— Xalq dushmanining o‘g‘¬li!
— Dushman!
— Sen bilan bir sinfda o‘qishni istamaymiz, chiqib ket!
Men ularning ustidan direktorga shikoyat qildim.
— Ha, chayonvachcha! Yoqmadimi? Ular to‘g‘ri aytibdi. Chayonning bolasi chayon bo‘¬ladi. He, otangga o‘xshab chaqchaymay o‘l! Chiq, yo‘qol!
Maktabga bormay qo‘y¬dim.
Bir haftadan keyin opam yig‘lab keldi:
— Maktabga bormayman. Rahbarimiz «Xalq dushmanining qizi», deb sinfdoshlarimga yuzimga tupurtirdi.
Birgina akam o‘quv yilining oxirigacha o‘qidi. Kunda, kunora yoqalari yirtilib, ko‘zlari ko‘karib kelsa ham u sakkizni bitirdi. Yetti yil to‘rt baho olmay a’lochi o‘qigan akam uch bahoga to‘la shahodatnoma oldi.
— Mayli, xafa bo‘lmang¬lar, bolalarim, dadang borida bu direktorlar u kishining soyasiga salom berardi, — dedi ayam opamning oppoq sochlarini silab. (Melisalar dadamning qo‘llarini qayirib olib ketishgan tunning ertasi kuni opam sochlari qordek oqarib uyg‘ongandi).
— Ketamiz, ayajon, — dedi akam o‘ktamona. — Shaharga ketamiz. Tog‘amnikiga boramiz. Katakdekkina uy bo‘lsayam topib joylashtirar. Men ishga kiraman. Ukalarimni o‘qitamiz. Ular o‘qishi kerak. O‘qishmasa dadam kelsa xafa bo‘ladilar. Shaharda birov bilan birovning ishi yo‘q.
Biz shaharga keldik. Akam aytgandek katakdekkina bir uyga joylashdik. Shahristondayam hovlimiz katta, xonalari ko‘p bo‘lgani bilan baribir bitta xonada yashardik. Qolgan xona¬¬larni NKBDchilar mix-lab, muhrlab tashlashgan, ularga kirishga haq¬qimiz yo‘q edi. Qaytanga shahardagi bu ijara uyimizning hovlisida erkin yurardik. Ayam hovlidagi tandirni ta’mirlab olib, non pishira boshladilar. Men hali o‘n yoshda bo‘lsam-da opam bilan bu nonlarni shaharga olib chiqib sotib kelardik.
Akam bir avtokorxonaga mashinalarni yuvuvchi bo‘¬lib ishga kirdi. Biz sentyabrdan yana o‘qishga qatnay boshladik. Ko‘p o‘tmay qor¬li, ayozli kunlar boshlandi. Ayamning non qilishi uchun ham, uyimizni isitish uchun ham ko‘mir kerak edi. Ammo ko‘mir sotib olish uchun ortiqcha pulimiz yo‘q edi. Bir kuni maktabdan kelayotib uyimizdan to‘rt ko‘cha narida, temir yo‘l stantsiyasi yaqi¬nida ko‘mir ortilgan vagonlari bor poyezdning stantsiyaga yaqinlashayotib tormoz berganini va shunda vagonlardan ko‘¬mir donalari to‘kilganini ko‘rib qol¬dim. Uyga kelib akam yasab bergan kichkina g‘altakchamni surib borib haligi to‘kilgan ko‘mir donalarini bir g‘altakcha qilib olib keldim. Ayam juda xursand bo‘ldilar. Chunki, bu ko‘mir uyni isitishga ham, tongda ayam non yopgan tandirni qizartirishga ham yetdi.
Men ko‘mir ortilgan poyezd qaysi kunlari, qaysi soatda o‘tishi, qayerda keskin sekinlashigacha bilib oldim. O‘sha fursatlarni qo‘ldan boy bermay to‘kilgan ko‘mir donalarini terib olib qopga joylardim. Qopim to‘lmay qolsa temir yo‘l bo‘ylab besh— olti chaqirim yo‘l bosib, keyingi burilishlargacha borib kelardim. Poyezdlar buriladigan joylardan ham ko‘mir topsa bo‘lardi.
