Mirzapo‘lat Toshpo‘latov. Maydon (hikoya)

— Hoy, odamlar! Aziz polvon o‘zini yiqitgan polvonga qizini berarmish!
— Qizining o‘zi ham shunday deb turganmish. Rozimish.
— Juda qiziq bo‘pti-da. Xuddi ertaklarga o‘xshaydi-ya!

* * *

— Odamlar-o, odamlar, eshitmadim demanglar! Aziz polvonnikiga to‘yga-oov…
Hamma hayron: Aziz polvon qiziga qalliq tanlash uchun kurashli to‘y qilsa, o‘zi kurash tushsa…
— Asli, qizini erga bermoqchi bo‘lgan ekan, qizi: «Unda kurashli to‘y qiling, kim meni yiqsa, o‘shanga tegaman», deb oyoq tirab olibdi. Otasi: «Ko‘nsang ham, ko‘nmasang ham, meni yiqitganga beraman», deb turib olgan ekan, qizi rozi bo‘ptimish.
— Lekin qiziyam o‘zi qizmisan-qiz-da. Ko‘rganmisan, xurliqo, pari nusxa-da.
— Ha, kurashmisan, kurash bo‘ladi-da!
— Aziz polvonni yiqitadigan mard bormikan o‘zi.
— Uning bilan belashish uchun Farhoddek botir kerak.
— Xuddi, ertakning o‘zi-ya.
— Ertaklar bekorga to‘qilmagan-da, oshna.
— Zarjahon rivoyatini eshitganmisan?
— Yo‘q…
Aziz polvonning qishlog‘i-yu yon-atrof qishloqlarda shu taxlid gaplar aytilardi. Unut bo‘lgan rivoyat yoddan ko‘tarilganda shu polvonlarni eslashardi.
— Hamma biladigan Zarjahonni eshitmabsan-a. Eshit bo‘lmasa, xumkalla, bu rivoyat ajdodlarimiz haqida. Ular kurashni sevishgan. Ayollari ham jasur bo‘lgan. O‘shal uchun ularga yov yaqin yo‘lamagan. Bilib qo‘y, bu rivoyat o‘zimizning ona Zarjahon haqida. Yaxshilab eshit. Balkim, bola-chaqangga so‘zlab berarsan. Bu rivoyatni «Ona botir», «Ona oqil» hakida qo‘shiq ham deb yuritishadi. Xatoga yo‘l ko‘yma-ya, avlodlar qahriga uchraysan…
Nasaf qishlog‘i. Telba daryo — Qashqa. Saroy qabilasining sardori yorug‘ dunyodan ko‘z yumdi. Ahli aholi bir hafta ko‘k kiyib, sadr tepdi… Yig‘idan ko‘zlari qizardi. Uning yaxshiligi uchun ham dildan yig‘lab sadr tepishdi. Mehr olamida beqiyosligini, mardlar maydonida tengsizligini, adolatparvarligini aytib yig‘lashdi. Ammo, u tirilib kelmadi. Shul bois, qabila ulug‘lari kengashga yig‘ilishdi. Biri u, biri bu dedi. Bir qarorga kelolmay, uch kun tortishishdi. Axiri, «sardorning qizi Zarjahon kimni o‘ziga loyiq topsa, o‘shal bosh bo‘lsin», degan qarorga to‘xtashdi.
Zarjahonni chaqirishib, kengash qarorini aytishdi.
Qiz o‘ylanib javob qildi:
— Ey ulug‘lar, agar sizlar shuni qaror qilibsizlar, men rozidurmen. Faqat shartim bor.
— Qani-qani, eshitaylik-chi, — deyishdi kengash ahli. Qiz ularga yana ta’zim qilib shartini aytdi.
— Otaxonlar, men tanlagan yigit el-ulusga bosh bo‘larkan. Unda aql-zakovat birlan uni sinamog‘im kerak.
— Xo‘sh-xo‘sh, qizim, — deyishdi o‘tirganlar.
— Shartim shu: meni yikib, ikki savolimga javob berganga xotin bo‘laman. Shart hammaga ma’qul tushdi.
— Ha, qizim, to‘g‘ri gapni aytding. El boshida bosh bo‘lib turgan odam zo‘r va oqil bo‘lmog‘i kerak, — deyishdi-da, shu zahoti qizning shartini elga e’lon etishdi.
Elning manman degan polvon, mard yigitlari qur atrofidan joy olishdi. Zo‘rlarning zo‘rin, qizning kurash tushishin ko‘rmoqqa tumonat tomoshabin ham qur atrofiga cho‘kdi.
Qur o‘rtasida davra. Davraga sochini gurmaklab, jomakor kiyib olgan Zarjahon chiqdi. Go‘yo oymisol davrani yoritdi. Go‘zalligin ko‘rgan bulbullar sayrab yubordi. Odamlar hayajondan «voh» deb, polvon bo‘lmaganidan ming bir afsus tortishdi. Qiz kurash tushdi, manman degan polvonlarni bo‘yi barobar ko‘tarib otdi. Qiz bolaning shunchalar qudratliligidan, «yo tavba», deya yoqalarini ushlashdi. Tomoshabin ko‘p, kurashadigan yo‘q. Bori ham tugadi. Boshi qotgan bakovul davra aylanib Zarjahonning cho‘poni oldida to‘xtadi.
— Hoy yigit, kelbatingdan tog‘ hurkadi, bir baxtingni sinasang-chi? — dedi.
