Ma’mura Zohidova. Sarhadsiz sadoqat (qissa)

Men cho‘loq bo‘lib qoldim. To‘g‘risi, ishtaham ham bo‘lmayapti. Tashlangan nonlarga yeta olmayapman. Ana, ertalabkisi, ko‘lmakda bo‘kib yotibdi. Avvalgi holim bo‘lsa, shuni olib oftobda quritardim. Keyin toza joyga ko‘mardim. Qornim ochganda yerdim. Non-ku mayli, uyga hech kim kelmagan kunlar suvdan qiynalaman. Chanqoq zo‘ridan muzday ayvonda yo daraxtning soyasida yotaman. Ko‘chaning narigi betidagi tegirmonga yuk olib kelganlar bu uydan kimdir chiqib olib kelgan yukini tarozida tortib olib qo‘yishi uchun bir-bir chaqirishadi. Hech kim chiqmagach, qaytib ketishadi. Shularga uyda odam yo‘qligini bildirish uchun hurib qo‘yishga ham qurbim yetmay qoldi.
Ertalabda havo muzdekkina edi. It burchakdagi oftob tushadigan joyga g‘ujanak bo‘lib oldi. U oriqlab ketgandi.
Lekin baribir o‘tgan kunlarimdagi oqish malla it – Bo‘ynoq, sochlari uzun qo‘shni qiz – Shohida ko‘z oldimga tez-tez keladi. O‘sha paytlar, mazza qilib yashagandim.
Uy kimsasiz edi.
Ancha avval xo‘jayin xotinini shaharga ishga joylab, endi pul ko‘paytirish, shahardan ham uy olish g‘amiga tushgan vaqtlar tuman markazida ishlardi. Hech bo‘lmaganda, ikki kunda bir uyda bo‘lardi.
Xo‘jayin kelishi bilan oldiga yugurib borsam, kulib engashardi. Endi uni kutib oladigan mendan boshqa birov yo‘q edi. Uning ko‘zi yoshlanardi. Men uni sog‘inganimdan yoniga chopardim. Uning yuzini ko‘rish meni juda quvontirardi. Osmonga irg‘ishlardim. Boshqa hech narsa kerakmas edi. Ochligimni ham unutib qo‘yardim.
Bu haqiqiy sog‘inish bo‘lsa kerak…
Keyin u menga ovqat berishga shoshilar, uyda yemish yo‘q bo‘lsa, katta yo‘l bo‘yidagi do‘konga chiqib non olib kelardi.
Uy egasi nonga ketib borar ekan, “Bu qish bahorga yetmay it o‘lib qolsa kerak”, deb o‘ylardi. Uyga qaytgach, nonni shundoq ostona yoniga qo‘yib, ichkariga kirib ketar, ustma-ust kelayotgan odamlardan kech xuftongacha bo‘shamasdi. Non ham o‘sha joyda qolib ketardi. Bechora it non yonidan u yoqdan-bu yoqqa necha o‘n marta o‘tar, egasining chiqib, o‘z qo‘li bilan berishini kutar edi.
Mana endi, xo‘jayin oilasi ortidan ketgan, haftada bir keladi-yu, eshik oldida turgan bemorlarini ko‘rib, qo‘li tekkandagina menga qaraydi. Bemorlar uf tortishib, betoqat bo‘lib navbatga turishadi. Xo‘jayin ularning ba’zilari bilan qo‘l uzatib so‘rashadi-da, oyog‘i ostida turgan bo‘lsam ham, meni ilg‘amaydi. To‘g‘ri-da, axir odamlar odamlar-ku.
Odamlar!
Ularning yuzlari shunday chiroyli, xuddi isitadigan quyoshga o‘xshaydi. Ularning qo‘lidan ko‘p ishlar keladi. Biz itlar odamlarsiz yasholmasak kerak.
Xo‘jayinni qidirib kelganlar menga qo‘rqa-pisa qarashadi.
Avval ham ko‘rganlar uning yaxshi it ekani haqida boshqalarga xabar berishadi.
Ularning ko‘plari ertalabdan beri eshikda tik turgan bo‘lishadi. Ba’zi kunlari xo‘jayinni mashinada olib ketishadi. U kech keladi-da, hech narsaga qaramay, joy solib yotib oladi. Meni erkalatib bo‘ynimdan quchoqlashini kutaman, keyin hafsalam pir bo‘ladi. Lekin u uyga kirib ketgan kunlari ko‘nglim to‘q, mazza qilib uxlayman.
Bir oyda bir keladigan bekaning aytishicha, bahorga chiqsam, tuzalib ketarmishman. U shunday deganda, bolalarning kichik amakisi “Ey, buninglar bahorga chiqmaydi. Qo‘tir ham bo‘lib yotibdi”, dedi. Juda xafa bo‘ldim. Birinchi marta cho‘loq bo‘lishimmas-ku. Qo‘tir ham nechanchi marta toshishi.
Birovning boshidan o‘tganini birov bilarmidi.
Uy ro‘parasidagi tegirmonda ishlaydiganlar nonlaridan qolganini tashlab ketishar, boshqa vaqt unga yemish yo‘q edi.
Uyimizni yaxshi ko‘raman, menchalik yana bu uyni yaxshi ko‘radigan yo‘q. To‘g‘ri, bekam bolalarni olib shaharga ko‘chib ketgan kunlaridan keyin har to‘rt kunni o‘tkazib, uch kunga kelardi.
Uning bunday tez-tez kelishlari bahor tugab yoz boshlanguncha davom etdi.
Beka kechalari xo‘jayin ishda bo‘lganda, hovliga chiqib yig‘lardi. Bolalar ham “uyimiz yaxshi, ketmaymiz”, deb qarshilik qilgan bo‘lishardi. Xo‘jayin bu to‘g‘ridagi suhbatlarda har gal “Uy-joyni u yoqdayam qilamiz, ayasi. Bolalarni o‘qitamiz. Yaxshi yashaymiz. Ishxonamning muzligini qara, belim og‘riydi. Ketaylik. Bu yerda chiroq bir o‘chsa, ertalabgacha yonmaydi. Bolalarning rangi chiqmayapti”, derdi. Chiroq o‘chmaydigan joylarga o‘zlari tiklagan uyni tashlab ketish ham oson bo‘ldi ularga. Shuni deb ketishadimi axir?
Shaharda odamlarni taxlab-taxlab ichiga jo qilganicha tuyg‘ulardan qisib, lekin sharoitdan yolchitib yashatadigan ko‘p qavatli uylardan birida to‘rt bolani to‘rt yoqqa kuzatib, o‘zi peshingacha nomiga ishga borib keladigan beka har chorshanba tushdan keyin yo‘lga otlanar, kichik bolalarning qarovini kattasiga yuz tayinlar edi. Yo‘lda u birpasda o‘zgarib ketgan hayoti haqida o‘ylardi. Bolalari qishloqning keng ko‘chalariga o‘rgangan. Endi birdan tor uyga tiqilib qiynalishayotganidan ko‘ksida bir nima jig‘illar, noto‘g‘ri qildikmi degan hadikda kelgusi kunlari haqida o‘ylardi.
Ora-sira “Qoplon qarg‘amasa bo‘ldi”, deb ham qo‘yardi.
Men bolalarni yaxshi ko‘rardim. Ular hali ayrilish, yaxshi ko‘rgan yaqinlarini yo‘qotish nimaligini bilmasdilar. Hammaga ishonardilar. Shuning uchun hamma narsaga, hatto menga ham katta ishonch bilan, hayrat bilan qarashardi. Men ularning bir umr shunday qolishlarini istardim. Mana, men ham ancha bosilganman. Ko‘rgan-kechirganlarim meni ham cho‘ktirgan. Ammo bolalarni ko‘rib tursam, yashagim, uyni chin dildan qo‘rigim kelardi.
Beka avvallari “Qiynalamiz, shaharda yashash qiyin. Uy-joyni qanday tashlab ketamiz”, derdi. Ketish haqida suhbatlashayotganlarning atrofida it aylanar, uning dumi beixtiyor likillab ketardi. Bir nimalar aytgisi kelardi, juda. Xo‘jayinni hammadan yaxshi ko‘rar, uning mashinasi katta yo‘ldan burilganini bilardi. Hammaga xabar berardi.
Beka bir kuni: “Qoploningiz balo, boshqalarning mashinasidan siznikini ajrata oladi, men farqlolmayman. Buningiz hovlida turib, mashinangizni ko‘rmasdan ham asfalt yo‘ldan burilishingiz bilan erkalanib boshqacha vovullaydi”, dedi. O‘shanda xo‘jayinning mehri iyib ketib, olib kelgan go‘shtidan suyak aralash bir bo‘lagini Qoplonga bergan, bu zo‘r it, yo‘g‘imda uyimizni poylaydi, degan edi.
Egalarimsiz hayotni tasavvur etolmasdim. Bu hovlining kimsasiz qolishi xayolimga sig‘masdi.
Shaharga ketish to‘g‘risidagi gaplar juda eski, qishloq odamlarining ba’zilari berilib ketadigan xayol edi. Biroq hayot tez kunda o‘zgarib ketishi ham mumkin ekan.
Bekamdan qattiq xafa bo‘ldim. Bor umidim undan edi. Umid nima ekan. Unga ishonardim. Uylarni tozalab, o‘zicha qo‘shiq aytib yurganda, uning baxtli ekani bilinib turardi. Shunday yaxshi, o‘zi o‘rgangan uyini tashlab qayerga boradi, derdim. Agar shu uy avvalgidek devorlari yorilgan, ko‘rimsiz bo‘lganida ham men uni tashlab ketmasdim. Chunki…
Ha, men tashlab ketmasdim.
Itning bu uydagi kichik qizga, kenja o‘g‘ilga mehri boshqacha edi. Bir gal uni qo‘shni xotin katta tosh bilan urganida, kichik qiz Asila uch kungacha atrofida aylangan, yig‘lagan, hammadan ko‘p mehribonlik ko‘rsatgan edi.
Xullas, hammalari birin-ketin ketishdi. Ke-e-tishdi. Yolg‘iz qoldim. Qiyinchilik kunlarim boshlandi. Kechqurun och qolganim yetmagandek, ertalab ham xo‘jayinning aka-ukalari kun yoyilib ketganda kelishar, ungacha og‘zimning so‘lagi toshib, har nimalar yegim kelar, ariqqa suv kelmasa, chanqoqdan achchiq barglarni chaynar edim. Qo‘shni hovlidagi sherigim avvalgi Ziyrakning o‘rnini egallagan Qo‘rqmas devor tagiga kelib, meni ombir (devorning ariq uchun ochilgan joyi) orqali ko‘chaga chiqishga, qorin to‘yg‘azishga undardi.
It esa qo‘shnisining bu taklifini qabul qilmasdi. Kechalari o‘g‘irlik qilishga g‘ururi yo‘l qo‘ymasdi. U bu uyda shunga o‘rgangan edi. Qolaversa, ich-ichidan bunday ishlar noto‘g‘riligini aytib turadigan nimadir bor edi.
Bir kecha bu kimsasiz uyda zo‘rg‘a topgan uyqumdan uyg‘onib ketdim. Hovlida aylanma shamol uchib yurardi.
To‘g‘risi, shamolni uncha yoqtirmayman.
It shamolning o‘rinsiz qilg‘iliklarini ko‘p ko‘rgan edi. Qolaversa, u yodiga eng yomon hodisalarni solardi.
Shamol bekam bilan bolalar yotadigan uyning eshigini ochib bemalol ichkariga kirib ketdi, keyin qaytib chiqib ikkita ustunga tortilgan chilvirga tashlab qo‘yilgan sochiqlarni olib tashlab, supa chetida to‘ntarilganicha qolgan bo‘sh chelakni daranglatib ag‘darib yubordi. Uyning boloxona ostidagi xonasidan qani endi, avvalgidek, birov chiqib, hamma narsani o‘z joyiga qo‘ysa. Yo‘q. Masxaraboz shamol yana hovlini aylanib, qo‘lidan kelgan hamma noma’qul ishlarni qilardi. Oynalarga to‘zon yopishtirardi. Koridor deyishadigan kichkina xonaning eshigiga tinmay o‘zini urib, ochib olgach, u yerga iflos xazonlarni olib kirib sochib yuborar edi.
Ana shunda… bechora uyning yig‘laganini ko‘rdim men. Egasi yaxshi ko‘rmagani uchun, issiq bag‘ridan joy berib, bari bolalarini yomg‘ir-qordan, sovuq-issiqdan asrab katta qilib berganida, uni sovuq deb ayblaganlari, har kuni sahar turib, tozalab, supurib-sidirib qo‘yish o‘rniga bir-ikki ishlarni og‘ir bilib, tashlab ketib qolganlari, uni u egalarini yaxshi ko‘rgandek yaxshi ko‘rmaganlari uchun huv-huv ovoz chiqarib yig‘ladi. Men ham unga jo‘r bo‘ldim. Ichim o‘rtandi. Uyning bag‘ri ezilishini ko‘rib beshbattar bo‘ldim. Axir u odamlarga o‘xshab oyoq chiqarib yurib ketolmasa. Hech bo‘lmasa, daryo bo‘yiga borib dardlarini suvlarga aytolmasa. Yengil tortib, yuzlarini yuvib kelolmasa. Faqat ko‘chaga termiladi. Bag‘rida ulg‘aygan bolalarni qo‘msaydi. O‘g‘illarning yana to‘plar tepishlarini, supasini qizchalarning supurib qo‘yishlarini, hovli etagida pishib to‘kilayotgan yong‘oq mevalarini har kuni olib kelib, peshayvon burchiga irg‘itib qo‘yishlarini, ana u hozir ichi qora-qura yelimxalta chiqindilariga to‘lib yotgan tandirda non yopish uchun tomdan gurs-gurs g‘o‘zapoya tashlashlarini, issiq non hidini taratib, savatni uyga olib kirgach, isiriq tutatib, hamma yoqni aylanishlarini, yerni yumshatib har xil ekinlar ekishlarini juda istaydi.
Uy o‘zi sevgani tomondan sevilmay o‘ksinayotgan chiroyli qizga o‘xshardi. Hovli egasizdek. Kunduzlari, harqalay, xo‘jayinning tegirmonchi inilari kirib-chiqib turadi. Lekin kechalari huvullaydi. Shunda it chidolmay uvillaydi. Hovlini to‘ldirib yurgan to‘rt bolani, kelib-ketadigan mehmonlarni, bekasining qora qozonga idishlarni solib yuvgani-yu, unga nonlarni ivitib suyak aralash qilib idishiga solib berganlarini, xo‘jayinning sinfdoshlariga beradigan gapi kunlarini, qo‘y yo xo‘roz so‘yilgan vaqtlarni sog‘inadi.
Eh, ovqat nima ekan. Egalari hoyu havaslar orqasidan ketishganida besh kun tomog‘idan hech narsa o‘tmadi. Og‘zidan, ko‘zidan olov chiqqandek bo‘laverdi. Faqat suv ichdi. Xo‘jayinning inisi tegirmonini to‘xtatib, uning oldiga kelib cho‘kkalagancha, “Qoplon, nima bo‘ldi senga? Kasalmisan? Yo egang ketib qolganiga xafa bo‘ldingmi? Bo‘ldi, bo‘ldi. Xafa bo‘lma. Men o‘zim sening ovqatingni beraman”, deb boshini siladi. Eh, dardi birgina ovqat bo‘lgandami? Ko‘chaga chiqsa bas. Qancha yemish kerak bo‘lsa, topardi. Lekin u birovlarning tovug‘ini qiyratib, tog‘ora tagiga yashirilgan ovqatlarini ochib bulg‘ab o‘rganmagan. U – avval Qaytmas, keyin Qoplon deb atalgan bu mallarang it odamlarning aytishicha, mard va zotdor olabay itlar naslidan edi.
Itlar aslida bo‘rilar bilan qondosh bo‘ladilar. Farqlari – odamlarga sodiqliklarida.
Odamlar esa allaqachonlar ko‘p narsalarni asliyatdan o‘zgartirib yuborganlari va buni donolik sanab yurganlari kabi, itlarning asl hayot tarzini shunday o‘zgartirganlarki, endi boshqacha bo‘lishini tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Yana bir cholning aytishicha, olabay itlar qonida qoplon qoni bo‘larkan. Lekin yelkalari sherga kelbat berarmish.
Xo‘jayin bola-chaqasi bilan ikki tomon bo‘lganidan boshlaboq ishtaham yomonlashgan. Avvalgi quvnoq, qaynoq hayotim ancha sovigan, men kunlarimni tagimga solib qo‘yilgan eski harbiy kiyimga o‘xshataman.
Asli avvalda, hali ko‘p-ko‘p ovqat yegan, o‘sib borayotgan vaqtlarimda uyimizda rizqim yetarli edi. Endi ham uyda peshindami, kechdami tashlab ketadigan bir parcha nonlari mening bu kimsasiz hovlini daydi mushuklaru ochofat maynalardan asrashimga yetadi. Bu xizmatni mendan boshqa hech bir jonzot, baribir eplolmaydi.
It kimsasiz hovlining g‘ishtsimon qoplamalar yotqizilgan keng sahni o‘rtasiga kelib, cho‘nqayib o‘tirdi-da, vovullasa ovoz qaytaradigan peshayvonga g‘amgin tikildi.
Eh-e, bitta indamas dardkashim – uy. Yaqinda bo‘yoqdan chiqarishgan edi-ya. Ichida boloxonaga chiqiladigan pillapoyasi bor xonada doim chiroq yonib turardi. Hozir esa mana bu chiroyli darvoza ha deganda ochilib-yopilmaydi. Darvozadan kimlar chaqirib kelishadi-yu.
Bolasi birdan kasal bo‘lib qolganigami, shoshib ko‘tarib kelganlarning ovozini eshitar ekan, o‘shalarga nimalardir deb huradi, g‘ingshiydi.
Molxona tomonga yana mushuk keldimi, it o‘rnidan turib chopib ketdi. Uning dastidan tovuqlarning tuxumi qolmayapti. Xo‘jayin haftada bir kelganida, aka-ukalari yig‘ib qo‘ygan tuxumlarni olib ketadi. Sariq rangli idishini olib chiqib peshayvonda o‘tirgancha, ichiga tuxum terganida it uning orqasida turib, bu hafta mushukdan hovlini qanchalik himoya qilolganini chamalayotganday bo‘ladi. Xo‘jayin uning boshini silab-silab qo‘yadi, lekin avvalgiday erkalamaydi. Orqasidagi qo‘tiriga qo‘li tegib ketishidan qo‘rqadi. It esa, uni bir quchoqlab qo‘ysam deydi.
Avvallari…
Avvallari nimalar bo‘lganini bu yerda tug‘ilib o‘sgan to‘rt bola ham eslasharmikan. Uning ham nomini aytib, bir-birlariga gapirisharmikan. Ular bilmaydi-da, it ular hali yo‘qligidagi ko‘p voqealarga ham guvohligini. Ularni it yaxshi tushunardi. Faqat…
Biz kimni egamiz deb bilsak, uning xizmatiga sodiqlik tuyg‘usi bilan tug‘ilganmiz.

* * *

Esimni taniganimda, biz yetti kuchukcha Qo‘rg‘on mahalladagi Ziyoda xotinning hovlisida onamizning pinjiga kirib, ko‘krak talashib yotardik. U hovlining xo‘jayini biz tug‘ilguncha dunyodan o‘tib ketgan ekan. O‘g‘li Nazirbek mahalladagi besh-olti bolani bitta-bitta olib kirib bizni ko‘rsatgan edi. Juda maqtanishni yaxshi ko‘radigan, og‘zini to‘ldirib gapiradigan bola edi-da o‘ziyam. Onamizning boshini silab o‘rtoqlariga tinmay gapirardi.
