Uch kunlar bo‘ldiki havo dim. Yo‘q, balki bir hafta bo‘lgandir, balki bir oydir, balki… anig‘ini bilmaymanu, xullas anchadan buyon havo isib-isimaydi, sovub-sovimaydi. Erinchoq bahor bulutlari ustimizga yoqar-yoqmas suzib keladi-da, yog‘ishga shaylanadi-yu, negadir shashtlaridan qaytib o‘z yo‘lida davom etaveradilar. Bulutlar ketidan bulutlar keladi. Biri-biridan zerikarli bulutlar. Hammalari yog‘moqchi bo‘lib ko‘radi, ammo yog‘maydi. Bunaqa havoda bo‘g‘ilib o‘lasan kishi. Qani endi momoguldirak yeru ko‘kni titratib bir gumburlasayu yomg‘ir sharros quyib bersa. Shamolga to‘shingni tutib toza havodan to‘yib-to‘yib nafas olsang. Afsus, qovoq-tumshug‘ini osiltirib olgan bulutlar manguga yog‘maydigandek.
Toza havoni juda sog‘indim. Nega desangiz shu kunlarda xuddi shalog‘i chiqqan avtobusda diqqinafas bo‘lib olis safarga ketayotgan odamdek karaxtman. Hozir ana shu shalog‘i chiqqan avtobusga chiqishim kerak, ammo chiqqim yo‘q. Bekatda o‘ttiz-qirq chog‘li odam va men avtobus kutardik. Ular avtobusning nogahon kelmay qo‘yishidan, men esam uning kelib qolishidan xavotirda edik.
Ammo u keldi. Peshonamga yozilgani shu ekan. Noiloj chiqdim. Ulovning bu turini jinim suymasdi. Avtobusda o‘tgan umrimning eng ko‘p qismi talabalik yillarimga to‘g‘ri keladi. Kattalarga joy berish majburiyati o‘sha paytlardan meros. O‘sha yillari qaysi yoshdagilarga joy berishim kerakligi miyamga qattiq o‘rnashib qolganligidan hozir bunday yoshdagilar mendan kichikligini aqlimga sig‘dira olmasdim. Har gal “kattalar” o‘rnashib olishiga o‘zim yo‘l qo‘yib berardim. Mening sustkashligim ularga yoqardi. Bu gal o‘tirib ketishni qanchalik istagan bo‘lsam ham eski odatim menga sodiq qoldi.
Oftobda qizib ketgan bu temir uychaga bir-birlarini itarib-turtkilab yopirilib kirgan odamlar shundog‘am siqiq, dim havoni bittar aynitib yubordilar. Bulutlar orasidan mo‘ralagan quyosh avtobusning chap qator o‘rindiqlarini rosa qizdirib qo‘ygan ekan. Ba’zi ayollar o‘ng o‘rindiqlar tomon tipirchilab qolishdi. O‘rnashib olishgach, yelpinib o‘tirgan chapdagilarni hazil-mazax qilishdi. Na’ra tortib o‘rnidan qo‘zg‘algan avtobus chayqala-chayqala oldinga intildi. Bir necha daqiqadan keyin esa avtobus yo‘nalishini o‘zgartirdi-yu, quyosh chapdan o‘ng tomonga o‘tib oldi. Chap o‘rindiqdagilar boshlariga kelgan soyadan ancha sergak tortishdi. Hamma chakagiga erk berib yuborgan, ayniqsa chap qulog‘im tagidagi bir xotinning jag‘iga barakat bergan ekan:
– Boy ham boyga, Xudoy ham boyga deydi. Puli borlar hamma yerlarni sotib olib qo‘ysa, bizga o‘xshaganlar zor qaqshab qolaveradimi? Hozir fermerlarning oshig‘i olchi. Qoplonday ikki o‘g‘lim va bir qizim bor. Hammasi ishsiz. Hali o‘g‘il uylantirganim yo‘q.
– Kolxo‘zda ishlating! – dedi sherigi.
– Kolxo‘z pul beradimi? Hali o‘zimning ololmay yurgan qancha pulim bor. Undan keyin kolxo‘zning ishi og‘ir. Shuncha yil mening ishlaganim yetar. Endi bolalarim yengilroq, moyliroq ish topsa deyman. So‘loqmonday yigit bel ko‘tarib yurishga or qiladi.
– Mening o‘g‘lim besh yildan beri bel ko‘tarib beli qayishgani yo‘q. Ishdan horib kelding, damingni ol desam, “Be-ee, brigadir ishga bormadi, chelda o‘tirib karta o‘ynab qaytdik” deydi.
Kimdir gapga aralashdi.
– Kolxo‘z pul bermasa fermerga yuboring.
– Siz ham mening tilimni qichitasiz. O‘tgan yili fermer qarindoshimiz (qarindosh bo‘lmay ketsin) kichik o‘g‘limni so‘rab keldi. Mug‘ombir. “Uyda mollarga qarab yursa, oyiga o‘n besh ming beraman” dedi. “Hoy, og‘zingga qarab gapir. Ko‘hna joyning o‘rnini o‘zingniki qilib olding, indamadim. Endi o‘g‘lim senga xizmatkor bo‘lib, mollaringning tagini tozalaydimi”, dedim. It terisini boshiga qoplab, uydan haydadim.
