Ertalab uchqunlay boshlagan qor peshin payti gupillab, chinakamiga yog‘a ketdi. Uchib-o‘ynoqlab yerga, dov-daraxtlarga qo‘nayotgan pag‘a-pag‘a qor hash-pash deguncha chor-atrofni harir oqlikka burkab tashladi. Idora derazasidan bu ajib manzarani kuzatib o‘tirgan Zarif tobora zavq-shavqqa chulg‘anib borar, qiyqirgan ko‘yi tashqariga otilib chiqqisi, qor qalin to‘shalgan yerlarda umbaloq oshgisi kelardi. Birinchi qor!
Hali yosh bo‘lishiga qaramay tepa sochi to‘kila boshlagan, biqqa semiz hamxonasi tomon Zarif iljayganicha ko‘z tashladi. Hamxona stoliga muk tushgan ko‘yi shapaloqdek qo‘l telefonining yoniq ekraniga termilib o‘tirardi.
– Sayfulla, qorxat nimaligini bilasizmi?
– Bilaman, – deb ming‘irladi hamxona qo‘lidagi matohdan ko‘z uzmay. – Birinchi qor yoqqan paytdagi yozishma-da. Bu ja-a almisoqdan qolgan o‘yin, hozirgi zamonda hech kim bunday xatlar yozib yurmaydi…
Zarif otashin muxlisday chapak chalib o‘tirgan joyida irg‘ishlab qo‘ydi.
– Ha, qoyilman sizga, bir umr qorxat yozgan odamday gapirdingiz.
Hamxonasining g‘alati bir jo‘shqin kayfiyatga kirib borayotganidan Sayfulla battar ajabsindi. Ishga qunishibgina kelib, qunishibgina ketadigan Zarif shumi?! Tilla topgan tentakday muncha yal-yal tovlanadi? Yo… kimdir lavozimini oshirishga va’da berdimikan?
– Ha, qorxat ajoyib o‘yin-da, – dedi Zarif hamxonasining o‘ziga qiziqsinib qarab turganiga e’tibor bermay. – Bu o‘yinda yutgan ham yutqazgan ham bab-baravar yayraydi, hayotning ta’mini tuyadi…
Uning to‘satdan so‘zamol bo‘lib qolganidan Sayfulla tag‘in shubhaga bordi.
– Do‘stim, bugun tushlikda oz-moz… – hamxona tomog‘i tagiga namoyishkorona chertib qo‘ydi. – A, topdimmi?
Zarif Sayfullaning imo-ishoralariga deyarli e’tibor bermadi. Ayni paytda uning yuragi sog‘inchmi, qo‘msashmi, shunga o‘xshash totli hislarga to‘lib-toshib borar, tinimsiz hazillashgisi, qah-qah otib kulgisi kelardi. Ko‘z o‘ngida xuddi qor uchqunlari kabi olis xotiralar charx urib yurar, beg‘ubor bolalik qiy-chuvi quloqlari ostida jaranglar edi. Birinchi qor yoqqan kunlari qishloqda chinakam bayramona kayfiyat paydo bo‘lardi. Kattayu kichik bir-biriga qorxat yozishar, o‘yin qoidasiga ko‘ra bir-birini quvlab yurardi. Rosa qiziq bo‘lardi-da o‘ziyam…
“Qorxat yozaman”, – xayolidan chaqinday chaqnab o‘tdi uning.
Lekin kimga yozsin? Sayfullagami? Yo‘q, bu ko‘proq telefon o‘yinlarini afzal ko‘radi! Boshliqqa yozsa-chi? Yo‘q, uning huzuriga bemalol kirib bo‘lmaydi. Avval kotibaning so‘roq-tergovidan o‘tishga to‘g‘ri keladi. Ha, topdi! Hisob-kitob bo‘limidagi Zahroga yozadi! Gap-so‘zlarga qaraganda, ikki yilcha avval eri bilan ajrashgan ekan. Uch yashar o‘g‘li bilan ota-onasinikida yashar emish. Shu sababdanmi hamisha tund, ma’yus qiyofada yuradi. Lekin chiroyli ayol! Sarvqomat, qoshlari qiyg‘och, kipriklari uzun-uzun.