Ziyoda yetti bola tug‘ib olib, endi hech birini ko‘zdan qochirmay turgan ona itni, “Voy bechora, namuncha oriqlab ketding, yettita ham tug‘asanmi? Hech bunaqa ko‘paytirvormasding-ku? Ikkita-uchta tug‘arding. O‘sha bo‘lardi-da? Qiynalmas eding-a”, deya kelib atrofida kuymalanar, nima topsa ilinar, issiq atala pishirib kelib, yalog‘ida oldiga qo‘yardi. Kuchuklar ichida tinchib turolmaydigan Olaboy bor edi. Bir kuni Nazirning amakisi itlarni ko‘rgani kelib dedi: “It aynigan ko‘rinadi. Bolasi ko‘paydimi, aynigani. Lekin bolalari zo‘r. Ey, mana bunisini qaranglar, haqiqiy nomi bilan olabay bo‘pti. Naz, buni menga berasan. O‘zim katta qilib, toqqa ko‘chganimda olib ketaman”.
Olaboy bir gal ancha nariga sovutish uchun qo‘yilgan atalaga tushib ketib kuyib qoldi. Voy-voylab hamma yoqni buzganda, bekaning Mohidil qizi ariqda yuvintirib keldi, keyin onasidan rosa gap eshitdi. “Yur, endi, atala ichmay o‘l. Quritib ham qo‘yarkanman-da, sen arzandani”, deb oq lattaga o‘rab uyga qarab yurdi. Olaboy dodlab, Mohidilning qo‘lidan pastga tushmoqchi bo‘lganda, sheriklari: “Meni ham olib ketmasin”, deb cho‘zilib yotgan onasining orqasiga yashirinishar, uning esa latta orasida boshini likillatib ketayotgan Olaboyga havasi kelardi. Qizning orqasidan Olaboyga havaslanib supagacha bordi.
Keyin Olaboy qancha ovqat yesa ham, sheriklaridan ortda qola boshladi. Avvalgidek to‘laligi yo‘qoldi.
Nazir o‘sha kuni meni qaytarib sheriklarim oldiga olib kelib tashladi. Biz tug‘ilgan hovlida darvoza yo‘q edi, lekin unga moslangan katta ochiq joy bor edi. Men onam ham, ko‘cha ham ko‘rinadigan o‘rtalikka yotib olib katta yo‘ldan o‘tganlarni tomosha qilishni yaxshi ko‘rardim. Atayin shu yerni tanlagan edim. Biror yomonroq bola kelib meni ko‘tarmoqchi bo‘lsa yo biror katta it tashlansa, onamning oldiga qochishim oson bo‘lardi. Onamdan birgina bekamiz qo‘rqmasdi.
Ona it Ziyoda nima desa, so‘zsiz bajaraverardi. Beka tandir oldilarini supurar ekan, it bolalari bilan yotgan o‘tinxonaga kelganda, “Qoch, bola-chaqang bilan. Bu yerlarni supurib olay. Qara, hamma yoq jun bo‘lib ketibdi. Obbo, o‘tinning ustiga nega o‘tiradi bu beboshlaring. Shoshmay turishsin, hammasini so‘raganlarga tarqatvoraman”, deb po‘pisa qilardi. Qo‘rqoqcha degan kuchuk onasining atrofidan bir qadam ham jilmasdi. Uni onasining erka qizi deb bilishardi.
Men esa ko‘chadan egasi bilan o‘tayotgan itlarning biz tomonga qarashini kutar, ular bilan tengma-teng tortishgim kelar, tag‘in bizni pisand qilmasdan hovlimizga kirib kelib mahalladagi obro‘yimizni yo‘q qilmasin, deb ovozimning boricha akillar edim. Avvaliga eshik oldida bir o‘zim yotardim. Keyin-keyin sheriklarim ham menga yaqin kelib, ancha-muncha joygacha erkin yuradigan bo‘lishdi. Ochofat Qora bilan Olaboy tandirning narisidagi makkajo‘xori poyaning ichiga kirib ancha vaqt yo‘q bo‘lib ketishar, onam xavotirga tushib, ularning ortidan kirib, boshlab chiqardi.
Biz kun sayin kuchga to‘lib borardik va endi o‘zimizni hech narsadan qo‘rqmasligimizni hammaga bildirgimiz kelardi. Bekaning bergan ovqatiga hammamiz bosh suqib icha boshlaganimizdan keyin onamiz o‘zini tiyib bir chetda turar, menimcha, ovqat yetmay qolmasin deb o‘zi och qolar edi. Shunday paytlar va yana uni yonboshlab dam olishiga qo‘ymay emish uchun yopishaverib holdan toydirgan kunlarimiz onam sekin devordan oshib ko‘zdan yo‘q bo‘lardi. Men uning birpasdan keyin ko‘chadan bizga ko‘rinmay o‘tishini bilardim. Onam darvoza o‘rniga yaqin kelganda, boshini ancha egib olar, tez-tez yurib ketar, biz darvozaxonada o‘ynayotgan bo‘lsak, suvi kam oqadigan ariq ichiga tushib, bo‘yini yana ham pasaytirib o‘tardi. U bizlarni ergashmasin, deb atayin chalg‘itar, ba’zida qo‘shnimizning devori orqali o‘tib, etakdagi dala bo‘ylab qayoqlargadir ketardi. Aftidan, sira to‘ymay qolgan kunlari o‘zi ovga chiqar, avvaldan sheriklari bilan titkilab yurgan axlatlar orasidanmi, yemish topib yeb kelardi.
Bir gal Qoravoy qo‘shni bilan ergashib chiqqan Reksga o‘zicha qattiq hurdi. Reks badjahl ekan. Irillab bir tashlangan edi, qanday yetib kelganini hech kim bilmadi, onasi Qoravoy bilan Reksning o‘rtasida paydo bo‘lib tikka otildi. Egasi arang qaytarib olarkan: “Reks bilan sira urishishmasdi-ya. Nega itinglar bunaqa bo‘p qoldi? Voy-bo‘, bu kishim tug‘ibdilar-u. Xuddi hech kimda bola yo‘qdek”, deb zarda bilan chiqib ketdi.
Bir kuni biz oltita qoldik. Bunga men aybdor bo‘ldim. Onamga rahmim keldi. O‘choq orqasiga o‘tib yig‘ladim. Foydasi bormi? Keyingilari oldida bu ko‘rgiligimiz holva bo‘p qoldi.
Quyosh sal nariga surilganday bo‘lib, mening ko‘chani kuzatadigan o‘rnim ham tashqariga qarab surilganda, ancha dadil bo‘lib qolgan, ko‘chaning uyimizning to‘g‘risidagi joylari ham bizga tegishliligini bilganim uchun ship etganga vovullab mazza qilib yurgan kunlarim edi. O‘sha kuni Ochofat Qora meni yotgani qo‘ymay o‘ynashaverdi. Jig‘imga tekkaniga chidolmay o‘rnimdan turib tashlandim. O‘zini zo‘r deb o‘ylamasin, debman. Panjasiga panja urdim, dumimni bosgan edi, soniga tishimni botirdim. Qulog‘imni tishlamoqchi edi, bo‘ynidan bosib oldim. Bir-ikki angillab qochmoqchi ham bo‘ldi, lekin naridan qiziqib kuzatib turgan sheriklardan uyalib qolmay dedimi, o‘zicha kuch to‘plab yana tumshug‘imga sakradi. Bir-birimizga tikka bo‘lib tashlanaveribmiz-u yon-verimizga qaramabmiz. Bir mahal qanaqadir odamning oyog‘iga urilib ketdim. Naq ko‘chada turibmiz ekan. Qarasam, bir baland bo‘yli bola maktabidan qaytayotgan ekan. Qora uni ko‘rib urra qochdi, lekin sumkasini yerga qo‘ygan haligi bola ikki hatlab yetib oldi-da, Qorani ko‘tarib qo‘yniga tiqdi. Men unga yaqin turgandim, lekin u meni negadir olmadi. Qayrilib ham qaramadi, shekilli. Tez-tez keta boshladi. Men avval hovliga qarab qochdim. Keyin bolaning ortidan yugurdim. Onamni chaqirdim. Lekin onam kelmadi, meni eshitmadi. Ko‘chada yurish xavfli edi. Ortimga qaytdim. Makkajo‘xorining etagiga ish bilan tushib ketgan onam qaytib kelib, is ola-ola biz o‘ynashgan joyga keldi, ko‘chaga ham chiqib, bola ketgan tomonlarga qarab uzoq-uzoq tikildi, keyin boshini egib ortiga qaytdi. Yerga yotib olib, xomush tortdi. Men ham onamning pinjiga kirib, siqilmasin deb suykaldim. G‘ingshib, undan kechirim so‘radim. Onam men aybdorligimni bildi. Tishlari bilan po‘pisa qilib, irillab qo‘ydi. “Bas qil endi, o‘zboshimcha, qolganlarni ergashtirib ko‘chaga chiqsang, kuningni ko‘rsataman”.
Ovqat yeganlarida endi Ochofat Qoraning o‘rni bilinardi. Agar u hozir shu yerda bo‘lganida hammani beli, oyoqlari bilan har yoqqa surib tashlar, tovoqning ichiga tushib olib, tagini bitta qolmay yalab qo‘yardi. Ertasi ertalab beka atala olib keldi-da, nariroqda tomosha qilib o‘tirdi. Keyin oldiga kelgan Mohidilga dedi:
– Onasi qiynalib ketibdi. Qoqib tashlashyapti-da bolalari.
Ziyoda atalani ko‘paytirib, it yalog‘iga quyishdan oldin qattiq nonlar topib atalaga solib qo‘yar, keyin sovitib, olib kelar edi. Qora endi yo‘q edi. Qayerlarda ekan. Hozir u mazza qilgan bo‘lardi. Qorni to‘yayotganmikin.
Keyinroq xo‘jayinning o‘g‘li Nazir bir qancha oshnasini boshlab tepamizga keldi. Ularning haybatidan qo‘rqib ketib, hammamiz onamning panasiga o‘tib berkindik. Bizni olib ketishga kelishgani bilinib turardi. Har biri bittadan olib ketsa, har yoqqa ketamiz. Onamiz nima qiladi, deb dildirab qoldim. Oqbo‘yin sherigimizga qo‘l uzatgan Nazir uni olib tikka bo‘lganda oshnalari atrofini o‘rab oldi. Rosa maqtashdi. Sherigimizni qo‘liga olgan bola Nazirga katta rahmat dedi.
Keyin ona itga xuddi dushmanga qaraganday mo‘ralab qarab, sekin qo‘yniga tiqdi. Hammalari oldinma-keyin bo‘lib chiqib ketishdi. Ikki kundan keyin bolalari borgan sari kamayib borayotganidan o‘kinib, yig‘lagudek bo‘lib o‘tirgan onasiga dalda berish uchun bo‘yniga osilib chalg‘itmoqchi bo‘ldi. Lekin ona it unga ro‘yxushlik bermay irillab qo‘ydi.
Kuchuklar o‘sib borgani sari, onasining avvalgi qaynoq mehribonliklari kamayib borayotganday edi.
O‘sha kuni xayolimda ko‘cha tomondan bir sovuq nafas, bir yomon shamol kirib kelayotgandek bo‘lib, hadiksiray boshladim. Shunda chindan ham gurs-gurs qadam tovushi eshitildi. Sal o‘tib, hovlida ikkita baland bo‘yli, yuzlari tirishgan odamlar paydo bo‘lishdi. Uy egalari bilan gaplashib bo‘lgach, ular biz tomonga yurishdi.
Ikkisi ham cho‘kkalab, ona itdan ehtiyot bo‘lgancha, kuchuklarni bitta-bitta olib, oyoqlari orasini tekshirib ko‘rishdi. Sheriklarini ko‘ra-ko‘ra tandir tomonga olib tashlashdi. Ziyoda ulardan sal narida turgancha dedi:
– Sizga beradigan kuchugi ham bor ekanmi?
– Nazirga tayinlaganidim. Bitta erkagi menga deb. Tugadi, deydi. Mana bu olasini Rahmat amakisiga berganmish. Malla erkagi o‘zimizga qoldi, deydi. Kallavaram-da. Shuncha kun mana bu urg‘ochilarni olib o‘tiradimi? Endi itni charchatmay bolasidan ayirib, yaxshilab boqish kerak. Rahmat aka ham olsa, tezroq opketsin. Bu itni nasli ja toza. Yaxshilab semirib olsin. U yog‘i meni ishim. Ikki-uch oy yaxshilab qarang, opa. Keyin bir oyga olib ketaman. Bog‘lab boqaman. Har qanaqa itlarni yaqinlashtirmayman. Men bilaman buning vaqtini. Keyingi safar mana bulardan ham zotdor kuchuklar tug‘adi hali. O‘shandan bittasini olaman.
– Sho‘rlik tug‘ishga tug‘ib olib qiynalib ketdi. Vassacho‘pga o‘xshab yotibdi, – dedi Ziyoda opa.
– Yettita tug‘ishi bekorga emas. Kamdan-kam it yettita tug‘adi. Bunaqa vaqtda kuchugini olish kerak. Yo yetti kuchukning, yo uch kuchukning bittasini boqqan odam yutqizmaydi, – dedi ulardan ikkinchisi.
– Urg‘ochisini hech kim olmaydiyam. Qutijarga opchiqib ko‘mvorarman, – dedi boshqasi.
Ziyoda labini birpas tishlab turdi-da tandir tagida onamiz tomonga o‘tishga yo‘l topolmay, qora kiyimli odamning gavdasidan qo‘rqib uning orqasida g‘ingshigancha aylanayotgan sheriklarim yoniga cho‘kkalab, ularning boshini siladi:
– Uvol bo‘lmasmikan? Bola-ushoq opketar?
– Olishga-ku opketadi. Bolalar nimani biladi. Keyin baribir ko‘chaga chiqarib tashlaydi, tepki yeb, u yer-bu yerda o‘ligi qoladi. Urg‘ochi kuchuklarni doim ko‘mvorish kerak. Bilmabman-da, ikki oydan beri onasini qoqib tashlabdi. Ko‘zi ochilmasdanoq yo‘qotish kerak edi bularni. Gavdasi bo‘lgani bilan ko‘cha-ko‘yda yurib zotini aynitib yuboradi bular.
Uni aylantirib ko‘rgan biri onasining yoniga itqitib yuborib:
– Bu erkak ekan. Nazir aytgan Qaytmas-da. Yaxshi it bo‘ladi, – deb qo‘ydi.
Beka bostirmadan qopchiq olib kelib berib, o‘zi yana nimagadir ketdi. Men sheriklarim oldiga chopdim. Ular ham onam tomonga intilishardi. Kishilardan biri oyog‘i bilan tinmay sheriklarimni tepib, onamdan uzoqlashtirib turardi. Onam ham xavotirga tushgan edi. Bir sherigim bilan biz juda o‘xshash edik. U tezgina onamning orqasiga o‘tib ketdi, qopchiqning og‘zini qayirish bilan ovora bo‘lganlar meni u bilan adashtirishdi. Kelgan odamlardan biri ikki sherigim bilan meni qopchiqqa soldi. Qopchiqning men turgan tomonida teshikcha bor ekan. Undan qarasam, onamiz irillab o‘rnidan turdi. Biroq bolalarini bitta-bitta olib qo‘yayotgan odamlardan hech bo‘lmasa oldidagisini saqlab qolish uchun yana qornini yerga berib yotib oldi. Biroq yuzida shunday g‘am ko‘rdimki, ezilib ketdim, ana u odamlarning oyoqlarini tishlagim keldi.
Biz Odamning yelkasida borar edik. Uning hamrohi yo‘lda qolib ketdi. Sheriklarim onamdan uzoqlashayotganimizni bilib, tinmay angillashardi. Qopchiq torligidan biqinlarimiz ezilib, qiynala boshladik. Men Kalta oyoqning panjasi tagidan boshimni ololmay juda qiynalib ketdim.
Nihoyat, odam bir joyda to‘xtadi. O‘tirib chars etib olov yoqib sigaret chekdi. Ketmonini taraqlatib yer kavladi. Kuchuklar o‘zlarini qo‘yib yuboraqolmaganidan achchiqlanar edilar. Ular nafas olishga qiynalib, qizib ketayotgandilar. Oxiri ketmon ovozi to‘xtab, odam endi kuchuklarni qop bilan ko‘targanda kimdir kelib qoldi.
– Nima qilyapsan? Halidan beri taq-tuq qilasan? Ha, kuchuk olib keldingmi?
– Ha, bo‘ladimi kovlaganim? Qara-chi, chiqib ketmaydimi?
– Ha, bo‘lar? Tosh bostirib ketarsan-da. Qani, nechta bularing?
– Qopning og‘zini ochvor. Uchta.
Qopdan yerga ag‘darishdi ularni. Qaytmas birinchi bo‘lib orqasi bilan to‘p etib yerga tushdi. Boshi yerga yomon tegib angillab yubordi. Odamlardan biri uni shosha-pisha qo‘liga olib ko‘tardi-da, yonidagiga dedi:
– To‘xtash, bu erkak kuchuk-ku, jinnimisan?
– Erkakmas. Farqiga borasanmi o‘zi? Hozir qarab ajratdik. Ie, erkak-ku. Ha, bitta shunaqa erkagi bor edi.
Vay, bo‘lamangina ekan.
Uyda qoluvdi erkagi. Buyam erkak bo‘lsa biz adashtirdikmikan?
Bo‘ldi menga berasan. Bu endi meniki.
– Nega senga berarkanman. Egasiga nima deyman keyin? U yoqda urg‘ochisi qolgan bo‘lsa-chi? Qani, Ha, bu – Qaytmas.
– Qaysi biri qolgani bilan ishing nima? Men ko‘rib qolmasam ko‘mvorarding, To‘xtash. Endi menga bu. Opketaman.
Bekor aytibsan. Nazir naq o‘ldiradi. Koshki tuzukroq bola bo‘lsa.
Ular tortishar ekan, sheriklarini qattiq tepkilab chuqur tomonga itqishar edi. Bechora ikkovi ham og‘riqdan tinmay ingrab, orqaga intilardi.
Chuqurga birinchi bo‘lib Qo‘rqoqcha tushib ketdi. Lekin u chaqqonlik bilan tirmashib qaytib chiqdi. Shunda birinchi odam uning boshiga qattiq tepdi. U dodlab chuqurga yiqildi. Ketidan Kalta oyoqni ham tushirdilar. Bu juda ham alamli edi. Men ularga yordam bermoqchi bo‘lib qancha chopmayin, keyin kelgan odam qo‘llari bilan nari surib tashlayverdi. Oxiri ko‘tarib oldi. Sheriklarimga yordam berish uchun uning qo‘llarini timdalagan edim, u meni shoshib yerga qo‘ydi. Birinchi odamning oyoqlari ostiga chopib bordim. U sheriklarim ustiga tuproq tushirib, yerni bir zumda tekislab tashladi. Endi ularning bo‘g‘iq dodlari pasayib eshitilmaydigan bo‘ldi. Oxiri ovozlar tindi. Ammo hali tug‘ishganlarimning nafasi kelib turar, agar bu odamlar menga tegmasa, tosh atrofini old oyoqlarim bilan kavlab ularni chiqara olardim.