– O‘g‘lingiz biron narsaga qiziqadimi o‘zi?
– Fudbo‘l desa jonini beradi. Piskultura bor kunlarigina maktabga boradi. Yoshligida ko‘p kasal bo‘ldi, erkaroq o‘sdi. Birinchi sinfga borganida har kuni partasida birga o‘tirib qaytardim…
Yoshi elliklarga borgan ziyolinamo kishi o‘ziga o‘zi gapira boshladi.
– Ilgarilari ota-onalar bolalarini maktabga berayotib o‘qituvchiga: “Mana shuni odam qiling, yaxshi o‘qisin, o‘qishdan bo‘yin tovlasa hohlaganigizcha urib-so‘kavering” deyishardi. Eng bolajon ayollar ham ikki-uch shapaloqqa ruxsat berardi. Hozirgi xotinlarning og‘zidan faqat bir xil gap eshitasan: “Mening bolamga qattiq gapirmang, shaytonlab qoladi. Xushomadini yetirmasangiz, gapingizga kirmaydi. Yuqori baho qo‘ymasangiz, maktabga borishdan bosh tortadi. Sizdan iltimos, bolamni birov xafa qilib qo‘ymasin, unga ko‘z-quloq bo‘lib tursangiz, “papka ziyofati” bizdan.”
– E, qo‘ying o‘sha zamonni. Xotinlar itday tug‘ib ketavergan-da. Bolasiga qayg‘urmagan, hukumat qayg‘ursin, deb. Mana men kecha-kunduz shu bolalarim uchun yuguraman. Birovdan kam bo‘lmasin deyman. Hozir sal past ketsang odamlar ustingga chiqib olishadi. Hali birovga yalinganim yo‘q. Qizimning tug‘ilgan kunida o‘sha fermer qarindoshimizning qizi qimmat baho ko‘ylak kiyib kelgan edi. Qizim sal o‘ksinganday bo‘ldi. “Xafa bo‘lma, qarz etsam ham senga undan yaxshisini olib beraman”, dedim. Keyin bilsam, u ham birovnikini kiyib kelgan ekan. Xudoga shukur, men qizimga “oyroti” kiydirmadim. Qiynalsam ham o‘zim yugurib-elib oldi-sotdi qilib bir amallab yetkazib turibman. Biroq pul topish kun-kundan qiyinlashib ketayapti.
– Tug‘ilgan kunga pul topibsiz-ku!?
– Aa-ay, so‘ramang! Hammasini nasiya oldim. Uyda guruch qolmabdi. Darrov xorozga borib ikki qop guruch chiqartirdim. Bir qopini qo‘shnilardan olgan guruchlarning o‘rniga tarqatishni mo‘ljallab, ikkinchi qopdan tug‘ilgan kunga yetguday guruch qoldirib, qolganini sotdim. Qizim tug‘ilgan kunida bir quvonsin deb nasiyaga olib yashirib qo‘ygan ro‘molning pulini to‘lashim kerak edi. Guruchning puli ro‘molning qarzidan qutqarmasligini bilib, xorozchiga “Xoroz haqini qarz daftaringga yozib tur, Xudo hohlasa kelgusi safar sholi keltirganimda avvalgilarini ham qo‘shib, hammasini bir etib to‘lab ketaman. Agar “yo‘q” desang, qaytib sening xorozingga kelmayman, “Oq ko‘ylagim lalangir, sen bo‘lmasang yenam bir” – boshqa xoroz ko‘p, deb po‘pisa qildim. Xorozchi ilojsiz rozi bo‘ldi.
Mana ikki oy bo‘ldiki, mayda-chuyda xarajatlarning qarzidan qutuldim. Faqat aroqning puli qoldi.
– Qizingizning chiqonlari aroq ham ichishadimi?
– Yo‘q, aroqni mening chiqonlarim bilan erimning jo‘ralari ichishdi.
– Asosan, erimning jo‘ralari deng!
– Hozirgi erkaklar aroq icha oladimi o‘zi? Ikki piyola bersang ag‘darilib tushadi. Keyin mehmonlarga tuni bilan xotinlar xizmat qilaveradi. Aroqni mening chiqonlarim suvday simirishdi.
– Qizingiz bahonasida o‘zlaringiz bir miriqibsizlar-da, a?!
– Avvallari bunday narsalarni men ham yoqtirmasdim. Keyin bilsak tug‘ilgan kunlar dam olish uchun tayyor bahona ekan. Ish-ish deb bir kuni o‘lib ketasan. Qolaversa, tug‘ilgan kunlar bo‘lmasa qarindosh-oshnoni yo‘qlab borishga fursat topolmaysan.
– Yarim qop guruchning hammasi ketdimi? – so‘radi kimdir. Aftidan shaharlik bo‘lsa kerak.
