— Muhtaram radio eshituvchilar! Janoblar va xonimlar! Avvalambor, assalomu-alaykum! Qolaversa «Xello», «Bonjur», «Guten morgen», «Oruar»… Voobshem, privet va va-alaykum salom! Sersalomligimizning siri shundaki, «Gar saloming bo‘lmasa, ikki yamlab bir yutardim»! deb, bizni qo‘rqitishgan, o‘tmishda — xalq ertaklarida. Siz bilan esa ayni choqda ertakda emas, efir to‘lqinlarida uchrashib turganimizdan bag‘oyat baxtiyormiz!
Shahar radiosining «Tonggi tilak» deb nomlanuvchi, ko‘ngilochar, diltortar shou-dasturi yana huzuringizda! (musiqa fonida) Tonggi tilak! Tila-a-a-k… Ila-a-a-k… a-a-k, ak!
Endigina milkida sut tishi qobiq yorgan va tanglayida «aql tishi»gina o‘ynab turgan, yetti yashardan yetmish yashargacha bo‘lgan muxlislarimiz! Tinglang, «Tonggi tilak»ni, dast ko‘taring bilakni, unga to‘ldiring elakni, taraqlatmang bo‘sh chelakni… deganlariday, qofiyasi qarsillagan shirin-shakar she’rlar, qaymoqli qo‘shiq, sarxil suhbatu halimdek hangoma hazillar bizdan. Tinglash, toqat qilish esa sizdan.
Hozirgina o‘rindiqdan o‘ng yonboshi bilan turganlar, mizg‘ib- miriqib mazza qilganlar va qurama ko‘rpani bag‘ridan qo‘yvormasdan, hali-hamon xurrak otayotganlar! Esingizda bo‘lsin va doimo yodda tuting. Agar siz, dasturimiz bosh homiysi «So‘yloq» firmasi pastalarida og‘iz chayqasangiz, nafaqat tishingiz tilla tusda yaraqlaydi, balki, tilingiz ham to‘yimli ajib bir xushta’mdan bahramand bo‘ladi! Nafsingizga namat yopilib, nonushta yoningizga qoladi! «So‘yloq» — bozor davrida koni foyda! Faqat «So‘yloq»ni seving va aqchangizni tejang. Shu tarzdagi «co‘yloq»ona svejiy salom bilan dasturimizni boshlaymiz…
Murvatni munkayibgina bo‘lsa-da buragan, bod va belangini pisand qilmay radio qoshiga oshiqqan qariyalar! Tinglang… Sizlarga tonggi xushxabar! Aslo tushkunlikka tushmang. Bu xastaliklar endi ortga chekindi! Buning uchun siz eshittirishimizning yana bir homiysi «Dardman» dorixonasi dahlizidan dadil hatlab o‘tsangiz, kifoya! Davosiz darddan forig‘, ortiqcha semizlikdan oriq bo‘lasiz-qo‘yasiz… Ayniqsa, doriqutilarining bejirimligi, bezagiga aslo gap yo‘q. «Bahosi»dan esa ko‘ngil bo‘lsin to‘q. Sababi, salomatlik oldida so‘lkavoylarni sarg‘aytirib o‘tirishga ne hojat?! Pul — qo‘lning kiri, so‘lkavoyda sovunlasang ketar kasallik siri… Eslab qoling va tashrif buyuring! «Dardman» dorixonasi! (aks-sado) Dardma-a-a-n… ma-a-a-n… a-a-a-n.. Endi esa navbat tonggi totli qo‘shiqqa:
Sotvoldi-ya, sotvoldi,
Sara dori sotvoldi.
Sara dori sotvolib,
Salomatlik sotvoldi.
Salomat bo‘lib olgach,
Yarimtani otvoldi.
Yarimtani otvolib,
Katta ko‘chada yotvoldi…
Ushbu qo‘shiqqa ovoz berishni unutmang! Qo‘shiq kodi… Olti, olti, olti… Olmaga qo‘shib yeb turing oshkadi!
Mana, muhtaram muxlislar! Qaynoqqina qo‘shiqdan keyin dasturimiz yana davom etadi. «Dardman» dorixonasini biz yuqorida bejizga tilga olmadik. Boisi, bugun «Tonggi tilak»da o‘z tilaklarini izhor etish uchun mazkur dorixonaning saxovatpesha sohibasi Surmaxon So‘nayevna tashrif buyurganlar! Surmaxon So‘nayevna studiyamizga xush kelibsiz! Marhamat, muhtaram va muhtarama muxlis-muxlisalar… Ushbu homiyimizga bemalol sim qoqishlaringiz mumkin. Lekin, undan oldin… Reklama! (musiqa fonida) Re-e-e-ek-la-a-ma-a-a! …Odamlaru odamlar, yaxshilaru yomonlar! Meva qoqiyu bodomlar. Ta’midan quruq qolmanglar! «Bozor bobo» xususiy bozor peshtaxtalarida, shahrimizda dong‘i ketgan nomdor Norcha noskashning og‘izda suv ochadigan novvot mazalik noslari sotuvga chiqarilgan. Otsang nos, bo‘lmaysan vos-vos! Tishning qurti o‘ladi, ta’midan ko‘ngil to‘ladi! Ko‘pchilik bo‘lib xarid qiluvchilar uchun oldindan buyurtmalar qabul qilinadi… Ehe-he-hey! Otsang nos, bo‘lmaysan «ponos»! (musiqa) … Surmaxon So‘nayevna, navbat ana endi sizga! An’anaga ko‘ra, suhbatimizni tinglovchilarimizga xush yoqadigan yoqimli savol bilan boshlasak. Marhamat qilib, aytingchi, boshlanishi «Ir-r-r!», oxirgi harfi esa «A-a-a!». Jami yetti harf! Bu nima?!
