistadi.
Mehribon opajonimizni turmushga chiqazadigan bo‘lishdi. Bu xabarni eshitib, bolalar isyon ko‘targanmiz.
– Yo‘q, opamizni hech yoqqa yubormaymiz!
Otam bilan onam kulib yuborishgan.
– Opalaringni boshga yostiq qilasizlarmi? – degan otam kulgidan to‘xtab.
– Opam meni yostig‘im, – Ummat opamizni quchoqlab, yuzidan o‘pgan.
– Opang uzoqqa ketmaydi, – deb onam bizlarni tinchitishga uringan. – Yo‘ldosh Sher tog‘angga berib yuboramiz.
Yo‘ldosh Sherov Baraka opamizning ota-ona qo‘shnisi, bizdan bir chaqirimcha narigi kichik qishloqda onasiyu kasal opasi bilan birga yashar, urushdan yaralanib qaytgach, brigada hisobchiligini olib borar, otamning shogirdlaridan sanalardi. Bizga yaxshi muomala qilardi. Biroq opamizni birovga uzatishni aqlimizga ham sig‘dirolmas edik.
– Yo‘-o‘q, bermiyman, men opamni uychamizga qulflab qo‘yaman! – opamizni hozir olib ketib qolishadiganday, Ummat unga mahkam yopishgan.
Darhaqiqat, Ummatni ko‘ndirish oson kechmagan, u bo‘lajak yaznasini ko‘chada ko‘rib, unga kesak otgan. Kesak yigitning peshanasiga tegib, uqalanib ketgan. Kuyov g‘azablanib, bir necha qadam sakragancha qaynisini tutib olgan, shishib chiqqan manglayini ko‘rsatib, uni so‘roqqa tutgan. Bola “opamni sizga bermiyman”, deb yig‘lab yuborgan. Vaziyatni tushungan Yo‘ldosh yazna kulgan ko‘yi uni bag‘riga bosgan, o‘ziga “elitgan”. Hatto, to‘ydan keyingi tongda, bezatilgan otga kelinni ming‘azish chog‘ida Ummat hech kimni yo‘latmay, uzangini ushlab turgan, opasiday yuvosh otni kuyovnikigacha yetaklab borgan, yaznasidan sovg‘alar olgan.
Yo‘ldosh Sher qaddi basti kelishgan, aqlli, muomalasi shirin, kamgap, ammo o‘rniga tushirib gapiradigan, samimiy kishi edi. Baraka opam bilan ularning turmushi g‘oyat totli, ko‘plarga ibratli tarzda o‘tdi. Besh o‘g‘il, ikki qiz, ko‘plab nevara-evaralar, kelin-kuyovlar xilma-xil gullar kabi ajib oilani bezab, xonadon chirog‘ini yoqib turibdilar. Ularning kattasidan to kichigiga qadar – hammasi yurt boyligiga boylik qo‘shishyapti, madaniyatu ma’rifatga xizmat qilishyapti…
– Meniyam olib boriing, bobojon.
– Xo‘p, – deganimni o‘zim ham bilmay qolibman.
– Qachon?
– Issiqlar pasaysin, keyin, – deya o‘rnimdan turdim. – Qani, qaytdik.
– Boboo… – Nigina arazlagan kabi yig‘lamsirab, qiyshangladi. – Anavi toqqa chiqmaymizmi?
– U tog‘… cho‘qqi… juda baland, – dedim kalovlanib. So‘ng atrofga nazar soldim. Eh-he, hozir ham ancha balandlabmiz! Old tarafda ajib o‘tloqlar, tog‘olchayu do‘lanazorlar, nariroqda g‘adir-budur xarsanglaru borish maholday tuyulguvchi bahaybat qoyalar yastanib yotibdi. Ularga qorli cho‘qqilar tutashib ketgan… Ortga qaraymiz, voh, bu yoqda ham ajib manzara: Chorvoq suv ombori Quyosh yog‘dusida jimirlab; yaltirab ko‘zga tashlanadi. Xumson tomondan to‘polon solib, to‘lqinlanib kelib, unga qo‘shilib ketguvchi, jozibali Ugam daryosi; so‘ng Chirchiq nomini olib, bosh kentimiz sari sokin oqguvchi obihayot kanali; uning belida belbog‘ kabi bog‘langan zamonaviy ko‘priklar; ulardan turna qator o‘tayotgan xilma-xil mashinalar; eski va yangi Xo‘jakentni shahar tusiga kiritgan muhtasham koshonalar zavqingizni oshiradi, dillarni yayratadi.. Tepadan esa endi alanga-otash tusiga kirib, yog‘ilayotgan yog‘dular kishini harakatga chorlaydi. – Havo isiyapti, – dedim nevaramga osmonni ko‘rsatib. – Hozir u yoqqa chiqib bo‘lmaydi.
– Qachon chiqamiz?
Nima deb javob qaytarishni bilolmadim. Aldashni esa xayolimga ham keltirmayman. Balandga ko‘tarilish, tog‘ sayri taftimni bosgan, vujudimni xiltlardan tozalaganday edi, nevaramga ko‘tarinki kayfiyatda:
– Mening Baraka opamday chidamli, sabr-bardoshli – kuchli bo‘lsang, u yoqlarga chiqasan, – dedim.
– Opayiz kuchliydilarmi?
Bosh silkib, ma’qulladim. Ko‘nglimdan esa: “Sabrli, chidamli bo‘lgani uchun ham shunchalar mashaqqatlarni bosib, shu yoshga yetdi, e’zoz topdi, – degan o‘y kechdi. – Go‘ringiz nurga to‘lsin, opajon…”
Bu fikr miyamdan o‘tishi bilan darhol o‘tloqqa cho‘kdimu ovoz chiqarib, “Taborak”ni boshladim. Nigina ham yonimga asta o‘tirdi, kaftimni ochgan chog‘imda u ham duoga qo‘l ko‘tardi…
“Sharq yulduzi” jurnali, 2017 yil, 5-son