Mastura Abduraim qizi. Boshsiz qo‘g‘irchoqlar (hikoya)

Necha kundirki ayol mijja qoqmadi. Tuz totmadi. Ovqatlanish, qorni ochganda nimadir tanovul qilishi kerakligini ham unutgandek edi. Qirq kundan buyon u faqatgina suv ichardi. Yutoqib-yutoqib, lablaridan oshirib-toshirib, bo‘yni, ko‘ksidan oqizib, hansirab ichgani suv edi. Qizchasi ketgan kundan, hattoki, uning jimitdaygina, qonga botgan jasadini, o‘sha kimsasiz axlatxonada, kir lattalar, isqirt chiqindilar orasida ko‘rganida ham ko‘zlaridan bir tomchi yosh chiqmadi. Shu qadar chuqur uh tortdiki, bu g‘ayritabiiy oh, ayolning ich-ichidan titrab chiqqan hayvoniy bir o‘kirik bilan qorishib keldi-da, bo‘g‘ziga tiqilib qoldi. Ayol uni qo‘yib yuborish uchun boshini keskin ortga tashlab, qalt-qalt titradi, nafasi qaytib, bo‘g‘ildi, yelkalari silkinib ketdi. Eriga qaradi. Ota jinoyat joyiga ihota qilingan lentani qo‘llari bilan changallab olganicha, titrab-qaqshab yig‘lar edi. O‘krab-o‘krab, qon yig‘lar edi. Ayol tek qotdi. Lablari titradi. Boshi yorilgudek guvulladi. Ma’nisiz ko‘zlaridan yosh chiqmadi. Qizalog‘i tomonga qaradi. U hamon irkit chiqindilar orasida yotar, ustiga tashlab qo‘yilgan oppoq choyshabning pastki qismi qon shimib olib qizarib qolgan, qizaloqning oyoqchalari ikki yonga kerilgancha qotib qolgan, tizzasidan pasti ko‘rinib turardi. “Bitta tuflichasi tushib qolibdi! – pichirladi ona, – Juda yaxshi ko‘rardi. Oyog‘idan qo‘ymay kiyardi.”
“Onajon, maktabga borsam ham, shu tufligimni kiyaman!” – degan edi.
“Hali maktabga yana bir yil bor, ungacha oyoqchalaring o‘sadi, tuflichang kichik kelib qoladi, qizim. Men senga yangisini, bundan ham yaxshirog‘ini olib beraman!”
“Yo‘q, onajon, oyoqlarim katta bo‘lishini istamayman, shu tufligim yaxshi, bunaqasi hech kimda yo‘q!” – degan edi qizaloq.
Ona titrab, boshini changalladi. “Kechagina bo‘lmaganmidi bu suhbatimiz” o‘yladi u, ha, kuni kecha, xuddi shu mahal, shom paytida suhbatlashgan edik. Faqatgina, quyosh bugungidek qonli emas edi. Yoki qonlimidi? Men payqamadimmikin!? Shu kuni ertalab-chi? Tong qanday otgan edi? Osmonni bugungidek, qoramtir bulutlar qoplaganmidi? Quyosh nechada chiqqandi? U bilan nimalar qilgan edik? Ha… uning uzun sochlarini silagandim, o‘rib qo‘ygandim. O‘zi yoqtirgan oq, keng etakli ko‘ylagini kiygan edi. Ko‘chada keta turib, qiqirlab-qiqirlab kulgan, etagi keng yoyilib, parillab aylangan, juda zavqlangan edi. Keyin-chi.., ha… o‘yinchoq do‘koni yonidan o‘tgandik. Bu o‘sha oppoq ko‘ylakli, sochlari mallarang, nozik shlyapachasini bostirib olgan, eng chiroyli va qimmatbaho qo‘g‘irchoq edi. Pulim yetmasligini bildim va qizalog‘imni chalg‘itgan edim: – Yur, muzqaymoq olib beraman! Uning ko‘zlari charaqlab ketgandi. Keyin astagina pichirlagandi: – Onajon, otamga aytsak, qo‘g‘irchoqni olib berarmikin?
“Ha, – degandim men, – Olib beradi. Maosh olsin, albatta, olib beradi…” Qo‘g‘irchoq… qo‘g‘irchoq… jonsiz qo‘g‘irchoq…
Xayollar, ayqash-uyqash ro‘yolar o‘pqonidan hissiz nigohlarini uzib olar ekan, tuyqus ayolning ko‘zidan bir tomchi yosh oqdi. Tamom u yana qotdi, muzladi.

* * *

– Yigirma yil berishdi! – dedi eri uh tortib.
– Yigirma yil? – istehzoli iljaydi ona, – hmm, y-i-g-i-r-m-a y-i-l… Ajoyib!
