Tibbiyot kollejidan chiqqanida kun peshindan o‘tgan edi. Amaliyotni kasalxonaning travmatologiya bo‘limida o‘tashyapti. Dugonalariga bu bo‘lim yoqmayapti. Palatalar avtomobil va boshqa xil halokatiga yo‘liqqan, yiqilgan-surilgan dardmandlarga to‘la. Kimnidir qo‘li singan, kimnidir oyog‘i…
“Durustroq manzarani ko‘rmaysan. Yuraklaring siqilib ketadi…” Anora shunday deydi. Anora ham qiziq, kasalxonada yana qanday manzarani ko‘rishing mumkin? Axir tibbiyot kollejiga bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun kirganligini aytib o‘tirish kerakmikin? Habiba ichida shunday deb o‘yladi, ammo Anoraga hech nima demadi. Baribir gapirsang gapingni olmaydi, o‘zinikini ma’qullaydi.
U hamshiralar xonasiga kirganida, to‘planishib turgan dugonalarini ko‘rdi.
— Ana, o‘zi ham kelib qoldi.
— Nima gap? — u hayron bo‘lib hammaga bir-bir qarab chiqdi.
Bo‘limning katta hamshirasi Habibaga yuzlandi.
— Qizlar, bir kun-bir kundan navbatchilikda turishlaring kerak. Shuni bilib qo‘yinglar. Navbatchilik bugundan boshlanadi.
Qizlar pichir-pichir qilishdi. Pichir-pichirdan ma’lum bo‘ldiki, navbatchilikda turadigan Zamira opaning boshiga og‘ir kun tushibdi. Boshqa hamshiralar ham galga solayotganmish. “Shuni to‘g‘ri aytsa-yu… navbatchilikda turasanlar emish…” Labini burib, shivirladi Dildora.
Katta hamshira gapni darrov ilg‘ab oldi, boshini burib, Dildoraga qaradi.
— Axir sizlar bu yil o‘qishni bitirasizlar, hamshira bo‘lasizlar. Hozir navbatchilikda tursanglar, keyin qiynalmaysizlar.
Birov u deb bahona qildi, birov bu deb. Katta hamshira hali biror nima deyishga ulgurmagan Habibaga o‘girildi.
— Bo‘lmasa siz qolasizmi? Uyingizga qo‘ng‘iroq qilasizmi?
“Bu yerda ham uning ko‘ngilchanligini bilishdi-ya… Lekin biror odamning boshiga og‘ir kun tushganda yordam berishning nimasi yomon?” U kalovlanib qoldi, beixtiyor yelkasini qisdi.
— Barakalla, Habibaxon. Tez borib, uyingizga qo‘ng‘iroq qilib qo‘ying.
Shu bilan masala hal bo‘ldi. Dugonalari yengil tortdilar. “Navbatchilikda tursam, erta bir kun kerak bo‘ladi-da, — o‘ziga-o‘zi tasalli berdi Habiba. — Hali ko‘p narsalarni bilmayman-ku”.
Kasalxonada kech tushishi oson bo‘ldi. Xayriyat, boshqa bo‘limdagi hamshira kelib, tomirdan qilinadigan dorilarni qilib ketdi. Endi oddiylari qoldi. Shuni bajarsa bo‘ldi. Shunday o‘y bilan navbatdagi palata eshigini asta ochdi. Xonada hech kim yo‘q, oyog‘iga Ilizarov apparati qo‘yilgan birgina bemor yigit deraza oldida qo‘ltiqtayoqqa suyanganicha telefonda gaplashmoqda edi.
— Bo‘ldi, kelib o‘tirishning keragi yo‘q, ha, ha…
— Mumkinmi? — dedi Habiba bemor o‘zining kirganligini sezsin uchun.
Yigit parvo qilmay, gapda davom etdi.
— Ukolingizni olasizmi? — dedi u endi balandroq ovozda.
Bemor nihoyat gapdan to‘xtadi, unga qayrilib qaradi.
— Birpas kuta olasizmi? — dedi bemor deyarli g‘azab bilan.
— Kechirasiz… — Habiba xijolat tortib, xonadan chiqdi.
Negadir xo‘rligi keldi. “Endi qanday ukol qilaman?” Boshqa hamma ishlarini bitirdi, lekin o‘sha palataga kira olmadi. Kirishga botinmadi, hayiqdi. Vaqt allamahal bo‘ldi. U tibbiy postda o‘tirganicha o‘ziga buyurilgan kasallik tarixi varaqalarini qayd eta boshladi-yu, lekin xayoli to‘rtinchi palatada edi. “Nega ukol qilmadingiz, deb koyishsa, nima deyman?” Bir payt qo‘ltiqtayoqning polga urilgan to‘q-to‘q ovozi eshitildi, yaqinginasiga kelib, bu ovoz tinib qoldi.
— Buyoqqa qarang… — u boshini ko‘tarib qaradi, tepasida boyagi bemor yigit, apparatli oyog‘ini asta ko‘targanicha qo‘ltiqtayoqqa suyanib turardi. — Ukolga keldim.
Habiba yigitning kechirim so‘ragan kabi nigohini ilg‘adi, o‘rnidan turdi.
— Bo‘ldimi? — dori yuborilgach, yigit turib qoldi.
Habiba boshini irg‘adi.
Yigit joyidan qimirlamadi. Habiba hayron bo‘ldi. O‘zini qo‘lga olib, dedi:
— Borib damingizni olavering.
