Osmon yig‘lamay, yer kulmas.
Maqol
Inson o‘ziga aziz bilgan narsalarni barbod qilishga moyil bo‘ladi.
Eski-tuski buyumlar, keraksiz jihozlar, sarg‘ayib ketgan taxlam-taxlam gazeta-jurnallar, bag‘ri qon qoralamalarini to‘plab, ko‘hnachilarga topshirishga ahd qildi. Qog‘ozlarni saralayotib, talabalik paytida tutgan bir qora jildli yondaftarga nigohi tushdi-yu, tanasini yashin urganday bo‘ldi. Ko‘zida o‘t chaqnab ketdi. Bir-bir varaqladi. Orasidan bir ro‘molcha chiqdi… Ro‘molchani avaylabgina titroq tutgan qo‘liga oldi. Hidlab ko‘rdi. Dimog‘iga allanechuk qadrdon is keldi-yu, entikib ketdi…
Yondaftarning so‘nggi sahifalaridan biri e’tiborini boz tortdi. Unga: “Nachora, bir kunda baridan ayrildim…” deb yozib qo‘yilgan edi.
Eti jiz etdi.
Kundalikda bitilgan yoshlik davrlari bilan xayrlashganidan so‘ng ham ko‘p narsasidan mosuvo bo‘lgan, hayotda sira omadi chopmagan, nimagaki qo‘l ursa, bari barbodlikka yuz tutgan Iskandar Karimday g‘aroyib odam aynan o‘sha g‘o‘rlik damlarida tag‘in nimasidan ayrilganini daf’atan eslay olmadi.
Cho‘g‘i ketib, mudroq kul bosgan xotiralarini bir-bir titkilay boshladi.
1
…Qishlog‘idagi somonxonaning paxsa devorini ilma-teshik qilib kavlab tashlagan qo‘ng‘izlar, qosh qorayishi bilan inidan chiqib, chiyillab yugurgancha oyoq ostida g‘ujg‘on o‘ynaydigan betamiz sichqonlar, somon tagiga uvadalanib tushgan arpa-bug‘doy donini iniga tashiydigan qumursqa-yu qo‘ng‘izlardan tarqaladigan hidlar qorishmasiga o‘xshash yoqimsiz is metro bekatini toqat qilib bo‘lmas darajada dimiqtirib yuborgan edi. Nazarida, bu hidni boshqalar sezmaydi, chunki hali biror kimning bu haqda gapirganini eshitmagan, ehtimol, ular bunday hiddan ayro ma’nini his qilishmas, Iskandar Karimchalik ta’sirlanmas. Aslini olganda bekat faqatgina shu hidi uchun ham emas, unda har doim o‘zini yomon his qilgani boisidan ham Iskandar Karimga g‘alati tuyular edi.
Mana, bekatga shamol epkini sizib kirdi. Demak, poyezd yaqinlashyapti. Karnaydan ayol kishining yo‘lovchilarni poyezd kelayotgani, platformaning chetida turmaslik kerakligi haqidagi ogohlantiruvchi jarangdor ovozi eshitiladi. Iskandar Karim ilk bor metroga tushganida istehzoli kulganini yaxshi eslaydi. “Be, nima, yo‘lovchilar ko‘rmi yoki qulog‘i batangmi? Qorong‘i tuynuk bo‘ylab poyezd chiroqlari miltillab ko‘rina boshlashi bilan biladi-ku u kelayotganini. Joning shirin bo‘lsa, o‘zingni chetga olarsan-da. Shuniyam kimdir aytib turishi shartmi?” degan edi ichida.
Ammo yillar o‘tib bildiki, bu juda kerakli va foydali gap ekan. Hayotdan to‘yib ketgan bir-ikki banda bunday ogohlantiruvga qarab ham o‘tirmay, o‘zini poyezd tagiga tashlab, joniga qasd qildi… Shum xabarlar haqida eshitgan chog‘larida hamma ham bechora o‘sha bandalarga shunchaki achinibgina qo‘yishdan tashqari, sababini bilishga qiziqqan. Rostdan ham qiziq o‘lim. To‘ygan jonidan kechib, metro poyezdi tagiga o‘zini tashlash… osonmi…
Odam o‘z joniga qasd qilishi oldidan nimalarni o‘ylar ekan-a… So‘nggi qarori nima bo‘ladi uning? Keyinini o‘ylaydimi? Oxiratini-chi? Xayr-ma’zurni ham unutib, ortida qoldirgan yaqinlarini-chi?
Yo‘q, o‘ylaydiki, ruhiy zo‘riqish inson ko‘nglini faqat alam bilan to‘ldirib qo‘yadi. Bu alam uning miyasini parmalaydi. O‘limdan o‘zgasini o‘ylamaslikka majbur qiladi. Jondan o‘tgach esa, so‘nggi qarorni beradi.
Ammo baribir jon shirin. Yashash boshqacha-da. Nafas olib turar ekansan, bir kun kelib seni ado qilayotgan muammolar baribir hal bo‘lishini, jar yoqasida turgan hayoting yana o‘z iziga tushib ketishini his etasan, odamlar yana senga mehr ko‘zi bilan qaray boshlashiga ishonasan. Agar shu ishonch posangisi nekbinlik va umidsizlik posangidan baland kelsa, marra seniki.
Iskandar Karim shularni o‘ylar ekan, beixtiyor xayollari to‘zg‘ib, zulmat ichra qoladi.
“Erta bir kun men ham shunday qilsam-chi, nima bo‘ladi unda? Tavba, tavba… Nimalar deyapman o‘zi? Negadir shu bexosiyat bekatda o‘zimni yomon his qilaman-da…”
Poyezd kela boshladi. Iskandar Karim erinibgina poyezd yo‘liga ko‘z tikdi. Uning chiroqlari ko‘ziga tushishi bilan o‘zini allanechuk behuzur his qildi.
Eshiklar ochilib, yo‘lovchilar tushib ketdi. Kutib turgan odamlar vagonga chiqdi. Ammo Iskandar Karimning oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmas, vagon eshigi yopilib, poyezd jildi hamki, qimir etmay turaverdi. Ko‘zini yumib oldi. Toki poyezdi qora tuynukka kirib, g‘oyib bo‘lgunicha ko‘zini ochmadi, ocholmadi…
2
O‘sha tongda jiqqa terga botib, bezovta uyg‘ondi. Yo‘q, bu charchoqdan yo bosinqirashdan emas ekan. Buning qandaydir muqarrar yuz berajak bir ko‘ngilsizlikdan darak bezovtalik ekanligini ancha vaqtlar o‘tibgina anglab yetdi.
To‘shakda uzala tushib yotar ekan, chap qo‘li uvishib, yuragi simillab og‘riyotganini his qildi. Odatda shunday bo‘ladi: yuragi og‘rishidan oldin chap qo‘li zirqiray boshlaydi…
Bir zumda tarqoq va shamoldek beqaror xayollarini jamlab, o‘rnidan turishi kerakligini o‘yladi. Bugun ertaroq yo‘lga chiqishi, o‘qishga borishdan avval pochtaga birrov kirib o‘tishi kerak.
Yuzini muzday suvga chaymoqchi bo‘lib, oynaga qaradi-yu ranggi dokadek oqardi. Boshiga qirov qo‘ngan edi. Oppoq qirov-a!
Necha yil uyquda yotdi o‘zi? O‘n, o‘n besh, yigirma yilmi? Axir soch degani bir tundayam shuncha oqarib ketadimi… Ko‘zlari baqanikidek shishib qizarib ketgan, o‘likning ko‘zidek nursiz edi. Tushgan ruhi battar yerparchin bo‘ldi. Endi bu ko‘rgilik ham bormidi unga… Yo‘q, bunday demasligi kerak. Er yigitga taqdirdan yozg‘irish yarashmaydi.
“Ey, nodon, – dedi o‘ziga o‘zi, – sendan battarlar ham ko‘p bu chalajon dunyoda. Hammasi binoyiday yuribdi-ku. Nega buncha noliysan. Soching oqarishi nima bo‘pti. Joning omon qoldi-ku. Bezorilar qo‘lidan omon chiqding, ulardan biri sermagan pichoq bo‘yningga tegmay, qochib qutulding-ku. Tirikligingga shukr qilsang-chi. Hozir, mana, ijaraxona bo‘lsa-da, uydasan. Oppoq kafanga o‘ranib, zulmat va zax go‘rda yotganing yo‘q-ku. Noligan xudoga yoqmaydi…”
O‘z taskini o‘ziga nash’a qildi.
Ammo qayta-qayta oynaga qaradi. Baribir bu dahshatli manzaradan eti junjikib, seskandi. Shu saxt-sumbati bilan tirik ekanligiga bir shukr qilsa, bir nafrati qo‘zidi. Bundayin nochor ahvolga tushganidan ko‘ra o‘lgani yaxshi emasmidi… Bir lahza, atigi bir soniya qimirlamay turganida, chap bermaganida o‘sha la’nati siltagan pichoq naqd bo‘g‘ziga tortilardi. Balki o‘shanda… hammasi yaxshi bo‘larmidi.
Yo‘q! O‘qishning uch yili o‘tib, shuncha qiyinchilik ko‘rib, endi odam bo‘lay degan chog‘ida ortga qaytish yo‘q! Balki hammasi yaxshi bo‘lib ketar.
Ko‘zlari bog‘langan odam butun vujudi bilan hislariga tayanadi. Sezgilari aniq ishlay boshlaydi. O‘sha damlarda Iskandar Karimning ham ko‘zi go‘yoki yumuq edi. Hech nimani ko‘rmas edi. Faqat bir inson, u ham bo‘lsa, tuyg‘ularini ostin-ustun qilib yuborgan bir lobarni ko‘rar edi, xolos.
Ko‘zlari (nachora, shunaqasi ham bo‘lar ekanki, ushbu gaplarni xayolga olib o‘tiribdi) qarshisida turgan har qanday odamga boqqanda g‘ira-shiraga ro‘baro‘ kelganday, hech narsani ko‘rmas edi, go‘yoki olamda faqatgina bir nuqta bor, unda o‘sha lobargina siymosi bor jilvasi bilan aks etar, bu jilva esa, uni batamom esdan og‘dirib, hushidan ayirardi, quloqlari faqatgina uning mayin ovozini eshitar, o‘zgalarning hatto faryodini ham pisand etmas, borlig‘ini butkul egallagan muhabbatning zahar qo‘shilgan og‘usi ta’siriga tushgan bangidek o‘zini unutgan edi.
Iskandar Karim uning oldida qay ahvolga tushib qolganini eslasa, haligacha muztar bo‘lib, azoblanadi, o‘zini yomon ko‘rib ketadi. Hislari oldida hech qachon bunchalik nochor ahvolga tushib qolmagan edi-da.
Ko‘rgilikning o‘zginasi. Ko‘rgilikki, hech kimga ravo ko‘rmaysan kishi.
Vaqtlar o‘tib, o‘zingga o‘zing begonalik ruhi vujudingni butkul ishg‘ol qilgach, o‘ylaysanki, ko‘rgilikda ham bir hikmat bor. Odamning ojizligi haqiqiy ko‘rgilik, chin baxtiqarolikdir.
Miyasini ezg‘ilagan bu kabi zaharli o‘ylardan xalos bo‘lish uchun zo‘r berib soch-soqolini qirtishlashga kirishdi. Eringan ko‘yi yuzini sochiqqa artdi. Miyasi yorilib ketay deyapti.
Oynaga qaragancha, burishgan yuzi, bilagiga ayovsiz botirib olingan tirnoqlar qoldirgan ko‘kimtir chuqur izlar, oqargan sochlariga tikilib, “ozroq ichish kerak edi…” dedi ijirg‘anib.
Kecha shaharning bir burchida – ovloq qovoqxonada umrida ilk marta ko‘rishgan qiz bilan yutoqib simirgan vinolari zaqqumga aylangan edi. Uni kuzatib borgani, uyiga kirganidagi ko‘ngilsiz voqea va yarim tunda tashqarida yuz bergan janjal ko‘z oldidan kino tasmasidek jonlanib o‘tdi.
– Ming la’nat hammasiga! – dedi Iskandar Karim.
Apil-tapil kiyinib, pochtaga yo‘l oldi. Pochta darchalarida odam siyrak. Faqat sakkizinchi darchada xotin-xalaj navbatda betoqat turibdi. Bir juvon to‘zg‘igan sochlarini hurpaytirib, darcha ortidagi ayolga shang‘illadi:
– Nimaga o‘zi har safar kechiktiradi? Bolalarim usti-boshiga yetmasa, men nima qilay? Ayting?! Hali ishga kiray, o‘sha alimenti bilan qo‘shmozor qilaman, qarab tursin!
Yonidagilar xijolatdan ko‘zini olib qochadi.
Iskandar Karim omonat xatni konvertga solib, ustiga manzilni yozdi va yelimladi. Marka yopishtirib, darchadagi ayolga topshirdi va iltimosni quyuq qildi:
– Tezroq yetkazish kerak!
– Tezkor xizmatga to‘ladingiz-ku, aytganingizday boradi-da, – dedi ayol.
Iskandar Karim minnatdorlik bildirib, shitob bilan chiqib ketdi.
O‘zidan avval tutuni ko‘rinadigan avtobusga bazo‘r ilashdi. Tiqilinchda ketayotganida telefoni jiringlab qoldi. Kechagi notanish raqam. Jahl bilan telefonning qizil tugmasini bosib qo‘ydi: “Toshingni ter, buzuqi!”
Telefon basma-basiga yana jiringladi. Yana bosib qo‘yildi. Birpas o‘tib xabar keldi: “Iskandarbek, tinchmisiz? Yaxshi yetib oldingizmi? Bugun oqshom ham ko‘rishamizmi?..”
