Oxiri, qoya ustiga tirmashib chiqib oldik. Oyoq-qo‘limizda majol qurigandi. Siyrak o‘t-o‘lanlar ustiga harsillab cho‘zildik. Bir necha kundan beri jag‘i-jag‘iga tegmay, hayvonot dunyosi haqidagi o‘zining ilmiy nazariyalari bilan garang qilgan hamrohim – poytaxtlik professorning ham allaqachon sasi o‘chgandi. U kirchil, keng ayvonli shlyapasini goh kiyib, goh qo‘liga olib yelpinar, bir inqillab, bir “uf-f” tortib bellarini, oyoqlarini uqalar edi. Men korjomamning cho‘ntagidan sigaret olib tutatdim. Yutoqib-yutoqib bir-ikki dud tortgach, badanlarimdagi zirqirash andak bosilib, charchog‘im quvilgandek bo‘ldi.
Biz sulayib yotgan yerdan tevarak-atrof yaqqol ko‘rinib turardi. Bir-biriga yelka tutgan tog‘lar, qoyalar, chuvalashib ketgan siyrak archazorlar, keng, tor daralar shundoqqina qo‘l uzatsak yetadigandek edi. Kun botar tomondagi yalanglikda jimir-jimir oqib yotgan soy, soy bo‘yidagi tog‘ ovulining pastqam, toshqoloq uylari elas-elas ko‘zga tashlanadi.
Meni mudroq bosa boshladi. Bahor quyoshining iliq tafti badanlarimizga moydek yoqib, tobora lanjligim oshib borardi. Professor qo‘llarini yostiq qilib, shlyapasini ko‘ziga qoplagan ko‘yi chinakamiga pinakka ketgandi. Bir payt shundoqqina biqinimizda toshlarning shaqir-shuquridan ikkovimiz ham barobar cho‘chib o‘girildik.
O‘n-o‘n besh qadam narida novcha bo‘yli, o‘siq sochlari to‘zg‘in, yigirma besh yoshlar chamasidagi bir yigit qadalib tikilib turardi. Uning egnidagi eski paxtalik kamzul, belini sirib turgan askarcha kamar, yelkasida qo‘shog‘iz miltiq, beixtiyor huv, kinolardagi partizanlarni eslatib yuborar edi.
– Kimsizlar? – deb so‘radi u allaqanday dag‘al ovozda.
– Partizanlar, – dedim ensam qotib.
Yigit qo‘pol kirza etigini sudrab bosgancha biz tomon yurdi. Shundoqqina tepamizga kelgach, yana qoqqan qoziqdek turib qoldi. Professor, diqqati oshib, achchig‘namo ohangda:
– Muborak qo‘lingizni bi-ir ushlab qo‘ysak, – dedi-da nozik, lo‘ppi qo‘llarini tepasidagi “qoziq” tomon uzatdi.
Yigit salomlashish endigina esiga tushib qolganday, shosha-pisha biz bilan qo‘l berib ko‘rishishga tushdi. Men uning rapidadek, dag‘al kaftiga kaft bosar ekanman, mulozamat yuzasidan iljayib qo‘ydim. Lekin notanish yigit iljaymadi. Miltig‘ini yelkasidan qo‘liga sidirib olib, yonimizdagi g‘adir-budir xarsangga orqasini qo‘yarkan, goh menga, goh professorga qadalib-qadalib tikilishda davom etdi. Ochiq gap, uning o‘tkir nigohlariga tob berish qiyin edi. Shuning uchun ham biz beixtiyor ko‘zimizni duch kelgan tomonga opqochardik. Eng g‘alatisi, ikkovimiz ham uzatilgan oyoqlarimizni allaqachon yig‘ishtirib, hurmatli bir zot huzurida o‘tirgandek yuvosh tortib qolgandik.
– Men viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasining mas’ul xodimi, – dedim go‘yo shafqat so‘rayotgan tutqunday, – bu kishi esa… katta olim, poytaxtdan kelgan.
Notanish yigit andak muloyimlashgan qiyofada “ma’qul” degandek bosh irg‘ab qo‘ydi. Biroq, nazarimda, “o‘rmon xo‘jaligi”dan boshqa hech vaqoga tushunmadi, shu sabab menga sinovchan tikilib:
– Mehmonmisizlar? – deb so‘radi.
Men qanday javob bersam bu turqi sovuqqa yoqishni o‘ylab picha chaynalib qoldim.