Yigit o‘ylanib, istiholaga borib, davraga chiqdi. Zarjahon ham davraga chiqdi. Atrofda sukunat, butun borliq sukunatda. Uvillab, pishqirib esadigan bo‘ronlar ham jimgina tomoshabinga aylangan. Ular bel ushlashdi: tog‘lar uchrashdi. Na’ra tortib osudalik bag‘rin tig‘lashdi. Ammo, bir-birini yiqolmadi. Kurash uzoq davom etdi. Qiz qoldan toydi: charchadi. Yigit chinordek, Alpomishu Farhoddek davrada turaverdi. Qizning jahli chiqdi.
— Hoy, yiqitadigan bo‘lsang, yiqit-da, endi, — dedi.
— Go‘zallarning go‘zali, men seni qay yuz bilan yiqaman.
Zarjahon birdan yengil nafas oldi. Kengash yoniga borib yengilganini tan oldi.
— Unda savolingni ber, kechiktirib nima qilasan, — deyishdi. Qiz birinchi shartini aytdi.
— Gavhar og‘irmi, yer?
— Gavhar yukini yer bosar.
— To‘g‘ri, — dedi Zarjahon. — Dunyoda eng aziz narsa nima?
— Yer bilan quyosh!
— Bu ham to‘g‘ri, — deb o‘z hayotini yigitga chambarchas bog‘labdi. Buni eshitgan olam dunyoga yangi bir tadbirni qo‘llabdi. Janglarda shohlar kurash tushisharkan. Qaysi yiqilsa, yiqitganga itoat etib, farzandi yoki aka-ukalaridan garov qoldirib qaytarkan. Aziz polvonning va qizining sharti to‘g‘ri bo‘pti, shunga qaragan-da, — dedi rivoyatini tugatayotgan kishi.

* * *

Aziz polvonning bog‘i etagidagi kenglikda tomoshabin qur tikib o‘tirdi. Moyli kunjara kallalari davrani yoritdi. Jumagulning otasi yakka-yu yagona qiziga zo‘rlarning zo‘ridan kuyov tanlashga kirishdi. Davraga talabgorlar bitta-bitta yeng shimarib chikishdi. Aziz polvon aziz edi. Nomi elga mashhur edi. Odamlar uni Hasan ko‘lvor deya atashardi. U tuyani yiqitgan, otni tishida ko‘targan polvon. Uning bilan olishish uchun Alpomish misol yigit kerak edi.
Aziz polvon qancha-qancha polvonlarni yiqitdi. Navbat Hut polvonga yetdi. Zo‘rlar bilan zo‘rlar kurashganda ularning shamolidan bo‘ron hurkar, deyishadi. Zo‘rlar tantiligi, sofligi, qudratliligi bilan zo‘r. Ular maqtanishmaydi, so‘zlaridan qaytishmaydi. Ikkalasi uzoq olishishdi. Odamlar Hutni Alpomishga, Azizni Hasan ko‘lvorga kiyoslashib rosa tomosha kilishdi. Aziz polvon charchadi. Hut uni bo‘yi barobar ko‘tarib yiqitmay yerga tik qo‘ydi.
Xut Jumagulga shunday uylangandi.
Jumagul polvon qizi. U qurni, polvonlar kurashini xush ko‘radi. Ular bilan Zarjahon g‘ururlangandek, g‘ururlanadi. Ammo u ayol, ayollar ko‘zlari yorigan xonadonni sevadilar. Ular bolalari-yu erlarini iloji bo‘lsa yonlaridan yiroqlatmasalar. Ayollar osudalik, go‘zallik timsolidirlar! Jumagul ham o‘sha ayollarning biri: tanholikni yomon ko‘radi.
Osmon betini qamrab olgan bulutlar kechga borib tarqadi. Ko‘qtsa chaman yulduzlar porladi. Kuni bilan ko‘z ochirmay yoqqan qor yer bag‘rini oppoq harirga burkadi. Havo musaffo. Qishloq sokin. Sovuqdan junjikkan itlarning hurishi ham eshitilmaydi.
Jumagul bolalarini uxlatib, hovliga chiqdi. Darvoza tirqishidan ko‘chaga ko‘z tashladi. Hech kim, biron jonzot yo‘q. O‘choqqa olov yoqib, qumg‘on qo‘ydi. Namiqqan o‘tin buruqsadi. Nihoyat, sharqirab qaynadi. Jumagul iliq choyni to‘kib yangidan damladi. Uchinchi bor eriga atab choy damladi. O‘choqdagi qo‘rni sandalga solib, choydishni bir chetiga qo‘ydi. Sandalga tashlangan cho‘g‘dan iyaklari, burnilari ustidan ter rezalar yiltilladi.
Jumagulning fikri xayoli eri Hutda. Uning raqiblari bir necha bor Jumagulga: «eringga ayt polvonlikdan kechsin: bo‘lmasa chuvrindilaring bilan chirqirab qolasanlar», deb po‘pisa qilishgan. Jumagul erining oyoqlariga yiqilib iltijo qildi, o‘tinib so‘radi. Lekin bo‘lmadi. Qaysi ayol tul qolishni istaydi. Hech qaysisi. Erlar ular uchun hayot ustuni. Shu ustunga suyanib yashaydi. Qora kuchlar Jumagulni ustunidan ayirishmoqchi. Hut buni bilsa-da, davrani, kuchlilar, mardlar maydonchasini tark etolmaydi. Polvonlar uchun kurning havosi o‘zgacha, hayotlarining bir bo‘lagi. Jumagul buni bilmaydi. Bilish uchun kurashib ko‘rmog‘i kerak.
