Lobar Azizxo‘jayeva. Baxt (badia)

Sevgan yigiti tomonidan navbatdagi ishqiy maktubi ham javobsiz qolgan dugonam chuqur oh tortib stolga boshini qo‘yadi:
— Uf-f… Naqadar baxtsizman-a…
Demak baxt muhabbatda ekan-da? — o‘ylab qolaman men. Nahotki baxt deganlari faqatgina sevishdan iborat bo‘lsa? Astagina yonimda o‘tirgan “g‘amboda”ni turtaman:
— Nilu, baxt nima o‘zi?
— A?!
— Baxt…
— Sen sevgan odam seni ham sevsa, shu baxt-da…
Nahot? Baxt tushunchasi shunchalar jo‘nmi?
Uyda qo‘g‘irchog‘ining sochlarini goh u yoqqa, goh bu yoqqa tarab o‘tirgan besh yashar jiyanchamni gapga soldim.
— Lola, baxt nima o‘zi?
Jiyancham avval menga hayron bo‘lib qaradi, keyin burro-burro tilda gapira boshladi.
— Kecha adamla ichmiy keldila, keyin manga ko-otta o‘yinchoq opkeldila! Hammamiz urishmiy, xuysand bo‘yib o‘tiydik. Agar bugun manga va’da qilgan shokoladlarini opkesala, man baxtli bo‘laydi-im…
O-o, ana sizga baxt… Demak go‘dak uchun baxt tushunchasi shunday. E’tirozga hojat yo‘q.
Og‘ilxonada ming‘irlab qo‘shiq aytgancha sigir sog‘ayotgan yangamning qoshiga bordim. Bechora yangam… Olti yil avval kelin bo‘lib tushganlarida qanchalar suluv, qanchalar go‘zal edilar-a… Oppoq, nozikkina qo‘llarida qo‘sh-qo‘sh tillo uzuklar yog‘du sochardi. Lablarida tabassum, ko‘zlarida muhabbat bor edi. Bugun-chi? Eh-he, sal noboproq chiqib qolgan akamning xurmacha qiliqlariga chidayverib ne ahvolga tushib qolibdilar-a… Yuzlariga ajin ham oralaganday bo‘libdi…
— Ha, Saodatoy, nega tikilib qoldingiz?
— Yanga, baxt degani nima o‘zi?
— I-e, tinchlikmi? — yangam mahzungina jilmaydilar. Ularning jilmayishi kulgudan ko‘ra yig‘iga ko‘proq o‘xshab ketdi.
— O‘zim…
— Ja-a odamidan so‘radingiz-ku… — yangam chuqur xo‘rsingancha sut to‘la chelakni olib hovliga chiqdilar. — Yaxshimi, yomonmi boshimda erim, qo‘ynimda farzandim bor. Ayol uchun baxt oilasining tinchligi, farzandlarining kamolida, Saodatoy… Akangiz bir kungina ichmay kelsa, tinchgina bir dasturxon atrofida o‘tirsak, bir og‘iz shirin so‘z…
Yangam so‘zini oxiriga yetkaza olmadi, darvoza kuch bilan tepilganidan daranglab ketdi.
— Nodi-i! Onangni… qattasan!!!
Yangam ranglari bo‘zargancha sut chelakni shosha-pisha ko‘tarib darvozaxonaga yugurdilar. O-o, pastki qovoqlari salgina ko‘karib qolganini endi payqadim… Bechora yangam…
Demak baxt so‘zining ma’nosiga yana yeta olmadik…
Kech tushgach, xumori chiqquncha yangamni bo‘ralab so‘kkan akam, oxiri charchadi chog‘i, hovlidagi so‘riga cho‘zilib qoldi. Chiqmagan jondan umid, balki baxt neligini mana shu nodongina akam bilar?
— Aka, choy iching.
— Opke!
Akam piyolani yutib yuborguday choyni simiradi.
— Tinch yuribsanmi? Anu qassobni o‘g‘li ortingdan yuribdi deb eshitdim?!
— Yo‘g‘-e, aka…
— O‘zingga qara, saniyam, uniyam so‘yib tashiyman…
— Aka-a…
— Nima?!
— Baxt nima o‘zi?
— Toming joyidami? — akam beo‘xshov hiringladi. Og‘zidan gupillab aroq hidi keldi. — Shuniyam bilmaysanmi? Cho‘ntagingda yarimtaga yetarlik puling bo‘lsa, uyga kelganingda shallaqi xotining “qatteydiz, qatta yuribsiz, u yo‘q-bu yo‘q” deb boshingni qotirmasa… Baxt degani shu-da! Menda baxt nima qilsin?! Baxt boylarda bo‘ladi, tushundingmi? Ahvolimga qara! Tengdoshlarim allambalo mashinalarda yuribdi, qasrlarda yashashyapti! Chunki otasi bosib qo‘ygan! Meni-chi? Nimam bor? Na pulim, na obro‘yim… E, onasini…
Akamning baxt haqida kayf aralash so‘qigan falsafasidan ko‘nglim aynidi. Bilolmadim, uning og‘zidan kelayotgan badbo‘y hiddan ko‘nglim aynadimi, yoki so‘zlaridan?
