«Oltmish yillik komandirovka» turkumidan
Bo‘riyev cho‘chib uyg‘ondi.
Onasi tushiga kiribdi. Oppoq ro‘mol o‘ragan. Yo‘ldoshga qarab turganmish. Uning kayfiyati yaxshiligini ham, yomonligini ham bilib bo‘lmasmish. Qarashlari jiddiy, qat’iy. Yo‘ldosh hayron bo‘pti: Enam nega bunday qarayapti menga? Gapirmoqchi bo‘ptiyu gapirolmas emish.
Onasi jiddiy ayol edi. Bo‘lar-bo‘lmasga hiringlayvermas, shundaylarni xush ko‘rmasdi. Bu borada bolalariga ham qattiqqo‘l edi. Birontasi ortiqcha kulaversa: “Muncha tirjayasan”, deb jerkib berardi. Shu bois bolalari uning oldida o‘zini sipo tutardi. Hozir ham shunday holda emish. Birozdan keyin: “Yo‘ldoshjon, bolam, yaxshimisan?” depti. Yo‘ldosh biroz yengil tortib, onasi tomon bir qadam qo‘yipti. “Yaxshiman, ena, o‘zingiz…” Uning gapini bo‘lipti onasi: “Anchadan beri ko‘rinmaysan, bolalaring yaxshimi?” “Yaxshi, enajon, o‘zingiz tuzukmisiz?” U yana bir qadam yurdi, onasi esa orqaga tisarildi. Yo‘ldosh ajablandi: “Nega enam mendan qochyapti?” Ammo buni onasiga aytolmadi. “Ancha qarib qopsan, bolam… Ko‘p tashvish chekaverma, o‘g‘lim, hammasi qop ketadi…” Shunday dediyu ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi onasi. “Enajon!” deb baqirdi Yo‘ldosh. O‘zining ovozidan cho‘chib uyg‘onib ketdi.
Chalqancha yotgancha ko‘rgan tushi ta’birini o‘yladi. Onasi ancha yosh ko‘rinarmish. Rost, onasi vafot etganida Yo‘ldoshning hozirgi yoshidan ancha yosh edi-da. Tavba, odam bolasi necha yoshda vafot etsa, shu yoshida turar ekanmi… Bo‘riyevni chuqur o‘y bosdi. “Enam nega mendan o‘zini olib qochdi? Mendan norozimi?..”
U onasining so‘nggi kunlarini esladi.
Bunga ko‘p yillar bo‘ldi.
Yo‘ldosh ilmiy-tekshirish institutida kichik ilmiy xodim bo‘lib ishlardi. U vaqtlarda telefon anqoning urug‘i edi. Butun institut bo‘yicha direktor xonasida telefon bo‘lardi. Xodimlar biron joyga qo‘ng‘iroq qilish uchun direktorning qabulxonasiga borardi. Kotibaning kayfiyati yaxshi bo‘lsa-ku xo‘p-xo‘p, fe’li aynib turgan bo‘lsa (bunday hol tez-tez bo‘lib turardi), qabulxonaga kirgan odamga zahrini sochardi: “Telefonni ko‘p band qilmang, direktorga qo‘ng‘iroq bo‘lishi kerak!”. Xodim iymanibgina “men institut ishi bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilaman”, desa “baribir” deb jerkir edi. Xodimlardan birontasiga qo‘ng‘iroq bo‘lsa, ayniqsa uyidan, kotibaning tepa sochi tikka bo‘lib ketar, “Nima, men sizlarning dastyoringizmanmi, uyingizdagilarga aytib qo‘yinglar, bu yer telefon stantsiyasi emas, ilmiy-tekshirish instituti”, deb oxirgi so‘zlarni alohida ta’kidlardi. Buni Yo‘ldoshning xotini ham bilardi, shuning uchun deyarli qo‘ng‘iroq qilmasdi.
Yo‘ldoshning akasi uning uyiga qo‘ng‘iroq qildi. Qisqa salom-alikdan keyin: “Kelin, Yo‘ldoshga ayting, enamning mazasi yo‘q… Bir haftacha bo‘ldi, yotipti… Bir kesin, kelinglar”, dedi. Oxirida qo‘shib qo‘ydi: “Iloji boricha tezroq”.