– Ichkari bilan gaplashdim. Sog‘ chiqmas ekan, o‘zini ham… Ota bo‘g‘riqdi. Basma-basiga chekayotgan tamaki tutuni tiqilib, yo‘tal tutdi. Uzoq yo‘taldi. Yelkalari silkinib-silkinib yo‘taldi. Ayoliga teskari qarab o‘tirib oldi.
– Bugun ko‘chaga chiqmoqchiman! – o‘rnidan turib kiyim shkafi tomon yurdi ayol.
– Nima qilasan ko‘chada?! – deyarli ikki oydan buyon ostona xatlamagan, ozib cho‘pday bo‘lib ketgan xotiniga tikildi erkak.
– Qo‘g‘irchoqni olib kelaman, – dedi ayol o‘ziga katta kelib qolgan, qopdek ko‘ylagini egniga tashlab ko‘rar ekan, – Shunisi yarashdimi? – lablari titrab eriga boqdi.
– Yarashdi! – dedi hamon teskari qarab o‘tirgan erkak ovozi qaltirab, – senga hamma narsa yarashgan… u… u ham senga o‘xshardi.
Men ketdim. Unga tezroq qo‘g‘irchog‘ini yetkazishim kerak!
– Tezroq qayt!
Ayol qamoqxonaning tashqi darvozasi oldida turardi. O‘sha qo‘g‘irchoqni quchib olgan, miq etmay, darvoza oldidagi ikki harbiy qorovul yigitlarga tikilib turardi.
– Men kirishim kerak!
– Mumkin emas!
– Men qo‘g‘irchoqni yetkazishim kerak!
– Mumkin emas!!!
Ona tuni bilan qamoqxona darvozasi ostida o‘tirib chiqdi. Yoniga kelib o‘tirgan erini ham sezmadi. Hissizgina boqdi, ammo o‘zi juda uzoqlarda edi. Qo‘g‘irchoqni qattiq quchib olgan, titroq qo‘llari bilan sochlarini silar, ko‘ylakchalarini tekislab, to‘g‘rilab qo‘yar edi. Anchadan buyon suv ko‘rmagan, yog‘lanib ketgan potila sochlari ilk bahorning hali qish zabti ketmagan izg‘irin shamolida har yonga uchar, ayol yana pichirlay boshlagan edi. U tinmasdan so‘ylanar, ammo yonidagi eriga gapiryaptimi yoki qizalog‘i bilan gaplashyaptimi, yo alahsirayaptimi, anglab bo‘lmas edi.
– Har kuni meni yo‘qlab kelayotganingdan juda xursandman. Mana, aytganingdek xuddi o‘sha qo‘g‘irchoqni oldim, qaragin, yuzlari, sochlari, ko‘ylaklari, tuflichasigacha seni o‘zing-a?! Sen ham negadir qo‘g‘irchoqqa aylanib qolibsan. Kecha kelganingda juda qo‘rqdim. Ortingda turgan anavi tog‘-tog‘ uyilib yotgan qo‘g‘irchoqlar kimniki? Yoki ular ham sendek qizaloqlarmi? Nega hech birining boshi yo‘q? Juda qo‘rqdim. Sovqotdim! Meni qo‘rqitding, bolam! Seni boshing qani? Shu sababli gapirolmay qoldingmi?
– Men… biz uyalamiz! Sizlarni ko‘zlaringizga qarashdan, gapirishdan uyalamiz…
– Ha… ha… bilmaganimni qara, boshing bo‘lmaganidan keyin, og‘zing ham yo‘q-da! Bu tabiiy holat-ku, albatta, gapira olmaysan-da! Ammo, siz uyalmang, hecham uyalmang… Ular uyalishsin! Ular javob berishsin! Ularning boshlari sapchadek uzilsin, jon bolam! Men senga qo‘g‘irchog‘ingni yuboraman. Albatta, yetkazaman.
Ayol har kuni qamoqxonaga kelar, har doimgi gapini takrorlar edi.
– Men qo‘g‘irchoqni yetkazishim kerak!
– Mumkin emas!!!
Ota to‘xtamay harakat qildi. Sudyalar, advokatlar bilan uchrashdi. Qayta apillyatsiyaga berdi. Qamoqxona boshlig‘i bilan ham gaplashdi. Hech biridan tayinli bir javob chiqmadi. Umrbod qamoq jazosiga alishtirishning iloji bo‘lib qolishini, lekin o‘lim hukmi mamlakatda haligacha joriy qilinmasligini aytishdi. Erkakning jizg‘anagi chiqdi. Qizaloqning kuyigi, ayoli tortayotgan do‘zax azoblari qoq ko‘ksiga urildi. Ko‘kragini changallab uh tortdi. Toki hukm o‘qilmaguncha, har kuni qamoqxonaga, undan chiqib qabristonga borar, qizalog‘i ketganidan buyon, xotinining bir bora bo‘lsa-da qabristonga kelmaganidan taajjubga tushar va shu bilan birga uni tushunardi ham.