“Notanish farishtadan sinashta shayton yaxshi», deya o‘yladi Iskandar Karim va telefoniga biror kimning ko‘zi tushmayaptimi deb yonidagi yo‘lovchilarga qarab qo‘ydi. Hech kim e’tibor bermayotgan edi. Shosha-pisha javob yozdi: «Yo‘q. Men siz bilan ishlay olmas ekanman. To‘g‘ri kelmaydi. Uzr. Xayr. Boshqa bezovta qilmang…”
Shu-shu boshqa qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.
O‘qishga borgach, shoshilgancha dars jadvaliga qaradi: bugun ma’nili darslar ham yo‘q hisobi ekan. Birinchi dars – tarix. Har gapida “demak, demak” deb ezib yuboradigan tarix o‘qituvchisi kiradi. Iskandar Karim umri bino bo‘lib, bunday odam ko‘rmagan edi. Bir xil ohangda, mutlaqo zerikmasdan o‘ta zerikarli ma’ruza o‘qiydigan domla faqat shu kishi bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydi. U hech bir gapni tugal gapirmaydi. Topib olgan so‘zi – “demak”. Ishlatmasa, tanglayi yopishib, shaytonlab qolsa kerak. U, masalan, bir urinishda “buyuk sarkarda Amir Temur Gurjistonga lashkar tortdi” deyolmaydi. “Buyuk sarkarda Amir, demak, Temur, demak, Gurjistonga lashkar tortdi” deydi.
Iskandar Karim uning bir soatlik ma’ruzada aytgan “demak”larini sanab qancha daftar to‘ldirgan edi. Asablar tinchlanadi-da.
“Demak”ning darsi boshlangach, yigirma daqiqa o‘tar-o‘tmas, Iskandar Karim har kungidek qo‘l ko‘tardi. Domla ko‘zoynagi ostidan unga beparvo qaradi. Burnining tagida o‘tirgani uchunmi yo ko‘p noqulay savol bergani uchunmi, u o‘zi asli Iskandar Karimdan biroz hadiksirab turardi.
– Iya, Karimov? Nima savoling bor? – dedi u.
– Savolim yo‘q. Tashqariga chiqib kelay…
– Nega?
– Kayfiyatim yo‘q…
Xuddi yangi gap eshitganday domla ajablandi:
– Iya, tinchlikmi?
– …
– Bo‘pti, demak, kayfiyating yo‘q. Chiqa qol. Familiyangdan qo‘rqaman-da, bo‘lmasa-ku…
Fakultetning birinchi qavatidagi chog‘roqqina oshxonaga tushib, sotuvchi ayolga:
– “Doimgi”dan bitta bering, – dedi Iskandar Karim.
Oyoq-qo‘li chaqqan sotuvchi birpasda xushbo‘y hidi taralib turgan finjonda achchiq qahva uzatdi.
Iskandar Karim xayolga cho‘mgancha qahva ho‘pladi. Yon-atrofdagi bir-ikki stolda darsi yo‘q yuqori kurs yigit-qizlar kavshangancha bir-biriga gap sotyapti. Iskandar Karim ularga ters qarab o‘tirib, qahva ichdi.
Bir mahal, har kungiday mayin, xuddi soat millari kabi bir tekisdagi oyoq tovushi eshitildi: “taq-tuq, taq-tuq, taq-tuq…”
Bunday chog‘lar Iskandar Karimning yuragi orziqib ketadi.
Oshxona eshigiga bor vujudi ko‘zga aylanib qaraydi.
Ana! O‘zginasi!
Kirib kelgan qiz o‘tirganlarga bir qo‘r ko‘z tashlaydi-yu, jilmaygancha sotuvchi ayolga yuzlanadi. Uzun sochlari bir tekis tovlanadi. Batartib kiyinishi hammaning e’tiborini tortadi. Bo‘ychangina qomati tik, oppoq silliq yuzidan doim nur taralib turar, ko‘p-da bo‘yanmasa ham tabiiy go‘zalligi bilan har qanday odamning e’tiborini darhol o‘ziga torta oladigan jozibasi bor edi. Hatto qizlar ham unga suqlanib qaraganini yashirolmay qoladi.
U xuddi frantsuz kibor xonimlari kabi oppoq, nozik qo‘lida qahvani nazokat bilan tutib, yonidagi bo‘sh stolga kelib o‘tirdi. Turli shirinlik va ovqat islari anqib turadigan oshxonani birpasda qizning yoqimli atiri ifori egallab oldi. Iskandar Karim bu hid oldida doim boshi gandiraklab, mast bo‘lib qoladi.
– Yaxshimisiz, kursdosh? – dedi jilmayib qiz.
Iskandar Karim hayajondan so‘rashishni ham xayolga keltirmadi.
– Darsingiz yo‘qmidi? – dedi titroqni bosib, o‘zini bamaylixotir tutishga urinar ekan. Aslida uning qaysi kunlari, qaysi soatlarda darsi yo‘qligiyu soat nechida oshxonaga kirishi mumkinligini juda yaxshi bilar edi. Axir har kuni dars jadvaliga qarash bahonasida unikini ham zimdan ko‘rib olardi.
– Bizda hozir “ochiq soat”, – dedi qiz tabassum bilan. – Keyingi fan nima sizlarda?
– “Tutqanoq”ning darsi, – dedi Iskandar Karim.
Qiz kuldi. Shunday chiroyli kuldiki, Iskandar Karimning yuragi hapqirib ketdi. Aslida-ku, qizning shunday tabassumli nigohlarini ko‘rish uchun doim kulgili gaplar aytgisi keladi. Ba’zan kuldiraman deb poyintar-soyintar so‘zlaydiki, gaplari beo‘xshov chiqadi, keyinchalik o‘ylab ko‘rib, mulzam bo‘lib qoladi. Ammo qiz, chamasi, Iskandar Karimni sira izza qilgisi kelmas, bir chimdim bo‘lsa-da, tabassum hadya etib yuborardi. Hatto o‘z vaqtida Karimov Iskandar degan allaqanday oddiy bir qishloqi talaba yigitning ismiga, she’r yozmasa-da, shoirona gapirishlari sababmi, Iskandar Karim degan taxallusni tirkagan ham shu qizning o‘zi.
– Kim u “Tutqanoq?” – deb so‘radi u durdek tishlarini ko‘rsatib.
– Iqtisodiyot-da! – dedi Iskandar Karim qahvadan ho‘plar ekan.
– U domla juda yaxshi odam-ku, – deya hayron qoldi qiz. – Nimasi tutqanoq?
Iskandar Karim sir boy bergisi kelmadi:
– Fanidan o‘z kuchingiz bilan “besh” olishga harakat qilib ko‘ring, o‘shanda ko‘rasiz uning tutqanog‘ini. Imtihonda yiqitib, daftar orasiga anavindan solib bermaguningizcha tuzalmaydi tutqanog‘i.
Qiz yana jilmaydi:
– Ha-a-a, gap bu yoqdami.
Birpasda mavzu tugab qoldi. Iskandar Karim endi nima deyishni bilmay, boshi qotdi. Shunday muhim pallada qiziq gaplar ham qahat bo‘lib qoladi-e. O‘ylay-o‘ylay, gap o‘zanini boshqa tomonga burdi:
– Dars tugasa, nima qilasiz, Laylo?
Qiz yana hayron bo‘lib, savol nazari bilan qaradi:
– Nimayam qilardim? Uyga ketaman.
– Men ham, – dedi Iskandar Karim shoshilib. So‘ng uyalib ketdi. “E, o‘l, lapashang, – dedi ichida. – Shunaqayam mantiqsiz, chuchmal gapirasanmi, landavur!”
Laylo negadir bezovtalandi. Bejirim qo‘lsoatiga qaradi va qahvani apil-tapil ichgancha, o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
– Qo‘ng‘iroq chalindi! – dedi va yana bir marta shirin tabassum hadya qilgancha shitob bilan chiqib ketdi. Quvnoq ko‘zlarining ohanrabosi, uzun sochlarining mayin jilvasi Iskandar Karimning nigohida bir lahza qotib qoldi.
Har doim ahvol shu… Iskandar Karim endigina o‘pkasini bosib olib, gapiray deganida qizgina hurkak ohuday uzoqlashadi. Yigitning dilidagi dilida, tilidagi tilida, hovuri bosilmasdan, shalpaygancha qolaveradi.
Qahvaning pulini uzatib, darsga kirdi. “Demak” o‘sha-o‘sha bir zayldagi, hissiz ma’ruzasini o‘qib o‘tirardi. Auditoriyada o‘lik sukunat hukmron: hammaning ko‘zi suzilib, pinakka ketay-ketay deydi…
– Demak, kayfiyatni ko‘tarib keldingmi? – dedi domla.
– Ha, rahmat, ustoz! – dedi Iskandar Karim.
– Ilgari talabalar, demak, faqat hojatga chiqish uchun ruxsat so‘rardi. Demak, zamon o‘zgarib ketyapti. Odamlar kayfiyati tushsayam, demak, darsni tashlab chiqib ketaveradi, demak…
Uning pisandasi Iskandar Karimga yoqmadi. Qovog‘ini solib oldi.
– Hozirgilar hojatxonadan qaytib chiqishga ham ruxsat so‘raydi, maylimi?.. – dedi piching qilib.
“Demak” eshitmaganga oldi.
3
Darslar tugay deganda, Iskandar Karim o‘zini birinchi qavatga urdi. Hammadan avval tushishi kerak. Bo‘lmasa, Layloni ko‘rolmay qoladi…
Kursdoshlar bir-bir xayrlashib keta boshlaydi. Iskandar Karim quyuq-suyuq xushlashadi.
Ammo tor yo‘lakdan ko‘zini uzmaydi. Ana, hamkurslari chiqib kelishyapti. Undan esa darak yo‘q..
Taraddudlanadi. Borlig‘i ko‘zga aylanib, Layloni qidiradi.
Qiz qorasini ham ko‘rsatmaydi. Bezovtaligi ortadi. Alanglab-alanglab, uchinchi qavatga, u o‘qiydigan auditoriyaga qarab yurdi.
Xayriyat, darsi hali tugamagan ekan. G‘ala-g‘ovur eshitilib turibdi. Sekin eshikdan mo‘raladi. Qizlar o‘tirgan ekan. O‘qituvchi ko‘rinmaydi. Iskandar Karim oshkora ko‘rinish berdi. Kursdosh qizlar Iskandar Karimga ko‘zi tushsa-da, hayron qolmadi, aksincha beparvo holda chug‘ur-chug‘urni davom ettirdi. Iskandar Karim Layloning ko‘zlariga ko‘zi tushib, vujudida ajib hisni tuydi.
Shu mahal «gup» etgan ovoz keldi. Hamma g‘ala-g‘uvur qilib, o‘rta partaga yugurdi. Bir qiz polda cho‘zilib yotardi. Hammadan avval Laylo yugurib borib, uning boshini ko‘tardi. Vahima ko‘tarildi. Bu Layloning yaqin dugonasi Baxtigul edi.
Kutilmaganda kimdir Iskandar Karimni chaqirdi. U jonholatda yordamga oshiqdi. Ammo Laylo ro‘yxushlik bermadi.
– O‘zim… O‘zim qarayman, – dedi qo‘rquvdan qaltirab. – Derazani ochinglar, nafas ololmayapti.
Kimdir derazani lang ochdi.
Shu payt o‘qituvchi ayol kirib keldi. Vaziyatni ko‘rib, rangi oqarib ketdi.
Qizlardan biri suv berdi. Laylo Baxtigulning yuziga suv sepdi. U bir to‘lg‘onib, chuqur nafas oldiyu o‘ziga keldi. Suv ichdi. Birpasda behol bo‘lib qolgan qizni Laylo qo‘ltig‘idan tutib, turg‘izdi va suyagancha stulga o‘tirg‘izdi. Boshidagi oq ro‘molini to‘g‘rilab qo‘ydi.
Laylo dugonasiga anchayin mehribon edi. Yaqinginada Baxtigulning boshiga musibat tushgan, onasidan ayrilgan edi. Necha yillardan beri to‘shakka mixlanib yotgan onasining so‘nggi kunlarida yonida bo‘lgan Baxtigul ancha vaqt darslardan qolib ketdi. Ko‘z o‘nggida so‘nib borayotgan ona dam-badam Baxtiguldan xavotir olishni qo‘ymas edi. «O‘qishingni qanday bitkazib olarkansan? Kontraktingni qanday to‘laysan ekan?..»
Oxiri taqdiri azal hukmi bilan onasi omonatini topshirdi. Uni tuproqqa qo‘yishdi. Ma’rakasini o‘tkazib, so‘ng darsga kelgan edi. Bechora ko‘p kuyungan ekan, g‘am-anduh yeb bitiribdi. Yuzidan qon qochgan, rangi-ro‘yi aftodahol, ko‘zyoshlardan qurib ketgan ko‘zlari nursiz, bemajol tanasidan mador ketib, qup-quruq sumbatga aylangan edi.
– Ma’murova, mazangiz yaxshimi endi? Nima bo‘ldi o‘zi? – dedi o‘qituvchi rahmdillik bilan.
– Boshi aylandi, shekilli, yiqilib tushdi, – deya uning o‘rniga javob qaytardi Laylo. Bemajol Baxtigul uning gapini tasdiqladi.
O‘qituvchi o‘ylab turdi-turdi, so‘ng:
– Uyiga eltib kela qolinglar, – dedi. – Bir-ikkingiz qo‘shilib boringlar.
– Xo‘p, – dedi Laylo. – Oboramiz.
Laylo alanglab, yon-veriga qaradi.
– Sevara, biz bilan borasizmi? – dedi hamkurs qizga. Sevara degani ikkilandi.
– O‘qishdan chiqib, onamni ko‘rgani banisaga borishim kerak edi-da… – dedi chor-nochor.
– Hoy, Karimov, siz bora qoling! Yigit kishisiz, biz ham xavotir olmas edik, – dedi o‘qituvchi ostonada turgan Iskandar Karimga.
Iskandar Karim ichdan suyunib ketdi, ammo buni sezdirmaslikka urindi.
– Mayli, mayli… – dedi. Laylo yalt etib unga qaradiyu indamay qo‘ya qoldi. Ikkisi Baxtigulning qo‘lidan tutib, auditoriyadan olib chiqib ketishdi.
