Karomat buvi saksondan oshganiga qaramay, hamon chaqqon edi. Qishloq to‘y-ma’rakalarini batartib, ortiqcha dabdabasiz o‘tkazar, mehmonlar ham, mezbonlar ham undan rozi bo‘lishardi. Momo asfalt yo‘lning ikki tomoni yoqalagan qishloqning barcha yosh-yalang, qari-qartang, xotin-xalajiga “oliy bosh qo‘mondon”, so‘ziga itoatda edi.
Kayvoni o‘zining katta oilasi, nevara-evaralaridan ortib, ular uchun vaqt topa olardi. Uning oyog‘ini uzatib dam olganini hech kim ko‘rmagan. Nima bo‘ldi-yu, kampir bir kuni tobi qochib, ko‘rpa-to‘shak qilib yotib oldi.
Yaqinlari darhol shifokor chaqirtirishdi.
– Tashvishlanadigan yeri yo‘q, –dedi shifokor bemorni obdon ko‘zdan kechirgach. – Hammasi qarilikdan, men dori yozib beraman, ikki-uch kunda tuzalib ketadilar.
U bir varaq qog‘ozga dorilar ro‘yxatini erinmay yozdi. Katta o‘g‘ilga tutqazar ekan, shunday dedi:
– Onaxonimiz butun umr el xizmatini qildilar, endi bizlar bu kishiga xizmatda bo‘laylik. Ko‘proq meva-cheva, yengil hazmli ovqatlar beriladi. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi.
Shifokor kuzatilgach, tog‘dek uch o‘g‘il, to‘rt qiz, kelin-kelvat bemorning tezroq oyoqqa turishi uchun nimalar qilish kerakligini maslahatlasha boshladi. Katta o‘g‘il dorixonaga, ikkinchi o‘g‘il meva-cheva uchun bozorga jo‘nadi, uchinchi o‘g‘il bostirma tomonga o‘tdi-da, semiz tovuqni halollab, xotiniga eltib berdi.
– Past olovda mildiratib, sho‘rva pishir. Tovuq go‘shti davo bo‘ladi.
Shu taxlit butun oila buvining atrofida girgitton bo‘lib, unga hali dori ichirishar, hali meva-cheva, hali tansiq taomlar bilan siylashardi. Oradan bir hafta o‘tdi. Lekin onaxon o‘nglanish o‘rniga kun sayin to‘shakka qapishib borar, serajin yuzlari sarg‘ayib, kirtaygan ko‘zlarida tiriklik nuri kamayib borardi, go‘yo.
Oradan yana bir necha kun o‘tib, kampir tuz totmay qo‘ydi. U uzzu-kun shiftga tikilganicha yotar, allanimalar deb pichirlar, uyqusida alahlardi ham. Hamma tipirchilab qoldi. Viloyat markazidan chaqirtirilgan shifokor bemorni ko‘zdan kechirdi, unga bir-ikki savol berganday bo‘ldi. Kampir allanimalar deb g‘udrandi, Uning so‘zlari tushuniksiz edi.
Shifokor biroz taraddudlandi, qayta-qayta onaxonning yuragini tekshirgan bo‘ldi, nihoyat ko‘zlarini yerdan uzmay:
– Bu yog‘i – Allohning irodasi, – dedi-da, lash-lushlarini yig‘ishtirib jo‘nab qoldi.
Hech kimning qo‘li ishga bormas, hammaning yuzida tashvish-tahlika. Kechga tomon bemorning ahvoli yanada og‘irlashib, bot-bot alahlay boshladi. Katta o‘g‘il Qosimjon onasining yonidan jilmas, uka-singillari, kelinlariga imo-ishora bilan ko‘rsatmalar berardi.
Erta tonggacha ona “ana ketdi – mana ketdi” bo‘lib yotdi. Chiqmagan jondan umid, deganday bir necha marta “tez yordam” chaqirishga to‘g‘ri keldi. Nihoyat tong oqarganda Karomat buvi orom topib, ko‘zi ilinganday bo‘ldi.
Katta o‘g‘il Qosimjon ukalarini yoniga chaqirib:
– Hamma narsaga tayyor turishimiz kerak… Bardam bo‘linglar, – dedi.
Aka-ukalar jiqqa yosh ko‘zlarini bir-birlaridan yashirishga harakat qilib, biroz jimib qoldilar. Buvi choshgohgacha uxladi. So‘ngra o‘sha g‘amli ko‘zlari “yarq” etib ochildi. Nigohlari bilan Qosimjonni yoniga imladi. U darhol onasining tepasiga keldi.
Onaning qimtilgan lablari sal qimirlagandek bo‘lib, undan bir so‘z uchdi:
– Komiljon!..
