Jo‘rabek Ramazonov. Abadiyat afsonasi (hikoya)

“Uning qalbi sevishga qodir, o‘zi esa sevilishga munosib edi. Malika uchun hayot hamma yo‘llarini bekitib qo‘ygan, u boshi berk ko‘chada o‘zi sezmagan holda quvnoq va beparvo yashardi. Lekin uning ko‘ksidagi yurak loqaydlikni bilmaydi, duch kelgandan mehr kutaveradi. Bu yurakka yovuzlik otli tuyg‘u tamomila yot edi. Biroq baribir taqdir malikaning barcha yo‘lini to‘sgan, ochiq qolgan birgina yo‘l esa ajal yo‘li edi…”
Har safar shu yerga kelganda onasi uni bag‘riga bosib, unsiz yig‘laydi. Boshqa gapirmaydi. Qizaloq esa olti yildan buyon ertakning davomini kutadi.
– Oyi, nega oxirini aytmaysiz?
– Katta bo‘lganingdan keyin aytaman.
– Men haliyam kichkinamanmi?
– Taqdir qo‘lida hammamiz bir zarramiz.
Ba’zan unga alam qilardi; boshqalarning oyisi matal aytishdan charchamaydi, o‘zlari ham to‘qiyveradi. Uning onasi esa faqat bittagina ertak biladi. Shuni ham oxirigacha aytmaydi.
“Uning ko‘ksida bo‘ron tug‘yoni, shamollar qudrati va tog‘lar jasorati mujassam. Malikaning mitti, lekin zalvorli ko‘ksi har qanaqa yovuzlikni mahv etish imkoniga ega. Yengib o‘tdi qancha-qancha sinovlarni. Uning so‘nggi raqibi esa o‘lim edi…”
Yo‘q, onasidan ertakchi chiqmaydi. Bir narsani hadeb takrorlayverganidan qizaloq bu mujmal, chala afsonani so‘zma-so‘z yod olgan. Onasi uyda bo‘lmagan kezlar ko‘zgudagi aksiga tikilganicha o‘z-o‘zicha takrorlaydi ertakni. Ana shunda ko‘ksida nimadir uyg‘onayotgandek tuyulaveradi. U shunchalik berilib ketadiki bu afsonaga, allaqanday tovushlarni, sharpalarni his qiladi. Butun vujudi bilan hatto o‘zi sezmagan holda sehrli dunyo bag‘riga sho‘ng‘iydi.
Oqshomda ko‘k ko‘ksini bulut qopladi. Yarim kecha u chinqirib uyg‘onganida ko‘zlari onasining dahshat to‘la nigohi bilan to‘qnashdi. Shu dam eshik qattiq zarb-la ochilib, shamol vahimali qo‘shig‘ini olib kirdi. Derazaparda uzildi. Sharros quyayotgan yomg‘ir oynalarga urilar, dam-badam chaqmoq chaqib, kuchli momaqaldiroq gumbirlardi.
– Oyi, qo‘rqayapman.
– Qo‘rqma! Sen qo‘rqmasliging kerak.
– Chaqmoqdan qo‘rqaman.
– Uxla, – dedi onasi ohista bo‘ynidan quchoqlab. – Men senga ertak aytaman.
– Yana o‘sha ertakmi? Hammasini bilaman. Oxirini ayting.
– Yaxshi, – dedi ona og‘ir tin olib. – Davomini aytaman.
U ertakni tugatishdan qo‘rqmaydi, shunchaki qanday yakunlashni bilmaydi, xolos. Chunki o‘zi to‘qigan bu yagona afsonaning oxiri o‘zi uchun ham mavhum edi. Eski matallar kabi murod-maqsadiga yetibdi qabilida nuqta qo‘ymoqchi bo‘ldi-yu, yolg‘iz farzandi qarshisida gunohkor bo‘lib qolishdan qo‘rqdi. Fojiali intiho yasash haqida o‘ylashi bilan esa dahshatga tushardi.
“U nihoyat o‘lim bilan yuzma-yuz keldi. Ajal farishtasining qoq ro‘parasida turib titray boshladi. Malika endi orzu, havas, hayot, kelajak – baridan umid uzgan, birgina shahzodasi haqida o‘ylardi. Ammo o‘sha xaloskori hoziroq paydo bo‘lib, qarshisidagi ajalni daf qilishini xayoliga keltirmasdi u…”
O‘n yoshli qizaloq uchun bu nihoyatda og‘ir afsona edi. Jon qulog‘iga singib ketgan ertakning mohiyatini anglash uchun u judayam yoshlik qiladi. Shu boisdanmi, onasining pichirlab chiqayotgan tovushi ostida darrov uxlab qoldi. Ko‘p o‘tmay ayolning ham ko‘zi ilindi.
Shamol, yomg‘ir, umuman, tabiatning bu tungi namoyishi bejiz emasdi. Uyqu ummoniga ko‘milgan ona-bola ayni shu kecha ertakka nuqta qo‘yilishini qayoqdan bilsin…
Qizaloq cho‘chib uyg‘onganida eshik oldida ust-boshi shalabbo, qorong‘uda ham soqoli yaqqol ko‘zga tashlanib turgan vahimali sharpani ko‘rdi-yu, ilgarigilaridan-da kuchliroq ovozda chinqirdi. Bu ovozdan hozir onasi uyg‘onadi-da, uylariga bostirib kirgan yovuz odamni haydab yuboradi. Agar ketmasa, uni o‘ldiradi. Qizaloq esini taniganidan buyon onasining sumkasida pichoq olib yurishini ham, yostig‘i ostiga boltacha qo‘yib uxlashini ham biladi. Buning sababini bir necha bor so‘ragan bo‘lsa-da, tayinli javob ololmagan.
Ona uning navbatdagi faryodidan tez uyg‘ondi-yu, derazaga qaradi. Shamolning ham, yomg‘irning ham shashti pasaygan edi. Hammasini odatiy qo‘rquvga yo‘yib, qiziga boqqanida, u dahshat to‘la nigohi bilan eshik tomonni ko‘rsatdi. O‘sha taraf bo‘yin burgan ayol nimagadir qo‘lini yostiq ostiga cho‘zmadi. Qizaloq esa hayron: nahotki onasi yaqqol ko‘zga tashlanayotgan xunuk nusxani ko‘rmayotgan bo‘lsa?! Yo boltani esidan chiqardimi?
Ona haykal ko‘yi qotib turar, qizaloq unga hayrat to‘la nigohini tikarkan, ko‘zi yoshlanganini ko‘rib, o‘zining ham bo‘g‘ziga yig‘i tiqildi. Uning bolalarga xos xulosasi shu: ro‘paradagi yovuz odam oldida onasi bolta-moltasi bilan ojiz! Ammo sal fursat o‘tib o‘zini o‘nglab olgan ayol dadil o‘rnidan qo‘zg‘aldi-yu, birdan eshik oldida kiyimidan suv tomib turgan odamning bag‘riga otilgancha o‘kirib yig‘lay boshladi. Ana shunda qizaloqning aqldan ozishiga bir bahya qoldi. Yo‘q, onasi telba bo‘lib tuyuldi unga. Ayol esa borliqni unutgan ko‘yi yillar davomida to‘planib yotgan ko‘z yoshlarini endi to‘kar, nimagadir erkak uni ovutishga urinmasdi ham.
Nihoyat ayol burnini torta-torta undan ajraldi-da, qizaloq tomon qaradi. Onasiga hayrat bilan, yarim tunda uylariga kirib kelgan begona erkakka esa yotsirab boqib turgan qizcha hech nimani anglay olmasdi. Negadir onasidan nafratlangisi ham keldi.
– Bu sening dadang, – dedi ayol sekingina bo‘g‘iq tovushda