– Yo‘q, – dedim, oxiri chinini aytishga bel bog‘lab, – kattalar maxsus topshiriq bilan yuborishgan. Shu atrof katta qo‘riqxona bo‘ladi, biz shart-sharoitni o‘rgangani keldik.
Sho‘rim qisdi-yov, yigit bir zum ilgarigidan battar chaqchayib tikilib qoldi, so‘ng:
– Qo‘riqxona… – dedi dimog‘idan masxaraomuz kulib.– Kimdan nimani qo‘riqlaysizlar?
Men “hammasi tushunarli-ku”, degan ma’noda yelka uchirib, muloyim tabassum qildim.
– Men ovchiman, – dedi yigit, so‘ng yalanglik tomon iyagi bilan ishora qilib qo‘ydi, – mana, shu ovulda yashayman…
Biz hali ovulda bo‘lmagan edik. Biroq:
– Ja-a, zo‘r joylar ekan, – deya professor gapni ilib ketdi. – Odamlari ham oqko‘ngil, mehmondo‘st…
Oraga picha vaqt o‘ng‘aysizlik o‘rnashdi.
– Sizlar shaharliksizlar-a? – deb so‘rab qoldi nogoh ovchi yigit, allanechuk sergaklanib. Biz ehtiyotkorona bosh irg‘ab qo‘ydik. Ovchi yigit yerga o‘ychan tikildi, nazarimda, uning o‘tkir ko‘zlari ma’yus tortib qolganday bo‘ldi.
– Otamni shaharliklar o‘ldirgan, – dedi u pichirlab.
– Yo‘g‘-e, qanday qilib, – so‘radim astoydil ajablanib.
Professor ham ko‘zlarini aybdorona pirpiratgancha ovchiga yuzlandi:
– Yo‘g‘-e, qanday qilib?
Ovchi yigit qo‘l siltab:
– E, bu uzun doston, – deb qo‘ydi. Biroq o‘sha “uzun” doston”ni gapirib bergisi kelayotgani yuz-ko‘zidan sezilib turardi. Professor ovchi yigitning kayfiyatini darrov ilg‘adi, shekilli, yaqinroq surilib:
– Agar malol kelmasa… aytib bering, – deb ming‘irladi.
Ovchi yigit xo‘rsinib bosh qashladi. So‘ng negadir bizga emas, goh osmonga, goh oyog‘i ostidagi toshlarga termilib, o‘ziga o‘zi so‘zlaganday o‘sha “uzun doston”ni boshladi…
* * *
Otam bo‘yi ikki quloch, qo‘rg‘oshindan quyulganday qoruvli, qizg‘ish soqoli yarashiqli, serg‘ayrat ovchi odam edi. U uchib borayotgan qushning ko‘zidan ura oladigan mergan bo‘lgan, desam balkim ishonmassiz. Lekin ovulimizda hamma bunga iqror. Otamning o‘tkir ko‘zlariga tashlanib qolmaslik uchun menman degan yirtqich jondorlar ham qochib-pisib yurardi. Huvv, kunchiqarga qarang, to‘shida bulutlar chodirday to‘shalib yotgan oq qalpoqli cho‘qqilarni ko‘ryapsizmi, otamning poyi-qadami hatto o‘sha yerlarga ham yetgan, o‘sha odam bormas qoyalarda ham o‘ktam ovozi jaranglagan, endi bu tevarakni qo‘ya berasiz…
Men besh qiz ichida yolg‘iz o‘g‘il edim. Biroq otam hech qachon erkalamas, kerak bo‘lsa, tez-tez kaltaklab ta’zirimni berib turardi. Lekin baribir otamni juda yaxshi ko‘rardim. Esimni tanib, songa kirgan yoshimdan boshlab otam meni ham tez-tez ovga ergashtirib chiqadigan bo‘lib qoldi.
