Tuman hokimi Komil Qayumov uyqudan biroz lanjroq uyg‘ondi. Soatga qaradi: to‘rt bo‘pti. U hali-hamon kecha oqshom viloyat hokimi o‘tkazgan selektor yig‘ilishi ta’sirida edi. Hokim juda kuyinib gapirdi. Hech kimni, yoshidan, tajribasi va lavozimidan qat’iy nazar, ayamadi. Talab barchaga bir xil — natija kerak. Aravani quruq olib qochmoqchi bo‘lgan bir-ikki rahbarni qattiq koyidi. Shundan keyin yig‘ilish ruhi ham o‘zgardi — biroz asabiy tus oldi.
Viloyat hokimi bu lavozimga kelganiga ikki yil bo‘ldi. Dastlab uni ko‘rganlar yosh yigit ekan, shunday katta viloyatni qanday eplaydi, deb biroz shubha bilan qarashdi. Ammo oradan yarim yil o‘tar-o‘tmas uning boshqaruv mahoratiga, salohiyatiga, muomala madaniyatiga barcha birday tan berdi. Odamlar viloyat hokimi bilan uchrashuvni intiqib kutadigan bo‘lishdi. Chunki hokim har bir soha vakillari bilan ularning o‘z tilida gaplashadi: dehqon bilan suhbatlashsa, odamlar uning asli kasbi qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘lsa kerak, deydi. O‘qituvchilar bilan suhbatda dars o‘tish metodikasi, o‘quvchilarda o‘z faniga qanday qilib qiziqish uyg‘otish lozimligi xususida, shifokorlar suhbatida bemorning dardiga malham bo‘lish uchun nimalarga e’tibor berish kerakligi to‘g‘risida gapiradi. Mutaxassislar o‘zlarining sohasi bo‘yicha yangiliklarni, uning nozik sir-asrorlarini hokimdan eshitib, hang-mang bo‘lib qoladi.
Viloyat ahli, ayniqsa, oddiy odamlar xursand: “Viloyatimiz xalqining baxti bor ekan, shunday aqlli, insofli, odamlar taqdirini o‘ylaydigan hokim keldi. U bir yilda odamlarning ko‘zini ochdi, uyg‘otdi, qornini to‘yg‘izdi”, deb ta’rif beradigan bo‘lishdi.
Qayumov biroz badantarbiya bilan shug‘ullangach, ancha tetiklashdi. Engil tamaddi qilgach, ishga otlandi.
Darvoza oldida turgan “Kaptiva” mashinasiga o‘tirdi. Shu payt qo‘l telefoni jiringladi. Monitorda yordamchisining ismi ko‘rindi. “Ha, Ilhom, tinchlikmi, nima gap?” dedi. “Uzr, Komil aka, bezovta qildim… Bugun soat o‘nda xorijlik investorlar bilan uchrashuvingiz bor, shuni eslatib qo‘ymoqchi edim”, dedi yordamchi. “Esimda, Davronga ayt, men aytgan fikrlarni, albatta, kiritsin. O‘zi yana bir diqqat bilan qarasin. Hamma qog‘ozlarni tayyorlab qo‘ysin. O‘zi qayerda?” “Davron aka hamma hujjatlarni siz aytganday qildi, yurist bilan sinchiklab ko‘rdi. Hozir idorada. Ulaymi?” “Yo‘q, shart emas. Tayinlab qo‘y unga, kerakli odamlarni chaqirsin. Men bir-ikki ob’ektlarni ko‘rib, to‘qqiz yarimda idorada bo‘laman”. “Tushundim”, dedi yordamchi.
Qayumov haydovchisiga, yangi qurilayotgan maktabga hayda, dedi. Atrofga nazar soldi. “Bug‘doy o‘roqqa kep qopti. Erta-indin o‘rimni boshlasak bo‘ladi”.
Telefon qo‘ng‘irog‘i xayolini bo‘ldi. Muovini Davron Qo‘ldoshev ekan.
— Assalomu alaykum, Komil aka, yaxshi dam oldingizmi?
— Rahmat, o‘zingiz yaxshimisiz?