— Poyezdlardan juda eh¬tiyot bo‘l, bolam, — tayinlardilar ayam har gal. — O‘tib ketguncha uzoqroqqa borib tur.
Men poyezdlardan ehtiyot edim. Ammo hademay ehtiyotkorlikni unutib, hali o‘tib ketib ulgurmagan poyezddan tushib qoladigan har bir dona ko‘mir uchun talashib-tortishishga to‘g‘ri keldi. Chunki, men xabardor bo‘lgan «ko‘mir koni»dan mahallaning bosh¬qa bolalari ham xabar topishgan, ularga ham ko‘mir juda kerak edi. Hademay menga o‘xshab qop ko‘targan, g‘altak surgan bolalar o‘ndan oshib ketdi. Barimizning uyimiz sovuq, barimizning qornimiz nonga to‘ymas edi-da.
— Uni men birinchi ko‘r¬dim, u meniki. Ber uni menga, — dedim vagondan tushgan uch dona ko‘mir bo‘-lagining bittasini olib qo‘ygan narigi ko‘chalik mendan bir sinf yuqorida o‘qiydigan Nori degan bolaga.
— Olgan-olganniki, bildingmi, — dedi u ko‘mirni or¬qasiga yashirib. — Bermayman.
Men uning qo‘liga yopishdim. U meni o‘sha ko‘mir bo‘lagi bilan ura boshladi. Menga tayoq o‘tmas, nima bo‘lsa ham o‘sha ko‘¬mirni undan olishni o‘y¬lardim. Ikkalamiz yuz-ko‘zimiz, egni boshimiz qop-qora bo‘lib mushtlashaverib, po¬ezd¬ning ustimizga kelib qolganini payqamay qo¬libmiz. Poyezd bizni bosib ketishiga ik¬ki-uch qadam qolganda bir kishi ikkalamizni ham yelkamizdan changallab, temir yo‘l¬dan chetga uloqtirdi. Qu¬loqni qomatga keltirib poyezd o‘tib bo‘l¬ganda Nori allaqachon juftakni rost¬lagan, bizni qutqarib qolgan kishi esa beton devorga suyanib maxorka o‘rab tutatardi.
— Ko‘zingga qarasang o‘la¬sanmi, tirrancha!
— Ko‘rmay qolibman, — yig‘lamsiradim.
— Temir yo‘lga dazmollab ketsa ko‘rarding, — o‘shqirdi yasama oyog‘ini do‘qqillatib menga yaqinlashgan odam. — Bo‘ldi, shil¬qillayverma! Qayerda turasan?
— Vino zavodining yonida. Asli shahristonlikmiz. Yozda ko‘chib kelganmiz.
— Shahristonlik, — ajablandi yuzimga sinchiklab qaragan cho‘loq bobo. — Kimlardansan? Otang kim?
— Xayrullo akaning o‘g‘¬liman, familiyalari Jiyanov, — dedim tanirmikan degan ilinjda.
— Hm-m, Jiyanovning o‘g‘¬liman de, — o‘ylanib qoldi boboy. — Otangni qamashgan-a?
Boshimni qimirlatib tasdiq ishorasini qildim. «Xalq dushmanining o‘g‘li ekansan-da», deb turtkilashini kutib yelkam qi¬sildi.
— Shaharga kepsizlar-da. Qiynalmayapsizlarmi, ish¬qilib?
Shu so‘zidan keyin u kishi menga yaxshi odam bo‘lib ko‘rina boshladi.
— Yo‘q, qiynalmayapmiz. Akam ishlayaptilar. Ayam non pishiradilar. Men opam bilan maktab vaqtigacha sotib kelamiz. Maktabdan keyin men shu yerga kelib ko‘mir terib boraman. Shuni tandirga, ortib qolsa uyni isitishga ishlatamiz. Shu-u, ko‘¬mir yetmay qolayapti.
