Bilak bir, barmoq boshqa.
O‘zbek xalq maqoli
– E, oshna, shuytib desang, to‘yga borsang to‘yib bor, degan gapda hikmat ko‘p ekan, – dedi Narzi muallim gurungda. – Yaxshiyam, uyimdan sho‘lti-sho‘rva ichib chiqqan ekanman…
Bir mayizni qirq bo‘lib, qirq bo‘lagini ham o‘zi yeb o‘rgangan muallim bu gapi bilan uy xo‘jasiga oshkora teginmoq va g‘ashini keltirmoq istagandi, lekin mezbonning qulog‘i sal og‘irriq ekani vajidan eshitmay qoldi. Shamani o‘zicha tushungan Yalli gajir biroz og‘ringanday bo‘ldi. Bir bor yurak yutib, ilkis ilmoqli gap tashladi:
– Domla, bu deyman, har joydayam faqat qorinni o‘ylayverish yaramaydi. Quvib kelayotgani yo‘q, sal shoshmang. Xurmachangiz ham to‘yib qolar. Arpani tuproqqa belab yeyish qochmas…
Narzi muallim «yalt» etib Yalliga qaradi. «Tilimni qichitma, gajir, sen aytgan hayvon emasmanki, tuproqqa belab yesam… O‘zing bir poygakning patagi bo‘lsang… Burningga siyib qolgan bo‘lsang ham haddingni bil», dedi ichida. Lekin sirtiga chiqarmay, qovog‘ini solib qo‘ydi.
Yalli gajirning uy egasiga xiyla yaqinligi bor edi. O‘tirganlarning bari biryo‘la oshna bo‘lsa-da, Yalli gajir mezbonga o‘zini qalin tutardi. Bu qalinlikka yana bir jiddiyroq sabab bor ediki, mezbon Temirboy deganlari hech qachon Yalli gajirni kelgindi deb atamagan.
* * *
… Yigirma yilning nari-berisidagi gurunglarda bir xil gap qo‘zg‘alib turardi: tunov kuni falon qishloqdan bir xo‘jalik ko‘chib kepti. Er bo‘lmish pakana ekan, xotini do‘lvargina emish… Mundoq, hali elga qo‘shilmayotgan emish…
Bunday gaplardan ayniqsa Shodi qora ruhlanib ketardi.
– Qaytib qo‘shilardi? – derdi keyin qorayib ketgan iyagiga suyangancha. Mo‘ljal to‘g‘ri «ichki umumiy dushman»ga qarab borayotganidan suyunardi va atay gapga moy separdi: – Tili kalta-da, kelgindi bo‘lgandan keyin birorkimni yalab-suykamaguncha apoq-chapoq bo‘lib davraga kirarmidi…
Davradagilar indamasdi, attang, deganday boshini sarak-sarak qilardi, xolos. Shunday mahalda zimdan Yalli gajirga ko‘z qiri tashlanardi. Gajir duvva qizarib ketardi, chakkasidan tortib yaltiragan boshidagi tomirlariga dovur bo‘rtib chiqardi.
Gajir odameshitmas qilib ihranardi, tishlari bexos g‘ichirlardi. Lekin lom-lim demasdi. Deyolmasdi.
Davrada yana bir odam bor. Baroq mo‘ylovli bu odamni hamma guppi deydi. «Xushvaqt guppi aytgan bo‘lsa, ishonma», «Guppi bo‘lgandan keyin aytaveradi-da…», «Guppiga qolsa, daryoni iyirib ichaman deydi…»
Shu Xushvaqt guppining bir yomon qilig‘i bor – arzisayam, arzimasayam tortishadi, surishadi. Yana xo‘p serdag‘dag‘a odam. Doim o‘zinikini ma’qullaydi, kerak bo‘lsa, boshni qotirib, zug‘um qilib bo‘lsayam, gapini o‘tkazadi. Keyin ancha kun yayrab yuradi.
Oshnalar esa uning oldida iloji bo‘lsa bahslashmaydi. «Guppi aralashib qolmasin-da ishqilib». Lekin guppi deganimiz bir naqlga doim amal qiladi: ko‘r – ko‘rganini, kar eshitganini qo‘ymaydi!
