Xonada tiq etgan tovush eshitilmas, hatto telefonlar ham jiringlamas, ammo ikki do‘stning suhbati tugay demasdi.
– Ob-bo, Rasuljon-ey, – dedi Komiljon, oraga tushgan bir nafaslik sukunatni buzib, – unutmabsan-a, og‘ayni. Seni ko‘rib turganimga hech ishongim kelmayapti.
– Senday do‘stimni qanaqasiga unutay? Hayotda sodir bo‘lgan ko‘p voqealarni unutish mumkin, ammo yoshlikning eng shirin damlarini birgalikda o‘tkazgan, qalbing tagiga yashiringan ezgu tilaklaringgacha bir-biringga aytib, so‘nggi tiyininggacha o‘rtada baham ko‘rgan eng aziz qadrdoningni unutib bo‘larkanmi?
– Qoyil, o‘zgarmabsan, o‘sha-o‘shasan… Yo‘q, xiyol to‘lishibsan shekil, ammo qarimabsan.
– Qo‘ysang-chi, do‘stim, barobar qariyapmiz, shuning uchun sezilmayotgandir.
Engil kulishdi.
– Kim biladi… – dedi Komiljon hamon ko‘zlari charaqlab, – aytmoqchi, uylandingmi yo haligacha so‘qqaboshmisan?
– Bir qiz, ikki o‘g‘lim bor. Kattasi to‘qqizga to‘ldi, o‘zing-chi?
Komiljon shoshib soatiga qaradi.
– O‘h-ho‘, allamahal bo‘lib qopti-ku… Yur! – O‘rnidan qo‘zg‘aldi u, – uyga borsang, hammasini o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan.
Ular Komiljon xizmat qilayotgan tuman hokimligi binosidan chiqib, katta yo‘l yoqalab ketishdi. Rasuljon do‘sti yashab turgan hovlini tasavvur qilar ekan, dimog‘iga rayhon hidi ufurganday bo‘ldi. Bir vaqtlar birga dars tayyorlash bahonasida bot-bot ularnikida uzoq-uzoq qolib ketar, atrofi paxsa devor bilan qurshalgan hovli o‘rtasidagi supada kechalari bulutsiz osmonga tikilib, chigirtkalarning g‘ovg‘asiga, to‘lib-toshib sayragan bulbul navosiga quloq solib yotish, shabada qanotiga ilashib bog‘ma-bog‘ esgan kimningdir sof sevgi haqidagi qo‘shig‘ini tinglash qanchalik gashtli tuyilardi unga.
U paytlar nihoyatda sho‘x, o‘yinqaroq edilar. Ammo darslarni o‘zlashtirishda ularning oldiga tushadigani bo‘lmasdi. Ayniqsa, fizika faniga boshqacha mehr qo‘yishgandi. Darsda olgan bilimlari yetmayotganday boshlarini qotirgan qandaydir savollarga javob olish niyatida o‘qituvchilarini uyida ham holi qo‘yishmasdi. Keyin nimqorong‘i qaznoqqa kirib olib, tajriba o‘tkazish bilan tunni yarim qilishardi. Qo‘shni Hojar xolaning mushugi dumiga radioto‘lqin o‘tkazgich bog‘lab qo‘yib, hammayoqning to‘s-to‘polonini chiqarganlari ham eslarida. Mushuk quturib ketib devordan devorga sakrab, hovlima-hovli oshib yurib, ovozini boricha baqirar, uchraganga tashlanar, tuvuqxonalarga otilib kirib, shovqin-suron ko‘tarilishiga, sigir-buzoqlargacha arqonlarini uzib qochishiga sabab bo‘lgan edi. Bolalar qiy-chuv bilan har yoqqa yugurishar, xotin-xalaj vahima ko‘tarishib, ayyuhannos solishardi.
– Buni kim qilganini bilamiz, – deya shang‘illardi ulardan biri, – anavi ikkita ota bezoridan chiqqan ish bu!
– Ha-da, o‘sha zumrashalardan boshqa kim qilardi. Ularning dastidan na parranda-darrandaga kun bor, na mahallaga! Toza jonga tegishdi-ku! qachongacha chidaymiz? – deya baqirishardi boshqalari.