Hutning otasini raqiblari o‘ldirib ketganini eslab, Jumagulning eti zirqirab ketdi. «Ey, xudoyim, balo-qazolardan o‘zing asragin», deb pichirlagancha, xayol og‘ushida uyquga ketdi.
Eri Hut bilan kechasi qayerdandir kelishmoqda edilar. Qarshisidan qora libosli kishilar chiqib, o‘rab olishdi.
— A-ha, qo‘lga tusharkansan-ku, bachchag‘ar! — dedi otda turgan shopmo‘y-lovlisi. — Xotining o‘lja. O‘zing quzg‘unlarga yem bo‘lasan!
U bir imo qilgan edi, yonidagi sheriklari Hutga tashlanishdi.
— Dod!.. Voydod!..
Jumagulning jon achchig‘idagi qichqirig‘idan uxlab yotgan bolapar uyg‘onib ketishdi. To‘ng‘ichi Najim piyolada suv tutdi. Jumagulning vujudi ko‘rqinchli tushdan dag‘-dag‘ titrardi.
— Bosinqirabman, qo‘rqmanglar, bolalarim, — deya ularning ustiga ko‘rpa tashlab, tashqariga chiqdi. Qora tunda, achchiq izg‘irin iliq harorat ustidan g‘olib chiqib, tantanavor vizillardi.
Vohaning hamma tomonlaridan nomi ketgan polvonlar kelgan. Kurash uchun ajratilgan maydonda odamlar qur atrofini to‘ldirishgan. To‘rt-besh joyda moyga shimdirilgan kunjara kalla yonib turibdi. Qur atrofidagi gulxanlarga yorilgan to‘nkalar qalangan. Tarafkashlarning: «Bo‘sh kelma, Hut! Barakalla, Hut!» — degan qiyqiriqlari yangraydi.
Polvonlar sovuqni pisand qilmay raqibi ustidan g‘olib chiqish uchun bir-biriga hamla qilib, chalishga yeki yelka qilib yiqitish ishtiyoqida yonishadi. Ustlaridagi jomakorlariyam chidash bermay, shir-shir yirtiladi. Boyvachchalar pul chiqarib: «Hut yiqitadi, o‘zini tutishini qara, kelbatiga qara! Alpomishni o‘zi-ku!» — deb tikishadi. Tortishuv, tikishlar g‘olibni olqishlash bilan tugaydi. Hut raqibini dast ko‘tarib otdi. Gurs etgan tovush yerni zirillatib yubordi-yov! «Balli Hut!», «Otao‘g‘il!», «Halol!», — degan baqiriqlar yeru ko‘kni tutdi.
Hut katta qo‘chqorni yelkasiga tashlab, qurni bir aylanib hamqishloqlari oldiga kelib o‘tirdi.
Yiqilgan polvon chamasi Hutdan yoshi katta edi. O‘rnidan turib, uning oldiga kelib qo‘l cho‘zdi.
— Qoyilman, polvon. Shu paytgacha yag‘rinim yerga tegmagandi, — deb Hutning qo‘lini xomush siqib orqasiga qaytdi.
Davra bakovuli:
— Hut, sen bilan bellashishga G‘uzor begining o‘g‘li Safarniyoz polvon talabgor, — dedi. Hut davraga chiqib, qariyalardan fotiha so‘ragancha tiz cho‘kdi.
— Omin, Olloh omadingni bersin! — deya fotiha berishdi qariyalar. Hut qoida bo‘yicha davrani uch aylandi-da, qaddini rostlab, zabardast, oftobdan qoraygan, og‘ir mehnatda qadoq bo‘lgan qo‘llarini raqibi Safarniyozga uzatib bordi. Qur atrofi tinch, olam tinch. Go‘yo butun borliq sukunat-la tomoshabinga aylangan.
Safarniyoz ham ancha nom chiqargan polvonlardan. Faqat g‘irrom, shuhrat quliga aylangan polvon. Otasiga qarashli yerlarda bo‘ladigan kurashlarda birinchi tovoq zoti uchun kurashadi. Oladi ham. Bekning o‘g‘li, hamma-hamma narsa u tomonda. Shuning uchun ham oladi. Ha, birinchi zotni u oladi. Hut bilan ilk bor bellashmoqda. Hutdek dovrug‘i viloyatni tutgan polvon bilan olishib, olamga dovrug‘ solmoqchi. Qolaversa Hut Safarniyozga bek otasi yuz-xotiri uchun yiqilib berar, degan o‘y-xayol ham yo‘q emas. Ana, ushlashdi. Safarniyoz qoqma berdi. Hut buni kutmagan edi. Haqiqiy polvonlar birinchi qafasda kuchlarini chamalashadi, yiqitishga chiranishmaydi.