– Yetmay qoldi.
– To‘yday qilib yuborgandirsiz-da.
– Qayda, oxirida kelgan uch odamga palov yetmadi, faqat sho‘rva bilan ketmasin deb go‘sht qovurtirdim. Ular boshqa bir yerdan to‘yib kelgan ekanlar, ovqatga qo‘l ham urmadilar. Lekin ertasiga ko‘rsa-ak, tovoqlarda qolgan palovga mollarning yem qozoni to‘libdi.
Avtobus bir maromda iylanib ketib borardi.Jizzaki xotin oldidagi kattakon sumkalardan birini titkilab, eskirib qolgan ko‘k daftarini topdi.
– Mana shu daftarda uch yildan beri qarzini uzolmay yurganlar bor. Shular vaqtida to‘laganda men hozir senga o‘xshab bu yarim-yorti avtobusda chang yutib o‘tirmasdim.
– Chiqon, sal o‘zingni bos. Bunday qarz daftar hammamizda ham bor. Qarzga bermasang hech kim sendan narsa olmay qo‘yadi.
– Qo‘yinglar-ey, uyat bo‘ladi.
– Boshqa gapdan gaplashinglar! – Har kim har tomondan vaziyatni yumshatishga harakat qildi.
Haydovchi goh yo‘lga, goh peshoyna orqali yo‘lovchilarga qarab qo‘yardi. Avtobus ichini benzin hidi tobora qamrab borar, kimdir tuynukni ochib tashqaridan kirayotgan havoga tumshug‘ini tutsa, kimdir “Bolamni doktorga olib ketayapman, shamollab qoladi, tuynukni yop!” deb baqirardi. Tuynuk oldidagi uzun bo‘yli yigitga qiyin bo‘ldi. Ochdim deganda yopadi, yopdim deganda ochadi. Bir necha kishini tushira solib endi tezlikni oshira boshlagan avtobusni yo‘lda turgan kimdir qo‘l ko‘tarib to‘xtatadi. Uni mindirib gazni bosdim deganda haydovchini yana kimdir tushib qolish uchun bezovta qiladi. Xullas avtobus bir yurib, bir to‘xtaydi.
– Avtobusmi bu, yo eshakaravami? Qachon yetamiz Urganchga? Bu borishda bugungi kunimiz avtobusda o‘tadimi deyman? – noliy boshladi zerikib ketgan bir yo‘lovchi.
Kashandalarni bir necha marta siquvga olishdi. “Bizga o‘xshab nos chekinglar, tutuni chiqmaydi”. “Tutuni ichingga qarab ketadi”. “Men sharoitga qarab ikkoviniyam chekaveraman”. “Ikkoviyam sog‘liqqa zarar, undan ko‘ra semichka chaqinglar, ovqatni yaxshi hazm qildiradi”. “Qo‘ysang-a, o‘zi qornim och, ovqatni yaxshi hazm qildirmaydigan xilidan yo‘qmi?” degan gaplar bilan avtobusdagi besh-olti dudkash, o‘n-o‘n besh noskash va yigirmatacha semichka chaquvchi taraf-taraf bo‘lib bahslashardi. Bir yigitga hozirgina sigaret sotgan xotin uch yashar qizchasi dimog‘i oldida suzib yurgan tutunlarni qo‘li bilan haydayotib, bosib-bosib chekayotgan yigitga qarab: “Mayli, zarari yo‘q-zarari yo‘q” deb qo‘ydi va bahsga aralashdi: “Mening otam hozir salkam to‘qsonga bordi. Umr bo‘yi og‘zidan sigaret tushmagan. Kim kimdan oldin ketishi yolg‘iz Xudoga ayon.”
Semichkaning “chirt-chirt” etgan ovozlari tinmasdi. Oyoq ostlari semichka qobig‘iga to‘lib ketdi. Bir necha bor ogohlantirishi hech kimga ta’sir qilmagach, haydovchi avtobusni shartta to‘xtatib:
– Yaxshi gapga tushunmas ekansizlar, chaqmanglar degandan so‘ng chaqmanglar-da! – deb bor ovozi bilan baqirgan zahoti hamma jim-jit bo‘ldi. Avtobus to‘xtashi bilan barobar to‘xtagan jag‘lar, avtobus yurishi bilan yana ishga tushdilar. Qo‘llar bilan og‘izlar bir-birlariga mutanosib ravishda yashirin xarakat qilar, ko‘z bilan quloq esa haydovchining xatti-harakatlaridan ko‘z-quloq bo‘lib turardi. Faqat ko‘zoynakli pakana kishi pinagini buzmay semichka chaqardi. Haydovchi unga o‘girilib: “Sen o‘zbekchaga tushunasanmi o‘zi?” degan edi, haligi pakana hayron bo‘lib: “Chego?” dedi. Shundagina hamma uning koreys millatiga mansub ekanini payqadi. Haydovchining birdan popugi pasayib qoldi. Esankiraganidan zo‘rg‘a “ne nado… chimichka chaqmoq” deya oldi xolos. U gapining ruscha jumlasini baland, o‘zbekchasini esa pastgina ohangda aytdi. Pakana gap nimadaligini payqab: “Meniki kagazga chakadi” dedi bamaylixotir.
