Zarnigor qancha jon kuydirmasin, Isfandiyor jahlidan tushmadi. Shu kunlari uning miyasida bittagina o‘y charx uradi, o‘g‘ri mushukdan o‘ch olish — na kunduzi halovati bor, na kechasi. O‘ziyam bir narsaga ahd qilsa, biryoqli qilmaguncha tinchimaydi.
Zarnigor erining maydachiligidan kuyib, biror kimga dardini yozolmay fig‘oni falak kunlari oyisi:
— Qo‘y, kuyinma qizim, chekmasa, ichmasa, biror suyuqoyoqqa ilashmasa, ro‘zg‘orim desa, yana nima kerak senga? Shukur qil, qizim, — deydi.
— Chekkani, ichgani yaxshi edi. Ishton biti! Oshxonaga ham aralashadi, bosgan qadamingni sanaydi. Bolalarni zir titratadi. Menga ishonmaydi. Qishi bilan yeydigan salatlargacha, ichadigan kompotlargacha o‘zi qiladi. O‘tgan yilgi tayyorlaganlarini hali yeb ado etganimiz yo‘q!
— Yaxshi-ku! Ro‘zg‘oring but, bozor-o‘char bilan ishing yo‘q. Zorlanma!
Zarnigorning zorlangani bilan nimayam o‘zgarardi. U erining fe’lini yaxshi biladi. Har bir tiyin hisobda bo‘lib qolgan bu zamonda erning shunday bo‘lgani balki ma’quldir… Baribir Zarnigor erini boshqa erkaklarday uyning ichki mayda-chuyda ishlariga aralashmasdan, ko‘chadan gursillab kirib kelishini qo‘msaydi.
Isfandiyor Zarnigor o‘ylaganchalik xasis emas, ammo qo‘li ochiq ham emas. Bari narsaning o‘lchamli bo‘lishini, tejab ishlatilishini istaydi. Mol boqib ko‘rdi, yemini yetkazolmay qiynaldi. Qarasa, uyda chiqindi ko‘p, yetti xazinaning biri deb tovuq boqishga xuruj qildi. Lekin peshonasiga tovuq boqish bitmagan ekanmi, o‘zining ta’biri bilan aytganda, zotdor tovuq tuxumidan saylab o‘n bir donani bir bostirdi. Ertalab tovuqxonadan xabar olsa, ona tovuq mung‘ayibgina bir chekkada turibdi. Bir donayam tuxum yo‘q. Isfandiyor hayron bo‘ldi, negaki, kecha o‘zi qulflagan, ertalab o‘zi ochdi. Tovuq ostidagi tuxumlar yo‘q. Kimdan so‘rab, kimdan alam olishini bilmay diltang bo‘ldi. Qo‘shnisi Marayim ota tuxumlaringni ilon yutgan dedi. Isfandiyor ishonqiramadi, lekin tovug‘i tagiga yana tuxum bostirib poyladi. Tutsa majaqlab tashlamoqchi edi. Yo‘q, ilondan darak bo‘lmadi.
Uning ilonni poylayotganidan xabar topgan Mara-yim ota «chakki qilasan, Isfandiyor, har qaysi maxluq o‘z rizqini yeydi, magaram ko‘rsang, ilonga ozor berma, xosiyati yomon, badbaxtlik keltiradi, yoshligimda ko‘rganman, qo‘shnimiz uy ilonini chopib tashlab, mashina avariyasiga uchragan, uyiga o‘g‘ri tushdi, ro‘zg‘ori parokanda bo‘ldi», dedi. Isfandiyor otaning so‘zlarini shunchaki, rasmiyatchilik yuzasidangina eshitdi. U bunday irim-sirimlarga ishonmaydi, cho‘pchak deydi.
Nihoyat, jo‘jalar eson-omon dunyo yuzini ko‘rdi. Isfandiyor o‘zida yo‘q shod. Jo‘jalarga qarab havas qiladi, biri-biridan chiroyli, kun-kunora sanaydi. Biroq, quvonchi uzoqqa bormadi, ularning soni kundan-kunga kamayib bordi. Barcha ishini yig‘ishtirib, jo‘jalariga qiron keltirayotgan, uning orzu-havasini poymol etayotgan maxluq to‘g‘risida bosh qotira boshladi. Ushlasa bas, odammi u, ilonmi, mushukmi adabini beradi, bo‘g‘ib tashlaydi, alamidan chiqadi. Tamom, vassalom.
