Sarvi xola xonasida yamoq qilib o‘tiraverdi. Oldi to‘la tovoni yirtilgan paypoqlar, chokidan so‘kilgan shim, tugmasi uzilgan ko‘ylak, yana allanimalar… Sezmay qopti, vaqt peshindan og‘ipti. Ham vaqti namoz, ham tomog‘i qaqrab choy ichgisi kelyapti. Qo‘lidagi ninani ip g‘altakka sanchdi-da, deraza osha hovli sahniga razm soldi. Bir maromda qor yog‘moqda. Daraxtlarning novdalari egilgan. Sovuq ham zabtiga olgan. Uy-uyiga kirib olgan kelinlar sovuqdan erinib hovliga chiqishmapti, shekilli. Bir choynak choy damlab kelish ish bo‘ptimi? Bunaqa ishlarni oydinda oyog‘i bajaradi-ku.
«Yo Imomi a’zam», u tizzasiga tiralib o‘rnidan turdi. Ammo… Voy! Voy! Tavba-ey, oyoqlari uvishib qopti, tizzalari zirillaydi. Beli tortishib og‘rib turgani uchun bukchaygancha emaklab borib eshikni ochib hovliga chiqdi. Qor ostonagacha ko‘tarilibdi. Atrofga nazar soldiyu ich-ichidan sevinchi toshib bahri dili yorishib ketdi. Pag‘a-pag‘a yog‘ib turgan qor parchalariga bolalarcha zavqu ehtiros bilan tikilarkan, ko‘zlari chaqnab, porladi.
— Yog‘! Yog‘aver, yog‘ishingdan aylanay, juda yaxshi! Qishning ziynati qor-da! Beg‘uborsan, poksan, koni foydasan, vaqtida yog‘sang, yer to‘yadi — el to‘yadi.
U qo‘lini cho‘zib, kaftini qorga tutdi. Kaftiga qo‘ngan yulduzchalarni to‘ymay tomosha qildi. Kaftining haroratida erib borayotgan qor zarralarini avaylab artdi. Ruhiyatiga qordek yumshoq yengillik kirib, biroz tetiklashdi. Aylanib uchib zamin uzra bosh qo‘yayotgan qorning oppoq zarralariga sevinib tikilaverdi. Hozir choyni damlab keladi, bir piyolagina ichadi, kurakni olib birpasda yo‘lkani ochib kurab tashlaydi. Havasga qiladigan ish bu, bir paytlar tomning qorini kuraganda hovli o‘rtasida qorli tog‘ paydo bo‘lardi. Shu tog‘ ustidan bemalol tomga o‘tib, undan qorli toqqa tirmashib sirg‘anchiq uchmasmidi. U xotiralarga berildi. Narigi uydan kelinlaru nabiralarning gangir-gungur ovozlari, televizordan taralayotgan ashula ohanglari shundoq eshitilib turibdi. Birdan dimog‘iga yog‘da qovurilgan tuxum isi urildi. Qorni ham ochibdi. U bir tamshanib kelinlar xonasiga qaradi.
— Yoshlarga mazza-da. Oh, yoshligim, qani o‘sha yoshligim? E-e! O‘tdi-ketdi, g‘ir etib, essizgina, umr — o‘tkinchi, birpasda qarib qolarkan odamzod, deya ichida o‘yladi u…
Sarvi xola choynakni ushlagancha hovli adog‘iga atak-chechak qilib bordi. Loaqal shu yolg‘izoyoq yo‘lning qorini kurab, yo‘l ochmagan kelinlardan ranjib, oshxonaga yetdi-yu, yaxlab yotgan zinaga oyoq qo‘yishi bilan sirg‘andiyu toyib ketdi.
— Yo, tavba! Yo alhazar! O‘zing asra! O‘zing madad ber, Egam, — degan iltijolari xayolidan yalt etib o‘tdi. Boshi yerda — qor ustida, oyog‘i zinada, beli zinaning qirrasida qoldi. Qani o‘zini o‘nglab, uzatilgan oyog‘ini yig‘ib ololsa… Bu ne ko‘rgulik? Oyog‘i toshga aylanibdimi, nega qo‘zg‘ata olmayapti. Kuni bitgan shekilli, nahotki shu alfozda… U bor kuchini yig‘ib, kelinlarni yordamga chaqirdi. Turg‘izib qo‘yishsa, bu yog‘ini o‘zi eplaydi. Voy tavba-ey, ovozi ham chiqmaydi.
— Hoy, Mavluda, O‘g‘iloy! Bu yoqqa qaranglar, kelinlar-uu, voy, jonim, voy-y, hozir o‘lib qolaman. Chiqinglar uydan! Manga qaranglar-ey!
