Karl juda iste’dodli ijodkor edi. U mohir haykaltarosh bo‘lib, asosan, ayol tabiati, ruhiyati va uning nozik vujudida qo‘nim topgan betakror jozibani tasvirlashga butun umrini sarflagan, desak mubolag‘a bo‘lmasdi. Karl o‘rta bo‘yli, oq yuzli, qora qosh-ko‘zli, xullas, atrofidagi girdikapalak ayollar ta’biri bilan aytganda, kelishgan va yoqimtoy bir yigit edi. Kimdir uni 25-30 yosh oralig‘ida, hali bo‘ydoqligini aytsa, boshqasi allaqachon 40-45 ni urib qo‘ygan, so‘qqabosh deb hisoblardi. Chunki, haykaltarosh dilkash, ochiqyuzli inson bo‘lishiga qaramasdan, odamovi va kamgap bo‘lib, odatda, murojaat qilishmasa ko‘cha-kuyda yoki tez-tez tashkil etiladigan ko‘rgazmalarida birov bilan suhbatlashib o‘tirganini hech kim ko‘rmagandi va mudom yolg‘izlikda yashar edi. Uning ko‘zlari muloyim boqar, nigohining tub-tubida g‘am-g‘ussa, qayg‘u in qurib olgandek ko‘rinardi. Yana bir qarasangiz, allaqanday quvlik ham ko‘ringandek bo‘lar, ammo ayollarni unga talpinib, mahliyo etadigan yana bir jihati tim qora ko‘zlaridagi ma’yuslik edi. Ma’yus nigohlar beg‘ubor va samimiy boqib turar, iste’dod esa ushbu ko‘rinishga qo‘shimcha ball qo‘shardi. Karlning muxlislari, asosan, ayollar bo‘lib, Veneradan tortib, to Afroditagacha cho‘zilgan ayol qiyofasi bor jozibasini ifoda etadigan, mohirlik bilan bunyod bo‘lgan san’at asarlarida har bir ayol o‘zining qay bir jihatini ko‘rgandek bo‘lar, bu holat ularning haykaltaroshga bo‘lgan mehr-muhabbatini yanada jo‘shqinlantirar edi…
Bugun Karl har doimgidan ham barvaqt ko‘rinish berdi. Bu vaqtda, ya’ni saharmardonlab endi tong yorishib kelayotgan bir paytda Parijning keng va fayzli ko‘chalarida bir zog‘ni uchratish amri mahol bo‘lib, doimo bog‘chasidagi tebratma stulida xayol surib o‘tiradigan keksa, yolg‘iz kampirdan boshqasi ko‘rinmasdi. Yozning so‘nggi, kuz tomon og‘ishayotgan iliq, namxush tongi Karlning kayfiyatini yanada ochib yuborgan, u ming‘irlab xirgoyi qilganicha, yon-atrofga zavq bilan boqib, xotirjam odimlardi. O‘tib keta turib kampirga mehr bilan jilmayib, bosh irg‘ab qo‘ydi. Kampir esa qoqsuyak yelkasiga tashlab olgan shol ro‘molining shokilador burchagini silkitib qo‘ydi. G‘ira-shira bo‘lsa-da ko‘rinib turgan kemshik tishlari va chaqqon harakatlaridan kampirning ko‘tarinki kayfiyatini ilg‘ash qiyin emasdi. Shu tarzda Karl qo‘lidagi bir yoki ikki hafta oralig‘ida uyidan sudrab chiqib, yana qaytib olib keladigan tutqichli tillarang metall jomadonining qo‘shg‘ildiraklarini g‘ildiratganicha, Sena daryosi qirg‘og‘ida yoyilib ketgan tonggi quyuq tuman ichida ko‘rinmay ketardi.
Choshgoh mahalida Karl Sena daryosi bo‘yida joylashgan golf klubda paydo bo‘lar, xumoridan chiqquncha o‘ynardi. O‘yindan keyin uning ko‘rinishi nihoyatda ko‘tarinki tus olardi. Ko‘zlaridagi ma’yuslik quvnoq, jilvakor nigoh ostida qolib ko‘rinmay ketgandek tuyulardi. Tushlik mahalida uning jomadoni Sena bo‘yidagi “Il Vaporetto” italyan oshxonasi maxsus bo‘lmasidan joy olar, Karl maroq bilan, mamnun qiyofada tushlik qilib olardi. Deyarli har hafta tashrif buyuradigan, so‘nggi manzili esa shu atrofdagi tor ko‘chalardan birida joylashgan “Speed dating” qahvaxonasi bo‘lardi.