* * *

Mirodil qishloqning old qiziga uylandi. Ishlari yurishib, shaharga ko‘chib kelgach, Dilbar dastlab yot muhitga ko‘nikolmadi. Ayniqsa, ikki uy narida yashaydigan baqaloq yigitning qarashlari yoqmasdi unga. Homiladorligining beshinchi oyi edimi, eri ishga jo‘nagandan so‘ng xuddi o‘sha yigit shirakayf holda kirib keldi. Ayni to‘polon payti Mirodil paydo bo‘ldi-yu, stol ustida unutib qoldirilgan idora kalitini emas, uning yonida turgan pichoqni oldi…
– Qaytgunimcha bir tomchi ham ko‘z yoshi to‘kmaysan, – deb tayinladi xotiniga. – So‘z ber. Omon qaytganimdan keyin xohlaganingcha yig‘layverasan.
Dilbar nainki so‘zining ustidan chiqdi. Qishloqqa ham qaytmadi. Xavotir va umid bilan qarshi oldi tonglarni. Qizi tug‘ilgandan so‘ng dastlabki yil qishloqdagilar xabar olib turishdi. Keyinroq boshqa birovga turmuga chiqishi lozimligini uqtirmoqchi bo‘lgan og‘zi ochiqlar ham topildi. Oxiri u xotiralari va qizi bilan yolg‘iz qoldi. Mana, bu tun uning xuddi o‘sha yolg‘izligi qatl etildi. Endi qiziga ertak so‘ylamaydi u, balki shuncha yildan buyon tinglab kelgani ertak emasligini aytadi.