Hayriyatki uy to‘ridagi eshik ochildi. Ha, eshitishdi, yaxshiyamki shular bor, eshik qayta yopildimi, u anglolmay qoldi.
— Kim? — so‘radi Mavluda olma chaynab turib, — birov chaqirdimi?
— E, o‘tiravering, kim bo‘lardi,oyim-da, shu izg‘irinda ham tinch o‘tirmaydi, bir ish boshladi shekilli, — ensasi qotdi O‘g‘iloyning.
— Kecha mullakam qovoq opkeluvdilar, hozir chiqsangiz qovoq somsa qilinglar, deydi.
— Shu sovuqda kim boradi oshxonaga?
— Chaqiryaptilar, eshityapsizmi, hoy-hoylab chaqiryaptilar, — Zuhra kelin derazaga quloq tutdi.
— E! Borsangiz hozir ish buyuradilar… O‘tiravering, eshitmabmiz, deymiz.
Ovsinlarning kulgusidan xona devorlari zirillab ketdi. Eshik yopilib hangoma davom etaverdi. Televizor hali kino, hali seriallar, hali «Handalak»ni ko‘rsatib, ularni chalg‘itardi.
Sarvi xola «Voy, jonim, nima bo‘ldi menga» — deb bir amallab kirib olgan oshxonada uzoq yotdi. Na belini, na oyog‘ini o‘nglab ololmadi. Zora birortasi chiqib qolsa. Tagidan zax o‘tib, tanasi muzlay boshladi. Agar hozir qizi bo‘lganida yugurib oldiga kelmasmidi? Bir emas, olti o‘g‘il tug‘dim, deb kerilib yuraveripti. Davralarda so‘zini hech kimga bermay o‘g‘illi to‘kis bo‘lib yurganlari-chi. Shoshmang, o‘zi o‘g‘il nima karomat ko‘rsatarkan? Loaqal bittasi qiz bo‘lmadi-ya. Hozir rahmatli choli Abdurahmon bo‘lganda-ku… U ham choyxonadan maqtanib kelardi.
— Onasi, Rahim kervoz boru, ko‘chaning boshida turadigan, kosamning tagida qolgan oshni yeb, yalab qo‘ydi. «Niyat qildim, aka. Sizning yo‘lingizni bersin», — deydi. Eshitdingmi?
— Aytmadingizmi, hammasi Yaratgandan, deb…
Olti o‘g‘ilni boshqalardan kam qilmay orzu-havas bilan katta qildi, uyladi, joyladi, bari bola-chaqali, ishli bo‘ldi. Nima bo‘lgandayam o‘g‘il xotinim deb, qiz erim deb ketar ekan. Mehr olmadek ikki pallaga bo‘linar ekan.
Sovuq oshxonada ingranib yotarkan, kelinlari bir-bir ko‘z oldidan o‘taverdi. To‘ng‘ich o‘g‘lining xotini Adiba yaxshi chikdi. Kelgan kunidayoq tug‘ishgan qizidek bo‘lib ketdi. Tarbiyalagan ota-onasiga rahmat. Og‘riq zo‘rayib, ko‘z oldi qorong‘ilashdi…
Ko‘cha darvozasi g‘iyqillab ochildi. Sovuqdan qo‘llari ko‘karib kelini Adiba ko‘rindi. Qalin po‘stinga o‘ralib olgan Adiba to‘g‘ri qaynonasining xonasiga burildi. Qordagi g‘achir-g‘uchur oyoq tovushlarni eshitib Sarvi xola suyunib ketdi.
— Hoy, — dedi zaif ovozda. — Kimsiz? Bu yoqqa qarang, oshxonaga.
Adiba zaifgina bu ovozni eshitdi. Qadamini shu tomonga tezlatdi. Oshxonaga kirdiyu kampirning yotish ahvolidan hang-mang bo‘lib qoldi.
— Oyijon! Voy, bu nima yotish?! Yiqildingizmi? Ovsinlarim qani? – Gapira turib qaynonasining qo‘ltig‘idan olib turg‘izmoqchi bo‘ldi, ammo eplab bo‘lmadi.
— Tegma, tegma, bolam, voy jonim, belim uzilib ketgan shekilli, tegma, — deb dodlardi.
U ayvon tomon yugurdi. Bor ovozi bilan baqirdi:
— O‘g‘iloy! Mavlu! Hoy, Zuhra! Tez! Tez buyoqqa kelinglar! Oyim… Oyim axir yiqilib tushibdilar-ku, nahotki ko‘rmagan bo‘lsanglar. Nahotki eshitmay uyga qamalib o‘tirsanglar.
U uyga kirib «Tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qildi. Issiqdan yuzlari bo‘g‘riqqan O‘g‘iloy, Mavluda, katta jun ro‘molga o‘ralib olgan Zuhra ketma-ket ayvonga chiqishdi.