Kunlar shu zayl orom o‘tib borardi. Kutilmaganda boshimizga musibat tushdi. Adashmasam, o‘sha kezlar o‘n sakkizni qoralab qolgandim. Qorli, bo‘ronli bahor kunlarining birida xonadonimizga ko‘rgilik doridi. Vaqt peshindan oqqan mahal edi. Men hovlida terlab qor kurab yotardim. Bir payt og‘il tarafda bog‘liq yotgan itimiz irg‘ishlab vovullay ketdi. Sergaklanib, yarim ochiq darvoza tomon o‘girildim. U yerda ikki notanish – biri o‘rta yashar odam, biri menga tengqur o‘spirin qunishibgina turardi. Ust-boshlaridagi qimmatbaho, po‘rim kiyimlari ularning shaharlik ekanidan darak berardi. Shu orada bog‘ tarafdan otam chiqib kelib, ular bilan ko‘rishdi, uyga taklif qildi. Mehmon amaki otam ortidan uy tomon yura turib men bilan ham ipakdek eshilib salomlashdi. So‘ng qo‘ltig‘idagi qo‘ppaygan xaltasini qo‘limga tutqizdi-da: “Buni ichkariga olib kiring, jiyan”, deb shipshidi. Har xil shirinliklar, bir-ikki qatlam ayollarbop mato bo‘y ko‘rsatib turgan bu xalta ularning sovg‘a-salomi ekanligini payqadim. Ammo xalta qo‘limdan sirg‘alib tushib ketishiga oz qoldi. Axir anovi mehmon bolaga beixtiyor angrayib qolgandim-da. Rangi oppoq, ozg‘in, qizlarnikidek shahlo, qop-qora ko‘zlari chuqur-chuqur botgan, yupqa lab, do‘ngpeshona bu og‘ayni, hoynahoy, kasal edi. Kallasi o‘z holicha tinmay tebranib turardi. Oradan ko‘p o‘tmay, mehmonlar bilan gurung chog‘i ularning ota-bolaligi, yigitchaning chindan-da dardmandligi, hatto tildan qolganligi oyday oydin bo‘ldi.
O‘sha kech qo‘noq uchun bir echki so‘yilib, qozonga solindi, chog‘roqqina mehmonxonamizga qalin ko‘rpalar to‘shalib, ko‘pdan beri olov ko‘rmagan pechiga archa o‘tin yoqildi, ishqilib, uzoq shahardan kep qolgan mehmonlarning izzati joyiga qo‘yildi.
Ha, shu oqshom uyimizga chinakam bir begona ruh, begona ob-havo kirib kelgandi. Mehmonxonamiz ota-boladan anqiyotgan, bizning dimog‘larga hali yot bo‘lgan, allaqanday o‘tkir atir hidiga bo‘kib ketdi. Men choy quyib uzatib o‘tirarkanman, mehmonlarni zimdan kuzatib-kuzatib olardim. Ular toshqoloq devorlari g‘adir-budir, pastakkina uyimizga, burchakda osig‘lik qora chiroqning xira yorug‘iga ko‘nikolmay, besaranjom o‘tirishardi. Kasal bola xumday kallasi tebrangan ko‘yi goh chirsillab yonayotgan olovni, goh chiroq shu’lasida akslanayotgan soyalarimizni angrayib-angrayib kuzatar, onda-sonda otamning yuzidagi, bir paytlar ayiq bilan olishuvdan qolgan chandiqqa qo‘rqa-pisa ko‘z tashlab olardi. Otasi esa, go‘yo tinchlantirmoqchiday, tez-tez uning nozik, oppoq qo‘llarini silab-silab qo‘yardi. Nazarimda, shunday kezlar mehmon amakining oq oralagan siyrak sochlari battar oqarib, salqi qosh-qoboqlari, lab-lunji tag‘in osilib ketganday tuyuldi. U goh yonboshlab, goh chordona qurib, otam bilan suhbatlashar, o‘zini dalli-g‘ulli ko‘rsatishga tirishar, ammo xayollari parishon edi. Men uning uzundan uzoq gap-so‘zlaridan katta bir idoraning xo‘jayini ekanini, bir tashvish sabab tog‘u toshlarga qadam bosganini arang angladim. Ular avval ovulimizni, so‘ngra uyimizni topguncha xo‘b qiynalishibdi. Mashinalari bu yoqlarga yurolmay, uni ovuldan o‘n chaqirim naridagi geologlar qo‘nalg‘asida qoldirishganmish. Bir oqsoq cho‘ponning ko‘magi bilan biznikini arang topib kelishibdi.