Taksi haydovchisi bir Baxtigulning oqargan rangi-ro‘yiga, bir uning ikki qo‘lidan tutib turgan yigit va qizga qarab, yo‘lkira narxiga talashib o‘tirmadi:
– Mayli, ketdik, – dedi.
Yo‘l olis, mashina oynalari lang ochilgan, salonga jaziramaning issiq garmseli urayotgan edi. Iskandar Karim yon oynadan yashirincha Layloga qarab-qarab qo‘ydi. Laylo sochlari shamolda o‘ynab, yuz-ko‘zini to‘sgan, oppoq yuzi issiqda lov-lov yonar, Iskandar Karimning o‘g‘ri nigohi ta’qib qilayotganini sezmas edi.
Ancha vaqt jim ketishdi. Haydovchi – ellik yoshlardagi soch-soqoli oqargan kishi – tez-tez peshoynadan Baxtigulga qarab qo‘yardi. Oxiri so‘z qotdi:
– Qizim, nima bo‘ldi? Mazangiz yo‘qmi?
– Ancha yaxshiman, ozroq tobim qochdi, – dedi Baxtigul behol va siniq ovozda.
– Ha-a-a, – dedi haydovchi. – Qorningiz ochmidi?
Suhbatga Laylo aralashdi:
– Bu o‘zi kuni bilan tuz totmay yuradi-da…
Haydovchi kuldi:
– Studentning bari shunday. Ularga tekkan kasallik bu. Yoshlikda shunay och yurib, bir dardga yo‘liqadi-da, umri bo‘yi boshi kasaldan chiqmaydi.
– Yo‘g‘-e, unday emas, – dedi Iskandar Karim. – Topganimizni yeymiz.
– Ishonmayman, uka! – dedi haydovchi. – Seniyam qulog‘ingdan kun ko‘rinadi-ku?
Laylo piq etib kuldi. Iskandar Karim qizardi.
– Quloq “zavodskoy” shunday, – dedi. – Lekin oshqozon otday!
Taksi Baxtigul yashaydigan mahalla ko‘chasining boshida to‘xtadi.
– Amaki, shu yerda qoldira qoling, – dedi Baxtigul. – Moshina kirolmaydi ichkariga. Bir kattakon amaldorning qudasi yo‘lni hovlisiga qo‘shib olgan…
Tushishdi. Iskandar Karim pul uzatdi. Haydovchi olayotib, ko‘zini qisgancha:
– Ehtiyot bo‘lgin-a-a, uka… – dedi kulib. – Bir o‘zingsan-a…
– Rahmat, rahmat! – dedi Iskandar Karim tirjayib.
Uch kursdosh mahalla oralab, jin ko‘cha bo‘ylab kirib ketishdi. Endi Baxtigul boyagidan ko‘ra ahvoli yaxshiroqday tuyuldi. Qo‘lidan tutmoqchi bo‘lishsa, yo‘q, o‘zim yuraman, dedi. Iskandar Karim va Laylo baribir ikki tomonidan alag‘da bo‘lib yurdi.
– Sizlarniyam ovora qildim-da, – dedi Baxtigul yashil darvozaga yaqin qolganda. — Uzr-a, o‘rtoqlar…
– Qo‘ysangiz-chi, – dedi Laylo mehribonlik bilan. – Tuzukmisiz endi?
– Ha, ancha yaxshiman. Kiringlar uyga?
– Yo‘q, yo‘q, qaytamiz, – dedi Laylo shoshilib. – Kech bo‘p ketadi…
Baxtigul rozi bo‘lmadi.
– Kira qolinglar, mehmon bo‘lasizlar. Birpasda xolam ham kelib qoladi, u kishiyam xursand bo‘lardi, – Baxtigul shunday deya Iskandar Karimga yuzlanib, jilmaydi: — Iskandar, o‘zingiz ayting mana bunga. Siz kirsangiz, bu qayergayam ketardi bir o‘zi.
Iskandar Karim ikkilanib qoldi. Kiray desa, noqulay, kirmay desa, Baxtigul chin dildan taklif qilyapti. Laylo bilan bemalolroq suhbatlashish fursati ham bo‘ladi… Ammo buni Baxtigulga oshkora sezdirib qo‘yish yaxshi emas. Gap qilishi mumkin. Shuni o‘ylab, jiddiy rad etdi:
– Iloji yo‘q, kursdosh. Men ishga borishim kerak. Kechikyapman. Laylo ham uyiga shoshyapti…
Baxtigul noiloj qoldi. Layloga sinovchan tikildi. Undan sado chiqmadi.
– Mayli, unda, – dedi oxiri. – Katta rahmat. Yaxshiyam, sizlarday kursdoshlarim bor ekan…
Xayrlashdilar. Baxtigul orqadan kuzatib qoldi. Ikkisi masofa saqlab, ortga qaytar ekan, negadir, sira shoshilmas, xuddi dunyoning muammosiga yechim topgan olimdek o‘ychan va ohista qadam tashlashar edi.
Baxtigul ortidan ularni uzoq vaqt kuzatib turdi. Uning nigohida ham havas, ham jindek hasad bo‘y ko‘rsatar edi.
Ikkovlon jinko‘cha muyulishidan o‘tib, ko‘rinmay ketgachgina, yashil darvozaga qarab shiddat bilan yo‘naldi.
Bu paytda ohista qadam tashlab kelayotgan Laylo sumkasini chakkasiga qadab quyosh tig‘idan to‘sib olgan, onda-sonda sezdirmasdan Iskandar Karimga qarab qo‘yardi. Iskandar Karim ancha dadillashgan, u yoq – bu yoqdan gap tashlar edi.
– Uyga shuncha shoshyapsizmi? – deb so‘radi oxiri.
– Nima edi? – dedi Laylo xotirjamlik va muloyimlik bilan. – Biror ishingiz bormidi?
– Yo‘g‘-e, – deb yubordi Iskandar Karim va dangal savol qarshisida gapini yo‘qotib, kalovlandi. – O‘zim, shunchaki so‘radim-da. Agar juda shoshmasangiz, birpas piyoda yurardik…
Laylo e’tiroz bildirmadi. Boyagina ishga shoshayotgan Iskandar Karim kutilmaganda birday bemalolxo‘jaga aylanib qolishi ortida yashiringan qandaydir sirga qiziqayotgan edi.
– Mayli, – dedi Laylo. — Lekin yo‘l uzoq-ku, qorong‘i tushib qolmasmikan…
– Yo‘q. Tez boramiz. Marshrutkada ketamiz u yog‘iga.
– Taksida keta qolaylik, – dedi Laylo aksiga olib. – Marshrutkangiz qachon keladi-yu, qachon uyga yetamiz.
Iskandar Karim cho‘ntagidagi pulni chamaladi: boya kelguncha kechlik tamaddiga deb qo‘ygan pulini taksiga to‘ladi. Tanga-panga qolgandir. Endi marshrutkaga ham yetmasa kerak hali. Qizga qanday to‘laydi… Nedir sabab topmasa, noqulay vaziyatga tushib qolishini bilgan Iskandar Karim gapni hazilga burdi:
– Marshrutkada yurishning gashti bor-da, Layloxon…
Ikkisi orqadagi so‘nggi o‘rindiqqa o‘tirishdi. Yonma-yon… Iskandar Karim hayajondan terga botdi. Qizning keng yoyilgan sochlari ulov oynasidan kirayotgan shamolda o‘ynoqlab, dam-badam Iskandar Karimning ham yuzlariga kelib urilar, undan taralayotgan ifor yigitni mast qilar edi…
Laylo buni sezmay qolarmidi. Iskandar Karimning entikayotganini ichki sezgilari bilan yaqqol his etib turar, hadeb unga qarab jilmayar va bundan tobora ko‘proq zavq tuyardi.
Ular hech qachon bunchalik yaqin va baqamti o‘tirmagan, bir-birining o‘y-xayolida nimalar kechayotganini bu qadar teran his qilmagan edi!
– Laylo? – dedi Iskandar Karim past ovozda. U, chamasi, boshqa yo‘lovchilar gaplarini eshitmasligini istayotgan edi. – Bir iltimosim bor edi sizga…
– Nima ekan? – dedi Laylo tabassum bilan.
– Bilasiz, o‘qishdan keyin ishlayman. Yarim tunda uyga qaytaman. Ish ko‘p. Konspektga hech ulgurmayapman. Yozishga yordam bermaysizmi?
Laylo bajonidil qabul qildi.
– Xohlasangiz, hozir bering daftaringizni, – dedi mehribonlik ko‘rsatib. – Yozib beraveraman.
Iskandar Karim terisiga sig‘may ketdi. Shu onda qani endi imkoni bo‘lsayu, Layloning nozik qo‘lini siqib qo‘ysa, minnatdorlik bildirsa. Shuncha vaqtdan beri hatto aqalli qo‘lidan tutgani yo‘q edi…
– Mana, daftar, – dedi Iskandar Karim darrov sumkasidan qora jildli bir daftarni olib tutqazarkan. – Oxirgi o‘tilgan uchta dars mavzusi…
– Xo‘p!
Laylo behad nazokat bilan jilmaygancha daftarga qo‘l uzatdi.
Ammo… ammo… qo‘li havoda qoldi!
Shu paytda osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, nimadir kelib juda qattiq urildiyu marshrutka qarsillagancha yonboshiga ag‘darilib ketdi. Oynalari chil-chil bo‘lib sochildi. Bir-biriga ustma-ust yiqilib, g‘ujanak bo‘lib qolgan yo‘lovchilar dodlab, chinqirib yubordi. Kim qayerda yotibdi, kim tirigu kim o‘ldi — bilib bo‘lmay qoldi. Kimdir qo‘rquvdan dodlagan, kimdir inqillagan, boshqasi dag‘-dag‘ qaltirab kalima qaytaryapti.
– Laylo!! – deb baqirib yubordi Iskandar Karim kutilmaganda. U yotgan ko‘yi qo‘llari qizib, namlanganini his qildi. Singan oyna bo‘laklari bilagi va yelkasini kesganini, qon sizib chiqayotganini sezdi. Ammo yonginasida ketayotgan Laylo qani?
– Laylo?!
Iskandar Karimning qulog‘iga «ha?», degan juda zaif ovoz chalindi.
Ulov ag‘darilganida Laylo bitta oldingi o‘rindiq tomonga «uchib» o‘tib ketgan ekan. Iskandar Karim qo‘lini unga uzatdi. Laylo ham qo‘l berdi…
– Yaxshimisiz, Laylo? Hech nima qilmadimi? Lat yemadingizmi?
– Boshim… – dedi Laylo ingrab.
Avtohalokatda, yaxshiyamki, hech kim o‘lmabdi. Ammo ertasi kuni Laylo o‘qishga kelmadi.
Dugonalari darsdan so‘ng shifoxonaga qarab jo‘nashdi. Iskandar Karim ularga sherik bo‘ldi…
4
Iskandar Karim metrodan chiqqanida quyosh botayotgan edi. Shoshildi. Necha kunki, ishga kechikib keladi.
Markaziy stadion yonidan shitob bilan yurib o‘tarkan, stoli ustida qalashib yotgan qog‘ozlarni, chala yo bajarilmagan topshiriqlarni, qovog‘i soliq rahbarning tund qiyofasini ko‘z oldiga keltirib, bezovta bo‘ldi.
Rahbari-ku, yomon odam emas. Tushunadi. Talabasiz, mayli, yaxshi o‘qiyvering. Lekin ishni ham tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Ikkovini ham eplash kerak. Hozir siz uchun avvalo o‘qish shart. Agar yana shunday kechikib kelaversangiz yoki topshiriqni bajarmay ishdan erta ketvorsangiz, qattiqroq chora ko‘rishga majbur bo‘laman. Shunga olib bormang, degan edi.
Allazamondan beri tirishib, shu odamgarchilik talabiga javob berishga urinadi. Zamon og‘ir, qaltis bo‘lsa, kim ko‘p – ishsiz banda ko‘p. Shuncha diplomliga yo‘q ishni talaba holingga ham sen band etib o‘tiribsan, Iskandar Karim, derdi o‘zini o‘zi koyib. Ammo qancha harakat qilmasin, eplash oson emasligini tan olmoqdan o‘zga iloji qolmayotgan edi.
Har kuni ijara uy, o‘qish va ishxona o‘rtasida bo‘zchining mokisiday zir yuguradi. Uchalasida ham halovat topmaydi: uyga faqat uxlagani boradi, o‘qishda ishxonadan berilgan topshiriqlarni o‘ylayverib, ignaning ustida o‘tirganday o‘tiradi, ishxonada esa dars tayyorlash, o‘qib ulgurish haqida qayg‘uradi. Alaloqibat uchovi ham o‘lda-jo‘lda qoladi.
Ko‘pincha ular haqida o‘ylashdan zada bo‘lganida Layloni ko‘z oldiga keltiradiyu ajib hislar qo‘rshovida qoladi. Hozir qizga qiyin. Avtohalokatdan keyin boshi tinimsiz og‘riyotgan emish.
5
Layloga kinoga tushishga va’da bergan o‘sha shanba kuni ham tezda kelib qoldi.
“Demak”ning dars payti telefoni bexosdan jiringlamaganida Iskandar Karim va’dasini bajargan bo‘lar edi.
Qo‘l ko‘tarib, ruxsat so‘rab, otilib yo‘lakka chiqdi. Telefon tugmasini ko‘tarishi bilan rahbari salom yo‘q, alik yo‘q, shang‘illay ketdi:
– Qachongacha shunday qilib yurasiz! Orqangizni tozalayverib, jonga tegib ketdi-ku! Bir soatda ishga keling, bo‘lmasa…
“Tut, tut, tut”
Rahbar gapini yakunlamasdan qizil tugmani bosib qo‘ydi.