Xut tizzada turib qoldi. Safarniyoz esa unga yopishib, yiqitishga urinadi. Polvon qahrlandi. O‘rgimchakdek yopishayotgan raqibining ikki qo‘lini siqib ushlab, bir qop unni yelkasiga olgandek keng yelkasiga olib o‘rnidan turdi. Safarniyoz chillak oyoqlarini tipirchilatar, qo‘lini esa Hutning qadoq barmoqlari ostida, go‘yo boylangandek sezardi. Zo‘rning zo‘ri — zo‘r bo‘ladi. Qahri kelsa — sher bo‘ladi. Buni bilmagan Safarniyoz qaytanga o‘zga xayollarga borar, tan berishni esa istamas, g‘ijinib, ko‘zlari xonasidan chiqib ketgudek bo‘lib: «Qo‘yvor, yalangoyoq», deb tipirchilardi.
Hut uni yelkasiga ko‘tarib davra aylantirdi-da, qurning o‘rtasiga tosh irg‘itgandek itqitib yubordi.
Safarniyozning malaylari uning ko‘nglini ovlash bilan ovora: Biri changini qoqardi, biri issiq choy tutardi, oddiy tomoshabinlar ofarinlar aytardi.
Davraga tovoq keltirildi. Bakovul tovoqlarning zotini chiranib ayta boshladi:
— Birinchi tovoq — nortuya, ikkinchi tovoq — ho‘kiz, uchinchi tovoq — qo‘chqor, yonida ikki kiyimli olachasi bilan. Zo‘r oladi, yiqilgan keyingasida olar. Hoy talabgorlar, qani yuragida o‘ti, belida quvvati toshganlar, zoti g‘olibniki, tomoshasi bizniki, olinglar!
Davrada jonlanish boshlandi. Ammo Hut nomidan tovoqni olib keladigan tarafkashlari jim edi. Tarafdorlaridan biri tovoqni polvon nomidan olishi kerak. Hozir Hut uchun tovoq olib keladigan Hamro bobo ham jim. U bek o‘g‘lining dushmaniga aylanib qolishidan hadiksirab jim o‘tirardi.
Ikkinchi tovoqni Hamro bobo Nazirqulga, uchinchisini To‘ychining hamqishlog‘i Qodir polvonga oldi. Nazirqul zotni halollab oldi. Qodir esa Temir polvonga boy berdi. Birinchi tovoq hali ham yetimcha bo‘lib turavergach, chorjo‘ylik Tanti polvon tarafdorlari oldi. Tanti davrani uch aylanib, o‘rniga borib o‘tirdi. Hech kim davraga chiqavermagach, bakovul o‘rtaga chiqib:
— Talabgor bo‘lmasa, nortuyani Tanti polvonga beramiz! — deya e’lon qildi. Tomoshabinlar birinchi tovoq zotini shunday berilishini istashmaydi. Birinchi tovoq kechaning yulduzi, bahodiri. Uning qanday olinishini orziqib kutishmoqda. Agar hozir bakovul: «Zotni ber Tantiga, talabgor yo‘q» desa bormi, hamma alamzada bo‘ladi. Kurashning oxirigacha o‘tirishganiga ming afsus chekadilar. O‘zlari olisholmaydi, lekin olishadiganlarni: «Nega palonchi chiqmadi, ko‘rqdi, bachchag‘ar. O‘sha ham polvon bo‘libdimi. Kelib-kelib, chorjo‘ylik polvonga berib yuborishdi-ya zotni enag‘arlar-a», deb so‘kinisha-so‘kinisha uylariga qaytishadi. Hozir ichlarida so‘kinib, ich-ichidan o‘zlarini polvon bo‘lmaganliklariga ichikib o‘tirishibdi.
— Talabgor bo‘lmasa, zotni keltir, Aliqul! Ho, Tanti polvon, tuyani keltirgunlaricha davrani yana bir aylanib qo‘ying!
Qoidaga muvofiq, Tanti polvon davrani yana bir g‘olibona aylanishni bajo keltirishi kerak edi. Odamlar oxiri, so‘nggi umidlari bilan Hut polvon tomonga boqishmoqda.
Tanti davrani aylanmadi. U davrani tik kesib o‘tib, Hut o‘tirgan joyga bordi: uning karshisida to‘xtadi.
— Hormang, Xut polvon, sizning dovrug‘ingizni eshitib Chorjo‘yday joydan kelgandim, bellashmoq uchun. Nahotki shuncha yo‘l bosib kelganim havoga uchsa, oringiz kelmaydimi? Sizni oriyatli polvon, deb eshitgandim…
Tantining oxirgi so‘zlari Hutga qattiq botdi shekilli, oshiqmaygina jomakorini kiyib beliga belbog‘ini boylab, o‘rtaga chiqdi. Tomoshabinlar jonlanishdi. Dillari yorishdi. Ikkala polvon ham dovrug‘ solgan polvon. Hut voha polvoni. Tanti, zo‘rlarni eshitib, topib olishadigan — sayyor polvon. Ular sekin ushlashishdi: sinashda bo‘lishdi. Birinchi qafas tugab, ikkinchi bor ushlashishdi. Tanti ichkaridan chalib qayirmoqchi bo‘ldi. Hut uning chilini qayirib, qo‘shpoycha usulini qo‘lladi. Kurash qiziganda-qizirdi. Oltinchi qafas ushlashishdi, charchashdi. Tanti tezkorlik, tuya chil qo‘lladi. Tomoshabinning butun vujudi diqqatga aylangan, hech birining yiqilishini xohlamasdi. Zo‘rlarning yiqilishi yomon — qayg‘uli. Ularning olishishi shuning uchun yoqadiki — mardona olishishadi. Mardlar nomard bo‘lmaydi. Shu boisdan ikkisining ham yiqilishini istashmaydi. Mayli, ikki polvon olishaverishsin, tong otib, kun botguncha, haftalab, yillab olishishsin, kur atrofidagilar tomoshadan horishmaydi, o‘tiraverishadi. Faqat, davrada polvonlar — mardlar bo‘lishsin. Tomoshabin horimaydi: faqat o‘rtada polvonlar bo‘lishsin! Ikkalasi ham hunar va quvvat bilan belashishmoqda. Tomoshabin hayajonlar to‘lqiniga garq. Tanti yelka kilmoqchi bo‘ldi, bo‘lmadi. Hut eng oddiy usul — qayirmadan uni yiqitdi. Eh, qanday ko‘rgilik, shunday polvon yiqilsa-ya…
Odamlar «halol», «halol» deb baqirishmadi.