Bu gapdan kelinning yuragi shuvillab ketdi. “Akam, nega bunday dedilar? Oyimning ahvollari og‘irmi deyman-da. Oyim oldinlari betob bo‘lganlarida telefon qilishardi. Lekin gapni qisqa qilib, tezroq kelinglar demasdi. Uning ustiga akamning ovozi g‘alati, juda tushkun”. Shularni o‘ylab Yo‘ldoshning ishxonasiga qo‘ng‘iroq qilishga majbur bo‘ldi. Yuragi bezillab go‘shakni ko‘tardi. Nomer terar ekan, o‘ylardi: “Ishqilib kotibaning kayfiyati yaxshi bo‘lsin-da, chaqirib bersin-da… Qishloqdan telefon qilishganini aytsam tushunar…” Bu orada go‘shakdan “eshitaman” degan sovuq ovoz keldi. “Assalomu alaykum, opajon. Ming bor uzr, opajon, sizni bezovta qilishga majbur bo‘ldim. Men Bo‘riyevning ayoliman. Hozirgina qishloqdan telefon bo‘ldi, Yo‘ldosh akamning onalari betob ekanlar…” Kotiba uning gapini bo‘ldi: “Shuni hozir telefon qilib aytish shartmi?” “Opajon, tezroq yetib kelinglar, deyishdi…” Yana kotibaning hissiz ovozi kelinning gapini bo‘ldi: “O‘liptimi?” Uning bu qadar sovuq, qo‘pol gapidan kelinning jahli chiqib, boshi qizib ketdi. Biroq o‘zini bosdi. Iloji boricha vazminlik bilan gapirishga harakat qildi. Biladiki, sal ortiqcha yoki nojo‘ya gapirsa, sharaq etkizib go‘shakni qo‘yib qo‘yadi. “Yo‘g‘-e, unaqa demang, opajon… Ahvollari og‘ir emish…” Go‘shakdan og‘ringan “uff” degan ovoz eshitildi: “Bo‘pti, ko‘p diydiyo qilavermang, hozir qarayman”. “Xayriyat-ey”. Birozdan keyin go‘shakdan Yo‘ldoshning ovozi eshitildi. Kelin voqeani qisqacha tez-tez aytdi. “Bo‘pti, siz tayyorgarlik ko‘ravering, men hozir boraman”, dedi Yo‘ldosh.
Bo‘riyevning baxtiga direktor joyida ekan, kotibaning ruxsati bilan uning oldiga kirdi. Vaziyatni tushuntirdi. Direktor juda madaniyatli, odamoxun, xodimlarga mehribon kishi edi (Xodimlar direktordan ko‘ra kotibadan ko‘proq bezillardi). Yo‘ldoshning ahvolini tushundi.
– Hech narsani o‘ylamang, uka, – dedi direktor. – Tezda boring qishloqqa. Onangiz betob yotsayu siz bu yerda tarix titkilab o‘tirsangiz… Bu hech bir risolaga to‘g‘ri kelmaydi. Ota-onaga qarash farzandning burchi… Boring, onangizga qarang, do‘xtirlarga ko‘rsating… Ish qolib ketmaydi… Tarixni uch-to‘rt kun keyinroq tadqiq qilsak hech narsa qilmas. – Jilmayib Yo‘ldoshga qo‘l uzatdi. – Yaxshi borib keling, onangizga shifo bersin…
Bo‘riyev xotini bilan qosh qorayganda qishloqqa kirib keldi.
Onasi mana shu uyda, mana shu joyda yotgan ekan. Uncha-muncha dardga bo‘y bermaydigan ayolning rangi-ro‘yi bir hol edi. Onasining ahvolini ko‘rib Yo‘ldoshning butun vujudi titrab ketdi, yig‘idan bazo‘r tutdi o‘zini. Onasining yoniga cho‘kkaladi, yuzini yuziga qo‘ydi.
– Yaxshimisiz, enajon, – dedi lablari pirpirab. – Nima bo‘ldi sizga?
Yo‘ldoshni ko‘rib, onasining ruhi tetiklashganday bo‘ldi, hatto biroz jilmaydi.
– Keldingmi, ulim… – Ovozi xasta chiqdi. – O‘zing yaxshimisan, bolalaring, kelin yaxshimi…
– Hammasi yaxshi… Mana keliningiz.
