Necha kundan beri ichi g‘ash. “Nima qilsam ekan?” – degan savol uni qancha vaqtdan beri qiynaydi.
Ertalab uydan qanday chiqqanini bilmadi. Eri kecha oqshom ham uyga kelmadi. O‘g‘li shamollab qolgan chog‘i, quv-quv yo‘taldi, ovqatdan nomiga totingan bo‘lib, behol yotib oldi. Qizi esa xonasidan chiqmay, kompyuterdan bosh ko‘tarmadi. Nima qilyapsan, desa, ko‘rmayapsizmi, oyi, dars qilyapman-ku, deydi. Hali uchinib turgan o‘g‘lini o‘rab-chirmab arang maktabga kuzatdi, qizi esa shuncha yalinsa ham ishtaham yo‘q deya nonushta qilmasdan o‘qishga jo‘nadi.
Mana, necha oydirki, shu ahvol, hammalarining kayfiyati yo‘q. Eri kun o‘tkazib, qo‘yni-qo‘njini to‘ldirib, bozor qilib kelgan bo‘ladi. Keyin uyga birrovgina qo‘nib, allaqanday safarlarni vaj qilganicha yana qochib qoladi.
Yuragi alangayi otash bo‘lib yonyapti. U nima gapligini allaqachon sezgan, barini anglab yetgan edi: “Erimning jazmani bor!”
Ayol qalbi xiyonatni darrov sezadi…
Qulog‘iga olislardan onasining bayt aytgan ovozi chalinganday bo‘ladi:
Ket desang, mahshar ketarman,
Hammadan xo‘rlik yomon…
O‘shanda onasi dimog‘ida xirgoyi qilgan baytning mag‘ziga tushunib yetmagan ekan… “Bunday yashab bo‘lmaydi! Tezroq eri bilan gaplashib, orani ochdi qilib olishi kerak, bugunoq! Kerak bo‘lsa ajrashadi, o‘zini yerga urib o‘tirmaydi. Erimi, ana, katta ko‘cha, istagan tomoniga ketaversin! Toki xotini, bolalarining yuzini qilmay boshqasini ma’qul ko‘ribdimi, o‘sha topgan jononi bilan yashayversin!” U o‘ylab-o‘ylab shunday qarorga keldi.
Ishga kelsa, kabineti oldida ancha odam to‘planib qolibdi. Bugun muhim ishi bor, qachon ko‘rib bo‘ladi shuncha ayolni? Yo‘q, bekorga vahima qilgan ekan, qabul kuni tugamasdanoq ko‘rib bo‘ldi ularni.
– Dildora, qarang-chi, yana birov qoldimi? – deya hamshirasiga yuzlandi-da, telefonini chiqarib, soatiga qaradi.
U erining ishxonasiga aytmasdan borib, gaplashib olishni reja qilgan edi. Qo‘ng‘iroq qilib borsa, eri atayin telefonni ko‘tarmaydi, ko‘tarsayam biror bahona qilib, suhbatni keyinga qoldiradi, bu aniq. Erining shunday qilishini ko‘ngli sezardi.
– Habiba Komilovna, hech kim qolmadi shekilli, – hamshira shunday deyishini biladi, birdan eshik qiya ochildi, bir juvon bosh suqib xonaga mo‘raladi.
– Mumkinmi? – juvon iymanibgina so‘radi.
– Kiring! – dedi noiloj.
O‘ttiz besh yoshlar chamasidagi ozg‘ingina ayol asta uning qarshisidagi kursiga cho‘kdi. Juvon ruhsiz ko‘rinar, anchadan beri sartarosh qo‘li tegmagan shekilli, bir shaklga kelmagan sochlarini orqasiga sochto‘g‘nag‘ich bilan shunchaki yig‘ib qo‘ygandi. Egniga ham tussiz koftayu qora yubka kiygan, oyog‘iga ilgan tuflisining changi artilmagan, xullas, uning aft-angori necha kunlar og‘ir bemorga qarab o‘tirgan odam kepatasida, tushkun, horg‘in ko‘rinardi.
– Eshitaman, – u oldidagi qog‘ozdan ko‘zini uzib, ayolga qaradi.
Juvon bir necha muddat nima deyishini bilmay kalovlanib qoldi.
– Doktor… – juvon nima deyishiga hayronday bir yutinib oldi. – Men…
– Gapiring… – juvonni tezgina ko‘rmoqchi edi, shu sababli uning chaynalishidan betoqat bo‘ldi. – Xo‘sh?..
Juvon axiri o‘zini qo‘lga oldi. Omonat o‘tirgan kursiga joylashib o‘tirdi. So‘ng shartta dedi:
– Men tug‘moqchiman!