Shunday qilib, u birga o‘ynab yurgan sheriklari – opasi va singlisidan birpasda ayrildi. Mana, yana qopda qaytyapti. Qaytmas bo‘lsa ham qaytyapti. U shunday g‘ingshir ediki, odamlar yaxshi quloq solganlarida sheriklari bilan ko‘milib ketgani ularning ko‘milishini ko‘rishimdan yaxshiroq edi deyotganini tushunardilar.
Odamlar esa go‘yo katta bir ishni qoyillatgandek xaxolashib borishyapti.
– Kuchuk kerak deb aytib qo‘ysang, o‘zim topib berardim. Tokzorda bittasinikida zotdor kuchuklar bor edi. Qo‘rangga qo‘ysang bo‘ri-mo‘rining naq kekirdagini uzib oladigan. Egasi uchoviniyam oddiy uy qorovulligiga bervoribdi.
Ular onamning oldida – darvozaxonada meni qopdan bo‘shatishdi. Malla men tufayli omon qolib, onamning ortida biqinib yotgan ekan.
Bizning xavotirli kunlarimiz boshlandi. Mallani olib ketishadi, deb qo‘rqardik.
Nazir undan keyin ham it bolalarini ko‘pchilikka ko‘rsatdi. Har gal “Mallani kim olsa olaversin, lekin bunisini bermayman”, deb Qaytmasni qo‘liga olib boshini silar edi.
Ko‘p kunlar o‘tib, biz ancha bo‘y cho‘zib qoldik.
Hamma meni Nazir qo‘ygan Qaytmas nomi bilan chaqirar, Mallani esa yoqtirishmas edi. Biz onamizdan ancha mustaqil bo‘lgan, endi qorin to‘yg‘azish g‘amida non talashar edik. Kunlar soviy boshlagan, yomg‘irlar vaqtida ayvon eshigi yopiq bo‘lsa, biz shalabbo bo‘lib qolib ketar edik. Shunda uzun yo‘lakdan chopa-chopa uyning peshayvoniga borardik. Peshayvon tokchasida taxlangan eski sholcha bor. Uning usti issiqqina, chiqib olsak, oyoqlarimiz sovuq qotmasdi. Lekin Mohidil opam necha marta bizni u yerdan olib loy hovliga irg‘itib yuborardi. Hatto bekam ham rahm qilmas, sholchani loy qilishimizni, polda iz qoldirib yurishimizni yomon ko‘rardi. Shunda biz oyoqlarimiz qotib qolsa ham, ustimizdan yomg‘ir o‘tmaganiga shukr qilib, ariqning ko‘prikchasi ostiga kirib olardik yoki tandirxona burchagida jon saqlardik. Ayvon ochiq qolsa, boshqa gap.
Ona itga ayvonning ochiq-yopiqligi farqsiz edi. Ayvonning derazasiz, yorug‘ tushiruvchi joyidan bir sakrab kirib, quyoshli kunda ham o‘sha yerda orom olar, bolalarining unga yopishishini yoqtirmasdi. Uy oldidagi makkajo‘xori o‘rilib, qurigach, ayvonga bog‘lab kiritishgan, ertalab yoki kechqurun Qaytmas Malla bilan makkajo‘xorining tikkalab qo‘yilgan poyalari orasiga kirib olardi. Bu yer o‘zi iliq edi. Shunda ham ular bitta joyga joylashib, bir-birining issig‘ida mazza qilib uxlashar edi.
Mahallada odamlar kam yuradigan bo‘lib qolishgan, hammani paxta terimiga chaqirishgan, qolganlar tog‘dan olib kelingan sigir-buqalarning qornini to‘yg‘azish uchun o‘z tomorqalariga andizga bog‘lab, dala ishi bilan o‘sha yoqda kechgacha qolib ketardilar. Buni bir gal bir sigir va ikki buzoqni yetaklab olgan Ziyodaga ergashib dalaga borganida bilgandi. O‘sha kunlarda Mohidil ham, Nazir ham har kuni paxta terishga chiqishar edi.
Dalada hamma yoq sap-sariq. Ayollar sog‘inmi, sog‘in emasmi, sigirlarni olib kelib, ekini yig‘ib olingan yerlar qirg‘og‘idagi ajriqzorlarga bog‘lab boqishardi. Vaqt ketkizmay, olma, olxo‘ri daraxtlarining tagidagi butalarni chopqida chopib, o‘tin qilishardi. Ayrimlar yerlari boshidagi atrofi simto‘r bilan o‘ralgan terakzorlar tagida pichan o‘rishardi. Ba’zilar loviyasi yig‘ib ketilgan yerda to‘kilib qolgan loviyalarni donalab terishar edi. Ayollarning bir-birlariga gapirishlaricha, bu yil havo yaxshi bo‘lib, sel kam tushibdi, mol-holga ziyon yetmabdi. Tog‘dagi yomg‘irlar mayin bo‘lib, o‘t ham serob bo‘libdi. Sigir-buzoqlar tog‘dan semirib-semirib ikki qorni kema bo‘lib kelganmish.
Shunday kunlarning birida Ziyodaga Malla ikkovisi ergashib ketishdi. Ekini yig‘ib olingan kengliklarda mazza qilib yumalashib o‘ynadilar. Daladagi quyosh nuri shunday yoqdiki. Ziyoda u yerda kun tikkaga kelguncha ishlab qolib ketdi. Andiz yer etagidagi yo‘l bo‘ylaridan uch bog‘ shuvoq supurgi o‘rib, tut po‘stlog‘i bilan bog‘ladi. Ikki qo‘ltig‘iga qisgancha, katta yo‘lga qarab yurayotgan edi, kuchukchalar biz ham endi ketarkanmiz, deya unga ergashishdi. Yo‘lning yerlar boshidagi terakzoridan o‘tib bo‘lganlaridan keyin ortlariga qarashsa, Ziyoda yo‘q. Qaytmas iziga qaytdi. Malla ham. Ziyoda shuvoq bog‘larini yer boshiga qo‘yib, o‘zi sigir-buzoqlarni ariqda sug‘orib boshqa o‘tli joyga siljitib qo‘ymoqda edi. U o‘tgan galgidek, yosh, sho‘x buzoqni eng oxirida qozig‘idan bo‘shatdi. Tortilib turgan buzoq qoziq yerdan chiqishi bilan onasiga qarab chopdi-yu, arqon uchidagi qoziq avval chetdagi olmaga, keyin buzoq ortidan borayotgan Ziyodaning yuziga tegdi. Tekkanda ham juda qattiq urildi shekilli, tarsillagan ovoz eshitildi.
Beka dodlab yerga o‘tirib qoldi. Biz nima qilishni bilmay, unga yaqin borib turardik. Shunda men vovullash kerak degan qarorga keldim. Menga Malla ham jo‘r bo‘ldi. Bizni kimdir eshitishi, yordam berishi kerak edi.
Oxiri qo‘shni dalada olma daraxtlariga tikkalangan javdarpoyalarni tashiyotgan Fotima chopib keldi.
– Nima bo‘ldi sizga, Ziyodabi? – dedi u.
Ziyodaning nafasi ichiga tushib ketgan, gapirolmas, yuziga boshidagi ro‘molini mahkam bosganicha ingrar edi.
Qo‘shni ayol yugurib borib, onasini emib yotgan buzoqni tortib qozig‘ini nariga qoqdi-da, yana Ziyodaning yoniga keldi. Uni suyab uy tomonga yurdi. Ziyoda qo‘llari bilan yuzini to‘sib, bir tomonga enkayganicha yo‘lga tushdi. Shuvoq bog‘lari joyida qolib ketdi. Kuchuklar ham ular ketidan yurib boraverdilar. Ziyodani uyiga olib kirib so‘riga o‘tirg‘izgan Fotima ko‘chaga chopib kimnidir do‘xtirga yugurtirdi. Kuchuklar endi o‘ynashishmas edi, hovliga jimgina kirib, tandir o‘tinxonasida yotgan ona it yoniga o‘tib ketishdi. Fotima opa paxtani tuzli suvga botirib olib keldi va uning yuziga bosdi. Keyin Ziyoda so‘riga cho‘zildi – ko‘zlari orqaga ketdi. Yordam berayotgan qo‘shni tipirchilab qoldi. Ziyoda hushidan ketib qolgan edi.
Ko‘chaga kelgan “Tez yordam”dan oq xalatli odamlar tushib kelishdi. Ular Ziyodaning yuziga suv sepib o‘ziga keltirishdi, ro‘molini olib qoziq tekkan joyni ko‘rishayotganda Qaytmas ham bekaning yuzi juda yomon shishib ketganini, bir ko‘zi berkilib qolganini, qosh-qovoqlari ko‘kish-qizil rangga kirganini ko‘rdi. Do‘xtir deganlari Ziyodani olib ketmoqchi bo‘ldi, lekin u ko‘nmadi.
Kechqurun paxtadan kelgan Nazir onasining ahvolini ko‘rib, achchiqlanib nimalardir deb javrab yurdi. Paxtani ham, sigirlarni ham so‘kdi. Kechroq Ziyoda isitmalab qoldi. Nazir qayerdandir yana bir do‘xtirni aytib keldi. Bir narsalar qila boshlashdi. Birpas o‘tib Ziyodani ichkariga yotqizib chiqqanlaridan keyin do‘xtir Nazirga endi nimalar qilish kerakligini tayinlar ekan, birdan kuchuklarga ko‘zi tushdi.
Malla shosha-pisha o‘zini chetga oldi. Men esa bu uyda yagona erkak kuchuk bo‘lganim uchun Nazirning meni hech kimga bermasligiga ishonib, joyimda turaverdim.
– Nazirvoy, kuchuk o‘zingnikimi?
– Ha, o‘zimniki.
– Boqib oldingmi?
– Yo‘q, itimiz tuqqan edi. Bittasi qolgan.
– Ja zo‘r kuchuk ekan-da. Ie, hozir yana bittasi ko‘rinuvdimi? Ha, ana, yana bitta bor ekan-ku?
– Unisi urg‘ochi kuchuk.
– Iting rosa katta ekan-da-a? Bolalariyam shunaqa gavdali it bo‘ladi. Menga ber shu kuchukni, Nazirvoy. Iting senga yana tug‘ib beraveradi.
Nazir jim turib qoldi, hayron bo‘ldi. Do‘xtir yana gapga tushdi.
– Menga hozir juda kerak-da. Yoqib qoldi, Nazirvoy. Beraqol endi. Onangni har kun kelib ko‘rib turaman, maylimi?
Onasining sog‘ligi o‘rtaga tushganidanmi, Nazir yo‘q deyolmadi.
Nazir meni zarda bilan ko‘tarib, olib keldi. Men qutidan chiqmoqchi bo‘lib rosa urindim. Lekin Nazirning baquvvat qo‘llariga kuchim yetmadi. Yuragim duk-duk urardi. Qutining og‘zini yopayotganda Nazirning yuzi juda g‘amgin, qovog‘i soliq edi. U tez-tez qutini yopib, og‘zini mahkamladi.
– Do‘xtir, o‘tiring mashinaga! Bo‘ling, onasi tashlanib qoladi. Ko‘taring oynani, tez-tez! – dedi u.
Meni mashinaning yukxonasiga qo‘yganida onamning chopib kelganini, bildim. Onam mashinani aylana-aylana mening isimni oldi-da, yukxonaga yaqin keldi. Tinmay vovullay boshladi: “Bu yerdan bir amallab chiq. Sen shu hovliga keraksan. Men sensiz nima qilaman. Bo‘laqol. Bir yo‘lini qil”. Men onamdan ajralmaslikni juda istar edim. Ammo bilib turardimki, biz u bilan oxirgi marta so‘zlashyapmiz. “Onajon, men endi uzoqlarga ketar ekanman. Siz siqilmang, ona. Axir sheriklarimdek tiriklay yerga ko‘milmadim-ku, odamlarning uyiga ketyapman-ku”.
Mashina yurdi. Onam vovullay-vovullay naq daryo bo‘yigacha birga keldi. Mashina bilan tengma-teng yurib uzoq chopdi.
Katta yo‘lga chiqqanda mashina tezlashdi. Mahalladagi odamlar mashina ketidan yugurayotgan itga qarashar, qayergacha yeta olarkin deb kuzatishardi.
Keyin onamning ovozi uzoqlardan eshitila boshladi. U endi bizga yetolmay qolgan edi.
It mashina ketgan yo‘lga qarab uzoq o‘tirdi. Old oyoqlarini tik tutib, qulog‘ini ding qilib, hech bo‘lmasa, mashinaning qaysi yo‘llardan yurib ko‘zdan yo‘q bo‘lishini bilib qo‘ydi. Keyin boshini egib, Mallaning oldiga – Qaytmas bilan quyib qo‘ygandek o‘xshash, lekin hech kim it qilib boqib olishni istamaydigan bolasi yoniga qaytadi. Malla bu vaqtda onasining ortidan ancha yo‘lga kelib qolgan edi. Agar u bo‘lmaganida ham ona it o‘z hovlisiga qaytardi.
Biz bir manzilga yetib keldik. Meni qog‘oz qutidan olishganida hamma yog‘i qattiq va muzdek tsement qilingan kichkina hovliga oyoq qo‘ydim. Hovli avvalgi men tug‘ilgan hovlidan ancha tor ekan. Xo‘jayinning kichkina-kichkina ikkita bolasi bor ekan. Atrofimda pildirab, xursand bo‘lishdi.
Bolalarning onasi uydan chiqib keldi-da, meni ko‘rib:
– Voy, muncha chiroyli. Qayoqdan oldingiz? Do‘mboqcha ekan. Qani, qo‘limga olib ko‘ray-chi. Bo‘rsiqqinam-ey. Erkakmi bu? Zo‘r-ku, – dedi.
– Oti nima, dada, – deb so‘radi xo‘jayinning to‘rt yoshli o‘g‘li.
– Qaysarmidi, Vaysarmidi, esimdan chiqib qoldi – dedi xo‘jayin.
It o‘sha Qaytmas ismi bilan chaqirishlarini kutdi, lekin hech kim bu nomni aytmadi. Ular itga g‘alati, o‘zlari ham tushunmaydigan nomlarni qo‘yib ko‘rishmoqda edi. Hatto “Chapa” ham deyishdi. Xo‘jayin hammasini bir chetga yig‘ishtirib, “Qoplon” qo‘yamiz, degandan keyin hamma jim bo‘ldi. Bu nomga Qaytmas uch kunda o‘rgandi.
O‘z nomim bilan chaqirishlarini juda xohladim, lekin biror marta Qaytmas nomimni tilga olishmadi. Men avvaliga onamni, tug‘ilgan joyimni, men sabab tirik qolgan qo‘rqoq Mallani sog‘indim. Kattakon darvozadan chiqib olsam, ularni topaman, deb ham o‘yladim, lekin eshik mahkamlanib, mening chiqib ketmasligim uchun ehtiyoti qilib qo‘yildi. Uy egalari kechgacha men bilan ovora bo‘lishdi. Ular mening boshimni silashdi. Menga ber, menga ber, deb talashishdi. Shunda ich-ichimda meni bu odamlarga bog‘lab endi bir umr ajratmaydigan nimadir paydo bo‘ldi. U ichimda qaynoq bir ipga o‘xshar, qornimnimi, qayerimnidir yoqimli kuydirar edi. Men bu uydagi har bir odamning ko‘zlariga qarab, ularda menga atalgan g‘alati bir narsani ko‘rar edim. Ko‘zlariga qarab egalarimning qanday kayfiyatdaligini bilib olishni birinchi marta o‘sha kundan o‘rgana boshladim.
Ular nima yeb, nima yemasligimdan ham tortishishdi. Oxiri uxlash uchun uyga kirib ketishdi.
Hovli kichkina bo‘lsa ham, yerga makkajo‘xori ekilgan edi. Xurmo, o‘rik, yong‘oq daraxtlarining salqini ko‘p edi.
Men tunda issiqroq joy axtarib, peshayvonga chiqdim, uning to‘rida paloscha bor ekan. Shunda yotdim. Issiqqina. Kechasi qornim og‘rigan edi, peshayvon burchagiga borib qo‘ya qoldim. Ertalab yangi bekam meni ko‘tarib o‘sha joyga olib bordi va shapatilab urdi. Bu yer o‘tiradigan joy emas, deb urishdi. Meni pastga tushirib yuborib, junlarim yopishgan paloschani qoqib tashladi. Tushundim. Men endi bu yerda yotmayman.
Endi pastda yuradigan, peshayvonga chiqmaydigan bo‘ldim.
Ertasi xo‘jayin itga uy qurish uchun loy qordi, kesak tashidi. Uy bitdi, lekin xo‘jayinning bunaqa ishlarga uquvi yo‘qligi ko‘rinib qoldi. Bu ichi qorong‘i, biror joyida tuynugi yo‘q, darvozaga – it qo‘riydigan asosiy joyga – og‘zi teskari o‘rnagan, o‘zi pastak uychaga kirib yotish g‘alati edi.
Men bir marta ham kirmadim. Xo‘jayinning o‘g‘li bir gal majburlab meni kiritib, eshigini temir to‘siq bilan yopib qo‘ydi. Men qorong‘ida o‘tirishni istamay tinimsiz angillayverdim. Oxiri chiqarib yubordi.
Beka: “Balki qishda sovuq yesa kirib yashar, qo‘yaveringlar”, dedi.
Hovli kichkina bo‘lgani bilan zeriktirmas ekan. Qiladigan ishlar ko‘p. Etakda tovuqxona bor. Undan narisi sog‘in echkilar qamalgan qo‘ra. Devorlar past bo‘lganidan qandaydir itlar ham ko‘p bo‘ylar, ov qilishga o‘tmoqchi bo‘lishar ekan. Lekin bunday bahaybat itlar ham men hurib turganda hovliga yaqinlashishmas, bu uyning egasi bor, deb bilishar edi. Bu ularning qo‘rqqanidan emas, shunchaki, qoidasi shunaqa.
Mushuklar esa boshqa masala. Ular juda ayyor, surbet bo‘lishadi. Qaysi tomondan, qachon pusib kelib qolganini bilib bo‘lmaydi. Bekaning aytishicha, xonadonga it kelishidan bir hafta oldin kechasi tovuqxonaning nobop yopilgan eshigini ochib, bir mushuk to‘rtta tovuqni bo‘g‘ib olib ketibdi. Ikkitasi tuxumlayotgan katta tovuqlar ekan. Beka xafa bo‘lib yig‘laganmish. Peshinda Qoplonning idishiga sho‘rva suyaklarini tashlar ekan, boshini, yelkasini silab:
– Endi o‘g‘ri mushuklarning dodini o‘zing berasan, Qoplon, – dedi. Uning so‘zlarini eshitar ekan, ichida o‘ziga ishonch, keyin unga ishonib topshirilayotgan vazifadan g‘urur tuyub rohat qilayotgan edi.
Keyin-keyin ham, to meni yolg‘iz tashlab ketmagunlaricha, bergan ovqatlarini yeyotganimda meni erkalatsalar, suyaklar og‘zimda oson erib ketar, ovqat juda shirin tuyulardi.
O‘z ishimni maroq bilan bajarardim. Tunlar uxlamas edim. Mabodo mushuklar kelmasligi aniq bo‘lib sal ko‘zim ilinib qolganda ham, uy eshigi ochilib birortalari hojatxonaga chiqishsa, ularga doim hushyor ekanimni bildirgim kelar, devorlarda hech qanday sharpa bo‘lmasa ham, o‘sha yoqqa qarab vovullab chopar, uy egalarini xursand qilar edim. Ha-da, menga ishonib bemalol dam olishsin. Axir men bu yerda nima qilib turibman.
