Umidning kechagi ishidan terimga sig‘may ketdim. Men o‘shanda eng yaqin do‘stim o‘z obro‘sini bir pul qilayotgani haqida emas, balki Surayyoning qalbida unga nisbatan tug‘ilajak nafrat va o‘zimning farishta bo‘lib ko‘rinishim xususida o‘ylardim. Nazarimda, hammasi ko‘ngildagidek kechdi: keragicha otib olgan Umid shartta qizning yo‘lini to‘sib, «Seni sevaman!» dedi. Surayyo indamadi. O‘rtaga tushishim lozimligini angladim-u, oshnamni yelkasidan tutdim:
– Yur, sen mastsan.
– Tegma unga! – dedi Surayyo. – Gapiraversin.
– Qo‘yib bersang, kechgacha aljiraydi.
– Mayli…
Umidni zo‘rg‘a sudrab ketdim.
– Qalay, bopladimmi? – dedi tirjayib.
– Zo‘rsan!
Bu atrofda Surayyoga ko‘ngil qo‘yishi mumkin bo‘lgan odam Umid ikkimiz edik. Do‘stim ko‘zga yaqin yigit, shu bois men ro‘y berishi ehtimolli tasodifning oldini oldim go‘yo. Surayyo menga yoqardi-da! Aslida uning Termizdan kelib yashayotganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ammo allaqachon men u bilan tanishishga ulgurgan, Umid esa bu borada mutlaqo befarq edi.
Ertasiga Surayyo meni chaqirib keldi. Sevinib ketdim o‘zimcha.
– Kechagi bola kim edi? – deb so‘radi dabdurustdan.
– Bir tanishim. Tayini yo‘q o‘zi. Senga xo‘p aljidi-ya?
– Hechqisi yo‘q. Ismi nima?
– Nega so‘rayapsan?
– Shunchaki… bilmoqchiman, – dedi ko‘zini yashirib.
– Ismi Umid.
– Yaxshi.
Surayyoning e’tirofidan etim jimirlab ketdi. Nima bo‘lganda ham bu so‘zni o‘zgacha ohangda talaffuz qilgandi u.
– Tushunmayapman senga, – dedim hayajonimni zo‘rg‘a bosib.
– U qayerda yashaydi?
– Uyini nima qilasan?
– Shunchaki so‘rayapman.
– Ziyoratgohdan keyingi muyulishdagi ikkinchi uy.
– Rahmat senga! – dedi Surayyo sevinchini yashirishga ham urinmay.
– To‘xta! Bilasanmi… uning otasi aroqxo‘r.
– Yaxshi. Hammasi uchun rahmat.
– Umidning o‘zi ham tayyor piyonista. O‘rta ma’lumot ham ololmagan. Maktabda nuqul «ikki» bilan o‘qirdi.
– Bo‘pti, men boray, – dedi u beparvo qayrilib. – Sendan iltimos, so‘raganlarim haqida unga aytma.
Tabiiyki, men bu xususda birovga og‘iz ocholmasdim. Biroq o‘zimni chuqur o‘y bosgan, ayni paytda Surayyo nihoyatda g‘alati qiz bo‘lib ko‘rinardi ko‘zimga.
Kun peshindan oqqanda Umidni yo‘qlab bordim.
– Ketdik, – dedim uydan chiqishi bilan. – Men ham mardman, yutqazganimni to‘layman.
– Tan berding-a! – g‘ururlandi u. – Bir shisha aroq, sakkiz six kabob!
Qaytayotganda g‘irt mast oshnamni atay pastki ko‘cha tomon yetakladim.
– Nima keragi bor yo‘lni uzoq qilib? – dedi g‘uldiraganicha.
– Toza havoda bir oz o‘zingga kelasan.
– Toza havo tanga davo de! – bor ovozi bilan kuldi do‘stim.
– Vaysama, odamlar qarayapti.
– Men hech kimdan qo‘rqmayman!
Bu paytda biz Surayyo yashaydigan uyga yaqin kelib qolgandik. Birdan temir eshik shahd bilan ochildi-yu, ostonada o‘zi ko‘rindi.
– Surayyo! – dedi Umid mastona chayqalib. – U chiroyli qiz, to‘g‘rimi?
– Aljirashni bas qil! – yelkasidan tutdim.
– To‘xta, men unga yana «sevaman» deb aytishim mumkin, lekin bu safar foydasi yo‘q-da!
– Umid, kerakmas, sen mastsan.
Surayyo hamon ostonada toshdan yasalgan haykal ko‘yi qotib turardi. Men unga yer ostidan qarab, lablarining bilinar-bilinmas titrayotganini, nimadir demoqchi-yu, ammo botinolmayotganini ilg‘adim. Odatiy holda oshnamni qo‘ltig‘idan olib yetakladim. Oqshomda guzar gavjum bo‘ladi. Bizni – cho‘loq otdek odimlayotgan Umid, qiya ochiq eshik oldida hanuzgacha qimirlamay turgan Surayyo va o‘z g‘oyalaridan mamnun kaminani deyarli hamma ko‘rdi. Yashirmay aytsam, o‘zimga ham shunisi kerak edi. Endi Surayyoning ko‘ksida Umidga nisbatan rostakamiga nafrat uyg‘onishiga shubha qilmasdim.