Kelin qaynonasiga salom berib, ko‘rishdi.
– Nevaralarimni opkemadingizmi, kelinjon?
Onaning bu savoliga na Yo‘ldosh, na xotini nima deb javob berishni bilmay talmovsiradi.
– Biz shoshib jo‘nadik, – dedi nihoyat Yo‘ldosh. – Uzoq yo‘lga kichkina bolalarni yetaklab yurmay qo‘ya qolaylik, dedik.
Ona bir o‘g‘liga, bir keliniga qaradi.
– Ha, to‘g‘ri, uzoqning shunisi yomon-da… Nevaralarimni oxirgi marta bir ko‘rsam, degan edim-da, – dedi mahzun ohangda. Uning ko‘zlarida yosh yiltiradi.
Yo‘ldoshning ham, xotinining ham halqumiga bir narsa tiqildi. Onasiga qarab o‘tirgan opasi gapga aralashdi.
– Unday demang, enajon, Xudo xohlasa, tuzalib ketasiz… Nevaralaringizning to‘ylarini ko‘rasiz.
Ona siniq jilmaydi. Bu bilan mening ahvolimni sen qayoqdan bilasan, demoqchi bo‘ldi shekilli.
– Opam to‘g‘ri aytayapti, ena, – dedi Yo‘ldosh o‘zini biroz bosib olib. – Hech narsa ko‘rmaganday bo‘lib ketasiz hali… O‘zim Toshkentga olib borib zo‘r do‘xtirlarga ko‘rsataman.
– Mayli, – dedi sekin va hamma narsadan hafsalasi pir bo‘lgan kabi qo‘lini siltab qo‘ydi.
Yo‘ldosh ayvonga chiqib akasi bilan gaplashdi.
– O‘n kundan oshdi yotib qolganiga. Mulla Rustam bova uch-to‘rt marta o‘qidi. Do‘xtirga ko‘rsatdik. Mikroinsult bo‘lgan, qimirlatmanglar, deb tayinlab ketdi. Qishloqdagi kasalxonadan hamshira kelib ukol qilib turipti. – Akasi chuqur uh tortdi. – O‘nglanish sezilmayapti… Shaharga olib borishga enam o‘zi ko‘nmayapti, bir tomondan qimirlatishga qo‘rqamiz.
Aka-uka jim qoldi. Yo‘ldosh ham biron nima deyishga ojiz edi.
Bugun u, erta bu deb, bir hafta o‘tdi. Yo‘ldoshning ichiga chiroq yoqsa yorishmaydi. Bu yoqda onasi bu ahvolda, u yoqda bolalardan birining o‘qishi, birining bog‘chasi. Kim eplaydi ularni. Keksa qaynonasi ovqatini pishirib bersayam katta gap. Ishxonasida-ku direktor ruxsat berdi, lekin shuncha cho‘zilib ketsa, nima derkin…
Akasi, opalari bilan kengashib, xotinini uyiga jo‘natadigan bo‘ldi. Bolalarga qarasin, uning ustiga uy yolg‘iz.
– Yaxshi o‘ylabsilar, ulim, – dedi onasi. – Bu yerda o‘tiravergandan nima naf. Meni ahvolim shu. Necha kunligim qoldi – Yaratgan egam biladi… Orqamda qolinglar… Xuddi otangday meniyam tepib-tepkilab ko‘mib qo‘yinglar… Senam boraver, Yo‘ldosh, ishingdan qolma. Uying yolg‘iz…
Yo‘ldoshning ko‘ziga g‘ilt-g‘ilt yosh keldi. Eh, onaizor-a, shu ahvoldayam bizni o‘ylaydi-ya. Bizni, xususan, meni katta qilib nima rohat ko‘rdi enam sho‘rlik. Men nima karomat ko‘rsatib qo‘ydim enamga? Otam-ku yoshligimda vafot etdilar. Enamga ham yolchitib xizmat qila olmayapman.
Onasiga uzoq termuldi. Onaizor ko‘zini yumib yotardi. Yo‘ldoshning nazarida onasi ko‘zi yumuq bo‘lsa-da, hamma narsani ko‘rib turardi.
– Ena, – dedi Yo‘ldosh nihoyat, – men keliningizni jo‘natib kelay.