Otam, nasib etsa, bahorda qizlarga sep yiqqani shaharga borish taraddudida ekanligini aytgandi, mehmon amakiga jon kirdi. U “To‘ppa-to‘g‘ri biznikiga boravering, o‘zim hamma xizmatingizni bitiraman”, deb chiroyli kostyumi cho‘ntagidan kaftdekkina qog‘oz, tillarang, g‘alati bir ruchka chiqardi. So‘ng qog‘ozni tizzasiga qo‘yib, tez-tez allanimalarni yozdi-da, “Mana, mening adresim”, deya otamga uzatdi. Otam mamnun bosh irg‘ay-irg‘ay qog‘ozni olib, uni o‘zicha uzoq ko‘zdan kechirdi, keyin eski, yag‘ir telpagining qatlangan joyiga qistirib qo‘ydi. Otamning qiliqlarini, hoynahoy, kuzatib turgan bo‘lsa kerak, men kasal bolaning yupqa, qonsiz lablari qoqsuyak chakkalari tomon charmday cho‘zilib ketganini ko‘rdim. “Ay, shaharlik-a, biz tog‘liklarning g‘o‘rligidan kulasan-a”, deb hazillashgan bo‘ldi otam, shekilli, u ham kasal bolaning iljayganini payqab qolgandi. Shu bahona bo‘ldi-yu, mehmon amaki uzuq-yuluq qilib, o‘g‘lining dardi haqida gap qo‘zg‘adi.
Shaharlik bolaning bunday chalajon bo‘lib qolganiga ham roppa-rosa uch yil to‘libdi. Qish kunlarining birida maktabda allaqanday kasallikka qarshi emlashibdi-yu, oradan chorak soat o‘tar-o‘tmas, bola tildan qolib, kallasini tutib turolmaydigan ahvolga tushibdi. Bu ko‘rgilikning sababini hech kim aniq aytib berolmaganmish. Birov o‘sha em dori me’yoridan ortib ketgan desa, yana allakim bola qattiq qo‘rqqan, igna nozik asab to‘qimalarini zararlantirgan, deya tusmol qilibdi.
– Davo istab bormagan joyimiz qolmadi, – dedi mehmon amaki qop-qora deraza tomon xomush tikilib. – Ne-ne professorlarning, a’zayimxon tabiblarning ostonasiga bosh urdik, afsus… hech naf yo‘q. Yaqinda bir tabibga uchrashib ichimiz sal yorishdi, ovchi tog‘a. U kishining gapiga qaraganda, bunday kasallarning besh-oltovini hech ko‘rmaganday tuzatib yuborgan ekan. “Qo‘rqmanglar, aytganlarimni oqizmay-tomizmay bajarsalaring, bolangiz bulbulday sayrab ketadi”, deyapti u…
Bolaning kasaliga xuddi aybdorday bosh egib, qoboq uyub o‘tirgan otamga jon kirdi.
– Xo‘sh-xo‘sh… – dedi u, – nima qilish kerak ekan?
Mehmon amaki picha jim qoldi. Nozik, ingichka barmoqlari bilan siyrak sochlarini taroqlay-taroqlay, otamga javdirab tikildi.
– Endi… bu yog‘i sizga ham bog‘liq, ovchi tog‘a, – uning tovushi tobora titrab chiqardi. – Bolaga tirik bo‘rining issiq qonidan ichirish, terisini shilib, ustiga yopintirish kerak ekan… – u shunday deya dag‘-dag‘ qaltirayotgan qo‘llarini otam tomon iltijoli cho‘zib, tag‘in hirqiradi, – “Yo‘q” demang, jon ovchi tog‘a, dovrug‘ingizni eshitib, atay sizni izlab keldik, o‘la-o‘lguncha xizmatingizda bo‘laman…
Otam og‘ir so‘lish olib, xiyol qaddini tikladi. Xonaga og‘ir jimlik cho‘kdi. Burchakda miltirabgina turgan chiroq battar xira tortganday bo‘ldi. Bu orada mehmon bola yostiqqa yonboshlab pinakka ketgandi.
– Bo‘rini tirik tutish qiyin, – dedi otam past, xotirjam ovozda.
– Yaradori ham bo‘laveradi, – deb shosha-pisha gapga qo‘sh soldi mehmon amaki. – Tabibdan so‘raganman, yaradori ham bo‘laveradi, ishqilib, joni chiqmagan, qoni issiq bo‘lsa, bas…
– Yarador qilish ham qiyin, – dedi otam tobora tundlashib. – Bo‘ri juda ziyrak hayvon.
Mehmon tag‘in yalinishga zo‘r berdi:
– Endi, bir iloj qiling, jo-on, ovchi tog‘a, noumid qaytarmang, xizmat haqqi xohlaganingizday bo‘ladi.
Otam qansharidagi chandig‘ini qashib ancha payt mum tishlab o‘tirdi.
– Yaxshi, – dedi nihoyat. – Qani, tong otsin-chi, u yog‘iga ham xudo poshsho… bir gap bo‘lar. – So‘ng menga yuzlandi: – Mehmonlarga o‘rin-to‘shak qilib ber, bolam.