— Halol… — deyishdi o‘kinchli ohangda. Axir ular hech birining yiqilishini istashmagan-da… Nachora, buni kurash deydilar. Mardlar qudratini maydon ko‘rsatur!
Yiqilgani Safarniyozga juda alam qildi. Shu yiqilishda, bekning o‘g‘li degan nom ham obro‘, hurmat taxtidan yiqilib, tuproqqa qorishib ketgandek tuyulaverdi. Dili xufton bo‘lib uyiga qaytdi. Ich-etini yeb o‘zini qo‘ygani joy topa olmadi. U shunday chora izlardiki, bu bilan polvonlik obro‘sini, bekning o‘g‘liligi obro‘sini saqlab qolishi kerak edi. Lekin Hutning dovrug‘i atrof-viloyatni tutgan, yiqita olmasligiga aqli yetardi, ammo chora topishi kerak!..

* * *

…Kurashdan so‘ng uzoq yo‘l bosib charchab horib kelgan Hut, uyida bek va boyvachchalarning zulmidan Toshkentga qochib ketgan Ermatni ko‘rib charchog‘i ham esidan chiqib, dasturxon oldida gaplashib turardi.
— Obbo Ermatjon-ey, rosa dunyo kezibsizda-a, erta-indin hurlik bo‘ladi, degin. Yelkamizga quyosh nuri tushadigan bo‘ptida-a.
— Ha, Hut aka, shunday. Yaxshi kunlar boshlanadi…
— Aytganing kelsin, uka. Bosh omon bo‘lsa, ko‘rarmiz. — Hovlidagi ot tuyoqlarining dupurini eshitib, o‘rnidan turdi. — Hozir, Ermatjon, bir qarab kelay-chi, kim ekan, — deb yelkasiga to‘nini yelvagay tashlab tashqariga chiqdi. Hovlida saman otli, beliga xanjar taqqan Safarniyozni ko‘rarkan, nimaga kelganini darhol sezdi, lekin bosiqlik bilan so‘radi:
— Xush kelibsiz, xizmat, boyvachcha.
— Gaplashgani keldim.
— Xo‘sh-xo‘sh, boyvachcha?
Safarniyoz qo‘ynidan oltinga to‘la hamyonni olib, Hutning oldiga irg‘itdi.
— Ol! Bir umr yeb yotasan. Lekin bilib qo‘y, evaziga ertangi kurashda yiqilib berasan. Birovga og‘zingdan gullasang, ko‘rasan!
— Arpa do‘g‘ingni enangga qil, bachchag‘ar! Puling o‘zingga buyursin! Polvonlar ahli kuchini, insof va vijdonini pulga sotishgan emas. Sotishmaydi ham, boyvachcha!
— Tanangga o‘ylab ko‘r, bir marta yiqilsang, osmon o‘pirilib yerga tusharmidi! Tag‘in boshingga otangning kuni tushmasin.
— Er yigitning gapi bitta bo‘ladi!
— Voy yalang oyoq. Tiling burro-ku itvachcha!
— Nima deding haromtomoq, — deb yubordi. Uning qahri qo‘zg‘agandi. Kuch-qudrati etiga sig‘may ketdi. Zo‘rlar — bahodir. Ularning qahri toshmasin, toshgandan keyin…

* * *

Qishloqliklar yozning ne’matini yig‘ishtirib, yelkalaridan tog‘ ag‘darilgandek, yengil tortishdi. To‘ylar boshlandi. Ko‘chalarda aytuvchilar ko‘rinib qoldi.
— Odamlar-ov, odamlar, eshitmadim demanglar, Valinikiga to‘yga-ov. Jappi-jamoa to‘yga-ov…
— Zo‘r kurash bo‘larkan, Valining to‘yiga Tanti polvon kelganmish. Hut bilan yana bir bor kuch sinashmoqchi bo‘p kelganmish…
— Polvon degan ana shunday bo‘lsin-da. Qandini ursin. Shuncha yo‘ldan kepti-ya.
— Asl polvonlardan ekan-da, hammaning og‘zida shu gap.
