Mirzo Ahad. Zora ishlab ketsa… (hajviya)

Qizim gap olib keldi: tepakallarning miyasi mixday ishlarkan. Bo‘lishi mumkin, dedim. Chunki kaminaning sochi siyraklasha boshlagan edi. Xursand ham bo‘ldim. “Endi bolalarga nima deyman?” degan o‘ylov bilan yurgan edim-da.
– Oyimning miyalari ishlamaydi, – deb keldi tag‘in qizim.
– Nega unday deysan?!
– Bir joyga qo‘ygan narsalari eslaridan chiqib yuradi. Ammo pul so‘rash eslaridan chiqmaydi.
– Ko‘rdingmi?! Baloday ishlaydi.
– Baribir-da, – hafsala bilan qo‘lini siltab qo‘ydi u. – Kecha akamning paypog‘ini yuvaman deb, gazga suv qo‘yib, o‘zlari Dilshoda yanga bilan chaqchaqlashib o‘tiribdilar. Ancha vaqt o‘ttandan so‘ng “suv qo‘yuvdim-a, esim qursin”, deya gazxonaga kelsalar, choynakning suvi tugab, teshilishiga bir bahya qolibdi. Yana suv qo‘yib, bizlarga choy damlab berdilar. Men choyimni ichib maktabga ketdim. Kelsam, akam yig‘lab o‘tiribdi: onam paypog‘ini yuvmagan ekanlar. “Ishim boshimdan oshib yotibdi, hali mollarga qarash kerak, tovuqlarga don berish kerak, xamir qorish kerak”, deb akamni jerkiyaptilar. Tag‘in, “Gazga suv qo‘yib, o‘zing yuv”, deyaptilar. Akam bechora kirlarini o‘zi yuvdi…
– Onangning ham ishi ko‘p-da, qizim. Senlarga osh-ovqat qilaman, kir-chiringni yuvaman, deb to‘rt tomonga yuguradi. Yana mol-hol…
– Siz bilmaysiz-da, dada, – gapimni bo‘ldi qizim. – Onamlarning boshla¬ri ishlamaydi. Bir ishni qilaman, deb ikkinchisini bajaradilar-da, birinchisi eslaridan chiqib ketadi, yoki teskari bo‘ladi.
– Xo‘p, nima qilish kerak deysan, – dedim qizimga muloyimlik bilan.
– Oyimning tepa sochlarini kesib tashlash kerak. Zora, miyalari yaxshi ishlab ketsa….
Qizimning bolalarcha mushohadasi kulgimni qistatgan bo‘lsa-da, biroz o‘ylanib qoldim. Uning “taklifi” hayotga tatbiq etilsa, kunora quloqqa chalinib qoladigan adi-badi, qo‘ydi-chiqdilar barham topgan, ayollarimiz dono mutafakkirlarga aylanib qolgan bo‘lisharmidi?!
Shu jumlalarni yozayapman-u, yelkam o‘z-o‘zidan ucha boshladi…