— Komil aka, xorijlik investorlarga hamma loyihani taklif etamizmi yoki bir-ikkitasini ajratib olamizmi?
— Meningcha, hammasini ko‘rsatganimiz tuzuk.
U xorijlik sheriklar bilan bo‘ladigan muloqotni o‘ylab ketdi. “Qaysi loyihani ilgari surganimiz ma’qul? Gilam fabrikasinimi yoki pillani qayta ishlaydigan korxonanimi? o‘isht zavodini o‘zimiz ham qila olamiz. Tumanimizga bir nechta g‘isht zavodi kerak. Imorat soluvchilar ko‘paymoqda. Ularga yordam berish zarur. Odamlarimiz qachongacha paxsa uylarda yashaydi. Yetar endi. Bizga shuyam bo‘laveradi, degan tushunchani odamlarning ongidan chiqarib tashlash darkor. Uzoq qishloqlardagi odamlar nima uchun boshqalar qatori zamonaviy uylarda yashamasligi kerak?! Odam bolasi qanday sharoitda yashashiga qarab ongu tafakkuri, dunyoqarashi ham o‘zgarib boraveradi…
“Kaptiva” yangi qurilayotgan maktab hovlisi yonida to‘xtadi. Qayumov mashinadan tushib, quruvchilar bilan “hormang-bor bo‘ling” qildi. Maktab binosi tiklangan, suvoq-pardozlash ishlari boshlangan edi. Prorab qurilishning borishi haqida hokimga qisqacha axborot berdi. Qayumov atrofni nazardan o‘tkazdi.
— Yaxshi, — dedi u. — Ishni bo‘shashtirmanglar. Yon-atrofni obodonlashtirish ishlarini ham boshlanglar. Nima yordam kerak bo‘lsa, ayting, faqat vaqtida ayting. Kech qolmaylik . Bolalar yangi o‘quv yilini yangi maktabda boshlashi shart.
Boshqa zarur topshiriqlarni berdi-da, mashinaga o‘tirdi.
— Turklar qurayotgan qo‘shma korxonaga hayda, — dedi.
“Hamkorlikda gap ko‘p, — yana o‘yga toldi Qayumov. — Agar hamkorlik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa — har tomonlama foyda. Korxona qurib, yangi ish o‘rinlari yaratish bilan birga yangi do‘stlar orttiriladi. Ilgari odamlarimiz biron-bir chet ellikni ko‘rsa og‘zi ochilib termulardi, go‘yo u oydan tushganday. Holbuki, xorijlik ham o‘zimiz qatori odam, farqi — tili boshqa, xolos. Endi shu hurkishlar, angrayib qarashlar yo‘q… Bu ishlarda Davron Qo‘ldoshevning xizmati katta bo‘layotir. Uning ingliz tilini bilishi juda qo‘l kelmoqda. Umridan baraka topsin, juda mehnatkash, halol, fidoyi yigit. Shuni o‘rinbosar qilib olib, xato qilmadim. O‘zida fikr bor, g‘oya bor, tashabbus va g‘ayrat bor. Ayniqsa, xorij investitsiyasini jalb etishda yonimga kirdi. Ko‘z tegmasin, eksport bo‘yicha viloyatda birinchi o‘ringa chiqdik. Ishimiz shu zaylda davom etsa, xudo xohlasa, hali katta yutuqlarga erishamiz.”
Qayumov qo‘shma korxona qurilishi bilan tanishdi. Quruvchilar bilan obdon suhbatlashdi.
— Korxona ishga tushsa o‘nlab odam ishga kiradi, — dedi hokim. — Qolaversa, paypoq o‘zimizda ishlab chiqarilsa, narxi ham arzon bo‘ladi. Odamlarning duosini olasizlar. Xudo quvvat bersin sizlarga.
Komil aka yo‘l-yo‘lakay yana bir-ikki ob’ektga kirib o‘tdi-da, hokimiyatga keldi.
… Xorijlik investorlar bilan muzokara ancha cho‘zildi. Davron Qo‘ldoshev loyihalarning har biri haqida batafsil gapirdi. Bu loyihalar qanday samaralar berishi, sarmoya kirituvchilar ham katta foyda ko‘rishi to‘g‘risida erinmay tushuntirdi.