Hut polvon kenja o‘g‘ilchasini ko‘tarib, non yopayotgan xotini Jumagulning atrofida uymalashadi. U hayajonda, o‘zini qo‘ygani joy topa olmaydi. Yuragi tez-tez uradi. Nega? Yuragiga taskin axtaradi. Axir bugun yana o‘sha Tanti bilan bellashadi. Hazil gap emas. Tanti qudratli, oriyatli polvon. Oriyatli bo‘lmaganda, Chorjo‘yday joydan kelarmidi. Albatta, bu kurash og‘ir ko‘chadi. Tantini eshitishsa, odam ham tumonat kelsa kerak. Bo‘lari-bo‘lar. Endi maydon ko‘ryaptimi. Qolaversa, avval yiqitgan, kuch sinashta bo‘lgan. Lekin bir yil ichida qanday o‘zgarish bo‘lishi mumkin, shunisi qorong‘i. Tanti bir yil huzur-halovatini, tinchini yo‘qotib yashagan. «Elkam yerga tegmagandi, qoyilman», deb tantilik qilib tan berganu… Bo‘lmasa, birinchi kurashdayoq yetib kelarmidi. Mayli, ko‘rsin. Hutning bilaklari hut sovug‘ida qotgan. Yelkalari, yag‘rini xutning korida ishqalangan. Hut — hut oyining qori ustida tug‘ilgan, u Hut. Hech narsani pisand qilmaydi. Hali uning qoni qaynaydi. Kuchini sig‘dirolmaydi. U sig‘dirolmaydi. U bugun bellashadi, yulduzlar charaqlab, oy chiroy ochganda, og‘zidan bug‘ hovurini purkab olishadi. Qorong‘i tushdi, yulduzlar miltirab, oy qiyo boqtsi.
— Bo‘p qoldingmi, xotin. Bunchalik kamsuqum bo‘lmasang, — dedi Hut.
— Hozir, otasi. Uchta non qoldi. Pushti sovutlik qip turibdi. Biroz kizarsin. Sizga mana bu nonni ataylab singa qilib pishirdim, bolalar bilan suvga bo‘ktirib yeb turing, quvvat bo‘ladi.
— Bor ekansan-ku, xotin. Shu bir og‘iz so‘zingai qachondan beri atrofingda uymalashib, intiq bo‘lib kutib turgandim-ku.
Hut polvon xotinidan biron bir iliq so‘z eshitmasdan ko‘chaga chiqolmaydi. Unga ham qiyin, unga erining davru davroni, keltirgan zotlari kerakmas. Kechqurunlari uyda o‘tirishini xohlaydi. Hut bo‘lsa, to‘yma-to‘y yuradi. Shu bugun oxirgi marta kurash tushishi, zotini xudoyi qilib beradi-da, davrani tark etadi. Hut shu xayollarni dilidan bir-bir o‘tkazib, to‘yxonaga yo‘l oldi. Ana qur: qur atrofida tumonat tomoshabin, davrani yoritib turgan moyli kunjara kallalar, tumonat tomoshabin… Uni davra ahli intizorlik bilan kutishmoqda. Balki kechikib kelganini qo‘rqoqlikka yo‘yganlar ham oz emasdi. Qurga yaqin otdan tushdi. Kimdir yugurib kelib:
— Polvon, kuttirib qo‘ydingiz-ku. Odamlar «kelmaydi», deb turishgandi. Kelganingiz xo‘p yaxshi ish bo‘ldi-da. Otning jilovini menga bering, boylab kelaman.
— Yangangiz non yopayotgandi, sal qarashib hayalladim. Tovoqlar qo‘yildimi?
— Yo‘q, endi.
Hut odamlarni oralab qurning bir chetiga cho‘qdi. Davrada shivir-shivir boshlandi.
— Ana, kelmaydi deganding, keldi-ku!
— U qochadiganlardan emas!
— Zotni Tanti olarmikin, Hut?
— Albatta, Hut oladi-da!
— Tanti ham uzoq yo‘ldan bekorga kelmagandir.
Hut miyig‘ida kulib qo‘ydi. Davrada olishayotgan yigitlarni kuzatayotgan bo‘ldi. Lekin odamlar davrada chiranib olishayotgan o‘spirinlarni emas, unga qarab turishganini sezib, xijolat bo‘ldi. «Nega bu ahvolga tushdi, hech qachon yuragi bunchalik tez urmagandi-ku! O‘zi nimalar bo‘lmoqda, xuddi birinchi marta davra ko‘rayotganga o‘xshaymana-a», deb o‘zini-o‘zi koyigan bo‘ldi.
Qur bakovuli tovoqlarni qo‘ya turib:
— Birinchi tovoq, — o‘ng qo‘lidagi tovoqni baland ko‘tardi. — Besh yashar novvos, bir arabi gilam bilan. Ikkinchi tovoq — uch yashar novvos, uchinchi tovoq — bir qo‘chqor, yigirma chervoni bilan.
Ikkinchi-uchinchi tovokni olganlar davrada kurashni boshlashdi. Oho, biri halolpadi. Uchinchi tovokni ham olishdi. Tanti oldi. Tanti polvon belbog‘ini yelkasiga tashlab davrani uch bor aylanib joyiga borib o‘tirdi.
Tanti ozgan, sochiga oq oralagan, «bechoragina odamga o‘xshab qaribdi», — xayolidan o‘tkazdi, Hut. — Bir yilda shuncha-ya, — deb bilinar-bilinmas pichirladi. Tantiga, rahmi kelganday bo‘ldi. — Ammo, buni kurash deydilar. Davraga polvonlar, yuragida o‘ti borlar chiqadi. Qolaversa, u mening rahm-shafqatimga muhtoj emas. U olishadi. Ha, olishadi». Hut yechina boshladi. Hammaning ko‘zi unda. Go‘yo uni endi ko‘rishayotganday. Hut davraga chiqdi, qomatini kerib, tog‘dek soya solib aylana boshladi.