Karl bugun juda ko‘p ayollar bilan yuz ko‘rishdi. U alvonrang ovalsimon stolga tirsaklarini tiraganicha xotirjam boqar, ko‘zlariga yana so‘nik ma’yuslik qayta tashrif buyurgandek edi. U shoshilmasdan kattagina, qizg‘ish yaltiroq muqovali yon daftarini ochdi. Birin-ketin varaqlay boshladi. Yuzida allaqanday g‘ashlik paydo bo‘ldi, quyuq qoshlari chimirildi. Chuqur uh tortdi. Bu orada qarshisiga ozg‘indan kelgan, malla sochli ayol kelib o‘tirdi. Karl unga sinchkov tikildi. Norozilik alomati paydo bo‘lib, burishib ketgan yuzini ayolga sezdirmaslik uchun boshini egib, yondaftarini varaqlagan bo‘ldi. Mahorat bilan qora qalamda chizilgan ayol qomatini ko‘zdan kechira boshladi. So‘ngra xuddiki, anchadan buyon nimanidir – juda kerakli narsani – ming marta tirishib eslay olmagan-u, hozir ayni paytda yodiga tushib qolgandek, yuzi birdan yorishib ketdi. Ko‘zlarini katta-katta ochib yana ayolga tikildi. Ayolning nozik, uzun-uzun barmoqlari, garchi bo‘yoq surilmagan bo‘lsa-da, gapirayotib harakatga keltirilayotgan mahalda tabiiy tusda jilolanib turgan shaffof tirnoqlari Karlning ko‘zlaridagi so‘nayotgan umidga jon ato etgandek ko‘rindi. U mamnunlik bilan yondaftaridagi ayol siymosining barmoqlarini qizil doiraga olib qo‘ydi. Kayfiyati so‘nggi nuqtalargacha ko‘tarilganligini uning olovlanib, uchqun porlab turgan ko‘zlaridan anglash qiyin emas edi. Ular suhbatni qisqa qilishdi. Shundog‘am qisqa bo‘lgan o‘n-o‘n besh daqiqalik chegaralangan vaqt ham xuddiki ularni majburiy holatda tutib qoladigandek, shoshilishganicha qahvaxonani tark etishdi. Toki quyosh Eyfel minorasi oyoqlari ostiga yiqilib, to‘q pushtirang sharpasini ufqqa yoygunga qadar tabiat qo‘ynida aylanishdi. Karlning kayfiyati chog‘ bo‘ladigan bunday paytlarida, juda hazilkash bo‘lib ketar, xuddi shunday baxtli damlarida favqulodda xoxolab kulishini eshitish mumkin edi. Karl mallasoch ayol bilan qo‘ltiqlashib, qadrdon uyi yo‘lagida paydo bo‘lishganlarida qosh qorayib, kulrang osmonda Venera va Katta ayiq yulduzlari xiralashibgina yuz ochib qolgan edi…
Karl bir haftaga yaqin eshik ochib, ostona hatlamadi. Shu bilan qorasini ko‘rsatmas, ijodga sho‘ng‘ib ketardi. Biror qo‘shnisi – hattoki subhidamdan kun botgunga qadar bog‘ida mudrab o‘tiradigan kampirsho ham – Karlning ilhom parilari bo‘lmish, har haftada bir yangilanadigan ayollarning qachon kelib, qachon ketishlarini bilolmay qolishardi. Kampirsho uxlamay tong ottirgan damlarida ham biror marta Karlning eshigi ochilib, biror ayolning chiqib ketganiga guvoh bo‘lmagan. Vanihoyat, bir hafta bo‘lar-bo‘lmas Karlning zil-zambil eshigi cho‘ziq nola tortib ochilar, ostonadan biroz tushkun, odamovi va kamgap haykaltarosh bo‘y ko‘rsatar, tillarang jomadonini g‘ildiratganicha g‘ira-shira tong bag‘riga singib ketardi.
Bugun Karl o‘zgacha kayfiyatda uyg‘ondi. Keng xonasida qatorlashib joy egallagan oppoq marmar haykallarni silab-siypalab ko‘zdan kechirib chiqdi. Yotog‘i yonidagi stol ustida turgan suratni olib, uzoq tikildi. Ma’yus tortib, biroz o‘yga tolib qoldi. Ayol bor bo‘y-basti bilan suratga olingan, qaddi-qomati, yuz-ko‘zlari, qo‘ng‘iroq sochlari aqlni shoshiradigan darajada maftunkor va jozibali. Karl yosh halqalangan ko‘zlarini shosha-pisha artdi. Suratni ohista o‘pib, nimadir deb g‘udranib qo‘ydi. Yon daftarchasini olib, barcha tana a’zolari belgilanib bo‘lingan, ammo yolg‘iz bosh qismi qizil doirasiz qolgan ayol siymosiga tikildi. Ko‘zlarida mehru muhabbat, kayfiyat uchqunlari yilt etdi-yu, kecha tayyorlab qo‘yilgan tillarang jomadonini pastda, podvalda joylashgan ustaxonasidan zo‘rg‘a sudrab chiqdi. Tashqi eshikni qulflab, doimgi yo‘li tomon ravona bo‘ldi.