Ona hamon qamoqxona eshigi ostida, qorovullar yonida o‘tirar, doimiy gaplarini takrorlar va doimgi javobni olardi. Bir kuni qamoqxona boshlig‘i yoniga chiqdi. Ayolning ko‘zlariga tikildi, lablari, qo‘llari titray boshladi.
– Keting!
– Yo‘q! Qo‘g‘irchoqni yetkazishim kerak!
– Iloji yo‘q! Hech narsa o‘zgarmaydi! Hech kim quloq solmaydi.
– Men qizalog‘imga qo‘g‘irchog‘ini yetkazishim kerak! – qat’iy ohangda so‘yladi ona.
– Qizim, besh yosh edi. Uni o‘g‘irlashdi. Men tufayli… Chiqindixonadan topdim. Zo‘rlangan, qo‘l-oyoqlari kesilgan… O‘n yildirki, o‘sha maxluq qamoqxonamda. Har kuni ko‘raman. Har kuni… Keting!
– Men qo‘g‘irchoqni bersam bo‘ldi. Boshqa kelmayman!
– Mumkin emas!
Ayol to‘xtamadi. Har kuni, qayta-qayta kelaverdi. O‘zi ham bir ahvolda, qo‘g‘irchoqni ham yuzlari, engil-boshi kirlanib, isqirti chiqib ketgandi. Sochlari xas-hashak, patak bo‘lib qolgandi. Qamoqxona boshlig‘i aytganidek, hech narsani o‘zgartirisholmadi. Hukm o‘qildi. Mahkum yigirma yil ozodlikdan mahrum etildi. Ayol ancha vaqt qamoqxona oldida ko‘rinmay qoldi. Ammo, qaysidir kunlarning birida, yomg‘irli kuz kunida yana qo‘g‘irchog‘i bilan paydo bo‘ldi.
– Qo‘g‘irchoqni yetkazishim kerak!
– Mumkin emas!
Qorovullar almashinish vaqti keldi. Qorovullar darvoza oldidan ketishdi, ammo o‘rniga boshqasi kelmadi. Ulkan mustahkam temir darvoza qiya ochiq qoldi. Ayol sergaklandi. Bir qo‘lida qo‘g‘irchoqni quchib, ikkinchisiga kattagina boltani changallagancha, jimgina darvozadan kirdi. Qamoqxona hovlisida boshliqning sharpasi lip etdi-yu, yo‘qoldi. Ayol u kirib ketgan eshik tomon yo‘naldi. Qamoqxona jim-jit, biror qorovul ko‘rinmas, mahbuslarning alahsirab ingragani, pishillab, og‘ir-og‘ir nafas olgani eshitilib turardi.
Ayol qator eshiklar osha yura boshladi. Ana, qiya ochilgan eshik! Jimgina, sekingina eshikni tortdi. Oshig‘idan moy tomchilab turgan eshik ovozsiz ochildi. Mahbus ko‘ngilni ozdiradigan allaqanday jirkanch, zax va sovuq rutubat anqib turgan xona burchagida, kir yotoqda bamaylixotir uxlar edi. Ayol unga yaqinlashdi. Ko‘zlarida do‘zaxiy olov yallig‘landi. Boltani yuqori ko‘tardi. Qo‘llari qalt-qalt titradi. Yuzi burishib, ketidan keskin bo‘shashdi. Bolta tig‘i xira chiroq yorug‘ida yaltillab ketdi. “Qars” etgan tovush chiqdi. Bolta ayolning qo‘lidan sirg‘alib oyoqlari ostiga tushgandi. Mahbus cho‘chib ko‘zini ochdi. Ular bir-birlariga tikilib qolishdi. Qirq yoshli, sodda nigohli, oq yuzli erkak uyqusirab, hissizgina nigoh tashladi. Ayol ham uning ko‘zlariga sokingina boqdi-da, boltani qo‘g‘irchoqni yoniga, yotog‘i ustiga qo‘ydi. Xonani tark etdi.
Ertalab mahbus xonasidan xabar olishdi. Bolta yotoq ostida yotar, mahbus hech narsa bo‘lmagandek xurrak otardi. Yonida yotgan boshsiz qo‘g‘irchoqning kiyimlari yulqinib yechilgan, har tomonda sochilib yotar, a’zoyi badani ezilib, qo‘lsiz-oyoqsiz, abgor ahvolda majaqlanib yotardi…
– Kastratsiyaga! O‘ta maxfiy! Operatsiya xarajatlari o‘z hisobimdan. Qizaloqning ota-onasi ham olib kelinsin! Hukm muolajasida birgalikda qatnashamiz. Maxfiylik ta’minlansin!
Bu paytda ayol qizalog‘ining qabri ustida, yuzini tuproqqa bosganicha o‘krab-o‘krab, yum-yum yig‘lar edi…