Aka-ukalar hushyor tortib, bir-birlariga qaradilar. Komiljon Karomat buvining to‘rtinchi – kenja o‘g‘li bo‘lib, xorijga ishga ketganiga besh yil bo‘lgan, ikki yildan beri undan mutlaqo xat-xabar yo‘q edi.
Qishloq kayvonisi hech kimga bildirmay, kenja o‘g‘il g‘amini chekardi. U tunlari pinhona ko‘z yosh to‘kar, lekin tongda o‘rnidan turib yana o‘zining o‘sha xushchaqchaq holiga qaytardi. Atrofdagilar u Komiljonni behad sog‘inganini bilsalar-da, onaning ichini to‘xtovsiz kemirayotgan dard naqadar og‘irligini his etishmasdi.
O‘g‘illarining kallasiga yarq etib nur urilganday bo‘ldi. Xonadan chiqib qayerdaligi noma’lum Komiljonni daraklashga tushdilar. Uchalasi ham qo‘l telefoniga yopishib, xorijdagi tanish-bilish, yor-birodarlar, hamqishloqlariga bir boshdan qo‘ng‘iroq qila boshlashdi.
Lekin kichik o‘g‘ilning shuncha yil topilmagan daragini bir-ikki soat yoki bir-ikki kunda topib bo‘lmaydi-ku!
Karomat buvi esa hamon taom totmas, qizlari dam-badam paxtani ho‘llab kampirning qonsiz lablariga bosishar, u esa zo‘rg‘a tamshanib qo‘yardi, xolos. Onda-sonda onaning bo‘g‘zidan kuchli xo‘rsinish, ingroq otilib chiqar, joni uzilib ketganday bo‘lardi. Hammaning umidi kenja o‘g‘ilni izlayotgan aka-ukalarda edi. Aka-ukalar esa shuncha yillar onalari dardiga beparvo bo‘lib, ukalarini tuzukroq izlamaganlariga pushaymon bo‘lib, to‘rt tomonga zir yugurishardi.
Umidli dunyo deganlari rost ekan! Sertashvish o‘tgan hafta oxirida bemor yana pichirlagandek bo‘lib, “Komiljon, o‘g‘lim” dedi. Onaning pichirlashi yaqinlari ko‘nglida andakkina umid uyg‘otgan, hamma Komiljondan bir xabar kutardi.
Qidir-qidirlarning yettinchi kuni katta o‘g‘ilning qo‘l telefoniga xorijda ishlayotgan hamqishlog‘i Umardan xabar keldi:
– “Qosimjon aka! Men Komiljon bilan birgaman, daraxt kesuvchilar brigadasida ishlayapmiz, sog‘-salomatmiz. Unga qidirayotganlaringizni aytdim. Hozir sizlarga qo‘ng‘iroq qiladi”.
Nurlangan satrlarni o‘qiyotgan aka o‘zini tuta olmadi, yig‘lab yubordi.
U xabarni takror-takror o‘qir, ko‘z yoshlari o‘z-o‘zidan qo‘shilib kelar, hayajonini bosa olmasdi.
– Ona! Onajon! Erkatoyingiz topildi! Hozir qo‘ng‘iroq qiladi! – Qosimjon o‘zini yig‘idan zo‘rg‘a tutib turardi. O‘g‘li juda sekin gapirgan bo‘lsa-da, onaizor uni eshitdi, ko‘zlarini katta ochdi.
– Komiljon… Keldingmi, bolam?..
Qosimjon onasining yonida baralla yig‘lab yubormaslik uchun tishlarini qattiq qisdi.
– Ha, onajon, Komiljoningiz erta-indin keladi!
Xonada to‘planganlarning barchasi hozir mo‘jiza ro‘y beradi, deb o‘ylashardi. Xuddi shu asnoda Qosimjonning qo‘l telefoni qattiq jiringladi, mo‘jiza ro‘y berdi!
Qosimjon telefon tugmachasini bosib, ovozni balandlatdi. Bemor tirsagiga tayanib turmoqchi edi, bo‘lmadi. Zum o‘tmay xonani kenja o‘g‘ilning beparvo, xiyla loqayd ovozi to‘ldirdi!
– Assalomu alaykum, akajon! Yaxshi yuribsizlarmi? Onamning sog‘liqlari yaxshimi?
Qosimjon ukasi bilan gaplasha boshladi:
– Vaalaykum assalom! Hammamiz yaxshimiz, onam ham yaxshi. Seni juda sog‘inibdilar, tezroq kel! Mana, onam bilan o‘zing gaplash!
Qosimjon telefonni onasining qulog‘iga yaqinlashtirdi.
Karomat buvining ko‘zlarida allaqanday nur paydo bo‘lgan, u bir tekis nafas olardi. Qosimjonning ukasi bilan so‘zlashuvini elas-elas eshitmoqda edi. U yana o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi. Katta qizi onasini suyab orqasiga par yostiq qo‘ydi.