Hozir ham Shodi qoraning gapini eshitdi-yu, davraga bir qo‘r nazar soldi. Sepilgan «moy» go‘yo uni tutandiriq qilmoqchiday tuyuldi. Lekin bahslashmoqqa oshiqmadi. Sababki, Yalli gajir guppining ham qil o‘tmas oshnasi. Ko‘ngliga qaramasa bo‘lmas. Shodi qoraning taytuvligini birinchi ko‘rishi emas-ku.
Shuni o‘yladi-yu, shart o‘rnidan turdi. Qo‘lsoatiga qaradi. Apil-tapil beliga qo‘l yubordi. Oshnalar, yiqiladigan payt ham bo‘p qopti, dedi. Hech kimdan sas chiqmadi.
«Hayriyat, – o‘yladi o‘y egasi. – Guppi tilini tishladi-yu, Yalli oshnamiz bir azobdan qutuldi». Rostdan ham, umri bino bo‘lib, shu davraga qo‘shilgandan beri bir bor, o‘ziyam kelib-kelib davra sarkasi, tengqurlardan ziyodroq ko‘ylak yirtgan muallimga o‘tkarinqirab gapirib qo‘ydi. Shu onda Yalli gajir gapi ortidan muqarrar qo‘zg‘alajak mavzudan hadiksiradi, oxiri baxayr bo‘lsin-da, ishqilib, deb o‘yladi.
Shu payt kimdir gilamning bir chetini ko‘tarib, irgaga o‘xshatib nos tufladi. Tahorat olib kirgan guppi burnini jiyirdi. Davraga ket burib, joynamozini uy to‘riga tushadi.
«Bismillahir rohmanir rohiym…»
Oshnalar sukunatga o‘rganmagan. Bunday paytlarda ayniqsa Shodi qoraning ichi tor keladi. Misqoldaygina g‘alamisligi tutadi-yu, olamushuk bo‘lib ichini tirnayotgan eski gapini xusuri qonmaguncha qo‘zg‘ayveradi.
– Qishlog‘imizda begonalar ko‘payib ketdi-ya, – deydi u. – Birovini tanisak, birovini tanimaymiz. Shaharlarga o‘xshab, salom-alik ham qahatchilik. Bolalarimizgayam nuqsi urayapti. Ularga taassub qilib, birov-birovga salom beray demaydi…
– Shodiboy, – dedi Diyor cho‘pon gapni boshqa yoqqa burishga harakat qilib, – eslaysanmi, bolaligimizda bu joylarda bir hovuch odam yashardi. Qirq-ellik xo‘jalik bo‘lardi. Hamma bir-birini tanirdi. Biz teng-to‘sh oshnalar birga mol boqardik, cho‘milishgayam birga borardik. Sovxoz bog‘iga o‘g‘irlikkayam… birga tushardik. Eslaringdami, – davraga yuzlandi cho‘pon, – bir kechda anovi bog‘bon bor edi-ku, oti… ha, rahmatli Turop buva yettovimizniyam ushlab olgandi. Yoshligida azbaroyi ko‘p kino ko‘rganidanmi yo ishtiyoqmandmidi, «To‘xta, otaman», – deb do‘q urgandi o‘shanda. Soddalik qo‘rsin, pachoq bir bog‘bonda zarangtayoqdan boshqasi nima qilsin, degan xayol bo‘lmagan ekanmi, hammamiz laqqa ishonib to‘xtaganmiz. «Taslim» bo‘lganimizdan ruhlangan chol tushmagur har birimizni alohida-alohida daraxtga ichak shlang bilan bog‘lab, ustimizdan bir chelakdan muzday suv quyib chiqqandi. Shunda tongotarda sakkizinchimiz – shu Yalli oshnamiz kelib hammamizni «qamal»dan «ozod» qilgandi. Men o‘shanda So‘pi qishlog‘idan ko‘chib kelib endi bizga qo‘shilgan Yallini bir umr go‘yo xaloskorimiz bo‘ladi, deb o‘ylaganman.
«Subhanakallamumma va bihamdik…»
Bu gapga Shodi qora rozi bo‘lmaydi. Yalli gajir maqtalgan joyda qoraning o‘n joyidan kuyadi!