Boshqa bir hovli erkasi bo‘lmish Qora mushuk bugun ertalab yonida Arslonini ko‘rmay biroz hayratlandi. Qayerlarda qoldi ekan? Kechasi daydib, biror go‘shada qolib ketadigan emasdi. Qora mushukning uyqusini birov buzmasligi uchun yonidan bir qadam jilmas, ayniqsa, uning qorni qappayib, qo‘riqqa muhtoj vaqtida bunday yo‘q bo‘lib ketishi sira aqidasiga sig‘madi.
Ko‘zlaridan kunduz kunlari ham o‘t chaqnaydigan, borliq vujudidan kuch yog‘ilib, urg‘ochi mushuk zoti borki, bir qaraganda es-hushini og‘dirib tashlaydigan Arslon yanglig‘ shijoatli bu yosh mushuk bilan o‘rtalaridagi yaqinlikdan, o‘ziga mustahkam suyanchiq borligidan Qora mushukning ham yurish-turishida kibronalik, o‘zga bir jozib navozishlik paydo bo‘ldi.
Suyuklisining oq oralagan ko‘kragiga boshini qo‘yib quyoshlamada erkalanib yotishini ko‘rgan qay bir g‘alamislar hasaddan o‘zlarini qo‘yarga joy topolmay, tonggacha miyovlashganlari sari Qora mushuk avvalgisidan ham ko‘rkamlashib, nainki o‘z hududidagi, balki olis-yaqin o‘ramlardagi erkak mushuklarning yuragiga o‘t solar, ularning bu o‘ramga yaqinlashishga yuraklari betlamaganidan o‘zini yanada masnadi ma’vo sezar, tashqari bog‘-rog‘larni suyuklisi bilan aylangisi kelar, negakim u har qanday man-man degan mushukniyam bir hamlada g‘ajib tashlashga qodir. Chiroyli, kelishgan, quvvatlini sevish hamisha ikkinchi tomonni azobga solgan. Qora mushukning xo‘rligi keldi.
Bu vaqtda Arslonday shijoatli mushukning ahvoli chidab bo‘lmas darajada xarob edi. Aralashmasa balki hech gap yo‘q edi. Aqli noqislik qildi. Suyukli qora mushugi oldida tinchgina mizg‘ib yotgan edi. Ne bo‘ldiyu yon devor tepasida o‘ziday chayir, biroq sal yoshroq mushuk uning oromini buzdi. Avval ham uni bir-ikki bor ko‘rganday edi, ammo bu yerda nima qilib yurganiga ongi yetinqiramay, xirillab qo‘ydi. U kekirdagingni ko‘pam cho‘zaverma, deganday kuchliroq xirilladi. Arslonday shijoatli mushuk asta o‘rnidan turib, xo‘mraygancha unga yaqinlasha bordi. U devordan tushib qochdi, bu quvdi. U eski uyning tomi usti bilan qochib qay bir lahzada ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. «Hah, qo‘limga tusharsan», deya bo‘ynini osiltirgancha qaytayotgan edi, boshqa bir pastak tom ustida og‘zida jo‘ja bilan barvasta bir mushuk paydo bo‘ldi. Demak, jo‘ja o‘g‘irlab, qavmiga isnod keltiryapti.
Arslon shijoatli mushukning hayvonlik qonida o‘g‘ri mushukka nisbatan g‘azab uyg‘ondi va bexosdan unga tashlandi. O‘g‘ri mushukning kuchi yetmasligiga ko‘zi yetdimi, og‘zidagi jo‘jani tashlab qochdi. Jo‘ja potirlagancha tom ustida chiyillay boshladi. Ana shunda bizning qahramonning ba’zi maxluqlarga xos bo‘lmagan rahmdilligi tutib ketdi va jo‘jani og‘ziga qisgancha o‘g‘ri mushuk chiqqan tom teshigidan pastga, tovuqxonaga tushdi. Jo‘jani o‘z qavmiga qo‘shib endi tomga irg‘ayman deganida Isfandiyor necha kunlardan beri o‘g‘ri mushukni tutish uchun tayyorlab qo‘ygan moslamasi bilan xippa bosib ushladi.
Odamning qo‘liga tushgan har qanday haybatli hayvon ham birpasda tanobi tortilib, muloyimlashib qoladi. Qaznoqqa tortilishidan bexabar arslon shijoatli mushuk qilgan yaxshiligi uchun mukofot olishi o‘rniga bu qadar og‘ir jazoga tortilishi yetti uxlab tushiga kirmagan edi.