Haqiqatdan ham ancha-muncha “hunar” ko‘rsatishib, hammaga otning qashqasiday tanilib qolishgandi-da. Bir gal quyosh nuri ta’sirida suv qaynatish usulini qo‘llash bilan kolxoz molxonasini yondirib yuborishlariga oz qoldi. Yana bir kuni qishloq klubi eshigini fotoelement yordamida o‘zidan-o‘zi ochilib-yopiladigan qilmoqchi bo‘lishadi. Natijada eshik butunlay ishdan chiqib, kino ko‘rgani kelganlar ikki soatcha zal ichidan chiqolmay qamalib o‘tirishadi. Oxiri, derazani buzib chiqishga majbur bo‘lishadi.
O‘ziqaynar qozon tufayli ham ozmuncha ta’zirlarini yeyishmagan: Komiljon onasiga temir o‘choq yasab beradi. O‘choqqa qozon osib, oshning zirvagi maromiga yetib qaynaguncha ichkari kirib ketgan ona qaytib chiqsa, qozon tagida bir dona cho‘g‘ ham qolmabdi. Ammo qozon vaqirlab qaynayotganmish. Hayron bo‘lgan ona beixtiyor qo‘liga kapgir olib, qozonga tegizishi bilan tasodifan qichqirib yuboradi. Kapgir esa qo‘lidan chiqib, ancha nariga uchib tushadi. Onaning ovozini eshitgan qizlari, kelinlari yugurishib kelishadi, voqeani ko‘rib, hang-mang bo‘lib qoladilar. O‘tsiz, olovsiz qozon qaynashi ular uchun haqiqiy mo‘jiza edi-da. Ayollar nima qilishlarini bilmay g‘ala-g‘ovur ko‘tarishib, o‘choqboshida gir aylanishar, ammo sirning tagiga yetolmay boshlari qotardi. Qozonga esa yaqinlashishning iloji yo‘q. Chunki unda tok bor edi. Bu orada zirvakning suvi tortilib, qirmoch bog‘lay boshlaydi. Ko‘p o‘tmay tutun buruqsaydi, o‘choq ustiga egilgan o‘rik shoxlarining bargigacha qora qurumga belanadi.
Ayollarning chuvur-chuvirini kuzatib, qiqir-qiqir kulishayotgan Rasuljon bilan Komiljon yashiringan yerlaridan chiqib kelishga majbur bo‘ladilar. Rasuljon qo‘lbola transformatorni qozon tagidan olib tashlaydi. Ayollar battar tutaqib, “beboshlar”ning qilmishlarini birma-bir sanab, jag‘lari tinmay dakki-dashnom berishda davom etadilar. Rasuljon bilan Komiljon esa o‘zlarini himoya qilish haqida o‘ylashmas, faqat bir narsaga, ya’ni bu ishni onaning yuragini yorish uchun atayin qilingan, degan ta’naga qo‘shilgilari kelmasdi hech!
Xullasi kalom, o‘sha oqshom oila kechki ovqatsiz qolgani uchun Rasuljon ming tavba-tazarru bilan otasining kaltagidan arang qutuladi.
Ikki “kashfiyotchi” qishloqning bir burchagidagi eski og‘ilxonaga borib, tun yarmidan oqqanga qadar bir-birlariga hasrat qilib o‘tirishadi.
– Battar bo‘linglar-e, bizga nima sizlar uchun kuyinib… Bir umr ho‘l o‘tin, tezak tutatib yashayvermaysizlarmi! – jig‘ibiyron bo‘lardi Rasuljon.
– Fizikadan xabari yo‘q omi qishloqilar qizitish apparati nimaligini qayoqdan bilishsin, – deya nolirdi Komiljon ham, – vaqti kelib, shunday pushaymon bo‘lishadiki…
– Tarixdan ma’lumki, – do‘stini yupatishga o‘tadi Rasuljon, – yangilik yaratgan buyuk kashfiyotchilarni hech qachon tan olishmagan. Galileyning taqdiri esingdami?
– Hali bizlarning ham boshimizda ko‘p fojialar bor, desang-chi!..
– Ha, iloj qancha. Barchamizning qismatimiz bir ekan aslida, – xulosa qiladi Rasuljon.
Shunday qilib, bir-birlariga tasalli berib, o‘zlarini ovutgan bo‘lishdi.