Shlyapa kiygan ziyolinamo kishi dardini yordi:
– Men Germaniya shaharlarini avtobusda aylanganimda yonimda o‘tirgan o‘zbek hamrohim konfet qog‘ozini g‘ijimlab avtobus derazasidan otib yuborganida, buni ko‘rib qolgan haydovchi avtobusni shartta to‘xtatib haligi qog‘ozni oldi va manzilga yetgach, axlat qutiga tashladi. Bu bizga katta saboq edi. Biz qachon shunday madaniyatga erishamiz?
– Kim bo‘lib ishlagansiz? – so‘radi undan hamrohi.
– Ko‘-o‘p ishlarda ishladim. Oxiri maktabga direktor bo‘ldim. Ko‘pchilik kasbdoshlarim o‘zlarini savdoga urib ketishdi. Bozorda narsa sotishga mening g‘ururim yo‘l qo‘ymadi. Ishlayverdim. Ishlab-ishlab pensiyaga bir yil qolganda ishdan bo‘shab ketdim.
– Bo‘shatishdimi?
– O‘zim bo‘shadim.
– Nega?
– A-ay, bir sabablar bilan.(Bir xo‘rsinib qo‘yib sekin gap boshladi.) Kecha-kunduz maktab deb yugurib-yo‘rtaman, sira birim ikki bo‘lavermadi. Erta ketib kech qaytaman, uy ishlariga foydam tegmaydi. Olgan maoshim majlisga qatnash, daftar-qog‘oz olish va komissiyalarni mehmon qilish bilan ketib qoladi. Jo‘ralarim ziyofatlarda “nomi ulug‘, suprasi quruq” deb menga tekkizib gap aytadilar. Alamimdan shartta ariza yozdim. Qo‘l qo‘yishmadi.
– Bizga qolsa kolxo‘z yaxshi edi, – deya to‘satdan gap boshladi malla telpak kiygan kishi.
– Kolxo‘zning nimasi yaxshi? Shuncha yil bizni qiynagani yetar. Endi uni tugatish kerak! – fikr bildirdi yangi suhbatdosh.
– Yana qadimgiday boy-kambag‘al bo‘laylikmi?
– Ular insofsiz boy bo‘lishgan, biz insofli boy bo‘lamiz. Xo‘sh, kolxo‘zning nimasini yoqtirib qoldingiz?
– Avvallari men ham xuddi senday fikrlar edim. Kolxo‘zni tugatib yerlarni xususiylashtirib olsak boyib ketamiz deb o‘ylab yurardim. O‘tgan yili bir gektar yerni ijaraga olib sholi ekdim. Olgan hosilim chiqargan xarajatimga yetmadi. Yana shuncha mehnatim zoe ketdi. Kolxo‘zda bo‘lsa xo‘jako‘rsinga ishlab yuraverasan. Yerni o‘zlari suradi, o‘zlari ekadi. Urug‘likni, o‘g‘itni, yoqilg‘ini o‘zlari topib keltiradi. Paxtaga texnika bilan o‘zlari ishlov beradi. Biz bo‘lsak qovun-tarvuzdan tortib sabzigacha paxtaning ichiga ekib olaveramiz.
– Brigadirlar indamaydimi?
– Brigadirlarning yashirin yerlari bor. Shuning uchun inday olishmaydi.
– Rais-chi, u ham indamaydimi?
– Kolxo‘zchilarga ish haqi topib bera olmagandan keyin rais nima deya oladi. Dalaga borib quruq bo‘yingni bir ko‘rsatib kelsang bo‘ldi, ishlagan hisoblanasan. Kuzda mollarni paxtaning chetiga – tap-taqir yerga arqonlab qo‘ysang ham semirib ketaveradi.
Bo‘yinbog‘ taqqan muxbir yigit chidab turolmadi:
– Bo‘ldi, bas. Kolxo‘z senga o‘xshagan ishyoqmaslar uchun yaxshi edi. Endi har kim o‘zi uchun o‘zi yuguradigan zamon keldi. Hamma senga o‘xshab fikrlasa allaqachon oxirzamon bo‘lardi. Shunday latifa bor: “O‘tgan asrda g‘arblik bir siyosatchi qaysidir orolga borib abgor bir qabilani demokratik yo‘l bilan farovonlikka olib chiqmoqchi bo‘libdi. Saylov haqida tushuncha berib o‘z yurtiga qaytibdi. Bir yildan so‘ng borib qarasa, hamma avvalgidan besh battar och-yalang‘och, to‘s-to‘polon bo‘lib yotgan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, ular hamma ishlarini ovoz berish yo‘li bilan hal qilishibdi. Sodda, yuvvosh yaxshi bir odamni ko‘rsatib: “Shu kishini boshliq qilib saylasak, nima deysizlar?” – deb so‘rashgan ekan, hamma bir ovozdan ma’qullabdi. “Kim ishlaydi?” deb so‘rasa, hech kim qo‘l ko‘tarmasmish. “Kim non yeydi?” desa, hamma qo‘l ko‘tararmish. Natija esa yuqorida aytganday bo‘libdi. Mana shunaqa, jo‘rajon. Aftidan senga o‘xshaganlarni o‘sha orolga surgun qilishsa kerak.