Tanti ham davraga chiqdi. Bir aylanib Hut bilan ko‘rishdi.
— Omonmisiz, polvon?
— Shukr. O‘ziz omonmisiz?
— Shukr.
Ular uzoqlashishdi. Uch marta qurni aylanishib, bir-biriga yaqinlashishdi. Havasmand polvonlardek jilpanglashmadi. Sekin ushlashishdi. Hammasi burungi kurashdek boshdan qaytarila boshladi. Bir-birini silkishib qo‘yvorishdi. Ikkinchi bor ushlashishdi, bel siqishishdi, qayirib ko‘rishishdi, natija bermadi. Uchinchi bor ushlashishdi. Hut o‘rama chil qidtsi. Tanti qayirib tashladi. Atrof suv sepganday jimjit. Yulduzlar-da, oy-da, tun-da, jim: butun borliq tomoshabin. Qayta-qayta ushlashishar, ammo natijasiz. Tun yarimdan oqqan. Ana, Hut yana, yana qushpoycha usulini qo‘lladi. Buni raqibi kutayotgandi. Chunki Tanti xuddi shu usuldan yiqilgan. Shul bois bu usulga imkon tug‘dirgandi. Tanti qarshi hujumga o‘tdi. Raqibni ikkala qo‘lini yonboshga olib o‘ng tomondan chaldi. Hut chinor qulaganday quladi. Tanti uning ko‘kragidan bosib o‘tirib ham olmadi. Turg‘azib, changini qoqib qo‘ydi. Hutni peshonasidan sovuq ter chiqib, yo‘ldan adashgan yo‘lovchidek joyini topolmasdan boshqa tarafga borib qoldi. Gurra kulgi ko‘tarildi. Boshi aylanib, atrofni ko‘zlari ilg‘amasdi..

* * *

Hut mag‘lublikning achchiq alamini yutib, tarkidunyo qilib, uydan chiqmay yotib oldi. To‘y-ma’rakalarga ham chiqmay qo‘ydi. Uyning zanjirband quliga aylandi-qo‘ydi. Hech kim bilan ko‘rishishni istamaydi. U faqat o‘zidan-o‘zi koyindi. Axir Hut kurash atalmish maydondan tantana bilan chiqib ketmoqchi edi-ku! U axir zotini xudoyi to‘y qilib berib, maydon atalmish kurash maydonini g‘oliblik to‘yi bilan tark etmoqchi edi-da. Bo‘lmadi… Axir u yiqilishini xayoliga ham keltirmagandi-ku! Yotish-turishida-da halovat yo‘qolgan. Ko‘ziga shunday yorug‘ jahon tor ko‘rinsa-ya. Bu qanday ko‘rgilik. Shu alfozda ancha kunlarni halovatsiz o‘tkazdi.
Yurtga bahor shabadasi epkin-epkin esa boshladi. Sekin-sekin kunlar iliy boshladi. O‘t-o‘lanlar asta-sekin yer yuzini qitiqlab chiroy ochdi.
Daraxtlar o‘zgacha bir libos to‘qiy boshlagan kunlarning birida Ermat pirqa kirib keldi.
— Hormang, polvon.
— Keling, Ermatjon, keling. Ammo, kesatmang, polvonligimning nimasi qoldi. Polvon deysiz.
— Ie, hali siz, bir yiqilib bo‘ldi bizniki, deydiganlar turidanmisiz? Hayf sizga-ey, yerlarni ham chopmabsiz. Bo‘ldi qiling endi tuxum bosib yotishni. Ana, Tantini polvon desa bo‘ladi. Sizdan yiqilgandan keyin tinim bilmay past-baland joylarni ketmonlab tekislab yer ochib, odamlarga beribdi. Yozi bilan yangi uy qurayotganlarga loyini tashib beribdi. Ana, chiniqish qanday bo‘ladi, bilib qo‘ying, — deb chiqib ketdi.
Hut o‘tirib o‘ylab-o‘ylab, belni olib yer chopishga tutindi. Kechgacha yerini yumshatib chiqdi. Ertasi yana qayta chopib chiqdi. Ishtahasi ochilib bir lagan oshni ko‘rdim, demaydigan bo‘ldi. Ekin ekdi. Hovlida ish tugadi hisob. Mayda-chuyda ishlarga uning toqati toq bo‘ladi. Ikki-uch kun yana tajang bo‘lib yurdi.
— Otasi, uyda buncha siqilib o‘tirmay, ko‘cha-kuylarni ham aylanib ko‘ysangiz-chi, — deb ping‘illadi xotini.
— Ha, badingga urib qoldimmi? O‘zing xohlarding-ku, uyda o‘tirishimni. Mana, o‘tiribman. Niyatingta yetding.
— Niyat qilmay ketay. Sizni rangazga qarayverib, ziq bo‘p ketdim. Qaytam kurashib turganingiz yaxshiykan, otasi.
