Bayram tongi edi. Uning hayot talato‘plaridan ozurda ko‘nglida qandaydir iliqlik, mo‘jazgina bir nur bor ediyu, lekin bu bolalik, yoshlik paytlaridagi xursandliklarga sira o‘xshamas, allaqanday g‘am, anduhga yo‘g‘rilgandi.
Oldingi bayramlar juda g‘aroyib, bu kunlarni u juda zoriqib kutar, evaziga bir olam shodlik egasi bo‘lib chiqardi. Aslida bolalik va yoshlikning o‘zi ham bir bayram edi-da. Endi esa oddiy kunlar ko‘payib borayapti va shuning barobarida yoshi ham yetmishni qoralab qoldi.
* * *
Bayram tonglarida onasi ancha urinib qolgan bo‘lsa-da, toza-ozoda kiyimlarini kiydirar, otasi qishloq o‘qituvchisining sanoqli maoshidan “ortib” qolgan puldan 2-3 so‘m berar va bolakay uchun xursandchilik boshlanardi.
Uning nigohida bayram kunlarining o‘zgacha rangi bor edi. O‘zi bu qanaqa rang ekanini bilmas, lekin yaxshi kunning juda yorqin bo‘yoqda ekanini yurak-yurakdan his etardi.
U savodi chiqar-chiqmas kitobga oshno bo‘lgan, juda ko‘p o‘qir, ertaklar, xayolot dunyosida yashardi. Bayram, uning rangin quvonchlari, eng avvalo, bolaning ko‘nglida edi, bir-ikki kun emas, kunlar, oylarga cho‘zilardi.
Bolakay qishloqdagi yakkayu yagona savdo do‘koniga borib, shirin kulcha, pufak va yana allanimalar sotib olar, so‘ngra o‘rtoqlariga qo‘shilib, xursandchilik qilardi.
… Shularni xayolidan o‘tkazgan cholning ko‘ngli biroz yorishgandek bo‘lib, o‘rnidan turdi.
Derazadan g‘ira-shira nur tushib turardi. “Yo, Xudo, inson ko‘ngli ham mudom ana shunday g‘ira-shira ekan-da. Bir umr o‘rganganingda ham, yoningdagilarni, hatto, eng dahshatlisi, o‘z-o‘zingni ham anglayolmay bu dunyodan o‘tib ketasan…”
Lekin u ko‘nglida taskin bilan e’tirof etardiki, o‘z-o‘zini anglashdek ulug‘ ne’mat hammaga ham nasib etavermaydi. O‘zini, o‘zligini anglagan inson, boshqalarni ham, dunyoni ham anglay oladi. Qolgani unchalik muhim emas… Ammo insonlar o‘zlarini va boshqalarni anglay olganlarida yer yuzida yovuzliklar, qabohat, urushlar sodir bo‘lmasmidi…
Sharif aka xona chirog‘ini yoqdi. Shundoq, ro‘parasidagi ko‘zguda o‘zining so‘lg‘in chehrasi namoyon bo‘ldi. U salqi yonoqlari, peshonasidagi yanada chuqurlashgan ajinlarga sin solib boqar ekan, ko‘ngli to‘lmadi. “Ha, — chuqur “uf” tortib o‘yladi u, — o‘ktam chehrayu, adl qomatlar o‘sha, bayramlarda qolib ketdi…
U keyinggi yillarda o‘tkazayotgan o‘ziga xos “tajribalarini” eslab, miyig‘ida kulib qo‘ydi. Sharif aka bayramlarda “Qani, birinchi bo‘lib yo‘qlamasam, meni boshqalar yo‘qlasharmikan?”, degan xayolga borib, hech qayerga bormas, hech kimga qo‘ng‘iroq ham qilmasdi. Taassufki, unga birov “bormisan” demas, “tajriba”lari barbod bo‘lib, bola-chaqa, do‘st-birodarlar bilan o‘zaro munosabatda tenglik, adolat istagan qahramonimiz o‘zi bilan o‘zi qolaverardi.
“Bo‘ldi, — dedi Sharif aka qat’iyat bilan, — endi sira tajriba o‘tkazmayman! Nima, kimgadir qo‘ng‘iroq qilganim yoki qilmaganimda bu dunyosida biror nima o‘zgarib qolarmidi? Axir, bu amallarni men yoki do‘stlarim o‘ylab chiqarganimiz yo‘q-ku! Shunday o‘tiraversam, butunlay yolg‘izlanib qolaman!”
U hafsala bilan soqolini qirtishladi. Co‘ngra xotini, kelini, o‘g‘il-nevaralari bilan nonushta qilar ekan, ularni qutladi, bolakaylarga “bayram puli” ulashdi. Nevaralar pulni olgach, qiy-chuv bilan ko‘chaga otildilar. Ularni kuzatib o‘tirgan boboning ko‘ngli tog‘day ko‘tarilib ketdi, bolaligini esladi.
Nonushtadan so‘ng xotinini hayron qoldirib, ko‘chaga otlandi.
— Baxayr, otasi, — dedi xotini jilmayib, — men sizni “chilla” o‘tirganmisiz desam, ko‘nglingiz sayru sayohatni tusab qolibdimi?
— Ha, — dedi Sharif aka, — o‘ylab qarasam, uydan chiqmaganimga ham ancha bo‘libdi. Axir, tarki dunyo qilganim yo‘q-ku! Eski do‘stlarimni bir yo‘qlab, bayram bilan tabriklab kelay, dedim…
Erining kayfiyatidagi bu o‘zgarishdan xotini xursand bo‘ldi, uni darvozagacha kuzatib chiqib, yaxshi borib keling, dedi. Ko‘cha gavjum, o‘tib-qaytib turgan qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilishlarning salom-aligu xushmuomalasidan cholning ko‘ngli tobora yorishib borardi. U qaddini g‘oz tutib, shaxdam odimlab borar, lekin hali qayerga borishini bilmasdi.