Onasi ko‘zini ochmagan ko‘yi sekin pichirladi:
– Boraver, ulim… O‘zing ham ketaver… Menga biron narsa bo‘lsa, akalaring xabar berishadi.
Yo‘ldosh indamadi. Ro‘molchasi bilan namli ko‘zini artib, ayvonga chiqdi. Kelin ayvonda Yo‘ldoshni kutar edi.
– Ketdikmi, – dedi xotini. – Siz nima qiladigan bo‘ldingiz?
– Men biroz bo‘lib turay, shahardagi tanish-bilishlardan tuzukroq do‘xtir surishtirib ko‘ray-chi, – dedi. – Yuring, sizni kuzatib qo‘yaman.
Xotinini avtobusda kuzatib qo‘ydi-da, viloyat shifoxonasida ishlaydigan maktabdoshi oldiga bordi. Uning yordamida bir professorga uchradi, onasining ahvolini tushuntirdi. Professor ertaga borishga va’da berdi. Bundan Yo‘ldoshning ko‘ngli biroz yorishdi.
Ertasi kuni amakisining mashinasida professorni olib keldi. Professor bilan shogirdi – yoshgina juvon birga keldi. Uning qo‘lida kichikroq chamadonga o‘xshash narsa bor edi.
– Bu portativ elektrokardiogramma, – dedi professor. – Bemorning yuragini kardiogramma qilishimiz kerak.
Kardiogramma qildi, qon bosimini o‘lchadi. So‘ng kasal bo‘lish tafsilotini so‘radi. Akasi, opasi qachon, nima bo‘lganini batafsil gapirib berdi. Onasi har zamon ularga qarab-qarab qo‘yadiyu indamaydi.
Professor shogirdiga qaysi dorilardan ukol qilishini buyurdi-da, o‘zi ayvonga yo‘l oldi. Yo‘ldosh bilan akasi unga ergashdi.
– Onangizning ahvolini yaxshi deya olmayman, – dedi professor. – Ammo vahimaga o‘rin yo‘q. Shaharga olib borsa, kasalxonaga yotqizilsa yaxshi bo‘lardi, albatta. Lekin hozir bu ahvolda uzoq yo‘lga moshinada yurishi xavfli, qiynaladi. – Oqibati yomon bo‘lishi mumkin deyishga tili bormadi. – Shuning uchun hozircha shu yerda yaxshi qarash lozim. Men kerakli doriyu muolajalarni yozib beraman. Shularni, albatta, qilinglar, dorilarni topib kelinglar. Sal o‘ziga kelsa, keyin shaharga olib borsangiz bo‘ladi. Olloh shifo bersin.
– Rahmat, domla, – dedi Yo‘ldosh. – Aytganlaringizni, albatta, qilamiz.
– Onangiz irodali ayol ekani ko‘rinib turibdi. Bunaqa odamlar dardga chidamli bo‘ladi. Xudo xohlasa, tuzalib ketadi.
– Aytganingiz kelsin. Yaxshi tilaklaringiz uchun rahmat sizga, domla, – dedi akasi.
…Professorning aytganlarini qilishdi. Bir haftalardan keyin onasi biroz o‘nglanganday tuyuldi. Hamma suyundi. Ammo onasining chiroyi ochilmasdi. Bir qo‘lini opasi, bir qo‘lini Yo‘ldosh silab-uqalab o‘tirar ekan, onasining ko‘nglini ko‘tarmoq uchun Yo‘ldosh hazillashdi.
– Nimaga pakarsiz, ena. Mana, ancha yaxshi bo‘p qoldingiz. Xudo xohlasa, ha demay tuzalib, hech narsa ko‘rmaganday bo‘lib ketasiz. Keyin Toshkentga olib ketaman.
Onaizorning so‘lg‘in lablariga yengil kulgi yugurdi.
– E, bolam, qilgan dorilaring, ukollaring bari bekor… Xudoyimning o‘lchab bergan rizqi, sanab bergan kuni bor. Shular tamom bo‘lgandan keyin… – Bir zum ko‘zini yumib jim qoldi. – Otang tushimga kirdi bu kecha… Chaqiryapti…
– Qo‘ying, ena, shunaqa gaplarni. Tushga nimalar kirmaydi, deysiz.