Juvon bu so‘zlarni shunday qat’iyat bilan aytdiki, u ajablanib ayolga qaradi. Xuddi nazarida ayol so‘zlari unga: “Men o‘zimni o‘ldirmoqchiman!” – degani kabi jarangladi.
– A? – shunday dedi-yu, keyin ichida o‘zini koyidi. “Ayollar doktori bo‘lsang, ayol kishi huzuringga nima uchun keladi? Uning dardlaridan biri – tug‘ish bo‘lsa, nega ajablanasan?”
– Doktor, men shunga sizga ko‘rinay, analizlar bo‘lsa topshiray degandim, – dedi juvon endi osoyishta. Aftidan, u o‘zini bosib olgan, doktor qabuliga nima maqsadda kelganini tushuntirishga qodir bo‘lib turardi.
U odatda qabuliga kelgan ayollarga savol bergani kabi so‘radi:
– Yoshingiz nechada? – ayolga sinchiklab nazar soldi. – Bolalaringiz bormi?
Juvon doktordan aynan shu savolni kutganday, bezovta bo‘ldi, o‘ziga keldimi, birozdan so‘ng dedi:
– O‘ttiz oltiga chiqdim, ikkita o‘g‘lim bor.
“Mendan to‘rt yosh kichik ekan”, – negadir xayoliga shu o‘y keldi. Bu o‘yni xayolidan quvdi-da, yana juvonni so‘roqqa tutdi:
– Qiynalasiz, yoshingiz kattalik qiladi, – dedi zimdan juvonga razm solarkan. – Bor ekan-ku o‘g‘illaringiz, shularni katta qilavermaysizmi? Yoki qiz ko‘rmoqchimisiz?
Juvon kalovlanib qoldi, qayerga qo‘yishni bilmaganday qo‘llarini asabiylik bilan tortqiladi. So‘ng sekin dedi:
– Baribir…
Uning toqati toq bo‘ldi, telefonini ochib, yana soatga qaradi: qabuli tugab qolibdi, axir bugun o‘ta muhim ishni bajarishni mo‘ljallagan bo‘lsa… Bu juvonning boshqa dardi bor, ko‘rinib turibdi. U qo‘l siltadi, tug‘moqchi ekan, tug‘avermaydimi, unga nima? Shoshilib: “Mana shu analizlarni topshirib keling, ana, hamshira yozib beradi. Keyin siz bilan gaplashamiz”, – demoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan, endi o‘rnidan turishga hozirlangan ediki, juvon chaqqonlik qilib qoldi:
– Erimning o‘ynashi bor…
U juvonning bu so‘zlarini eshitib, o‘rniga qayta o‘tirdi. Nazarida bir onda allaqanday hamdardlikka o‘xshash g‘alati tuyg‘u butun vujudini qamrab oldi.
– Shuning uchun tug‘moqchiman, – juvon nihoyat ichidagi borini to‘kib, yengil tortganday doktorga qaradi. – Uchta bolani tashlab ketolmaydi.
U so‘nggi qarorini qat’iy aytgan juvonga boshdan-oyoq qaradi. Boshqa payt bo‘lganida, ha, bundan bir yillar muqaddam bo‘lganida ham shunday masalada qabuliga kirgan bu juvonga: “Singlim, siz yaxshisi, avval psixologga bir ko‘rining, maslahatini oling, keyin oldimga kelasiz”, – deya muloyimlik bilan kuzatib yuborgan bo‘lardi. Lekin hozir…
– Bola erkakni ushlab qoladi, deb kim aytdi sizga? – u qarshisida o‘ziga benihoya umid bilan tikilgan juvonning ko‘zlariga qaradi. – Ishoning, bu yo‘l bilan munosabatlaringizni saqlab qololmaysiz.
Bu gaplarni qanday aytdi, bu so‘zlar tiliga qaydan keldi, o‘zi ham bilmaydi. Yana so‘zlar ko‘nglidan quyilib kela boshladi:
– Ko‘ngli yarimlarni ko‘paytirib nima qilasiz? Undan ko‘ra eringiz bilan ochiq gaplashing. Hamon sizdan o‘sha xotinni afzal ko‘rgan ekan, ketaversin, oyog‘iga yopishmang.
Juvon unga angrayib qarab qoldi. Doktorning bu qadar qizishib, jon kuydirib aytgan so‘zlariga dabdurustdan javob qaytara olmadi.
Oraga chuqur sukut cho‘kdi.
– Siz… ajrashing demoqchimisiz? – asta bu sukutni buzdi juvon. – Shundaymi, to‘g‘ri tushundimmi?
U juvonning cheksiz iztirob zohir so‘lg‘in yuzlariga, alam to‘la ko‘zlariga qaradi.
– Boshqa nima ilojingiz bor… – deb javob qaytardi u bo‘shashib.