Isfandiyorning ko‘zlari qonga to‘ldi. Mushukni to‘rga solib tovuqxonadan tashqariga olib chiqdi-da, har ehtimolga qarshi kerak bo‘lib qolarsan deya devorga suyab qo‘ygan boltani qo‘liga oldi. Jon holatda tipirchilayotgan, darg‘azab mushukni ko‘z ochib yumgancha to‘rttala oyog‘ini chopib tashladi va bog‘ devori ortidagi yalanglikka uloqtirdi. Shundayam uning ko‘ngli joyiga tushmadi.
— Chakki qilibsiz, bir-ikki jo‘jani deb mushuk bechoraning jonini qiynoqqa solibsiz. Qaysi bir avliyo etagida uxlab yotgan mushukni uyg‘otmaslik uchun, peshini kesib o‘rnidan turgan ekan, deydilar. Chakki qilibsiz, dadasi.
Zarnigorning so‘zlari og‘zida qoldi.
— O‘g‘ri mushukning jazosi shu! Men avliyo emasman.
— Birato‘la o‘ldirib qo‘yaqolsangiz ham bo‘lardi.
— Birovning moliga ko‘z tikkanga bu ham oz.
Zarnigor eriga gap uqtirish befoydaligini bilganidan boshqa indamadi. Yuragining tub-tubidan mushukka achinishi barobarida qandaydir noxush g‘am-sirishtlikdan uning eti junjikkanday, andak sarosimalanib turdi.
Isfandiyor ulkan savashda katta bir jasorat ko‘rsatib qo‘yganday jo‘jalarga don sepdi, nenidir xirgoyi qilib, hozirgina sodir etgan xunrezlikda haqiqat u tarafida ekanligiga o‘zini ishontirmoqchi bo‘lar, jo‘jalarini ko‘z qorachig‘iday asrash, ular joniga qasd qiluvchi har qanday dushmanniyam yanchib tashlashga kamarbastaligini namoyish etish uchun anchagacha tovuqxonadan chiqmay aylanib yurdi.
Qora mushuk suyuklisini ortiq kutishga toqat qilolmay, kerishibgina o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Ko‘cha boshida qay bir jinsdoshining anoyi miyovlashidan seskanib, asablari taranglashdi. Unga boshqa bir mushukning faryodli miyovi qo‘shilishidan qavmiga og‘irroq falokat oralaganidan yuragi gursillab ura boshladi. Egalari eshiklarini ochgan bo‘lsalar ham ichkariga kirishga, biror narsa tamaddi qilishga rag‘bati bo‘lmadi, bir-bir odim tashlab ko‘cha tomon ketdi. Tashqariga chiqiboq bir qarashda angladiki, notinchlik shunchaki sabukmas, ulkan fojianing hidi kelayotganidan qadamini tezlatdi. Qavmi orasida eng keksa Ola mushuk yo‘lida paydo bo‘ldi-da, boshini osiltirgancha uni fojia sodir bo‘lgan joyga ergashtirib ketdi.
Dunyoda biz bilib-bilmagan sir-sinoat bisyor ekan. Har tarafdan yig‘ila boshlagan katta-kichik mushuklar boshlarini osiltirib, har yer-har yerda cho‘kkaladilar. To‘rt oyog‘idan qon oqib, u yoqdan-bu yog‘iga zo‘r berib ag‘darilishga urinayotganidan xijolatlanibmi, Arslon shijoatli mushuk bu mudhish fojiada o‘zining begunohligini qavmiga anglatmoq uchunmi, talvasaga tushmay, har qaysiga yolvorishnishin boqmay, asta ko‘zlarini yumdi. U ojizligini ko‘rsatmaslik uchun ne qilarini bilmay, ko‘zlarini qayta ochib osmonga tikildi. Atrofida do‘stu dushman baravar, qay birlari un chiqarmay, qay birlari endi his-hayajoniga erk berib, uvvos solib yig‘layotganidan xo‘rligi keldi. Qora mushukka men beaybman, deganday jovdirab boqdi.
Qora mushuk uchun hozir uning aybli, aybdormasligi emas, oyoqlaridan tinmay qon oqayotgan vafodorining bu ayanchli ahvoliga ko‘maklashish dardi ustun edi. U jon holatda suyuklisini yalab, yulqay boshladi. Uning to‘rt oyog‘ini baravariga yalab, dardiga malham bo‘lmoqlik ilinjida o‘zini o‘ng‘ayladi, keyin og‘irini tashlamay bag‘riga bosdi. Keksa mushuk ishorasi bilan bari mushuklar tarqala boshladi. Yoshroq, jahldor mushuklar Isfandiyorning tovuqxonasi ustiga chiqib, biri olib, biri qo‘yib, namoyishkorona miyovlashdi.