— Nima gap? Tinchlikmi? Namuncha hovliqasiz, opa, o‘t ketdimi? — ensasi qotdi Mavludaning.
«Shu sovuqda tinchgina uyida o‘tirmay, yetib kelganini-chi» — pichirladi labini burib O‘g‘iloy.
— Yuringlar, — dedi Adiba oshxonaga imo qilib. To‘rt kelin xolani bir amallab ko‘tarib, uyga olib kirishdi. Joyiga yotqizib, yuzini silab, dori hidlatishdi. U ko‘zini ochdi. Rangi dokadek edi. «Tez yordam» yetib keldi. Doktor bemorni tekshirib ko‘rgach, kasalxonaga olib boramiz, dedi.
— Nima gap? Oyim qanilar? Tuzukmilar? Sani ko‘zing qayoqda edi?
— Voy, oyim, adasi, oyim yiqilibdilar, — u qattiqroq yig‘lab yubordi.
— Ko‘z yoshingni art-e, — baqirib berdi Botirali, — yig‘lama, tut o‘zingni.
Adiba itoatkorona stulga o‘tirdi. Botirali bosh shifokor xonasiga kirib ketdi. Adibani yig‘lama, deb koyisa ham o‘zini tutolmay o‘z yoshlarini yashirardi.
Eshik ochilib, davolovchi shifokor ko‘rindi.
— Rentgendan o‘tkazdik. Bel pastki qismidan bo‘ksa suyaklari darz ketgan, gipsladik. To‘piqdagi shilingan yaralar qo‘rqinchli emas, malham surtib bog‘lab qo‘ydik. Mana bu dorilarni ichirib turing, — u dorilar yozilgan ro‘yxatni uzatdi, — Bu og‘riq qoldiradi, bu suyaklarni mustahkamlaydi. Faqat qattiq o‘rinda qimirlamay yotishingiz lozim.
…Mana, shunga ham sakkiz oy bo‘ldi. Qimirlamay yotavergan Sarvi xola qoq suyakka aylandi. Ozib-to‘zib ovqatdan ham qoldi. Adiba erini, bolalarini o‘z holiga qoldirib, kampirning oldiga ko‘chib keldi. Goh dori, goh choy, goh hojat… hech kimni qarigan chog‘ida yotgulik qilmasin. Azobda qolgan ona arang pichirlaydi: «Kam bo‘lma, bolam, baraka top, mehnatlaringni rohatini ko‘rgin…»
Ertalab O‘g‘iloy ishga ketayotganda deraza ortidan so‘raydi: — Tuzukmilar? Yaxshi bo‘lib qoldilarmi? Ishga ketayotuvdim.
Mavluda umuman ko‘rinmaydi, o‘zini ish bilan band odamdek ko‘rsatadi. Zuhra eshikni qiyagina ochib, — Opa, — dedi burnini jiyirib ro‘molcha bilan to‘sib olarkan, — tuzukmilar? — u yov quvgandek zumda g‘oyib bo‘ldi.
— Uxlab qolibman. Ishga kech qoldim. Kechqurun kirarman, — deydi derazadan mo‘ralab Bahrom.
«Ertalab kirib o‘taman, sog‘liqlarini so‘rayman, hozir kech bo‘lib qoldi» xayolidan o‘tadi Bahodirning. — Oyim tuzukmilar? — so‘raydi xotinidan, — sen xabar olib tur, yana gap chiqib yurmasin.
Kunlar o‘taverdi. Coat millari imillaydi.
— Adiba, — deydi u pichirlab, — qiynalib ketding, bolam…
— Qo‘ying bu gaplarni, hali ko‘rmagandek bo‘lib ketasiz, qizingizni to‘yiga o‘zingiz bosh bo‘lasiz, sizdan umidlarim mo‘l, oyijon, hamisha yaxshi niyat qilish kerak, o‘zingiz bizga shunaqa deb o‘rgatgansiz.
— Be-e, gapirasan-da, ko‘nglim uchun shunday deysan. Sening malhamdek shirin zaboning, mehring meni shu kunlargacha asrab keldi. Yo‘qsa, allaqachon… Hammasiga aqlim yetadi. Yoshi kattalarning singan suyaklari bitmaydi, o‘smaydi ham. Yosh bo‘lganimda ikki oyda oyoqqa turib ketardim. Ahvolim kundan-kunga naryoqqa qarab ketyapti. Kampir xo‘rsinib chuqur «uf» tortdi. Ko‘zi yoshlandi. Labi pir-pir uchib qimtindi.