– Kesakdanam bir-yarim olov chiqmay o‘lsinmi, – g‘ayirlik qiladi u. – Oshnalarini tashlab qochib bo‘lmasa… Qochganiminan… keyin kimga qo‘shilardi?..
– Katta xolangga!!! – joynamozdan bosh ko‘targan Xushvaqt guppi bo‘g‘radek sapchib o‘rnidan turib ketdi. Rangi-ro‘yiga qarab bo‘lmas darajada qizarib ketgan; mo‘ylovi haminqadar buralib turguvchi edi, jahl epkinidan bo‘lsa kerak, tepaga qarab o‘rlabdi. Shodi qoraning xippa bo‘g‘zidan oldi. Oshnalar turishga-da ulgurmay qoldi. Kutilmaganda qoraning yuziga o‘xshatib musht tushirdi. – Qo‘yasanmi-yo‘qmi shuni, lo‘li!
Bu zarbaga ham qanoat qilmay, qorniga ham tizzasi bilan sermab yubordi.
Xonada to‘s-to‘polon boshlanib ketdi. Shodi qorani guppining changalidan chiqarib olgunlaricha hay-haylab Temirboy ham qo‘lida katta tog‘orada chayqatib-chayqatib chalop bilan kelib qoldi. Yoqavayron Shodini ko‘rgach, gap nimadaligini fahmladi va o‘rtaga tushmay qo‘ya qoldi. Biladi, gurungda avj nuqtaga yetilgan …
Shodi qora guppining changalidan qutulgandan so‘ng, og‘ir «o‘h» tortdi. O‘ngiri bilan qon sizib chiqa boshlagan burnini artdi. Xushvaqt guppiga bir olaqarash qildi-yu, indamay borib joyiga cho‘kkaladi. Guppining «lov» etgan olovi qanday yongan bo‘lsa, xumordan chiqqach, shunday tez o‘chdi. O‘chdi-yu, joynomoz ustiga egilib, namozini kelgan joyidan davom ettirdi.
* * *
Davra jimib qoldi. Hamma o‘zicha dasturxonga solingan naqshlarga ko‘z tikib o‘tirdi.
Namozini o‘qib bo‘lgan Xushvaqt guppi yuziga fotiha tortdi, joynomozini o‘rab, belbog‘ini beliga mahkam bog‘ladi. Davraga yuzlanib, salom berdi va Yalli gajirga yaqinroq joyga o‘tirdi. Hammaning ko‘ziga bir-bir qarab chiqdi. Faqat Shodi qoragina aftini ters burib, deraza peshburuniga qo‘nib turgan chumchuqqa qarab o‘tirdi.
Xushvaqt guppi tomoq qirdi. Davra najot kutib, unga tikildi. O‘tirganlar ko‘ziga guppining nedir salobati borday tuyulib ketdi.
– Oshnalar! – deya xitob qildi bir payt Xushvaqt guppi. – Hozir bir masalani yechib olmasak, oshnachiligimiz patarat topib ketadiganga o‘xshaydi. Men bir shart aytaman: yoqsa, qo‘llaysiz, yoqmasa, orani ochdi qilamiz.
Davra qulog‘i ding turgandi. Birinchi bo‘lib Narzi muallim ma’qulladi:
– To‘g‘ri aytasan, Xushvaqt oshna, – dedi u. – O‘zi keyingi paytlarda gapimiz uncha qovushmay boryapti…
– Mana, siz o‘zingiz, domla, – dedi Xushvaqt guppi ranjib, – faqat qorindan gapirasiz. Nima, ochingizdan o‘layapsizmi?
– O‘zingni bil, guppi, – qayirib tashladi muallim. – O‘zing burningni tiqmagan joying yo‘q. Namoz o‘qiyotgandayam nishginangni bir tiqib olmasang, xusuring qonmaydi. Peshtahamliging elga sig‘maydi. Dallolgayam o‘xshab ketyapsan. Enang bechora, bir kuni shugina bolamning tili toyib ketib, boshiga yetmasaydi, degan xavotirda zorlana-zorlana o‘tib ketdi.
