Mirzo Ahad. Rahmat (hajviya)

Odamlar qanday qilib mashina olisharkan-a? Mo‘minjon Qobilovich yeb-ichishdan, kiyishdan iqtisod qilib, uzoq yillar yengil avtomobil xarid qilish uchun pul jamg‘ardi. Biroz yurgan bo‘lsa ham yaxshi saqlangan “Jiguli” sotib oldi. Garajga puli qolmagach, noiloj mashinasiga zamonaviy signalizatsiya o‘rnatdi. Ko‘ngli xotirjam bo‘lib mashinasini uy oldida qoldiradigan bo‘ldi. Bir hafta davomida hech bir ko‘ngilsizlik yuz bermadi.
Ammo keyingi haftaning o‘rtalarida  liftga kirsa, yelim bilan yopishtirilgan qog‘ozga ko‘zi tushdi. “Hurmatli falon davlat raqamli “Jiguli” egasi! Mashinangizning  signalizatsiyasi jonimga tegib ketdi.  Uning dastidan qattiqroq yo‘talib ham bo‘lmaydi. Ishlab ketib quloqni qomatga keltiradi. Na uyqimizda halovat bor, na dam olishimizda. Biror chorasini ko‘ring. Bo‘lmasa o‘zingizdan o‘pkalang. Sizga chuqur ehtirom ila pastki qavatlarda istiqomat qiluvchilar”, deb yozib qo‘yilgandi unda.
Mo‘minjon Qobilovich boshidan do‘ppisini olib o‘ylab ko‘rdi. Bunday olganda signalizatsiyaning unga foydasi ham yo‘q, hisobi. Chunki u to‘qqizinchi qavatda turadi. U yerda deyarli  signalizatsiya eshitilmaydi. Shularni hisobga olgan Mo‘minjon Qobilovich, mashinasining signalizatsiyasini o‘chirib qo‘ydi.
Ertalab liftga kirsa boshqa qog‘oz osig‘liq:
“Falon raqamli mashina egasiga rahmat!”.
Mo‘minjon Qobilovich o‘zidan xursand bo‘lib, birinchi qavatga tushdi. Afsuski  mashinasini joyida ko‘rmadi…