Karl “speed dating”da yettinchi yo sakkizinchi ayol bilan yuzma-yuz o‘tirar ekan, juda bezovta va besaranjom ko‘rinardi. U ayollarning yuz-ko‘zlariga sinchiklab qarar, stol ustida qovushib turgan barmoqlari asabiy titrardi. Ko‘z gavhari nihoyatda kengayib ketgan, oq o‘rnini faqat qorachiq egallab olgandek ko‘rinardi. U soniyalarga qolmay ayollardan yuz burardi va navbatdagi ayol yuziga tikilardi. Karlning toqati toq bo‘ldi. Hafsalasi pir bo‘lib, endi o‘rnidan turib, jomadoniga qo‘l yuborayotgan mahalida stulga bir ayol kelib o‘tirdi. Karl “Men turdim!” yoki “Ketyapman!” ma’nosidagi qandaydir, ko‘ngilga botmaydigan silliqroq so‘z aytmoq uchun og‘iz juftlash barobarida ayolning yuziga nari-beri qaradi. Shu zahoti yuzi yorishib, yonoqlari qizardi. Ko‘zlarida muhabbat porladi.
Ayol mayin jilmayib, qimtinibgina o‘tirar, ko‘rinishi, o‘zini tutishidan judayam uyatchan va soddadilligi bilinardi. Karl esa ko‘zlarini undan uzolmas, tinmasdan savolga tutardi. Ayol o‘zini Merkel deb tanishtirdi.
– Sen ham ijodkormisan? – dedi Karl quvnoq ovozda, ayol tizzasida turgan kattagina yondaftar va qalamga ishora qilar ekan.
– Shunday desa ham bo‘ladi. – dedi ayol qizarinib, – Suratkashman! Inson va hissiyotlar mavzusiga juda qiziqishim katta. Kelgusi rejalarimda ham xuddi shu mavzuga murojaat etmoqchiman.
– Ajoyib! Bilasanmi, ikkimiz juda ham o‘xshash ekanmiz! – dedi Karl hayajon bilan, – Ikkimiz ham ijodkor, ikkimizning ham ko‘ngillarimiz siniq…
– Men hali ko‘nglim haqida senga gapirmadim-ku, – dedi Merkel hayrat va soddalik bilan.
– Nega endi, kelganingdan buyon so‘ylab o‘tiribsan-ku, – dedi Karl uning tiniq moviy ko‘zlariga boqib, – Ko‘zlaring… dengiz kabi shovullayapdi ular… Dardlar bisyor, alamlar bisyor. Sen uning o‘zginasisan… Ohh… – Karl boshini changalladi. Merkel uning qo‘llaridan ohista siladi.
– Hammasi yaxshi, o‘zingni qiynama, azizim Karl!
Karlning uyiga yetib kelishganida kun allamahal bo‘lgan, kechki sayrga chiqqan juftliklarning sho‘x-shodon chehralari yo‘lkalarni yoritib turgan tungi chiroqlar yorug‘ida yaqqol ko‘rinib turardi. Hamma xursand, barcha baxtlidek edi…
Merkel iymanibgina yondaftarini quchib, kafeda stol chetiga olib qo‘ygan g‘ilofli, kattagina fotoapparatini bo‘yni aralash yelkasiga osib olgan, eshikni ochish uchun Karl bir chetga qo‘ygan jomadonni ham tutqichidan mahkam tutib turardi. Uning yuzidan hech narsani anglab bo‘lmasdi shu tobda. Faqat soddagina samimiy ayol, boshqa hech narsa ko‘rinmas edi. Karl tashqi eshikdan kirasolib, chiroqni yoqdi. Charog‘on xona ko‘zlarni qamashtirdi. Kiraverishdanoq qator, savlat to‘kib turgan marmar haykallar ko‘zga tashlanardi. Merkel hayrat bilan, ko‘zlari yonib ularni tomosha qilib chiqdi. Ushbu ayol siymolarining har biri bir olam edi. Takrorlanmas va beqiyos xilqatlar edi barchasi.