Botir juvozkash muallimning oyog‘iga no‘qib qo‘ydi, domla, qo‘ying shu gaplarni, zombirning uyasini qo‘zg‘amang endi, guppining enasining nima aloqasi bor bunga, deya ishora qildi.
Guppining achchig‘i chiqdi. Lekin tilini tiydi. Oshnalari orasidagi sarka – muallimning yoshini hurmat qildi. Qolaversa, keyingi paytlar sal peshtahamga aylanib qolayotgani o‘ziga ham sezilayotganday. Bor alamini, tugilgan mushtumi bilan ham chiqib ketmagan zardobni Shodi qoradan olgisi keldi.
– Uv, xumsa, menga qara, – dedi guppi ko‘zlarini ola-kula qilib Shodi qoraga bo‘ynini cho‘zib. – Irgamchik gaplaring jonga tegib ketdi-ku! Nima, bu qishloq sening mahringga tushganmi? Uvol-savobini yelkangga olganmisanki, odam ajratasan? Yallidan boshqa darding yo‘qmi?
– Senga nima, guppi? – dedi Shodi qora bo‘sh kelmay. – O‘zingni bil. Yaxshisi, aralashma! Gap kelganda, gapiraman, nima deysan? U mening ham oshnam, bilsang…
– U-ho‘! Bilmabmiz. Unda nega muncha ezg‘ilaysan uni? Aslida, kechirasanu, ana shu oshnamiz senga o‘xshagan ichi qoraning o‘ntasidan behroq. Mana, oshnalardan so‘rayman: aytinglar, shu Yallining kimga og‘iri tushgan? Kimning oyog‘idan tortgan? Hech kimning! To‘yimizdayam, azamizdayam birinchi bo‘lib qamishdan bel bog‘lab yetib keladigan shu oshnamiz emasmi? Ish tushganda muning ko‘zining yog‘ini yeb, keyin istagan paytda ket burib, kamsitishmi?
Davra «to‘ppa-to‘g‘ri» deya ma’qullab turdi. Shodi qora bu safar gap qo‘shmadi. Jimjilog‘ini qirsillatib o‘ynab, ko‘rpachaga tikilgancha tek o‘tiraverdi.
– Oramizdan yo Shodi ketsin yo men ketaman! – boyadan beri og‘ziga talqon solib olgan Rajab usta dabdurustdan portladi. – Qachongacha bir-birimizning ko‘zimizga cho‘p suqib o‘tiramiz?
Ustaning gapi kutilmagan taklif bo‘ldi. Hamma yarq etib unga qaradi.
– Uv, muttaham gazanda, o‘zing ketaqol, – qoni qaynab ketdi Shodi qoraning. – Yo kavushingni to‘g‘rilab qo‘yaymi? Senday pismiqning boridan yo‘g‘i yaxshi!
Ikkisi yoqalashmoqchi bo‘lib, xezlanib o‘rnidan turgandi, Narzi muallim shashtidan qaytardi. So‘ng bosiqlik bilan ustaga yuzlandi:
– Og‘irroq bo‘l, usta, – dedi muallim. – Hech kim sizlarga ket, degani yo‘q.
– Xushvaqt shart qo‘ydi-ku?! – pishqirdi usta.
– Og‘ayni, men hali shartimni aytmadim, – dedi guppi.
– Unda ayt-da! – dedi usta.
Davradagilar ham ayni talabni qo‘ydi.
– Shart shuki… – gapirishga gapirib, so‘ng o‘ylanib qoldi guppi. – Shart shuki… Hozir Temirboynikidan chiqib, to‘g‘ri Yallinikiga qo‘noq bo‘lamiz. Shartni o‘sha yerda aytaman!
Oshnalar ajablanib, bir-biriga qaradi. Guppi eding, endi naq ko‘tarilma bo‘psan-ku, deyishdi. Guppi shart ketidan qo‘ygan shartida oyoq tirab turib oldi: «Shunday. Tamom-vassalom».
Bu sho‘rishlarda o‘zini bosh sababkor deb bilib, ezilib, xafahol o‘tirgan Yalli gajirning yuziga qon yugurganday bo‘ldi. «Hayriyat-e, oshnalarim uyimdan tuz totadigan bo‘ldi».