Iskandar Karim tushundiki, u kechagi tayyorlangan xom hujjat uchun katta rahbardan dakki eshitgan. Yo‘q, dakki eshitsa, bunchalik qahrga minmas edi. Qo‘yday yuvosh, ko‘ngilchan odam salomni ham unutib shang‘illashidan jiddiyroq gap borligini tusmolladi. Endi nima qilmoq kerak?
“Demak”dan ruxsat olib, oshig‘ich ishxonaga qaytmasa bo‘lmaydiganga o‘xshaydi.
Attang, Layloga nima vaj aytsa bo‘lar ekan-a? Ishonarmikan? Tag‘in necha haftadan beri kutayotgan kinoga borish orzusi edi. Qizni bazo‘r ko‘ndirgan edi o‘zi.
Xayriyat, “Demak” indamay javob berdi. Chiqishi bilan Layloning telefoniga xabar yozdi. Laylo, dedi, meni ishxonaga shoshilinch chaqirishyapti. Rahbariyat topshiriq berdi. Borishim zarur. Tezda tugatishga harakat qilaman. Ulgurmasam xafa bo‘lmang, maylimi? Juda bo‘lmasa, keyingi hafta albatta boramiz…
Xabarni jo‘natishga jo‘natdi-yu, Laylo qanday munosabat bildirishini yuragi toriqib kutdi. Bir zumda telefoniga kelgan xabarni yashin tezligida ochdi.
“Ha, mayli. Ishingizni bemalol qilavering, sizni tushunaman-ku…”
Iskandar Karim o‘qib, ichida xayriyat-e, dedi. Shu mahal telefoniga yana xabar keldi. Unda: “Kutaman…” deb yozilgan edi. Iskandar Karim o‘yladiki, shu qizning bir sehri bor-da. Har gapi, har so‘zi, har qarashi, har jilmayishi bir ma’no. Ma’noki, Iskandar Karimning ko‘ngil torlarini beixtiyor chertib o‘tadi. Ko‘nglining tub-tubiga kelib o‘rnashadi.
Suyunganidan xabarnoma kelgan telefoni ekranini o‘pib qo‘ydi…
Iskandar Karim ishxona ostonasidan o‘tayotganda hamkasblaridan biri, siyrak sochli Botir aka xavotir aralash:
– Ukam, tezroq tepaga uchrashing, – dedi barmog‘i bilan shiftni ko‘rsatib.
– Tinchlikmi? – deya so‘radi Iskandar Karim.
– Hozirgina o‘n balli zilzila bo‘ldi tepada…
Botir akaning lahjasida bu juda katta ko‘ngilsizlik yo o‘tkir bir muammoni anglatar edi. Bu odam hech to‘g‘ri gapirmaydi o‘zi, to‘g‘ri gapirsayam, to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirmaydi, nimagadir tashbeh qiladi. To‘s-to‘polon yoki muammoning darajasini “Rixter shkalasi” bo‘yicha o‘lchaydimi-e. “Ball” tarozisida tortib ko‘radimi-e. Bo‘lim mudiri bilan tortishib qolsa, “uch-to‘rt balli” aytishib qoldik, deydi. U hozir “o‘n balli” deyaptimi, demak, ahvol haqiqatda chatoq. Holingga maymunlar yig‘lamasa edi, Iskandar Karim, deya o‘yladi. Agar rahbar surobingni tortib, kovushingni to‘g‘rilab qo‘ysa, o‘lding! Ishsiz qolasan. O‘qishingning kontrakt-shartnoma pulini qayerdan topasan. Yaxshiyam, shu boshqarmaga ishga kirgan ekansan. Bo‘lmasa, o‘qish to‘lovining o‘zi otangning belini mayib qilardi. Qo‘li kalta otang mardikorlikdan topgan puli nimagayam yetsin. Kasalmand akangning dori-darmonigayam yetmaydi. U yoqda onang, singillaringning mudom tovoni yoriq, ustiga ohorli kiyim olmagani-ku, mayli, oyog‘iga yangi kovush ilmaganiga necha zamon bo‘lib ketdi. Sening ishsiz qolishing – ularga bu kunini ham ko‘p ko‘rganing bo‘ladi, Iskandar Karim!
Ayni o‘ylar ko‘ngliga cheksiz vahim urug‘ini qadadi. Uchinchi qavatga qanday otilib chiqqanini bilmay qoldi.
Kotiba qiz uni ko‘rib, achingannamo imlab salomlashdi.
– Ichkarida odam bor edi, – dedi qiz va uzun terib qo‘yilgan sovuq kursilardan birini ko‘rsatdi: – O‘tira turing shu yerda.
– Rahmat…
Bir choy qaynagulik vaqt o‘tib, rahbar xonasi eshigi ohista ochildi. Ichkaridan kadrlar bo‘limi boshlig‘i – Sanobar opa degan juvon chiqib keldi. U chiqayotib, ko‘z ilg‘amas epchillik bilan ozroq ko‘tarilib qolgan ko‘ylagining orqa etagini tushirdi va yoqasini to‘g‘rilab qo‘ydi…
Iskandar Karim salom berdi. “Kadr” uning ko‘ziga qaramasdan, alik olib, hurkak ohuday yengil harakat bilan qabulxonadan chiqib ketdi. Tavba, har doim quyuq salomlashardi, o‘qishlarini so‘rardi. Moviy ko‘zlarini mehr bilan tikib, ahvollashardi. Nima jin urdi ekan uni…
Xayollari chuvalashib turgan edi, kotiba qiz:
– Kirsangiz bo‘ladi, – dedi.
Rahbar Iskandar Karimning qorasi ko‘rinishi bilan ukki ko‘zlarini teshib yuborguday unga qadar ekan, qo‘li bilan imlab oldidagi stulni ko‘rsatdi: “Kel, o‘tir”.
Iskandar Karim hayajondan salom berdimi-bermadimi, bilolmay qoldi va tavakkal qilib, qayta salom berdi:
– As-sa-lo-mualayku-u-u-m…
Rahbar qisqa qildi:
– Valaykum…
Battar vahima bosdi. Ishqilib, tezroq gapirsin, mayli, bor zahrini tezroq socha qolsin, nima bo‘lsayam, shu jin urgur xonadan tezroq chiqib ketsa, toza va yengil havodan simirib erkin nafas olsa, bas…
– Nimalar qilib yuribsan, Iskandar? – dedi rahbar. Odatda u ismiga “jon” qo‘shib aytardi. Iskandarni “jon”dan mahrum qildimi, demak, nainki kattaroq xato, balki biror gunoh o‘tgani aniq.
Stulda o‘tirgancha oyog‘ini dam-badam asabiy qimirlatar ekan, a’zoi badani bo‘shashib borayotganini sezdi. Savol umumiy va mujmal bo‘lgani bilan aniq javob talab qilardi. Bunday paytlar oldindan katta ketib bo‘lmaydi.
– Shu… o‘qishdaman, tushdan keyin ishda… – dedi nihoyat.
– Boshqarma hisobotida juda katta, qo‘pol xato qilibsan, uka. Bizam senga ishonib, indamay qo‘l qo‘yaveribmiz. Kattalarning oldida betimiz qanchalik shuvut bo‘lganini bilmaysan. Bu oddiy emas, siyosiy xato!
Iskandar Karim rahbarning gapini shartta bo‘ldi va:
– Nima xato ketibdi o‘zi? – dedi. Bunga qanday jur’at topganini bilmay qoldi.
Rahbarning qoshi chimirilib ketdi.
– Hali aytishmadimi?
– Yo‘q, – dedi Iskandar Karim va hali hech kim bilan gaplashmaganini, xonasiga to‘g‘ri kirib kelayotganini aytdi.
Xo‘jayin stoli ustidagi papkalardan bir uyum qog‘ozni olib, Iskandar Karimning oldiga «tars» etkizib tashladi.
– Ko‘r qani buni!
Iskandar Karim bunday muomalaga o‘rganmagan, ilk bor oldiga qarsillab tushgan qog‘ozlarga tikilib qoldi. Xuddi rahbar yuziga o‘xshatib tarsaki tortganday bo‘ldi. Qizardi. Hujjatning ustiga shapaloqdek qog‘ozcha qistirilgan, unga “Ushbu xatolikka yo‘l qo‘ygan xodim zudlik bilan jazoga tortilishi ta’minlansin!” degan bitik bitilgan bo‘lib, tagiga asabiy imzo chekilgan.
Iskandar Karim ko‘zlarini beixtiyor yumib oldi: hammasi tamom! Otasining qabargan qo‘llarini keng yozib, unga baxt va omad tilab duo qilgancha, qishloqdagi uyidan kuzatib qolgan o‘sha talabalik ostonasidagi manzara ko‘z oldiga keldi.
Hujjat qog‘ozlarini birma-bir olib varaqlar ekan, beshinchi sahifada qizil ruchka bilan bir abzats gap tagiga obdan chizilib, bir-biridan katta ikkita so‘rov belgisi qo‘yilganini ko‘rib, labini tishladi. Pastroqda yana bir so‘z qalin aylana chiziq bilan o‘rab bo‘yab tashlangan. E’tibor bilan o‘qib ko‘rdi: “Boshqarma tomonidan ko‘rilgan zarur chora-tadbirlar natijasida uch nafar yetuk kadr tayyorlanib, ular jahon arenalariga chiqa boshladi” degan gapda “chiqa” so‘zidagi “q” harfi o‘rniga “ch” harfi tushib qolgan…
Iskandar Karimning ko‘z oldi xira tortib, qorong‘ilashib ketdi. Boshi g‘uvillab aylana boshladi.
Hisobotni ming qayta hijjalab o‘qigan, biror xato qoldirmasdan ko‘rib chiqqan edi. Bu hamkasblari tusmollaganday qo‘pol xato emas, naq haqorat va… tuhmatning o‘zginasi edi…
Agar hisobot vazirlikka ketmaganida va u yerdan betga tortilgan tarsaki bo‘lib qaytarib yuborilmaganida edi, Iskandar Karimni so‘kib-koyib, nari borsa, ogohlantirib qo‘ya qolishar edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Shaxsan rahbarning o‘zi bu holatdan voqif bo‘ldi. Vazirlik oldida yer yorilmadi – kirib ketmadi.
Iskandar Karim buning tovoni og‘ir bo‘lishiga ishonchi komil edi.
Rahbar Iskandar Karimning holatiga, har bir nafas olib-chiqarishigacha diqqat bilan kuzatib o‘tirar, rahm qilib, jindek tasalli berish qayda, bir cho‘qishda raqibining tojini uzib oladigan dakangxo‘rozday hamlaga shay turardi.
Bahona to‘qimoqqa hojat yo‘q edi. Kechirim so‘rab, uzr aytib, tavba-tazarru qilmoqlik ham foyda bermas. Faqat bir yo‘l qolgan: taslim bo‘lish!
– Hammasini tushundim… – dedi Iskandar Karim past ovozda. Ovozi shunday sekin va zaif chiqdiki, bu hol hamiyatiga tegib ketdi. Va balandroq, do‘lvor ovozda mag‘rurona so‘radi: – Endi nima bo‘ladi? Ishdan haydalamanmi?
Rahbar anchayin sinchi odam edi. Kishining ko‘nglidagini bir zumda uqib olish qobiliyati bor, pixini yorgan kishilar toifasiga kirardi. Iskandar Karimning gap ohangidan endi unga baribir ekanligini sezib turardi. Shuning uchun maydalashib o‘tirmadi va dangalini aytdi-qo‘ydi:
– Haydalasiz.
Iskandar Karim chorasiz qoldi. Ammo uning qarshisida o‘zini ojiz sezgisi-da kelmadi. “Haydalasiz” deyishiga qaraganda jo‘rttaga po‘pisa qilayotgan bo‘lishi mumkin. Tavbasiga tayantirib, obdan tarbiyalagach, himmat ko‘rsatib, kichikroq jazo berib qo‘ya qolishi mumkinligini tushunib turar edi. Biroq…
– Mayli, – dedi va o‘rnidan turib, qaddini g‘oz tutdi: – Ariza bo‘lsa, ariza-da!
Uning viqor bilan turganini ko‘rgan rahbar tikilib qoldi. Bunday jur’atni hech ko‘rmagan edi. Uncha-muncha yuqori lavozimli odamlarni ko‘rgan, tajribasi bo‘yidan baland xodimlarni ko‘rgan, ularning birortasi arizani shunchaki yozmagan: ishda qolish uchun tavba-tazarrular qilgan, yalingan, o‘zini har ko‘yga solgan, hatto oshkora shantaj qilganlari ham uchragan. Lekin hech kim qarshisida shu tirmizakchalik boshini baland tutib, g‘urur bilan rozi bo‘la qolmagan.
– Arizamni yozib, bo‘lim boshlig‘iga berib ketaman… – dedi Iskandar Karim yana bir bor ta’kidlab. – Xato qildim. Lekin sizlarning qilgan yaxshiliklaringizni esdan chiqarmayman. Rahmat hammasi uchun!
Rahbar indamay bosh irg‘ab qo‘ya qoldi. Iskandar Karim shahd bilan turdi, ortiga qaramasdan eshikni sekin yopdi-da, yana shitob bilan xonasiga tushib ketdi. Avval yonma-yon o‘tiradigan hamkasbiga vaziyatni tushuntirib, xayr-xo‘shlashdi. So‘ng bo‘lim mudiri oldiga kirdi. Arizani tutqazdi.
Bo‘lim boshlig‘i xuddi polaponidan ayrilayotgan musichadek unga behad rahm-shafqat bilan termilib eshitdi. Nachora, Iskandar Karimjon, dedi, biz hech birimiz bunday bo‘lishini kutmagan edik. Ammo hammamizdan ayb o‘tibdi, eshitadiganimizni eshitdik. Afsuski, rahbarning qahri keldi. Talabi shu bo‘lib turibdi endi. Nimayam qilardik… Ish topishingizga shaxsan o‘zim yordam qilaman. Bir-ikki jo‘ralarim bor, ulardan ish so‘rattirdim.
