Bahodir atak-chechak yurib, “aya”, “ada” deganda, o‘zi ham, ota-onasi ham quvonchdan o‘zlariga sig‘masdi.
Besh yoshga to‘ldi. Piyola sindirdi. Onasining jahldan lablari pirpiradi. Qoshi chimirildi.
– Hoy, ahmoq, nega piyolani sindirding? – deb onasi bir tarsaki tushirdi. Bahodir rosa yig‘lab, oxiri charchab to‘xtadi.
Maktabga qadam qo‘ydi. Yozishni, sanashni o‘rgana boshladi. Maktab hayoti boshlandi. Bir kuni uy vazifasini bajarmay bordi.
– Nega uy vazifasini qilmay kelding? – deb urishdi muallim.
Goho bajarib borganda “bahoying besh”, – dedi, quvontirdi. Shu alfozda kunlar o‘tdi. Ulg‘ayaverdi. Otasi ham ilgarigidek erkalab osmonlarga otmadi. Quchoqlab bag‘riga bosmaydigan bo‘ldi.
Kunlar bir-birini quvib o‘tardi. Ota o‘g‘lining kundaligini ochdi, nigohi kundalikdagi “ikki” bahoga tushdi.
– Nega “ikki” olding, – deya tarsaki tushirdi.
Qanchadan-qancha erkalatishlardan keyin bu tarsaki unga yoqmadi. Otasidan xafa bo‘ldi. Bir necha kun arazlab yurdi. Kunlarning birida otasi yana kundalikka nazar tashladi. Ota “besh”ni ko‘rib erkaladi. Boshini siladi:
– Ha, ota o‘g‘il, odam bo‘lay desang, shunday o‘qigin.
Maktabni bitirdi. O‘zi orzu qilgan oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirolmadi. Tanish-bilishlaridan, do‘stlaridan uyaldi. Ko‘chaga chiqolmay, uyda diqqinafas bo‘lib yurdi. Ko‘chaga chiqdi. Hech kimning ishi bo‘lmadi. Hamma o‘z tashvishi bilan band. Nega kirolmading, ham deyishmadi.
Ishga kirdi. Ishladi. Universitet anchagacha qalbida o‘kinch bo‘lib qoldi. Ulg‘aydi. Yigitmisan yigitdek qat’iyatli bo‘ldi. Soqol, mo‘ylovini oldiradigan, bir ro‘zg‘orni eplaydigan bo‘ldi.
Sevdi, sevildi, turmush qurdi.
Ota o‘g‘lini yoniga chaqirdi:
– O‘g‘lim, mana men vazifamni bajardim. Bir boshingni ikkita qildim. Mustaqilsan. Qarzim yo‘q, bolam, – dedi.
Bahodir mustaqil bo‘ldi. Faqat turmushning quliga aylandi. Uyining yonidagi oqar suvda charxpalak goh aylanadi, goh ariqqa suv kelishini kutib yotaveradi. Bahodir ham goh quvonchga, goh g‘amga botib, yaxshi kunlarni kutib yashayverdi. Yaxshi kunlari ham, ozroq ichikkan kunlari ham yetarli bo‘lgancha qatorlashib o‘tib borardi.
Bahodir ota bo‘ldi. Ozmi-ko‘pmi qo‘ni-qo‘shni, qavm-qarindoshni yig‘ib, otalik maqomini nishonladi. Oldinma-ketin uch farzand ko‘rdi. Otalik gashtini o‘tkazdi. Bolalarining yig‘isiga, sho‘xliklariga ko‘nikdi. Kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan yig‘indi. Ikki qizni, bir o‘g‘ilni uyli-joyli qildi. Qarilikni bo‘yniga olib, nimanidir kutganday osmonga qaragancha, bir paytlar otasi yotgandek yonboshlab yotaverdi. Otasining mehnatlarini, otalikni tushundi. Nabirasi yoniga keldi:
– Bobo, nega sizning sochlaringiz oppoq?
– Qarilik, – dedi bobo.
– Bobo, nega bizlardek bekinmachoq o‘ynamaysiz? – dedi bobosining oppoq sochlarini silab.
– Qarib qoldik, bolam.
– Nega qaridingiz, bobo, mendek bola bo‘lsangiz bo‘lmaydimi? Ikkalamiz o‘rtoq bo‘lib o‘ynardik. Nima qilasiz bobo bo‘lib? Yosh bo‘ling!
– Qani edi, lekin qaridim. Bu yo‘ldan qaytib bo‘lmaydi.
– Hadeb qaridim, deyavermang.
Oson emas ekan bu savollarga javob berish. Bir paytlar Bahodir ham otasiga shu savolni bergandi. Shularni eslab otasining qadriga yetmaganidan o‘kindi.
– Bolam, bu savolga hali hech kim javob topmagan ekan. Ushalmas orzu ham shu, bolam. Hamma yigit bo‘lib qolsaydim, deydi. Bo‘lolmaydi-da, – deb og‘ir tin oldi.
Kunbotar tomonga qaradi. Quyosh botib borardi. Faqat quyosh qaytib chiqaveradi, oy-yulduzlar qaytib chiqadi. Yillar sanalib, oylar, kunlar o‘taveradi. Faqat sonlar, raqamlar o‘zgaradi. Odam esa qayta tug‘ilmaydi.
Yillar o‘tdi. Bahodirning bolasi Alibek ham otasi bosib o‘tgan yillarni, oy, kunlarni bosib o‘tdi. Sochiga oq, yuziga ajin tushdi. Belidan quvvat ketdi. “Keksalik gashtini suryapman”, deydi-yu, ich-ichidan qani edi yosh bo‘lib qolsaydim, deb xayol suradi.
Nabirasi yoniga keldi. Alibek bir paytlar bobosi va otasiga bergan savolni endi nabirasi qaytardi.
– Bobo, nega sochingiz oq, yuzingiz g‘ijim, nega menday bola emassiz?
– Qarilik, – dedi.
– Nega qaridingiz?
– O‘zim ham bilmayman. Birpasda qarib, bobo bo‘lib qolibman.
– Men ham sizdek bo‘lamanmi?
– Bo‘lasan, bolam. Sen kabi nabiralaring ham bu savolni beraveradi. Mendek savolga javob izlab o‘tiraverasan. Chunki bu to‘xtamas oqim. Oqim o‘z qonun-qoidasidan ajramaydi.
Nabira jim bo‘lib qoldi.
– Bu oqim qayerdan boshlanadi, qayerda to‘xtaydi?
– Sening yoshingdan. Shu savolni bergan kuningdan.
Bir kun keldi, yillar, kunlar, oylar o‘tib, Alibekning nabirasiga ham shu savol berildi…
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 1-son