– O‘zingni namuncha toza qilib ko‘rsatmasang. Men ham bir vaqtlar halollikda sendan zo‘rroq edim. Komso‘rg bo‘lganman. Afg‘onga yuboring deb ariza berganman. Odamlar meni masxaralab “kommunist” deb chaqirar, men esa bundan faxrlanardim. Naq farishtaning o‘zi edim. Komsomo‘llik ko‘krak nishonini taqmay yurgani uchun eng yaqin do‘stlarimni ham ko‘chada ko‘rib urishardim. Hukumat bir tiyin bersa, shu bir tiyin halol, boshqasi harom deb bilardim. Ahmoq ekanman. Endi ko‘zim ochildi. “Men ham edim sendek, sen ham bo‘larsan mendek!”
Hamma “gur” etib kuldi. Sobiq “komsomo‘l” tobora qizishib borar, otdan tushsa ham egardan tushmasdi. Chunki u mingan qizil ot davlatniki, egar esa o‘ziniki edi. Raqibi gapirmoqchi bo‘lib og‘iz juftlar, qiziqqon yigit esa sira gap bermasdi:
– Men sen bilan bahs boylashaman. Hozirgi davrda pora olmaydigan yoki pora bermaydigan biron-bir odamni topib berolasanmi menga? Hamma narsa faqat pul bilan o‘lchanadi. “Nima qilib bo‘lsa ham pul top!” degan zamon hozir. Hatto o‘z ota-onang ham qancha ko‘p pul topsang, shuncha yaxshi ko‘radi. Pul topolmasang o‘qrayib qarashadi. Kambag‘alning arzi hech qaerda tinglanmaydi. Men bunga yuzlab misollar keltiraman. Qani sen birgina misol bilan so‘zingni isbotlab ber-chi! Mana meni haydovchilikka o‘qiganimda imtihondan jo‘rttaga yiqitishdi. Keyin bitta melisa jo‘ramni oraga solib bir qop guruch bilan to‘g‘irlab oldim. O‘sha tanishim bo‘lmaganda men umrbod guvohnomasiz qolardim. Sen jo‘ra, faqat gazeta o‘qiyverib hayotdan uzilib qolgansan. Qani shu gaplarni biron joyga yozib ko‘r, o‘zingni qamoqqa tiqadi. Sen o‘zing muxbir bo‘lib haqiqatni yozolmaysan!…
– Shoshma-shoshma! Birinchidan imtihondan o‘tish darajasida yaxshi o‘qimagansan. Mana men shunday guvohnomani bir tiyinsiz oldim…
– Birinchidan bir tiyinsiz olganingga kim ishonadi. Ikkinchidan sen muxbirsan. Xohlasang ularni maqtab yozishing mumkin, xohlasang, tanqidlab yozolmasang ham “yozaman” deb xiralik qila olasan. Sening imkoniyating oldida mening bilimim bir pul.
– Bilimingga ishonasanmi, men senga ham bir tiyinsiz guvohnoma olib beraman.
– Yo‘g‘-e, ikkita guvohnomani nima qilaman?
– Hozirgina mendan misol so‘rayotgan eding-ku. O‘zingga o‘zing misol bo‘lib yurasan!
– …
– Endi menga qara! Bir qop guruchni kimga berganingni yozib bera olasanmi? Men senga shu guruchingni ham qaytarib beraman.
– Qo‘ying-ey! – sobiq komsomo‘l sizlashga o‘tdi. – Melisa do‘stimga gap tegib qolsa mendan xafa bo‘ladi. Keyin men yaxshilikka yomonlik qilgan bo‘laman. To‘g‘risi, biz guruchni to‘yga qa’da sifatida olib borganmiz. To‘y egasi bizni zo‘r siyladi. Umrimda bunaqangi hashamatli to‘yni ko‘rmagandim. Bir miriqib dam oldim shu kun. Bir kun osh yegan joyingga qirq yil salom ber degan.
– Demak yozib berolmaysan, shundaymi?