“Shu ayolga yozaman, – to‘lqinlanib o‘yladi Zarif. – Zora ko‘ngli ko‘tarilib, yuziga kulgi yugurib qolsa…”
U stoli tortmasidan bir dona oq qog‘oz chiqarib ixlos bilan oldiga qo‘ydi. Qorxatga nelar bitishini xayolida pishita boshladi. Esida, qishloqdoshlari bir-birlariga qorxat yo‘llasharkan, ko‘pincha bitta to‘kin ziyofat qilib berish shartini qo‘yishardi, ba’zilari hindcha kino tomoshasi ketayotgan kinoteatrga olib tushishni talab etishardi. Yo‘q, Zarif boshqacha yo‘l tutadi. Uning “Qorxat”i sirli va jozibali bo‘lishi kerak. Biror nozik xohishni bajarish shartini qo‘yadi. Ana shunisi qiziq-da…
Tashqarida qor tobora tezlashib, quyuqlashib yog‘ardi. O‘ynoqlab-uchib kelib urilayotgan oppoq uchqunlardan deraza allanechuk chisirlaydi, go‘yoki sirli shivirlaydi, butun borliqni qoplab olayotgan oqlik, tiniqlik qo‘yniga chorlayotganday tuyuladi.
Idora yo‘lagi jimjit edi. Xiyla vaqt urinib, yozib bitirgan “Qorxat”ini kaftida tutgan ko‘yi xonasidan chiqqan Zarif bo‘rtiq, tillatus harflar bilan “Bugalteriya” deb yozib qo‘yilgan eshikka ro‘baro‘ bo‘ldi. Xuddi chimildiqqa kirayotgan kuyovday ich-ichida lazzatli bir hadik-hayajon to‘lqinlanib turar, yuz-ko‘zida zavq-shavq, surur sharpalari kezib yurardi.
Zarif sekin eshikni ochdi. Allaqanday atir-upalarning o‘tkir hidi dimog‘iga urildi. Hisob-kitob bo‘limida uch nafar xodim quchoq-quchoq qog‘ozlaru jild-jild hujjatlarga ko‘milib, har biri o‘z qarshisidagi kompyuter ekraniga termilib o‘tirardi. Ular bo‘sag‘ada paydo bo‘lgan sharpadan sergaklanib bab-baravar eshik tomon ko‘z tashlashdi.
– Vuy, bu odamning xursandligini qaranglar! – deb yubordi chap tarafda o‘tirgan ayol. – Lotareyasiga yutuq chiqqanmi deyman.
– Shunga o‘xshaydi. Agar mukofot-pukofot chiqqanida eng avval biz xabardor bo‘lardik, – deya luqma tashladi yuz terilari g‘ijimtob, qirovtus sochlari siyrak amaki.
Zarif o‘zini ajabsinib, bosh-oyoq kuzatayotgan hisob-kitobchilarga go‘yoki e’tibor bermay deraza tomon ishora qildi.
– Qor! Birinchi qor yog‘ayapti!
– Ha, – dedi kimdir ensasi qotib. – Shu yetmay turuvdi o‘zi, endi hamma yoq tarashaday muzlaydi, sovuqni shunchalar yomon ko‘ramanki…
Xona to‘ridagi yaltiroq stol ortida qizg‘ish jemperini yelvagay tashlab allanelarnidir yozib-chizib o‘tirgan, tolim-tolim sochlari yelkasi uzra yoyilgan Zahro umumiy bo‘lim xodimiga savolchan ko‘z tashladi.
– Bugalteriyada ishingiz bormi?
– Ha, sizda ishim bor, – dedi Zarif iljayib va qo‘lidagi to‘rt qatlangan varaqni ayolga uzatdi. – Mana, bu sizga.
– Nima bu?
– Qorxat. Birinchi qor bilan sizni tabriklayman.
