Muhammad Ismoil. Yangi oy chiqqan kecha (kinoqissa)

Malika eshik taqillashidan cho‘chib uyg‘ondi. Soat tungi ikkilar bo‘lgandi. Ro‘molini boshiga ilishga ulgurmay qo‘ng‘iroq jiringladi.
-Hozir!
Odatda eri Sanjarni ayab, qo‘ng‘iroqni bosmasdi. Hozir ishi shoshilinch, shekilli.
-Keling!
-Keldim, hozir ketaman. Buxoro amirining qilichi qani?
-Joyida turgandir.
-Tez top!
Malika ko‘rpalarni yiqitib, sandiqni ochmoqchi edi, eri “qoch” deganday, uni chetga surdi.
-Kerak bo‘lib qoldi.
Qosimxon qilichni qinidan chiqararkan, o‘tkir tig‘ chiroq nurida yarqirab ketdi. Malika erining gandiraklab turganidan kayfi borligini, lekin aroq hidi yo‘qligidan miyasiga sovuq fikr keldi: “Nasha chekdimikan?”
Qosimxon qilichni o‘ynab, xonasiga kirib ketdi. Malika ko‘rpalarni taxlarkan, tashqari eshik qattiq yopilganini eshitdi. “Yana ketdimi?”
Malika erining xonasiga kirdi. Derazadan pastga qararkan, Qosimxon mashinaga o‘tirayotganini ko‘rdi. “Qilich qolib ketibdimi?” U eriga ko‘r-ko‘rona itoat qilardi. Qilichni ko‘targancha, mashina ortidan yugurdi. Tor yo‘lakdan zo‘rg‘a burilib olgan mashina yuray deganda, eshikka tirmashdi.
-Mana bu qolib ketibdi!
Orqa o‘rindiqda o‘tirgan Qosimxon qo‘lini yonidagi qizning bo‘ynidan olib, unga o‘girildi. Qo‘lida qog‘ozga o‘rog‘liq narsa bor edi.
-E, opke!
-Bu kim?
-O‘rtog‘imning xotini.
-Nima, o‘rtog‘ingizning xotinini quchoqlab o‘tirasizmi?
-Bunga farqi yo‘q, kim quchoqlasa quchoqlayveradi.
– Menga esa farqi bor. Erim hammani quchoqlab ketaverishiga yo‘l qo‘ymayman.
– He, kamayib qolarmidi?
– Kamaymaysan, kamaymaysan, – gapga aralashdi qiz.
Qosimxon erkalab uning yuzidan o‘pdi:
– Asalim…
– Ayt, bu chuvrindi uydan ketsin.
– Eshityapsanmi, “ket” deyapti.
– Nima, men ketaymi?
– Ket, ket, ket! – Qosimxon bu gaplarni qat’iyat bilan aytmasa-da, “e-bor-e” degan tarzda aytdi. Malika uning tizzasida turgan qilichga yopishdi. Qosimxon hali qilichni tortib olishga ulgurmay, eshikni qars etib yopdi.
– Haydang, shofer aka, bo‘lmasa bu tentak bizni bir narsa qilib qo‘yadi.
Shofyor jon holatda gazni bosdi.

***

Malika uyga qaytgach, g‘azab va nafratdan tang holatda edi. Mashinaning ortidan quvib borolmasdi. Ko‘chaga tungi ko‘ylakda chiqqandi. Mashina yollashga puli yo‘q. To‘rt yashar o‘g‘li uxlab yotgandi. Uy uy bo‘lgani bilan to‘rtta devordan boshqa hech narsasi yo‘q. Uyda ochlik hukm surar, yeyishga bir to‘g‘ram non topilmas, Sanjarning xarxashalari ko‘cha xandon eriga nisbatan nafrat hissini qo‘zg‘atardi. Qo‘ni-qo‘shnilardan qarz so‘rayverib, boshini ko‘tarolmay qolgan, nimaiki bo‘lsa onasinikidan tashirdi. Eri oyligini bermas, bolaning nafaqa puli esa hech narsaga yetmasdi.
Qosimxon institutni bitirganlaridan so‘ng uni ishlatmadi. Dastlab farzand ko‘rdilar. Bola boqish muddati tugab, Sanjarni bog‘chaga berganlaridan so‘ng ham, eri uni ishlatishga unamadi. Malika erining avzoyiga qarab rozi bo‘ldi. Eri vrach bo‘lsa-da, shifoxonaning ho‘jalik ishlariga o‘zini urdi. Ko‘proq topaman deb o‘yladi shekilli, lekin topish-tutishida baraka ko‘rinmasdi.
Oila zo‘r-bazo‘r kun kechirardi. Qosimxon uyga narsa ko‘tarib kelmas, goho mast holatda Malikani urar, so‘kardi. Malika kunu tun oilam buzilib ketmasin degan tashvish bilan yashardi. Oilam buzilmay tursa, hammasi iz-iziga tushib ketadi, hammasi bir kunmas bir kun yaxshi bo‘lib ketadi, degan xayolda edi.

***

Malika stol ustiga ishga kirish haqidagi arizani qo‘yarkan, bosh vrachning ko‘zlarida erini hamisha rashk va sarosimaga solgan qandaydir tiyiqsiz ishtiyoqni ko‘rdi.
– Mayli, singlim, arizani tashlab keting-chi, biror chorasini toparmiz.
– Javobini qachon bilsam bo‘ladi?
– Ertagayoq ishga chiqavering. Sal qiynalib qolgan ko‘rinasiz.
– Rahmat. Bu yaxshiligingizni unutmayman.
– Rahmat.
Malika uning bu javobini “Rozi bo‘lganligingiz uchun oldindan rahmat” degan ma’noda qabul qildi. Lekin nimaga rozi bo‘ldi u, uning istaklarini qondirishgami? O‘ldimi, unchalikka bormas?!
Malika ertasigayoq ishga chiqib ketdi.
Qosimxon o‘sha kuni emas, ertasiga kun oqqanida xuddi hech narsa bo‘lmaganday ko‘chaning gaplarini gapirib kirib keldi. Eshik oldida jimgina turgan Malika ichida “voy, razil-ey” deb qo‘ydi. Indamay turganiga yana bir sabab, ishga kirish uchun Qosimxonning roziligini olish edi. Qosimxon Sanjarni erkalab ko‘tarayotganida:
– Ishga kirmoqchiman, – dedi.
Qosimxon agar hozir rozilik bermasa, katta janjal boshlanishini sezib: “O‘zing bilasan”, deb qo‘ya qoldi. Malika oshxonaga yugurdi.

***

Bosh vrach Shuhrat Ahadovich dastlab uni ko‘rganda anchayin beparvo edi. Keyinchalik sezilar-sezilmas iltifotlar qila boshladi. Malika ham bu iltifotlarni kesib tashlamadi. Ishni yumshoqqina qilib, orqaga surib kelaverdi.
Bir oy bo‘lmay, bosh vrach uni operatsiya stoli tepasiga keltirdi-da, chiqib ketdi. Malika operatsiyani muvaffaqiyatli yakunladi.

***

Malika aqlni lol qoldiradigan darajada go‘zal ayol edi. 17-18 yosh qizlar ham uning qo‘g‘irchoqday qomati oldida nadomatda qolishardi. Hech kim uni yigirma yettiga kirgan deb o‘ylamasdi. O‘g‘lini yetaklab yurganida, ukasini o‘ynatayotgandir-da, deyishardi.

***

Malika xonasiga kirib, kiyimlarini almashtirmoqchi bo‘lgan edi, eshik chertildi.
– Kiring.
Eshik oldida birinchi kurs talabasi, shifoxonaga amaliyotga kelib yuradigan Sobitjon ismli yigit turardi.
– Ish tugadimi?
– Ha, ketmoqchi bo‘lib turuvdim.
– Kuzatib qo‘ysam maylimi?
– Biron rejangiz bormi?
– Bor.
– Shu yerda aytavering.
– Shunchaki yo‘l-yo‘lakay aytiladigan gap emas-da. Agar kuzatib qo‘yishimni hohlamasangiz, imkon topilganda aytarman.
– Erim kelib qolishi mumkin.
– Nega darrov eringiz haqida gap boshladingiz?
– Men eri chizgan chiziqdan chiqmaydigan ayollardanman, Sobitjon.
– Har qalay, mening gapim sizni bu chiziqdan chiqarib yubormasa kerak.
– Unda oddiy gap ekan-ku, aytavering.
– Meni gapim oddiyy gap emasku-ya, lekin siz uni oddiy gap deb qabul qilishingizdan qo‘rqaman.
– Menga bunchalik sirli gap aytish fikri sizda qayerdan paydo bo‘lib qoldi?
– Bilmayman. Lekin sizga aytmasam bo‘lmaydi. Boshqa ilojim yo‘q.
– Qo‘ying, Sobitjon hammasi o‘tib ketadi.
– Men esa o‘tib ketishini istamayman. Umuman, mendagi bu his-tuyg‘ular o‘tib ketmasa kerak. To‘g‘risini aytsam, sizni yaxshi ko‘rib qoldim.
– Sobitjon, unday demang. Hammasini ko‘rib-bilib yuribman. Axir, siz hali yoshsiz. Harbiy xizmatga ham bormagansiz. O‘qishni ham bitirmagansiz. Men sizdan qancha kattaman, bilasizmi?
– Buning ahamiyati yo‘q. Axir, sizni yaxshi ko‘raman-ku.
– Yaxshi ko‘rganingizda bunchalik tez sevgi izhor qilmas edingiz.
– Hozir o‘z holatimni yashirib o‘tiradigan, darajada emasman.
– Unda sizga qiyin bo‘ladi.
– Malika, iltimos, mening taklifimni yana bir bor o‘ylab ko‘ring.
– Nimani taklif qilyapsiz?
– Agar hohlasangiz, sizga uylanaman.
– Axir, boshimda erim bor-ku?
– Eringiz allaqachon sizga xiyonat qilib bo‘lgan.
– Sobitjon, hayotimizga bunchalik chuqur aralashasiz, deb o‘ylamagandim.
– Endi sizning hayotingiz meniki bo‘ladi.
– Buni osongina gapirib bo‘lmaydi. Meni sevish huquqini sizga kim berdi?
– Nima uchun yashayotganimni anglolmay yurardim. Endi bilsam, sizni baxtli qilish uchun tug‘ilgan ekanman.
– Sobitjon, iltimos, shu yerda xayrlashaylik.
– Faqat ertagacha!
– Xayr!
– Yaxshi yetib oling.