Xuddi shu asnoda yonginasiga sut rangli yap-yangi “Neksiya” kelib to‘xtadi. Rulda odmigina kiyingan, moshguruch soqoli o‘ziga yarashgan sinfdosh do‘sti Abdurahim o‘tirardi. U mashinadan tushib do‘sti bilan quchoqlashib ko‘rishdi. Do‘sti barvasta, hamon baquvvat edi, ko‘rishayotib Sharif akaning suyaklarini shiqirlatdi.
— Ob-bo, sen-ey, — dedi sinfdoshining yelkasiga shapatilab, — suyaklarimni sindirayozding-ku. Ammo-lekin soqol juda yarashibdi.
— Ha, ha, — dedi Abdurahim, — yigirmata nevara “bobo-bobojon”lab tursa yarashmay ham ko‘rsinchi! Cening esa o‘sha-o‘sha oliftaliging qolmabdi. Hatto mo‘ylov ham qo‘ymabsan?
— E-e, mo‘ylov qo‘yish qiyin emas-ku, lekin “mo‘ylov oshi”ning xarajati yoqmaydi-da, — hazillashdi Sharif aka.
— Qo‘rqma, xarajati menga tan. O‘stiraver mo‘ylovingni!
Shu tariqa hazil-mutoiba bilan ikkovlon mashinaga o‘tirishdi.
— Xo‘sh, qani, qayoqqa oborib qo‘yay? — so‘radi Abdurahim mashinani yurgizgach.
— He, shu hali qayoqqa borishni bilmayman. Shundoq, bayram bahona, do‘stlarni bir yo‘qlab qo‘yay, deb ko‘chaga chiqqandim…
— Unday bo‘lsa, ayni muddao ekan. Ketdik, senga yangi bog‘imni ko‘rsataman. Shu bahona miriqib otamlashamiz.
— Qandoq bo‘larkan? — ikkilandi Sharif aka, — uydagilarga aytmagandim…
— Qanddek bo‘ladi! Axir, uchrashmaganimizgayam ancha bo‘ldi. Bunaqada begonalashib ketamiz-ku. “Mehr ko‘zda” deb bejiz aytishmagan donolar.
— Bo‘pti. Hayda, o‘sha yangi bog‘ingga!
Chamasi yarim soatlardan keyin ular shaharga tutash katta boqqa yetib keldilar.
Yangi bog‘ shig‘il hosil tukkan, bir tomonda shaftolizor, yana bir tomonda olmayu anorlar yastanib yotar, yetilib pishgan mevalar hidi dimoqni qitiqlardi. Cinfdoshlar ishkomlar soya solgan salqin sarhovuzga o‘tdilar.
Dasturxon yozilib, non, qand-qurs, meva-cheva qo‘yildi. Ikki do‘st duoga qo‘l ochib, el-yurtga omonlik, obodlik tiladilar. Dasturxon ustida suhbat avjiga chiqdi. Bolalik, yoshlik yillarini eslashdi.
Shundan so‘ng Abdurahim do‘stiga yangi bog‘ini ko‘rsatdi. U uzoq yillar jamoa xo‘jaligida agronom bo‘lib ishlab, dehqonchilik ilmini puxta egallagandi. Nafaqaga chiqqach, fermerlik harakatiga qo‘shilib, bog‘ yaratishga kirishib ketgandi.
Sharif aka uning ishlari haqida eshitib yurardiyu, bugun yangi mevazorga birinchi kelishi edi. Do‘sti amalga oshirgan ishlarni ko‘rib, juda xursand bo‘ldi.
Ikkovlon hosili ko‘pligidan yerga egilgan daraxatlar oralab uzoq kezdilar. -Abdurahim bog‘ning yaratilish tarixini so‘zlab berdi.
Shu tariqa kunning kech bo‘lganini ham sezmay qolishdi. Abdurahim bog‘bon do‘stini mashinasida uyigacha eltib qo‘ydi. Xayrlashishar ekan, mashina yukdonini ochib, tolxivich savatda olma, shaftolilarni olib, do‘stiga uzatdi.
— Bu nevaralaring uchun!
Sharif aka hay-haylashiga qaramay, keksa bog‘bon ulkan savatni o‘zi darvozaxonaga olib kirib qo‘ydi va shunday dedi:
— Endi do‘stim, manzilim senga aniq. Onda-sonda yo‘qlab tursang, xursand bo‘lardim.
— Albatta, shunday qilaman, — dedi Sharif aka bugungi kun, bugungi bayram ko‘ngildagidek o‘tganidan xursand bo‘lib…
* * *
… Bayram oqshomi edi. Botayotgan Quyosh nurlari ufqni qirmizi rangga bo‘yadi. Quyoshning so‘nib borayotgan nurlaridan ko‘z uzolmayotgan otaning yuragi hapriqib ketdi. Bolaligida u bayramning qandaydir ulug‘vor bir rangda ekanini his etardiyu, bu qanaqa rangligini bilmasdi. Mana endi, yetuk yoshida, umri shomida u bayram qirmizi — Quyosh rangida ekanini yurak-yurakdan his etdi…
Quyosh rangidagi bayram – Bayram rangidagi quyosh — g‘oyat go‘zal edi…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 40-sonidan olindi.