Cho‘loq boboy «Bu yoqqa yur», dedi va bir oyog‘ini do‘qqillatib yo‘l boshladi. Biz temir yo‘l vokzalining ko‘mir saqlanadigan omboriga kirib bordik.
— Men mana shu yerda qorovul bo‘lib ishlayman. Manavi chetlarga to‘kilgan ko‘mirlarni terib qoping¬ni to‘ldirib ol. Faqat qo¬pingni kechqurun, qoron¬g‘u tushgandan ke¬yin g‘altak bilan kelib olib ket, xo‘pmi?
— Xo‘p, bobojon, — dedim suyunib.
Kechqurun bir qop ko‘¬mirni g‘altakka ortib ketar ekanman haligi kishi tayinladi:
— Men kunora ishlayman. Sen ham har ikki kunda bir kelib bir qopdan ko‘mir olib ketaver. Bitta-yarimta so‘rasa «Xolboy amakimdan so‘raganman», degin.
Endi mening tashvishim ancha kamaydi. Ko‘mir izlab temir yo‘l bo‘ylab izg‘imaydigan, bir bo‘lakcha ko‘mir uchun bolalar bilan yoqalashmaydigan bo‘ldim. Kunora kech¬qurun kelib stantsiyadan bir qop ko‘mir terib ketadigan bo‘ldim. Ko‘mir tandirdan ham, uyni isitishdan ham ortadigan bo‘ldi. Haftada bir-ikki orttirgan ko‘mirimizni kabobpazlarga sotib puliga yarim kiloginadan go‘sht ham oladigan bo‘ldik.
Ko‘mir terib, non sotib, shahar tashqarisidan o‘tin terib kelib maktabni ham bitirdim. Olti yil davomida bir martayam ko‘mir berib turganini minnat qilmagan Xolboy amaki bu davr ichida qarindoshlarimizdan ham qadrdon bo‘lib qoldi. Bunday deyi¬shimga sabab, otam qamoqda bo‘lgan salkam o‘n yil vaqt mobaynida ko‘p qarindoshlarimiz, dadam tufayli o‘qigan, ishga joylashgan, dadamning orqasidan obro‘-e’tibor topgan qarindoshlarimiz ham bizdan yuz o‘girib ketishdi.
«Sizlarni qarindoshim desam mening ham uyim kuyadi, sizlardan uzoqroq bo‘lganim yaxshi», dedi bir ammam.
«Hech bo‘lmasa manovi to‘rtovini «detdom»ga topshiring, yanga, xalq dushmanining bolasi ulg‘aysa go‘r bo‘larmidi», degandi bir amakim hali maktabga bormagan ukalarimga qo‘¬li¬ni bigiz qilib.
Ayam birortamizni «detdom»ga bermadilar. Kechayu-kunduz ishladilar, odamlarning kirini yuvdilar, tikishini tikdilar, ammo hammamizni boqib katta qildilar. Faqatgina opam dadamning kelganini ko‘rolmadi. «Qachon kelasiz» deb so‘ragan opamga «to‘yingga yetib kelaman», degan dadamning kelganini opam ko‘rolmadi.
Opamning to‘yi ham bo‘l¬¬¬madi. Dadamga eng qay¬g‘urgan opam to‘qqizinchida o‘qiyotganida qazo qildi. Opamning joni uzilishi qiyin bo‘ldi. Ko‘zini eshikdan olmadi. «Chilyosin» o‘qigani kelgan mulla «Qi-zingiz birovga intiq, o‘sha odam kelmasa jon berolmaydi», de¬di.
— U dadasiga intiq, — uvvos tortib yubordi ayam. — Nima qilay, dadasi kelolmaydi.
— Qizingiz tanimaydi, biror kishi kelib o‘sha odamning tilidan «Men keldim», desin. Shunda zora jon berishi yengillashsa.
Tog‘amni zo‘rg‘a ko‘ndirishdi.
Tog‘am kirib opamning sochlarini silab dedi:
— Ona qizim, men dadangman, men keldim, jonim. Mendan rozi bo‘l! Men sendan roziman!