***

Qosimxon o‘zidagi nohush o‘zgarishlar, asta-sekin zo‘rayib borayotgandan og‘riqlar alamidan tang holatga tushib, endi kasalni yashirishning ortiqcha iloji qolmagani tufayli shahar chetidagi Teritanosil kasalliklari shifoxonasiga yo‘l oldi. Vrach yigit Qosimxonni tekshiruvdan o‘tkazarkan, laboratoriya bergan natijalarni yashirib o‘tirmadi.
– Bu kasal sizda qachon paydo bo‘ldi?
– Chamamda, 15 kunlar oralig‘ida.
– Oxirgi marta kim bilan yotgansiz?
– Xotinim bilan.
– Undan oldin-chi?
– Ikkita-uchtasi bilan.
– Bir kundami?
– Yo‘q, ikki-uch kun oralatib.
– Bu kasalni kimdan yuqtirgansiz?
– Bilmadim.
– Uni ham topish kerak. Bo‘lmasa, u sizga o‘xshaganlarga yuqtirib yuraveradi.
– Ularning aniq manzilini bilmayman. Qolaversa, menga desa o‘lib ketmaydimi, qaysi birini sudrab yuray?
– Hech kimni olib kelmasangiz ham, yangani olib kelishingiz shart.
– Nega?
– Axir, yaqin kunlar ichida u kishi bilan jinsiy munosabatda bo‘lgansiz-ku, bu juda yuqumli kasallik. Xotiningizga yuqqan bo‘lishi tabiiy. Agar uyda tozalikka rioya qilmasangiz, bolangizga ham yuqishi mumkin.
– Xotinimni bu yerga qanday olib kelsam ekan-a?
– Bu kasallik faqat jinsiy aloqadan so‘ng paydo bo‘ladi. Yuqtirishning boshqa yo‘li yo‘q. Siz esa kasal ayolning qo‘yniga kirgansiz. Bilasiz, ayollar hamma kamsitishlarni kechirsa ham, hiyonatni kechirmaydi. Sizdagi kasallik esa hiyonatning aniq dalili.
– Siz qaysi kunlari ishda bo‘lasiz?
– Mana, kun tartibim quyidagicha belgilangan…

***

Shuhrat Ahadovich, ish kuni tugayotganligi sababli qabuliga kiruvchilarning siyraklashib qolganidan o‘zi ham ancha toliqqanidan deraza ortida botayotgan quyoshga qarab, bir oz tin olish niyatida kresloga suyanganicha xayolga botib o‘tirardi. Eshik ohista taqilladi.
– Mumkinmi?
– Keling, Malika Murodovna…
– Yaxshimisiz, Shuhrat Ahadovich, charchamadingizmi?
– Yo‘q, qaysi shamollar uchirdi?
– Sizning yaxshi shamollaringiz!
– Xo‘sh, xizmat?
– Men bir taklif bilan oldingizga keluvdim. Bizning shifoxonaga borganingizda siz haqingizda juda ko‘p yaxshi gaplarni eshitganman. Shu tufayli qo‘llab-quvvatlab yuborasiz degan umiddaman.
– Agar imkon bo‘lsa, bajonidil.
– Men o‘z soham bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini yozmoqchiman.
– Juda yaxshi taklif. Men ham siz haqingizda juda ko‘p yaxshi gaplarni eshitib yuribman. Operatsiyalaringizning hammasi muvaffaqiyatli chiqayotgan ekan. Buni maqtamay iloj yo‘q.
– Maqtovlaringiz albatta meni quvontiradi.
Shu payt eshikdan bexos shoshilib bir kishi kirib keldi.
– Shuhrat Ahadovich, bo‘lmaysizmi endi, pastda kutib turibmiz-ku…
– Xo‘p, hozir, nima gap o‘zi?
– Boya kelishdik-ku, ular ham kelgan.
– Kim u, ular…
Shuhrat Ahadovich Malikaning oldida hech narsadan xabari yo‘qdek turardi.
– Anavu ikkalasi-da, o‘zingiz aytgan!…
Malika xonadan otilib chiqib ketdi. Shuhrat Ahadovich sarosimaga tushib, uning ortidan irg‘ib turarkan, biror so‘z aytishga ulgurolmay qoldi. Yo‘lak oynasidan uning pastda yugurib ketayotganiga qarab, og‘aynisiga o‘shqirib berdi:
– E, bor-e, galvars, odam o‘tiribdi ham demaysan-a… Shu gapni sal yotig‘i bilan aytsang bo‘lardi-ku.
– E, shoshib turgandan so‘ng…
– Endi o‘zing ketaver. Men bormayman.
– Shuhrat Ahadovich, axir, ular qarab turishibdi, shunaqa jononlar…
– Ularning javobini berib yubor.
Shuhrat Ahadovich qalbiga bahor nafasiday iliqlik olib kirgan Malika haqida o‘ylar, yuragi yovvoyi sarxushlikni sezib, Mayin entikib ketardi.

***

Malika erining so‘zlarini eshitib, hammasiga tushundi. Demak, eri kasal, demak, eri o‘z kasalini unga ham yuqtirgan. Bolaligida odamning boshi toshdan desa, tushunmasdi. Oilasidagi g‘urbatlar, janjallar, xo‘rliklar, ko‘chadagi fisqu fasod gaplar. Kimdir boshingga mana shunday ko‘rguliklar tushadi desa, ishonmasdi. Bunchalik sitamlarni ko‘tarolmasam kerak, deb o‘ylardi. Lekin boshga tushganni ko‘z ko‘rar ekan. Ko‘rganda ham shu qadar ko‘rdiki, nazarida dunyo ostin-ustun bo‘lib ketadiganday edi. Hayotning charxpalak aylanishidan ko‘z oldi tinib ketdi, uni bu dunyoda olib qolgan kuch nazarida faqat hali tirik ekani, hali yashashga majbur ekani, hali kuch-g‘ayratining borligi-yu yoshligining tiyiqsiz shijoati unga xayotning bu qadar achchiqligini ko‘p ham sezdiravermasdi. Xayot uni toshlarga ursa-da, hali irodasi sinmagan, hali ko‘zlari ham ko‘r bo‘lmagan edi. U mana shularning hammasini iztirob bilan o‘ylar ekan, hali shunday yashayinki, odamlar omad nima ekanligini mening timsolimda ko‘rib qo‘yishsin, deya o‘ziga taskin izlardi.
Ular kasalxonaga qariyib bir oy qatnab yurishdi…

***

Shuhrat Ahadovich uzun yo‘lak bo‘ylab ketar ekan, muyulishda shundoq qarshisidan chiqib qolgan Malikani ko‘rib taqqa to‘xtadi, og‘iz juftlashga ulgurmay, uning shiddat bilan o‘girilib ketganini ko‘rib, esankirab qoldi. Bir fikri, ortidan yugurmoqchi, xonasida ro‘y bergan xosiyatsiz vaziyat uchun kechirim so‘ramoqchi ham bo‘ldi. Lekin yoshgina juvonning ketidan yugurib yurishni o‘ziga ep ko‘rmay, hasrat bilan miyig‘ida kulib qo‘yaqoldi. Ko‘nglida menga nisbatan nimadir bor shekilli, achchig‘i chiqib yuribdi, bo‘lmasa mening boshqa juvonlarga borishimni bunga nima dao‘li bor? Bir joyda o‘tirib, ahdu paymon qilishmagan bo‘lsak. Meni yaxshi odam deb o‘ylab yuribdi shekilli. Yoki ko‘ngli bormikin-a! Qaniydi, shunday bo‘lsa!
***
Malika Sobitjonning qistovlaridan keyin “uchrashishga” deb va’da berdi-yu, o‘zining bo‘shangligidan, rahmdilligidan, itoatkorligidan o‘zi ranjidi. “Bekorga va’da beribman, nima keragi bor edi?” deb o‘yladi. Agar hozir bu xatoni tuzatishning iloji bo‘lsa, albatta tuzatardi. Keyin yana o‘ylab qoldi. “Qani, bir gaplashib ko‘raychi, yana nima der ekan? Buyam bir o‘yin-da…”
Malika Amir Temur xiyoboniga borganida soat beshdan oshgandi.
Sobitjon unga ko‘zi tushishi bilan qo‘lidagi guldastani silkitib, tez-tez qadam tashlab kela boshladi. Malikaning nazarida, u yugurib kelayotgandek tuyuldi. “Qiziq, guldasta ko‘taradigan zamonlar o‘tib ketdi desam, bu an’analar haliyam borga o‘xshaydi. Bir paytlar Qosimxon ham ortimdan mana shunday yugurib yurardi. Keyin u o‘zgardi..”
– Keldingizmi, hayriyat!
– Sobitjon, agar va’da berib qo‘ymaganimda kelmasdim.
– Nega?
– Nima keragi bor, axir, tushunasiz-ku, men oilali ayolman, erim, farzandim bor. Hozir bizni birov shu holatda ko‘rib qolsa nima deb o‘ylaydi?
– Men esa sizni keladi, deb ishongandim.
– Sizda bu ishonch qayerdan paydo bo‘ldi?
– Menga gapirayotganingizda ovozingizda moyillik bor edi.
– Sizga achingan bo‘lishim mumkin.
– Balki o‘zingizga achingandirsiz?
– O‘z umrimga achinganim bilan davosini, balki sizdan izlamasman.
– Nega?
– Nega deganda, sizdan siz o‘ylagandan ko‘ra, ko‘proq narsa talab qilishim mumkin.
– Meni bajarolmaydi deb o‘ylaysizmi?
– Qo‘lingizdan kelmaydi degan istiholadaman.
– Malika, ochiqroq aytavering, mendan nimani istaysiz.
– Sobitjon, keling, shu yerda xayrlashamiz.
– Nega?
– Gap-so‘zdan qo‘rqaman. Yaxshisi, telefonlashamiz.
– Malika, sizga uylanaman va nimaiki kerak bo‘lsa qilaman.
– Meni yaxshi ko‘rasizmi?
– Sizsiz yashasam, ichgan ona sutim harom bo‘lsin.
– Sobitjon, unday demang. So‘zingizni qaytarib oling.
– Yo‘q, endi so‘zimdan ham, qiladigan ishimdan ham qaytmayman.