– Assalomu alaykum, onajon! Yaxshimisiz?
Necha kunlardan buyon o‘lim bilan mardona olishayotgan ona qayta jonlangandek bo‘ldi, birdan burro-burro gapira boshladi.
– Dardu balongni olay, bolajonim! Men yaxshiman, tuzalib ketdim. Tezroq kel, seni juda sog‘indim!
– Ikki-uch kunda yetib boraman onajon. Xotirjam bo‘ling! Xo‘p, hozircha xayr!
Shu bilan ona-o‘g‘il o‘rtasidagi qisqa suhbat tugadi.
Onaizorning ahvoli o‘nglandi. Ko‘zidagi yurakni tilka-pora qiluvchi mung yo‘qoldi. Atrofga sinchiklab boqib tanish chehralarni izlay boshladi.
Endi par yostiqqa bemalol suyanib o‘tirgan Karomat buvi ovqat yegisi kelganini aytdi. Qizlaridan biri darhol dastsho‘ olib kelib, onasining qo‘l-betini yuvdi. Dasturxon qaytadan tuzalib, bemorga 3-4 qoshiq sho‘rva ichirdilar.
Kechga tomon bemorning toza havoga chiqqisi kelib qoldi. Uni ikki kishilab suyab, tashqariga olib chiqib, ishkom tagidagi so‘riga o‘tirg‘izdilar. Kampir biroz nafas rostlagach, chor atrofga suqlanib, tashnalik bilan nazar tashlay boshladi. Hosili mo‘lligidan shoxlari yerga egilgan olma daraxtiga nigohi tushdi. Yarmi qizil, yarmi oq olmalar ko‘zni quvontirardi. Karomat buvi yutinib qo‘ydi, so‘ngra tepasidagi ishkomda kahraboday tovlanayotgan husaynining har biri naq “bo‘rikalladay” keladigan yirik-yirik boshlari uning diqqatini tortdi.
O‘g‘il-qizlari onalarining har bir xatti-harakatini diqqat bilan kuzatib turar edilar.
So‘riga darhol dasturxon yozildi, unga bo‘rsildoq “amiri non”lar, uzum, olma qo‘yildi.
Karomat buvi o‘zi qo‘l cho‘zib nondan ozgina ushatib, qo‘liga bir shingil uzum ham oldi. Pichirlab, nonni o‘pib, ko‘zlariga surtdi.
Ertasiga u barvaqt uyg‘ondi. Avvalgi odaticha oila a’zolari bilan birgalikda nonushta qildi. Dasturxonga fotiha o‘qilgach, o‘z qo‘li bilan chuchvara pishirmoqchi ekanini aytdi. Oila a’zolaridan ikki kishi unga yordamchi bo‘lish istagini bildirdi.
“Komiljonim chuchvaraga qatiq solib yeyishni yaxshi ko‘rardi. Mabodo rizqi qo‘shilgan bo‘lsa, kelib qolar…” o‘ylardi ona.
Oradan ikki kun o‘tdi. Tushlik payti bo‘lib qolgan edi. Yarim ochiq darvozadan kichik nimdosh jomadon ko‘targan Komiljon kirib keldi. Yigitning barvasta qaddi biroz bukchaygan, ko‘zlari kirtaygan, yonoqlari salqi edi.
U jonsarak nigohlari bilan supani to‘ldirgan yaqinlari orasidan onasini izlardi.
Onaizor bir zumda o‘g‘lining qarshisida paydo bo‘lib qoldi. Aka-ukalar, opa-singillar onalari qanday qilib hammadan oldinga o‘tib qolganini bilmay ham qolishdi. Buning sababi yolg‘iz Allohga va onaizorning o‘zigagina ma’lum edi.
Ona-bola quchoqlashganlaricha xun bo‘lib yig‘lashar, ularni qurshab olgan qarindosh-urug‘ ham ko‘z yoshlarini tiya olmasdilar.
– Oh, bo‘ylaringga jonim sadag‘a, bolam! – derdi Karomat buvi,– seni kutaverib ko‘zlarim ko‘r bo‘layozdi-ku! Bunchalar sog‘intirmasang!
– Bo‘ldi, bo‘ldi, onajon! Yig‘lamang! Endi hech qayoqqa ketmayman.
Hammalari boshlashib, keng mehmonxonaga kirdilar. Oila a’zolari jamuljam bo‘lishgach, ona fotihaga qo‘l ochib, duo qildi. Akalari kenja o‘g‘il oyog‘i ostiga ikki yildan buyon boqilayotgan qo‘chqorni so‘ydilar. No‘xat sho‘rva pishirildi, osh damlandi. Necha kunlar davomida azaga hozirlangan xonadonda to‘y boshlanib ketdi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2018 yil, 48-son