Umumiy bo‘lim xodimi hanuz ajablanib turgan Zahroga qo‘lidagi bitikni tutqazdi-yu, xuddi yov quvganday xonadan otilib chiqdi. So‘ng uzun yo‘lakning narigi boshiga qarab lo‘killab yugurdi. U “Qorxat”da aynan shu masofada quvib yetish shartini qo‘ygan edi. Agar meni tutib olsangiz, o‘yinda yutgan hisoblanasiz, men sizning biror nozik istagingizni bajaraman, agar yetolmasangiz, mag‘lub sifatida mening biror sirli tilagimni ro‘yobga chiqarasiz, deb yozgan edi. Aslida yutsa ham, yutqazsa ham ayolning biror iltimosini bajarishni ko‘ngliga tukkandi. “Qorxat” ana shunisi bilan qiziq-da…
Bir payt “Bugalteriya” eshigi sharaqlab ochilib ichkaridan Zahro otilib chiqdi. Chiqdi-yu, yo‘lak boshida hanuz iljayib turgan Zarifga yuzlanib shang‘illadi:
– Ey, Ro‘ziyev, nima bu?! Nima qilganingiz bu?
Avval yo‘lak bo‘ylab “dup-dup” o‘tgan qadam tovushlaridan, so‘ng ayolning vajohatli ovozidan bezovtalangan xodimlar xonalaridan yo‘lakka chiqishdi.
– Mani kim deb o‘ylovotsiz? – hanuz chinqirardi Zahro qo‘lidagi “Qorxat”ni havoda silkitib. – Kim huquq berdi sizga bunaqa narsa yozishga?
Zarif chopqillaganicha yana “Bugalteriya” yoniga keldi. Haligina yuz-ko‘zida balqib turgan zavq-shavqdan asar ham yo‘q edi.
– Zahro, bu qorxat, – dedi u xijolatlanib. – O‘qib ko‘rdingizmi o‘zi? Bu bir beg‘araz o‘yin. Birinchi qor yoqqan kunlari odamlar bir-biriga yozishadi. O‘zingiz ham yaxshi bilsangiz kerak.
– Bilaman! Juda yaxshi bilaman! O‘rgatmang manga! Lekin nega siz manga qorxat yozvotsiz? Qanaqa “nozik xohish”? Nima devotganingizni bilasizmi o‘zi?
Xodimlar g‘ala-g‘ovur bilan hisob-kitobchi ayolni o‘rab olishdi.
– Qani, biz ham ko‘raylik-chi…
Zahro jirkangannamo uzatgan “Qorxat” qo‘ldan-qo‘lga o‘ta boshladi. Bir parcha qog‘ozdagi yozuvlarni o‘qib kimningdir yuzida istehzo, kimningdir yuzida taajjub paydo bo‘ldi. Aftidan janjalga pishang berish ilinjida bo‘lsa kerak:
– Ja-a, pismiq ekan-u… – dedi kimdir tirjayib.
Shu payt yo‘lakda sarg‘ish sochlari savatday hurpaygan, aft-angori obdan bo‘yalgan Alfera Tagirovna – kadrlar bo‘limi boshlig‘i paydo bo‘ldi-yu, semiz loshini lapanglatganicha to‘daga yaqinlashdi.
– Chto sluchilos? Nima gap?
– Ro‘ziyev xat yozibdi, – dedi qo‘lidagi qog‘ozni unga uzatgan qop-qora ayol.
Alfera Tagirovna uzatmani ishtiyoq bilan qo‘lga oldi.
– Xat? Qani, posmotrim…
Bir payt shovqin-surondan sergaklanganmi yo qaygadir otlanganmi, yo‘lak boshida boshliq paydo bo‘ldi.
– Tinchlikmi? Nega to‘planib turibsila?
Boshliqqa ko‘zi tushdi, shekilli, Zarifga xo‘mrayganicha tikilib turgan Zahro ovozini yana bir parda baland oldi.
– Mani sharmanda qilmoqchimisiz? Qasdiz bormi manda?
Alfera Tagirovna qo‘lidagi qog‘ozni havolatib boshliq tomon yo‘rg‘aladi.