***

Bir kuni Shuhrat Ahadovich ishdan qaytishida qo‘yarda-qo‘ymay uni mashinasiga mindirib oldi. Har qalay, boshliq aytgandan keyin yo‘q deyish uchun mingta bahona ham kamlik qilarkan.
– Malika, rostini ayting, nega salom bersam alik olmaydigan bo‘lib qoldingiz? Yoki anavi og‘aynimning gapidan xafa bo‘ldingizmi? O‘sha kuni u aytgan joyga bormadim. Siz boshqachasiz, Malika!
– Nega unday deysiz? Men ham hammaga o‘xshaganman. Men ham hammaga o‘xshab sizni ko‘rganda qulluq qilib salom beraman.
– Endi men sizga salom beraman, xo‘p deyavering.
– Nega endi?
– Men boshqalarga qilgan muomalamni hech qachon sizga qilolmasligimni tushundim. Sizni taniganimdan beri negadir yoshligim, beg‘ubor yillarim yodimga tushadi. Men ham qachonlardir, kimnidir sevganim, mehr qo‘yib uning ortidan ko‘z yoshlar to‘kkanim esimga tushadi. Xuddi qarib qolgan sher o‘zining chaqqon, abjir, kuchli paytlarini eslab, eti uvishganday, qo‘limdan hech narsa kelmaydigan bo‘lib qolgan bo‘lsa ham, erkalik qilib kuzatib qo‘yishga jur’at etdim.
– Yo‘g‘-ey, sizni hali juda yosh deb bilaman va bir marta kuzatib qo‘yish bilan cheklanishingizga ko‘zim yetmaydi.
– Albatta, agar sizda moyillik bo‘lsa, har kuni kuzatib qo‘yishga tayyorman.
– Yo‘q. Bo‘yningizga hech qachon bunday mas’uliyatni yuklamoqchi emasman. Chunki bunday manziratlar hech narsani belgilamaydi. Men uchun osonrog‘i shu-da. – Shuhrat Ahadovich jilmayib najot kutganday, Malikaning qo‘lini siqib qo‘ydi. – His-hayajonga berilishdan qo‘rqib qolibman.
– Yuragingizni yog‘ bosishdan saqlang. – Malika ishva bilan jilmaydi.
Shu payt qora “Volga” kelib, mashina oldini kesib chiqdi va “to‘xtating” ishorasini qildi. Shuhrat Ahadovich mashinasini chetga olib to‘xtatdi. Qora “Volga”dan Qosimxon tushib kela boshladi:
– Ha, boboy, o‘lging keldimi? Nega mening xotinimni olib yuribsan?
– Tort qo‘lingni, eshshak!
– Ko‘zoynak taqqan ko‘zingni o‘yib olaymi?
Shuhrat Ahadovich Qosimxonni itarib yubordi:
– Yo‘qol. Qo‘l ko‘tarishga yoshlik qilasan. Umuman, bu shahardan sening izingni quritib yuboraymi?
– Nima, nima? – Qosimxon Shuhrat Ahadovichning yoqasidan ushlab, kapotga bukchaytirib oldi. Malika har ikkisini ajratib qo‘yish taraddudida mashinadan tushdi.
– Qosim aka, esingizni yedingizmi, bu kishi boshlig‘imiz-ku…
– Boshliq bo‘lsa ishxonada boshliq. Mening xotinimga ko‘chada ko‘z olaytiradigan boshliqning onasini…
– E, qo‘yvoring… – Malika Qosimxonni siltab-siltab Shuhrat Ahadovichni uning ostidan chiqarib oldi. Shuhrat Ahadovich mashina ichida turgan uyali telefonni olib, raqamlarni tera boshladi:
– Allo, Burhon O‘ktamovich, bu yerda bir mast bezori bizga hujum qilmoqda, inspektorlaringizdan jo‘nating, tartibga keltirib qo‘yishsin. Ha, ha. Qodiriy ko‘chasi, Markaz 14-ning muyulishidan o‘tgach o‘ng qo‘lda… Rahmat, rahmat.
– Bolakay, hozir shu yerda tura tur. Ozgina jismoniy tarbiya darslarini o‘tashga to‘g‘ri kelib qoldi. Mabodo qochadigan bo‘lsang, hozir GAIga telefon qilaman, mast holatda rulga o‘tirganing uchun jazoingni berishadi. Bilib qo‘y, tiz cho‘kib oyog‘imni o‘psang ham, seni kechirmayman.
– Sendan kechirim so‘raydigan ahmoq yo‘q. Mesh qorningni yorib qo‘ymaganimga shukur qil. Hali shaharga egalik qilishga qo‘ling kaltalik qiladi.
Shu payt aylana chiroqlarini chirillatib, militsiya mashinasi ko‘rindi. Undan tushib kelgan inspektorlar Shuhrat Ahadovichga salom berishdi. Shuhrat Ahadovichning yoqasi ochiq, tugmalari uzilgan, shimlari changga belangan edi. Ular Qosimxonni ushlab, mashinaga sudrashdi. Malika Shuhrat Ahadovichga yalinib, qo‘yvorishlarini o‘tina boshladi. Shuhrat Ahadovich “Mayli, qo‘yvoringlar” ishorasini qilgach, inspektorlar chetlashdi. Malika Qosimxonning mashinasiga minib, jo‘nab ketdi.

***

Sobitjon xonasiga kirib, o‘zini karavotga tashladi. Necha kunlardan buyon uni o‘ylantirayotgan masala kundan-kun chigallashsa chigallashdiki, yechimi topilmasdi: “Malikani qayerga olib kelaman? Shu uch xonalik uygami? Bu uyda dadasi, oyisi, akasi, yangasi, singlisi, akasining ikki yashar o‘g‘li – yetti kishi yashaydi-yu, Malika o‘g‘li bilan ularga qo‘shimcha bo‘lib keladimi? Avvalo, Malika unga tegishga rozi bo‘ladimi? Hech qachon rozi bo‘lmasa kerak. Uni rozi qilishning birgina yo‘li – bir xonalik bo‘lsa ham uy sotib olish. Keyin bir amallab ko‘ndirsa bo‘ladi. Lekin uyni qayerdan olaman? Qaysi pulimga? Stipendiyamgami? Dadamning oyligigami? Axir, oylik jonivor ham ro‘zg‘orning uyog‘idan buyog‘iga zo‘rg‘a uchma-uch yetib turibdi-ku. Yoki ijaraga uy olib chiqib ketsammi? Bunga kim rozi bo‘ladi? Qolaversa, Malikaga kichkinagina to‘y qilib uylanish kerak. Bu to‘yga kim rozi bo‘ladi? Dadammi? Hech qachon. Oyimmi? Hech qachon. Yo‘q-yo‘q. Ularni ko‘ndirish mumkin. Malikaning biror aybi bormi? Buzuqmi? G‘ilaymi? Yo‘q, u har qanday o‘n sakkiz yashar qizdan pok va tarbiya ko‘rgan qiz. Men ko‘rgan, men tanigan qizlarnig birontasi unga na husnida, na muomalada, na mehr-oqibatda tenglasha oladi. Undan chiroylirog‘ini, undan aqllirog‘ini hech qachon ko‘rmaganman va boshqa ko‘rmasam ham kerak. Nima qilib bo‘lsa ham, unga uylanishim kerak.
Sobitjon turib, magnitafonni qo‘ydi. Magnitafondan qo‘shiq taraldi.

“Men yo‘qsil, ne bo‘lib uni suyubmen,
Uningchun yonibmen, yonib kuyibmen.
Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibmen,
Men suyib, men suyib kimni suyibmen?
Men suygan suyukli shunchalar go‘zal,
Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal”.

***

Qosimxon uyga kirib kelarkan, g‘azabdan o‘zini bosib ololmasdi.
– Qani ayt, kim u?
– Birga ishlaymiz. Bosh vrachimiz.
– Nega minding mashinasiga?
– Shunchaki, bekatda turuvdim, to‘xtadi.
– Aytib qo‘yay. Men bunaqa isnodni ko‘tarolmayman. Agar sen haqingda bir gap eshitsam, chavaqlab tashlayman.
– Avval o‘zingizni bilib oling. Kechalari daydib yurib, kimlar bilan nima ishlar qilganingizni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. O‘sha ishlar uchun sizni hech qachon kechirmayman.
– Kechirmasang, yo‘qol bu yerdan.
– Kerak bo‘lsa, siz yo‘qolasiz bu yerdan. Uy meniki. Uyning buzilishiga ham siz birinchi sababchisiz.
– Agar sen men bilan tenglashmoqchi bo‘lsang, xato qilasan. Bilib qo‘y, er kishi adashsa, ayol hamma vaqt kechiradi. Lekin ayol adashsa, erkak hech qachon kechirmaydi.
– Menda endi sizni kechirishga undaydigan biror fazilatingiz ham, biror xislatingiz ham, qadr-qimmatingiz ham qolmagan. Besh yil davomida hammasini ichib-chekib, harom-harishlar bilan ayshu ishrat qilib tugatib bo‘ldingiz. Menda endi sizni kechiradigan sabru toqat ham, rahmu shafqat ham qolmagan.
– Hali shunaqami?
– Shunaqa!
– Shunaqa bo‘lsa, endi o‘zingga boshqa er topib ol! – Qosimxon kostyumini yelkasiga ildi-da, eshikni taraqillatib chiqib ketdi.