– Ha… endi o‘zbekchilik, yuz-xotir deganday…
– “Muxbirlar haqiqatni yozolmaydi” degan gapingda jon bor. Chunki senga o‘xshaganlar bu gapga hamisha jon ato etib turadilar. Ko‘rdingmi biz nima uchun haqiqatni yozolmaymiz. Chunki hamma senga o‘xshab gapidan tonadi. Senga qolsa yeringni kolxo‘z surib bersa, uyingni melisa qo‘riqlab yotsa, kasallansang do‘xtirlar o‘zidan-o‘zi davolayversa, magazinlarda joningga ne kerak bo‘lsa hammasi muhayyo va arzon narxda tursa. Sen bo‘lsang salgina ishladim deb oyog‘ingni uzatib yotaversang! Endi bunaqasi ketmaydi, do‘stim…
Avtobus eshigining “chass…-chuss…” qilaverishidan bezor bo‘lib ketdim. Tik turishga madorim qolmadi. O‘tirib olish ilinjida “kim tushar ekan” deya har bir o‘rindiq egasiga olazarak bo‘lib qarayman. Lekin buning uchun menga o‘xshab bo‘sh joy poylayotgan yo‘lovchilardan chaqqonroq chiqishim kerak. Yangibozorgacha ikkinchi o‘rindiqda o‘tirgan chol yonidan jilmadim. Chunki uning Yangibozorda tushib qolishini bilardim. Qarasam chol hali-beri tushadiganga o‘xshamadi. Tag‘in bir o‘rindiqdagi ayol sumkalarini yig‘ishtirayotganini ko‘rib, darhol uning yoniga borgan zahotim chol o‘rnidan turdi va bo‘shagan o‘rniga yoshgina bir qiz o‘tirib oldi. Tik turganida chiroyli ko‘ringan qiz, o‘tirganidan so‘ng ko‘z o‘ngimda ancha xunuk tortdi. Alamimdan endi shu joyimni o‘zgartirmaslikka qaror qildim. Bu orada qancha o‘rindiqlar necha marta bo‘shab, necha marta to‘lishdi, Xudo biladi. Bir soatlik vaqt nazarimda bir yilga cho‘zildi. Alyumin quvurdan yasalib, uzundan-uzoq mustahkam qilib o‘rnatilgan tutqichga mahkam yopishib olgan talaba yigitning qo‘lidagi soat naq peshonamga ro‘baro‘ bo‘lib qoldi. Soatga qancha tez qarasang vaqt shuncha sekin o‘tarkan. Ko‘zim ilinib uyquga ketaman. Seskanib uyg‘onaman. “Yarim soatcha uxladim” deb o‘ylab qarasam, bir daqiqa, ba’zan uch daqiqa o‘tgan bo‘ladi. Qulog‘im shang‘illay boshladi.
Buni bir necha kunlardan beri uxlamaganimning oqibati deb o‘yladim. Shu kunlarda negadir uyqusizlik kasaliga duchor bo‘lganman. Har xil narsalar ko‘zimga ko‘rinadi. Xuddi hayotimning so‘nggi lahzalarini yashayotgandekman. Hech kimni xafa qilgim yo‘q. Yaxshi so‘zlar aytib hammaning ko‘nglini olsam deyman. Odamovi bo‘lib qolganman. Duch kelgan odamga yaxshilik qilaveraman. Axir inson hayotining so‘nggi daqiqalari odamlar onggida qattiq muhrlanib qolishini o‘ylab, men haqimda yaxshi so‘zlar aytilishini juda-juda istayman. Eng yaqin kishilarimning bir nechtasi yorug‘ olamni ketma-ket tark etganidan so‘ng men shunday holatga tushib qolganman. Endi bu holatdan sira chiqa olmayapman. Kunlar ketidan kunlar, oylar ketidan oylar o‘tib borayapti. “So‘nggi daqiqalar”ning sira poyoni ko‘rinmaydi. “So‘nggi daqiqalar”ni yashayverib charchadim. Odamlarga soxta yaxshi inson bo‘lib ko‘rinishdan to‘yib ketdim. Qilgan yaxshiliklarim evaziga ular meni yolg‘ondakam maqtashardi. Men o‘lgandan keyin men haqimda qayg‘urishga ularning vaqtlari bo‘lmasligini, hamma turmush tashvishlari ichiga sho‘ng‘ib ketishini o‘ylab battar siqilaman. Nahotki yuz yillardan so‘ng hech kim seni eslamasa. Dunyoga kelib ketganingni hech kim bilmasa. Tubsiz bir qo‘rquv vujudimni kemiradi.
…Bir payt qo‘limga chivin kelib qo‘ndi. Diqqatim bo‘lindi. Asta o‘zimga kela boshladim. Nega men o‘zimni buncha nochor his qilishim kerak? Chivinlar ham yashayapti-ku biz bilan birga. Chivinning xatti-harakatini ko‘rib qoyil qoldim unga. O‘limga chap berish san’atini puxta egallagan shu mitti jonivordan nega saboq olmaymiz? O‘lim bilan boshqalarning rahmini keltirish lo‘lilik va xudbinlik ekanini o‘ylab o‘zimdan o‘zim uyalib ketdim. Nogiron va o‘ksik odamga o‘xshab birovdan marhamat so‘rashga moyillik mening tabiatimda borligini va buning illat ekanini hozir payqadim. Har bir odamning mukammal insondan bir joyi kam bo‘lishi ehtimol. Buni aniqlashning hech qiyin joyi yo‘q – “birovdan kam joyim bormi?” deyishning o‘zi kifoya.