Iskandar Karim hozir ichini it tirnayotgan bo‘lsa ham bo‘lim mudirining bu gapidan juda sevindi. Yaxshi odam baribir yaxshi-da, harna o‘z holingga tashlab qo‘ymaydi.
– Omon bo‘ling, ustoz! – dedi Iskandar Karim dadillashib.
Bo‘lim boshlig‘i uning qo‘lini mahkam siqib qo‘yib, dedi:
– Kelib turing!
– Xo‘p, nasib qilsa…
Ichida, yelkamning chuquri ko‘rsin, dedi.
Iskandar Karim ishxonadan chiqib ketar ekan, ish stoliga, devorlarga, eshigu tutqichlarga diqqat bilan razm soldi: xuddi o‘qishga ilk bor kelayotganida ota-onasi bilan xayrlashgandagi kabi og‘ir bir xo‘rsiniqni tuydi.
“Boshqa ko‘rmaymanmi endi bu yerlarni, a…”
Tashqarida qorong‘i tushayotgan, shaharning tungi chiroqlari birin-ketin yonib, atrofni nurafshon qila boshlagan edi. Birgina Iskandar Karimning ichi shahardagi jamiki chiroqni to‘plab yoqsa ham yorishmas, dili xufton edi. Boyagi shahdi butkul yo‘qolib, birpasda shalvirab qoldi.
Odatda shu mahallar ayni ish qaynagan, zavq-shavqqa to‘lib ishlayotgan bo‘lardi… Endi esa xuddi kimsasiz cho‘lda uloqib qolgan qo‘zichadek to‘rt tomonga baravar alanglar, qayerga, nima uchun borayotganini bilmas edi.
Ijara uyga shoshsinmi? Uyda baribir hech kim yo‘q hozir. O‘qishga borsinmi? Darslar tugab ketgan. Laylo ham uyidadir. Balki yo‘ldadir. Qo‘ng‘iroq qilib ko‘rsa-chi?
Qo‘li beixtiyor tanish raqamlarni tera boshladi.
Uzun-uzun gudoklar javobsiz qoldi.
Iskandar Karim bezovtalandi. Ko‘ngliga qil ham sig‘mayotgan shunday chog‘da Layloni ko‘rgisi, birpas ko‘zlariga termulib o‘tirgisi, dunyoni unutib, chalg‘igisi kelgan edi. Ammo bari chappa ketyapti…
Ko‘ziga charog‘on shahar xuddi zimistonga dungan tashlandiq xarobazorga o‘xshab g‘arib ko‘rinib ketdi.
Behol alpozda bekat o‘rindig‘iga cho‘kdi. Sumkasidan qora jildli yondaftarini olib, bir burchagiga: “Nachora, bir kunda baridan ayrildim…” deb yozib qo‘ydi.
Atrofga olazarak boqib kuzatdi, yon-veridan o‘tib-qaytayotgan yo‘lovchilar, g‘iz-g‘iz qatnayotgan mashinalar – bari ahamiyatsiz, jonsiz matoh, hidsiz gul, xuddi hozir boru ko‘z ochib yumguncha yo‘q bo‘lib qoladigandek omonat narsa, misoli sarob bo‘lib tuyuldi. Ana, ko‘chada qancha telba o‘tyapti. Badqovoq va badjahl tentaklar. Shodu xurram odamlar ham o‘tyapti. Onda-sonda dunyoni unutib, ishqdan masrur juftliklar, bir-birining pinjiga kirib olgan sevishganlar ham shodon ko‘rinish beradi.
“Birgina sen g‘amnok qalbing bilan yolg‘iz qolding, Iskandar Karim, – deya o‘yladi u. – Mana, ishdan ham haydalding. Endi borar manziling ham yo‘q hisobi. Ijara uyga beradigan puling bo‘lmagandan keyin qayergayam borarding… Hatto Laylo ham qo‘l siltadi senga…”
Iskandar Karimning yuragi toriqdi.
O‘rnidan turib, yaqinlashayotgan avtobusga qarab yurayotib: “E, tupurdim bariga…” – dedi.
6
Tirik qulga tinim yo‘q ekan.
Ishsiz qolgani yetmaganday, hash-pash deguncha, o‘qishning pulini to‘laydigan vaqt ham yaqinlashdi. Qozonga qarmoq tashlab ham makaronni tutolmayotgan kunlar keldi. Och-nahor o‘qishga borar ekan, jilla qursa, kursdosh do‘stlaridan birortasidan haftaga yetar qarz ko‘tarmoqni niyat qildi. Ammo do‘stlar ham o‘zidan pesh emas edi: yarmining shundoq ham qo‘li kalta, qolganlarining dimog‘iga qurt tushgan, qarzi qaytmasligiga ko‘zi yetardi…
Bo‘ynigacha qarzga botgan mardum yashaydigan bu zaminda bir talabaga kim pul berardi…
Najot bo‘lmagach, yotar qursoqqa – yorti non, dedi-da, darsdan chiqib, mardikor bozor oraladi.
U yerda ham hech kim Iskandar Karim qachon keladiyu burnimizni bo‘shatib ketadi, deb ko‘zi uchib turgani yo‘q ekan. Tirikchilikdan ezilib ketgan otasi tenggi odamlar yo‘l yoqasiga biror moshina shunchaki to‘xtasa ham yugurib borib o‘rab olar va haydovchining shunchaki to‘xtaganini bilib, barmog‘ini burniga tiqib qaytib kelib, joyiga – kundaga yo uniqib ketgan yo‘l sumkasi ustiga yalpayib o‘tirib olardi.
Jaziramada qalin va ohori tutday to‘kilgan jinsi shim, ustiga yag‘iri chiqib ketgan oq mayka, oyog‘iga tovoni mayishgan shippak, boshiga malla kepka kiyib olgan, chamasi oltmishni urib qo‘ygan serajin bir sobiq o‘qituvchi-mardikorning gapi qulog‘ida qoldi: “Kuniga besh ming bersa bo‘ldi, har kuni hojatxonasini qo‘lim bilan tozalab o‘tirishgayam rozim edim…”
Bu bozorda menga non yo‘q, deb o‘yladi Iskandar Karim. Ijara uyga kelib, kechgacha ko‘kragini zaxga berib yotdi. Boyagi domlaning gapini eslab, o‘z otasi ko‘z oldiga kelib ketdi… Kelajagi haqida o‘yladi. Kelajagi xuddi puli to‘lanmagani uchun chirog‘i o‘chib qolgan ijara uyidek zulmat bo‘lib ko‘rindi. Ammo…
Kumush kunga qo‘nsa, oltin o‘z oyog‘i bilan kelar ekan.
Ertasi kuni tanaffus paytida hech kutilmagan voqea bo‘ldi: necha kundan beri tildan qolgan telefoni jiringladi. Tanish raqam edi.
– Iskandarjon! Yaxshimisiz? – dedi narigi yoqdagi o‘ktam ovoz.
– Assalomu alaykum, ustoz! – dedi Iskandar Karim.
– Sizga yangilik bor, uka. Hozirgina rahbarning o‘zi aytdi: ertadan ishga chiqar ekansiz.
Iskandar Karim hayron bo‘ldi.
– Qanaqasiga, aka? Ishdan bo‘shaganman-ku…
Bo‘lim mudiri obdan tushuntirdi, endi, shunday ishlar ham bo‘lib turadi-da, Iskandar Karimjon, dedi, arizangiz stolida uch-to‘rt kun yotdi, ammo rahbar mardlik qildi, imzo qo‘ymabdi. Yosh kadr, oqibatli, ishchan, halol yigit ekan, deb o‘z og‘zi bilan aytdi.
Bu gaplarni eshitib, Iskandar Karimning dili yorishib ketgani, ozgina g‘ururlanib, bo‘yi bir gaz o‘sgani ham rost. Ammo toptalgandek tuyulgan qadri bu tuyg‘ularni ochiq ko‘rsatishiga mone’lik qilar, jindek bo‘lsa-da, o‘zini taroziga solgisi kelardi.
– Aka, rahmat, lekin… – dedi va jim qoldi. So‘ng qo‘shib qo‘ydi: – Xo‘roz qichqirmasa ham tong otaveradi, aka. Rizqim qiyilgan joyga qaytib borolmayman!
Bo‘lim mudirining ovozi o‘zgardi. Qat’iyat bilan dedi:
– Endi, Iskandar Karimjon, gap bundoq: sizdan o‘tgan xatolik kechirildi. Boshqa odam bo‘lganingizda hech kim chaqirmas edi. Rahbarning o‘zi ishonar ekan sizga. Kelajagi bor deb izzatlab turganida siz bunday demang. O‘tgan ishga salovat dengu orqaga tashlang, tamom! Hali ko‘rasiz, hammasi iziga tushib ketadi.
Bu gapni eshitib, yo‘q degisi kelmadi. Gado arazlasa, to‘rvasiga ziyon.
Xayrlashib, yengil tin oldi.
7
Odatdagi kunlardan birida darsdan so‘ng ishga bordi. Shanba kuni bo‘lgani uchun odam kam.
Tushga yaqin bo‘lim mudiri chaqirib, rahbarning iltimosini aytdi.
– Zudlik bilan mana shuni maydalatib kelsangiz, – dedi qo‘liga yuz dollarni tutqazib.
Iskandar Karim ishxonada eng yosh xodimlardan ediki, bu yerda ham o‘zbekning kichigi bo‘lguncha, deya boshlanuvchi o‘sha mashhur maqol amalda soat millaridek g‘oyatda aniqlik bilan ishlardi. Bunga anchayin o‘rganib qolgan Iskandar Karim kiprik qoqmay rozi bo‘ldi.
– Faqat, – dedi bo‘lim mudiri alohida ta’kid bilan, – buni ko‘chadagi chayqovchi-sarroflardan maydalamang, bank shoxobchasiga boring! Tag‘in muammo bo‘lmasin-a…
– Xo‘p, tushundim, – dedi Iskandar Karim.
Pulni oldiyu qatlab cho‘ntagiga soldi.
Markaziy bozorlardan biri yonidagi mashhur bolalar magazini oldiga yaqinlashar ekan, har qadamda chayqovchi-sarroflarni ko‘rdi. «Dollar olamiz, dollar» deb turardi. Zamonasidan aylanay, chet el pulini bank shoxobchasidan ayriboshlash qonuniy, sarroflar bilan oldi-berdi qilish – noqonuniy. Shoxobchaga yaqin joyda yurgan qo‘riqchilar, formali kishilar dollarchilarni ko‘radi, ammo indamaydi. Har zamonda qandaydir mashinada sirenasini yoqib nazoratchi boshqa formalilar kelib qolsagina, o‘shalarga qo‘shilib dollarchilarni qiyratib quvib qoladi. Mashinalilar ketgach, yana tuya ko‘rdingmi – yo‘q…
Iskandar Karim bunday manzarani ko‘raverib pishib ketgan. Shuning uchun bo‘lim mudiri aytgan gap to‘g‘ri, qonuniy maydalagani tinch.
Aksiga olib, bank shoxobchasi yopiq, darchasiga “Tushlik” deb yozilgan ekan. Iskandar Karim bosh qashlab turgan edi, bir ayol kelib qoldi.
– Yopiq ekanmi? – deya so‘radi u.
– Ha, – dedi Iskandar Karim.
– Tushlik vaqtiyam bo‘p qoldi, ovqatlangani ketishgandir.
– Ha… Shunaqaga o‘xshaydi.
Iskandar Karim ayolga razm solib qaradi. Kun issiq bo‘lishiga qaramay, egniga sariq nimcha ilgan, yuzida danakday xoli bor, jingalak sochlari to‘zg‘igan, horg‘in bir ayol, samimiy chehrasidan o‘ziga to‘q odamlarga o‘xshaydi.
– Dollar olmoqchi edingizmi? – deya so‘radi ayol boyagidek samimiy ohangda.
– Yo‘q, maydalamoqchi edim, – dedi Iskandar Karim. – Bu atrofda yana bormi shunday shoxobcha?
– Bor. Bozorning ichida bor.
Iskandar Karim rahmat aytib, bozor tomon qadam tashlagan edi hamki, ayol yana tilga kirdi:
– Necha dollar edi sizda?
– Yuz…
– Bir ko‘rsam maylimi?
Iskandar Karim pulni olib, ko‘rsatdi. Ayol pulni ushlab ko‘rmoqchi bo‘ldi, shekilli, qo‘l cho‘zdi. Iskandar Karim uzatdi.
Ayol dollarni u yoq – bu yog‘ini aylantirib ko‘rdi. Barmoqlari bilan ishqaladi. Quyoshga tutdi. So‘ng he yo‘q – be yo‘q, pulni ikki-uch qatladiyu shartta ko‘ylagi ko‘kragi — siynabandiga tiqdi!
Iskandar Karim nima bo‘layotganini anglay olmay angrayib qoldi. Ayol pulni tiqishi bilan ortga tisarildiyu keta boshladi. Iskandar Karim taxtaday qotib qolaverdi. Ayol qadamini tezlatib, shitob bilan keta boshlagan edi, Iskandar Karim o‘ziga keldi.
– Opa, nima qilyapsiz? Qayerga ketyapsiz? – dedi baland ovozda.
Ayol qaramadi. Xuddi hech nimani eshitmaganday yo‘rg‘aladi. Gap kanda qilmaganini ko‘rgan Iskandar Karim yugurdi. Shartta yetib olib, yo‘lini to‘sdi.
– Bu nima qilganingiz?! – dedi u. – Pulni bering bu yoqqa!
Ayol uning ko‘zlariga tikilgan ko‘yi:
– Qanaqa pul, uka? – dedi hayron bo‘lib. – Pul yo‘qotdingizmi?
Iskandar Karim battar angrayib qoldi. Nima deyishga hayron, oldida turgan manavi odammi, shaytonning urg‘ochisimi – bilolmay qoldi.
– Yuz dollarimni oldingiz-ku, hozirgina?!
– Qanaqa yuz dollar, uka? Tuhmat qilmang! Bo‘lmasa, tuhmat uchun javob berasiz!