***

Shuhrat Ahadovich ertasiga ertalab Malikani o‘z xonasiga chaqirdi:
– Malikaxon, nima bo‘ldi, tinchlikmi, kechasi bilan uxlolmay chiqdim.
– Erim o‘zi shunaqa, jahli sal tezroq.
– Uyda janjal ko‘tarmadimi?
– Yo‘q. Hammayoq tinchlik. “Sal qizishib ketibman, Malika, birga ishlar ekansizlar, juda noqulay bo‘ldi-da”, deydilar. Men ham ikkinchi birovning mashinasiga o‘lsam ham minmayman deb, va’da berdim.
-Juda to‘g‘ri qilibsiz. Endi hech qachon birovning mashinasiga o‘tirmang. Odamlar darrov gap qiladi. Tili bilan yuradiganlar ko‘p. Lekin mening tun bo‘yi jahlim hech bosilmadi.
– Nega?
– Aytaveraymi?
– Ayting.
– Men agar sizga shu so‘taqo‘zi eringiz qo‘l ko‘taradigan bo‘lsa, o‘zim sizga uylanishga ahd qilib qo‘ydim. Bilib qo‘ying, shu gapim gap. Gapimning isboti sifatida ertagayoq qo‘lingizga yangi “Neksiya”ning kalitini tutqazishim mumkin. Agar pasportingizni tozalab kelsangiz, ikki xonali uy meniki deyavering. Hechqisi yo‘q, sizni boqib olishga ham, sizga yoqib qolishga ham qurbim yetadi.
– Voy, Shuhrat aka, nima deyapsiz. Erimdan ajralish fikri menda umuman yo‘q. O‘lsam ham, erim bilan birga o‘laman. Lekin sizga ham rahmat. Xayotimda men uchun shunchalik saxiylik qilgan odamni sira uchratmagandim. Xudo boyligingizni bundan ham ziyoda qilsin.
– Malika, gap boylikda emas. Men sizni yoqtirib qoldim. O‘lay agar, negaligini sira bilmayman. Sizni eslasam, butun borlig‘imni quvonch egallab oladi. O‘zimda yo‘q shodlanib ketaman. Shuncha yil umr kechirdim. Ammo xayotimning baxtli damlari endi boshlanayotganday. Butunlay yasharib ketgandayman. Xayotimdagi bu yangi davr uchun sizdan minnatdorman, Malika.
– Shuhrat aka, unday demang. Men hali o‘zim baxtga zorman. O‘zim butun umr quvonch nimaligini bilmay o‘tyapman. Men haqimda bunchalik shirin hayolarga berilib, xato qilyapsiz. Boshimda erim bo‘laturib, siz bilan savdolashib o‘tirishimning o‘zi ahmoqligimni bildirmaydimi? O‘z erini baxtli qilolmagan, ko‘cha-ko‘yda urishtirib yuradigan menday notavondan hafsalangiz pir bo‘ladi hali.
– Malika, o‘ylab ko‘ring. Men o‘zimning qat’iy qarorimni aytdim.
– Shuhrat aka, bu o‘ylab ko‘radigan gap emas. Sizdan boshqa odam aytganida bu kunimdan o‘lganim afzal derdim. Lekin siz…
– Malika, hozircha ishingizga boring. Men ham majlis chaqirganman. Yana bafurja gaplashamiz, xo‘pmi?
– Yaxshi qoling.
– Qo‘ng‘iroq qilaman.
Malika bir haftadirki erining uyga kelmayotganidan xavotirda edi. Sanjarni har kuni bog‘chadan o‘zi olib kelar, o‘g‘li yo‘l-yo‘lakay “Nega dadam kelmayaptilar?” – deya harxasha qilgani qilgan edi. Erini hamma qarindosh-urug‘, yaqin o‘rtoqlaridan so‘rab chiqdi. Hech kim ko‘rdim demaydi. Militsiyaga qo‘ng‘iroq qilay desa, gap-so‘z ko‘payib ketishidan istihola qiladi. Ishxonadagilar esa, “Javob so‘rab ketgan, qayoqqaligi noma’lum, xotini bo‘lib, siz bilmasangiz, biz qayoqdan bilaylik?”, deydi. Dugonasi Maryamga dardini ochuvdi. “Yur, folbinga boramiz”, – deb qoldi. Qiziq, “Folbinga balo bormi?” – deydigan odam yo‘q. Boshqa birov bilan yashab yurgan bo‘lsa-ya? Qosimxon boshqa birovning qo‘yniga kirib ketgan bo‘lsa-yu, uni bu yo‘ldan qaytarib olish o‘rniga lallayib o‘tirsa!
Eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Malika eshikni ocharkan, Maryamni ko‘rib, dardi yengillashganday bo‘ldi.
– Yur, boramizmi?
– Uning uyi qayerda?
– Yursang-chi, o‘zim olib boraman.

***

Folbin o‘zining ruhlari bilan gaplashib, hammasini ochiq-oydin aytdi qo‘ydi.
Qosimxon shu atrofda yurganmish. U xotinini yaxshi ko‘rar ekan. Ammo oralaridagi mojarolar hali ancha cho‘zilar ekan. Bu qo‘ydi-chiqdilardan Qosimxon qattiq xafa. Uni ikkita dushmani yiqitishga payt poylab turganmish.
– Qizim, kel, yelkalaringni qoqib qo‘yay. Atrofingda insu jinlar ko‘payib ketibdi. Ulardan ehtiyot bo‘lmasang, yomon ahvolga tushib qolasan.
– Mayli, xolajon, bilganingizni qiling. Iloji bo‘lsa, erimni o‘zimga isitib bering. Balo-qazo nari ketsin. Xudoyim tuhmatdan asrasin.
– Qizim, atrofingda ko‘p gaplar aylanib yuribdi. Seni bu gaplardan voqif qilmasam bo‘lmaydi. Agar istamasang, aytmayman.
– Yo‘q, aytavering, xola. Boshimda bor ekan, oldindan bilganim yaxshi.
– Qo‘y, aytmaganim ma’quldir.
– Ayting, xolajon, endi baribir, eshitmasam ko‘nglim joyiga tushmaydi.
– Qizim, ko‘ryapsanmi, oy bugun yangi chiqdi. Hali uning chiqqaniga bir soat ham bo‘lgani yo‘q. Mening parilarim aytyaptiki, mana shu oy to‘lganida, sen to‘ppa-to‘g‘ri jahannamga giriftor bo‘lasan. Seni do‘zax o‘z qa’riga tortib ketadi. Mana, aytmay desam, ayttirding, endi o‘zing shu gapga qarab tadorigingni ko‘raver. Balki ehtiyot chorasi chiqib qolar. Balki omon qolarsan. Yaratgan egam tavba qilganlarni kechirguvchidir. Shoyad, mag‘firat topsang…Malikaning qulog‘iga ortiq gap kirmadi. Bir oy umri qolganligini eshitib qaltirab ketdi. Butun a’zoyi badanini titroq bosdi. Folbin kampirni qarg‘ab, chang solmoqchi ham bo‘ldi, lekin insu-jinlar bilan aloqasi bor parixonga teginib bo‘larkanmi?
Faqat Maryamgina eshikdan chiqar-chiqmas:
– O‘zing o‘sha jahannamga ravona bo‘l, qari kampir, – deya qarg‘andi.
Kampir ham javoban:
– Oyoqni to‘g‘ri bosish kerak, oyimtillalar, har kim o‘zi uchun javob beradi. Bu dunyo o‘tkinchi, har ikki dunyo saodatini ko‘ruvchilargina baxtiyor insonlardir.

***

Malika folbinning gaplariga dastlab parvo qilmadi. “Menga bu dunyoning o‘zida chekkan jafolarim yetmasmidi, – deb o‘yladi. – Axir, folbinga ishonish g‘irt ahmoqlik-ku? Bir oylik umrim qolgan emish. Oy to‘lganidek, sening ham paymonang to‘lib boradi emish. Qani, oyga bir qaray-chi? Oy bo‘yoqchining chizig‘iday ingichka. Tavba, umrim bino bo‘lib, oyga e’tibor bilan qaramagan ekanman. Oyning go‘zalligini qarang. Buncha chiroyli! Men esa bir oydan keyin bu go‘zallikning baridan mahrum bo‘laman. Yer tagida adoyi tamom bo‘lib, qurt-qumursqalar yemishiga aylanaman. Sho‘rlik onam, mening hasratimda g‘am-g‘ussaga botib, qariydi. Qolgan sochi ham oqarib, azob-uqubatdan ko‘zlari kirgandi. Hech bo‘lmaganda, onam dard chekmasligi uchun hali yashashim kerak. Unga kim qaraydi? Bechora o‘g‘lim! Shunday shirin o‘g‘limni kimga tashlab ketaman? Yo‘q-yo‘q, men hali yashashim kerak. Qosimxon-chi, Qosimxon, u uylanadi. U shuni kutib yuribdi.
Yo‘q, u hech qachon mendan boshqaga uylanmasligi kerak. Yo‘q, yo‘q, hech kim bilan xayrlashmayman, hech kim bilan!

***

Malika uyg‘onarkan, o‘zida chuqur xokisorlikni his qildi. Qabulga kelgan bemorlarni shu qadar muloyimlik, shirinsuhanlik, ochiq chehra bilan kutib ola boshladiki, bu so‘zamolligidan o‘zi ham hayron qoldi. Hatto ko‘ziga parda tushgan bir bemor kirganida, ustamonlik bilan ochiqdan-ochiq operatsiya uchun yuz ming so‘radi. Ko‘zi yuz foiz tiklanishiga kafolat berdi. Malikaning mehribonligidan amaki ham xursand bo‘ldi. O‘g‘illariga pulni keltirishni buyurdi. Malika, “Bir oy bo‘lsa ham yaxshi yashashim kerak”, – deb o‘zining bu qilmishini oqladi.