Yo‘lovchilarning gap-so‘zlariga mening qulog‘im muhtoj bo‘lmasa-da, gap-so‘zlar qandaydir quloqlarga muhtoj edi. Ko‘zni yumish mumkin bo‘lsa-da, quloqni yumish mumkin emasligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Tovushlar lashkarini miyadan haydab chiqarishning iloji yo‘q.
Shundoqqina oldimda semiz xotin bilan ozg‘in juvon suhbatlashardi. Juvon hasratini to‘kib-soldi:
– Qaynonam o‘lmadi, men qutulmadim. Erim onasining chizig‘idan chiqolmaydi. Ona-bola ikkovlari bir bo‘lib allanimalarni tez-tez gaplashadi. Bir necha marta poyloqchilik qilib ko‘rdim, foydasi bo‘lmadi. Qayoqdanam tushib qoldim shu oilaga. Bir vaqtlar hamma meni kelin qilaman deb holi-jonimga qo‘ymasdi. Ne-ne yerlardan sovchilar kelishmadi. Hammasini qaytardim. Dilshodga tegishimni eshitgan tanishlarim menga nasihat qilishdi: “O‘zi yaxshi yigit-u, onasi sal chatoqroq, seni chiqishtirmaydi” deganlarida ham men: “O‘g‘li yaxshi bo‘lsa bo‘ldi, onasini menga qo‘yib beringlar” deganman. Men o‘zimga qattiq ishonardim. Chunki men har qanday yomon odam bilan ham inoqlasha olardim. Pazandalikmi, tikuvchilikmi, gul o‘stirishdan tortib jo‘ja boqishgacha hamma ishlarda yoshi kattalar ham mendan maslahat olishardi. Onamning ham mendan ko‘ngli to‘q edi. “Borgan joyingni bo‘ston qilasan sen, qanday oilaga tushsang ham til topisha olasan” derdi. Osmonlarda yurgan ekanman. Mana endi o‘tiribman bandi zindon bo‘lib. Bu oilada hamma qarg‘ab-so‘kib gaplashar ekan. Hamma narsa kir-chir. Idish-tovoq degani sira yuvilmas ekan. Besh o‘g‘il va bir erkatoy qiz har xil vaqtda ovqatlanadi. Kim ishdan kelsa darhol ovqat qoldig‘idan hidlanib ketgan laganlardan yaxshirog‘ini sovuq suvda chala-chulpa chayib, shunga ovqat solib beriladi. Ro‘zg‘orda dastasi singan bir pichoq, teshilgan elak, dastaning o‘rniga o‘qlov tiqilgan eski bolta, kajkardga aylangan bir necha o‘roq va shunga o‘xshaganlarni hisobga olmaganda deyarli hech nima yo‘q. Iloji boricha hech nima sotib olinmaydi, qo‘shnilardan so‘raladi. Kecha-kunduz tinim yo‘q. Kuni bilan dalada ishlaymiz. Kechqurun ovqatlanib, yana dalaga eshakaravada ketamiz.
– Kechasi dalada nima qilasizlar?
– Kolxo‘z hosilini yig‘ib olgan yerlardan makkajo‘xorimi, qovun-tuynakmi, lavlagimi, pomidormi, xullas, nima to‘g‘ri kelsa shuni yig‘ib kelamiz-da, ayvonchaga bosaveramiz. Kechasi bilan ishlab charchaganimdan ba’zan tongda uxlab qolaman. Shunda qaynonam baqirib-chaqirib eshikni tepa boshlaydi: “Tur, kuno‘rta bo‘lib ketdi. Sasib yotaversang, hamma yugurganda yugurmasang, shu kunlarda u-bu narsa yig‘ib qolmasang, qishi bilan tuvakdagi gullaringni yeysanmi?”
Yorilib ketgan qo‘llarim tikuvchilikni ham unutib yubordi. O‘stirgan gullarim “ko‘zga kuyuk” bo‘lib turibdi.
– Yiqqan narsalaringizning hammasini qishda yeb ulgurasizlarmi yoki bozorda sotasizlarmi?
– Qaynonam ziqna, bahorda yeysizlar deb o‘lchabgina beradi. Bahor kelishi bilan bosilib yotgan narsalar irib-chirib ketadi. Hammasini o‘zimiz yig‘ib olgan dalaning shundoq yonginasidan o‘tgan zahkash yoqasiga chiqarib tashlaymiz. Buzog‘i o‘smay qoladi deb sigirniyam sog‘dirmaydi qaynonam.Tovuqning tuxumini yedirmay, bozorga sottiradi.
Erim onasining oldida gerdayib menga do‘q urishni yaxshi ko‘radi. Buni o‘zi uchun emas, qaynonam uchun qilishini men yaxshi bilaman. Kuni bilan menga “do‘q urgan” erim bechora tuni bilan oyoq-qo‘llarimni uqalab chiqadi.