Iskandar Karim unga gap kanda qilmasligini tushundi. Shartta ko‘ylagi yoqasiga qo‘l cho‘zgan edi, ayol dodlab yubordi:
– Nimalar qilyapsan, iflos! Agar teginsang, hozir melisa chaqiraman! Ko‘kraklarimni ushlamoqchi bo‘ldi, tajovuz qildi, deb qamataman!
Vaziyat bunday tus olishini mutlaqo kutmagan Iskandar Karim qo‘lini tortdi. Hozir har qanday xatti-harakati yomon oqibatga olib kelishiga ko‘zi yetib turardi. Agar ayol qiy-chuv ko‘tarib, boshiga odam to‘plasa, Horun ar-Rashid bo‘lsang ham nohaq kimsaga aylanasan-qolasan. Sababi u — ayol. Ayol doim jabrdiyda hisoblangan…
Iskandar Karim butkul chorasiz qoldi. Ayol esa, yana shitob bilan keta boshladi. Iskandar Karim ergashdi. Ayol, chamasi, yigirma qadamcha oldinda borardi. Bir mahal to‘qqiz qavatli uyga tomon qayrildi. Iskandar Karim ko‘zdan qochirmay izidan yuraverdi. Ayol uy oldiga o‘tdi.
Shu mahal telefoni jiringlab qoldi. Qaradi. Laylo!
“Shu mahalda nima deysan, Laylo? Topgan vaqtingni qara…” deya g‘o‘drandi zarda bilan. Qizil tugmani shartta bosdi-da, ayolni ta’qib qilishda davom etdi. Ammo shundoq «dom»ning oldi tomoniga o‘tib qaragan edi, ayoldan nom-nishon yo‘q! Osmonga chiqdimi, yerga kirib ketdimi – g‘oyib bo‘lgan edi.
Iskandar Karim boshini changallab qoldi.
“Seni deb bo‘ldi, Laylo…” dedi ichida.
Yuz dollar-a… Bu pul talaba zotining ikki oylik maishatiga yetadi. Tuxum va makarondan boshqa masalliq ko‘rmagan qozoni go‘shtga to‘lib biqirlab qaynaydi. Mayli, pul topilar. Ammo u oddiy pul emas. Rahbarning puli-ya. U ishxonada ishonib kutib o‘tiribdi. Unga nima deydi? Pulingizni yo‘qotib qo‘ydim, deydimi? Ishonadi-da o‘ziyam. Bir ayolga oldirib qo‘ydim desinmi? Qanaqa latta bolasan, o‘zi? Erkak bo‘lib turib, ayol kishiga narsa oldirib qo‘yasanmi? Bunaqa latta bo‘lgandan ko‘ra o‘l, demaydimi? Deydi! Deganda ham yer bilan bitta qilib gapiradi! Jamoadagilarga aytib yuradi. Hammaga mayna qiladi.
Iskandar Karim o‘ylay-o‘ylay «dom»ning narigi boshida mung‘ayib turgan bir do‘konni ko‘rdi. O‘sha tomon yurarkan, xayollari ming ko‘chaga kirib chiqdi. Endi nima qilishini o‘yladi. Baxtiga, ana, do‘kon bor ekan. Do‘kondordan maslahat so‘raydi. Yaqinlashib kelib qarasa, do‘kon ortida Militsiya tayanch punkti bor ekan! Odamning baxti chopgani shu-da! Iskandar Karim o‘ylab o‘tirmay, punktga kirib bordi.
Eshik ochiq, ichkarida bir serjant jurnalga tikilib o‘tirgan ekan. Iskandar Karimning salomiga alik olar ekan, o‘tiring, deya yonidagi kursini ko‘rsatdi. So‘rashishdi.
– Nima xizmat, uka? – dedi serjant muloyimlik bilan.
Iskandar Karim vaziyatni batafsil tushuntirdi. Serjant boshini sarak-sarak qilib, tingladi. Oxirida:
– Ko‘rinishi qanday ayol edi? – deya so‘radi.
Iskandar Karim kalovlanib qoldi.
– Shu… oddiy ayol. Uzun ham emas, kalta ham. Oriq ham emas, semiz ham. Oq ham emas, qora ham… – dedi.
Serjant kuldi:
– Shunaqasiyam bo‘larkanmi?
– Aka, to‘g‘risini aytaman, tashqi ko‘rinishi esimda qolmadi.
Serjant jiddiy tortdi.
– Ko‘rsangiz taniy olasizmi? – deya so‘radi.
– Ha… Yuzida no‘xatday xoli bor edi.
Serjant diqqat qilgancha, so‘radi:
– Sochi chingalakmidi?
– Ha… Lo‘li ayollarga o‘xshab ketadi…
– Tushunarli, – dedi serjant xotirjamlik bilan. — Yuring orqamdan.
Ular birin-ketin chiqishdi. Iskandar Karim serjantga ergashdi.
Serjant o‘sha “dom”ning birinchi pod’ezdi oldida oyoq ildi va:
– Siz shu yerda kutib turing, – dedi.
Iskandar Karim bosh irg‘adi. Serjant bamisoli najot farishtasi bo‘lib ko‘rindi. Agar u yordam bera olsa, Iskandar Karimni ko‘p narsadan asrab qoladi. Rahbarning oldida landavur bo‘lishdek yoqimsiz, er yigit uchun haqoratli ahvoldan qutulishning yagona yo‘li serjantning o‘sha ayolni topib, pulni qaytarib olib berishi.
Bir choy qaynagulik vaqtda uy yo‘lagida serjant ko‘rindi.
– Qarang-chi bir? – dedi u miyig‘ida kulib.
Iskandar Karim ne ko‘z bilan ko‘rsinki, serjantning ortidan ikki ayol chiqib kelyapti. E’tibor bersa, ikkisi ham bir xil. Xuddi egizak deysiz. Yo‘q, egizaklarda ham qandaydir farqli belgilar bo‘ladi: birovi novcharoq, birovi bo‘yi pastroq, qaysisidir semizroq, boshqasi oriqroq bo‘ladi. Bu ikkovining bo‘y-bastiyam, qad-qomatiyam bir xil! Ikkovining ham yuzida bir xil joyda xol bor. Hatto kiyib olgan kiyimlarini ham ajratib bo‘lmaydi.
– Xo‘sh, ukam, shulardan qaysi biri oldi pulingizni? – deya so‘radi serjant.
Iskandar Karim kutilmagan bu holdan dovdirab qoldi. Ayollar xuddi hech nima bo‘lmaganday xotirjam turgani bilan ikkisi ham Iskandar Karimning ko‘zlariga nafrat bilan, yeb qo‘ygudek tikilardi.
– Menimcha, bunisi, – dedi Iskandar Karim ikkilangancha, o‘ng tomonda turgan ayolni ko‘rsatib.
– Hoy, iflos!!! Nimalar deyapsan?! – deya shang‘illab ketdi o‘sha ayol. – Man gadoymanmi pulingni olib?!
– Tinch tur! – deya jerkidi serjant. – Senga gapir demadim hali.
Ayolning darrov uni o‘chdi.
– Uka, yaxshilab qarang. Balki bunisidir? – dedi serjant chapdagi ayolni ko‘rsatib. Iskandar Karimning ikkilanishi yanayam kuchaydi.
– Buyam o‘xshaydi, – dedi tutilib. – Ha, aniq shunisi bo‘lishi kerak.
Serjant yana kuldi.
– Bittasini aniq ayting.
Iskandar Karim qat’iy ishonch bilan chapdagi ayolga to‘xtaldi.
Serjant ayolga:
– Pulni tezda qaytarib ber! – dedi.
Boyadan beri jim turgan ayol:
– San haromi kimga tuhmat qilyapsan! – deya o‘shqirdi. Iskandar Karimning yuragi tovoniga tushib ketdi. Nima deyishni bilmay qoldi.
– Shang‘illama! – dedi serjant. – Agar pulini qaytarmasang, hozir olib borib yana tiqaman! To‘rt sutkaga ketasan!
Ayol hovuridan darrov tusha qoldi. Baqraygan ko‘zlarini olib qochdi. Ko‘kragiga qo‘l yuborib, siynabandidan g‘ijimlangan pulni oldi-da, battar g‘ijimlab-ezib Iskandar Karimning yuziga qarab shundoq otdiki, go‘yo u pul emas, naq kesakdek kelib zarb bilan tegdi.
– Birovning haqi ming joyingdan teshib chiqsin! Bu senga harom! – dedi ayol yana shang‘illab.
Iskandar Karim uning gaplariga pinak ham buzmadi, qaytanga tanga topgan tektakday quvonib ketdi va yerdan pulni olib, g‘ijimlarini tekislagancha, cho‘ntagiga soldi.
Ayollar haqoratlamagan so‘z qolmadi. Shang‘illay-shang‘illay ichkari kirib ketishdi. Iskandar Karim umrida birinchi bor odamzodning bunchalik turlanishini ko‘rib turishi edi. Bu makkorlarning oldida buqalamun ham ip esholmasligiga iymon keltirdi.
“Ha, mayli-da, – dedi ichida. – Gaplari o‘zlariga! Ko‘lmak suvga – sassiq alaf”
Qilvirlardan qutulganiga, pulni qaytarib ololganiga ichida ming shukr dedi. Serjantga qayta-qayta rahmat aytdi. Ketayotib:
– Nega bularga chora ko‘rmay, indamadingiz? – deya so‘radi.
Serjant jilmaydi:
– Uka, bularni qo‘liga kishan solib ham necha marta olib borganmiz. Sudga ham oshirganmiz. Ammo ular qamalmaydi.
– Nega?
– Chunki ularning pasportiyam, fuqaroligiyam yo‘q…
Iskandar Karim ajablandi.
– O‘zi ular kim?
– Millatining tayini yo‘q. Qayoqlardandir kelib qolishgan. Tirikchiligi chayqovchilik, o‘g‘rilik, tilanchilik, shantaj….
Iskandar Karim hammasini tushungandek, bosh irg‘ab qo‘ydi. Quyuq rahmat aytib, dollarni maydalagani bozor ichidagi shoxobcha tomon shitob bilan keta boshladi.
Serjant unga qarab yana miyig‘ida kulib qoldi.
…Ishxonaga qaytib kelganida bo‘lim mudiri nega buncha kechikdingiz, deb so‘raganida tushlik tugab, shoxobcha ochilishini kutdim, deya javob berdi. Bo‘lim boshlig‘i ishondimi-ishonmadimi – bu yog‘i xudoga ayon…
Ammo… Laylo ishonmadi. Va’dasiga “bevafo” Iskandar Karim vaziyatni tushuntirishga qancha harakat qilmasin, eshitishni istamadi. Faqat telefonda aytgan birgina gapi: “Meni operatsiyaga olib kirib ketishyapti. Kelaman deb kelmadingiz…” degan o‘kinishi qulog‘ida qoldi, xolos.
Iskandar Karimni tok urganday uzilgan telefonni qulog‘idan olmasdan ancha vaqt tutib turdi. So‘ng esini yig‘ib, shifoxona tomon o‘qdek uchdi.
8
Taksi neyroxirurgiyaga ixtisoslashgan bir shifoxona oldida to‘xtadi. Iskandar Karim otilib tushdi. Laylo yotgan palatani topdi. Ammo palatada begonalar bor edi. Iskandar Karim taxmin qildiki, bular Layloning yaqinlari. O‘zini sezdirmaslik uchun yo‘lakdan bir-ikki o‘tib-qaytdi, har o‘tganda zimdan e’tibor berdi: Laylo yo‘q. Gapi rost ekan-da. Lekin uni nega operatsiya qilishadi? Tuzalib qolgan edi-ku. Shunchalik jiddiymikan? Agar anavi shallaqi chayqovchi ayolni ta’qib qilayotganida qo‘ng‘irog‘ini javob berib, odamga o‘xshab gaplashganida bilib olardi-da. Balki Laylo o‘sha paytda juda muhim biror gap aytmoqchi bo‘lgandir. Eh, nodon, endi tushunding, Laylo nimadir jiddiy gapi bo‘lmasa, senga nega qo‘ng‘iroq qilsin…
Savollar qurshovida qolgan Iskandar Karim navbatchi hamshiralardan biriga duchor bo‘ldi. Surishtirdi. Bildiki, avtohalokat natijasida Layloning lat yegan miyasida o‘zgarish paydo bo‘libdi. Kichikroq, biroq murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazmasa, oqibati yomon bo‘lishi mumkin ekan.
– Bu… murakkabmi juda? – deya so‘radi Iskandar Karim xavotirga tushib.
Hamshira uning ko‘zlariga tikildi.
– Kichik bo‘lsayam, ancha murakkab. Xavfli desayam bo‘ladi. Ammo jarrohlarimiz kuchli, tajribali. Bundan ham murakkab amaliyotlarning ko‘pini qilishgan. Xavotir olmang! – dedi.
“Xayriyat” dedi ichida Iskandar Karim. Ammo baribir ko‘ngli g‘ash tortdi. Hozirgi zamon do‘xtirlariga unchalik ham ishongisi kelmasdi. Bunga o‘tgan yili yuz bergan bir voqea sabab bo‘lgan edi.
O‘shanda avtobusdan tushib, ijara uyiga endiga yetay deganida qo‘shni ayollardan biri yugurib chiqib, dod solib yordam so‘ragan. Iskandar Karim oyog‘ini qo‘liga olib, uning qoshiga yugurib borgandi.
– Kennayi, nima bo‘ldi? Tinchmi?
– Bolam, – deya yig‘lab yubordi qo‘shni ayol.
– Nima qildi?
– Uksus ichib qo‘yibdi! – deya dod soldi ayol. – Iltimos, tez banisaga oboraylik! Yordam bering! Moshina haydashni bilasizmi?