Kunduzlari menga ancha qiziq edi. Xo‘jayinning o‘g‘li Ilyos men bilan o‘ynashishni yaxshi ko‘rardi. Men ham uning sumka ko‘tarib kelishini kutar, kelganda oldiga solingan dasturxondan eng avval menga non tashlashiga o‘rganib qolgan edim. U choyni shosha-pisha ichgach, hovliga chiqib, luk deb o‘ynaydiganlari – tekis oq yog‘ochni irg‘itib, olib kelishga undardi. Bu o‘yin menga shunday yoqardiki, agar bekam o‘g‘lini dars qil, deb urishmasa, kechgacha o‘ynashga rozi edim.
Keyinroq beka qizi Anorani bog‘chaga berib ishga chiqib ketdi. Bu vaqtda Ilyos sumka ko‘tarib maktabga borar edi. It peshinda och qolar edi. Qornining tatalaganiga chidolmay hovli atroflarini aylanib, yemish qidirar, bekaning ertaroq kelib qolishini istab, darvozaga qarar edi. Huv avval hali kuchuk ekanida bir mol do‘xtiri uning tepasida turib bir gap aytgandi: “Olabay itlarni to‘ydirish qiyin. Agar ularni doim go‘shtga boqilsa, bir o‘zi bo‘ri galasiga ham bas keladigan kuchli it bo‘ladi”.
Men kun-kun ochlik qiynaganda ariq suvini ichib kech bo‘lishi, bekamning o‘g‘lini ergashtirib, qizini bog‘chadan olib kela qolishini kutar edim. Ertalabda ko‘proq ovqat tashlab ketishmaganiga xafa edim. Bir kuni sabr qilolmay, yerto‘laga tushdim va u yerdagi tomorqadan olib kelib to‘kilgan yirik kartoshkadan bitta olib chiqib yedim. Ertaga bunday qilmayman. Balki, kechqurun suyaklar ko‘p bo‘lsa, birortasini tush vaqti uchun ko‘mib qo‘yarman, deb o‘yladim. Ammo ertasi kuni ham ochlik azob berib, yana kartoshka yedim.
Uy egalari itga yetarli ovqat berolmayotganlarini tushunmasdilar. Itning oyoqlari ingichkaroq, tanasi ham yengilroq edi, lekin xo‘jayinning oldiga kim kelmasin, “Itingiz juda gavdali, chiroyli ekan”, derdi. Xo‘jayin iti bilan g‘ururlanardi.
Kunlar isiganda, xo‘jayin sog‘in shoxsiz echkilarini toqqa –​ qirg‘izlarga boqish uchun tashlab keldi. Endi qovun po‘choq bo‘ladimi, boshqami, hammasi itning ixtiyorida edi. Beka bir qo‘shnisiga po‘choq berganida ikki kun o‘tib uning qo‘zisi o‘lgani va shuning uchun baloga qolganidan beri endi po‘choqlarni hovli chetidagi o‘raga tashlar, ularning yaroqlilari yangiligidayoq itning nazaridan o‘tar, uning qornini to‘yg‘azar edi.
Ba’zi kunlari uydagilar ko‘chadan qorni to‘q kelishar, keyin, ko‘pda, atroflarida qancha aylansa ham, unga parvo qilishmasdi. Bir gal sira chidolmadi. O‘zim qo‘riyman-ku, haqqim bordir, deb ayvonda tovuq endi turib ketgan joydan bitta tuxumni tishlab ko‘tardi. Uni idishi bor joyga olib kelib yemoqchi edi, beka ko‘rib qoldi:
Voy, Qoplon tuxum yerkan! Ana, og‘zida olib yuribdi! – dedi u.
Ilyos nimalardir deb baqirdi. Xo‘jayin ancha sipo odam edi. U birpas qarab turdi-da, uni chaqirdi:
– Qoplon, beri kel.
Qoplon indamay uning oldiga bordi.
– Tuxumni mana bu yerga qo‘y.
U tuxumni ko‘tarma peshayvon qirg‘og‘iga ohista qo‘ydi. Hamma, hatto Anora ham chapak chalib yubordi. Xo‘jayin avval itning boshini siladi, keyin tuxumni yerdan olib, ariq suvida yuvib, silkiy-silkiy olib ketar ekan, uni maqtadi, ovqat berishlarini buyurdi.
Shundan keyin men makkajo‘xori yoki kartoshka-piyoz ekilgan ekincha yer ichida bir joyni tanlamaydigan ahmoq tovuqlar qo‘yib ketgan tuxumlarni topib, ularni supaga olib keladigan bo‘ldim. Men bu tuxumlarni qaysi tovuq qachon qo‘yishini bilardim. Lekin uyga hamma kelmaguncha olib chiqmasdim. Chunki ochiq joyda hakka (mayna) tuxumni ko‘rib qolib cho‘qilab ketishi mumkin edi. Ayvonda tovuqlar bir-biri bilan o‘rin talashib tuxum qo‘yadigan joyga esa tegmasdim. Uni bekamning o‘zi olar, doim bitta tuxumni tovuqlar joy almashtirmasliklari uchun qoldirib qo‘yardi.
Uyda odam bo‘lganida yoki eshik ba’zan ochiq qolib ketganida men ko‘chaga ham chiqar, ikki-uch qo‘shni oshnalar bilan gurunglashardim. Avval kelganimda kichkina deb pisand qilmagan katta itlarning bo‘yi endi menikidan pastlik qilardi. Endi men ulardan aslo cho‘chimasdim. Biz ular bilan ba’zan garajga o‘tib, uning keng va kimsasiz hovlisida istagancha aylanar edik.
Kolxoz garajida ba’zida bir taqachining taq-tuq qilib, nimadir yasagani eshitilar, bir necha odamlar bitta past bo‘yli taqachining og‘ziga tikilishardi. U kichkina narsa yasasa ham, xuddi mashina ixtiro qilgandek, manmanlik qilar, bir kunda ikkitadan ko‘p narsa yasamas, iltimos qilib kelganlar: “Axir o‘n besh minutda bo‘lasiz-ku”, desa, bosqonni tap etib gapirguvchining oyog‘i ostiga tashlab: “Mana, o‘zing yasab olaver”, der edi. U erta sahar kelganicha peshinga dovur urinib, unga navbatga turishni uddalagan odamga nimadir yasab berganidan keyin o‘sha yerdagi eski so‘ri ustiga kichkina, rangi o‘chgan dasturxonni yozishar, tushliklari araq ichish bilan tugardi. Ular ichib bo‘lib ham keta qolishmas, nimalarnidir gaplashishar edi. Turib ketganlaridan keyin esa ularning so‘risi ostida bo‘lka non qoldiqlari, qovun yo tarvuz po‘choqlari, kolbasa chetlari, gohida kartoshka dimlamadan qolgan ulush bo‘lardi. Qoplonga biror polaponning jon achchig‘ida chiyillashidan yo qurbaqaning sho‘rtang go‘shtini yeguncha eshitishga majbur bo‘ladigani – yoqimsiz ovoz – jon faryodidan ko‘ra shu uzoq kutishni talab qiladigan yemish ma’qul edi. Uning barcha mahalladoshlari ham o‘zlari xizmat qilishi kerak bo‘lgan uylarida qorinlari to‘q edi-yu, ammo barchalari tashqaridan topib yeyilgan ovqatni mazaliroq hisoblashar edi. Ba’zan sheriklari garaj ko‘mirxonasining pastak tomiga chiqib, u-bu yerda in qurgan musichalarning uchirma bo‘lay deb turgan polaponlarini ovlab tushishardi. Qoplon bilan qo‘shni do‘sti Ziyrak ikkisi bunday qilishni istamasdi. Sheriklar yemishlarini qarsillatib yeyishga tushganlarida ich-ichidan g‘ashlari kelib, kayfiyatlari buzilgani bilan ishtahalari ochilib ketib, darhol uyga qaytishardi.
Biz ikkimiz devor ostiga kelib bir-birimiz bilan guvranib suhbatlashardik. Mazza edi. U uyda hech kim yo‘qligidan xabar berar, meni o‘sha hovliga o‘tishga undar, lekin mabodo tovuqlarini cho‘chitsam, kunimni ko‘rsatib qo‘yishini bildirar, men esa uning uyiga aslo o‘tmasdim. Chunki u bilan urishib qolishni istamasdim, keyin o‘z ishim qolib ketishi mumkin edi. Birga ko‘chaga chiqqan kunlarimizda ba’zan Ziyrakning ham fe’li aynib qolar, tirik qushlarni o‘ldirishdan tiyilsa-da, peshayvonlarda qolgan dasturxonlarni ochib, nonini yeyishdan qaytmasdi. U ikkimizning egalarimiz qayergadir ketib, ochlik qiynagan kunlarimizda meni biror egasi dalaga ketgan hovlilarga borishga undardi. Men ko‘nmasdim. Uning ortidan borib qolganimda ham hovliga kirmasdim. Ziyrak bilan boshqa do‘stim yo‘qligidan do‘stlashgan edim. Axir hech kim yolg‘iz yasholmaydi. Biz bir-birimizni yaxshi tushunardik.
Keyinroq mahalladagi eng hashamatli uyda turadiganlar Toymas degan itni boqib olishdi. Qoplon Toymas bilan do‘stlashdi. Juda ajoyib it edi. Egalarining uchta bir-biri bilan urishib yuradigan o‘g‘illari, keyin bitta shiringina qizlari bor edi. Toymas har doim kichik qizlarining ortidan ergashib yurar, o‘g‘illar bilan kelisholmasdi. Qiz Shohida edi. Buloqqa suvga chiqsa, Toymas birga borardi. Maktabga ketayotganda birga katta yo‘lgacha kuzatib qo‘yardi. Shohida kamgap, bosiq va chiroyli qiz edi.
Qor yog‘di. Qoplon bu beso‘naqay va qorong‘i, buning ustiga suvning nami tepib turadigan uyga kirmadi. Bu uychaning o‘ziga yaxshilik olib kelmasligini yaxshi bilardi.
Menga atalgan qorong‘i va pastak uydan ko‘ra, peshayvon chetida tashlab berishgan eski kiyimlari ustida qishni o‘tkaza boshladim. Bu vaqtda kuzda tuxumdan chiqqan jo‘jalar ancha ko‘payib, tovuqlar tinmay tuxum qo‘yishar, kelgan bir-ikki qarindoshlar tovuqlarga qarab havasi kelganda bekam maqtanar, hozirgacha hech qachon buncha bo‘lmaganini, bunda mening katta o‘rnim borligini aytar, mehmonlar menga ham havas bilan qarashar edi.
– Voy-bo‘, namuncha tovuqlaringiz ko‘p? Nechta bor?
– Hammasi oltmishtaga yetdi.
– Qanaqa qilib ko‘paytirasiz-a? Biz ham rosa jo‘ja ochtiramiz. Yo mushuk olib ketadi, yo ilon so‘rib ketadi, yo qush ko‘taradi.
– Qoplonimiz zo‘r-da, u bo‘lmasa, bizda ham shuncha bo‘lmas edi.
– Ha, itingiz yaxshi ekan. Yaxshi it ro‘zg‘orning barakasi deyishadi-ku.

Bir kuni xo‘jayinning oldiga Qo‘rg‘on mahalladan bir odam keldi. U ichkariga – xo‘jayin kasal ko‘radigan uyga kirib chiqqanidan keyin itni ko‘rib qolib so‘radi:
– Itingiz boshqacha ekanmi? Qayerdan topgansiz?
– Qayerdan bo‘lardi. Jiyaningiz Nazir bergan. Yaxshi it bo‘ldi.
– Ha-ya, do‘xtir, esimdan chiqibdi. Bu deyman, qarindosh ekanmiz-u. Buning tug‘ishgani menda. Oti nima buning?
– Qoplon.
– Qoplon, mah. Meniki Olaboy. Lekin itni boqolmabsiz. Bir borib ko‘ring. Olaboy buningizga ikkita keladi. Agar bu o‘sha bo‘lsa, kichkinaligida eng yirigi edi-ya. Nazir buni hech kimga bermayman, deb olib qoluvdi. Rosti, boqolmabsiz. Xashaki uy iti bo‘pti.
– Bilmasam, o‘zim uyda bo‘lib-bo‘lmayman. Bolalar ham vaqtida qarashmaydi-da. O‘qish, ish deb…
– Essiz, xafa bo‘lmang men shunaqa, to‘g‘risini gapirib qo‘yaqolaman. It yarim baravar ham o‘smabdi. Agar menda bo‘lganida ko‘rardingiz.
– Haliyam boqsa bo‘lar.
– E-e, yo‘q. Endi buni suyagi qotibdi. Tarbiyasi ham joyini topib bo‘lgan. Buni qattiq nonga boqibsiz-da. Boshda kelib qanaqa qarashni aytsam bo‘larkan. Bizni xotin bozorga xolodes qiladi-ku.
– Ha-a.
– Shunga suyak-ilik serob. Hozir kerak bo‘lsa bunaqa itlarni ancha-muncha pulga oladiganlar bor. Lekin bu avlod ja vafodor bo‘ladi. Haliyam ikki oy yaxshi boqing. Xohlasangiz sotvorardingiz. O‘zim sotib beraman. Bunaqa itlarning joyi tog‘da. Qo‘ton qo‘riydigan, bir suruvni beshikast yashatadigan it bu.
Mening negadir jahlim qo‘ziyotgan edi. Menga qarab gapirayotgan odam sira yoqmayotgandi. Agar shuning o‘rnida Nazir bo‘lganida ham irillab ko‘chaga quvib solgan bo‘lardim. Boqilmaganimda ham menga yetadigan it mahallada yo‘q edi.
Mehmon itning avzoyini ko‘rib orqasiga qaray-qaray ko‘chaga chiqdi. Beka ham bu gaplarni eshitib turgan ekan. Xo‘jayin eshikdan qaytib kirganda achchiqlanib dedi:
– Tavba, birovning iti bilan nima ishi bor. Xohlasak, qattiq non beramiz, xohlasak go‘sht.
– To‘g‘ri aytyapti. O‘zim ham boshda bo‘ladigan kuchuk deb opkeluvdim. Keyin tashlab qo‘ydim-da.
– Bitta it bo‘lsa, shundoq bo‘lar-da. Yana nima kerak. Katta bo‘p ketsa yana boqish qiyin bo‘ladi.
Xo‘jayin bekaning gapiga kulib dedi:
– Shundog‘am non berishga qizg‘anib, itni qo‘y qilib qo‘yganman, po‘choq yeydi, degin.
Beka jahl bilan ichkariga kirib ketdi. It negadir xo‘jayindan ham achchiqlana boshladi. Boshini osiltirib nari ketdi. Balki u, axir to‘ymaganimdan keyin, po‘choqmi, boshqami, yeyman-da. Lekin qo‘y emasman. Men haqiqiy itman, deb o‘ylagandir.
Baribir o‘sha odamning gapidan keyin itga tuzukroq qaraydigan bo‘lishdi.
Beka o‘choqqa urinayotib, kattakon qadimgi kosaning labini uchirib yubordi. “Hah, qurib ketsin. Katta buvimni ko‘rgan idish. Meros edi-ya. Qalinligiga ishonsam, shunaqa bo‘lib o‘tiribdi”, dedi u. Antikvar deb muzeydan kelishganida yaxshigina bahoga ham bermagan shu tabarrukni nega ro‘zg‘orga ishlatdi, o‘zi ham hayron edi. Endi Qoplonga idish bo‘laqolsin.
It esa o‘z idishi oldiga keldi-yu, yonida turgan begona kosadagi ovqatga bir qarab qo‘yib nari ketdi.
Menga odamlar idishida ovqat solib berishibdimi?
Men ovqatga nazar ham solmadim. Mening o‘z idishim bor. Qornim qancha och bo‘lsa ham boshqa idishdan ovqat yemayman, boshimni suqmayman. O‘z idishimni bekam ikki marta, ikkita Hayit bayramida, yaxshilab tozalaydi. O‘shanda u odamlarnikidan ham chiroyli bo‘lib ketadi.
Yaxshiki, bekam o‘sha kuni meni tezda tushunib, o‘sha ovqatni o‘z idishimga solib berdi.
Tovuqdek beaql jonzot bo‘lmasa kerak.
Men tovuqlarni, ularning bolalarini it-mushukdan, jo‘ja ko‘taradigan qushlardan asrar edim. Yana ularning o‘zidan ro‘zg‘orni ham asrashga to‘g‘ri kelardi. Hovli chetida daladan yig‘ib kelingan bug‘doy bor edi. Tovuq-jo‘jalar eng pastdagi qoplarni cho‘qib teshib tashlashardi. Men ularga hurib-hurib, xuddi ushlab oladigandek tashlana-tashlana charchaganimni xo‘jayinlarim bilishdimi, oxiri qoplarni qattiq brezent bilan yopib o‘rab tashlashdi. Bema’ni tovuqlar endi peshayvonga chiqib, pollarni iflos qilishardi. Bekam vaysay-vaysay tozalardi. Oxiri men ularni hovliga o‘tkazmaslikka qaror qildim. Bu ish meni kechgacha juda charchatardi.
Bir kuni xo‘jayin ko‘chadan go‘sht olib keldi-da, derazadan qarab:
– Ayasi, go‘shtni ol, men ketdim, – deb supa labida qoldirdi. Beka beshikka bola belash bilan ovora, eshitmay qoldi.
Xo‘jayin supa labida qoldirgan qog‘ozga o‘rog‘liq narsadan biram yoqimli hid kelar edi. U go‘sht edi. Beka sira uydan chiqavermadi. Katta tovuqlar, xo‘rozlar go‘shtga yaqin kelib cho‘qimoqchi bo‘lishardi. Men ularni tinmay haydardim. Oxiri ularni hovli etagiga jo‘natib yubordim. Ancha tinchidim. Bir mahal uy burchagida go‘shtni mo‘ljallab turgan mushukni ko‘rib qoldim. Men to‘xtovsiz vovullab bekamni chaqirdim. U hayron bo‘lib chiqib kelar ekan, go‘shtga ko‘zi tushib, menga minnatdor qaradi. Go‘shtni uyga tashlab chiqqach, meni chaqirib boshimni siladi. Yuzini yuzimga qo‘ydi. Keyin ancha vaqt mening go‘shtga ham tegmasligim, faqat o‘z idishimdan ovqat yeyishim haqida hammaga gapirib yurdi.
Keyingi qorlar yog‘ib o‘tganida bolalar ancha katta bo‘lib qolishgan edi. Qor ko‘p yog‘ib, uyni isitish uchun bir necha o‘riklarni kesib yoqib yuborishdi, hovlida hali ancha yosh xurmolar bilan ikki tup o‘rikkina qoldi. Biroq qo‘shni hovlidagi kattakon yong‘oq devorga matashib o‘sganidan, ostidagi ildizlari ham kattalashib, devor tagini ko‘tarib yuborgan, keyin devor yorilib, omonatlashgan ekan. Hovlining o‘sha tomonidagi devor bahorgi to‘xtamaydigan yomg‘irlar vaqtida gursillab qulab tushdi.
Men devor yiqilganidan hammaga xabar berdim. Bu vaqtda xo‘jayin ham, beka ham ishda edi. Ichkaridan mening nega vovullayotganimga hayron bo‘lib chiqqan bolalar devor qulab, qo‘shni bog‘lar ko‘rinib yotgan joyga yaqin kelishdi.