Qayumov o‘rinbosarining ingliz tilida ravon, tutilmay so‘zlashiga, nutqiga mos harakatlariga, xorijlik hamkorlarga har bir loyiha bo‘yicha xuddi ishlayotgan, mahsulot berayotgan korxona haqida so‘zlayotgandek tushuntirishiga ich-ichidan havasi keldi. Davronning oldida bizning inglizchamiz hech narsa bo‘lmay qoldi, deb o‘yladi. Ayni chog‘da Davron Qo‘ldoshev haqida turli mish-mishlar tarqalgani ko‘ngliga biroz soya soldi. Birov uni boshqa tumanga hokim qilib jo‘natarmish desa, boshqasi viloyatning qaysidir tashkilotiga rahbar qilib olarmish, deydi. Qayumov yoshlarning o‘sishiga qarshi emas, albatta. Ammo Davron boshqa ishga ketsa, u boshlagan xayrli ishlarni kim davom ettiradi?
Xorijlik sheriklar bilan muzokara ikkita loyiha bo‘yicha ishni boshlash haqidagi hujjatlarni imzolash bilan yakunlandi.
Mehmonlarni kuzatgach, Komil aka Davronning qo‘lini oldi:
— Rahmat, Davronjon. Umringizdan baraka toping. Xudo xohlasa, bu ishlar amalga oshib, korxonalar ishga tushsa, qancha odam ishli bo‘ladi, demak, ularning ro‘zg‘origa qut-baraka kiradi. Kam bo‘lmang. Sizdan minnatdorman.
Davron xijolatomuz yerga qaradi.
— Qo‘ysangiz-chi, Komil aka. Hammasi sizning sa’y-harakatingiz bilan bo‘lyapti-ku. Qolaversa, shuning uchun maosh olamiz, — dedi kulib. — Bizga ishonib shu vazifa topshirilgan ekan, demak, ishlashimiz kerak-da…
— To‘g‘ri, — dedi Qayumov uning so‘zini bo‘lib. — Hammayam maosh oladi. Lekin, afsuski, hammayam shunday o‘ylamaydi, shunday ishlamaydi-da. Men bilaman, siz elga biron-bir nafim tegsin, deb ishlaysiz. Meni ana shu xursand qiladi…
…Hokim soat to‘qqizga yaqin idoraga qaytdi. Stolda taxlanib turgan hujjatlarni, murojaatlarni birma-bir sinchiklab ko‘ra boshladi.
Yordamchi bosh mutaxassis Xolboy Eshimov kelganini aytdi. Qayumov soatga qaradi.
— O‘hu, soat o‘n bir bo‘p qopti-ku. Kech bo‘lganda nima ishi bor ekan Xolboyning, — dedi.
— Bilmadim… Menga aytmadi, — dedi yordamchi.
— Mayli, kirsin, — dedi.
Havo issiq bo‘lishiga qaramay, Eshimov kostyum kiygan, galstuk taqib olgan edi.
— Assalomu alaykum, Komil Qayumovich. Uzr, kech bo‘lganda bezovta qildim, — dedi Xolboy.
— Ha, Xolboy, kuyov bolaga o‘xshab yasanib olibsiz… Nima gap?
— Anchadan beri sizga bir narsani aytmoqchi bo‘lib yuribmanu hech mavridi kelmayapti…
— Mana, mavridi keldi. Ayting, — dedi Qayumov.
— Anchadan beri Davron Qo‘ldoshevich …
Hokim unga kinoyamuz qaradi:
— Xo‘sh, nima bo‘pti Davron Qo‘ldoshevichga?
Komil aka “vich-vich” deb murojaat qilishni uncha xush ko‘rmas, oddiygina falonchi aka deb qo‘ya qolmaysanmi, derdi. Hozir shunga ishora qilgan edi. Buni Eshimov angladi.
— Uzr, Komil aka, til qurg‘ur ketib qolaveradi-da.