Qora mushuk mayib suyuklisini beozorgina yungidan tishlab, ovloqroq joyga sudrab bordi. Qon asta sizayotgan oyoqlarini yaladi, o‘pdi. Qon biroz to‘xtagani bilan og‘riq zo‘ridan ingray boshlagan yoriga qanday yordam qilishini bilmay to‘rt tarafga alanglaydi, najot izlaydi. Ko‘mak istab, egalari oldiga ketsa buning holi ne kechishiga aqli yetmaydi. Uning qulog‘iga nelar deb shivirladi. Mushuk tilini mushuk tushunadi. Arsloni boshini irg‘aganday bo‘ldi. U asta uyi tomon ketdi. Hamishagi batartib uyda uning aftoda holiga e’tibor qilishmadi. Har kimning oldiga borib, yordam istar qarashlari bilan boqdi, lekin odamlarning ham nainki hayvon zotiga, balki o‘zi-o‘zligigayam ha deganda qayishavermaslik dardiga giriftor bo‘layotgan bir vaqtda Qora mushukning odam naslidan xafa bo‘lishi noo‘rin edi. O‘zining rizqidan bir tishlamgina nonni og‘ziga qisgancha Arsloni oldiga shoshildi.
Holdan toygancha xirillab yotgan muhabbatiga tik boqolmadi. Ko‘zlaridan yosh o‘rniga oqayotgan qonni to‘xtatolmay, uning oq oralagan keng ko‘kragiga boshini qo‘ydi. Shunda Arslonining ko‘zlaridan ilk bor ojizlik yoshlari sizib chiqa boshladi. Qora mushuk uchun endi bu eng og‘ir jazo edi. Osmonga qarab nido qildi.
O‘g‘ri mushukdan qutuldim, endi biror maxluqot tovuqxona tugul, bog‘ devori oldiga yaqinlasholmaydi, deb Isfandiyor noto‘g‘ri o‘ylagan ekan. Qaytaga endi uning halovati batamom buzildi. Har tusdagi mushuklar dastidan boshi baloga qoldi. Har kuni qorong‘i tushgandan tong oqarguncha ular navbatma-navbat kelib quloqlarni batangga keltirib chinqirishadi. Tomdan-tomga sakrayverib qo‘ni-qo‘shnilarniyam ozorga qo‘ya boshlashdi.
Bir oqshom Isfandiyor yomon tush ko‘rdi. Yonida kimsasiz tandir gurillab yonib yotibdi. Olovi osmonlarga o‘rlab, qorong‘i dunyoni yoritib, yon atrofga qutqu soladi. Qayerdan ham ko‘kraklariga oq oralagan chayir bir mushuk paydo bo‘ldi. Og‘zida nedir bor. I-e! Isfandiyorni o‘zi-ku! Anglolmadi, mushukni birov quvdimi, yo birov unga tosh otdimi, birpas tandir ustida muallaq turdi-da, Isfandiyorni olov ichiga tashlab yubordi. «Do-o-od!», degancha uyg‘onib ketdi.
Isfandiyor o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘aldi. Noxush tushi ta’siridanmi, o‘zini yomon his etgancha asta turdi va har kungiday ertalabki odatini tark etmadi. Tovuqxona tarafga yo‘l oldi. Ikkita jo‘janing bo‘g‘izlanganini ko‘rib fig‘oni falakka o‘rladi. Endi u cho‘qmor tayoq yasab mushuk zotiga qiron keltirish uchun tayyorlik ko‘ra boshladi.
Mushuklar buni sezishdimi, qasdma-qasdiga ko‘paygandan-ko‘payib, Isfandiyorning batamom toqatini toq qila boshlashdi. Shu oqshom qorong‘i tushishi bilan Isfandiyor cho‘qmorini ko‘tarib jadallik bilan tomga ko‘tarila boshladi. Falokat oyoq ostida deganlari to‘g‘ri ekan, shu oqshom aksiga olib, Oy bulutlar ortiga yashirindi. Shoshganda labbay topilmas deganlariday, bir yonda mushuklarning chinqirig‘i, bir yonda jo‘jalarning bezovtaligi, yon qo‘shni itining vovullashi asnosida Isfandiyor tomga chiqdim-chiqdim deganda shoti qiyshayib, tik bo‘yi beton yo‘lakchaga yiqildi. Jon holatda «Do-o-od!», deya qichqirdi. Mushuklarniyam, itniyam ovozi o‘chdi. Xuddi uning yiqilishini kutib turganday atrofga og‘ir jimlik cho‘kdi.