Ertalab cho‘chib uyg‘onganimda kun xiyla yorishgan, deraza ortida chumchuqlar chirqillashayotgan edi. Qunishib tashqari chiqdim. Otam ov anjomlari saqlanadigan omborxonada kuymalanib yotardi.
– Uyg‘ondingmi, – dedi menga ko‘zi tushgach, – Qashqaqoyadagi bo‘ri uyasi esingdami, sahar borib tekshirib ko‘rdim, qanjiq bo‘ri ovga chiqqan, qaytishida urib olsak bo‘ladi, shoshilish kerak, bolam.
Otam so‘nggi so‘zlarini aytayotganda ko‘zlarida allanechuk uchqunlar porlab, burun kataklari ovchilik ilhomidan titrab ketdi.
Biz shoshilinch yo‘lga otlandik. Mehmon ota-bolani eshakka mindirib, o‘zimiz yayov jo‘nadik. Yon-atrof oppoq, qalin qor bilan qoplangan. Havo ochiq. Tog‘lar ortidan charaqlab bo‘y ko‘rsatayotgan bahor quyoshi nuridan qor yuzasi sim-sim zardek tovlanadi, qadalib qaragan ko‘zlarni qamashtiradi. Biz siyrak archazorlarni oralab o‘tgan so‘qmoq bo‘ylab dam sayin yuqorilab borardik. Men mehmonlarga, ayniqsa, anovi kasal bolaga tez-tez ko‘z tashlab qo‘yardim. Kallasidagi qusurini aytmasa, u sira dardmandga o‘xshamasdi. Ko‘zlari chaqnagancha tevarakka yutoqib termular, eshak ustidan uzalgan ko‘yi qorga belangan archa barglarini tortqilab-tortqilab o‘ynoqlar, o‘zicha mamnun iljayar, ishqilib, dimog‘i chog‘ edi. Aftidan, u qayoqqa ketayotganimizni bilmas, to‘g‘rirog‘i, bunga ahamiyat bermasdi.
Oxiri, bir soatdan ko‘proq qichab yo‘l yurgach, ko‘zlangan manzilga, Qashqaqoya etagiga yetib keldik. Bizdan xiyla ilgarilab ketgan otam chimrilgan ko‘yi betoqat kutib turardi. “Bu yog‘iga hammamiz yayov boramiz”, dedi u. Men eshakni panaroq bir archa shoxiga bog‘lab keldim. Ulkan-ulkan archalar, xarsang toshlar oralab tag‘in jo‘nadik. Oradan yana chorak soatlar vaqt o‘tdi. Bizdan besh-olti qadam ilgari ketayotgan otam birdan yonboshlab, o‘zini xarsang panasiga oldi, bizga ham “pusinglar” ishorasini qildi. Negadir uning rangi bo‘zarib, ko‘zlariga o‘ychanlik soya tashladi. “Ob-bo, kechikdik, – deb bosh chayqadi otam, biz pusib unga yaqinlashgach. Qanjiq bo‘ri ovdan qaytibdi”. Men o‘zim avvaldan yaxshi biladigan, bo‘ri uya qurgan qiyalik tomon poylab ko‘z yugurtdim. Ha, bizdan yuz-yuz ellik qadam narida, chog‘roqqina kungay yalanglikda kulrang bo‘ri tumshug‘ini oyoqlariga qo‘yib, xotirjam cho‘zilib yotar, tevaragida mitti-mitti to‘rt bolasi bir-birini tortqilab o‘ynoqlardi. Men ham ovchilikdan uncha-muncha xabardorligimdan qaltis vaziyatga yo‘liqqanimizni angladim. Bo‘riga ayni mahal hech bir tarafdan yaqin borib bo‘lmasdi! Muncha masofadan turib aniq nishonga olish, amri mahol edi. Ustiga ustak, yonida bolalari… Bunday payt menman degan ovchi ham o‘q uzishga botinolmaydi. Ichi-tashim muzlab otamga o‘girildim. Otam qansharidagi chandig‘ini qashlab butkul o‘yga cho‘mgandi. Bu orada mehmon amaki ham mo‘ralab bo‘rilarni ilg‘adi, so‘ng hech vaqoga tushunmay, goh bizga, goh tevarakka qiziqsinib alanglab turgan o‘g‘liga imo-ishora bilan, “Ana, u yoqqa qara”, deb shipshidi. Kasal bola ham bizga taqlidan, hammamizni tashvishlantirib qo‘ygan tomon pisib mo‘raladi.