— Uzr, bir oz shu yerda tursam bo‘ladimi? — yigitning boyagi jahlidan asar yo‘q, yosh boladay jilmaydi. — Palataga kirsam baribir uyqum kelmaydi. Bu qanday falokat bo‘ldi, kun o‘tmaydi, yuray desang, bunaqa holda…
Habiba yigitning holatini yuragidan his qildi. “To‘g‘risi, chopib yurgan sog‘lom odam birdan shunday ahvolga tushsa, qiyin-da… Lekin chidab, sabr qilsa, sog‘ayib ketadi. Bunaqa paytda ozgina madad kerak bo‘ladi”. U nega bunday xayolga borganiga o‘zi ham hayron bo‘ldi. Beixtiyor qarshisidagi kursini yigit tomonga surdi.
— O‘tiring.
Yigit kursiga amallab o‘tirib oldi.
O‘rtaga sukut cho‘kdi. Habiba oldidagi qog‘ozlarni titkilay boshladi. Bemor biror nima degisi keldi, ammo nima deyishni bilmay og‘iz juftlab turib qoldi.
Habiba uning biror odam bilan gaplashgisi kelayotganini sezganday beixtiyor savolga tutdi:
— Nima bo‘ldi o‘zi?
Yigit shu savolni kutib turganday ravon gapira ketdi.
— Ko‘rmaysizmi bu falokatni, o‘sha kuni mashina haydamay dedim-a…
Yigit o‘sha kungi boshiga tushgan avtomobil halokatini boshidan gapirib berdi.
— Mashinani-ku, tuzatish oson. Muhimi, hech kimga ziyon yetmadi. — Aytishicha, yonida kelayotgan mashinaga chap beraman, deb o‘zining mashinasini daraxtga olib borib uribdi. — Agar o‘yin payti oyog‘im sinsa, alam qilmasdi. Kelib-kelib mashinadayam shunday bo‘ladimi.
— Falokat-da…
— Qo‘rqayotganim musobaqalar yaqin, ungacha tuzalib ketarmikinman…
— Albatta, hali ko‘rmaganday bo‘lib ketasiz, — u nega shunday dedi, o‘zi ham hayron bo‘ldi.
Yigit futbolchi ekan. Habiba buni eshitib, jonlandi. Axir uydagilar, dadasi-yu, akalari, ukasi, hatto oyisigacha futbolga ishqibozligidan dugonalari ham kulishadi.
Shunda yigit zavq-shavq bilan gapga tushib ketdi. Musobaqalarni, mashqlarni… Habiba hamsuhbatini yaqindagina taniganini, uning bemor ekanini yoddan chiqardi. O‘zi u birovlar bilan gaplashishni biladi. Kelinoyisi shunday deydi. “Shuning uchun dugonangiz ham ko‘p, dardini sizga aytadi-da”, deydi gapining oxirida piching qilib. U kelinoyisining nima demoqchiligiga tushunadi — “Sizning gapingizni eshitadimi ular?” To‘g‘risi, dugonalariga hamma narsani so‘zlab o‘tirmaydi — o‘z dardi bilan ovora o‘rtoqlariga ortiqcha gapning nima keragi bor? Shunday deya o‘zini-o‘zi yupatadi. Noqulay-da, ularga ko‘nglingdagini gapirish, bir oz chidasa, o‘tib ketadi. Undan keyin birovning boshidan o‘tgan voqealarni tinglasang, o‘zingning darding ularniki oldida hech nima emasday tuyuladi. Bu haq gap.
U bir mahal yigitning apparatli oyog‘ini uyoqdan-buyoqqa surayotganini ko‘rdi.
— Ko‘p o‘tirib qoldingiz. Oyog‘ingiz toliqib, shishib ketmasin.
“Tag‘in hamshira emish…” U o‘zidan-o‘zi uyalib, xijolat tortdi.
— Yo‘g‘-e, oyog‘im esimda ham yo‘q, — yigit o‘rnidan turdi. Negadir u yengil tortgan, ancha jonlangan edi. — Rahmat. Xayrli tun bo‘lmasa.
— Yaxshi dam oling. — Habiba shunday dedi-yu, o‘zi ham yengil tortganini sezdi.
Tun kirdi. Palatalar suv quyganday jimjit bo‘lib qoldi. U beixtiyor xoll o‘rtasiga qo‘yilgan divanga cho‘kdi, ko‘zlarini yumdi. Bir mahal yaqinginasida nogironlar aravasining g‘ijirlagan tovushi eshitildi. Ko‘zlarini ochib qaradi — ha, bu oltinchi palatadagi bemor kampir. Gul ekaman, deb bo‘ksasi bilan yiqilib tushibdi.
— Xola, nega uxlamayapsiz? Yo uyqu dori beraymi?
— Yo‘q, baribir uxlolmayman. Qizim, o‘zingiz uxlamaysizmi?
Habiba uning nima demoqchi ekanligini uqdi. Bir hamsuhbatga zor — bilib turibdi.
— Men navbatchiman-ku. Birato‘la ertaga uxlayman-da. Nima bo‘ldi, xola, o‘zi? Og‘riqlar yo‘qmi?
Xola aravasiga bamaylixotir o‘tirib oldi. Asta, bir boshdan so‘z boshladi.
— Bir mahal gul ariqqa kirganimni bilaman…
2007.