Iskandar Karim sirka ichib o‘lgan odamlar haqida ko‘p eshitgan emasmi, o‘takasi yorilay degancha, ayoldan kalitni oldi va u ko‘rsatgan mashina eshigini ochdi. So‘ng ayolning izidan yugurib tepaga chiqdi, og‘zi-burni ko‘pirib, kuyib borayotgan, ko‘zlari ola-ko‘la bo‘lib, o‘zini bilmay yotgan chamasi o‘n yoshlardagi bolakayni ko‘tarib chiqdi. Orqa o‘rindiqqa yotqizdi. Ayol tinimsiz dodlardi.
– Jon, uka, iltimos, tezroq haydang!
Iskandar Karim gaz tepkisini chunonam bosdiki, mashina samolyotdek ovoz chiqardi, ortidan chang ko‘tarilib, shiddat bilan yo‘lga tushib ketdi. U mashina halokat chirog‘ini yoqib olgan, svetafor chiroqlariga ham to‘xtamay borardi. Tinimsiz signal chalar, boshqa mashinalar haydovchilari vaziyatni tushunib, peshma-pesh yo‘l berardi.
Ammo shoshilinch shifoxonaga, ahli shahar tilida «odamlar qassobxonasi» degan noxush ta’rif bilan ataluvchi shifoxonaga yetishiga ozroq qolganida kutilmagan hol ro‘y berdi. Qizil chiroq yonganida chorrahaga kirib kelgan Iskandar Karim gaz tepkisini yanada qattiq bosar ekan, chap tarafdan xuddi o‘zidek shoshilinch kelayotgan boshqa bir mashina bilan to‘qnashib ketayozdi. Bir soniya! Atigi bir soniya kechikkanida muqarrar to‘qnashuv bo‘lar, xudo ko‘rsatmasin-u, ehtimol, sirka ichib, jon talashayotgan go‘dak shifoxonaga yetmasdan uning aybi bilan nobud bo‘larmidi… Xayriyatki, O‘zi saqladi.
Vahimali signal chalib, birpasda shifoxonaga kirib borishdi. Do‘xtirlar zudlik bilan bolakayga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgani palataga olib kirib ketishdi. Bechora ona betinim yig‘lar, do‘xtirlarga bolamning jonini saqlab qoling, deya yolvorar edi. Iskandar Karim o‘pkasini bosib olgancha, uni bir chetda kuzatib turardi.
Shifokorlardan biri ayolni so‘roqqa tutdi: bolaga nima bo‘ldi, nima ichdi, qancha ichdi, nega ichdi… Ayol hiqillamoqni qo‘ymas, ko‘zidan yosh arimas, azbaroyi qo‘rqib ketganidanmi, gaplari telba-teskari chiqar, shifokor o‘zi uning gaplarini o‘nglab, daftarga bir nimalarni yozib oldi. So‘ng Iskandar Karimni ko‘rsatib, kim bu kishi, deya so‘radi.
– Qo‘shnimiz, – dedi ayol. – Xo‘jayinim uyda yo‘q edi, shoshilinchda shu kishidan yordam so‘radim. Xudo yetkazdi u kishini…
Iskandar Karim ichida mamnun bo‘ldi. Umrida birinchi marta katta tavakkal qildi, hech nimani o‘ylamay, kimgadir yordam berishga shoshildi.
Do‘xtirning savol-javob tugadi, palatadan chiqqan shifokorlar bola omon qolganini aytishdi. Ayol yelkasidan nafas oldi.
Iskandar Karim bir necha kun o‘tgach, yana o‘sha qo‘shni ayolni ko‘rib qoldi. Yurak yutib, bolakayning ahvoli haqida so‘radi. Ayol ayanchli ahvolda edi, kirtayib ketgan ko‘zlarini yerga tikdi. Ko‘zidan g‘ilt-g‘ilt yosh tomdi.
– Kulfat qo‘sh keladi, deb bekorga aytishmagan ekan, – dedi ingichka barmog‘i bilan yoshini artar ekan. – Bolamni o‘ziga keltirishdi. Yaxshi qarashishdi. Xursand bo‘ldik. Ammo hamma ko‘rgilik keyin sodir bo‘ldi. Bolam palatada yotgandi, men unga magazindan qatiq olib kelgani tashqariga chiqib ketgan edim.
Qaytib kirsam, bolam yo‘q! Esxonam chiqib ketdi. Navbatchi hamshiralardan so‘rasam, operatsiya qilgani olib ketishibdi. Jon-ponim chiqib ketdi. Operatsiya zaliga borsam, rostan ham bolam o‘sha yerda. Darrov operatsiya qilib tashlashibdi. Dod soldim. Nega bunday qilishganini so‘rab, to‘polon ko‘tardim. Keyin bari ma’lum bo‘ldi. Do‘xtirlar aytishicha, bolamning ism-familiyasi bilan bir xil bo‘lgan boshqa bir bolaning ko‘richagini operatsiya qilishlari kerak ekan. Adashib, mening bolamni olib kirib berishibdi… Tomoqlari kuyib ketgan bolaginamning qornini yorib, ko‘richagina ochib ko‘rishibdi. Soppa-sog‘lom ekan-ku, deb yana qaytadan tikib qo‘yishibdi.
Alamdan yondim. Dunyoni boshimga ko‘tardim. Hamma do‘xtir yalindi. Bolangizga o‘zimiz, o‘z hisobimizdan qaraymiz, oyoqqa turg‘izib yuboramiz, faqat hech qayerga shikoyat qilmang, deya yalinib-yolvorishdi. Achchiq ustida sudga beraman degandim-da. Xullas, bo‘lar ish bo‘lgan edi. Do‘xtirlar tushuntirishicha, bunday holatda bolamning omon qolganining o‘zi bir mo‘jiza edi. Bolaginamning joni haqi-hurmati o‘zimni tiydim. Aniqrog‘i… bulardan har narsani kutsa bo‘ladi, deb qo‘rqdim ham…
Iskandar Karim o‘sha voqeani eslar ekan, xayolidan Layloni ham adashib olib kirib ketishmadimikan, degan o‘y o‘tdi. Ammo unday bo‘lmaganiga ishonchi komil edi. Sababi, bu shifoxona qo‘shni bolakayni olib borgan ho‘v o‘sha “odamlar qassobxonasi” emas. Qolaversa, Laylo go‘dak emaski, qayerga olib ketyapsizlar, nega jarrohlik amaliyotini qilasizlar, deb so‘ray olmasa.
Shuni o‘ylab, Iskandar Karim xotirjam tortdi.
Shifoxonaning kunchiqarga qaragan derazasi yoniga kelib, xayolga cho‘mdi.
Hovlida bemorlar, ularning yaqinlari – xastayu sog‘lar o‘tib-qaytib turibdi.
Ana, yo‘l yoqasida bir ayol erkak kishini, chamasi, erini qo‘lidan tutib kelyapti. Bechora, sirtdan soppa-sog‘, to‘rt muchasi salomat odamga o‘xshab ko‘rinadi. Ammo miyadagi og‘riqni hech kim tasavvur qilolmasa kerak. Tik oyoqda yurganiga shukr qilsa bo‘lar. Iskandar Karim shu odamning o‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘rdi. Tasavvurida hozir shu erkak qiyofasiga kira qoldi. Ana, qo‘lidan boyagi ayol emas, qirchillama yoshga yetgan Laylo tutib olgan. His qildiki, Laylo qo‘lini mahkam ushlagancha, mehr tafti bilan oldinga boshlamoqda. Qo‘rqmang, Iskandar aka, hali hammasi yaxshi bo‘p ketadi, mana ko‘rasiz, tuzalasiz. Hali ko‘p yillar birga yashaymiz. Bolalarimizni katta qilamiz, deyapti.
So‘lg‘in yuzidagi terni artar ekan, Iskandar Karim ham bu gapni umid bilan eshityapti. Layloning taskinidan ko‘ngli ko‘tariladi. Kul va g‘ubor bosgan orzularini Layloning shirin taskin so‘zlari mahak toshi kabi tozalab o‘tadi. Shirin orzulariga yetishish istagi yana cho‘g‘ oladi.
“Yaxshiyam, baxtimga sen yonimda borsan, Laylo” deya xayolidan kechiradi. Ammo tiliga chiqarmaydi. Ayoli oldida ojizligini ko‘rsatib, yengilishni istamaydi. Shu taxlit qadamini sekinlatadi. Borib-borib, to‘xtab qoladi. Laylo, nima bo‘ldi, deganday ortga burilib qaraydi.
“Yuring, dadasi”, – deydi. – Nega to‘xtadingiz?»
Iskandar Karim gapirgisi kelmaydi. To‘lib turgan yuragini bo‘shatgisi, panaga o‘tib, bu ahvolga tushib qolganidan xudoga tavallo qilgancha to‘yib-to‘yib yig‘lagisi keladi. Ko‘zlari miltillaydi.
Bu hol Layloni sergaklantiradi.
“Yura qoling, dadasi, ozgina qoldi. Kiraylik, nasib qilsa, pulni topamiz. Men tillalarimni sotaman kerak bo‘lsa… Ammo operatsiya qildiramiz. Qo‘rqmang!” deydi.
Iskandar Karimning ko‘zlari endi g‘iltillaydi.
“Hoy, dadasi, bo‘la qoling…”
Iskandar Karim qotib turaveradi.
“Hoy, yaxshi yigit?” deydi Laylo endi gulgun yashnab, jilmayib boqar ekan.
Iskandar Karim tek qotadi.
“Hoy yigit, dedim” deydi Laylo va yelkasidan turtadi.
Shunda Iskandar Karim o‘ziga keladi. Xayollarini jamlab, yonginasida ham jilmayib, ham ajablanib qarab turgan boyagi hamshirani ko‘radi.
– Nega buncha xayol surasiz, yigitcha? – dedi hamshira kulib.
Iskandar Karim qizarib ketdi.
– Uzr, opa, uzr. Charchabman, gapingizni eshitmabman…
– Ha, mayli, bo‘p turadi, – dedi hamshira. – Siz so‘ragan qiz jarrohlik stolida ekan. Ahvoli yaxshi deyishyapti. Shuni aytay degandim.
Iskandar Karim suyunib ketdi.
– Xudoga shukr, rahmat! – dedi.
– Siz kimi bo‘lasiz? – deya so‘radi hamshira.
Iskandar Karim kutilmagan savolga nima javob aytishni bilmay kalovlanib qoldi. Bexosdan:
– Hamkasbim bo‘ladi… – deb yubordi.
Hamshira ishonqiramadi.
– U qiz hali student ekan-ku? – dedi va Iskandar Karimni qiynamay dedimi, ishqilib: – Tushunarli, baxtli bo‘linglar, iloyim, – dedi sirli jilmayib.
Iskandar Karim duvva qizarib ketdi.
“Ayollar bunaqa narsalarni qanday qilib tez bila qolar ekan-a…”
Nima qilarini bilmay turdi. Ishqilib, Layloning ota-onasi sezib qolishmasin. Bilishsa, o‘z boshiga olamjahon baloni sotib olgani shu bo‘ladi. Kim bu, nega seni so‘rab keladi, sen qirchang‘i o‘qiyman deb yigitlar bilan gaplashib yuribsanmi, deya xasta qizini tergashi, kerak bo‘lsa, hammaning ko‘z o‘ngida ta’zirini berishi mumkin. Laylo ularning qanchalik qattiqqo‘l va beshafqat ekanini ko‘p bor aytib bergan. O‘z jigarporasiga rahmi kelmagan ota-ona Iskandar Karimni ayab o‘tirarmidi.
Qolaversa, hamshiralarning “sotib” qo‘yishidan qo‘rqqan Iskandar Karim Layloga cheksiz ko‘ngil izhorlarining ramzi bo‘lmish shifo va sihatlik tiladiyu sekingina juftakni rostlab qolmoqni afzal bildi.
9
Kun ilib, quyoshning mayin nurlari deraza pardasidan ohista tushib turgan mahal ko‘zini ochgan Laylo palatada o‘zidan boshqa hech kim yo‘qligini ko‘rdi.
Bugun choshgohgacha uxlaganiga hayron bo‘ldi. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng necha kun o‘tdiki, tiniqib uxlay olmagan edi. Boshidagi simillagan og‘riqlar kamlik qilganday, yuragi mudom bezovta urar, halovat topishiga nimadir yetishmayotganday tuyulaverardi.
Shiftga qarab o‘ylab yotdiki, darsga bormaganiga ham ancha kun bo‘lib ketdi. Kursdosh qizlarni ham sog‘indi. To‘g‘ri, ular xabar olishdi, yonida birpas chah-chahlashib o‘tirishdi, kim kim bilan gaplashyapti, kimga qaysi yigit gap otyapti – bariginasi haqida g‘iybat qilib ketishdi. Ayniqsa, dugonasi Baxtigulning gapi hiyla o‘ylantirib qo‘ydi. Emishki, narigi guruhdagi bir qiz Iskandar Karimga konspekt yozib beribdi…
Laylo garchi dugonalariga sezdirmaslikka qanchalik urinsa ham jahli chiqqanini yashira olmadi. Tishini g‘ichirlatib qayradi.
“Yigitlarda asli o‘zi subut bo‘lmas ekan…” dedi ichida. Va yana o‘yladiki, e, to‘xta, Laylo, senga nima?! Konspektini yozib bersa, yozib beraversin! Necha tiyinlik ishing bor u bilan? Iskandar Karim kim bo‘pti? Qachondan beri u sening yaqining bo‘la qoldi? Nima balo, uni… rashk qilyapsanmi? Sen-a? Otang bilib qolsa, tiriklayin go‘rga tiqadi-ku! Otangning niyatini eshitgan eding-ku! Sen hali beshikdaligingda payting qo‘shni qishloqlik do‘stining o‘g‘liga atab qo‘ygan… O‘z ajaling bilan o‘ynashma.
Laylo bunday o‘tkinchi gaplarni o‘ylamaslikka tirishdi. Hozir eng muhim narsa – sog‘lig‘i. Iskandar Karimdaylarni har kuni, har qadamda topsa bo‘lar, ammo putur yetgan sog‘liq qaytib kelmaydi. Mana, necha kunki, o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi. Buni Iskandar degani bilarmidi? Afsuski, yo‘q. Bilsa, jilla qursa, xabar olgani bir bor bo‘lsa-da kelardi.