— Botirim kelsa ayt, meni bu yerdan olib ketinglar. Sandan boshqasiga ishonmayman. Hammasi ham bola-chaqa o‘stiryapti. Shunaqa dunyo ekan. U yana xayol surib ketdi. So‘ng: — Adiba, — dedi afsus bilan, —- yoshlik shoshib turgan mehmonga o‘xsharkan… Kuchga to‘lgan yoshlik yillarim hech ko‘z oldimdan nari ketmaydi. Qadriga yetmagan ekanman.
Qarab turib Adibaning ko‘ngli vayron bo‘ldi. Unga rahmi kelib, uzoq termulib qoldi. Qaniydi, qo‘lidan kelsa-yu, uni oyoqqa turg‘azib olsa. O‘ksikli ko‘z yoshlarini ko‘rmasa… Qo‘sha-qo‘sha o‘g‘illarining to‘ylarida, nikoh bazmida davraga tushib «Tanovar»ga xirom aylab, butun to‘y ahlini lolu hayron qoldirgan ayol qani?
O‘sha kunning o‘zidayoq Botirali onasini uyiga olib ketdi. Ishdan qaytgan Bahrom aslo ajablanmadi.
— Qayerda tinch bo‘lsalar, o‘sha yerda bo‘lganlari yaxshi. Botir, qo‘ng‘iroq qilib xabarlashib turgin, — dedi. Adibaning ko‘z yoshlarini ko‘rib Zuhra piching qildi:
— Oyim o‘lmaslaridan burun yig‘lab o‘zingizni yaxshi, fidoyi ko‘rsatmoqchimisiz? Yig‘iga balo bormi? Yaxshi niyat qiling.
— Fidokor, mehribon opamiz bor-da, — Mavluda jilmaydi.
Adiba ichkari uyga joy qildi, ohori to‘kilmagan yangi, oppoq choyshablarni yozib berdi. Ona oyoq-qo‘lini uzatib, xotirjam nafas oldi. Adiba choy damlab keldi. Bir piyola asal choy ichirib, oyisining yuz-ko‘zlarini silab o‘tirdi. Bemor faqat bir ho‘plamdan choy, navbati bilan sharbat ichadi. Lekin kundan-kunga ahvoli ketib borayotganini sezgan Botirali ishga bormay, o‘z hisobidan ta’til oldi. Adiba kampirning boshidan nari ketmaydi. Uni biroz chalg‘itib, kayfiyatini ko‘tarishga harakat qiladi. Nima bo‘lganda ham har kuni g‘animat bo‘lgan momoning duolarini olib qolsam, deydi.
Har kuni tongda o‘qishga ketar chog‘i Alisher bilan Laylo buvijoni oldiga kirib, salom berib achomlashadi.
— Tuzukmisiz, buvijon, qarang, kechagidan ko‘ra ancha yaxshisiz, yaxshi bo‘lib qoling, buvijon, bugun siz uchun «a’lo» baholar olib kelaman, — deydi Alisher. Buvining quruqshagan lablari yoyilib, ko‘zlari porlab qalbidan mehr tuyg‘ulari toshib duo qiladi. Buvi ularga uzoq termulib turadi. Behol lablari «O‘sib uninglar, baxtingizni bersin, sizlardai roziman…» deb pichirlaydi. Oyu kunlar shu tahlit o‘tib turdi.
Bugun ertalab kampir tetiklashib uyg‘ondi. Gaplari tiyraklashdi. Xonaga, derazaga, shiftu eshiklarga bir-bir razm solib qaradi-da, Botiralini so‘radi. Sharbatni oxirigacha ichib qo‘ydi-da, kulimsirab Adibaga qarab qo‘ydi.
— Yana ozgina bergin, vujudimga moyday yoqdi-ya, — dedi jilmayib. Adibani bag‘riga olib, «Sani qizim deganman, unutma», dedi. Adiba suyunib ketdi. «Ey Tangrim, o‘zingga shukr, oyim hademay yaxshi bo‘lib ketadilar, hayriyat mehnatlarim zoye ketmadi».
U qaynonasini quchoqladi. Ona ham, bola ham o‘zida yo‘q shodon edilar. Bu holni kuzatib turgan Botiralining ichi «shuv-v» etib ketdi. U suyunmadi, borlig‘ini g‘ashlik qopladi.
Peshinga borib momoning yuzida rang qolmadi. Adiba piyolada suv keltirib labiga tomizib turdi. Lekin so‘nggi tomchilar bemorning labi chetidan oqib tushaverdi. Yumuq ko‘zlarining chetidan durdek oqqan yoshlari yanoqlarida qoldi. Oqshom chog‘i Adibaning qo‘llarida so‘nggi nafasini olib, boshi o‘ngga tomon biroz og‘di. Lablari tabassumga moyil holda ko‘zlarini yumib yotardi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2018 yil, 47-son