– Ro‘ziyev Mahkamovaga xat yozibdi.
– Xat?! Qanaqa xat?
Alfera Tagirovna qo‘lidagi qog‘ozga bir ko‘z tashlab oldi.
– Ko‘rxat.
– “Ko‘rxat”?!
– Yo‘q, karxat, – dedi kadrlar bo‘limi boshlig‘i qo‘lidagi varaqqa yana bir karra sinchkov nigoh yugurtib.
Rahbar battar ajablandi.
– “Karxat”?! Nima u?
Alfera Tagirovna yana adashganini payqab ko‘kragida osilib turgan ko‘zoynagini taqib, qo‘lidagi bitikka qayta nazar tashladi.
– E-xa-a… qoraxat ekan.
Boshliq betoqat bosh chayqadi.
– Nimalar devotsiz, Tagirovna, qanaqa “qoraxat”, kim o‘libdi, qani, o‘zimga bering-chi.
Semiz ayol qo‘lidagini tavoze bilan uzatdi.
Zarif quruqlikka chiqib qolgan baliqdek og‘zini kappa-kappa ochib sarosimalanib turardi. Aftidan, u nelardir demoqqa chog‘lanardi-yu, biroq g‘ala-g‘ovur shashtini qaytarardi.
Tagirovna bergan qog‘ozga ko‘z tashlagan ko‘yi yana ichkariga kirib ketgan boshliq ko‘p o‘tmay Zarifni huzuriga chorlatdi.
– Ey, siz nimalar qilib yuribsiz? – dedi u javdiragan ko‘yi kirib kelgan xodimni xushlamay. – Nima, yosh bolamisiz? U yoq-bu yog‘i qirqni urib qo‘ydingiz-u…
– Men… shunchaki… birinchi qor yoqqaniga quvonib… hazillashgandim, – deb zo‘rg‘a g‘udrandi Zarif.
– Yozishmani yaxshi ko‘rasiz, shekilli, a, – dedi boshliq kursisida nopisand tebranib. – Yillik hisobotingiz tayyormi?
Zarif xokisorgina bosh chayqadi.
– Yo‘q…
– Ishni vaqtida tugatmaysiz, lekin allaqanday… ko‘rxatmi, karxatmi, qoraxatmi yozishga fursat topasiz.
– Uzr… men…
– “Uzr” emish… Nega unaqa axloqsiz gaplar yozdingiz Mahkamovaga?
– Men biroz sirli bo‘lsin degandim…
– Xullas, gap bunday, – dedi boshliq stolga tahdidli chertib. – Yozishni yoqtirsangiz, qani, qilmishingiz haqida bitta “Tushuntirish xati” ham yozib tashlang-chi, boring…
Umumiy bo‘lim xodimi o‘zicha tag‘in nelardir deb o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi. Ammo boshliq unga izn bermadi.
– Ko‘zimdan yo‘qoling, dedim sizga!
Zarif tisarilgan ko‘yi xonadan chiqib ketdi.
Qor hanuz gupillab yog‘ardi. Chor-atrof oppoq tusga kirdi. Boshliqning talabini bajarib o‘tirgan Zarifga chor-atrof oppoq kafanga o‘ralgandek tuyuldi.
U yana yo‘lakka chiqdi. Yozganlariga yana bir karra ko‘z tashlab qabulxonaga bosh suqdi. Kotiba joyida yo‘q ekan. Zarif boshliq xonasini ochish uchun eshik tutqichiga qo‘l cho‘zdi. Shu payt ichkaridan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir tovush g‘ira-shira eshitildi.
– Mana, jonginam, nozik iltimosingiz bajariladigan bo‘lib turibdi, – derdi boshliq kimnidir erkalagan ohangda. – Ro‘ziyevni axloqsiz qilmishi uchun ketiga tepib haydaymiz-u, o‘rniga ukangizni olamiz…
Zarif ko‘ru kar bo‘lib, qora terga botib qabulxonadan chiqdi.
Tashqarida charx urib birinchi qor yog‘ardi…