Biroq keyingi kunlar g‘alati kecha boshladi. Surayyo bilan yo‘l-yo‘lakay qarshi kelib qolganimizda u shunchaki so‘rashishdan nariga o‘tmas, nigohlari ham allanechuk o‘zgacha edi. Shu dilbar nigohlarda Umidga qarshi nafrat emas, o‘zimga nisbatan adovat alomatini sezardim.
Nihoyat bir oycha keyin ikkalamiz yurak yutib yuzlashdik.
– Hech narsaga tushunmayapman, – dedi u o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgandek. – Umid chindan ham mastlikda aljiraganmidi?
– Biron gap bo‘ldimi? – so‘radim xavfsirab.
– Men… uni yaxshi ko‘rib qolganga o‘xshayman.
Badanimda o‘rgimchak o‘rmalayotganday seskanib ketdim:
– Nima deding?
– Qiynalib ketdim. Nega u faqat mast bo‘lganida gap otadi? Lekin men… Sen tushunmaysan. Mast bo‘lsa ham nega «sevaman» deydi? Sabrim tugadi. Oxiri unga xat yozdim.
– Xat? Nima deb yozding?
– Hammasini.
Butun vujudimda titroq uyg‘ondi. Ana shundagina yutqazganimni idrok etdim. Barchasi rasvo bo‘lgan, endi Surayyoga haqiqatni aytishdan bo‘lak chora qolmagan edi.
– Bilasanmi, – dedim og‘ir yutinib, – u seni sevmaydi. Bariga men sababchiman.
– Tushunmadim.
– Umid bilan garov boylashgan edik. Arzimas ziyofatdan. U senga sevgi izhor qilishi kerak edi.
– Nima uchun? – Surayyoning chiroyli ko‘zlari yiriklashdi.
– Shu yo‘l bilan undan jirkanishingni, Umid senda xunuk taassurot qoldirishini istagan edim.
– Tushunmayapman, bu bilan nimaga erishmoqchi eding?
– Bilmayman.
O‘rtamizga dahshatli sukunat cho‘kdi. Bu jimlik yo meni baxtga eltishi, yoki o‘sha baxtdan abadul-abad mosuvo etishi mumkin edi. Bo‘g‘zimga bir nima tiqilib, gapirishga qiynaldim. Arablar toshbo‘ron qilgan zinokordan farqim qolmagan edi o‘shanda. Shu turishda loqayd oshnamga qanchalar havas qilganimni bilsangiz edi!
– Hammasini gapir! – dedi nihoyat Surayyo titroq tovushda. – Umid meni ermak qildimi?
– Aslida unda ayb yo‘q. Men majburladim. U garovda yutgani bilan hayotda yutqazadi deb o‘ylagan edim. Chunki seni sevaman, tushunyapsanmi?
Surayyo menga ilk bor o‘zga sayyoralikni ko‘rganday boqdi. Nigohida nafrat, hayrat, gina… xullas, menga qarshi jami hislar bor edi.
– Qanchalar xudbinsan! – dedi keyin qoshlarini chimirib. – Men senlarga o‘yinchoq bo‘ldimmi?
– Ishon, buning bunchalar jiddiy tus olishi xayolimga kelmagan.
– Sen xudbinsan, – takrorladi u. – Tentaksan!
Botayotgan quyosh uning ko‘z yoshlarini yaltiratib ko‘rsatdi. Surayyo yuzini chetga burib, asta qadam tashladi. Ana shunda ilk bor ismini tutib chaqirdim. Istamaygina chala o‘girildi.
– Kechir meni, – bisotimdagi oxirgi gapni aytdim.
Indamadi.
Xufton payti Umid chaqirib keldi.
– Gap bor, – dedi yoniga yetishim bilan. – Ishonasanmi, Surayyo menga xat yozibdi.
– Bilaman.
– Bilasan? Nima deb yozganini ham bilishni istaysanmi?
– Umid, qo‘y bu gaplarni… Yur, ichamiz. Mening yonimdan.
– Kallang joyidami, shunday vaqtda-ya?
– Avvallari yarim tundayam yo‘q demasding?
U bir zum menga qarab turdi-da, keyin ko‘zlarini olib qochdi.
– Kimdir seni sevishini bilsang, boshqacha bo‘lib ketarkansan, – dedi mamnun tovushda. – Nimagadir ichgim kelmayapti. Kechir, oshna.
Osmonga qaradim: to‘lin oy shundoqqina qo‘l yetgudek joyda turganga o‘xshardi. Negadir ilk marotaba yolg‘izlik hissini tuydim.