***

Kechqurun kuzatib qo‘yish uchun Sobitjon keldi. Sobitjon ochiqdan-ochiq: – “Yangi uy sotib olsam, men bilan yashaysizmi?” – dedi. Malika kulib yubordi: – “Siz bilan yashayman?” “Shunday, men sizga uylanaman, hohlasangiz to‘y qilamiz. Nikohdan o‘tamiz, hammani to‘yga chaqiramiz”. – “Sobitjon, es-hushingizni yig‘ib oling. Hali boshimda erim bor. Ajrashmaganmiz. U ko‘nadimi-yo‘qmi, hali noma’lum”. “Siz-chi? Siz o‘zingiz rozimisiz?”. “Men sizni yaxshi ko‘raman. Chunki sizning yaxshi ko‘rishingizga endi ishondim. Lekin bu – siz bilan birga bo‘laman degani emas. Siz xayot haqida juda jo‘n fikrlaysiz. Hammasi siz o‘ylaganchalik oddiy emas. Xayotning bu murakkabliklari meni adoyi-tamom qildi”. “Malika, bir umr sizni qo‘limda ko‘tarib yuraman. Sizga gard yuqtirmayman. Siz uchun jonimni, butun xayotimni bag‘ishlayman. Faqat meniki bo‘ling. Faqat men bilan birga bo‘ling. Yonimdan bir qadam ham siljimang. Ertadan-kechgacha ko‘zingizga qarab o‘tirishga tayyorman”. “Sobitjon, siz yuragi toza yigitsiz. O‘zingizni ehtiyot qiling. Bu xayot qalbi bu qadar pokiza odamlarni hech qachon kechirmaydi. Balo-qazolar gohida shunday beayov uloqtirib yuboradiki, men ham yomonlikni ozgina o‘rganib olsam bo‘larkan, deb orzu qilib qolasiz!”. “Malika, unday demang. Hali biz siz bilan baxtli bo‘lamiz, shu qadar baxtli bo‘lamizki, xayotning bu qadar go‘zalligidan, yuragimiz gupurib ketadi”. “Sobitjon bo‘ldi, bas qiling. Orzu qilish yaxshi, lekin men baribir sizga tegmayman”. “Tegasiz!”. “Men sizning tengingiz emasman”. “Siz mendan baribir yaxshisiz!”. “Agar yaxshi bo‘lganimda, siz bilan bunday gaplashib o‘tirmagan bo‘lardim. Odamlar ko‘rsa, nima deydi?”. “Men yaqinda bir joydan ozgina qarz ko‘taraman. Keyin, birgalikda uy izlaymiz. Bir xonalik bo‘lsa ham mayli. Keyin birga yashaymiz”. “Sobitjon, xayolingizga erk bermang”. “Qarorim qat’iy”. “Yaxshi boring!”
“Tunu kun faqat sizning xayolingiz bilan yashayman. Shuning uchun xayrlashishimizga hojat yo‘q. O‘zingiz bu yerda qolsangiz ham, baribir xayolimda men bilan ketasiz. Men siz bilan hech qachon xayrlashmayman, hech qachon”.

***

Qosimxon Malikaning keyingi hayotidan, uning tabiatidagi qat’iyatdan o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. Respublikadagi eng katta shifoxonalardan birida uning birdaniga bu qadar baland obro‘-e’tiborga ega bo‘lib ketishini, shifokorlarning ham, bemorlarning ham og‘ziga bu qadar tez tushishini, uni hurmat bilan gapirishlarini sira kutmagandi. Albatta, u Malikaning talabalik paytlari ham juda zakovatli, bilimdonligiga qoyil qolardi. Lekin o‘qish payti kimlar a’lochi bo‘lmagan. Qolaversa, u Malikani a’lochi bo‘lgani uchun yaxshi ko‘rmagandi. U Malikani Malika bo‘lgani, Xudo uni xatosiz yaratgani, undan birorta aybni ko‘rmagani, undan ortig‘i bu dunyoda boshqa bo‘lmasligini bilgani uchun uni yaxshi ko‘rgandi, sevgandi, butun borlig‘i bilan uning poyiga o‘zini tashlagandi. Lekin keyingi yillarda u haqiqatdan ham Malikaga xiyonat qildi. Agar buni xiyonat deb emas, shunchaki boshqalar bilan ko‘ngilhushlik qildi deb atalsa, to‘g‘ri ta’rif berilgan bo‘lardi. Chunki Qosimxon hatto birovning qo‘yniga kirganida ham, hech qachon Malika haqida yomon o‘yga bormagan, zarracha bo‘lsin unga mehru muhabbati sovumagan, uni hamisha va hamma joyda sevgan, ardoqlagan, hurmat qilgan. Hatto bu haqda o‘ynashlariga ham aytgan. Ba’zilarining bundan jahli chiqqan bo‘lsa, ba’zilari haqiqiy erkaklar ham bor ekan-ku, deb xursand bo‘lgan. Qosimxon bularning hammasini o‘zining tabiatidan kelib chiqib qilgan. O‘zining sho‘xligidan, beboshligidan, gohida shunchaki, bular Malikaga xiyonat emas, deb bilganidan bu rasvoyi-raddi balo ishlar bo‘lib o‘tgan. Lekin oqibatini hech qachon o‘ylamagan. Malika undan naqadar yiroqlashib ketganini u birinchi bor xotini Shuhrat Ahadovichning mashinasida ketayotganida tushundi.
Tushundi-yu, a’zoyi badaniga og‘riq yugurdi. “Nahotki Malika unga xiyonat qilishi mumkin bo‘lsa? Nahotki qachonlardir Malikaning orqasidan zir-zir yugurgan yigitlarning to‘poloni besh yildan so‘ng yana qaytadan boshlansa? Nahotki Malika uni, Qosimxonni chetga surib, undan zo‘rrog‘ini, undan chiroyli, undan kelishganrog‘ini topa olsa? Bu, axir, xiyonat-ku? Demak, mening ham boshqalar bilan yurishimni bemalol xiyonat deb atayversak bo‘lar ekan-da. “Bekorga pichoqni avval o‘zingga ur, og‘rimasa birovga ur” deyishmas ekan. Men Malikaning menga xiyonat qilishiga hech qachon yo‘l qo‘ymayman, hech qachon. U o‘ligimning ustidan hatlab o‘tibgina xiyonat qilishi mumkin, lekin tirikligimda hech qachon bunga yo‘l qo‘ymayman”.
Qosimxon Shuhrat Ahadovichning mashinasini kesib o‘tib to‘xtatganida, shunday azoblar alangasida edi.

***

Malika ish kuni tugab, endi yo‘lga otlanmoqchi bo‘lib turganida, Maryam kelib qoldi.
– Eshitdingmi, Malika, anovi bola bor-ku, sening orqangdan yugurib yurgan praktikant bola, o‘sha qamalib qopti.
– Voy, qaysi bola?
– Anovi-chi, gul ko‘tarib, oldingdan chiqardi-ku, chiroyli bola, Sobitjonmidi, bir marta menga, iltimos, bugun men Malikani kuzatib qo‘yay, siz boshqa kun gaplasharsiz, degan.
– Nima qipti, unaqa yomon bolamasdi-ku?
– Fakultet dekaniga militsiyadan xat jo‘natishibdi. Qanaqa bola u deb, domlalardan so‘rab chiqibdi. So‘ng voqeani hammaga aytib beribdi.
– Nima bo‘lgan ekan?
– U o‘zini xolasinikigami, tog‘asinikigami, ishqilib bir boy qarindoshinikiga qarz so‘rab boribdi. Bir marta borganda bermabdi. Ikkinchi marta borganda, keyin deb qaytarib yuboribdi. Sobitjon “qarz so‘rab kelganimni uyimdagilarga aytmang” deb iltimos qilibdi. Xullas, bir kuni yana borsa, hovlida hech kim yo‘q ekan, uyni tit-pitisini chiqazib, pul, tillo taqinchoqlarni olib, endi o‘g‘irlab ketayotganda, kelini kelib qolibdi. Sobitjon, kelinni urib, qochibdi. Kelin hushiga kelib, militsiyaga telefon qilibdi. Militsiya uyni obdon tekshirib, “O‘g‘rini taniysizmi desa, ha, taniyman, falon qarindoshimiz, uyi falon joyda” deb hammasini aytib beribdi. Sobitjonni darrov ushlab, qamab qo‘yishibdi. Qarindoshlari, “da’vomiz yo‘q” desa ham, qo‘yib yubormayotgan emish. Kelin boshi yorilib, shifoxonada ekan, eri: “Sobitjon chiqsa, sog‘ qo‘ymayman”, deb oyoq tirab turgan emish. Odam ham shunchalar pastkash bo‘ladimi, yaxshigina bola deb yurardim.
– Unaqaga o‘xshamasdi-ku.
– Qayoqdan bilay?
– O‘zi rostmi shu gaplar yoki vahimami?
– Nima, men birovning ustidan shuncha tuhmat qilib, aqldan ozdimmi?
– Unga pul nega kerak ekan?
– Bu haqda hech narsa demabdi. Uning ota-onasi ham zor yig‘lab, dekanning oldiga kelgan ekan, dekan men u bola haqida ijobiy tavsifnomalar yozib beraman, deyayotgan emish.
– Maryam, biz Sobitjonning oldiga borsak, bizani qo‘yisharmikan?
– Jinnimisan, nima deb boramiz?
– Bechoraga javr bo‘pti-da, yaxshi bola edi, endi kesilib ketsa kerak.
– Bu ishni hech kim shunday qo‘yib qo‘ymaydi. Endi jazosini tortishi aniq.
– Bechora, sizni yaxshi ko‘raman deb yuruvdi. O‘lay agar, men ham ya’shi ko‘rib qolgandim.
– Jahannamga tushishing rostga o‘xshab qoldi. O‘zingni tutib ol.