Hut xotini bilan ortiqcha tortishmadi, yelkasiga ketmon bilan qopni tashlab qishloqdan uncha uzoqda bo‘lmagan to‘qayzorga yo‘l soldi. Yetib kelib, aylanib chiqdi. Ketmon bilan qopni bir chetga qo‘yib, bilakday-bilaqtsay yulg‘unlarni sug‘urib ko‘rdi: qudrati yetarkan. Bu ish uning har kungi mashg‘ulotiga aylandi. Ertasi bilakdan yo‘g‘onini, indini undan yo‘g‘onini…

* * *

Kuz keldi. Daraxtlar barg to‘kib, o‘tlar kuridi. Uy mo‘rilaridan tutun o‘rladi. Suv yuzasi muzqaymoqdan to‘n kiydi. Hut polvon kurash — maydon ishtiyoqida yona boshladi. U tushi-yu o‘ngida Chorjo‘yda Tanti bilan olishayotganday. Tanti uni kutib, «Eh, kdnaqa polvonsan-a, yiqilib ham oring kelmaydimi», deb Chorjo‘y to‘ylarida Hutni yo‘qlatayotganday bo‘lib tuyulaverardi. Uyqusida yana oromi yo‘qoldi. Xotiniga gap solgandi, rozidek ko‘rindi. Qishloqning ikki polvonini kabatiga olib Chorjo‘y qaydasan, deb otlarini g‘irotdek yeldirib, qomat kerib yo‘l oldilar. Uch kunda Chorjo‘yga yaqin bir qishloq choyxonasiga kelib tushdilar. Choyxonada keksa-yu yosh choyxo‘rlar iliq-issiq choy sipqaradilar. Uch musofirni ko‘rishib, yonlaridan joy berishdi. Piyolada choy tutishdi:
— Yaxshi yetib keldinglarmi, mehmonlar? Bemalolroq o‘tiringlar, bolalarim, — dedi mo‘ysafid chol uchovini qo‘yarda-qo‘ymay yoniga o‘tqazarkan. — Uzoq yo‘l bosganga o‘xshaysizlar. Qaydan bo‘lasizlar?
— Qarshining yonidagi Saroy degan qishloqdanmiz, otaxon, — atrofdagilar Qarshini eshitib mehmonlarga yaqinroq surilishdi.
— Mehmon, unda siz Hut polvonni bilasizmi?
Hut choy icha turib:
— Ha, — dedi. Sheriklariga jim o‘tiringlar, ma’nosida qarab ko‘ydi. Savollar yomg‘iri boshlandi.
— Mehmon, shu rostmi, otlarni yelkasida ko‘tarib o‘ynatadi, deyishadi.
— Odamning soniday daraxtlarni bir tortishda sug‘urib olarmish. Hut davrada devdek kelbatli bo‘lib ketarmish.
Hut polyun mig‘iyida kulib qo‘ydi. Choyxonachi cholni yoniga chaqirib, oynadan ko‘rinib turgan tanasi uch yashar bolaning beliday keladigan daraxtni ko‘rsatib:
— Otaxon, o‘sha tutni menga berolmaysizmi? — dedi.
Choyxonachi, buning aqli joyidami, tomdan tarasha tushganday daraxt so‘raydi-ya, deb ijirg‘anib aftini burishtirdi.
— Kerak bo‘lsa olaqol, mehmon.
Hut tashqariga chiqib ketdi. Choyxonachi Hutning sheriklariga yuzlandi:
— Uning akli joyidami?
— U Hut polvonning o‘zi, — deyishlari bilan gurr etib o‘rinlaridan turishdi: tashqariga otilishdi. Hut tut daraxtini yaxshilab quchoqlab ushladi.
— Yo pirim! — deya na’ra tortdi. Go‘ro‘g‘lidek hayqirdi, Alpomishdek tashlandi, Farhod tusiga kirdi. Ana kuch, ana qudrat! Hut polvon daraxtni tag-tomiri bilan sug‘urdi…
— Balli-ey!
— Hut polvon degancha bor ekan!
Polvon nafasini rostlab, kaftini qoqib, joyiga kelib o‘tirdi. Choyxonachi chol:
— O‘g‘lim, kechir meni. Jinday og‘ir gapirdim, — deb kechirim so‘radi.
— Hechqisi yo‘q, otaxon.
O‘tirganlardan ba’zilar uylariga borib, bolalarini olib kelib, polvonga silatishdi — polvon bo‘lishini niyat qilishdi. Birovlar shunday polvon ajdodidan bo‘lmaganidan ichikishdi. Havas bilan boqishdi. Alpomish, Go‘ro‘g‘li, Farhodga qiyoslashdi. Ular ham bo‘lgan bo‘lsa, Hutchalik bo‘lgandir-da, — deb xayollaridan o‘tkazishdi.
— Aybga buyurmaysiz, polvon, qayerga yo‘l tutasiz? Agar bemalol bo‘lsa, qoling. Bugun qishlog‘imizda katta kurash bo‘ladi. Polvonlarga xat bitilgan. Sizga ham, — dedi bir mo‘ylovdor dehqon.
— Akaxon, men jon deb qolardim. Men Chorjo‘yga Tanti bilan bellashgani borayotirman. Undan yiqilganman o‘tgan yili. Mabodo u kelsa, men ham qolaman.
— Ha, polvon, Tanti polvon Chorjo‘y o‘lkasini faxri. Kamtar edi, mard edi, yetim-esirlar boshini silardi. Xudo ko‘p ko‘rdi. Rahmatli yomonlarning o‘qidan o‘ldi, — dedi yig‘lashdan beri bo‘lib.
— Eh, attang, rahmatli bo‘ldi deng-a. Eh, attang-a! Bu yorug‘ dunyo beozor bo‘lib ko‘ringani bilan shafqatsiz ekanda-a? Eh, attang, Tanti do‘stim-a…