Bekaga telefonda bildirishdi. Kechqurun xo‘jayin ham ishdan kelib, qulagan devorga qarab, yorug‘ yoz kuni emasligi, hozir devorni urib bo‘lmasligi, hali uni tiklash uchun iloji bo‘lsa, yong‘oqni kestirish kerakligi, devor urish uchun hali g‘isht ham quyishga to‘g‘ri kelishi haqida gapirdi. Xo‘jayin mashinasida borib oq bo‘z olib keldi. U bilan besh-olti qadam joydagi ochilib qolgan devor o‘rnini to‘sishdi. Hojatxona tomonga o‘tganda uzoqroqdagi qo‘shnilarning ko‘zi tushmasligi uchun yaxshi bo‘ldi, lekin bu to‘siq daydi it-mushuklarning o‘tib kelishiga to‘sqinlik qilolmasdi.
Endi mening ishim ancha qiyinlashgan edi. Chunki qo‘shnimizning biznikiga qaraganda bir necha barobar katta bog‘ida qishi bilan odam bo‘lmaganidan daydi itlar kezib yurishardi. Bog‘ning devorlari keksa odam ham hatlab o‘tadigan bo‘lib pasayib ketgan edi. Endi bizning hovlimizdan turib pastak devorlar bilan o‘ralgan qator-qator ekin yerlari va hovlilarni ko‘rish mumkin edi. Ularning ko‘pida odam yashamas edi. Faqat ekin ekishardi. Bo‘z mato osti ancha ochilib qolgandi. Men undan bemalol narigi yoqqa o‘tib ketardim.
Uzun-uzun bog‘lardan biridagi hashamdor hovlida, o‘sha Shohida – sochi uzun qiz ko‘rinardi. U bir yil oldin shaharda o‘qishni bitirib kelgan, kelib, qishloqning idora deb ataladigan va o‘zi shu qishloqni bo‘laklarga bo‘lib idora qiladigan joyida ish boshlagandi. Beg‘ubor, bosiqqina Shohida ulg‘ayib, juda ham chiroyli bo‘lgandi. Mahallada uch devor nari qo‘shnining Qoratoy nomli iti yo‘lga yotib olsa, hech kimni quvlamasdan o‘tkazmasdi. Birgina shu qizga – Shohidaga unday qilmasdi. O‘zi-ku, Shohidani Toymas katta yo‘lgacha kuzatib qo‘yardi. Lekin ba’zida Shohida o‘zi yolg‘iz ham o‘tardi. Qiz ishga o‘tib ketayotganda Qoratoy jimgina boshini egib turar, o‘tib ketganidan so‘ng uning ketidan chiqib biror narsa deb gap uqtirayotgan akasiga esa vovullagani vovullagan edi. Shohida hamisha yerga qarab yurar, xuddi aybdorga o‘xshardi. Qoplon devor ochilib qolganidan keyin o‘sha tomonlarga bemalol o‘tib yurdi. Uni luqma topish qiziqtirmasdi. U o‘sha qo‘shnilarning itlari bilan nimadir to‘g‘risida guvranibmi, imo-ishora qilibmi, gaplashishni, bu yoqimli kengliklarda istagancha sayr qilishni, oshnalari bilan chopishib yurishni yoqtirardi.
Toymasga ko‘pda havas qilardi. U bir daydi itning ta’zirini shunday bergandiki, hamma hayron qolgandi. O‘zi ham gavdali, viqorli edi. Bir odati bor ediki, nima uchrasa, qorniga urib ketaverardi. Qoplon undan hech narsani qizg‘anmasdi. U ishonchli do‘st edi. Ular Toymas bilan kolxoz garajidagi uzun va kimsasiz binoning ichkarisigacha ham kirib chiqishgan edi. Agar Toymas bo‘lmaganida Qoplon uchun bu binolar bilgisiz qolib ketardi.
Birdan Shohidalarning Toymasi ikki kunlab ko‘rinmay qoldi. Egalari, ayniqsa, Shohida uni qidirib yurdi, Qoplonlarnikiga ham chiqdi. Bir-biriga tutashib yotgan bog‘larda hashamatli uy egalarining Toymasni qidirganlari, izlari bormikan, deb loy ariqlar ichigacha qaraganlari ko‘rinib turardi.
Men uni topishga astoydil kirishdim. Ko‘nglim bir sovuq narsani sezib turardi. Ichim kuyardi. Lekin Toymasni topa olishimga ishonardim. U juda jasur it edi. Usiz biz – qo‘shni itlarning suhbatlari ham bemaza, birga chopishishlarimiz ham zerikarli tuyulayotgandi. Undan keyin shunday do‘stimning birdan yo‘qolib qolishi juda g‘alati edi.
Bizdan pastdagi bir hovlida kechalari qimor o‘ynashardi. Uy egasi asli dehqonchilik sabab bo‘lib, boshqa qishloqqa ko‘chib ketgan bo‘lsa ham, o‘zi singari qimorbozlarni olib kelib, tunlari o‘ynar, ba’zi kechalar o‘sha tomondagi o‘choqda olov yongani ko‘rinar edi.
Bir gal hatto bu yerga tez-tez keladigan odamlardan birining tunda peshob qilish uchun uy orqasiga, bizning yon qo‘shnimiz Atoboyning bog‘iga o‘tgani, keyin atrofni alanglab, ko‘zdan kechirgani, ertasi kechki paytda xuddi o‘sha odamning mahalladagi yolg‘iz o‘tiradigan To‘xtamat chol hovlisi etagidagi katakdan qiyillatib tovuq olib chiqqanini ko‘rgan edim. Men harchand vovullaganim bilan bu odamga yaqin borolmadim. Agar bizning uyimizdagi katakka tegsin edi, ko‘rardi nima bo‘lishini. Odam vovullaganim bilan oldiga borolmasligimni bildi, shekilli, tovuqni qo‘ltig‘iga qisib, xuddi o‘z hovlisida yurganday bemalol qimorxonaga o‘tib ketgandi.
O‘sha kuni Toymasning isi menga o‘sha qimorxonadan kelayotganday bo‘ldi. Eski tandirxona yonidagi o‘yiq joydan oshib hovliga tushganimda ikkita uyi bor hovlining chirog‘i yoniq xonasida odamlarning boshlari ko‘rindi. Uyning tepasidagi mo‘ridan qovurilgan go‘sht hidi dimog‘imga urilib butun tanamni seskantirib yubordi. Uy oldiga borib, derazadan mo‘raladim. Odamlar o‘rtaga qog‘ozlarni tashlab, qimor o‘ynashar, narida nonlar va bir tovoq qovurilgan go‘sht ko‘rinardi. Birdan menga ichkaridan Toymas qarab turganday bo‘ldi. Dimog‘imga yana uning hidi keldi. Men is olib hovlining etagiga qarab yurdim. Hojatxona yonidagi kichkina bostirmaga yaqinlashganim sari ich-ichim g‘alati bo‘laverdi. Teri hididan boshim aylanib ketdi. Eshigiga qulf solingan ayvonga yon teshikdan o‘tdim. Ichkarida… Toymasning qora ko‘zlari tosh qotib qolgan kallasi va oyoqlaridan ajralmagan terisi yotardi. Men uvillab yubordim. Uning holi shunday achinarli ediki, it bo‘lganlarimga pushaymon bo‘ldim. Birdan Toymasning ko‘zlari yumilib yana ochilganday bo‘lib ketdi. Men do‘stimning mabodo shu tanasidan narida to‘ppayib yotgan ichak-chavoqlarsiz ham yashab ketishi mumkinligiga ishonib uni tortqilab ko‘rdim. Teshik oldigacha tortib keldim. Yo‘q. Teri ham, oyoqlar ham qotib qolgan ekan. Shunda ham tanasi og‘ir edi. Uni qanday yengdilar ekan?
Uning oldida qancha qolib ketdim, bilmadim. Boshimni osiltirib, Shohidalarning bog‘iga o‘tdim. Hovlida har doimgidek Shohidaning o‘zi yurardi.
Qoplon ko‘pincha bu katta hovlida yumushlar bilan band Shohidaning yurgan yo‘lini izma-iz kuzatar edi. Qoplonning bekasi Shohidani farishtalarga o‘xshatardi. U birdan hovli etagiga qarab, it sharpasini ilg‘ab qoldi.
– Toymas, o‘zingmisan, – dedi. Qo‘lidagi narsani yerga qo‘yib shu yoqqa shoshib kela boshladi. Keyin uni tanib, – Ha, Qoplon, senmiding. Do‘stingni izlab keldingmi? Biz ham izlab yuribmiz. Qayoqda qoldi ekan. Itotarlar otganmi desak, hech qayerda unaqa gap yo‘q. Biror igna-pignami, dorimi yeb qo‘ymadimikan. Juda sog‘indim, Qoplon, – u shunday deb, itning boshini siladi, keyin qog‘oz ustiga suyak qo‘ydi. Qoplon do‘stining o‘ligi ustidan kelgandi. Ko‘zidan yosh oqardi, suyakka qaramadi. Avvalgiday Shohidaning ishlarini ham kuzatib o‘tirishga toqat qilmay o‘z uyiga qaytdi.
Ertasi kechki payt Qoplonning uyidagilar katta taraddudda u yoqdan bu yoqqa chopishardi.
Hovlida yurar ekanman, xayolimda kun botib ketgan bo‘lsa ham, uyimizga osmondan bir nur tushib kelayotganday bo‘ldi. Men hushyor turishim kerak edi. Negadir shu vaqtda ko‘chadan begonani kiritmay, keyin yovvoyi mushuklarning jin ilashgan oyoqlarini shu hovliga tushirmay turishim kerakday tuyulayotgandi. Shu hushyorligimni qo‘ldan bermaganimcha, bir qancha vaqt o‘tdi. Keyin ichkari uydan bir begona, bir boshqacha tovush eshitildi. U shunday yoqimli, shunday erka yig‘i ediki, uni qayta-qayta eshitgim kelaverardi. Men oilaga yana bir bolacha qo‘shilganini payqab qoldim. O‘zim bilmay vovullab yubordim.
Yangi bolachani bir ko‘rib qo‘yish uchun sira chiqmaydigan peshayvonga oyoq bosib, eshikni itardim. Eshik ochilib ketdi. Hamma baqirib yubordi. Men oq lattaga o‘ralgan chaqaloqni ko‘rdim. U juda kichkina, shirin edi. Uy egalari mendan ranjishmasin deb, darhol o‘zimni orqaga tashladim. Ular meni qorni ochibdi deb ovqatlar bilan siylashdi. Men chaqaloq uchun bayram qilgandek, mazza qildim.
Endi men yana bir bola uchun kuyib-pishishim kerak edi.
Bu bola ham qizaloq edi.
Otini Asila qo‘yishgan, biram erkalatishadi, ko‘taraman deb talashishadi.
Endi beka bolalarni maktabga kuzatib qo‘yib, o‘zi chaqaloqning, keyin boshqalarning kirlarini yuvadi. Uy ishlarini bajaradi. Asilani ko‘k aravachaga yotqizib, o‘rik tagida uxlatadi. Bu o‘rik oshxonaning ustiga soya berib turganidan o‘g‘ri mushuklarga yordam berib qo‘yardi. Naq Qoplondek keladigan qora mushuk itning ko‘zidan berkinib, o‘rik orqali oshxonaga ovga tushadi.
Mushuk birdan o‘rik ustidan kelib, aravachaga sakrab, Asilani cho‘chitib yubormasligi uchun men arava tagida yotaman. Orada tovuqxona tomonga ham qarab qo‘yaman. Xo‘jayin ishdan bo‘shamaydi. Uning ishdan kelishi hammaga bayram bo‘lib ketadi. U ham kichkina bolasini ko‘proq erkalatadi, menga endi avvalgidek e’tibor ham qilmaydi. Vaqti ham yo‘q. Lekin uning bolalarini erkalatgani mening huzur qilishimga yetadi.
Kechqurun bo‘z tutilgan devordan narigi yoqqa o‘tdim. Hozir hovlimiz tinch. Men endi Toymasning o‘rniga uning hovlisini ham qo‘rib turishim kerak.
Bu gal Shohidaning uy ishlari bilan ovora bo‘lib yurishini ko‘rib bo‘lmasdi. Hovlida o‘rtancha akasi bor ekan. Ular uch aka-uka qayerlargadir meva olib borib sotishardi. Eshiklariga ko‘pda uzun va baland mashinalar keladi. It ularning ayvoni oldida yovvoyi mushuklarga bir ko‘rinib, bu yerlar qarovsiz emasligini bildirib qo‘ymoqchi bo‘lib turganida o‘rtancha aka qora sumkasini yoniga qo‘yib daftarga nimalarnidir yozib, hisoblagichda hisob-kitob qilar edi.
Ayvon tomida sezilgan sharpani haydash uchun ovoz chiqardim-da, o‘sha yoqqa otildim. Biroq oyog‘imga tosh kelib urildi-da, og‘riqdan dodlab yubordim. Ortimga o‘girildim. Shohidaning akasi so‘ridan ancha berida yana bir tosh qidirib alanglab turardi. Uyga chopdim. Bu menga haqorat edi. Shohida bo‘lganida sira shunday qilmasdi. U meni o‘g‘irlikka keldi deb o‘ylamasdi.
Ko‘p vaqt oyog‘imni qo‘yolmay yurdim. Keyin yana o‘z ishimga mashg‘ul bo‘ldim. Bir kecha ko‘zimni yumgan edim, Toymas yaqinimga kelganday bo‘ldi. “Shohidaga qara”, dedi u. Ko‘zimni ochdim, Toymas yo‘qoldi.
Xayolim o‘sha hovlida bo‘lib qoldi. Men Shohidaning akalari o‘z ishlari bilan shaharlarga ketishganini bildim. Chunki ularning islari kelmayotgandi.
Atir hididan bildimki, Shohida tashqari hovlida nima bilandir band. Uning yelkamga shapatilab, bo‘ynimni silashini istab qoldim-da, bir ko‘rayin deb yana devordan oshdim. Hovlisiga kirganimda Shohidaning nafasi sezilar, lekin o‘zi ko‘rinmasdi. Darvozaxona tomonda shivirlagan ovozlar eshitilardi. Yorug‘lik tushmaydigan chekka joylardan yurib darvozaxonaga yaqinlashdim. Shohida bir baland bo‘yli yigit bilan gaplashib turardi.
O‘zi juda g‘amgin edi. Chopib borib begona yigitga vovullamoqchi, kerak bo‘lsa tashlanmoqchi edi, lekin Shohidaning yuziga qarab turib bunday qilish noto‘g‘ri ekanini uqib qoldi. Yigit Shohidaning qo‘llarini kaftlari orasiga olib ko‘zlariga tikilgancha nimalardir derdi. Shohida esa yerga qarab olgandi. U avval entikdi. Keyin xo‘rsindi.
– Mirzohid aka, endi kelmang. Uyimdagilar rozi bo‘lishmas ekan. Akalarim qattiq turishyapti. Bahodir akamning sinfdoshiga berisharmish, – Shohida yig‘ladi.
Yigit unga qattiq va o‘kinchli tikildi.
– Nega endi? Axir xolam kelganlarida “maslahatlashaylik-chi” deyishgan ekan-ku.
Qiz yerga qarab javob berdi:
– Menga umuman yaxshi gapirishmayapti. Katta akam bunaqa qilsa ishga ham bormaydi, dedi.
– Shohi, axir kimdan xato topishyapti? Mendanmi, oyimdanmi, kimdan? Biz nega to‘g‘ri kelmas ekanmiz?
Shohida yerga qarab og‘ir yutinib jim turaverdi.
– Mana, ishim ham tayin bo‘ldi. Xudo xohlasa, to‘yimizdan keyin sizning ham ishingizni shaharga ko‘chiramiz. Birga borib kelamiz. Akamning uyini bitirib bersak, mashina olamiz. Sizni yonimda olib yuraman. Men sizni baxtli qilaman. Va’dalashganmiz-ku, Shohida.
Shohida mahallaning eng chiroyli qizi edi. Uzun sochlari orqasini to‘ldirib yurardi. Unga ana shu kelishgan yigit to‘g‘ri kelmasa, boshqa hech kim, ayniqsa ana u Bahodirning ko‘pda mast yuradigan sinfdoshi sira mos kelmasdi.
Ular so‘zlashayotganda men o‘z xayolimdagi kelishgan, chiroyli itni – Bo‘ynoqni o‘ylayman. Men uni ko‘rganman.
Biz itlar aslida bo‘rilar bilan bir avloddanmiz.
Bo‘rilar umrining oxirigacha bitta sherik bilan yashashadi. Aslida itlar ham shunday yashar edilar. Lekin odamlar ularning hayotini izdan chiqarib yuborishgan. Bu ishlari yozilmas va aytilmas qonuniyatga aylanib ketgan. Agar yer yuzidagi oziq-ovqatlar to‘g‘ri taqsimlanganidami, agar Xudo yaratgan har bir jonzotning rizqi yerda bor ekaniga odamlar ishonishganidami, yana agar odamlar bunday shohona dasturxonlar atrofida o‘tirib ovqatlanishga sarf etgan pullarining oz qismini bo‘lsa-da, peshonasida insoniyatga sodiq do‘st bo‘lish yozug‘i bor itlarga sarflaganlaridami, Qoplon bilan teng tug‘ilgan sho‘rlik urg‘ochi kuchuklar yerga tiriklay ko‘milmasdi. Hatto Malla sherigi haqida ham yaxshi xabar bo‘lmadi. Ilyos Qo‘rg‘on mahallaga borgan kuni bolalar bir urg‘ochi itni toshbo‘ron qilib o‘ldirishganini ko‘rganini, “Bu Nazirning iti” deyishganini otasiga gapirib berdi. Malla bechora bunday azob chekkandan ko‘ra, yoshligida o‘lib ketgani yaxshi edi. Ilyos o‘sha voqeani aytib bergan kun Qoplon tunda osmonga qarab Xudodan nimadir o‘tinganday uvladi.
Shohida yigitning yelkasiga bosh qo‘ydi.
– Ha, Mirzohid aka, doim birga bo‘lamiz. Va’da beraman. Sizdan boshqasiga berishsa, men bu dunyoda yashamayman.
– Unaqa gaplarni aytmang. Kim aytadi sizni oliy ma’lumotli deb? Biz baxtli bo‘lamiz. Vaqt kelib pullarim juda ko‘p bo‘ladi. Yaxshi yashaymiz. Mana ko‘rasiz.
– Mirzohid aka, ketaqoling. Oyim chiqib qolsalar, tamom bo‘laman.
Yigit qizning qo‘llarini siqib qo‘ydi-da, so‘ziga itoat qilib darvozadan chiqib ketdi.
Men Shohidaning ortidan ularning hovlisiga kirdim. Shohida supa labiga kelib cho‘nqayib o‘tirdi, ho‘ng-ho‘ng yig‘ladi. Sochlari yerga siypalanib yotardi. Men uning yoniga cho‘kkanimcha nima qilishimni bilmasdim. Oxiri u tinib qoldi. Menga qaradi. Yelkalarimni siladi.
– Qoplon, Mirzohidni yaxshi ko‘raman. Oyim ikki dunyoda ham bermayman, ular yalangoyoq dedilar. Kambag‘allik gunohmi, Qoplon? Manaman degan joylardan sovchi kelayotganmish. Tanlab tegasan, tanlab beraman, deydilar. Axir men ham insonman-ku, Qoplon.