Gap bora-bora ertangi kunga umid va ezgu niyatlarga ulanib ketadi. Komiljon oliy o‘quv yurtini bitirib qaytgach, kindik qoni to‘kilgan qishlog‘ini eng madaniyatli, har jihatdan yuksak taraqqiy etgan maskanga aylantirish niyatida ekanligini aytadi. Rasuljonning orzusi boshqacha: haqiqiy olim bo‘lib yetishish uchun aynan fan va texnika rivoj topgan markazda yashash kerak.
Bu borada uzoq tortishardilar. Hatto bahs shu darajaga yetardiki, har kim fikrini ma’qullash bilan gap talashib, sanu mangacha borardilar va arazlashib ham qolardilar.
Oliy o‘quv yuritni tugatgandan keyin Rasuljonning omadi yurishib, aspiranturada qoldiriladi. Hozir esa fan nomzodi. Talay kitoblari chop etilgan. Nomi gazetalarda chiqib turadi. Lekin, baribir u tug‘ilib-o‘sgan va yoshlik chog‘lari o‘tgan joylarni sog‘inardi. Xuddi ana shu sog‘inch hissi nihoyat o‘z qishlog‘iga boshlab kelibdi.
Komiljon ham ancha o‘zgargan, xiyla jiddiy tortib, bir qadar salobatli ko‘rinardi. Kimsan – tuman hokimi. Uddabburo, serg‘ayratligi bilan katta-kichikning hurmatiga sazovor.
Rasuljun yonma-yon borarkan, atrof-tevarakka suqlanib tikilar, o‘sha qadrdon, tanish joylarni qidirar, maysazor ariq bo‘ylari, bog‘ ko‘chalarni yaqinroqdan qo‘rishga yuragi talpinar, oshiqar, hayajoni esa muddat sayin ortib borardi. Biroq, qidirganlarini topolmasdi hech. Hamma-hammasi o‘zgarib ketibdi. Qayoqqa qaramang, to‘rt qavatli binolar bir qolipda tushgan rasta-rasta uylar, keng adil yo‘llar… Shahardan kelib, shaharga tushib qolganday sezasan o‘zingni. Bu o‘zgarishlar bir jihatdan hayratga solsa, ikkinchi jihatdan… To‘g‘risi, jonajon qishlog‘ining qiyofasi butunlay boshqacha qiyofa kashf qilgani bilan kelisholmasdi. Axir, artilgan shishaday beg‘ubor osmon sari bo‘y cho‘zgan azamat teraklar qani? O‘rikzorlar, olchazorlar, yalpiz hidlari anqigan ariq bo‘ylari, keng dalalarga hayot baxshida etgan charxpalaklar, kumush rang jiydazorlar-chi? So‘lim bog‘lar husniyu barakotini, barq urgan qir-adirlarni ko‘rishga orziqib kelgan edi-ku? “Qishloqdan qishloq hidi anqib turmasa, uning shahardan nima farqi bor? Nahotki, shularni unutgan bo‘lishsa? Mayli, buguncha mehmonlik izzatimni saqlab turay, ertaga bu ishlaring uchun san hakimvachchani bir dog‘lamasam, yurgan ekanman”, deya iyagini siypalab qo‘ydi.
Eshikni yenglari kalta, xushbichim tikilgan atlas ko‘ylakli juvon ochdi. Rasuljon uni ko‘rgan zahotiyoq hayratda qotdi. Keyin ko‘zlarini pirpiratib so‘radi:
– Iy-e, Nozimamisan? Obbo, sen-ey, ko‘zlarimga ishonmayapman… Sochlaringga tolbargak taqib, silkitib yurishlaring… Qo‘ng‘iroqday ovozing ham bor edi, chiroyli qo‘shiq aytarding… – Shundan keyin nimaningdir fahmiga yetganday dam juvonga, dam mug‘ambirona kulib turgan do‘stiga savol nazari bilan qaray boshladi, – to‘xta-to‘xta, tushunmayapman hech, san bu uyga qayoqdan kelib qolding?
– Men ham hayronman, deya kulib yubordi Komiljon, – rostdan ham qanday qilib kelib qoldiykin? Adashganga o‘xshaydi. Ilgari tanirmiding bu ayolni?