Biroq uning oriq, oppoq yuziga biznikidek o‘ychanlik inmadi, qaytam, ko‘zlari porlab, iljaygan ko‘yi tomoshaga berilib ketdi. Hatto irg‘ishlab o‘rnidan turib ketishiga oz qoldi, otasi uni arang panaga tortdi, imo-ishora bilan po‘pisalar qildi, bu qilig‘i yaxshi emasligini uqtirdi.
Otam qo‘lidagi miltig‘ini obdon ko‘zdan kechirdi, belidagi uzun tig‘li pichog‘ini paypaslab qo‘ydi, ov xurjunini men tomon surdi, Uning qandaydir qat’iy qarorga kelganini tushundim. “Qo‘rqma, o‘g‘lim, hali hech qachon uyatga qolmaganmiz”, deb qulog‘imga shipshidi otam, so‘ng olg‘a emaklab ketdi. Biz uni hayajon bilan kuzata boshladik. Otam tag‘in yigirma-yigirma besh qadamlar oraliqqa toshlar oralab pusgancha o‘rmalab bordi. Keyin “lip” etib o‘rnidan turdi-da, to‘ppa-to‘g‘ri bo‘rilar tomon yurdi! U miltig‘ini orqasiga yashirishga tirishardi. Otam besh-olti qadam qo‘yar-qo‘ymas, qanjiq bo‘ri boshini shahd bilan ko‘tarib o‘girildi. Hatto biz ham uning otamga qahrli tikilgan ko‘zlarini, dikkaygancha pirpirayotgan quloqlarini yaqqol ko‘rdik. Bo‘richalar esa hurkib, onasining pinjiga suqildi. Otam bo‘rilarni nogoh uchratib qolgandek, bir zum qotdi-da, o‘ng tomondagi archazorga o‘zicha qocha boshladi. Ona bo‘ri u tomon quyunday qo‘zg‘aldi. Baquvvat, uzun oyoqlari ostidan qor sachratib uch-to‘rt sakrashdayoq otamga yaqinlashdi. Shu payt otam ilkis orqaga burildi. Burildi-yu, birdan o‘q ovozi gumbirladi. Biz jon holatda ko‘kka bir sapchib qulayotgan bo‘rining serjun bo‘g‘zidan tirqirab qon otilib ketganini yaqqol ko‘rdik. Kulrang jondor shundoqqina otamning kirza etiklari yonida qor to‘zg‘itgancha chirpirak to‘lg‘onib qoldi. Otam ehtiyotkorlik bilan o‘zini chetga tortib qichqirdi:
– Idishni opke-e-el!
Men xurjundan sopol kosani olib, jonu jahd bilan olg‘a otildim-u, ko‘z ochib yumguncha otam oldida paydo bo‘ldim. Shu payt… shu payt tog‘u daralarni achchiq bir qichqiriq tutib ketdi. “A-a, a-a!”
Biz “yalt” etib ovoz kelgan yoqqa qaradik. Qaradig-u, ko‘zlarimizga ishonmadik. Axir, bu tovush, bu achchiq qichqiriq o‘sha shaharlik bolaniki edi!
“A-a-a-a!” – u shunday chinqiriq bilan qoqila-surilgancha biz tomon yugurgiladi. Otam ikkimiz angrayib qoldik. Mehmon amaki bir zum kalovlanib turdi-da, shodon qiyqirib o‘ynoqlay ketdi: “Tilginangdan, ovozingdan bolam…”.
Shaharlik bola pixillab-xirillab jon berayotgan ona bo‘riga gandiraklagan ko‘yi yaqin keldi. Uning kallasi avvalgidek tebranmas, qop-qora ko‘zlari chaqchayib boqar, yupqa, qonsiz lablari yana bir qichqiriqqa hozirlanganday pir-pir uchardi. Bola chalajon jondorga, o‘q ovozi gumburlagandayoq bo‘ri bolalari tirqirab qochgan uya tomon bir zum ola-kula boqib turgach, shahd bilan otamga yuzlandi. Yuzlandi-yu, mutloq sog‘lom bir tovushda vahimali shang‘illay ketdi:
– Nega otdingiz, nega? Endi bolalari nima bo‘ladi?
