— Mening qarindoshim yo‘q! Men yetimxonadan chiqqanman, tushundingmi?
Ikkinchi qavatning zinasidan chiqib kelayotgan Mavjuda erining qattiq-qattiq gapirayotganini eshitib, yuragi o‘ynab ketdi, beixtiyor tizzalaridan mador qochdi. “Tinchlikmikin, kimga bunday do‘q qilyaptilar, o‘zi?!” deb o‘yladi keyin.
Yo‘lakdan esa telefonda kim bilandir gaplashayotgan Baxtiyorning g‘azabli ovozi yangradi:
— Olimjon, gaplarimdan xafa bo‘lma, uka! Qarindosh degani faqat to‘yda kerak bo‘lmaydi, yebketarga begonalar ham yarayveradi. Mayli, biz ham to‘y qilganimizda qarindoshlar kelmay qo‘ya qolishsin! O‘zi to‘y qilganimda qarindoshlarni aytmay, to‘yxonani to‘ldirish uchun mardikor yollayman, deb qasam ichganman…
Mavjuda qo‘lidagi og‘ir yelimxaltalarni pillapoyaga qo‘ydi-da, bir zum to‘xtadi. Baxtiyor, aftidan, ammasining o‘g‘li Olimjon bilan gaplashyapti, shekilli. Yana bironta xolasi yoki ammasi to‘y qilayotgan bo‘lsa, shu bahona Olimjon qo‘ng‘iroq qilgan-u, Baxtiyorning yuragida to‘planib yotgan alam vulqonini ochib yuborgan, shekilli. Aslini olganda Baxtiyorning portlashi bejiz emasdi…
* * *
Bir necha yil muqaddam kutilmaganda er-xotin bir vaqtda ishsiz qolishdi. To‘g‘rirog‘i, Baxtiyorning ishxonasiga yangi rahbar kelib, ish joylari qisqartirib yuborildi, Mavjudaning esa jigari og‘rib, boshi kasaldan chiqmay qoldi. Bu yoqda uch nafar o‘g‘li, bir qizining bo‘yi yetib kelyapti, bari yeyman-ichaman degan yoshda, ammo hali birontasi ishlab, ota-onasining yoniga kiradigan ahvolda emas.
Baxtiyor boshida unchalik xavotirga tushmadi, kuni faqat ish qidirib, tashkilotma-tashkilot yurish bilan o‘ta boshladi. U uyda nima ahvolligi bilan qiziqmas, fikri-zikri faqat tezroq tong otishi-yu, qaysi tashkilotga borib, ish so‘rashi haqida bo‘lardi. Bolalarining tashvishlari tugul, oddiy gap so‘rashlari ham yuragiga sig‘mas, xotinining negadir rangi sarg‘ayib, yuzlari eskirgan gazeta qog‘oziga o‘xshab borayotganini payqamas, hatto uyda qanday yegulik bor-yo‘qligini ham so‘ramasdi.
Baxtiyor uyga kelgani hamoni xotini oldiga qo‘ygan ovqatni pok-pokiza tushirardi-yu, televizorning qarshisidagi divanga muk tushardi. Shu televizorning ovozigina uni butun o‘y-tashvishlaridan qutqarib, g‘urbatga to‘la uyidan uzoqroqqa olib ketardi, xolos. Baxtiyor shunchalik o‘zi bilan ovora bo‘lib ketganidan, hatto xotini nega uzzukun uyda o‘tirganini ham so‘ramasdi.
Mavjuda esa eriga tish yorishni istamasdi. Anchadan beri o‘ng biqini goh lo‘qillatib, goh simillatib og‘riyotgan bo‘lsa-da, sir boy bermay, ishga borib-kelib yuraverardi. Ammo so‘nggi paytlarda o‘ng qovurg‘asining ostida o‘qtin-o‘qtin sanchiq turishi, ko‘ngli aynib, lohas bo‘lishi, tinkasi qurishidan shikoyat qilib, shifokorga bordi-yu, “qo‘lga tushdi”. Shifokor unda jigar xastaligi borligini, zudlik bilan kasalxonaga yotib davolanmasa bo‘lmasligini aytdi.
Mavjuda esa… oiladagi barcha past-baland xarajatlarning bari hozir o‘z bo‘ynida ekanini o‘ylab, davolanishni ortga surishga qaror qildi.