– Nima deysan, Yalli oshna? – dedi keyin guppi jilmayib.
Gajir iyib ketganini yashirmadi. To‘liqib turgan o‘pkasini bosolmay:
– Bosh ustiga, bosh ustiga, og‘aynilar! – dedi.
– Qani bo‘masam, ketdik! – dedi Narzi muallim.
– I-ya, biznikidan chayon chiqdimi? – bexos so‘rab qoldi uy egasi ranjigannamo ohangda. – Bir kapgir palov damlayotuvdim-ku?
– Palovingga qaytib kelamiz hali! – tasalli berdi Xushvaqt guppi. – Kelinga ayt, miltillatib dimlab tursin. Endi yuzko‘rdiga kelamiz!
* * *
Yalli gajirning obodgina hovlisi. Ikki cheti chaman ochilib yotgan gullar oralab kelgan oshnalar to‘g‘ri mehmonxonaga qarab yurishdi. Gajirning o‘zi, endigina mo‘ylov nishon bera boshlagan o‘g‘liga izzat bobida azbaroyi ishonmay, yelkasiga sochiq tashlab, oshnalarining qo‘liga obdastada suv quyib turdi.
Birpasda uzun dasturxonni badastir qildi. Narzi muallim ikki juft shishaning ruxsori ko‘rinishi bilan Temirboyga qarab ko‘z qisdi: «Mehmondorchilik mana bunaqa bo‘ladi, Temirboy, senam ishni shundan boshlaganingda bu mashmashalar yo‘g‘idi».
Temirboy qoshini uchirib, aybdorona tasdiqlab qo‘ydi: «Qistalang qilmang edi-da, domla, qildingizmi, endi chidang. Ustingizdan quyib, cho‘miltirishgayam qurbim yetardi».
Narzi muallim Xushvaqt guppiga qaradi. Guppi doimgiday yuzini burishtirdi. Tag‘in o‘zingiz bilasiz, deganday iddao qildi.
Muallim Botir juvozkashga imo qildi. U darrov fahmlab, shishaga qo‘l cho‘zdi.
Davraga jimjitlik cho‘kdi. Onda-sonda «qult-qult» etgan tovushu piyolalarning jarangi eshitilib turdi. Shodonu asabiy yutoqib yutilgan yutumlar g‘ashga tegar darajaga yetdi. Munday qaralsa, bari buqachaga suykalgan g‘unajinday ko‘zlarini suzib turibdi. Birgina Shodi qoraga hech narsa tatimayotgan ko‘rinadi. Qovog‘i soliq, o‘zi kurk tovuqday hurpayib, asabiy o‘tiribdi.
Chaynagani tiqilib qoldi, shekilli, kimdir qattiq yo‘taldi. Narzi muallim kayvoniligi tutib, davrada ichimlikni o‘lguday yomon ko‘radigan yagona zot – pokdomongina Xushvaqtga qarab, gapir endi, sabil qolgur shartingni ayt, dedi.
Guppi chaynalib o‘tirmadi.
– Shartni endi aytsam bo‘ladi, og‘aynilar, – dedi qiroat bilan. – Yalli oshna, sen o‘rningdan tur, o‘g‘lingning to‘yiga deb yig‘ib o‘tirgan to‘nlaring borligini aytuvding. O‘shalarni opchiq. Tez bo‘l.
Yalli gajir bir dam talmovsirab qoldi.
– N-nima qilasan ularni? – dedi qiziqsinib.
– Aytganni qilsang-chi, oshna, nima ishing bor u yog‘i bilan? – dedi guppi soxta dag‘dag‘a bilan.
Gajir o‘zicha nedir bir yorug‘likni tuydi-yu tavoze bilan chiqib ketdi. Keyin quchog‘ini to‘ldirib besh-olti to‘n ko‘tarib kelib, mehmonxona poygagiga tashladi:
– Mana!