— To‘g‘ri aytdingiz, — dedi Qayumov. — Boshqarilmasa suyaksiz til nimalar demaydi. Xo‘sh, davom eting.
— Davron Qo‘ldoshev haqida turli gaplar yuribdi. — Nima derkin, degan ma’noda u hokimga qaradi. Ammo hokim unga jim qarab turardi. — Boshqa ishga ketarmishmiyey. Buyam mayli, — Eshimov joylashibroq o‘tirdi. — Tumandagi ishlarni asosan men qilyapman, xorijlik investorlar bilan faqat men gaplasha olaman. Mana, qancha sarmoya kirdi tumanimizga. Bir nechta qo‘shma korxonalar ochdik. Yuzlab ish o‘rinlari yaratdik. Bularning bari mening mehnatim tufayli, deb yurganmish.
Qayumovning yuzida hech qanday o‘zgarish sezilmadi, go‘yo suhbatdoshining gaplarini eshitmayotganday bamaylixotir o‘tirardi. Eshimov davom etdi:
— Axir, bu insofsizlik-ku, Komil aka. Tumanimizda nima ish, qanday yangilik bo‘lsa hammasi sizning tashabbusingiz bilan amalga oshirilyapti-ku.
Qayumov indamadi. Yana nima gaping bor degandek Xolboyga qaradi. U rostdanam mavridi keldi, deb otini battar qamchiladi.
— O‘zini zamonaviy, tashabbuskor rahbar qilib ko‘rsatmoqchi shekilli. Hoynahoy, sizning joyingizga ko‘z tikkanga o‘xshaydi, Komil aka.
Qayumov tugmachani bosib yordamchisini chaqirdi.
— Labbay, Komil aka, — dedi Ilhom eshikni ochib.
— Davronni chaqir. Shu yerdami o‘zi, ketib qolgani yo‘qmi?
— Shu yerda, kompyuterda ishlab o‘tiruvdi.
Eshimov avvaliga bir mamnunlik his qildi. “Hozir boplaydi, ta’zirini beradi”, deb o‘yladi. Ammo boshqa jihatdan mening oldimda gapirmagani ma’qul edi, men aytganimni bilib qoladi, degan xavotir chulg‘adi butun vujudini.
Ish daftarini ko‘tarib Davron Qo‘ldoshev kirib keldi.
— Chaqirtirgan ekansiz, Komil aka.
— Ha, chaqirdim. O‘tiring, — deb Eshimovning ro‘parasidagi stulni ko‘rsatdi. Eshimov hokimning yuziga, ko‘ziga qancha termulmasin, ichidagini bila olmadi. Uning butun vujudi muzlab, peshonasidan sovuq ter chiqdi.
Hokim Eshimovga yuzlandi:
— Hozir menga aytgan gaplaringizni bir boshidan bitta qoldirmay qaytaring, — dedi.
U qo‘lga tushgan o‘g‘riday dovdirab qoldi.
Qayumov qotma gavdasini biroz egib, ikki tirsagini stolga qo‘ydi. Eshimov tomonga biroz engashdi va past, ammo keskin ovozda dedi:
— Qaytaring boyagi gaplaringizni… Mabodo aytishga ulgurmay qolgan gaplaringiz bo‘lsa, ularni ham ayting. Eshitamiz…
Davron Qo‘ldoshev nima gapligini bilolmay hayron — goh hokimga, goh Eshimovga qaraydi. Xolboyning rangi oqarib ketgan, boshi xam, ko‘zini stoldan uzolmasdi.
Og‘ir, juda og‘ir sukunat cho‘kdi. Ehtimol, bu sukunat uch daqiqa yo besh daqiqa davom etgandir, ammo Eshimovga bir soatday, balki bir kunday tuyuldi. “Undan ko‘ra urishgani, so‘kkani, hatto urgani afzal edi… Bunday bo‘lishi xayolimga ham kelmagandi…”
Hamma o‘z xayoli bilan band. Hokim noma’lum tomonga qaragancha dardli bir ovozda sukunatni buzdi:
— Sizlarga ruxsat…
Qayumov bir nuqtaga termulgancha uzoq o‘tirdi.