Tog‘amning shu so‘zidan keyin opamning ko‘zi bir ochilib yopildi va tog‘amning qo‘llarini o‘pib nim-tabassum qilib jon berdi.
* * *
— Stalin o‘libdi!
Bu so‘zni akam xuddi Stalinni o‘zi o‘ldirib kelganday shodlanib aytdi. Ayam esa yig‘ladilar. Haligacha tushunmayman, ayam o‘shanda Stalinning o‘lganiga xursand bo‘lib yig‘ladilarmi, xafa bo‘¬lib yig‘ladilarmi? O‘sha kunlari odamlar ko‘¬chalarga chiqib faryod solishib yig‘laganlarini, yuzlarini yulib, «Endi biz nima qilamiz», deb dod solganlarini ko‘rganman. Hatto ayrimlar «Endi qanday yashaymiz», deb o‘z jonlariga qasd qilganini eshitganmiz.
Haytovur Stalinning o‘lgani yaxshi bo‘ldi, otam oqlanib keldi. Eng birinchi bizni «detdom»ga topshirmoqchi bo‘l¬gan amakim keldi:
— Mana, uka, bolalaring¬ni hech kimdan kam qilmay qanotim ostiga olib o‘tiribman!
Ko‘p o‘tmay ammam pildirab yetib keldi:
— Oqlanib kelgan bo‘l¬sang, opang aylansin! Yo‘¬lingga qarayverib ko‘zlarim teshildi-ku? — So‘ng bizlarni bir— bir quchoqlab o‘pa ketdi: — Ha, jigarlarim-a! Jonday qadr¬donlarim-a!
Ertasi kuni hukumat odamlari kelib dadamning hamma orden-medallarini qaytarib berishdi. Shahristonga borib yana avvalgi rahbarlik lavozimini egallashi mumkinligini aytishdi. O‘sha kuni kechgacha kelib dadamni tabriklovchilarning keti uzilmadi.
Kechqurun dadam har birimizning o‘n yil nimalar bilan shug‘ullanganimizni so‘rab-surishtirdilar. Nav¬bat menga kelib men ham bajargan yumushlarimni aytib berdim. Xolboy amaki ha¬qida, u kishining yaxshiliklari haqida so‘zlayotganimda o‘rinlaridan turib ketdilar.
— Bir oyog‘i yasamami? Ko‘p papiros chekadigan kishimi?
— Ha, o‘shanaqa kishi, — dedim men. — Moxorka o‘rab chekadi.
— Ketdik!
Vaqt allamahal bo‘lishiga qaramay Xolboy amakining qorovulxonasiga bordik. Xolboy amaki bizlarni ko‘rib hujrasidan chiqib keldi.
— Barini eshitdim, — dedilar Xolboy amakini quchoqlab uzoq yig‘lagan dadam. — Rahmat sizga, o‘z og‘a-inilarim qilmagan yaxshilikni qilibsiz. Bolalarimni o‘limdan saqlab qolibsiz!
Bir mahal dadam Xolboy amakining oldida tiz cho‘k¬dilar:
— Xolboy aka! Meni kechiring! Ko‘zim ko‘r ekan o‘shanda. Mansab, amal ko‘zimni ko‘r qilib qo‘ygan ekan. Mana, endi ko‘zim ochildi. Jon aka, meni kechiring!
Xolboy amaki dadamni qo‘ltiqlab turg‘izdilar.
— Siz kechirim so‘¬rashingizning hojati yo‘q. Xayrulla inim, u payti siyosat shu¬naqa edi. Sizam hukumatning buy¬rug‘ini bajargansiz-da, uka. Turing, bunaqa qilmang, o‘g‘lingiz qarab turibdi, uyat bo‘ladi. Men sizni kechirganman. Hammamiz ham xato qiluvchilarmiz. Hammamizni ham Ollohning o‘zi kechirsin!
— Mendan qaytmasa Xudodan qaytsin, Xolboy aka, — dedilar dadam stantsiyadan qaytayotganimizda. — Olloh rozi bo‘lsin, aka!