Endi Shohida ko‘ksiga qo‘lini qo‘ygancha o‘z-o‘ziga gapira boshladi:
– Men sevgi yo‘q bo‘lsa kerak deb o‘ylardim. Odamlar boshqa tuyg‘ularni sevgi deb o‘ylashadi, derdim. Ba’zan sevgi deb qiyos qilganlarini xudbinlik deb bilardim. Sevgi bor ekan. U mening bor vujudimni egallab oldi. Hayotning rangin ekanini bilmasdim. Sevgisiz juda oddiy, ko‘rimsiz kunlarimni o‘tkazib yurgan ekanman. Endi… men usiz, uning xayolisiz bir lahza ham yasholmasam kerak. Balki hamma odamlar ham dunyoda faqat boshqa bir odam uchun, shu odamga ko‘ngil bog‘lash uchun yaralgandirlar. Ha, chindan ham odamlar pul topish, yaxshi yeb-ichish uchun emas, muhabbat uchun, muhabbatning lazzatini totish uchun yaratilganlar. Qolgan ne’matlar ularni odamlar sevgan odamlariga, yaqinlariga, o‘zidan keyingi davomchilariga tortiq qilishlari uchun yaratilgan. Hatto farzand ham.
Shu vaqt uy eshigi ochildi. Shohidaning jahldor onasi chiqib keldi. Shohida shosha-pisha o‘rnidan turdi. Yonidagi obdastani ko‘tarib, ariqqa qarab yurdi. It esa sekin qorong‘i chetga o‘tib, uy tomonga ketdi.
Men har kuni Toymasning uyidan xabar olar, xonadonning yigitlari uyda bo‘lgan kunlari ehtiyot bo‘lardim. Mirzohid yana ko‘p marta keldi. Birda gaplasha oldi, birda yo‘q.
Oxirgi marta uchrashganlarida Shohida uzoq yig‘ladi.
– Meni kechiring, Mirzohid aka. Bitta hayotimni ham o‘zim hal qilishga kuchim yetmas ekan. Men endi chiqolmayman, – dedi.
Mirzohid undan keyingi kunlarda ham har kuni keldi. Har kuni kutdi.
Kechalari Mirzohidning Shohidalar darvozasi oldida turganini ko‘rib rahmim kelib ketardi. Keyinroq uyimiz oldidan o‘tib ketayotganda uning shamollab qolganini, tinmay yo‘talayotganini bildim. Shunday bo‘lsa ham, Mirzohid har kuni Shohidani chaqirib gaplashish uchun kelardi. Bu vaqtlarda Shohidani ishga ham yuborishmayotgandi. Men ko‘p bor bu yigitning yaqiniga keldim, lekin yordam berolmadim. Shohida endi hovlida ham ko‘rinmasdi. Men uni ko‘rish uchun bog‘ tomondan devor tagiga ham ko‘p keldim. Chunki ba’zida Toymas ko‘zimga ko‘rinib unga bergan va’damni esimga solardi.
Kunduzi o‘z vazifamni tugatib, endi o‘tirishni o‘rgangan Asilaning ro‘parasida cho‘zilib olgan edim, u emaklab paloschadan chiqib menga yaqinlashdi. Qiqirlab kulib, junimdan tortdi. Avval indamagandim, lekin uning qo‘llari kichkina bo‘lgani bilan kuchli ekan, shunday tortdiki, men hov deb uning qo‘lidagi junlarimni og‘zim bilan tortib oldim. Shunda narida hovli supurib yurgan bekam baqirib chopib keldi. Asila chinqirib yig‘lab yubordi. Agar bekam baqirmaganida u yig‘lamasdi. Bekam Asilani ko‘tarib olib, meni shu yaqin orada turgan o‘tin bo‘lagi bilan qattiq urdi. Men angillab bostirmaga chopdim. Birpasdan keyin hovliga mashinasini haydab xo‘jayin kirdi. Uning oldiga chiqqim, u bilan so‘rashgim keldi.
Beka esa darrov unga itning yovvoyilashib qolgani, Asilani qo‘rqitib yuborgani, uni tishlab olishiga bir baxya qolgani, har kuni yerto‘ladan kartoshkani beka qancha olib chiqsa, u ham shuncha olib chiqib yeyotgani, kechalari daydi bo‘lib bog‘ oshib ketib qolayotgani, o‘z ishini bajarmayotgani to‘g‘risida rosa shikoyat qildi. Xo‘jayin Qoplonning yuziga hatto qaramadi. U ranjigan edi. U bu gaplar balki noto‘g‘ridir, deb o‘ylab ham ko‘rmadi.
Odamlar shunaqa, ko‘rganlariga emas, eshitganlariga osongina ishonadilar.
Xo‘jayin meni jerkib pastga haydadi. Nahotki, mening bolani tishlab olishim mumkinligiga ishonishsa. Axir men Asilaning qo‘li tegmasidan ketishim ham mumkin edi, faqat uning mazza qilib o‘ynayotganiga xalaqit bergim kelmagandi.
Eydigan ovqatimga uncha e’tibor qilmay qo‘yishdi. Shunga yarasha mening ham ishtaham pasayib, idishimdagi ozgina yuvundini oxirigacha ichgim kelmay qoldiradigan bo‘ldim.
Har kuni kech kirganda uydan chiqib, Shohidalarning bog‘iga o‘ta boshladim.
O‘rtadagi devorning qulaganiga ko‘p vaqtlar bo‘lib, bu orada kunlar ikki marta juda qizib sovigan bo‘lsa-da, hamon o‘rtada kir bo‘lib, ko‘p joyi yirtilib ketgan bo‘z latta osilib turardi.
Xo‘jayin yon qo‘shnisi bilan devorni tiklash to‘g‘risida kelisha olmagan edi.
Ikkinchi bog‘ devoriga yaqinlashganimda Shohidalarning hovlisidan yig‘i va shovqin eshitildi. Men devordan sekin oshib o‘tib, qorong‘i burchakdan hovliga qaradim. Uy oldiga to‘shalgan palos o‘rtasida sochlari yoyilib ketgan Shohida tiz cho‘kib o‘tirar, tinmay yig‘lardi. O‘ng bilagini mahkam ushlab olganiga qaraganda kaltak yeganga o‘xshardi. U o‘tirgan joyida Ilyosning o‘yinchoqlari ichidagi malika haykalchaga o‘xshardi. Shu o‘tirishi ham unga juda yarashardi. Onasi ikki tizzasiga qo‘llarini tayagancha uning yuziga yaqin kelib tinmay baqirar, ikki akasi ikki tomonda tik turishardi.
Ona o‘zining ovozi juda baland bo‘lib uzoqlarga eshitilmasligi uchun sal pasaytirib gapirar, lekin vajohati yomon edi.
​ – Men seni er topishga jo‘natganmidim o‘qishga? Yeganing yelim bo‘lgur. Bu kuningdan o‘lib qo‘ya qolsang bo‘lmaydimi? Nimasiga uchasan o‘sha yalangoyoqning? Voy yer yutsin seni! Seni tuqquncha it tug‘sam bo‘lmasmidi. Odamlar nima deydi, kun ko‘rmagur! Voy-ey, qaytvoldim, Xudoyim! Tavba qildim. Uff! Voy boshim-ey!
Shohidaning ahvoli achinarli edi. Keyin onaning bunday qizdan ko‘ra it tug‘ishga rozi bo‘lgani ham g‘alati edi, itning orini keltiradigan edi. Itlarning aybi nimaligini tushunib bo‘lmasdi.
Katta akasi ham so‘kina-so‘kina qat’iy dedi:
– Bo‘ldi. Bas qiling, oyi. Men oxirgi gapni aytdim. Ertaga tayyorgarligingizni ko‘ring. Non sindiriladi. Buningizga qarab o‘tiraverasizmi? G‘iring desa, o‘zim so‘yib tashlayman. Tamom. Davay, kir uyga! Ana u ketingda itdek ergashtirganingni ko‘rsam, bilib qo‘y, yashashidan umid qilma!
Shohida, shunday chiroyli, beg‘ubor qiz, o‘rnidan turib zo‘rg‘a-zo‘rg‘a cho‘loqlanib uyga kirib ketdi. U ko‘p kaltak yegan ekan. Men pastak devorlardan o‘tib uyga qaytar ekanman, ko‘zimdan yosh oqardi.
Men keyingi kunlar tuni bilan, kunduzi ham uxlamadim. Shohidaning arang, sudralib uyga kirib ketgani, ingragani xayolimdan ketmasdi. Buning ustiga ko‘z yumsam Toymasning qiyofasi menga yaqinlashar, hushyor bo‘lishga undardi.
Ertalab bo‘z parda tagidan o‘sha hovliga qaradim.
Baland peshayvonda Shohida belini nima bilandir bog‘lab olgancha sudralib urinib yurardi. Supa labida old oyog‘iga boshini qo‘yib yotgan it yig‘ladi. Beka kelib itga tikildi. Xo‘jayinni chaqirdi:
​ – Buning ko‘zi og‘rib qopti shekilli. Zokir akani olib kelasizmi?
​ – Ayasi, bitta zo‘r it topib qo‘ydim. Peshinga opkeladi. Bir-ikki kun yursin-chi. Agar yaxshi chiqsa, buni birortaga bervoramiz.
Bu so‘zlarga ishonib bo‘lmasdi. Qaysi aybi uchun? Nahotki uni shu uydan, shirintoy bolalardan, boshqa hamma narsadan, keyin Toymas do‘stining hovlisiga ko‘zquloq bo‘lish vazifasidan ayirishadi? Nega endi? Uningdek qaysi it bu ishni uddalaydi? U hozirgacha yomon it bo‘ldimi? Ha, qorni to‘ymaganda yerto‘ladan olibmi, pishganda hovlidan kovlabmi, kartoshka yegani rost, lekin shuning uchun uni surgun qilishlari to‘g‘rimi?
Chindan ham peshin mahali mototsiklda bir qora kuchukni opkelib tashlab ketishdi. O‘zi kayfiyatim yomon edi. Battar bo‘ldi. Men bir chetda yotar ekanman, bekamning, bolalarning yangi kuchukni yaxshi ko‘rib erkalashlaridan xo‘rligim kelar edi. Oxiri kuchukni o‘rganib bo‘lishdi shekilli, hammalari boshqa ishlarga chalg‘ishgan vaqtda kuchuk menga qarab intilaverdi, oyoqlarim tagiga keldi. U mendan mehribonlik so‘raganday bo‘ldi. Men esa undan hovlimni, o‘z o‘rnimni qizg‘anayotgandim. Irillab, qattiq hurib uni haydab yubordim. Bu vaqtda xo‘jayin ko‘chadan kirib kelayotgan ekan. Menga po‘pisa qildi. Battar xafa bo‘ldim. Ko‘chaga chiqib, tegirmon qurilayotgan tomonga o‘tib yotib oldim. Ko‘p vaqtim araz bila ko‘chada, tegirmon eshigi tagida o‘ta boshladi.
Ikki kun o‘tib meni bekaning akasiga berib yuborishdi. Uning katta o‘g‘li bo‘ynimga arqon solib uyiga olib ketdi.
Men noiloj begona hovliga keldim. Bu hovli shunday keng ekanki, uni aylanib qo‘rish uchun ancha mehnat qilishga to‘g‘ri kelarkan. Endi qanday yasharkinman. Uyimni qanday unutsam ekan, deb o‘yga botib zanjirda bir kunni o‘tkazdim. Uy egalarining meni qo‘yib yuborishlarini kutdim. Agar hovlida aylanib yursam, ishlarim ko‘payib, unutishim osonroq bo‘lar dedim. Biroq ularning bunday maqsadi yo‘q ekan. Men bog‘loqda turarkanman. Erksizlik meni battar rasvo holga solgandi. Men ishtahamni yo‘qotdim. Uydagi besh odam ham meni birday joyi almashgani uchun ovqat yemayotganga chiqargandi. Bugun bo‘yinbog‘imning zanjirga qattiq latta bilan bog‘langanini ko‘rib qoldim. Tunda o‘sha lattani g‘ajiy-g‘ajiy bo‘shaldim-da, o‘z uyimga chopib ketdim. Ko‘chamizga burilganimda xursandlikdan tanamga sig‘mayotgandim. Darvoza yopiq ekan. Biroz turdim-da, boshqa yo‘llar bilan uyga kirishni reja qildim.
Undan avval – Shohidaning ahvolini bilish uchunmi yo shunchakimi, ularning darvozasiga keldi. Sahar mahalidayoq eshik oldida odam ko‘p edi. Mashinaga bir narsalarni yuklayotgan ekanlar. Ichkaridan odamlarning “to‘y, to‘y” deb gapirganlari eshitildi. It Shohidani ko‘rishga qancha urinsa ham, foydasiz bo‘ldi. Bir marta ko‘zi uning onasiga tushdi. U boshini bog‘lab olgan, aftidan, qon bosimi oshgan edi.
Darvozamiz oldiga qaytdim. U hali ham ochilmagandi. Bizning ko‘chadan keyingi ko‘cha orqali kirib, qimorxona yonidagi ochiq oraliqdan past devorli bog‘larga o‘tdim-da, osongina hovlimizga kirib keldim. Yangi kuchuk peshayvonda yurardi. Men hech qachon qadam bosmaydigan, agar tovuqlar chiqib ketsa ham pastdan turib ularga vovullaydigan joylarda u bemalol aylanib yurgandi. Men chidolmadim. Uni pastga tushishga, o‘z joyini bilishga undab baqirdim. U qo‘rqib pastga chopdi. Chekkadagi kattakon yog‘och quti tagiga kirib oldi. Unga joy qilib berishgan ko‘rinadi. Keyin quti tagida xavfsiz ekanini bilib, chirangancha vovullashga tushdi.
Uning ahvoli juda kulgili edi.
Uydan beka bilan xo‘jayin chiqib keldi. Ular Qoplonni ko‘rib hayron, hatto xursand bo‘lishdi. Biroq it ularning oldiga bormadi. Xafa edi. Baribir xo‘jayin chaqirib oldi.
​ – Zanjiringni uzdingmi, Qoplon? Bizni sog‘inibsan-da yo yaxshi ovqat berishmadimi?
Qani endi unga tushuntiroladigan tili bo‘lsa ekan. Xo‘jayin ham g‘alati. Asli boshdan o‘zi bu olabay itga yetarli ovqat berib kelmaganini bilmas edi u. Asli it nima uchun qaytgani, nega u yoqda yasholmaganini tushunsa edi u. Nahotki Qoplon mehr qo‘ygan xo‘jayin yashash ma’nosini faqat yaxshi yeb-ichish deb o‘ylaydi-a?
Ertalab yangi borgan uyimdagi katta o‘g‘il yana meni olib ketishga keldi. Bekam norizo qiyofada menga yaqinlashib, ko‘zlarimga qaradi. Bu gal meni ko‘zi qiymayotgan edi. Lekin baribir jiyanini kutdirmay mening bo‘yinbog‘imni ushladi. Jim turaverdim. Chunki u men qo‘lidan necha yillar ovqat yegan bekam edi. Uning buyruqlariga so‘zsiz itoat qilardim. Bo‘lmasa itlik sha’nimga og‘ir isnod bo‘lardi. Agar bog‘lab berishmaganida, ana u indamas bolaga o‘zimni tutqizib o‘tirmasdim. Ketayotganimda bekamning ko‘zida yosh ko‘rdim. Uning g‘amgin ko‘rinishi ko‘z oldimdan ketmay qoldi. Men xursand edim. Shirin o‘yga botgandim. Negaki bekam mening ana u arzanda kuchukdan yaxshiroq ekanimni tushungan edi.
Mana, meni yana zanjirda olib ketishmoqda. Bo‘ynimdan bog‘lashsa, men nimaga ham yarardim. Endi hech narsaga qiziqishim qolmayotgandi. Sudralib borar ekanman, birdan ko‘chamiz boshida turgan Shohidani ko‘rdim. Uning oldiga chopib borgim keldi. Biroq zanjir tortilib, bo‘ynimni qiyib yubordi.
U dugonasi bilan kulib gaplashib turar, qandaydir muhim ishni hal etayotgandi. Shohidaning taqdirga tan berganiga ishonib bo‘lmasdi. U esa negadir xafa emasdi. Balki, bir kambag‘aldan qutulganiga xursanddir. Odamlardan hamma narsani kutsa bo‘ladi. Lekin Shohida…
Yana avval bir necha kun ovqat yeb-emay o‘tirgan joyimga o‘rnashdim. Endi ko‘p narsa qiynardi. Bu kattakon hovlining devorlari mening bo‘yimdan sal balandroq edi xolos. Daydi it va mushuklar istagan vaqtda izg‘ib yurishar, mening bu yerda bor yo yo‘qligim ahamiyatsiz edi. Men hayotdan uzilib qolgandek bo‘lardim. Nega yashayotganimni tushunmas, kunlarim ma’nosiz edi. Ba’zi tunlari ko‘zimga Toymasning qiyofasi yaqin kelaverar, u meni yana nimalargadir undagandek bo‘lardi. Ana shunda men yana Shohidani eslardim. Shohidani eslaganimda ko‘z oldimga o‘zim ko‘ngil qo‘ygan Bo‘ynoq kelardi. Uni bekamning ortidan qo‘shninikiga ustalariga ovqat olib chiqayotganda ergashgan mahalim ko‘rgandim.
Beka hovlida ishlayotgan ustalarga “Hormanglar”, deb, keyin laganda o‘rog‘liq ovqatini uy egasiga uzatgan, ikki ayol birpas gaplashib o‘tirishgan, keyin o‘sha qo‘shni ayol bekaga omborxona orqasidagi bostirma tagida bolalarini o‘ynatib yurgan itini ko‘rsatgan edi. Uning to‘rtta kuchukchasi bor ekan. Biri – o‘sha, Qoplon bilgan, junlari bekasining momiq paltosini eslatadigan, lekin yaltirab turadigan Bo‘ynoq edi. Qoplon uni ko‘rish uchun beka tashqariga chiqsa, o‘sha uyga borarmikan deb har gal ergashardi. Biroq bekasi hadeganda u hovliga kiravermasdi. Bo‘ynoqni u atigi uch marta ko‘rdi. Oxirgi ko‘rishida Bo‘ynoq ancha ulg‘aygan, juda Qoplonning bo‘yiga yetolmasa ham, durkun bo‘lib o‘sib qolgan edi. Keyin bir gal bekasini o‘sha Bo‘ynoqning egasi chaqirdi. U nimadandir xavotirda edi. Unga Qoplon ham ergashdi.
​ – Qo‘shni, hozir itotarlar kelar ekan. Itlar quturayotganmish. Odamga zarar qilarmish. Itingizga pasport olmagan bo‘lsangiz, baribir otib tashlaydi, deyishyapti, ​– dedi ayol kuyunib.
Beka Qoplonning yaxshiyamki pasporti borligi, mahalliy ukollarni ham vaqtida olib turishini aytib, boshqa gaplarga o‘tib ketgan ediki, tashqaridan qurol ko‘targan uch odam kirib kelib qoldi. Qoplon Bo‘ynoq bilan hali ko‘rishmagan ham edi.
Odamlar uy bekasiga shunday tushuntirishdiki, u itlarining otilishiga rozi bo‘lib qo‘ya qoldi. Ularning biri Qoplon haqida so‘ramoqchi bo‘lib unga tikildi. Qoplon bir xavfni sezganday bekaning oyog‘i ostiga kelgan edi, beka yerga cho‘kdi-da, Qoplonni old oyoqlari bilan qo‘yniga oldi. Beka chiqib ketishni uddalolmayotgandi. Endi nima bo‘lishi uni qiziqtirib qo‘ygan edi. Ayvondan avval ona itni, keyin kuchuklarni bitta-bitta olib chiqib devor tagida otib tashlashdi. Qoplon har o‘q otilganda yerga cho‘kkalab olgan bekaning qo‘ltig‘i orasiga kirib ketar edi. Beka ham har gal bir sapchib tushar, haligina bidirlab turgan odam tildan qolgandek gapirmas, orada “Voyy, Ohh”, deb qo‘yardi. Oxirida Bo‘ynoqni olib chiqishdi. Qoplon Bo‘ynoqqa tikildi. U o‘q ovozidan qattiq qo‘rqib ketgan edi. Ko‘zlarini ola-kula qilib, olib chiqqan odamning qo‘llaridan chiqib qochishga intilardi. Odamlar o‘q otishdagi mahoratlarini Bo‘ynoqda namoyish qilmoqchi bo‘lishgan ekan. Biri uni osmonga irg‘itdi, ikkinchisi unga qulayotgan joyida o‘q otdi. Bo‘ynoq yana yuqoriga otilib, bir aylanib, to‘p etib yerga tushdi. Og‘zidan qoni sachrab ketdi.