Xushvaqt guppi bakovulga o‘xshab to‘nlar orasidan eng sarasini qo‘liga oldi. Avra-astariga qaradi. Ilinji borligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. So‘ng:
– Og‘aynilar! – dedi to‘nning gardishini siypalab. – Boya sen-menga borib o‘tirgan paytimiz Yalli oshnamizning ko‘ziga ko‘zim tushib qoldi. U qishlog‘imizga ko‘chib kelib, endi bizga qo‘shilib, oshna tutingan kunimiz ham ko‘ziga qaragandim. O‘shanda ham uning ko‘zlari… xuddi bugungiday mungli edi! Boya esimga tushib ketdi: aynan bugun Yalli oshnamiz ko‘chib kelganiga yigirma yil bo‘libdi. Yigirma yil-a! Oradan shuncha vaqt o‘tib ketibdi. U hammamizga ham, hatto, otamiz qilmagan yaxshiliklarni qildi. Lekin biz… uni hamisha begonasiradik. Begonaday muomala qildik. Necha marta uyiga aytdi, ko‘pam mensimadik, rozi bo‘lib kelavermadik. Oshnamiz bo‘lsa, bundan o‘zini tili qisiq sezib, battar ezilaverdi. Oshnalar, buvalarimiz bir gapni ko‘p aytgich edi: musofir yigirma yilda el bo‘larmish…
Boyagi shartim shu ediki, hozir Yalli oshnamiz o‘zi yelkangizga mana shu to‘nlarni yopib, boshqatdan do‘st tutinadi. Bugundan boshlab Yalli oshnamizni kelgindi, deb hisoblaydiganlar bo‘lsa, mana, eshik ochiq, mardlik qilib oramizdan chiqib ketsin!
– Barakalla, oshna, barakalla! – deya kimdir chapak chalib yubordi.
– Gaping juda to‘g‘ri, oshna, biz rostdanam ko‘r bo‘lib ketayotgandik, – dedi yana birovi.
Shu mahal tusatdan Yalli gajir «gurs» etib tiz cho‘kdi. Shu onda o‘tirganlarning ko‘z o‘ngida polvonkelbat, xushchaqchaq va chapani Yalli gajir emas, anchayin abgor, bir tutam jussali qariya turgandek bo‘ldi. Gajir ko‘zlaridan shashqator yoshlar chiqa boshladi. Yelkalari silkinib-silkinib yig‘lab yubordi.
Er yigitning yig‘isi olamni ag‘dar-to‘ntar qilar ekan!
Kimdir ovutmoqchi bo‘ldi. Gajir qo‘li bilan keskin rad etdi. «Teginma!»
Keyin yosh boladay o‘ksib, aytib-aytib yig‘ladi:
– Shu gaplarni yigirma yil kutdim, oshnalar, yigirma yil! Men endi bularga el bo‘lolmas ekanman, degan xayolgayam bordim. Tushunyapsizlarmi? Birda ko‘chib ketmoqchiyam bo‘ldim. Xotin, bola-chaqam oyog‘imga yopishdi… Bosh olib ketay, dedim. Yana qayerga boraman, deb o‘yladim. Qayerga borsam ham kelgindi, ortiqcha odam bo‘lib boraman-da, deb ich-etimni tirnadim. Yorug‘ kun ham bor ekan-ku!..
Davra suv quyganday sassis bo‘lib gajirning yurakni ezar alamli so‘zlarini tingladi.
– Bo‘ldi, oshna, yetar, qaddingni ko‘tar! – dedi Xushvaqt guppi diydasiga qalqib chiqqan bir tomchi yoshni bildirmaygina artar ekan. – Qani, to‘nlaringni yelkamizga yopasanmi yo biz ketaberaylikmi?
Engil, lekin beo‘xshovgina kulgi ko‘tarildi.
Yalli gajir har bir oshnaning yelkasiga to‘p yopdi, har biri bilan quchoqlashib, qaytadan do‘st tutindi. Hatto, Shodi qoraga eng yaxshi to‘nini ilindi.Uni mahkam bag‘riga bosar ekan, qulog‘iga shipshidi:
– To‘yingda to‘ningning eng zo‘rini o‘zim kiyaman, Shodi oshna!
Oshna-oshnachilik qaytadan bo‘ldi-yu, eng chatog‘i, shart qo‘ygan Xushvaqt guppining o‘ziga to‘n yetmay qoldi…