* * *
Oradan bir yilcha vaqt o‘tdi hamki, Baxtiyorga mos ish topilavermadi. Mavjuda esa kasalini yashirgani sari isitmasi oshkor qilayotganini sezib qoldi. Bir necha marta mazasi bo‘lmagani tufayli ishga borolmadi, ketma-ket o‘z hisobidan ta’til oldi ham.
Bir kuni korxona rahbari uni huzuriga chaqirtirib, hadeb kasal bo‘laveradigan xodimlar xususiy tashkilotlarga katta ziyon keltirishini tushuntirdi va to tuzalib olguniga qadar uzoq muddatli ta’tilga chiqishi mumkinligini aytdi. Mavjuda bu yumshoqqina qilib aytilgan bo‘shash haqidagi taklif ekanligini tushundi va ortiqcha e’tirozsiz ariza yozdi. Ochig‘i, uning boshqa iloji ham yo‘q edi.
Mavjuda endi davolanmasa bo‘lmasligini bo‘yniga oldi, lekin shifoxonaga yotish uchun pul qani? Mana, o‘zi birato‘la ishsiz qoldi, ammo erining yaqin o‘rtada ish topib, pul olib kelishidan umid qilmasa ham bo‘ladi. Aftidan, “bemalolxo‘ja”lik Baxtiyorga yoqib qoldi, shekilli, endi ish izlab kamdan-kam ko‘chaga chiqadigan, asosiy vaqti mehmonxonadagi televizor yonida xayol surish bilan o‘tadigan bo‘lib qoldi. Bu vaqt ichida uydagi bor yig‘ib-tergan, “yaxshi kunlar uchun” asrab qo‘ygan pullarining ham tagi ko‘rinib qoldi.
Mavjuda bolalariga, ayniqsa, bo‘y yetib qolgan qiziga sezdirmaygina, umr bo‘yi taqib yurgan tilla buyumlarini sotib, bir oz davolanishga urinib ko‘rdi, ammo nomiga qilingan muolajalarning nafi bo‘lmadi ham. Ammo, eng yomon kunlari oldinda kutib turganini Mavjuda hali bilmasdi. Sotilgan tilla taqinchoqlarining puli nihoyatda tez ishlatilib ketar, ammo kasali tuzalishidan ham, erining biror ish topishidan ham darak yo‘q edi.
Mavjudaning yuragini dahshat bosdi: bu yaqin orada eri ish topolmasa, nima bo‘ladi? O‘zining ahvoli bu bo‘lsa?
— Tahlillaringiz yomon chiqqanini sizdan yashirib o‘tirmayman, — deb navbatdagi ko‘rik vaqtida Mavjudaning yuragini o‘rtadi shifokor. — Zudlik bilan shifoxonaga yotmasangiz bo‘lmaydi. Bilasiz, jigar bilan hazillashib bo‘lmaydi, aks holda…
Shifokor qo‘llarini keng yozib, ko‘zini shiftga qaratdi. Shifokor aytmasa ham, Mavjuda o‘zining ahvoli yaxshi emasligini sezib turardi. Chunki vujudini ichidan yemirayotgan kasallik uning kunu tunini bir xil qora bo‘yoqqa bo‘yashga ulgurgandi. U faqat farzandlarini o‘ylabgina og‘riqlarni ichiga yutar, tishini-tishiga bosgancha azoblarga chidashga harakat qilayotgandi.
Shunda u bir qarorga keldi. Endi qarz olmasa bo‘lmaydi. Mayli, tuzalib ishga chiqib olsa, qarz uzilib ketar, ishqilib, bolalarining baxtiga vujudini kemirayotgan kasallikdan forig‘ bo‘lsa, bas. Ungacha balki Baxtiyor ham ish topib olar…
Mavjuda kimdan qarz olishi mumkinligini o‘ylab, rosa bosh qotirdi. Ammasining o‘g‘illari dadasining yoniga kirib qassobchilik qilishadi, qo‘sha-qo‘sha mashinalar olib, dang‘illama uylar qurib yotishibdi. Pul chiqsa, faqat ulardan chiqishi mumkin…
— Voy, hozirgi zamonda pul o‘lgur kimda bor-a?! — dedi ammasi Mavjudaning qanday niyatda kelganini eshitgani hamoni. — Qara, pochchang bilan jiyanlaring ham tong qorong‘usida ketib, yarim tunda qaytib, ter to‘kishadi-yu, topganlari sariq chaqa!