…Oyog‘im og‘rib ketganidan bir qadam nariga siljidim. Avtobusdagi har bir so‘z miyamga o‘qday sanchiladi. Boshimni qayoqqa tiqishni bilmayman. Qani endi bu g‘ildirakli bahaybat temir sandiqdan bir sakrab tushib qolsam. Boshim lo‘qillab shunaqangi qattiq og‘riyaptiki, avtobusning har bir silkinishidan yuragim zirillaydi. Miyam o‘rniga xuddi qo‘rg‘oshin quyulgandek. Hech kim menga yoqadigan gap gapirmaydi. Yaltiroq va yolg‘on bo‘lsa ham miyaga taskin bo‘ladigan so‘zlarni sog‘indim. Ammo bu yerda hech kim yolg‘on to‘qimasdi. Shu payt haydovchi oldidagi radiodan yoqimli bir qo‘shiq yangradi. Bunchalar orombaxsh bo‘lmasa bu qo‘shiq. Darvoqe, qo‘shiqdagi barcha so‘zlar yolg‘on edi. Men istagan yoqimli yolg‘on mujassam edi bu qo‘shiqda. Biz qo‘shiqlarni yolg‘on bo‘lgani uchun ham yoqtiramizmi yo… Nega hayotda yolg‘onlar buncha ko‘p? Menga o‘xshagan yolg‘onga o‘chlarning ko‘pligidanmi?
Avtobusdagi har bir bashara menga tanish bo‘lib qoldi. Qachonlardir xuddi shu avtobusda aynan shu vaziyat aniq takrorlanayotganga o‘xshardi. Har bir voqea ikkinchi marta takror yuz berayotgandek edi. Ha-ha! Hamma narsa tanish. Ana hozir nimadir sekin surilib kelib birdan tushib ketadi. Oldin ham shunday bo‘lgan edi. Eslaganday bo‘layapman. Rostdan ham avtobus shiftidan bir qarich pastroqqa o‘rnatilgan yuk qo‘ygichdagi plyonkadan ishlangan oq sumka “pot” etib oyoq ostiga tushdi. Qo‘rqib ketdim. Vujudimni vahima bosdi. Allaqanday tushuniksiz vahima. Har bir voqea menga bo‘ysunmay yuz berardi. Voqealar qarshisida men butunlay ojiz edim. Ojiz ham gapmi, umuman “nol” edim. Qo‘limni, barmoqlarimni qimirlatib ko‘rmoqchi bo‘ldim. Tutqichga yopishib qotib qolgan va oqarib ketgan panjalarimga qaradim. Barmoqlarim sekin qimirladi. Ularni aslo men qimirlatganim yo‘q. Men barmoqlarimning qimirlashini istadim, xalos va ular o‘z-o‘zidan qimirladi. Vujudimning hech bir a’zosi menga bo‘ysunmas, har biri alohida mustaqil harakat qilar, mening esa tomosha qilishdan boshqa choram qolmagandi. Shundagina men, mening ichimda yana bitta men borligini, qo‘l-oyog‘im menga tegishli emasligini sezib qoldim. Shundagina men “o‘zimdan o‘zim xafa bo‘ldim”, “o‘zimdan o‘zim quvondim”, “o‘zim bilan o‘zim qoldim”. Shundagina men “o‘zimdan ketib o‘zimga keldim”. Shundagina men har bir vujudda ikkita odam yashashini anglaganday bo‘ldim. Dunyodagi hamma narsa: har bir odam, har bir buyum, har bir voqea menga tanish va qadrdon bo‘lib qoldi. Men uchun notanish yoki begona narsaning o‘zi qolmadi.
Qulog‘imga eshitilayotgan xilma-xil tovushlar asta-sekin o‘z shamoyillarini yo‘qotib hammalari umumiy bir tusdagi tutunsimon shamolga aylanib, quloqlarim ostidan shuvillab o‘tib turardi. Hatto ana shu shuvillash ham menga juda tanish edi.
…Avtobus manzilga yetib kelganida, hamma lash-lushlarini yig‘ishtirib, o‘rnidan tura boshladi. Qoidaga binoan, yo‘lovchilar faqat oldingi eshikdan pattalarini ko‘rsatib tushishlari talab etildi. Ochiq qolgan orqa eshikdan avtobusga chiqqan bo‘ydor yigit: “Pullaringizga ehtiyot bo‘linglar, o‘g‘rilar bor!” – dedi-da, kimlar qaysi cho‘ntagini xavotirlanib ushlab qo‘yayotganini ko‘zlari xonasidan chiqib kuzatdi. Shu paytda uning sherigi oldingi eshik yonida ataylab tushirib yuborgan tiyinini enkayganicha o‘rindiqlar tagidan axtarib, yo‘lovchilarning tushishlariga xalaqit berardi. Hamma bir-birlarini itarib bor kuchi bilan oldinga intilar, orqadagi yigit esa: “Nimaga siljimayapsizlar, tezroq tushaylik. Qani, surildik!” – deya qisilib qolgan yo‘lovchilarni battar siqib kelardi. Avtobus ichida endi g‘ala-g‘ovur o‘rnini qiy-chuv egallab olgan, hamma bir-birini ayblab baqirar edi…