Qoplon shitob bilan qurolli odamlar tomonga sakradi, tinmay vovullay boshladi. Beka shoshib qoldi. Yugurib kelib Qoplonni quchoqladi-da, junidan tortqilab tashqariga qarab yurdi. Eshikka uch-to‘rt qadam qolganda ko‘tarib ham oldi. Tashqaridagina chidolmay yerga qo‘ydi, lekin itini boshlab shosha-pisha uyga chopdi, darvozani qulfladi.
Mahallada hamma vahima va sarosimada qolgan edi.
Xuftonda Qoplon uvlab nola qildi.
Men Bo‘ynoqdan ayrildim. U odamzot qo‘lida nobud bo‘ldi.
Bekamning aytishicha, urg‘ochi itlarining otilishiga uy egasining o‘zi ham rozi bo‘lganmish. Chunki urg‘ochi it uyda tursa, arlonlar bog‘ oshib kelaverarmish. Uydan baraka ketarmish.
Shunday qilib Qoplon Bo‘ynoqqinasidan ayrilib qoldi.
Endi Qoplon Shohidani ham ko‘rolmas, u begona uyda edi. U yerga zanjirlangani bilan tobora hayotdan uzilib borayotgandek va bu ahvolda endi uzoq davom etib bo‘lmaydigandek edi. Yangi beka uyda juda kam bo‘lardi. Bir kuni u darvoza tomondan kim bilandir suhbatlashib kela boshladi.
Menga xuddi hozir nimadir yuz beradigandek tuyulayotgan edi. Negadir ko‘cha tomonga qaragim kelar, o‘sha yoqda nimadir yaxshi narsa ko‘rinishi kerakka o‘xshardi. Qarasam, mening sevimli bekam kelibdi. Zanjir yetganicha irg‘ishlab yubordim. Juda xursand bo‘ldim. Uni sog‘ingan edim. Bekamning tezroq yonimga cho‘kishini, bo‘yinlarimga shapatilab, boshimni silashini istardim. Uning qo‘llaridan tanamga quvvat, mehr o‘tardi. Men ana shunga zor bo‘lib ketgandim.
Bekamning jiyani ko‘chadan bir yog‘och yashik olib kirdi. Undan ancha katta bo‘lib qolgan To‘rtko‘zni olib hovliga qo‘yib yuborishdi. Hayron edim, lekin To‘rtko‘zning menga kulgandek bog‘lovsiz bemalol yurishi g‘ashimga tegib, hurib yubordim, uni tezroq ketishga, daf bo‘lishga undadim. Mening necha yillar har yoqqa chopib himoya qilgan hovlimni egallagani yetmagandek, endi bu yerga kelib, men sening avvalgi egangga erka itman, degandek gerdayib yurishiga chidolmayotgandim.
– To‘rtko‘z bog‘loqlik turishga yaxshi. Baribir qo‘yib yubormaysizlar-ku, kennoyi, – dedi Qoplonning avvalgi bekasi. – Uylarning ichiga ham kirib ketaverib bezor qildi.
– Mayli, Ilyosbek, avval zanjirdan qo‘yvormay, Qoplonni mashinangizga joylab oling, keyin buni bizga bog‘lab berarsiz, – dedi uy bekasi.
Beka avval berilgan itini yana qaytib olayotganidan xijolatda edi.
O‘z uyimga qaytdim. Bolalar meni xursand kutib olishdi. Mana, ularga yana kerak bo‘libman. Xo‘jayin meni erkalatdi.
– Baribir Qoplonga hech bir it yetolmas ekan, – dedi xo‘jayin.
Men mag‘rur edim. Qaddimni tik tutib hovlini aylanib yurdim. Bu nodon odamlarning meni bilishlari uchun ancha ish kerak bo‘ldi-ya.
Men yana qadrdon uyimda o‘zimga har bir burchagi tanish joylardan ko‘z uzmay, tovuqlarni himoya qilib yuraverdim.
Uyning ro‘parasida tegirmon tinmay varillab ishlar edi.
Ikkita xonasi bor.
Men tegirmonni ham qo‘riqlayman. Yoz kuni bo‘lgani uchun men ko‘proq ko‘chada cho‘zilib yotar, odamlarning tegirmonga kelib-ketishlarini kuzatar edim. Bir kuni tegirmon qarshisida ko‘chada yotgan edim, Shohida birov bilan uyiga qarab kelayotganini ko‘rdim. Yonidagi o‘sha Mirzohid edi. Ularga chopib bordim.
Ular turmush qurishgan ekan. Onasi qanday rozi bo‘ldi ekan? Akalari-chi?
Biroq yaxshilab qaralsa, Shohida ozib-to‘zib ketganini ko‘rish mumkin. Yerga qarab, indamay kelyapti. Eri velosiped yetaklab olgan. Uning ham yuzlari so‘lg‘in edi. Uyida hech kim haligacha Shohida bilan yaxshi gaplashmas edi. O‘sha kuni ham onasi qizini kuyovi bilan kelgan bo‘lsa-da, yaxshi kutib olmadi. Shohida nima qilishini bilmay, supurgi olib u-bu yerni supurgan bo‘ldi, o‘zi choy tayyorlab, olib kelgan narsalarini dasturxonga qo‘yib, onasini chaqirdi, keyin yerga qaragancha, Mirzohidga choy quyib uzatdi. Onasi bog‘ etagida qandaydir ishga o‘zini mashg‘ul ko‘rsatib yuraverdi.
O‘sha kuni kechgacha menga hech narsa yoqmay, ichim xira bo‘ldi. Tegirmonchilar ishni tugatib ketishayotganda ularni kuzatib, xo‘jayinim oldida turgan edim, Shohidalarning darvozasi ochilganday bo‘ldi. Men xo‘jayinning orqasidan uyga kirmay o‘sha yoqqa qarab yurdim. Kech kirib endi qorong‘i tushayotgan edi. Shohida bilan uning velosiped yetaklab olgan eri ko‘chaga chiqishdi.
Eshikni yopayotgan onasini Shohida to‘xtatdi. Ona bosh silkib “Nima deysan?” degandek imo qildi.
– Oyi, anu kulrang plashchimni olib ketsam maylimi? O‘zingiz uchinchi kursligimda olib beruvdingiz-ku. Ishga kiysammi devdim.
– Plashch obermadimi boyvachchalaring? Oyligingni tutamlab berasan-ku?!
Ona shunday deb osmonga kekkaygancha uyga kirib ketdi. Chap qo‘lida plashchni olib chiqdi. Shohida unga qo‘l uzatgan edi, ona uni velosiped orqa o‘rindig‘i ustida baland tutib turdi-da o‘ng qo‘lida yondirgich chaqib plashchga tutdi. Kiyim lov etib yona boshladi.
– Oyii.
Shohidaning yig‘lamsiragan ovozi eshitildi. Ona yonayotgan plashchni velosiped o‘rindig‘iga tashlab yubordi. Mirzohid kiyimni tortib pastga oldi. Yerda silkib o‘chirdi. Ona esa allaqachon ichkariga kirgan edi. Darvoza qars etib yopildi.
Mirzohid kiyimni chetdagi simyog‘och tagiga avaylab qo‘ydi. Ular keta boshladilar. Mirzohid Shohidaning yelkasidan quchib borar, ovutar, hademay puli ko‘p bo‘lishini, unga hamma narsa olib berishini, onasidan xafa bo‘lmaslik kerakligini, vaqti kelib hammasi iziga tushishini past ovozda tushuntirardi.
Kayfiyatim rasvo bo‘ldi. Shohidaning onasini battar yomon ko‘rib qoldim. Agar uyimizga chiqsa, baribir tishlab olaman.
Ertasiga Shohidalarning darvozasi tomonga bordim. Bir chetdagi go‘ng uyumi orqasida mahallamizning eng daydi kuchugi Yo‘lbars oftobda yotardi. Unga yaqin bordim. U Shohidaning yarmi kuygan kiyimi ustiga chiqib olgan edi. Men Yo‘lbarsni quvib yubordim. Kiyimni tishimda tortqiladim. Bir chetga olib qo‘ygim keldi.
Keyingi ekin ekish vaqtida beka uyga yana bir chaqaloq olib keldi. U o‘g‘il bola edi. Bunaqa odamlar hech qayerda yo‘qday, ularga faqat Qoplongina mos keladiganday tuyulib, ularni jon dildan yaxshi ko‘raverdi u. O‘sha yil hovliga ekkan kartoshkalarini chopiq qilgan vaqtda yon qo‘shni bilan kelishib, bo‘z matosi maydalanib tushib ketay deb qolgan ochiq joyni baland devor qilib to‘sib tashlashdi.
Men endi oshnalarim bilan tunda izg‘ib vaqtimni chog‘ qilishga chiqolmas, ba’zida kunduz kunlari bir-ikki bekorchi itlar bilan ko‘cha aylanib qo‘yardim. Garaj buzilib, o‘rniga bir maktab qurilgan, uning devorlari baland, o‘tish imkoni yo‘q edi. Bizni maktab ichkarisida qanday joylar, nimalar borligi juda qiziqtirardi.
Men uyda kenjatoyni yaxshi ko‘rardim. U men bilan hammadan ko‘p o‘ynardi. Bog‘chadan kelganda menga konfetlar berar, meni cho‘zilib yotishga, orqa oyoqda tik turishga, velosiped balloni orasidan o‘tishga undar, bu o‘yinlar meni ham, uni ham juda zavqlantirardi. Biz bir-birimizdan hech qachon ajralmaymiz, deb o‘ylardim.
Xo‘jayin allaqanday ajoyib hammom quradigan ustaning bo‘shashini kutib, hovlini tog‘ toshlariga to‘ldirib yuborgan vaqtlarda ikki bolani bog‘chaga tashlab ishga ketganicha kechqurun keladigan beka bir kuni birpasda qaytib keldi. Shoshib uyga kirib ketdi. Keyin maxsi-kalish, ko‘kish ko‘ylak, qora jemper kiyib, doka yopinib chiqdi-da, xo‘jayinga qo‘ng‘iroq qildi.
– Dadasi, ertaroq kelasizmi? Shohidaning eri bo‘lmay qopti… Ha… Ha… Oqqon ekan, deb eshituvdim menam… Soat to‘rtga chiqarishar ekan. Kechikmang, xo‘p.
Keyin beka supaga o‘tirib yig‘ladi. U Shohidani yaxshi ko‘rardi. O‘qishni bitiradigan yillari “Shu qiz jiyanimga tegsa edi”, deb yurardi.
Mening ko‘z oldimga yana otilgan o‘qdan tikka uchib yerga tushgan, keyin og‘zidan qoni otilib ketgan Bo‘ynoq keldi. Uning qorachiqlarida mening aksim qotib qolgan edi o‘sha kuni.
Men yana uvladim. Qo‘shni ayolning “Ovozingni o‘chir”, deb hovliga tosh otishlariga ham qaramay uvlayverdim.
Qoplon ham Shohida ham baxtli edilar. Ular pokiza mehr va sevgini bilardilar.
Baxtsiz ham edilar. Sevgi ularning dunyosiga sig‘magandi.
Kunlar issiq, beka endi ishdan damga chiqib, hammom ustasiga ikki-uch mahal ovqat pishirar, mening ham tovog‘im hamisha to‘la edi. Ichim negadir g‘ash, ko‘zimni yumsam, avval Bo‘ynoq, keyin bahorda o‘lib qolgan Ziyrak, keyin Toymasning qo‘yxonada yotgan kallasi kelardi. Men hamma ham bir kun o‘lishini tushunib turardim.
Hammom quramiz deb yon tomon devorini buzishgach, menga yana keng bog‘lar tomonga yo‘l ochilgandi. Endi avvalgi do‘stlarning ko‘pi yo‘q, yosh itlar eng bemaza qiliqlarni qilib, bog‘larda yurishar, iti bor hovlilarga ham o‘g‘irlikka tushishar, ular itlarning shart bo‘lgan tutumlarini bilmasdilar. Biladiganlari esa eski narsa deb parvo qilmasdilar.
Uyiga qaytib kelgan Shohida cho‘pday ozgan, yana avvalgiday, hovlida sudralib, urinib yurardi. Bekaning aytishicha, uning bolasi ham tug‘iliboq nobud bo‘pti. Ikki akasi bir kunda uylanib, tezda markazga ko‘chishgan, endi birgina bo‘ydoq, olifta akasi qolgan edi. Dadasi xotinidan o‘lguday qo‘rqardi. Ikki-uch kunda bir ortig‘i bilan ichib, sudralib kirib kelar, uyda baqir-chaqir avjiga chiqardi.
Hovlisida Shohidadan boshqa hech kim yo‘q kunlar necha marta uning oldiga yaqinlashdim, lekin Shohida meni ko‘rsa ham, hech nima demas, gapirmas, erkalamas, suyak ham tashlamasdi. U uy ishini tugatish bilan ovora edi. Ko‘zida hech bir ma’no yo‘q edi.
Bir kecha ko‘zimga Toymas ko‘rindi. U meni devorning narigi tomonida chaqirardi. Narigi dunyoga chaqiryaptimikan dedim. Bor-e, nima bo‘lsa bo‘lar, deb, hammomning bo‘yim baravar bo‘lib qolgan devoridan bog‘ tomonga irg‘idim. Toymas yo‘q edi.
U yana Shohidalarning devoriga keldi. Onasi Shohidani urishardi.
– Yakka o‘tmay qaro yer bo‘lgur. Yaxshi gapga ko‘nmasang, yomon gapga ko‘nmasang. Yoshligingda oyog‘imning tagida bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ya qolsam bo‘lmasmidi. Shuncha kuygiliklar yo‘q edi-ya. Odamlar nima deydi. Onani gapiga kirmasang, Xudoyo… Bergan sutlarimga… E Xudoyim, ming marta tavba qildim!
Shohida indamay ustunga suyanib turardi. Ona ichkariga kirdi. Qiz ham yerga tikilgancha, kalishini sudrab ortidan kirib ketdi. Onaning yana ovozi eshitilar, lekin nima deyotganini tushunib bo‘lmasdi.
Uyga qaytdim. Tovuqxona tomondagi sharpani sezib chopib bordim, borligimni bildirdim.
Hammom bitdi. Xo‘jayin, beka, bolalar ustani kuzatib bo‘lib, uning ichiga kirib biram xursand bo‘lishar edi. Beka o‘z ziyofatida dugonalariga ta’mirlangan uyi, ajoyib hammomini ko‘rsatib rosa maqtandi.
Ertasi tegirmonga kelgan arava ortida turgan katta itni ko‘rib qoldim. Oldiga chiqmaslik men uchun isnod bo‘lardi. U haddini bilmay, menga hurib, ichkariga yaxshilikcha kirib ketishimni aytdi. Men esa bu ko‘cha, tegirmon, uning hovlisi mening hududim ekanligini bildirdim. Itlik shartlarini bilmaydigan maqtanchoq it ekan. Rosa olishdik. Ortimizda egalarimiz hayhaylashar, lekin hozir ularga qaraydigan vaqt emasdi. U qulog‘imni qonatganda chidolmadim. Duch kelgan joyiga tish botirdim. U ham qarab turmadi. Yumalab-yumalab kanalga tushib ketibmiz. Yaxshiyam suv ko‘p emasdi. Ikkimiz ham suzib-suzib chiqdik-da, ikki tomonda hovrimizdan tushdik.
Men necha kunlar yerga oyoq qo‘yolmay yurdim.
Qoplon tuzalishiga oz qolganda so‘ri tagida yotar, uning tepasida choy ichib o‘tirgan beka xo‘jayinga derdi:
– Shohidani Mahkamga berishibdi. Ertaga undoq-mundoq qilib to‘ycha qivorisharkan.
– Nima? Mahkamga? Jinnimisan? Shohidani-ya?
– Ha, Toshbi opam endi mening aytganimga tegadi. O‘zi aytganiga berib ko‘rdik, dedi.
Devorlar baland bo‘lib ketgan, Qoplon Shohida tomonga o‘tolmayotgandi, xabar ham ololmayotgandi.
Tuni bilan o‘sha yoqqa o‘tishni mo‘ljallab yotdi.
Negadir xayolimga tishlari orasidan qoni sizib chiqqan Bo‘ynoq kelaverdi. Men u bilan xayolan gaplashar, iskashar edim. U menga erkalangandek bo‘lar, keyin ortimdan yur degandek imlab, qandaydir yashil maysazorlarga boshlardi.
Ichimda bir sezgi paydo bo‘ldi. Osmonga qaradim. Yulduz ko‘p edi, lekin allaqaysi tomonlardan qop-qora bir bo‘ron uchib kelayotganday. Shohidani ko‘rgim kelib devorlar tagida rosa aylandim. O‘tishning aslo iloji yo‘q edi.
Birdan ko‘z oldimda Toymas paydo bo‘ldi. U menga bir qarab qo‘yib, tandir ustiga sakradi. Undan narigi boqqa o‘tib ketdi. Men tushundim. Tandirning ichida non pishganida birinchi marta chiqib, bekamdan gap eshitganimdan keyin qaytib qadam qo‘ymagandim. Toymasning ruhi uchun u ko‘rsatgan yo‘ldan yurdim. Shohida yana hovlida edi. U qora xalat kiygancha devor tagida turardi. Birdan meni ko‘rib qoldi. Ikki qo‘lini uzatdi. Unga yaqin bordim. O‘ng qo‘limni o‘ng qo‘liga tashladim, so‘rashdim. U jilmaydi. Cho‘kkalab, bo‘ynimdan quchoqladi. Keyin g‘alati ovozda shivirladi:
– Qoplon, men yashab bo‘ldim. Endi ketaman. Mirzohid akamning oldiga. Toymasning oldiga ketaman. O‘z holimga qo‘yishmayapti, Qoplon. Mening bolam o‘g‘il edi. U tirik edi, Qoplon. Uni yo‘q qilishdi. O‘ldiga chiqarishdi, Qoplon. Sen odamlarni bilmaysan. Ular vahshiy. Ular tishlab oladi. Ular quturgan, Qoplon. Men Mirzohid akamga xiyonat qilolmayman. Bolamni ehtiyot qil degandilar. Qo‘limdan kelmadi, Qoplooon.
U menga gapiraverdi. Ahvoli yomon edi. Yig‘lay boshladim. Uning ovozi sal ko‘tarildi:
– Men baxtliman, Qoplon. Meni sevdilar. Men ham sevdim. Dunyoda sevmay yashaydigan odamlar ham bor. Ularning maxluqlardan hech bir farqi yo‘q, Qoplon. Ular oxurga ovqat deb o‘zini urgan hayvonlarga o‘xshaydi. Yo‘q, noto‘g‘ri aytdim. Hayvonlar birovning ko‘ngliga ozor bermaydilar. Uni urmaydilar. Uni tiriklay o‘ldirmaydilar. Hamisha egalarining ko‘ziga qaraydilar, meni yaxshi ko‘rarmikan deydilar, qo‘liga qaraydilar, ovqat berarmikan deydilar.