…Bo‘riyev telefonidagi soatga qaradi: To‘rtdan oshibdi. Ko‘zi chisloga tushdi. “Ie, bugun uchinchi oktyabrmi? Demak, ertaga enam vafot etgan kun… Bekorga tushimga kirmabdi-da. O‘ylanib qoldi… Balki ertaga bir qo‘y so‘yib, qishloq oqsoqollarini chaqirib, Qur’on o‘qitib yuborish kerakmikan…”
Hali barvaqt ekan degan xayol bilan yostiqqa yonboshladi. “Balki yana biror soat uxlarman”. Yo‘q, bir soat emas, bir daqiqa ham uxlayolmadi, umuman ko‘zi ilinmadi. Ko‘z o‘ngidan kasal yotgan onasi ketmadi.
…Yo‘ldoshning qishloqqa kelganiga ikki haftadan oshdi. Onasi uch-to‘rt kun o‘ziga keladi-da, yana og‘irlashadi. Opalari navbatma-navbat qaraydi. Nima qilishni bilmay boshi qotgan Yo‘ldoshning. Akasi ham bir narsa deyolmaydi. U yoqda ishini o‘ylaydi. Shaharga borib ishxonasiga qo‘ng‘iroq qildi. Direktoriga ahvolni tushuntirdi. “Hech narsani o‘ylamang, Yo‘ldosh. Onangizga qarang… Shifosini bersin”, dedi direktori. Biroz ko‘ngli taskin topdi.
Onasi sal o‘ziga kelganda Yo‘ldoshni qistaydi:
– Yo‘ldosh, ulim, bu yerda o‘tirib nima qilasan, bor uyingga, kelin, bolalaring yolg‘iz. U yoqda ishing qop ketdi, xo‘jayinlaringdan gap eshitib yurmagin.
Yo‘ldoshning ko‘ngli bo‘lmadi. Onasini shu ahvolida tashlab, qayoqqa boradi? Ish sig‘adimi ko‘ngliga. Xotini bilan gaplashdi, bolalari tinch, biri bog‘chaga, boshqasi maktabga qatnamoqda. Onasiga biron-bir yordam berolmayotganidan, dardini biroz bo‘lsa-da, yengillata olmayotganidan eziladi. Haligi professorga yana uchrashdi. U ham tayinli bir gap aytmadi. Shaharga olib borishga cho‘chiydi, uning ustiga onasi ko‘nmaydi. Bir kuni shu haqda gap ochgan edi, onasi rozi bo‘lmadi.
– Qo‘y, bolam, ahvolim o‘zimga ayon… Falonchi momo kasalxonada o‘lib qopti, degan gap yaxshi emas… U yerda o‘lganlarni qornini yoraymishmi-ey… Qo‘y, ulim, o‘ligimni u yoqdan bu yoqqa sudrab yurasilarmi… Shu yerda, o‘z uyimda tinchgina Egamga omonatini topshiray, bolam.
…Bir kuni choshgohlarda onasi ancha tetik ko‘rindi, hatto bir-ikki hazil-huzul ham qildi. Yo‘ldoshga yuzlandi:
– Bir tilimgina qovun topilarmikan, bolam, – dedi. – Qovun yegim kep ketdi shu topda.
Bu gapdan opasi ham, Yo‘ldosh ham suyundi. Onasida ishtaha paydo bo‘layotganday tuyuldi. Chunki kasal bo‘lganidan beri (bir oydan oshdi) tayinli ovqat yegani yo‘q.
– Albatta, topiladi, enajon, – dedi Yo‘ldosh. – Hozir olib kelaman.
Hovli ishlari bilan kuymalanib yurgan akasining oldiga bordi. Onasining gapini aytdi.
– Qayerda qovun sotadi, aka?
– Guzarda sotardi, lekin anchadan beri ko‘rinmaydi… Oktyabrda qovun-tarvuz kam bo‘ladi-da bu yerlarda. Shaharda bo‘lsa kerak, – dedi akasi.
– Bo‘lmasa men shaharga borib kelay, aka.
– Mashina yo‘q-ku…
– Yo‘lga chiqsam yo‘lovchi mashina topilar, nima bo‘lsayam bitta qovun topib kelmasam bo‘lmaydi. Ozib-yozib bir narsa so‘radilar, shuni topib bermasak… Keyin armonda qolamiz, aka.