Mavjuda ammasining bo‘ynidagi, bilaklari-yu barmoqlaridagi og‘ir-og‘ir tilla taqinchoqlarga, uyidagi qimmatbaho buyumlarga qararkan, bu yerdan o‘ziga ammasining iborasi bilan aytganda, “sariq chaqa” ham unmasligini tushundi-yu, xayrlashishga shoshildi. Ko‘chaga chiqqunicha o‘ylay-o‘ylay, to‘g‘ri manzilini kichik ammasinikiga soldi. Afsus…
Shu tariqa, Mavjuda to‘rt nafar xolasi bilan ikki tog‘asinikiga borib keldi. Faqat yo‘lkira bilan ul-bul ko‘tarib borishga pul sarflaganigina qoldi, xolos. Eng g‘alatisi shundaki, Mavjuda kunda-kunora mashinasini almashtirib, dang‘illama to‘ylar qilayotgan, hashamatli imoratlar qurib, restoranlarda uy to‘ylari o‘tkazayotgan qarindoshlarining bari o‘zlaridan ham “xarobroq, sichqondan ham kambag‘alroq” ahvolda yashayotganlarini tasavvur qilmagandi.
Uch kun davomida pul qidirib oyog‘i tolgan Mavjuda qarindoshlarinikiga quruq kirib bormaslik uchun oxirgi pullarini ham sarflab qo‘ygan edi.
Mana, Mavjuda endi pul so‘raydigan hech kimi qolmaganini o‘ylab, boshi qotganicha uyiga kirib bordi. Hali ostonadan o‘tmasidanoq qizi Nodira uni iddao bilan kutib oldi:
— Oyijon-ey, qayerlarda yuribsiz?! Hech bo‘lmasa nonga pul tashlab ketsangiz bo‘lmaydimi? Kuni bo‘yi nonsiz o‘tiribmiz! Bahodir bilan Botiringiz bir burda nonni talashib, mushtlashishibdi!
Mavjuda bolalar xonasining eshigidan gunohkorona bo‘yin egib mo‘ltirab turgan Botir bilan Bahodirga qaradi. Bahodirning ko‘z ostini chaqaloqning shapalog‘idek keladigan momataloq bezab turibdi.
— Voy, o‘lmasam…
Mavjuda shosha-pisha sumkasini kavlashga tushdi. Qo‘liga bittagina mayda qog‘oz pul ilashdi. Bu pulga hatto bitta non ham kelmaydi… Ko‘zlarida yosh g‘iltilladi. Shunday kunlarga ham qoladimi-ya, odam?!
— Oyijon, yig‘lamang! — kuyinchak qizi darrov jahlidan tushib, onasini quchdi. — Pulingiz qolmaganini bilardim, shunga o‘zim non olib kelib qo‘ydim.
— Voy, o‘lmasam! Pulni… qayerdan olding? — asabdanmi yoki boshqa sababdanmi, Mavjudaning yuragi xapqirib, hansirab nafas ola boshladi.
— Oyijon, faqat yig‘lamang, — qizi mehribonlik bilan uning yuzini siladi. — Ertagayam non olishga yetadigan pul qoldi. Pulni… haligi… maktabda makulatura so‘rashsa berarsizlar, deb yig‘ib qo‘yadigan eski gazetalaringizni olib chiqib topshirdik. Yana kerakmas eski darsliklarni ham qo‘shgandik, yigirma kilodan oshib ketdi. Makulaturaning yarim puliga non bilan kartoshka oldim. Qolgani… mana…
Mavjuda qizining ochiq kaftidagi buklangan, yirtilgan, yelimqog‘oz bilan yopishtirib ulangan eski-tuski mayda pullarga qaradi-yu, xo‘rligi keldi. Qizini asta quchog‘iga oldi-yu… xuddi otasi yoki onasidan ayrilgandek, ovozining boricha uvvos solib yubordi. U endi odatdagidek “bolalarim ko‘rib qoladi” deb o‘zini to‘xtatmadi, yuragidagi barcha alamlari-yu, vujudidan oromini o‘g‘irlagan bor og‘riqlar ko‘zlaridan qaynoq yosh bo‘lib otilib chiqa boshladi.
— Oyijon, yig‘lamang! Battar kasal bo‘lib qolasiz!
Qizining ovozidan Mavjuda o‘ziga keldi. To‘satdan onalik shuuri yorishib, murg‘ak bolalari onasining ahvolidan qanday cho‘chishlari mumkinligini tushunib yetdi. U kaftlari bilan yuzini sidirib, ko‘z yoshlarini artarkan, yotoqxona eshigidan qarab turgan eri Baxtiyorning dokaday oqarib ketgan yuzlarini, kosasidan o‘ynab chiqib ketgudek chaqchayib turgan ko‘zlarini ko‘rdi. Aftidan, Baxtiyor qizining gaplarini eshitgan, xotini o‘zidan yashirib yurgan haqiqatdan ogoh bo‘lgandi.