Hozirgi suhbatdan dili ranjidi. Xolboyni bama’ni, mulohazali odam, deb o‘ylardi. U haqda yaxshi niyatlari bor edi. Oldin ham bir-ikki shunga o‘xshash gaplarni gapirganda nasihat qilgan, bunday ishlar yaxshilikka olib kelmasligini misollar bilan tushuntirgan edi. Afsuski, odam bolasini o‘zgartirish qiyin ekan. Nima yetmaydi unga? Mansabmi? Muovin bo‘lmoqchimi? Buning uchun g‘iybat, ig‘vo bilan shug‘ullanish kerakmi? Dardini ochiq ayta qolmaydimi… Aslida bunga o‘xshaganlarga mansab ham berib bo‘lmaydi, hamma narsani shaxsiy manfaatiga buradi, faqat o‘zini o‘ylaydi, odamlar taqdiri zarracha qiziqtirmaydi ularni… Bo‘lmasa, yonida yurgan, ko‘z o‘ngida o‘sib-ulg‘aygan yosh yigit shu darajaga yetganidan quvonmaydimi. Do‘stning do‘stligi og‘ir kunlardan ko‘ra quvonchli kunlarda ko‘proq bilinadi, degan gap rost ekan-da. Essiz… Hasad, ko‘rolmaslik, yoshlarning yo‘liga g‘ov bo‘lish… Qachon qutilamiz bunday illatlardan?.. Bunaqa odamlar, bu kabi suhbatlar kishi dilini xufton, hafsalasini pir qiladi.
Komil aka o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘aldi. Javon oldiga borib Navoiy “Devon”ini oldi. Biron narsadan siqilsa, Navoiyni o‘qiydi, bundan dardiga malham topganday bo‘ladi, ko‘ngli biroz yoziladi. To‘g‘ri kelgan sahifani ochdi:
Nokasu nojins avlodin
kishi bo‘lsin debon,
Chekma mehnatkim,
latif o‘lmas kasofat olami.
Ko‘zini yumib o‘yga toldi. “Ey, ojiz banda, bunchalar tuban bo‘lmasang. G‘iybatu fisqu fasodga, xudbinlik balosiga bunchalar giriftor bo‘lmasang… Bir eshikdan kirib chiqasan, bir dasturxonda ovqatlanasan… Qaysi yuz bilan gapirding shu gaplarni? Ertaga uning, mening yuzimga qanday qaraysan…”
Kitobni joyiga qo‘ydi. So‘ng o‘rniga kelib o‘tirdi-da, yon daftariga ushbu so‘zlarni yozdi. “Majididdinlar hali batamom yo‘q bo‘lmagan… Yo‘q bo‘larmikan? Bilmadim-ov… Demak, doimo hushyor va sergak bo‘lmoq kerak…”
Eshik qiya ochilib, Ilhom ko‘rindi.
— Nima gap? — dedi Qayumov.
— Kechirasiz, Komil aka… Soat o‘n ikkidan oshdi…
Hokim devordagi soatga ko‘z tashladi.
— Ha-a, o‘n ikkidan oshdi degin… Bo‘pti, mashinani chaqir.
— Xo‘p bo‘ladi. — Yordamchining ovozi biroz dadil, xursand eshitildi.
Bundan hokimning yuziga mayin tabassum yugurdi. Go‘yo yordamchisi oldida o‘tirganday sekin gapirdi: “Menku ishni, odamlar dardini eshitishni, iloji boricha ularga yordam berishni o‘zim uchun halovat, umrim mazmuni, deb bilaman… Sen-chi, Ilhom? Sen ham bunga ko‘nika olarmikansan. Shu taxlit ishlab keta olasanmi?… O‘rganasan. Axir, necha yildan beri yonimdasan-ku. Mana, Davron eplab ketdi-ku. Kutganimdan ham ziyoda qilib bajarayapti ishlarni. U ham bir paytlar senga o‘xshagan yordamchi edi… Faqat halol, vijdonan ishlasang bas… Anavi Xolboylarga o‘xshab qolmasang bo‘ldi… Xudo asrasin…”.
2018 yil, iyun
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2018 yil, 45-son