— «Ir-r-r!» — bu menimcha er, ya’ni erkaklar… Ularning ko‘pchiligi shunaqa itfe’l bo‘lishadi! «A-a-a» esa, bu ayollar! Afsuski, ularning ham ayrimlari anqovtob, «A-a-a!» deb og‘zini ochib yurishadi. Bizning dorixonamizda har ikkala xastalik uchun ham dori topiladi. Xususan «Quturganmissin – Q» va «Alahsirama-A» pereparatlari…
— Uzr, Surmaxon So‘nayevna! Dorilaringizni targ‘ib-tashviqi keyin… Siz oldin savolga javob toping. Bosh harf «Ir-r-r!» emas, oddiy, «Radio»da ketadigan «R»! Jami yetti harf! «R» va «A»… Qani, qani… «R» va «A»?!
— «R» va «A» bo‘lsa, «Rapida»da! Somsa yopaman deb bilagini «duxovka»da kuydirgan bir ayol, yaqinda shu matohni so‘rab keldi. So‘raganiga sabab, dorixonamizda nafaqat dori-darmonlar, balki talab-ehtiyojdan kelib chiqilib, oziq-ovqat, xo‘jalik, attorlik ashqol-dashqollarigacha sotiladi. Shu bois, darhol, «Rapida-R» degan pereparatni tayyorlab… Uka, iloji bo‘lsa shu dorimizni ham o‘xshatib reklama…
— Stop! Surmaxon So‘nayevna… Hozir, nima iltimos qildingiz? Reklama… — Ha-ha… Topdingiz. Savolimizning javobi bu haqiqatan «Reklama» edi. Aqlingizga tasanno! Reklama — bu bugun barchamizga suv va havodek zarur. «Reklama»siz hayot — eshkaksiz qayiqda suzishdir. Reklama bizdan, to‘lovi sizdan! Demak, navbat, yana reklama-a-a-a-ga-a-a! (musiqa)
Muhtaram «Ovoznigor» ixlosmandlari. Efirimizni eshilib eshitayotganlar! Tinglang. E’tiborga loyiq «E’lon». Shahrimizning «Sho‘x ariq» mavzeidagi «Oqsoq ota» oshxonasi ta’mirlanib, «Yo‘rg‘a ota» nomi bilan qaytadan fayz ochdi. Olam rang-barang va go‘zal sinoatlarga boy. Mazkur maskanning doimiy mijozi, mahalliy shoir Maxdum Mazza oshxona peshtoqida «lavh» bitganidek:
Manzil nomi — «Sho‘x ariq»,
Darvozasi to‘q sariq.
Kun og‘sa, bota-bota,
Sizga ilhaq «Yo‘rg‘a ota»!..
Esingizda tuting: Endi «Oqsoq» otada oqsoqlanishmas, faqat yo‘rg‘alash… «Yo‘rg‘a» ota! Ota-a-a-! A-a-a?!
…Surmaxon So‘nayevna, sizdan ming bor uzr. Bu yog‘iga shoshilmasak bo‘lmaydi. Chunki, efirimiz vaqti cheklangan! Qo‘ng‘iroqlar esa tinimsiz quloqni qomatga keltirmoqda. Siz ularning… Loaqal, birortasining savoliga javob bering… Mana, bir muxlis — xonimmi, janobmi… Aftidan jafo ko‘rgan jabrdiydaga o‘xshaydi. Ovozi o‘ta hayajonda! O‘sha boyaqish bozorda tarvuzmi, qovunmi yegan ekan, to‘satdan qorni og‘rib…
— Bu savollariga ko‘pchilik bo‘lib emas… O‘zim bemalol javob berishim mumkin. Dorixonamizda «Ichburug‘-I» degan… —
Uzr, o‘sha aytgan doringizni olib ichlari tuzalibdi-yu… Buning uchun albatta, sizga rahmat aytayapti! Ammo, birdan hamma yog‘iga toshma toshib ketibdi. Mana shu muammoga javobingiz?!
— Javob tayyor! Bu dardni farmokologiyada «Allergiya», lotinchada «ekzema», xalq tilida oddiygina qilib «qichima» deyiladi. Bu kasallikka qarshi dorimiz bor. Nomlanishi «Qashlama!». Tilining tagiga tolqonidan tashlab, to‘rt kun davomida shimib, terlab, tepkilab, tipirchilab…
— Yana bir bor, uzr! Vaqt oyoqlanmoqda… Telefonda esa hamon his-hayajon! Surmaxon So‘nayevna sizdan so‘rashayaptiki, ushbu muolajani mabodo to‘rt kunlik emas, tezlikda, tugal, arzon, ammo sifatli davosi yo‘qmi?! Faqat shoshilaylik!
— Demak, bu muxlis mirquruq, mirzaquruq mijozlardan. Ularga maslahatimiz, doriga kuchlari yetmasa, xalq tabobatidan foydalansinlar…
— Ya’ni, biror o‘t-giyohni qaynatib-a?!
— Shart emas! Qichigan joy qo‘l bilan qashlansa kifoya. Suv tekin va sifatli muolaja…
— Qimmatli maslahatingiz uchun tashakkur, Surmaxon So‘nayevna «Tonggi tilagimiz» ham mana, tugadi, hisob. So‘nggi istagimiz o‘z «Reklama»ngizni bizdan aslo begona qilmang. Chunki bu xizmat bizda o‘ta sifatli va sertifikatlangan. Reklama bizdan — to‘lovi sizdan. Shiorimiz esa: «Rozi qilsangiz, rozi qilamiz!» Demak, eshittirish nihoyasida yana. Reklama! A-a?!