Yo‘ldosh shunday deb yo‘lga tushdi. Katta yo‘lda bir mashina bilan gaplashib, shahardan ikkita qovun olib keldi. Qovunning bittasini so‘yib, chinni laganga chiroyli qilib terdi. Xursand bo‘lib onasining oldiga ko‘tarib kirdi.
– Enajon, mana qovun. Oling, juda shirin ekan, oling yeng.
Yo‘ldosh onasining yelkasidan ko‘tardi, opasi orqasiga ikkita yostiq qo‘ydi. Yo‘ldosh laganni yaqin olib bordi. Onaizor deyarli qoq suyak bo‘lib qolgan, tomirlari bo‘rtib turgan qo‘llari bilan bir bo‘lak qovunni oldi. Ikki marta mayda-mayda tishladi. Qolganini laganga tashlab, boshini yostiqqa qo‘ydi. Ko‘zini yumib, shirin tamshandi.
– Rahmat, bolam, – dedi o‘sha alpozda. – Umringdan baraka top.
– Yana yeng, ena, – dedi opasi.
Qo‘li bilan yo‘q ishorasini qildi-da, jim yotdi. Yo‘ldosh laganni bir chekkaga qo‘ydi. Balki birozdan keyin yana so‘rab qolar. Ammo boshqa so‘ramadi. Yo‘ldosh ham, opasi ham butun vujudi bilan onasiga termulgan. U ovozini chiqarmay, nimalar deb pichirlardi. So‘ngra juda xasta ovozda dedi:
– Yo‘ldosh… akangni, opalaringni chaqir.
Yo‘ldoshning yuragi shuvillab ketdi.
Ayvonga chiqib akasini chaqirdi. Qolganlarga odam jo‘natdi. Bir zumda hamma jam bo‘ldi. Ularning biri qo‘yib, biri onasidan ahvol so‘rardi. Ona bechora jim, ko‘zlarini yumib olgan. Akasi jim bo‘linglar, shovqin qilmanglar ishorasini qildi. Opasi ustiga egilib olganlarni orqaga tortdi. Og‘ir sukunat cho‘kdi. Bu sukunat bir daqiqa, balki ko‘proq davom etgandir, ammo Yo‘ldoshga bir soatday, bir kunday uzoq tuyuldi. Bu og‘ir sukunatni onasining hazin ovozi buzdi.
– Bolalarim… men hammangizdan roziman… Silaram mendan rozi bo‘linglar…
Onaizorning so‘nggi so‘zlari shu bo‘ldi.
Aka-ukalar, opa-singillar bab-baravar “Enajon!” deb o‘kirdi. Ammo bu o‘kirikni onaizor eshitmadi…
…Nonushta payti To‘raqul amakisiga razm soldi. Uning kayfiyati yo‘q. Har kuni choy mahali To‘raqulning bolalariga hazil-huzul qilardi. Bugun jim. Indamay choy ichdi.
– Aka, yaxshi yotib turdingizmi?.. Uyqungiz yaxshi bo‘lmadimi? – dedi To‘raqul.
Bo‘riyev bir nuqtadan ko‘z uzmay o‘tirardi.
– Yaxshi, – dedi. – To‘raqul, qo‘y sotadigan odam bormi?
Bu gapdan To‘raqul hayron bo‘ldi.
– Tinchlikmi, aka?
– Tinchlik, tinchlik… Ertaga katta enang vafot etgan kun… Shunga bir qo‘y so‘yib, kichkina xudoyi qilib yuborsakmi, deb o‘ylovdim. Nima deysan?
– Mayli, – dedi To‘raqul.
– Seni, kelinni ovora qilib qo‘ymaymanmi?
– Bu gaplarni qo‘ysangiz-chi, aka.
– Bugun enam tushimga kirdi.
To‘raqul amakisining nega kayfiyati yo‘qligini endi tushundi.
Xudoyi o‘tgandan keyin Yo‘ldosh Bo‘riyev To‘raqul bilan qabristonga bordi. Avval onasining, keyin otasining boshiga borib, Qur’on tilovat qildi.
Qabristondan qaytar chog‘i, Bo‘riyev o‘zini ancha yengil his etdi…
“O‘zAS”dan olindi.