Shohida o‘ksik-o‘ksik yig‘ladi. Ich-ichidan g‘amli faryodlar otilar edi.
U supa chetida birpas o‘tirdi. Keyin omborxonaga kirib ketdi. U yerdan arqon bilan ikki oyoqli kichkina o‘rindiq olib chiqdi.
Devor bo‘ylab yurdi. Unga ergashdim. Endi ko‘ribman, u yalangoyoq ekan.
Bog‘ning etagiga yaqin joydagi katta olma daraxtiga arqonni irg‘itib, sirtmoq tayyorladi.
Bunaqa sirtmoqni Atovoy akaning bog‘ida iti kasal bo‘lganda “Quturdi” deb arqonga osishganida ko‘rgandim. Iti Bo‘ribosar rosa qiynalib, xirillab o‘lgan edi.
Men Shohidaning xalatidan sudrab uni qorong‘ilikdan uyga qaytarmoqchi bo‘ldim. Baribir foydasi bo‘lmadi. U huv avvallari o‘zi o‘tirib olib piyoz, sabzi to‘g‘raydigan o‘tirgichiga yalang oyoqlarini qo‘yib sirtmoqqa qo‘l yubordi. Men uyga qarab chopdim. Musiqa ovozi eshitilib turgan kichik akasining derazasi yoniga borib ovozimning boricha vovulladim. Eshik oldida oq krossovka turardi.
Derazadan oq shim bilan oq jemper kiygan akasi Ixtiyor qaradi-da, itga mushtini do‘laytirib yana o‘tirib oldi.
Men o‘zimni eshikka urdim. Foydasi bo‘lmadi. Derazaga tashlandim. Ixtiyor tashqariga chiqdi. Tinmay vovullab turgan bo‘lsam ham, avval Shohida kirib ketadigan uyning eshigi poygagiga qaradi. Keyin menga “Yo‘qol”, deb eski botinkani otib yubordi. Men chap berib yana uning yuziga tik qarab vovullayverdim.
U sal cho‘chidi. Shohida kiradigan uy eshigiga qarab “Shohi, mana buningni qara. O‘rgatib rasvo qilding. Ochidan o‘lganmi”, dedi-da eshikni qars etib yopib oldi.
Men uyning bekasi bilan xo‘jayini yotadigan eshikka o‘zimni urdim. Keyin Shohidaning oldiga chopdim.
Arqon uning bo‘ynida edi. Tinmay tipirchilar, o‘ng qo‘li bilan bo‘ynining yuqorisidagi arqonni mahkam ushlab tepaga intilar, og‘riqqa chidolmay ihrar, qattiq xirillar edi. U Qoplonga o‘girilganday, itdan najot kutganday bo‘ldi. Oxiri uning qo‘llari ikki tomonga tushib xalatini yulqilay boshladi. So‘ng, qo‘llar to‘xtovsiz qaltiradi, saldan keyin taxtadek bo‘lib qoldi. Ko‘zlari kattalashib bir joyda – itning ko‘zlarida qotdi.
Men yana uy tomonga chopdim. Dadasi yengil kiyimda hovliga chiqib qaytib kirib ketayotgan ekan. Uning kiyimidan tortmoqchi bo‘ldim. U qo‘rqib orqaga chekindi. Uyga o‘zini urdi.
Ichkaridan uning qattiq ovozi eshitildi:
– Tashqariga chiqma. Do‘xtirning iti quturibdi. Shohiyam chiqvormasa bo‘ldi.
– Voy o‘lsin. Shular it boqmasa kimning ko‘ngli qoluvdi. Bir soatdan beri shu yerda-ya. Nomeri yo‘qmi? Chaqiraylik! Opchiqib ketsin! Ixtiyor chiqsa nima bo‘ladi? Tishlavoladi-ku! Hah it boqmay o‘l!
Men Shohidaning eshik oldida qolgan shippagini tishlab olib kelib uy derazasiga urdim. Tirnoqlarim zarbidan deraza charsillab ketdi.
Ichkaridan avval qo‘rqinchdan dodlashlar, keyin ayolning qarg‘ashlari eshitilardi.
Orada “Bolalar chiqib ketmasa bo‘ldi”, degan so‘zlari eshitilardi.
Bog‘ ham, uy ham qora jimlikka cho‘kib ketdi.
Men Shohidaning oldida qoldim. Uning tanasi tungi kuchli shamolda tebranardi. Shamol uni mazaxlayotganini ko‘rib jahlim chiqar edi. Shamol uning uzun sochlarini har yoqqa to‘zitar edi. Shamol odobsiz va bag‘ritosh edi. U yoq-bu yoqqa chopardim. Shamolni quvlardim, uni haydab solgim kelar, xuddi u ketsa Shohidaga ozor yetmay qoladigandek tirishar edim. Uvlayverdim, yig‘layverdim.
Hamma itlar yomon hodisani sezishgan, shuning uchun besh-oltita bog‘ birlashib, devorlari yanayam pasayib ketgan kimsasiz kengliklarda ularning birortasi ko‘rinmasdi…
G‘ira-shirada oh-vohlar bilan Shohidani yerga olishdi.
Men ularning darvozasidan chiqib, arang sudralib uyimiz oldiga keldim. To bekam tashqarini tozalashga chiqmaguncha shu yerda poylab yotdim.
Qoplon Shohidani yo‘qotgan edi.
Shohida Qoplon bolaligida butkul yaxshi odamni tasavvur qilganichalik yaxshi odam edi.
Itlar eng yaxshi odamlarni biladilar, yaxshi-yomonni farqlashda odamlar aldanishlari mumkin.
Endi ko‘z oldimga do‘stim Toymas ham kelmay qo‘ydi.
Hamma narsa ortda qoldi.
Odamlar qilar ishni qilib qo‘yib, keyin afsus bilan umr o‘tkazadigan jonzotlar bo‘lisharkan.
Birovlari gunoh qilmaguncha tinchishmas ekan. Gunoh qilgandan keyin esa qolgan hayotini tavba bilan o‘tkazarkan. Gunoh qilish peshonasiga yozilganlarning hayoti ikki qismdan iborat bo‘larkan. Gunohgacha va gunohdan keyin. Gunohgacha ular hayot lazzatini faqat shu gunohda ko‘risharkan. Gunohdan keyin esa haqiqiy hayot lazzati va ko‘ngil halovati gunoh qilmagan kunlarida qolganini tushunisharkan.
Dunyo shunaqa-shunaqa ekan.
Itlar bo‘ri bo‘lib tug‘ilib, it bo‘lib yashasharkan.
Ularning ko‘payib ketishi odamlarga xavf tug‘dirarkan. Odamlar dunyoga sig‘may qolishdan, o‘z yemishlari kam bo‘lib qolishidan cho‘chisharkan.
Odamlar o‘zlari eng ochko‘z maxluq bo‘lsalar-da, bir-birlarini ochko‘zlikda ayblamoqchi bo‘lishsa, “It” deb haqorat qilisharkan.
G‘alati bo‘lisharkan odam degan maxluqlar.
Ammo men butun umrimda ular deb yonib-kuydim, sog‘indim, ularga intildim, ularni kutdim.
Egalarimni ertayu kech kutganimda, ularning birdan paydo bo‘lganini ko‘rganlarim – mening eng yaxshi paytlarim edi.

* * *
Mana, atrofimda qanot chiqargan itlar – mening og‘alarim uchib yurishibdi. Ularning ovozlarini atrofimda birov bo‘lganida ham eshitmasdi. Bildimki, ularni faqat men ko‘ra olyapman, chunki ular faqat meni deb bu yerga uchib kelishgan. Tanamdagi og‘riqlar ketdi. Ha, o‘sha og‘alarim ko‘ringani zahoti tanamning azobli og‘riqlaridan qutuldim. Men ikkita dunyo o‘rtasida bo‘lsam kerak.
Qachonlardir beka yon qo‘shni haqida, “Dunyodan o‘tayotganda juda azob chekdi, bechora. Bola-chaqasini tashlab ketgisi kelmadi, shekilli”, degan edi. Shu gapdan bir necha soat oldin, qo‘shni kampir jon talashib yotganida Qoplon juda bezovta bo‘lib, tinmay hurgan edi. Marhumni uylari oldidan olib o‘tishayotganda osmonlarga qarab uvlagan edi.
O‘rtalikda turib qolish ham oson emas ekan. Axir men hali ham hovlimizni ko‘rib turibman. Baland devor tomondan etakdagi qo‘shnining ochko‘z o‘g‘ri mushugi yurib kelyapti. Meni ilg‘amadi. Men esa, hatto og‘zimni ochishga ham qodir bo‘lmay qolibman. Endi nima bo‘ladi? Mensiz tovuq bechoralarning holi nima kechadi? Tuxumyutar mushuk yana yaltillab yuraveradi. Xo‘jayin to‘lmay qolgan idishga qarab, hayron bo‘ladi, tomlardan, ayvon tuynuklaridan tuxum qidiradi, keyin terilib yotgan po‘choqlarga duch kelib, uf tortadi. Bolalariga bir idish to‘la emas, besh-oltitagina tuxum olib boradi. Hovlida devor teshigidan sig‘ib o‘tib kelgan bezori daydi itlar kezinib yuradi. Peshayvondagi yo‘lgilamchani kir-chir oyoqlari bilan bosadi, odobsizlik bilan hamma eshiklarni itarib ko‘radi. Eng hurmatli mehmonlar kiradigan uyning qulfi yo‘q. U yerni ocha olsa, keyin chiroyli gilamlarni bosib, qand solingan likoplarni pastga tushirib, ichidagilarni yeb, hamma yoqni rasvo qiladi. Tovuqlar jo‘jalarini asrolmay, qaqag‘lab faryod qiladi. Bolalarini bir marta olib o‘rgangan mayna bitta ham qo‘ymay ko‘tarib ketadi, keyin shundoq qo‘shni hovlidagi yong‘oq ustida jo‘jani chiyillatib paqqos tushiradi. Birpasdan keyin qo‘shni hovliga bir tutam pat bilan jo‘janing kallasi tushib keladi. Eh, sho‘rliklar. Mensiz necha-necha jo‘jalarning yosh joni uvol bo‘ladi.
Ana u qizil xo‘roz ham juda jangari chiqdi. O‘zim hayhaylab turardim. Endi yoshroq xo‘rozlarning bo‘ynini qonatib tashlaydi.
Tegirmonchilar dasturxonni endi tovuqlarga qoqishadi, tovuqlar yeyilmagan katta non bo‘laklarini chetga olib qo‘yishni bilishmaydi. U yoqdan-bu yoqqa nonni tepib ham o‘tishaveradi.
Nahot endi qarovsiz, kimsasiz qolib ketsa bu hovli.
Bir gal bekamning aytishicha, o‘layotgan odamlarni oxirgi vaqtda qiblaga qaratib qo‘yishar ekan.
Bir mahallar xo‘jayin namozni kun botishga qarab o‘qirdi.
Qachondir qattiq shamol bo‘lib ancha-muncha narsani uchirib ketganida vafot etib ketgan qo‘shni – Mayram xola: “Bu shamol qibladan keldi, qibladan kelgan shamol qattiq bo‘ladi. Bir mahallar shunaqa shamol esganki, naq bo‘ron derdingiz. Qancha-qancha tomlarni ko‘tarib yuborgan, odamlarga ham ziyon yetgan. Odamlarning ko‘p narsalari yo‘q bo‘lib ketgan. Ancha mol-hollar nobud bo‘lgan”, degan edi. Keyin jo‘xori olib chiqqan tovog‘ini chertib, esiga tushib qolgan bir qo‘shiqni aytib, ko‘ziga yosh olgan edi:

Qibladan kelgan shamol
Rayhonimni quritdi.
Bemahal kelgan o‘lim
Suyganimdan aritdi.

It bu qo‘shiqni eshitganda allanechuk bo‘lib ketgan, ohista uvlab yuborgan, ikki qo‘shni unga qarab kulib qo‘yishgan edi.
Ana, uchib ketyapman. Uchib ketish qanday oson ekan. Hamma og‘riqlardan bir lahzada qutuldim. Tanam qoldi. U menga juda og‘irlik qilayotgan ekan. Yengil bo‘lib qoldim. Og‘riqlardan o‘tish uchun tanani qoldirishning o‘zi yetarli ekan. Tirikligimda katta pashshalarni yaqinimga yo‘latmasdim. O‘zimni xafa qildirib qo‘ymasdim. Biror joyimni chaqsa hurib yuborardim. Mana, hozir sekin-sekin uchib borar ekanman, tanamga yopishib yotgan pashshalarning ko‘payib ketgani va ular istagan joyimdan chaqayotganini ko‘rdim. Yo‘q, bu tana endi meniki emas. U hech narsa endi. Yerda qolishi kerak. Pashshalarga qarab bildimki, bu dunyoda orttirganlarim shu dunyoda qolaverar ekan. Tanam ham shu yerning o‘zida boshqa mayda maxluqlar hayoti uchun kerak bo‘lar ekan. Hech narsa bu zanjir dunyo halqalaridan uzilib ketolmas ekan. Endi ular tanamni ko‘mishadi. Ertaroq topishsin-da. Bir mahallar mening ovunchog‘im bo‘lgan Mosh mushuk ayanchli miyovlab, uni zaharlaganlarni qarg‘ab-qarg‘ab o‘lganida xo‘jayin uning tanasini chuqur kovlab ko‘mgan edi. Menikini ham shunday ko‘madi. Lekin xo‘jayin qachon kelsa ekan. Bugun emas, ertaga keladi-ku. Ungacha tanamning hidi chiqib ketar. Yozda o‘tin ostida bir tovuq o‘lganda hidi juda yomon chiqqan edi. Ishqilib, o‘ligim qolib ketmasin-da. Xo‘jayin boshimda yig‘larmikan. Yig‘lamasin. U xafa bo‘lsa, men… qiynalaman.
Tanamni tashlab chiqqanimga qancha vaqt bo‘ldi, lekin ko‘zlarim ko‘ryapti. Ha, ha, yerdagi tanamdan turib ko‘ryapti. Hali biroz ko‘rib turaman shekilli. Yerda “o‘ldi” deyilganidan keyin ham ko‘z bilan ko‘rish mumkin ekan-da.
Ha, mana endi yuqoridan ko‘ryapman xolos.
Men o‘zga bir dunyoga ketyapman. Og‘riqsiz dunyoga. Mana, qanotli itlar avvalida uch-to‘rt ulug‘vor qiyofali itlar ortidan onam uchib ketyapti, keyin uch og‘am. Ortida qanotlari ham kichkina kuchuklar…
Onamdan avvaldagi itlar… Ular ham bizga qarindosh bo‘lishsa kerak. Ortga qaytishni istasam ham endi buning imkoni yo‘q.
Xayr, mening hovlim. Meni kechir. Seni qo‘riqlolmay uxlab qolgan kunlarim, qo‘shnining o‘g‘li Madamin o‘g‘irlikka chiqib, hamma yoqni ostin-ustun qilganda, bog‘loqda qoldirilganim uchun uni quvib sololmaganim, sheriklarim bilan aylangani chiqqan vaqtlarimda qarovsiz qoldirganlarim, bir gal boquvga qo‘yilgan qo‘yning eshik buzib chiqqanini uydagilarga bildirolmaganim-u qo‘y ko‘p yem, yeb erta so‘yilgani, juda och qolib ketganim va uyga uch kunlab hech kim kelmaganda, qasamlarimni buzib, oshxonada ko‘vachada qolib ketgan eski tolqonni ochib yeganlarim, hammasi uchun kechir. Bekamni, bolalarni, xo‘jayinimni juda sog‘ingandim. Kenjatoyning shodon kulgisini necha oylab eshitmadim. U qaysi uylarga kulib berayotgan ekan. Loaqal oxirgi kunimda shu atrofda – o‘z uylarida, yonimda bo‘lishsa bo‘lardi.
Dunyo havaslari shunchalik ham qattiq bo‘larkan, shafqatsiz bo‘larkan.
Xayr, hayot.
Bekamning bir gapini esladim: “Jannatga sodiq itlar kirar ekan, kitobda o‘qidim”.
Men, albatta, ular aytgan mangu yaxshi dunyoga – o‘sha jannatga kiraman. Men jannatning qandayligini hozir ham ko‘ra olaman. Jannatda odamlar o‘z itlarini tashlab ketmaydilar. Yo‘llariga zor qilmaydilar. Eshiklarni yopib tashlab, suvsiz qoldirmaydilar. U yerda shirin va tiniq suvlar mo‘l bo‘ladi. Ha, bilaman: bir marta bemor ayol duo qilganda eshitib olganman. “Jannatning kavsar suvlaridan nasib etsin”. Ha, u yerda hech kim oftobda qaynab ketgan ko‘lmak suvlarni ichmaydi. Men o‘sha yerda o‘z uyimga juda o‘xshaydigan bir uyga ega bo‘laman. Egalarim bilan yuzlashaman, kenjatoy bilan o‘ynayman, sakrashaman. Uning sho‘x ko‘zlaridan nima demoqchi ekanini bilib olaman, xuddi avvalgidek. Xo‘jayinimning yonida bo‘laman. Ular yaxshi odamlar. Ular hali ko‘p yashashadi, ko‘p ishlar qilishadi, lekin baribir hech adashmay jannatga borishadi. Biz yana ular bilan ko‘rishamiz, u yoqda birga bo‘lamiz.
Ana, menda qanot paydo bo‘ldi.
U yoqda… meni otim bilan chaqirisharmikan?
Men… Qoplonman.

Ertasi xo‘jayin ko‘chadan kira solib, Qoplonni chaqirdi. It ko‘rinavermagach, shoshib, hovli etagiga yurdi. Uning ustiga kelib, ochiq ko‘zlariga tikildi, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Junlarini siladi. Qo‘tiridan jirkanmadi. “Agar shu oylar ichida menga qarab chopib kelgan biror kun quchoqlab ko‘rishganimda bechora qanday sevinardi-ya”, deb o‘yladi u.
Chuqur kovlab, itni ko‘mdi. Keyin tegirmondagi inilarini chaqirib keldi. Ular yig‘ishtirilib kelguncha o‘zi xumdek shishib xun bo‘lib yig‘ladi.
– Nima deysan? – deyishdi unga inilari.
– Kel bu yoqqa, o‘tirlaring. Qur’on o‘qiyman.
– Jinnimisan? Itga Qur’on nimaykan? Yomon bo‘ladi.
– O‘tir deyapman senlarga!
Orqasiga qaytib ketayotgan uka qaytdi. Akalari yoniga o‘tirdi. Qur’on o‘qilayotganda tegirmonchilar ko‘rsatkich barmoqlarining orqasini tishlab, kulgidan o‘zlarini arang tiyib turishardi. Fotiha yuzga tortilib, inilar o‘rinlaridan turishganidan keyin tez-tez yurib chiqishar ekan, xaxolab kulib keta boshlashdi.
Uy egasi tinmay yig‘lardi. Endi uni yo‘liga chopib chiqib kutib oladigan, qo‘lini tutsa, qo‘l tashlaydigan, ro‘zg‘orning barakasini ushlab turgan va yana odamning aqli yetib xizmatlarini sanab berolmaydigan it hovlida yo‘q edi. Keyinroq ham uzoq vaqtgacha xo‘jayin uni ayvondanmi, bostirmadanmi, yerto‘ladanmi chiqib keladigandek alanglayverdi.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 9-son