Nozima humor ko‘zlarini suzib, Rasuljonga tikilib turdi-da, so‘ng nozik kesatiq bilan javob qildi:
– Hamma sizga o‘xshagan qat’iyatsizmidi? Har ishda dangallik kerak, aksincha, og‘zidagini oldirib qo‘yadi odam.
Juvonning bu luqmasidan faqat ikkovlarigagina ma’lum bo‘lgan shamani Rasuljon fahmladi. Fahmladi-yu, nogoh qizardi.
– Qara-ya, qaddi-basting ham o‘sha-o‘sha, – dedi keyin va juvonni gir aylantirib, atrofidan kuzata boshladi, – chiroying ham binoyiday hamon.
– Sizga shunaqa ko‘rinayotgandirman-da. Ikkita bolalik bo‘lgan ayolning chiroyi qolibdimi?
Nozima dasturxon yozib, uni noz-ne’matga to‘ldirdi. Bu orada Rasuljon ayvonga chiqdi, pastak xontaxtadan boshini ko‘tarmay dars tayyorlayotgan biri yetti, biri to‘qqiz yoshlardagi bolalar bilan darrov til topishib, chug‘urlashib ham oldi. Komiljon esa uning qo‘lidan tortib yetaklagancha, uy-joylari bilan tanishtira boshladi.
Uy Rasuljon bilgan chorxari, shifti vassajuft, nimqorong‘i, dahlizdan zax hidi taralib turgan ikki xonali o‘sha kulbaga aslo o‘xshamasdi. Biridan biriga o‘tiladigan keng-keng xonalar yangigina ta’mirdan chiqqan bo‘lsa kerakki, devorlaridan bo‘yoq hidi anqib turardi. Oynavand katta javon to‘la chinni idish-tovoqlar, so‘nggi markadagi televizor, shaffofday tiniq porlagan qandillar, vannaxona, yotoqxona, bolalar xonasi… Faqat hovli andak torayib qolganday: og‘ilxona o‘rnida ulkan garaj, derazalarida quyosh shu’lasi aks etgan shinam ravon, hammom. Bir vaqtlar qo‘lbola transformatorlarini sinovdan o‘tkazishgan temir o‘choq o‘rnida gaz pechka. Atrofida gul, rayhonlar qulf urgan supa buzilib, beton hovuz qurilgan. Anavi baland temir so‘ritok ostiga kun bo‘yi tangaday oftob ham tushmasa kerak. Lekin bunday sarishta ko‘rinishlar Rasuljon uchun yangilik emas, shaharday joyda yurib, bunaqa hashamatli, dang‘illama hovli-joylarda bo‘laverib, ko‘zi pishgan. Shuning uchun Komiljon ortiqcha maqtanchoqlik qilib yurganini sezdi-da, ichidan mulzam tortdi.
– Kechirasan, og‘ayni, bularning senga hech qizig‘i yo‘qligini unutibman, – dedi u, – sabr qil, ertaga qishlog‘imizning yangi joylarini ko‘rsataman. Havas qilsang arziydigan bo‘lib ketgan hammayoq.
Rasuljonning shartakiligi tutib, bir chaqib olaymi, degan xayolgan bordi-yu, biroq ichki qandaydir ogohlantirish hissi bunga yo‘l qo‘ymadi.
– Hali yo‘lda ko‘rdim yangiliklaringni!
– Qalay?
– Hammasi yaxshi. Faqat… adashib, boshqa yoqqa kelib qolganday bo‘ldim. O‘zim tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘imga o‘xshamay qolibdi aslo!
Komiljon uning kinoyasiga tushundi.
– Hech adashganing yo‘q, do‘stim, o‘sha o‘zing bilgan qishlog‘ingdasan. Faqat andak o‘zgargani rost. Avval bir kelgan odam qayta qadam ranjida qilarkan, ko‘p joylarni taniyolmay yoqa ushlaydi.
Bu gapni eshitgan Rasuljon o‘zini tutib turolmay, hozirgina miyasiga nima kelgan bo‘lsa, hammasini to‘kib solishga o‘tdi. Ko‘pdan beri alamini oladigan odamini topolmay yurganday, ta’na toshlarini yog‘dirish bilan halovat topa boshladi go‘yo. Komiljon esa uning qizishib borishi boisini “mening aziz qishlog‘imni topib ber”, deganday ma’noda qabul qilib, o‘zini tutolmay kulardi nuqul.