Shu orada quvonchdan entikkancha yetib kelgan otasi o‘g‘lini quchoqlab, “tilingdan, tilingdan…” deya o‘pishga urinib ketdi. Biroq bola, go‘yo tuzalganidan pushaymondek, otasining qo‘llarini siltab tashlab, goh chalajon bo‘riga, goh otamga chaqchaygancha qarab turardi. Mehmon amak esa hovuri bosilmay, hansiragan ko‘yi, po‘rim po‘stinining ichki cho‘ntagidan bir dasta pul chiqarib, qiyqirgancha otamning boshidan sochib yubordi. Yana bir dastani g‘oyat chaqqonlik bilan mening seryamoq cho‘ntagimga tiqib yubordi.
Shu payt otamning qop-qora terga botgan ko‘yi dag‘-dag‘ titrashga tushganini nogoh sezib qoldim! Miltiq, haligina men uzatgan sopol kosa allaqachon yerparchin bo‘lib qorga qorishib yotardi. “Ota-a!” – deya beixtiyor qichqirib yubordim, birdan ichu tashim muzlab. Ammo otam javob bermadi, goh oyoqlari ostida so‘nggi nafasini olayotgan ona bo‘riga, goh shaharlik bolaga javdiray-javdiray qon sachragan qor ustiga behol o‘tirib qoldi. Men ilkis olg‘a otilib, uning yelkalaridan quchdim. “Ota-a, bizni qo‘rqitmang, ota!” U qalin-qalin lablarini qimtib-qimtib gapirmoqchi bo‘ldi, biroq uddalay olmay qo‘l siltab qo‘ydi. Men shunda… shunda achchiq bir haqiqatni angladim: otam tildan qolgandi!
Shaharlik bola ko‘zlari battar olayib, beixtiyor orqaga tisarildi. So‘ng bir ingranib, vahima bilan ovul tomon chopa ketdi.
Mehmon amaki hamon o‘sha quvonch qalqib turgan tovushda: “Iya-iya, ovchi tog‘a, sizga nima bo‘ldi? Hazillashmang-ey”, deb otamga parvona bo‘la boshladi.
Men ko‘z oldim qorong‘ilashib unga qichqirdim: “Yo‘qo-o-ol, otamni yedilaring!”. Beixtiyor paypaslanib yerdan miltiqni oldim. Mehmon amaki, “iya, jiyan, o‘zingizni bosing, odam otishning javobgarligi bor-a?!” deya g‘udranib, qalt-qalt titragancha orqaga tisarildi, so‘ng, o‘nglanib o‘g‘li ortidan yo‘rg‘alab qoldi.
Men butkul o‘zimni yo‘qotib, esankirab qolgandim. Otam ovulga qaytishni istamasdi. Yolvorib yetaklamoqqa chog‘lansam, qo‘llarimni siltab tashlab, “o‘zing ketaver” deganday imo-ishora qilar, xarsanglarning biriga omonatgina cho‘nqayib, uzoq-uzoqlarga javdirab termular edi. Vahima bosib yig‘lab yubordim. Bir payt orqamdan qadam tovushlari eshitilganday bo‘ldi. Qarasam, uch-to‘rt ovuldosh hovliqib kelishyapti. Tanish odamlarni ko‘rib, negadir, baralla ho‘ngrab yubordim.
Ular ovul oralab g‘alati-g‘alati qiyofada orqa-oldiga qaramay o‘tib borayotgan ota-bolani ko‘rib qolishgan ekan. Ajablanib, so‘rab-surishtirgach, bizning mehmonlar ekanini bilishibdi. So‘ng, ovuldoshlar, “Bu yerda bir sir bor-ov”, degan shubha bilan to‘ppa-to‘g‘ri uyimizga borishganmish. Enam bizning mehmonlarni boshlab Qashqaqoyaga chiqib ketganimizni, hamon qaytmaganimizni, o‘zi ham yuragi xijil tortib xavotirlanayotganini aytibdi. Ovuldoshlar o‘zaro ma’noli ko‘z urishtirib, darhol Qashqaqoya tomon jo‘nashibdi.
O‘sha kun kechga yaqin chalajon otamni bir amallab uyga orqaladik. Men yo‘l-yo‘lakay uzuq-yuluq qilib ularga bo‘lgan voqeani aytib berdim. Ovuldoshlarni ham allanechuk vahima bosdi. Ulardan biri “Ovchini qon tutgan”, desa, yana biri “o‘sha shaharlik bolaning kasali yuqqan”ligiga sha’ma qildi.