Qaytayotganimizda bir vaqtlar Shahristonni bosh¬¬qargan dadamning bor-yo‘g‘i bir qorovul Xolboy amakidan tiz cho‘kib kechirim so‘rashining sababini so‘radim.
— Buning tarixi uzun, o‘g‘lim, — dedilar dadam va yigirma qadamcha o‘ychan yurgach, hikoya qildilar: — Urush yillari edi. O‘shanda Shahriston ijroqo‘mi raisi edim. Ishchi kuchi, ishga yaroqli odam yetishmasdi. Shahristonga ko‘chirib keltirilgan zavod, fabrikalarda ayollar, qariyalar, yosh bolalar ishlardi. Bir tarafdan davlatga paxta ham, don ham topshirish kerak edi. Tumandagi har bir erkak hisobda edi o‘shanda. Ayni g‘o‘zani sug‘orishga odam yetishmay turganda Xolboy aka urushdan yarador bo‘lib qaytib keldi. U kishini o‘zi yashab turgan kolxoz idorasiga chaqirtirdim. Yasama oyo¬g‘ini do‘qqillatib idoraga keldi.
— Uchdalaning g‘o‘zasi ju¬da chanqagan, ikki-uch kunning ichida sug‘ormasak hosilni boy beramiz. Ho-silni boy bersak urushni, g‘alabani boy beramiz, — dedim. — Hoziroq ketmonni olib Uchdalaga jo‘nang, bilaman, nogironsiz, am¬mo ketmonni ko‘tara olasiz.
— Men suvchilik qilolmayman, — dedi Xolboy aka, — men namga yaramayman, sog‘ oyog‘imda ham oskolka bor. Bosh¬qa ish buyuring, qilay, quruqroq yerda bajariladigan ish¬ni buyuring.
— Suvchilik qilasan! Bosh¬¬qa ish zarurmas! Ketmonni ol-u hoziroq jo‘na!
Xolboy aka ham urushda qon kechib kelgan emasmi, o‘jarligi tutdi:
— Qo‘lingizdan kelsa otib tashlang, ammo suvga kirmayman!
— Sen kirmasang men kiraman, ammo seni Shahristonda yashatmayman.
Ketmonni olib achchiq bilan o‘zim suvga kirdim. Uch kun deganda Uchdalaning g‘o‘zasini sug‘orib bo‘ldik. To‘rtinchi kuni ertalab rayijroqum (rayispolkom)ning qarorini chiqartirib, Xolboy akaning ko‘ch-ko‘ronini yuklatib, Shahristondan chiqarib yubordim.
Dadam yonidan papiros olib tutatdilar. Ancha vaqt jim qoldilar. Uyimizga yetayozganimizda dedilar:
— Men bu odamni bevatan qilganman, bola-chaqasi bilan azobga qo‘yib sarson-sargardon qilganman. Bu odam esa biror marta ta’na qilmay shuncha yil senga yordam qilibdi. Sizlar tirik qolishlaringizga sababchi bo‘¬libdi. Bir yaxshilik qilib ko‘nglidan chiqaraman.
* * *
Dadamning Shahristonga qaytib, mansablariga tiklanganliklaridan ke¬yingi qilgan birinchi ishlari shu bo‘ldiki, ijro¬qo‘mning yuk mashinasini olib borib, o‘zlari Xolboy amakini Shahristonga ko‘¬chirib keldilar. Shuncha yil qarovsiz qolgan uylarini ijroqo‘m hisobidan chiroyli qilib ta’mirlab berdilar.
Bir kuni ertalab dadam ishga ketaman deb turganlarida hovlimizga o‘g‘li va chaqaloq ko‘targan kelinini ergashtirib Xolboy amaki kirib keldilar.
— Ijroqo‘m buva, Olloh nevara berdi. Qulog‘iga siz azon aytib, tangla¬yini ko‘tarib qo‘ysangiz, — dedilar salom-alikdan so‘ng. –Yaxshi niyat qilib, yaxshilarga o‘xshasin, deb ismini Xayrullo qo‘ydik.