– Gaplarim senga mazahnamo tuyulayaptimi? – deya Rasuljonning battar jahli chiqardi, – hadeb hiring-hirng kulishingdan bir gap borga o‘xshaydi chog‘i?
– Yo‘q, yo‘q, do‘stim, behudaga kuyib-yonayotganigga kulayapman, – Komiljon uni zo‘rlab dasturxon yoniga o‘tqazdi. – Qishloqqa keldingu, ammo hali batafsilroq aylanib chiqmading-da. Biz bosh reja asosida butunlay yangi tipdagi madaniy qishloq barpo qilganmiz. Buni ikki og‘iz so‘z bilan tushuntirib berolmayman, ertaga hammasini bir boshdan ko‘rsataman. Ha, azizim, qanday zamonda yashayotganimizni yana bir karra ko‘rib, bilib qo‘y! Shunday antiqa dahalarimiz borki, og‘zing ochilib, angrayib qolmasang – man kafil. San ilmgagina berilib ketib, bu yerdagi ishlardan paqqos bexabarsan hali. Ha, o‘sha san sog‘ingan maftunkor vodiyni o‘z ko‘zing bilan ko‘rmay turib, yangi qiyofasini aniq ko‘z oldingga keltirolmaysan baribir. Mana shu Nozimaning o‘zi bosh bo‘lib, qumloq yerlarda butun bir xo‘jalik tashkil qildi. Uchi-keti ko‘rinmas bog‘lar yaratdi.
Rasuljon yalt etib, qarshisida o‘tirib choy uzatayotgan juvonning ko‘zlariga qaradi. Bu ko‘zlarda ajib bir joziba barq urib turardi.
“Ha, hayot shunaqa ekan, – deya o‘yga toldi Rasuljon, – lekin boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi-ya. O‘shanda qaysarligim tutib, injiqlik qilmaganimda ana shu juvon hozir mening uyimda o‘tirgan bo‘lardi. Nima ham qilay, boshqa ilojim yo‘q edi-da. Ha, seni tashlab, o‘zim ketib qoldim. Ammo shuncha yur, deb qistadim seni, biron institutga joylab qo‘yaman, deb o‘ylagandim, ko‘nmading. “Daraxt o‘z tomiridan uzilib, uzoq ketolmaydi, – deding, – men shu joyda ildiz otganman, yetti pushtimiz bog‘bon o‘tgan, shu kasbimni tark etib ketsam, gunohga botaman, axir har kim o‘z ahdining hoqoni bo‘lishi kerak-ku?” deding. Bu gaplaringga e’tibor bermagandim o‘shanda. Lekin seni tushunish uchun shuncha sinov yo‘llarini boshdan kechirishimga to‘g‘ri keldi. Ha, haligi shamangda jon bor, menda qat’iyat yetishmadi o‘shanda. Seni tashlab ketdim. Lekin bu qilmishlarim uchun keyinchalik kechirim so‘rab, ta’nalaringga dosh berishim kerak edi. Kechirarding so‘zsiz. Bunday qilmadim. O‘qish bilan bo‘lib, biror marta ikki ellikkina xat yozib yuborishning ham uddasidan chiqmadim. O‘zimning qayerda, qanday yashab, nima o‘y-xayollar bilan yurganligimni bildirib qo‘yishga ham bo‘ynim yor bermadi chog‘i. Qanchalar iztirob chekding sen. Ranjiding, ranjitdim. Bariga chidading. Pirovard-oxir, hijron yillarini ortga uloqtirib, barcha gina-kuduratlarga xotima berganingni ham bilaman. Ha, o‘zingning haqliging bilan mag‘rurlanishing mumkin bugun. Bunga haqing bor. Men esa ta’zim qilaman senga, ha, azizim, ta’zimimni qabul et! Darvoqe, turmushing joyidaga o‘xshaydi. Ering bebaho odam. Yaxshi bilaman uni. O‘shanda uni ham andak ranjitganim bor. Kechirdi chog‘i. Sen ham kechir meni. O‘tinib so‘rayman. Bunchalik mamnunlikni men eringchalik berolmasdim balki. Yoshlikdan tuzgan rejalaring ro‘yobga chiqmasligi ham mumkin edi. Endi mana, kimsan – mashhur bog‘bonsan!..”