Mana necha kundirkim, Qora mushuk Arsloni oldidan ketmay azoblarini teng tortyapti. Qay bir mushuklar kelib dalda berganday aylanib-aylanib ketishadi, birlari uzoq o‘tirib qoladi. Bu oqshom Qora mushuk uchun eng og‘ir kechdi. Arsloni uzoq ingradi va batamom holdan toydi. Bulutlar orasidan bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay ketayotgan Oy shu’lasidan uning nursiz ko‘zlariga boqish naqadar og‘irligidan qattiq ezildi. Suyukli vafodori oxirgi marta bir «xih», dediyu jon berdi. Ufq yuzi bir yorishib, so‘ndi.
Isfandiyor baqirib-baqirib, goh hushiga keldi, goh hushidan ketdi. Ichkarida televizorni qattiq qo‘yib o‘tirishgan bo‘lishsa kerak, uning faryodini hech kim eshitmadi. Bir vaqt qarasa ayvon o‘rtasida yotibdi. Oq xalatli erkagu ayol ustida parvona bo‘lib, ukol qilishyapti. Zarnigor, bolalari atrofida girdikapalak. Ko‘p qon yo‘qotibdi, deganlarini elas-elas eshitdi. Isfandiyor yana hushidan ketdi.
Isfandiyorni shifoxonaga olib ketishdi. Birovlar to‘rtinchi qavatdan yiqilib lat yemaganda, Isfandiyorning bir qavatchayam kelmaydigan, beshoti chiqsa ham bo‘ladigan tomdan yiqilib, o‘ng qo‘li bilan o‘ng oyog‘i singaniga, chap qo‘li bilan chap oyog‘i qattiq lat yeganiga hech kimning ishongisi kelmasdi.
Azaldan jonsarak, hovliqma odamga dard yopishmasin, bir azobi o‘n chandon bo‘lib boraverar ekan. Muzdek suv so‘raydi. Yutoqib ichmoqchi bo‘ladi, ichidagi olov bir qultumgina suvniyam yondirib yuboradi, nafasi ichiga qaytib, anchagacha o‘zini rostlay olmaydi. Jon talvasasida qiynalayotganini ko‘rgan ayoli qanday yordam berishni bilmay to‘rt tarafga boshini uradi. Isfandiyor «Ey Azroil, jonimni olaqol!» — deya xitob qilishga holi kelmaydi.
Olti oy deganda bandalikni bajo keltirdi. Shu oqshom qaro tun qo‘ynida ko‘tarilgan shamolning qattiq guvlamasi Isfandiyor xonadonidan chiqqan yig‘i sasini olis-olislarga olib ketdi…
Janozaga ko‘p odam yig‘ildi. Tanish-bilish, qarindosh-tuqqan, yor-birodarlar motam tutishdi. Yosh ketganiga achinishdi. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan g‘aroyib hodisaning guvohi bo‘lishdan bexabar olomon ichkaridan mayitni olib chiqishlarini kutib o‘tirishdi. Mayit qo‘yilgach, imom orqasiga o‘girilib, azadorlarni safda turishga da’vat etib, janozani o‘qish uchun oldiga qaradi-yu, hayratdan tili kalimaga kelmay, ochiq kaftlarini quloqlari orqasiga olib borgancha muallaq qoldi. Tobut ustida o‘tirgan Qora mushukni ko‘rib esdan og‘ishiga bir bahya qoldi.
Olomon avvaliga ne gap bo‘lganiga tushunmadi. Birdan boshlangan shivir-shivir, bir-birovini turtib anglatayotgan bu dahshatli xuntalablikda Isfandiyor tobuti ustida hukmdorday o‘tirgan Qora mushuk vajohatini ko‘rgan odamlar hayratdan yoqalarini ushladilar. Olomon «astag‘furullo», deb og‘ir guvrandi. Biror kishi Qora mushukni mayit ustidan haydashga botinmadi.
Qora mushuk «qaytar dunyo bu», deganday atrofga birrov boqib turdi-da, tobut ustidan asta tushib, qibla devor tomonga bir-bir oyoq bosib ketdi. Muyulishdan burilib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Maydon bo‘ylab imomning zori noloni yangradi:
— Allohu Akbar!..