Karl jomadonni ijodxonasiga tashlab chiqar ekan, samimiy jilmayib, odob bilan Merkelga shampan vinosi taklif etdi. Antikvar patefon qulog‘i buralgach, ancha vaqt vishillagan va g‘ijir-g‘ijir tovush chiqarib turdi, so‘ngra “Tango” kuyi yangray boshladi. Karl va Merkel shampan vinosidan oz-ozdan ho‘plar ekan, ko‘zlari to‘qnashar, go‘yoki qora tun hamda moviy dengiz jangga kirishgan-u, yulduzlar va to‘lqinlar safarbar etilib, nigohlaridan sovuq epkin, olovli uchqun sachrardi. Karl ayolga qo‘lini tutdi. Ayol ham qo‘llarini unga tutar ekan, nozik oyoqlarini uzun poshnali alvon tuflisidan ozod etib, vujudini Karl ixtiyoriga topshirdi. Ular kuy ohanglarida sarmast bo‘lishib, mahorat bilan “Tango” raqsiga sho‘ng‘ib ketishdi…
Karl Merkelning qo‘lidan tutib, zinalar osha pastga, muzdek havo hamda g‘alati hid anqib turgan yerto‘la – ijodxonasi tomon yo‘l boshladi. U endi butunlay tinchib qolgan, hayajoni bosilgan, osoyishta va xotirjam edi. Ko‘zlari muloyim boqar, qorachiqlaridagi ma’yuslik qayoqqadir yo‘qolib, o‘rniga bitmas-tuganmas ishq joylashib olgandek edi. Ustaxonada tartibsizlik ko‘zga tashlanmas, boshqa ijodkorlardan farqli o‘laroq, Karlning nihoyatda tartibli, ta’bir joiz bo‘lsa, qonun-qoida bilan ishlashi yaqqol sezilib turardi. Hali yakuniga yetmagan marmar haykallar ustiga mato tashlab qo‘yilgan, asbob-uskunalar maxsus qutilarda alohida-alohida joylangan, ustaxonaning oppoq marmar poli, mebel hamda derazalar top-toza qilib artilgan, yaraqlab turardi. Xona to‘rida shkafsimon, muzdek havo purkab turgan jihoz ro‘parasida ustiga oq qalin mato tashlangan haykal turardi. Ko‘rinishidan, garchi mato ostida turgan bo‘lsa-da, Karlning ishi hali oxiriga yetmagani, haykal boshsiz ekani sezilardi. Karlning avzoyi o‘zgardi. Titrab-qaqshab, shahd bilan matoni tortdi. Qizg‘ish dog‘lar qoplab olgan oppoq mato Merkelning oyoqlari ostiga kelib tushdi. Shahd bilan uchib kelgan matoning burinni yorar darajadagi qo‘lansa hidi xona bo‘ylab yoyildi. Karl chap qo‘li bilan yonidagi stol ustini paypaslar ekan, qassoblarnikidek kattagina pichoqni kaftlari orasiga oldi va Merkelga sovuq tirjaydi.
Merkelning yuzida ozgina hayrat sezilgandek bo‘lar, na bir qo‘rquv, na hissiyotni anglab bo‘lmas, ayollarning har xil a’zolari birlashtirilib, mahorat bilan choklangan, mukammal, ammo boshsiz ayol gavdasidan ko‘zlarini uzolmasdi. Karl pichoqni boshi uzra ko‘tardi, Merkel soddagina jilmayib, qo‘lida paydo bo‘lib qolgan ingichka va nozik, uzungina pichoqchasini xuddiki, Karlga sovg‘a qilish uchun tutqazayotgandek yo‘naltirdi…
Fotoaparat chiqqilladi. Har xil erkaklarning ishonch va muhabbat yo‘g‘rilgan nigohlari baqrayib qotib qolgan, oppoq yuzli boshlarning suratlari yopishtirib chiqilgan yondaftar shoshilmasdan navbati bilan varaqlandi. Oxirgi sahifasidan esa mukammal, quroqli tanaga o‘rnatilgan Karlning boshi joy oldi. Uning yuzida hissizlik, ko‘zlarida esa dahshat qotib qolgan edi…
Merkel qandaydir qo‘shiqni xirgoyi qilgancha, ustaxonani boshdan oyoq yaraqlatib artib-tozalab chiqdi. Chiqib keta turib, o‘zi bunyod etgan mukammal tanada bo‘ynidan choklanib, baqrayib qolgan Karlni mehr bilan o‘pib qo‘ydi. Tashqi eshikni qulflar ekan, tong havosidan entikib nafas oldi. Yo‘lakka chiqqanidan keyin doimgidek bog‘ida mudrab o‘tirgan kampirga qo‘l silkitib qo‘ydi. Kampir ham har safargidek ro‘molini silkitish bilan javob yo‘lladi. Merkel mamnun jilmayib, xotirjam, bitta-bitta qadam tashlaganicha, yo‘lida davom etdi. U atrofga soddalarcha boqar ekan, tillarang jomadonning qo‘shg‘ildiraklarini g‘ildiratib, Sena daryosining tumanli qirg‘oqlari tomon singib ketdi…