***

Shuhrat Ahadovich ikki kishilik o‘rindiqda yastanib yotarkan, lablaridagi issiq haroratdan, sarxush kayfiyatdan, hayolidagi xotirasiga qattiq o‘rnashib qolgan ma’sum so‘zlarning takroridan mast bo‘lib yotar ekan, hozirgina chiqib ketgan Malikaning orqasidan yugurgisi, ko‘zlariga termulib o‘tirgisi, shirin so‘zlarini yana va yana eshitgisi kelar edi. U qachonlardir xuddi Malikaga o‘xshagan qiz bilan uchrashishni, unga uylanishni istardi. Agar ular bundan yigirma yillar oldin uchrashganida Shuhrat Ahadovich Malikaning orqasidan zor-zor yugurgan, jonu jahonini unutib sevgan bo‘lar edi. Lekin, afsuski, Shuhrat Ahadovichning xayotiga bunday qiz juda kech kirib keldi. Bu paytlar u o‘g‘limni uylantiraman, qizimni uzataman deb yurgan paytlar edi. Biroq ko‘ngil yosh bo‘lib qolaverar ekan. Harqalay, yigirma yil oldingiday bo‘lmasa-da, bu ko‘ngilning iztirobga tushishi, Shuhrat Ahadovichday odamni esankiratib qo‘yishi uchun Malikaning bir og‘iz so‘ziyu qiz bolaga xos bir qilig‘i kifoya qildi. Dastlab Shuhrat Ahadovich kuzatib qo‘yish bahonasida Malikani anhor yoqasida ikki og‘iz so‘zlashib o‘tirish uchun taklif qildi. Malika orqa o‘rindiqda edi. Keyin Shuhrat Ahadovich ham orqaga o‘tib oldi. Besh daqiqaga to‘xtagan mashina shu taxlit uch soatga yaqin turib qoldi. Suhbat so‘nggida Shuhrat Ahadovich Malikaning qo‘lini o‘pmoqchi bo‘ldi.
– Qarshimda naqadar katta dushman turganligini his qilib turibman, – dedi Malika.
– Nega unday deysiz?
– Yuragingiz allaqachon toshga aylanib ketgan bo‘lsa kerak. Unda o‘zimga nisbatan mehr uyg‘otgunimcha necha yillar kerak bo‘ladi.
– Buni men ham bilmayman, Malika. Lekin yolg‘on so‘zlab o‘zimni ham, sizni ham aldamoqchi emasman. Hozir sizga, sizni sevib qoldim desam yolg‘on bo‘ladi. Bundan keyin ham balki sevishim gumondir. Balki ertaga sizni bir daqiqa ko‘rmasam turolmaydigan bo‘lib qolarman. Buning barini oldindan aytish qiyin. Lekin shuni hozir aniq aytishim mumkinki, siz menga yoqasiz. Sizning har qancha og‘iringizni ko‘tarishga tayyorman. Hozirning o‘zidayoq siz mening do‘stimsiz, deya chor tarafga jar solishga tayyorman. Chunki sizning yuragingiz, qalbingiz menga o‘z bolaligimni, yoshligimni, o‘y-xayollarim, qilgan ishlarimni yodga soladi. Men qachonlardir xuddi sizga o‘xshardim. Shuning uchun bugun o‘zimni qancha hurmat qilsam, sizni ham shuncha hurmat qilishimga yetarlicha asos bor.
– Men ham sizning ko‘ngil odami ekanligingizni bilardim. Negadir uzoqdan qarab, bir kuni siz bilan bunchalik yaqin bo‘lib o‘tirishimizni hech hayolimga sig‘dirolmagandim. Qolaversa, sizning qarshingizda ozgina bo‘lsa-da, qadr topaman deb sira o‘ylamagan ham ekanman. Endi men ham hech bilmay qoldim. Biz bu o‘yinlarni nega boshladigu, u nima bilan tugaydi? Siz bilan mana shunday gaplashib o‘tirishimizning nima keragi bor?
– Men ham shu haqda ko‘p o‘yladim. Lekin hech bir xulosaga kelolmadim. Bunday savolni biror narsa xarid qilayotganda bersa tuzuk ekan. Lekin siz bilan hech narsani savdolashmayapmiz. Hech kim hech qanday foydani ham ko‘zlayotgani yo‘q. Qaytanga ikkalamizning ham atrofimizda gap-so‘z ko‘payishi mumkin. Lekin nima qilay, zo‘r berib u ishni boshini tutsam ham, bu ishga o‘zimni andarmon qilsam ham sizni o‘ylayveraman. Sizni sog‘inaman. Ko‘rgim keladi. Bexosdan telefon go‘shagini ko‘taraman. Yoki siz ishlayotgan bo‘limga oyog‘im tortib qoladi. Keyin nima bo‘lsa bo‘ldi deyman. Axir, odam o‘z ko‘ngli, qalbi uchun yashamasa nima uchun yashaydi? Xudo insonga nima uchun ko‘ngil beradi? Inson nega o‘zining ixtiyorisiz sevadi? Odam hayotga nima uchun keladi? Yashashdan ma’ni nima? Eng to‘g‘ri yashash balki sevib yashashdir. Nima bo‘lganda ham, endi sizsiz turolmay qoldim.
Shundan so‘ng Shuhrat Ahadovich egilib, Malikaning titroq lablaridan o‘pdi.

***

Malika tun yarmida uyg‘onib ketdi. Qosimxondan hali-hanuz darak yo‘q edi. Qo‘rquv va vahima aralash derazadan yuqoriga qaradi. Oy ikki enlik bo‘lib kattalashgandi. Folbinning gaplari yuragining tubida xuddi zaharday butun tanasiga, aql-idrokiga, gap-so‘zlariga, qilayotgan ishiga ta’sir ko‘rsatayotgandi. Ayniqsa, bu zahar kechasi, u o‘zi bilan o‘zi yolg‘iz qolganda ko‘proq yuragini chaqardi. U charchoqning zo‘ridan uxlar, aslida buni uyqu deb bo‘lmasdi.

***

Maryamning aytganlari to‘g‘ri chiqdi. Buning hammasini Malika sudda o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, o‘z quloqlari bilan eshitdi. Panjara ichida o‘tirgan Sobitjonni ko‘rib, alamdan “dod” deb yuborishiga oz qoldi. Sobitjonga pul nima uchun kerak bo‘lib qolganligini faqat Malikagina bilardi. Balki yana kimlarningdir bundan xabari bordir. Lekin sudda bu haqda hech kim og‘iz ochmadi. Sobitjonning onasi zor qaqshab yig‘lab o‘tirdi. Dadasi boshini ko‘tarolmasdi. Shu ikki soatlik sud mobaynida Malikaning sochlariga oq tushdi. Sobitjon unga juda ko‘p qaradi. Iltijoli qaradi. Umid bilan qaradi. Meni kutgin deya qaradi. Malika hayolan uni kutishga qasam ichdi. Sud Sobitjonni uch yil ozodlikdan mahrum qildi. Malika uch yil kutishga qasam ichdi. Shuning uchun oradan bir hafta o‘tib, Sobitjondan kelgan xatga javoban quyidagi maktubni yozdi:
“Azizim Sobitjon!
Boshimizga tushgan bunday ko‘rgulikni ko‘rgandan ko‘ra ko‘zim ko‘r bo‘lgani yaxshi edi. Lekin, nima qilaylik, odamning boshi toshdan ekan, boshga tushganni ko‘z ko‘raverar ekan. Avvalo, bu falokatga chiday olmasam kerak deb o‘ylagandim. Lekin mana, o‘lib qolganim yo‘q. Kun o‘tishini poylab yotibman. Shuning uchun “vaqt-hakam” der ekanlar-da. Siz mendan kutishimni so‘rab yozibsiz. Albatta, sizni intizorlik bilan kutaman. Men uchun shuncha falokatlarga yo‘liqdingiz. Bularning hammasini fidoyilik deb bilaman. Men sizni sevaman. Sizning asirangiz Malika”.
Malika tilida hech qachon iqror bo‘lmagan muhabbatga maktubida iqror bo‘ldi. Vaziyat shuni taqozo qilardi.

***

Qosimxon tunu kun Shuhrat Ahadovichdan qanday qilib o‘ch olish mumkinligi haqida o‘ylardi. Rashk o‘ti butun tanasini kemirar, mulohaza qilishga yo‘l qo‘ymasdi.
O‘shanda jahl bilan uydan chiqib ketdi-yu, bir-ikki kundan so‘ng hech bir og‘aynisi, hech bir qarindoshining uyiga sig‘masligini tushundi. Keyin ijaraga uy topib, yaxshilab o‘rnashib oldi. Ichkilikka ruju qo‘ydi. Do‘sti Rahimga ko‘nglini yordi.
– Balki ayb o‘zingdadir, – dedi Rahim Qosimxonning ko‘ngliga botmaydigan qilib, – Malika nima uchun seni yomon ko‘rib qoldi? Sen Shuhrat Ahadovichdan o‘ch olgan taqdiringda ham Malika yana seni yaxshi ko‘rib qolishiga ishonasanmi? Balki yana boshqasini yaxshi ko‘rib qolar. Keyin nima qilasan, undan ham o‘ch olasanmi? Hozirgi zamonda birovni bir chertsang, seni qayerga o‘tqizib qo‘yishlarini yaxshi bilasan. Sen u yerda bitingni terib o‘tirganingda, Malika maishat qilib yurgan bo‘ladi. Shuning uchun, avvalambor, Malikaning ko‘nglini top.
– Malika meni sevadi. Men uning qonuniy eriman. Malika mendan boshqasini yaxshi ko‘rishini tasavvur ham qilolmayman. Mendan zo‘rini ikki dunyoda topolmaydi.
– Topibdi-yu?
– U aldab yuribdi. Yaxshi gaplar bilan laqillatyapti. Niyatiga yetgach, tashlab ketadi. Lekin u Malika bilan yotadigan bo‘lsa. Malika menga hech qachon kerak emas. Uni qo‘yvoraman.
– O‘g‘lingni o‘yla. Malikaning oldiga bor. Uzr so‘ra. Endi men qilgan xatolar qaytarilmaydi de. Tinchgina, osuda hayot kechiraylik de, yupat.
– Men u topgan o‘ynashdan o‘ch olmay qo‘ymayman. Qasdimni olganimdan so‘ng Malikaning o‘zi kelib, kechirim so‘raydi.
– Agar kelmasa-chi? – Rahimning so‘z ohangida Qosimxonga g‘amxo‘rlik, yon bosish bor edi.
– Agar kelmasa, Malikadan ham o‘ch olaman.