Rasuljon ayolning yuziga tik boqishga botinolmay yer chizardi. Komiljon esa gapirishdan to‘xtay demasdi. Xotinining qaysi yili qanaqa nishon olgani-yu, necha bor televideniyedan kelib tasvirga olib ketishganigacha og‘iz to‘ldirib maqtanar, kular, zavqlanar, Rasuljon esa o‘z xayoli bilan band edi…
Ertasiga tong bilan ikkovlon qishloqni aylangani chiqib ketishdi. Komiljonning aytganicha bor ekan: quyoshning alvon jilosiga burkangan yashil kengliklar sirli erkalaydi kishini. O‘sha esdan chiqa boshlagan damlar – beg‘ubor, betashvish, o‘yinqaroq yoshlikni qayta yodga soladi. Yangi-yangi orzular uyg‘otadi dilingda. Chor-taraf yop-yorug‘, sevgi sukunatiday muloyim, jilvagar. Dilbar qiz tabassumiday latofatli. Har zarra gulgun yashnab, har ko‘katda go‘zallik bor, har niholda ko‘rkamlik. Har qarich yer baxmal kabi tovlanadi.
– Kecha “qishlog‘imni topib ber”, deganday xarxasha ko‘targanding, – deya ta’na qiladi Komiljon, – hech kim qishlog‘ingni almashtirib qo‘ygani yo‘q. Faqat markaznigina shahar tipida tikladik. Asli qishloq mana, qarshingda, do‘stim. Yangi joyda yangicha qishloq yaratdik.
Rasuljon tabiat ko‘rkiga tikilib borarkan, vujudini qandaydir sabrsizlik va totli hayajon chulg‘ab olayotganday bo‘lar, qalbida esa sokin dengiz uzra quyunday otilib kirgan daydi shamol singari nimalardir jo‘sh urardi.
– Qalay? – deya pisanda bilan savol tashlab qo‘yadi Komiljon, uchi-keti ko‘rinmas yashil vodiyni ikkiga bo‘lib o‘tgan adil yo‘lda borisharkan, – zaharli ilonlaru kaltakesaklar bazm qurgan joylar esingdami?
– Rostdan ham bu yerlar qumtepaliklar emasmidi?
– Tuxum qo‘sang, zum o‘tmay pishadigan jazirama edi. Mana endi o‘sha oyog‘ingga cho‘g‘day yopishib, kuydirguvchi qumlikdan asar ham qoldirmadik. Huv anavi yerda Nozima boshliq katta bog‘dorchilik xo‘jaligi quloch yoygan. Kelgan-ketganlar eng nobop tuproqda ham oltin undirish havasini olibdi, deb tasanno o‘qishadi. Gazetachilar ta’rifini keltirib, maqtashgani-maqtashgan. Eshitishimcha, mashhur tabiatshunoslardan biri Nozimaning tajribasini yoyishga oid kitob yozib, chop ettirayotgan emish. Ishqilib, har kimning biron nimaga ixlosi dashtga tushgan. Bog‘dorchilik joni-dili uning.
Rasuljon ichidan zil ketganini bildirmaslik uchun savol ustiga savol berardi do‘stiga:
– Nozimaning yeri kattami?
– Uch ming gektar. Bir yarim million nihol undirib beradigan ko‘chatxonasi ham bor. Katta qadamga o‘rganib qolishdi-da odamlarimiz. Tuman bo‘yicha tag‘in yetti yuz ming gektar yerni mevazor qilish mo‘ljalimiz bor.
Mashina ravon yo‘ldan sokin daryo uzra suzgan qayiq misol asta tebranib borardi. Shu yo‘lga tutash rasta-rasta ishkomlar, sarvday xushqad daraxtzorlar oralab ko‘zga tashlangan yangi-yangi hovlilar… To‘satdan shinam shiypon tomonda kimdir qo‘shiq boshladi. Dilni qitiqlovchi qo‘shiqning so‘zlari sodda, ammo jozibador, muloyim bo‘lib, bugungi mehnat, ertagi baxt va porloq kunlar haqida edi…
2002 yil.