Qattiq shamol chang-to‘zon ko‘tarib, daraxt shoxlarini bukdi, ochiq turgan darvoza qanotini taraqlatib, oynalarni sindirdi. Omonat bo‘lib qolgan uylarning shiferlari qatori, mahalla masjidining tosh tegib singan ikkita eski shiferi ham yerga tushib, parcha-parcha bo‘ldi. Tomning usti ochilib, yomg‘ir yog‘sa chakka o‘tib ketadigan darajaga keldi.
Kunlar o‘tib, bu holdan xavotirga tushgan mutavallining xayoli qochdi. Yuz qadam narida dang‘illama uy qurayotgan Izzat akaga ich-ichidan arzi hol qildi: ”Izg‘irinli kunlargacha masjid tomini berkitib olaylik, elu yurtning duosi tegib, savobga qolasiz.” U shu umidda hashamatli hovli eshigini taqillatdi. Eshikni bir usta ochdi. Hovlini ko‘rgan mutavalli hangu-mang bo‘lib qoldi. Hovli emas, go‘yo katta qurilish maydonchasi edi. Uyum-uyum g‘isht, shag‘al, shiferlar, yuzlab deraza eshik-romlari. Mutavalli qurilish kattaligidan ruhlanib ketib, ustalarga kuch-quvvat, g‘ayrat-shijoat tiladi. Izzat aka ham ”Hormang”ga yarasha qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, ”Bor bo‘ling!” qildi. Mulozamat qanchalik cho‘zilmasin, gap aylanib kelib, mutavallining iltimosiga kelib to‘xtadi:
– Jonim bilan berardim-u, qish kelmay imorat ustini yopib olish taraddudidaman. Bo‘lmasa, ikkita shifer nima degan gap!
Mutavalli sir boy bermadi. “Xo‘p, xo‘p” deya, kulib xayrlasharkan, “nomozga chiqib turing” – deya qistirib o‘tdi, alami ichida qoldi.
Bu zamonda qaysi masjidning usti yopilmay qolib ketibdiki, mahalla o‘rtasidagi gavjum bu jome’ning tomi ochiq qolsin. U ham ta’mirlanib, avvalgi ko‘rku tarovati tiklanib ketdi. Izzat aka esa o‘sha yili imorati ustini yopmagan, ikkinchi qavat qurilishini boshlab yuborgan edi. Ajab, shiferlar uchinchi yili ham ishlatilmadi. Chunki, uchinchi qavat qurilishi boshlab yuborilgandi. Bora-bora bu yaqin orada bu uyga teng keladigan hovli qolmadi. Qizig‘i shundaki, imorat bitgach, shiferlar o‘rniga oppoq tunukalar yopildi. Hovliga marmar hovuz qazilib, yunonlarda muhabat ma’budi sanalmish Amurning oppoq yalang‘och haykali o‘rnatildi, qafasga tirik yo‘lbars bolasi va o‘rgatilgan burgut keltirildi.
Bir kun mutavalli asr namozini ado etib turgandi, tashvishli qiyofada kirib kelgan qo‘shnisidan noxush xabar eshitdi: “Soppa-sog‘ yurgan Izzat aka, imorat qurilishi tugagan kuni, ustalarini rozi-rizolik bilan jo‘natibdi-da, tuyqusdan yuragi sanchib qaytish qilibdi. Ertaga peshinga chiqarilarmish”.
Yomg‘ir ertasi kuni ham, janoza o‘qilayotgan paytda ham sira tinmadi. U kishini bilganlar dunyoning bevafoligidan, ulfatlari esa shinavanda odamning bevaqt qazosidan, hamkasblari zo‘r rahbarligidan, savdoda tili shirin va uzoqni ko‘zlay olishidan, namozxonlar esa uning erta-indin namozga tushaman deb niyat qilib yurganidan gapirishardi. Xullas, hammada tushkunlik, g‘amgusorlik, Yaratganning bunday yozug‘i qarshisida ojizlik, uni tushunib olishga muhtojlik bor edi.
Izzat akaning qabrini, marhuma onasi va bolaligidayoq nobud bo‘lgan bosh farzandi go‘rlari orasiga qazishdi. Janozaga minglab odam to‘plandi, tobut qo‘lma-qo‘l bo‘ldi. Tobutkashlar yarim qadam tashlamay novbatdagi odam tobutni ko‘tarishga qo‘shilardi. Tobut imomning oldiga qo‘yildi. Imom odamlarga hayotning foniyligidan, oldinda boqiy dunyo borligidan nasihat qila boshladi. Marhumning qarzi qolgan-qolmaganligi jamoatga havola etilganda, akasi barcha qarz mas’uliyatini bo‘yniga oldi, so‘ngra saloti janoza o‘qildi. Ammo yomg‘ir bir necha kundan buyon ezib yoqqani tufayli qabristonda yurib bo‘lmas, odam oyog‘i to‘pig‘igacha botib ketar, tuproq yumshoqligidan oyoq sirpanib, qadam tashlab bo‘lmasdi. Izzatillaning akasi suv ko‘lmak bo‘lib qolgan joylarga, balchiqlar ustiga shiferlardan yotqizdi. Shundan so‘nggina tobut chayqala-chayqala odamlar yelkasi osha qabr tomon suzib ketdi.
Yangi qazilgan qabr, albatta har insonni seskantirib yuboradi. Bir zumga bo‘lsin, o‘yga toldiradi. Mana uch qavatli imorat solgan odam, shohona uyda uch kun yashamay, ikki gaz lahadning sovuq va zax qa’riga qo‘yilmoqda. Darhaqiqat, lahad tepasida mahalla oqsoqolining ovozi yangradi:
– Muhtaram jamoa, rahmatli Izzat aka qanday odam edi?
– Yaxshi, yaxshi, – har tarafdan baralla ovoz eshitildi. Nihoyat ipak qurtiday oppoq kafandagi jasad tobutdan olinib, qabrga tushirildi. Biroq… besh o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas, jasad yana qabrdan chiqarilib, tobutga solib qo‘yildi. Betoqat bo‘lib turgan minglab odam yana tahlika va xijolatda. Nima bo‘ldi? Qabr hali tayyor emas emish… Lahm torroq chiqibdi. Pichir-pichir, shivir-shivirlar… Minglab odam marhum tezroq qo‘yilishiga mahtal bo‘lib qoldi. Tobut qabr tepasida ancha vaqt turdi. Go‘rkovlar yana ishga tushib ketdi.
Nihoyat, marhum qabrga qayta qo‘yilib, ustiga tuproq tortildi. Qism-qism tuproqlar sochilib, yangi do‘ngalak paydo bo‘ldi. Imom marhum haqiga Qur’on tilovat qildi.
Yig‘ilgan jamoat shoshilib tarqaldi. Yomg‘ir tinay demasdi. Osmonni qop-qora bulutlar galasi qoplab olgan. Izg‘irinli shamol tomchilarni yuzga uradi. Yerga to‘shalgan shiferlar asqotib, odamlar hakkalagancha o‘shalarni bosib, har kim har tarafga ravona bo‘ldi.
Mutavalli hamma tarqalguncha qabr tepasida turdi. So‘ngra qabrlar oralab, loy kechib, bir-bir qadam tashlarkan, turnaqator terilib qo‘yilgan va Izzatillaning qabrigacha kelgan shiferlarga qarab, behuzur bo‘ldi, yaxtagini ko‘targancha loy kechib yurib ketdi.