***

Shuhrat Ahadovichning kayfiyati chog‘ edi. Qo‘lida “Nekiya”ning kaliti o‘ynar ekan, Malikaning ishxonadan chiqishini poylab turardi. Nihoyat, o‘ziga oro berib, bir-bir qadam bosgancha yo‘lakda Malika paydo bo‘ldi.
– Malikaxon, bu sizga sovg‘a.
– Nima bu?
– Bu “Neksiya”ning kaliti.
– Mengami?
– Sizga!
– Voy, rahmat!
Malika, katta ko‘chada, tanish-bilishlarning o‘tgan-ketganiga qaramay, Shuhrat Ahadovichning bo‘yniga osilib, yuz-ko‘zidan o‘pa boshladi. Shuhrat Ahadovich ham xuddi shunday bo‘lishi kerakday Malikaning belidan quchoqlab, dast ko‘tardi-da, bir aylantirib yerga qo‘ydi:
– Sizga shu narsani sovg‘a qilayotganim uchun o‘zim ham behad xursandman. Xudoga shukur, shunday kunlarga yetkazganiga shukur.
– Voy, men haydashni bilmayman-ku. Faqat institutda o‘qib yurgan paytlarim dadamning “Jiguli”sini haydaganman.
– Bo‘pti-da, bu unchalik qiyin emas. Orasida farqi kam, o‘rganib ketasiz.
– “Mashinani qayerdan olding?” deb so‘raganlarga nima deyman?
– Lotoreyadan yutdim deysiz, tamom-vassalom.
– Ha, juda ham ishonishadi-da.
– Ishonmasa, ko‘nikib ketishar.
– Ko‘nikishmasa-chi?
– O‘zlariga qiyin.
– Erimga-chi, erimga nima deyman?
– Eringiz bilan ajrashing, endi u odam bo‘lmaydi. O‘zim sizni xotin qilib olaman.
– U ajrashib bo‘pti. Keyin, ja-a indamay ketaveradiganlardan emas.
– Indamay ketmasa, gapirib ketsin. Menga farqi yo‘q!
– Sud arizamizni qabul qilmasa-chi?
– Men aytaman, qabul qiladi.
-Ajrashib ketsam, qanday yaxshi bo‘lardi-a! Hech qachon afsuslanmasdim. Agar eson-omon ajrashib olsam, xalqqa qo‘y so‘yib, xudoyi qilib berardim.
– Xudoyining kattasini to‘yda qilamiz.
Shuhrat Ahadovich Malikani qizil “Neksiya”ga o‘tirgizdi.

***

– Nima, boshingda ering tirik turib, uni mashinaga almashtirib yubordingmi? – Maryamning jahli chiqib ketdi. – Ertaga ko‘rsa nima deydi?
– Ko‘rsa ko‘rar. – Malika qilgan ishidan pushaymon emasdi. – O‘zi o‘n besh kundan beri yo‘q-ku, arvohidan so‘raymi?
– O‘zi bo‘lsa, bo‘lmasa er. Xali javobingni bermagan. Qonuniy nikohidasan. Qolaversa, u lallayib, bu qilmishing uchun seni kechirib qo‘yadiganlardan emas.
– Nima, men kechirib qo‘yamanmi? Kechasi hatto uyimgacha o‘ynashlarini yetaklab kelsa. Besh yil cho‘riday xizmatini qildim. Oilasini oila o‘rnida ko‘rmasa, bolasini bola o‘rnida ko‘rmasa, kiyishga kiyim tugul, yeyishga non topolmay o‘tirardik. Bizdan ko‘ngli sovib, qo‘ltig‘iga urganiga ancha bo‘lgan.. Endi men ishga kirib, ro‘zg‘or tebratishni boshlagandan keyin qiladigan g‘amxo‘rligi o‘ziga siylov.
– Juda haddingdan oshma. Oladigan oyliging ko‘zingga tog‘ bo‘lib ko‘rinmasin. Agar oylik erdan yaxshi bo‘ladigan bo‘lsa, Xotin zoti er tutib o‘tirmasdi. Oilaning butunligi har qanday mol-dunyodan ustun turadi. Chunki mol-dunyo topiladigan narsa. Ammo oila bir buzilsa, uni butlab bo‘lmaydi. Oilangni saqlab qolaman desang, hoziroq borda, mashinani qaytarib ber.
– Mashinasini nega oldim, bilasanmi? Chunki uni yaxshi ko‘rib qoldim.
– Yolg‘on, o‘zingni aldama, Malika, – Maryamning dahshatdan ko‘zlari olayib ketdi. – Axir, kechagina Sobitjonni sevaman, demaganmiding?
– Sobitjonni yaxshi ko‘rar edim. Agar uning uyi bo‘lganida unga tegardim ham. Endi bir kun bo‘lsin, yaxshi yashayman deb, o‘zim yaxshi xayot uchun, uning har bir daqiqasi uchun jonimni garovga qo‘ysam-u, endi uni uch yil kutish zarur keptimi?
– Bo‘lmasa, sevaman deb katta ketma.
– Nima deyay?
– Shuhrat Ahadovichga o‘ynash bo‘lib qoldim, buyog‘i buzuqchilik deb qo‘ya qol.
– Yo‘q, bu sen aytganchalik, ja-a unaqa buzuqchilik emas. Sevgiga o‘xshaydigan nimadir bor. Agar men ZAGSga borib, nikohimni bekor qildirsam, u menga uy ham olib beradi. Qonuniy ikkinchi xotini bo‘lvolaman. Kim menga nima deydi?
– Qosimxoni ham Layli-Majnun bo‘lib sevganding-ku. Agar u ertaga mashina olib bersa, qaytib kelasanmi?
– Bu ishning yaqin o‘rtada bo‘lishi gumon. Men esa oyning to‘lishini kutyapman. Agar folbinning gaplaridan eson-omon o‘tib olsam, elga osh berib, xudoyi qilaman.
Malikaning so‘nggi so‘zlarida iztirob aralash qo‘rquv bor edi.
– O‘tib bo‘psan. – Maryam vajohat bilan unga o‘girildi. – Sen albatta do‘zaxga tushasan. O‘ylab ko‘rsam, kampir seni o‘lishingni emas, do‘zaxga tushishingni bashorat qilgan ekan. Sen shunchaki do‘zaxi bo‘lib tirik yuraverasan. Qachon ajaling yetsa, do‘zaxga tushasan.
– Rostdanmi, men hali o‘lmaymanmi?
– Rostdan. Yana bilmadim.
– Jon, dugonajon, hali o‘lmaysan de!
– O‘lmaysan-u, lekin do‘zaxi bo‘lish undan yomon.
– Endi bu Xudoning ishi. Yana yashab ketsam, balki jannatga tusharman. Tirik qolsam bo‘ldi.
– Bo‘pti, men ketdim. Yana yaxshilab bir tanangga o‘ylab ko‘r. Qosimxonni, Sanjarni o‘yla. Oilangni, mahalla-ko‘yni o‘yla. Uzoqni o‘ylab ish qil. Men esa sening yaxshi-yomon kuningda ham sodiq dugonangman. Xayr.
Maryam uzoq xayrlashmay, Malikaning uyidan chiqib ketdi.

***

O‘sha kuni Malikaning uyi shodiyonaga to‘la edi. Hamma kelib, Malikani “toychoq” bilan muborakbod etar, topgan kimxob baxmal, gilam, topmagan shoyi belbog‘ tashlab, mashina ustiga yopardi. Malika shunday shodiyonada jila qursa onasiga Shuhrat Ahadovich haqida gapirgisi kelar, lekin bayram boshqacha tus olib ketishidan cho‘chirdi. Bu tantanalarda Qosimxonning qorasi ko‘rinmasdi. Malika erining kelishini istamas, uni yaxshi ko‘rmayman deb, o‘zini qattiq ishontirmoqchi bo‘lar, lekin yetarlicha nafrat bilan qaray olmasdi. Bu esa ko‘ngil rishtalari hali uzil-kesil uzilib ketmaganidan dalolat berar edi. Uning bir hayoli Qosimxonning ham mana shu tantanalarda ishtirok etib, hayratdan yoqa ushlab qolishi, Malikadan kechirim so‘rab, sening qadringga yetmagan men tentakni kechir deb tiz cho‘kishi, keyin Malika uni haydab yuborishi, u esa voy-dod ketmayman deb, hamma tomonga jar solishini ko‘rish, keyin uni o‘zi istamagan holda kechirishi xayolining bir chetida turar edi.

***

O‘sha kunlari Malika Sobitjondan xat oldi. Xatni hammadan yashirib o‘qimoqchi bo‘ldi. Uyda hech kim bo‘lmasa-da, yotoqxonaning eshigini yopib, titroq qo‘llari bilan konvertni yirtdi.
“Azizim Malika!
Salom! Avvallari juda g‘o‘rla ekanman. Xayotning xuddi tanga singari teskari tarafi ham mavjud bo‘lishini hech o‘ylamagan ekanman. Katta, yorug‘ yo‘lda ketayotib, birdan chuqurga tushib qolganday, dunyoning qaltis o‘yinlaridan yuragim zirqiraydi. Bu yerda ayollar haqida juda yomon gap aytishadi. Lekin men ozodlikda yurganimda sizni yanada ko‘proq sevmaganimga afsuslanaman. Nega beparvo yurganman, nega yoningizga ko‘proq bormaganman, nega har bir kunimni faqat siz bilan o‘tkazmaganman? Shunday hayollar meni qiynaydi. Albatta, katta xato qildim. Sizni ham, ota-onamning ham yuzini yerga qaratdim. Bunday bo‘lishini istamagandim. Lekin, ming afsuski, falokat oyoq ostida ekan. Agar kutsangiz, sizni bir umr baxtli qilishga qasam ichardim. Faqat siz uchun yashagan bo‘lardim. Endi uy olsak, halol topgan pulimizga olamiz. Men endi oddiygina yashashning o‘zi oliy ne’mat ekanligini tushunib yetdim. Boriga shukur qilganimda bunday abgor holatga tushmagan bo‘lardim. Sizni sevib, javob xatini intizorlik bilan kutib qoluvchi Sobitjon”.

***

Malika shu paytgacha bunchalar go‘zallik to‘la osmonni ko‘rmaganiga hayron edi. Bulutlar shamoldek yelishar, gumbazday qop-qora osmonda oy suzib yurardi.