— Sen… nima… tobing yo‘qmi? — nihoyat tilga kirib, tutilib-tutilib so‘radi Baxtiyor.
— Yo‘q, yaxshiman…
Mavjuda yerga tushib ketgan yelim xaltani qo‘liga olib, oshxona tomon yo‘naldi.
— Yana so‘raysiz-a! — onasining kasali, yetishmovchiliklar yetmaganday, otasining kuni bo‘yi divanda cho‘zilib yotishlaridan toqati toq bo‘lgan Nodira o‘zini tutolmay hayqirib yubordi. — Oyim qachondan beri kasal ekanliklarini bilmaysizmi? Jigarlari og‘riyotganini, dori olishga ham pullari yo‘qligidan kechalari uxlamay chiqishlarini bilmaysizmi? Uyimizda sariq chaqayam qolmaganini ham bilmaysizmi? Yoki bugun eski-tuski gazetalarni yig‘ib, makulaturaga topshirib, puliga non olganimizdan ham bexabarmisiz?
— O‘chir ovozingni…
Baxtiyor qo‘lini palaxsa qilib, qizi tomon xezlandi-yu, xuddi kinolardagi sekinlashtirilgan kadrdagi singari seki-i-in to‘xtadi. U bir hamon bolalar xonasining eshigi oldida mo‘ltirab turgan o‘g‘illariga, bir yo‘lakda chehrasi xuddi o‘chib qolgan shamdek nursiz tus olgan xotiniga, bir qizi yig‘lagancha yugurib kirib ketgan mehmonxona eshigiga tikilarkan, ko‘zi ochilgandek bo‘ldi. “Peshanasi taq etib devorga urildi”, deb shuni aytishsa kerak…
Baxtiyor indamadi, mushti bilan eshikni tarsillatib bir urdi-yu, indamay chiqib ketdi. Na xotini, na farzandlari uning qayerga ketayotganini so‘rashmadi. So‘rashni ham istashmadi…
* * *
Tuni bo‘yi Baxtiyordan darak bo‘lmadi. Mavjuda o‘ng qovurg‘asi ostida simillagan og‘riq turganiga e’tibor bermaslikka urinib, to tonggacha deraza yonida o‘tirib chiqdi. Bunday o‘tirishlar unga yangilik emas, og‘riq tufayli qachonlardan beri tunlari mijja qoqmay yurib chiqyapti. Ammo erining qayoqqa ketganidan bexabarligi uni tashvishga solyapti. Tag‘in u yer-bu yerda ichib yurgan bo‘lsa-ya… Shu yetmay turgandi, o‘zi…
Tong yorisha boshlaganida, to‘satdan eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Mavjuda sapchib turib, eshik tomon otildi. Ammo qo‘ng‘iroq to u eshikni ochguniga qadar ham jiringlashdan to‘xtamadi.
Mavjuda eshikni ochib, hayratdan qotib qoldi. Baxtiyor rangi dokadek oqarib ketgan, usti-boshi chang, bir alfozda devorga suyanib turar, boshi eshik qo‘ng‘irog‘ining tugmachasiga tegib turgani uchun, qo‘ng‘iroq ovozi sira tinmasdi.
— Voy, bu nimasi? — Mavjuda erining qo‘ltig‘idan tutib, ichkariga yetakladi.
Baxtiyor eshikdan kirdi-yu, gup etib yo‘lakka quladi.
— Mavju, pul… yo‘q! Hamma qarindoshimnikiga borib keldim! Yo‘q! — Baxtiyor qo‘llarini musht qilib, parketni mutladi. — Pul yo‘q! Hech kimda yo‘q…
To‘satdan, Mavjudani hayratda qoldirgancha Baxtiyorning soqollari o‘sgan, yonoqlari bo‘rtib ketgan yuzlaridan ko‘z yoshlari dumalab tusha boshladi. U yonginasida o‘ziga hayrat bilan tikilgancha, lolu karaxt turgan xotinining qo‘lidan mahkam ushlab, qandaydir yovvoyi, noinsoniy bir ovozda xitob qildi:
— Men pul topaman, mana ko‘rasan! Seni davolatamiz! Faqat o‘lib qolma, iltimos!