Yana oraga sukunat tushdi.
– Unday qilolmayman, – dedi oradan birmuncha vaqt o‘tgach, juvon yerga qarab. Keyin boshini ko‘tarib, doktorga tik qaradi: – Gapingiz to‘g‘ri, ayol kishining o‘z g‘ururi, ori bo‘lishi kerak. Menga qolsa, uni bir daqiqa ham ushlab turmasdim. Lekin bola hech qachon sizning ko‘nglingizdagini tushunolmaydi. O‘zim bolalar bilan ishlayman, internatda tarbiyachiman. Bolalarning o‘z haqiqati bor, – u qiziqqandan-qiziqib, juvonning gaplariga quloq tutdi. – Ular hamma narsaga, qiyinchiliklarga, kasalliklarga chidashi mumkin, ammo oilaning buzilib ketganiga chidolmaydi. Ayniqsa, otasi yoki onasi tashlab ketganini hazm qilolmaydi. Ko‘ngillari sinadi, alamzada bo‘lib qoladi. Bu voqea ularning taqdiriga ham ta’sir etmay qolmaydi.
U hayratdan qotib qoldi. Xudo haqi, u bu haqda sira o‘ylab ko‘rmagan ekan.
– Xo‘p, shunday ekan, nega yana tug‘moqchi bo‘lyapsiz? – dedi kuyunib. – O‘zi oilangiz omonat, mo‘rt bo‘lib turibdi-ku…
Juvon g‘aribgina jilmaydi.
– Erim juda rahmdil, bilaman, bolalar uchta bo‘lsa, ajrashishga ko‘zi qiymaydi. Bir kuni deng, – ayol birdan xo‘rsindi. – O‘sha ayolni… gapirib qoldi. Qarang, o‘sha… nomini tilga olgim ham kelmaydi! O‘sha xotin yolg‘iz emish, unga qiyin emish… bir suyanchga, mehrga muhtoj emish! Axir men, bolalarim…
Juvon gapirolmasdan birdan ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
U juvonga nima deb tasalli berishni bilmay shoshib qoldi. Nima desin, axir o‘zi yupanchga, tasalliga zor bo‘lsa…
– Singlim, sizga bir maslahat beraymi? – juvon bilan gaplasharkan, necha oylardan buyon yuragida botmon tosh bo‘lib yotgan alamlari picha tarqaganday bo‘ldi. Shuning uchunmi, shu qisqa vaqt ichida dardkash bo‘lib qolgan bu juvonga yaxshi gapirgisi, to‘g‘ri maslahat bilan yordam bergisi keldi.
Juvon bosh irg‘adi.
– Mening gapimga quloq solsangiz, tug‘iladigan bolaga ham jabr qilmang. O‘zingiz siqilib, ezilib yuribsiz, bu ahvolingizda bola sog‘lom tug‘ilarmikin? Shuni o‘ylang. Undan ko‘ra, o‘zingizga qarang, o‘g‘illaringizni yaxshi tarbiyalang. Eringiz bilan ajrashasizmi yo‘qmi, o‘zingiz bilasiz. Agar eringiz siz aytganday, rahmdil bo‘lsa, bola uchta bo‘ldi nima, ikkita bo‘ldi nima, tashlab ketmaydi. Mana, o‘qimishli ayol ekansiz, o‘zingizni qo‘lga oling. Bir kunlar kelib, eringizning o‘zi attang qilib qolsin, toki sizni kim bilan almashtirganini tushunib yetsin.
Nega u bu gaplarni juvonga aytdi, qanday aytdi, o‘zi ham bilmaydi. Yo bo‘lmasa o‘zi ich-ichdan umid qilib yurgan o‘ylarini hozir tiliga chiqarib yubordimi…
Juvon umid bilan unga qaradi. Juvonning ko‘ngli ancha taskin topdi shekilli, boya kirib kelganidan ancha osoyishta, sokin ko‘rindi.
– Habiba Komilovna, vaqt bo‘ldi, men ketaveraymi? – dedi besabrlik bilan boyadan beri ularni kuzatib o‘tirgan hamshira.
Juvon nihoyat doktorning vaqtini olib o‘tirganini anglab yetganday bo‘lib, xijolatomuz dedi:
– Uzr, men boray… rahmat sizga…
Juvon bilan suhbatlashib, o‘zining ham ko‘ngli ancha yorishgan edi.
– Yaxshi boring, – dedi ochiq chehra bilan.
Juvon xonadan chiqqach, u shoshilmay o‘rnidan turdi, narsalarini yig‘ishtirdi. Eri bilan qat’iy gaplashib olish fikri, ajrimni taklif qilish qarori o‘z-o‘zidan barham topgan edi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 4-son