Hozirgina yangam bilan akamning orasiga tushib ajratib qo‘ygan, janjal tinchigach ko‘ngli bir oz tinchib xonasiga kirib ketgan onamning qoshiga bordim.
— Ha, bolam, tuzukmisan? Qani bu yoqqa o‘tir-chi?
Men onamning mehr anqib turgan tizzalariga bosh qo‘ydim.
Onam-a… Bir yorug‘ kun ko‘rmay o‘tayaptilar bu dunyodan. Onani yaratmasin ekan. Bolalarini katta qilib, uy-joyli qilguncha yarim jonini ado qiladi. Bolalarining oilasini tinchligini o‘ylab qolgan jonining ham boshiga yetadi. Bu-ku mayli-ya, nabiralarining to‘yiga atab sandiq to‘latib yurishlariga nima deysiz.
Yuzdagi har bir ajin har bir dardan nishona deyishadi. Onamning yuziga termulgancha undagi son-sanoqsiz ajinlarni sanamoqchi bo‘laman. Yo‘q, sanab adog‘iga yetolmayman. Nahot shuncha dardlari bo‘lsa?!
— Ona, baxt degani nima?
Onam “qo‘y, bolam!” degandek qo‘l silkiydilar. Qistayvergach, arang til yoradilar:
— Ha, bolam-a… Senlarning kamolingni, o‘zlaringdan tinib-tinchib ketganlaringni ko‘rsam baxtliman-da… Opang o‘g‘il to‘yi qilib bering, qaynonam olaqarash qilayapti deydi. Ungayam qiyin, ikki ovsinning oldida tili qisiq bo‘lib qolishini istamaydi. Ataganim bor, uchma-uch yetib qoladi…
Kecha katta akang kelib o‘g‘limning kontrakt pulini to‘lay olmayapman, uch kun ichida topib berish kerak, deb dardini yordi. Tishimni kavagida asrab yurganlarimni berib yubordim. Mayli, o‘g‘li o‘qimishli, o‘qishni tashlab yuborsa bo‘lmaydi.
Kenja akang-ku, ado qildi meni… Ichmagan kuni yo‘q, uning dastidan ko‘chada bosh ko‘tarib yurolmay qoldim. Yangang bechora bor dardini ichiga yutadi. Akangning bu yurishidan sening ham baxting ochila qolmadi, qizim… Yoshing yigirma beshga chiqdi. Seniyam tinib-tinchiganingni ko‘rsam-u, bu dunyodan armonsiz ketardim…
Bo‘g‘zimga soqqaday tosh tiqilib qoldi. Sirg‘alibgina xonamga chiqib ketdim…
Tongda ishga ketayotib ko‘chamizdagi Shermat jinnini ko‘rib qoldim. Shermat jinni yoshi qirqlarga borib qolgan kishi. Aytishlaricha, uyiga qo‘shilib yoshgina xotini, ikki bolasi yonib ketgach telbaga aylanib qolgan ekan. Shermat jinnining hech kimga zarari tegmaydi. Uzun tolhivichni ot qilib minib oladi-da, ko‘chalarni changitib yugurib yuraveradi. Bolalarning ermagi u…
Mana, yugurib yonimga kelib, qizg‘ish tilini chiqarib meni mayna qildi.
— Qalaysan, Sodat-podat?
Kirlanib, soqollari tikanakdek o‘sib ketgan yuzlariga achinib qaradim. Shu rapidadek qorayib ketgan yuzida kishini hayratga solar darajada toza ko‘zlari porlab turardi. Xuddi go‘daklarnikidek beg‘ubor ko‘zlar…
— Shermat aka, baxt degani nima?
— Shermat bir zum “ot”idan tushdi-da, osmonda arg‘imchoq solib uchayotgan turnalarga ishora qildi.
— Huv-v, ana baxt! Uchi-ib ketdi… Bala-andga! U uzo-oqda! Unga hech kim yetolmaydi! Yetolmaydi!!!
— Shermat jinni yana “ot”iga mindi-da, turnalarning ortidan baqirgancha yelib ketdi…
Baxt haqida men eshitgan eng tuzuk javob shu bo‘ldi.
Chinakam baxtga hech kim yetolmaydi…
U uzo-oqda…