Mavjuda nimayam desin? Axir kasali o‘ziga ma’lum, shifokor aytganidek, “jigar bilan hazillashib bo‘lmaydi”. Ammo puli bo‘lmaganidan keyin davolanishiga umid ham yo‘q. Demakki, o‘lmaslik haqida va’da ham berolmaydi…
Mavjuda shu haqda o‘ylarkan, beixtiyor o‘lim haqida shunchalar xotirjam o‘ylayotganidan hayratga tushdi. Qarilar aytishadi-ku, qazosi yaqinlashgan odam o‘limdan qo‘rqmay qoladi, deb… Balki uni ham…
U xayoliga kelgan fikrdan cho‘chib ketdi. Kuraklari orasi jimirlab, bir seskanib tushdi. Baxtiyor uning ahvolini sezib, mung‘ayib qoldi.
— Ammamnikiga ham bordim, akamnikiga ham, hech kimdan pul chiqmadi. Hozir tog‘amnikidan kelyapman. Bu yil hajga borarmishlar, shunga pul yig‘ayotganmishlar… — Baxtiyor boshini yelkalari orasiga tortib, ko‘zlarini xotinidan yashirgancha, hazin ovozda davom etdi: — Shu, deyman… Mavju… nima deysan, balki, uyni sotsakmikan?
— Nima-a?! Uyni-ya?
— Ha-da! Seni davolatish kerak-ku, axir! Pulni qayerdan olamiz bo‘lmasa?
— Eh! — alamli iljaydi Mavjuda. — Balki endi uyning puliyam menga yordam berolmas? Hali meni deb bolalarim ko‘chada qolishsinmi?
— Esing joyidami, nimalar deyapsan? Nega ko‘chada qolisharkan? Hozircha kichikroq, bir xonali uy olib turamiz. Sen tuzalganingdan keyin pul yig‘ib, boshqa uy olarmiz…
Erining kutilmagan mehribonchiligidan Mavjudaning yuragi to‘lib ketdi. Qaynoq ko‘z yoshlari yuzlaridan irmoqdek jildirab yugurdi. Baxtiyor o‘rnidan turarkan, xotinining yelkasidan ushlab, o‘ziga qaratdi:
— Yig‘lama, hali hammasi yaxshi bo‘ladi, mana ko‘rasan. Tuzalasan, ish ham topasan. Meni aytdi, dersan…
Agar telefon jiringlab qolmaganida, yo‘lakdagi er-xotin va qaynoq ko‘z yoshlari yuzini yuvgancha, ostona oldida ota-onasining gaplarini jimgina tinglayotgan Nodira qancha vaqt shu alfozda turishardi, kim bilsin? Ammo telefonning tinimsiz jiringlashi nihoyat xonadon sohiblarini sergak torttirdi.
— Qara-chi, sen qo‘ng‘iroq qilishayotgan bo‘lsa kerak. Meni so‘rashsa, uyda yo‘qlar, degin, — bo‘g‘iq ovozda dedi Baxtiyor kaftlari bilan xotinining ko‘z yoshlarini sidirib.
Mavjuda yo‘lakda turadigan telefon go‘shagini ko‘tarishga shoshildi. Uning sobiq ishxonasidagi hamkasb dugonasi Lobar qo‘ng‘iroq qilayotgan ekan.
— Mavjuda, yaxshimisiz, uydagilar tinchmi? — Lobarning jarangdor, quvnoq ovozi go‘shakdan toshib chiqib, yo‘lakni ham to‘ldiribdi. — Bizni unutib yubordingiz, bunday bir xabar olgani kelmaysiz ham. Nima, tuzukroq ish topib oldingizmi, deyman-a?!
— Yo‘g‘-e, — Mavjuda yig‘lagani ovozidan bilinmasligi uchun chuqur nafas oldi. — Hozircha uydaman.
— Nega uydasiz? — Lobarning ovozidan hayrat aralash xavotir sezildi. — Tinchlikmi, nega ishlamayapsiz?
— Shu… jigar qurg‘ur… bilasiz-ku, sal og‘rib turardi…
— Jigar, deysizmi? Voy, jigar bilan hazillashib bo‘lmaydi-ku! Nima tashxis qo‘yishdi o‘zi?!