Otam bir paytlar chin ovchilar yo qoyadan uchib, yo yirtqichlar bilan olishib o‘lim topishini menga uqtirar, hatto bu haqida qiziq-qiziq cho‘pchaklar aytib berar, bir kun kelib, o‘zi ham shunday ajalga yo‘liqishiga ishonib g‘ururlanar edi. Otam o‘sha tundayoq qo‘l-oyog‘i tarashadek qotib, ko‘rpa-to‘shakka mixlanib qoldi. Oradan bir hafta o‘tgach, jon berdi. Men o‘shanda otamning go‘yo qismatidan, o‘limidan roziday, yuz-ko‘zida allanechuk tabassum qotib qolganini ko‘rdim…
* * *
Ovchi yigit “endi tamom”, deganday birdan jimib qoldi.
– Ha, hayot shunaqa achchiq, – dedi og‘ir bir so‘lish olib professor, go‘yo azadordan ko‘ngil so‘raganday. – Xafa bo‘lmang, uka…
Men ham o‘zimcha, “Ha, taqdir-da, taqdir”, deb ming‘irlab qo‘ydim. Lekin ko‘nglimning bir cheti xiragina yorishib turardi: chunki “uzun doston” men qo‘rqib kutgandan boshqacha xotima topdi. Boya ovchi yigit, “Otamni shaharliklar o‘ldirgan”, degani uchun “uzun doston” davomida muqarrar bir pichoqbozlikni, otishmani kutgandim. Yo‘q, xudoga shukr, unday bemaza bo‘lib chiqmadi. Shu sabab ovchi yigitning ko‘zini shamg‘alat qilib, sherikka shipshidim:
– Bu o‘limda shaharliklar “ni prichyom-ku”…
Gapim yoqmadi, shekilli, professor bir chimirilib qo‘ydi. So‘ng qo‘l soatiga ko‘z tashlab, “kechikyapmiz” ishorasini qildi.
– Endi uka, bizga ruxsat, – dedim sipogarchilikni qo‘ldan bermay. – Huvv, soy bo‘yida sheriklar, mashina kutib qoldi.
Ovchi yigit o‘z xayollariga shunchalar berilib ketgan ekanki, beixtiyor cho‘chib tushdi. Ikkovimizga uyqusirayotganday bir-bir qarab chiqdi…
– Ketasizlarmi?
Biz bosh irg‘ab, o‘rnimizdan qo‘zg‘aldik. Qo‘l-oyoqlari, beli xuddi menikidek hamon zirqirab yotgan bo‘lsa kerak, professor yuzlarini ayanchli burishtirib, ixrab yubordi.
– Haligi, – dedi ovchi yigit o‘rnidan qo‘zg‘alarkan bir menga, bir sherigimga ko‘z tashlab, – qo‘riqxona qurishlaring chinmi?
Men tag‘in qanday javob ovchiga yoqishini bilmay chaynalib qoldim. Professor, har qalay professor-da, darrov mo‘ljalni to‘g‘ri oldi:
– E, hammasi xom gap, uka, – dedi u o‘zicha beparvo qo‘l siltab, – hech tashvish tortmang.
Ovchi yigit chippa-chin ishondi, shekilli, yuz-ko‘zida shodlik sharpalari kezindi.
Biz xayr-xo‘shlashib, ehtiyotkor qadamlar bilan pastga – yalanglikka tusha boshladik.
– G‘alati odamlar ekan-a, – dedim hiringlab.
Professor chaqir toshlar, sertikan o‘t-o‘lanlar bilan qoplangan so‘qmoqchadan ko‘z uzmay, “him-m” deb qo‘ydi.
Nihoyat, yalanglikka endik. Men qo‘rqa-pisa bundan chorak soat avval o‘tirgan tomonimizga – qoya cho‘qqisiga ko‘z tashladim. Ko‘z tashladim-u, “Anovini qarang!” deb yubordim, beixtiyor sherigimni turtkilab. Xayolchan ketayotgan professor bir cho‘chib, men ishora qilgan yoqqa alangladi.
Qoya cho‘qqisining tik qirg‘og‘ida, turtib chiqib turgan xarsang ustida ovchi yigit mag‘rur qad kerib turardi.
– Nima balo o‘zini tashlamoqchimi u? – dedim chinakamiga xavotirlanib. Chunki uning ovchilar qanday o‘lim topishi haqida aytganlari hamon qulog‘im ostida jaranglab turardi.
– Yo‘-o‘q, – dedi professor o‘ychan, – ovchi bizni kuzatib qo‘yyapti. To manzilga yetgunimizcha shunday turaveradi u.
Biz xotirjam burilib yo‘lda davom etdik…
“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 11-son