***

Qosimxon Malikaning mashina olganini eshitdi. Bu uning nafratini battar alangalatib yubordi. Endi u ayb Shuhrat Ahadovichda ekanligini, Malikaning unga xiyonat qilganligini anglab yetdi. Mashina ularning orasidagi munosabat qay darajada ekanligini ochiq-oydin oshkora etdi. Toki, mashina bor ekan, Malikaga shunchaki yetolmasligini, shunchaki uyiga kirib borolmasligini ochiq-oydin tushunib turar edi. Qosimxon, endi Malikadan o‘ch oladigan bo‘lsa, Malikaga shunday tuhfalar qilolmagani uchun, alamdan o‘ch olayotganday bo‘lib chiqardi. Lekin Malika olmayman desa, Shuhrat Ahadovich mashinani zo‘rlab bermasdi-ku. Demak, Malikaning Qosimxonga bo‘lgan munosabati o‘zgargan. Ayb kimda. Qosimxondami?
Qosimxon uyida yotgan Buxoro amirining qilichini esladi. Endi shuncha chigallikning ichidan haqiqatni topib bo‘lmaydi. Haqiqatni mana shu qilich topadi. Qosimxon haqiqatni topmas ekan, yer yuzida yashashga joy qolmadi. Bunday sharmandalik bilan yashagandan yashamagan, bosh ko‘tarib yurmagan afzal. Yer yuzida birorta ayol Malikaning o‘rnini bosolmaydi. Malikaga achchiq qilib, mingta ayolga uylansa ham, mingtasi Malikaga teng kelolmaydi. Malika yo faqat uniki bo‘lishi kerak yo hech kimniki. Bu dunyo odamlari bo‘lak mulohazani tan olmaydi.

***

Shuhrat Ahadovich Malikani quchoqlar ekan: “Menga vafodor yor bo‘lasanmi?” – deya va’dasini olmoqchi bo‘lar edi.
– Sen chiroyli qizsan, Malika, shuning uchun oshiqlaring ham ko‘p bo‘ladi. Senga gap otuvchilar seni sevuvchilar ko‘p bo‘ladi. Men esa injiq odamman. Xotinim xiyonat qilishini ko‘tarolmayman. Shuning uchun menga so‘z ber. Sizdan boshqaga qarasam, ko‘zlarim teshilsin de. Sizdan boshqaga so‘zlasam, tillarim kesilsin de. Agar aytging kelmasa, aytma. Agar o‘zingga ishonmasang, aytma. Faqat menga xotin bo‘lishdan oldin o‘ylab ko‘r. Yo‘q, sizga faqat o‘ynash bo‘laman desang ham, o‘zing bilasan. Mana, mashinani minib yuraver. Uyingga hamma kerakli narsalarni yetkazib berib turaman. Alohida-alohida bo‘lsa ham yashab yuraveramiz. Bir-birimizga muhabbatimiz tugagan kuni ajralib ketaveramiz. Men sendan hech narsani talab qilmayman. Axir, ko‘ngilga buyruq berib bo‘lmaydi-ku. Faqat menga xotin bo‘lishdan avval chuqur o‘ylab ko‘r. Xotinlikning yo‘rig‘i boshqa.
– Shuhrat aka, men ertagayoq Qosimxonni izlab topaman. Ajralish to‘g‘risida sudga ariza berishga uni ko‘ndiraman. Men endi u bilan yashashni istamayman. Undan nafratlanaman. Faqat sudga bir og‘iz aytib qo‘ysangiz bo‘ldi. Bizning arizamizni paysalga solmay, tezroq hal qilib berishsin. Keyin men butunlay sizniki bo‘laman. Faqat sizni deb yashayman. Sizni sevib yashayman.
– Malika, meni aldama!
– Shuhrat aka, men yaxshi yashashim kerak. O‘g‘lim ham sizni ota deydi. Istasangiz, to‘y qilamiz. Juda katta to‘y. Istasangiz, shu haftadayoq, oy oxiriga yetmasdan. Bir og‘iz nima desangiz, men bariga tayyorman.
– Mayli, ishondim. Avval ering bilan munosabatlarni bir yoqli qilib olaylik, keyin to‘y qilamiz. Nikoh o‘qitamiz. Qur’onga qo‘lingni qo‘yib, hech qachon xiyonat qilmaslik haqida qasam ichasan.
– Xo‘p, Shuhrat aka, xo‘p. – Malikaning ko‘zlari quvonchdan chaqnab ketdi.

***

Malika Qosimxondan ajralish to‘g‘risidagi arizani osonlikcha ololmasligini yaxshi bilardi. Shuning uchun dastlab uning ishhonasiga qo‘ng‘iroq qildi. Go‘shakni ko‘targan Qosimxon o‘ziga juda tanish, umrining bir bo‘lagiga aylanib ketgan ovozni eshitib qaltirab ketdi.
– Yaxshimisiz, Qosimxon aka!
– Ha, Malika, nechuk?
– Men boshqa odamga turmushga chiqayapman. Sudga ajralish to‘g‘risida ariza bersak. Iltimos, arizani shu bugunoq bersak degandim.
– Bu haqda hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Nega bunchalik tez? Nega bir og‘iz fikrimni ham so‘ramayapsan?
– Endi fikringizning qizig‘i yo‘q.
– Bas qil. Mening qo‘yadigan xotinim yo‘q. Sen meni yaxshi ko‘rishingni unutib qo‘yyapsan.
– Men sizni allaqachon unutib bo‘lganman. Xiyonat qilganimga ham ko‘p bo‘ldi.
– O‘chir!
Malika telefonning qo‘yilgan ovozini eshitdi. So‘ngra bir nafas o‘ylanib turdi-da, Qosimxonning boshlig‘iga qo‘ng‘iroq qila boshladi.

***

Ariza yozdirib olish bir haftaga cho‘zilib ketdi. Oy oxirlayotgandi. To‘y kunini belgilashga ulgura olishmadi. Malika oy to‘lishgan sari yuragidagi vahima ulg‘ayib, kichkinagina bo‘lsa-da, shu kunlarning ichida to‘yni o‘tkazib yuborish taraddudida edi. O‘ylab qarasa, to‘yni kichkina qilishning sira ham iloji yo‘q ekan. Kamida yuz-yuz ellik odamni aytish shart ekan.
Sud, ajrim qog‘ozini berganda Malika juda xursand bo‘ldi. Talog‘ini ham so‘ramoqchi edi, o‘zi nima-yu, bergan talog‘i nima bo‘lar edi deb, indamay qo‘ya qoldi. Shuhrat Ahadovich yangi uy olib beraman deb va’da qilgandi, hali yangi uy ham izlash kerak.
Malika yangi sarpolar sotib oldi. Sanjarni kiyintirdi. Uyini muborak bo‘lsinga keluvchilar uchun yangi uslubda ta’mirladi. U xuddi qanot chiqazgudek uchib yurardi. Ishxonada ham qo‘li qo‘lga, oyog‘i yerga tegmasdi. Uni ko‘rganlar tabriklashar, u yaqinda to‘yimiz bo‘ladi, hammangizni taklif qilaman, deya shodligini baham ko‘rmoqchi bo‘lardi.

***

Oyning eng so‘nggi kuni Malika Shuhrat Ahadovichni tunab qolishga taklif qildi. Oy to‘g‘risidagi gaplardan Shuhrat Ahadovichning xabari yo‘q edi. Zero, folbinning gapi bo‘yicha bu tun Malikaning hayotidagi so‘nggi tun bo‘lishi kerak edi. Oy o‘sha tun osmonda juda tez ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Birpasda hammayoqni qorong‘ulik qoplab oldi. Baribir Malikaning ko‘ziga uyqu kelmadi. Shuhrat Ahadovich bilan gaplashib o‘tirib, tong otib qolganini ham bilmadi. Tun xuddi bir daqiqaday o‘tib ketgan edi. Malika tong otganini ko‘rib, ustidan og‘ir yuk ag‘darilganday tosh qotib uxlab qoldi.

***

Malika bir-ikki kundan so‘ng vahimadan xalos bo‘ldi. Shuhrat Ahadovich ikki kecha qoldi-da, so‘ng o‘z uyiga ketdi. Bugun yangi oy chiqishi kerak edi. Uning juda ingichka bo‘lib chiqqanini ko‘rgan Malika o‘z hayotida yangi davr boshlanishidan darak beruvchi kelgan hilolni ko‘rib, yanada suyunib ketdi. Lekin shu bilan birga diliga mahzun bir kayfiyat o‘rnashib qoldi. “Nega Sobitjonni yo‘ldan qaytarmadim? Nega yosh bolaning abgor bo‘lib ketishiga sababchi bo‘ldim? Uning yuragini qizdirmaganimda bu baloga yo‘liqmasdi-ku?” – deb o‘ylay boshladi. “Nega Shuhrat Ahadovichga bu qadar qattiq yopishib qoldim? Nega sevaman deb yolg‘on va’dalar berdim? Nega oilamni buzdim? Agar Qosimxon hozir kechirim so‘rab kelsa, kechiramanmi? Agar Shuhrat Ahadovich ertaga amalidan ketsa, men kim bo‘lib qolaman? Yana boshqani sevib qolmasligimga kim kafolat beroladi? Shunday ekan, nega hammani aldab yuribman? Ertaga Sanjar katta bo‘lsa, unga nima deyman? Abgor bo‘lgan xayotim, kechir meni. Men seni risoladagiday boshqara olmadim. Kechir meni, Qosimxon! Men senga yaxshi xotin bo‘la olmadim. Onajon, kechiring. Men uchun chekan aziyatlaringizga arzimas bo‘lib chiqdim. Kechir meni Maryam. Sen meni do‘st deganding, do‘st bo‘lib do‘stligingga loyiq bo‘la olmadim. Eh, Xudojon, men gunohkorni kechir. Yaxshi-yomon kunlarim uchun baridan minnatdorman. Baxtli kunlarim ham bisyor bo‘ldi. Saodatli damlarga ham ko‘p marotaba guvoh bo‘ldim. Bari-barisi uchun sendan minnatdorman. Yana bir marta yolvorib so‘rayman, kechir meni, Xudojon!”
Malika derazadan oyga mahliyo bo‘lib turar ekan, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlaganidan cho‘chib tushdi. Kim ekan? Onasimi? Maryammi? Shuhrat Ahadovichmi? Xayoliga hech bir yomon fikr kelmay, yugurib borib eshik zulfini bo‘shatdi. Tashqarida Qosimxon turar edi.
Malika esankirab ortga chekindi.
– Keling!
– Mana, men keldim!
Qosimxonning qo‘lida Amir Olimxon davridan qolgan qilich yaltirardi. U ichkariga kirib eshikni berkitdi…