— Mayli, qo‘yavering… — Mavjuda xo‘rsindi. — Davolatay deganim bilan pulim yo‘q-ku, baribir…
— Voy, Mavjuda, bu nima deganingiz?! Jinni bo‘ldingizmi, axir bir emas, to‘rt bolangiz bor-a! — Lobarning tez-tez nafas olayotgani eshitildi. Qiziqqon, jo‘shqin fe’lli bu ayol o‘zini tinchlantirish uchun chuqur-chuqur nafas olishga odatlangandi. — Bo‘pti, uyda bo‘lib turing, men o‘qdek uchib boraman. O‘sha eski manzilingizdasiz-a?
— Ha…
Hali Mavjudaning gapi tugamasdanoq narigi tomondan Lobar go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. Mavjuda hammomning eshigi oldida sochiq ushlagancha o‘ziga savol nazari bilan tikilib turgan eriga qarab, yelkasini qisib qo‘ya qoldi.
Lobar o‘zi aytganidek, “o‘qdek uchib” yetib keldi. U bilan birga Mavjudaning uyiga tsunami to‘foni yetib kelgandek bo‘ldi. Lobarning baland, o‘ktam ovozi to‘rt xonali uyni to‘ldirib, har burchakda jaranglay boshladi.
— Mavjuda, mana, bu pul sizga! — dedi Lobar yelim xaltani yarmigacha to‘ldirgan pullarni uzatib. — Qo‘rqmay olavering, qizimning to‘yiga atab yig‘ayotgan pulim bu… Esingizdami, sizga o‘gay onaning qo‘lida o‘sganimni aytib o‘tirardim. Onamni jigar kasalligi olib ketgan. O‘shanda olti yosh bo‘lganman, kasallikni davolatishga dadam pul topib berolmagani uchun onam bechora men bilan akamni tashlab, u dunyoga ketgan-qolganlar… — shaddod ayolning mijjalariga yosh qalqisa-da, ovozida zarracha titroq sezilmadi. — Shu kasalning kasriga akam ikkovimiz o‘gay onaning qo‘lida it azobini ko‘rib o‘sishga majbur bo‘ldik. Oling! — Lobar pullarni Mavjudaning qo‘liga tutqazdi. — Siz bilan sakkiz yil birga ishladik, yaqin dugona bo‘lib qoldik. Bolalaringizga o‘zimnikidek taqdirni ravo ko‘rmayman. Mana sizga pul! Davolaning, tuzalib, ishga chiqing. Buni sadaqa deb emas, balki yaxshi niyat bilan qarz deb beryapman. Qarz uzilib ketar, ammo sog‘liq topilmaydi. Sizga bir narsa bo‘lsa, bolalaringizning holi nima kechishini o‘ylang. To‘g‘rimi, pochcha?!
Ammo “pochcha”ning ko‘zlaridan oqib tushayotgan qaynoq ko‘z yoshlari Lobarning o‘ziga qaratilgan so‘zlariga javob qaytarishiga imkon bermadi…
* * *
Lobar Mavjudani majburlab yurib, qimmat xususiy shifoxonaga yotqizdi. Davolanishdan so‘ng uning kasali tuzalgani, ammo har ehtimolga qarshi parhez tutishi kerakligi haqidagi tashxisni eshitganida, hammadan ko‘ra ko‘proq quvondi.
Mavjudaning baxtiga, u tuzalayotgan borayotgan kunlarning birida Baxtiyorning omadi yurishib, yaxshi firmadan ish topdi. “Taqdir charxpalagi bir kun pastda, bir tepada” deganlari shu ekan-da, shuncha qiyinchiliklardan keyin bu oilaning tashvishlari arib, yorug‘ kunlari boshlandi. Lobardan olingan qarzlar ham to‘landi, bu orada Mavjuda o‘ziga mos ish ham topib oldi.
Shunday bo‘lsa-da, Baxtiyor og‘ir kunlarida yordam qo‘lini cho‘zishdan bosh tortgan yaqinlariga nisbatan alamzadaligini unutolmadi. Mavjuda erining ko‘nglini yumshatishga qanchalik urinmasin, Baxtiyorning ginasi tarqamas edi. Shu tufayli ham o‘zining ham, xotinining ham qarindoshlarinikiga bormay qo‘ydi.
Mavjuda erining qaysarlik qilishiga singan ko‘ngilni butlab bo‘lmasligi sababchi ekanligini tushunar, shuning uchun ham arqonni uzun tashlab kutardi. Vaqt ulug‘ hakam, deydilar. Kim bilsin, balki Baxtiyorning ham ko‘ngil yarasi bir kuni bitib, araz-alamlarini unutar…