“Yigitlarda asli o‘zi oqibat ham bo‘lmas ekan…” dedi ichida.
Shu mahal eshik taqilladiyu qo‘lida tibbiy lash-lushlarini ko‘targancha hamshira kirib keldi.
– Hoshimova, tuzukmisiz? – dedi shirinsuxanlik bilan jilmayib.
– Ancha yaxshiman, – dedi Laylo. – Keling.
– Sizga rosa havasim keldi-da.
– Nega?
– Voy, o‘lmasam, hali ochib ham ko‘rmadingizmi?
Laylo hayron bo‘ldi.
– Nimani? – dedi hech narsaga tushunmasdan.
Hamshira kumush tishlarini ko‘rsatib yayrab kuldi.
– Ana, tumbaning ustida turibdi-ku! Nega qaramadingiz?
Laylo endi e’tibor berdi: sal uzoqroqda turgan yana bir tumba ustida yelimxalta, yonida esa qog‘ozga o‘rog‘lik nimarsa turibdi.
Shoshib qolgan Laylo uzalib, yelimxaltani oldi. Ichida yegulik, meva-cheva bor ekan. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, bandi kalta kuzalgan uch dona nastarin ham turardi!
Layloning quvonchdan ko‘zlari porlab ketdi. Oxirgi marta qachon ko‘ngliga bundayin kutilmagan quvonch kelganini eslay olmaydi. Bir zumda yettinchi osmonga chiqib ketdi!
Bu mahal hamshira qilt etmay uni kuzatar, hislarini yashirolmay, Layloga qanchalik havasi kelayotganini oshkora bildirib turardi.
Gulga o‘zgacha mehr bilan tikilib, dam-badam hidlab ko‘rar ekan, Layloning gulgun yuzlari oftobday tovlanar edi.
Onasiga ming rahmat! Ko‘nglini juda yaxshi tushunadi-da. Kecha oqshom uyiga borib kelishini aytib, nima xohlaysan, qizim, ayt, olib kelaman, degandi. Onasini qiynamaslik uchun hech nima kerak emas, dedi. Ona-da! Baribir qizining nastarinni sevishini, uni bolaligidan xush ko‘rishini biladi. Xasta ko‘ngli ko‘tarilib, tezroq sog‘aysin degan-da.
– Onaginam ovora bo‘libdi-da! – dedi Laylo.
Hamshira qo‘lidagi dorilarni boshqa tumba ustiga qo‘yib, ukol tayyorlay turib kuldi:
– Ovora bo‘lgan onangiz emas-ku!
Laylo savol nazari bilan qaradi:
– U nima deganingiz?
– Bularni onangiz emas, boshqa odam berib ketdi.
Layloning juftlagan labi chuchchaygancha qoldi.
– Dadammi?
– Yo‘q, – dedi hamshira gapiga sirli tus berib va ko‘zini qisganicha dedi: – bir yigit…
Laylo tusmolladiki, kimdir adashgan.
– Hech ham adashgani yo‘q, – dedi hamshira. – U yigit tashlab ketayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. U payt siz ukol olib bo‘lib, uxlab yotgan edingiz.
– Bo‘lmagan gap, – dedi Laylo ishonmay.
– Rost.
– Mening unaqa gul tashlab ketadigan birorta yaqin tanishim yo‘q axir. Yigitlardan-ku, umuman yo‘q.
Hamshira mehribonlik bilan Layloning yengini baland shimarib ko‘targancha, tomirini paypasladi. Rezina tasma bilan bog‘lab, shishgan tomiri ustiga spirtlangan paxta bilan asta-sekin arta boshladi. Xotirjam holda:
– Bor, aynanay, bor ekan! – dedi.
– Hecham-da, – dedi Laylo battar qiziqsinib. Hamshira gapni cho‘zib, yuragini qizdirmoqchi ekanligi yaqqol sezilar va buni bilgan Laylo imkon qadar o‘zini beparvo tutishga harakat qilayotgan edi.
– Kursdoshingiz ekan, – dedi hamshira va ko‘zlariga qaradi. – Ismini Istammidi yo Ibrohim dedimi-e…
– Iskandar!.. – deb yubordi Laylo bexosdan.
Hamshira kuldi:
– Xuddi o‘zi! Ana shu Iskandar degan yigit. Bir keldi, siz operatsiya bo‘layotgan edingiz, ko‘rolmasdan ketdi. Men navbatchi edim o‘sha kuniyam. Keyin boya tongda keldi. Uxlayotgan edingiz. «Uyg‘otmang, opa, holdan toygan, dam olaversin, ko‘rdim, shu yetadi» dedi.
Laylo hamshiraning qo‘lidan ushladi va:
– Jon opa, iltimos, uning kelganini uydagilarim eshitmasin! – dedi yalinib.
– Hech xavotir olmang, aynanay, – dedi hamshira. – U yigit ham birinchi kelganidayoq shunday deb aytuvdi. Va’da berdim. Shuning uchun faqat men navbatchi bo‘lgan kunlarim kelyapti, shovvoz…
Laylo qo‘liga sanchilgan ninani sezmadi ham. Yurak urishlari tezlashgan, badani qizib, vujudida anglab bo‘lmas bir hayajon hokimlik qilar ediki, bunday chog‘larda nina tugul, yuragiga pichoq sanchsang ham sezilmaydi…
Tomchi ukol tomiriga singisha boshlar ekan, Laylo ichida: «Yigitlar bag‘ritosh bo‘lmas ekan-ku…» deya pichirladi.
10
Necha kundirki, Baxtigulning butun borlig‘ini tushkunlik va umidsizlik egallab boryapti. Go‘yo, hayotidan rang ketyapti. Hamma shodon, birgina u mahzun. Negaligini uncha ham tushunmaydi, to‘rt muchasi sog‘, o‘qishi joyida, binoyidek yashayapti. Ammo… ko‘ngli bezovta. O‘tgan yakshanba rahmatli onasi tushiga kirganidan beri xotirjamligi yo‘qolgan. O‘yladiki, bu bejiz emas… Onalar bekorga tushga kirmaydi. Ruhi orom topmadimikan?
Eh, Baxtigul, balki sening va singlingning taqdiridan tashvishdadir onaizoring arvohi? Otang-ku, senlarga mehribon ko‘ringani bilan, o‘zidan ortmaydi. Balki, necha yillab to‘shakka mixlanib yotgan onangdan qutulganiga… shukr qilayotgandir. Axir o‘z tili bilan “Bechora ortiq qiynalmaydigan bo‘ldi”, dedi-ku… Erkaklarga oson, ayoli dunyodan ketgach, shartta uylanib oladi, hayoti davom etaveradi. Balki shuni kutib yashaydiganlariyam oz emasdir. Mana, o‘z otasi misol. Onasining qirqi chiqmasdan bir begona ayol bilan telefonda miyovlashib, chah-chahlashib o‘tirganini eshitib qoldi…
Hech qachon otasidan bunday qiliqni kutmagan, u haqida bunday yomon o‘y-xayollarga boraman deb o‘ylamagan edi.
Shundan beri otasidan ko‘ngli qolganday bo‘ldi. Yuz-ko‘ziga qaragisi yo‘q.
Dard ustiga chipqon deganday, singlisining ham bod kasali qo‘zib, oyog‘idan oldi. Xasta joni bilan har kuni uyda yolg‘iz qolyapti.
Baxtigul o‘yladiki, bularning bari bir sinovdir. Ana, dedi, sinovlar kimlarning boshiga tushmayapti. Chin dugonam Laylo ham to‘shakda yotibdi. Kim o‘ylovdi deysiz bunday bo‘lishini. Bechora meni deb shu falokatga yo‘liqdi…
Boyaqishning omadi bor ekan, u haqda qayg‘uradiganlar juda ko‘p. Masalan, ana, Iskandar. Laylo shifoxonaga tushgandan beri o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi. Bir joyda xotirjam o‘tirolmay qoldi. Ularning orasida shunchaki salom-alikdan boshlangan munosabatlar qanday qilib iliqlasha boshlaganini hech kim bilmasayam, men sezganman. Axir buni Iskandarning ko‘zlari doim sotib qo‘yadi. Layloning bir og‘iz bo‘lsayam gapirishini, biror narsa so‘rashini ilhaq bo‘lib kutib turadi. Nima so‘rasa yo‘q demay, qilgisi keladi. Boshqa qizlar yoki men nimanidir iltimos qilib ko‘ray-chi… Yo‘q, boshqacha bo‘ladi: nimanidir bahona qiladi yoki uzil-kesil qila olmasligini aytadi. Layloga esa, har vaqt imkon topiladi. Shundan ham sezmaydigan anoyi-g‘o‘r emasman-ku…
Laylo omadi chopgan qiz-da. Shundoq yigitning mehri tushgan. Yigit ham boshqalardek emas, Laylodan o‘zgasiga qiyo boqmaydi. Bundaylar anqoning urug‘i bo‘lmasayam, har holda, uncha ko‘p emas. Agar Laylo dugonam bo‘lmaganida…
Sen biram baxtlisanki… Ota-otang bor, o‘ziga to‘q oiladansan. Tinch-totuv yashaysizlar. Kaming yo‘q. Kelajaging ham aniq: ko‘z oldingda bo‘lg‘usi umr yo‘ldoshing yaralyapti.
Sen unchalik tuyg‘ularingni yashiraverma. Baribir bilaman, ich-ichimdan sezaman. O‘sha kuni seni ko‘rgani shifoxonaga borganimizda bir kursdosh qizning konspekt yozib berganini bekorga aytmadim. Shu gapni aytayotib, ko‘zlaringga qaradim, dugonajon, sen ming yashirganing bilan ko‘zlaring oshkor qilib qo‘yadi. Gapimni eshitishing bilan nigohlaringdan sezdim buni. Sen Iskandarni qizg‘onding. Aslida nafaqat sen qizg‘onding, balki mening ham ozroq g‘ashim keldi, dugonajon… Balki buning u qizga mutlaqo ahamiyati yo‘qdir, u sirayam o‘ylamagandir. Lekin baribir hammasi shunday mayda ishlardan boshlanadi-da… Shuning uchun mahkam bo‘lishing kerak.
To‘xta, nimalar deyapman. Nuqul birovlar haqida qayg‘uraveraman-a… Oqibatini o‘ylamayman. Har to‘kisda bir ayb bor.
Ana, o‘sha mazam qochib, yiqilib tushgan kunim sen qo‘rqib ketding. Dugonalarim ichida birgina sen chindan xavotirlanding. Shuning uchun seni yaxshi ko‘raman-da, dugonajon.
Ammo o‘shanda ham men o‘zimni o‘ylaganim yo‘q, bilsang… Bu haqida hali payti kelib o‘zingga aytib berarman. O‘sha kuni men o‘zimni atay hushdan ketganday tutganimni, eng yaqin dugonam sifatida meni kuzatib qo‘yishingni bilganimni, bir nafas oldin eshikdan mo‘ralab turganini ko‘rganim Iskandar ham birga borishini va… ikkoving ko‘proq vaqt yuzma-yuz bo‘lib, suhbatlashib olishlaringga sharoit yaratish uchun qilganimni aytib beraman. Chunki, sizlar besabab yolg‘iz suhbatlashib turish qanchalik qiyin ekanligini yaxshi bilardinglar, ortiqcha gap-so‘zlardan qo‘rqib, qochardinglar. Buni o‘zing ham menga ko‘p aytib bergansan-ku… Izimdan ergashib yuribdi, hatto oshxonadayam burnim ostidan chiqyapti, unga aytdim, birov sezib qolsa, gap qilsa, otam meni o‘ldiradi, dedim, deb aytding. Boyaqish Iskandar ham sen bilan ikki og‘iz xoli gaplashish uchun ne ko‘ylarga tushayotganini sezmay o‘libmanmi… Barini bilaman…
Shunday gaplar endi, dugonajon. Men hushdan ketadigan qiz emasman.
Eng muhimi, sen endi tezroq tuzalib qayt. O‘zimni biram yolg‘iz his qilyapmanki, asti qo‘yaverasan. Manavi jiblajibon kursdosh qizlarning birortasi sendek ko‘ngilga yaqin emas. Bari kibrli. Bariginasining burni osmonda. Bo‘yanishu o‘ziga oro berishdan o‘zga tashvishi yo‘q. Hayotni bilmaydi-da. Hali oldida qanday kelajak payt poylab turganini xayollarigayam keltirmaydi.
Aksiga olib, bugun negadir Iskandar ham darsga kelmadi. Kelsa, u bilan ozroq gaplashsam, ichim yorisharmidi…
Kursdoshlari o‘rnidan turib, auditoriyaga kirib kelgan o‘qituvchiga varanglatib bab-baravar salom berganida Baxtigulning xayollari tarqab ketdi. O‘ylayverib, ichida o‘zi bilan o‘zi gaplashaverib, parishonligi ortgan, qayerda o‘tirganini butkul unutgan edi.
“Xayriyat, – dedi o‘ziga o‘zi, – hech kim eshitmabdi…”
11
Agar o‘sha oqshom notanish, ko‘rinmas raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lib, bir qiz noz-ishva bilan “Sizda juda muhim ishim bor edi, yordam bermoqchiman” demaganida Iskandar Karim bu ahvolga tushmas edi.
– Kimsiz, ayting? – deya qayta-qayta so‘radi Iskandar Karim undan.
– Siz avval men aytgan joyga keling, o‘zingiz tanib olasiz, – dedi u.
Iskandar Karim avvaliga parvo qilmadi. Kimdir hazillashib, laqillatyapti, deya o‘yladi. So‘ng qizning yordam berish taklifi bejiz emasdir deya xayol ham qildi. Nima bo‘lgandayam, uning ishlari pachava bo‘lib, qiynalib, bir so‘mga zoriqib yurganidan xabardor qizga o‘xshaydi. Ammo shuncha so‘rasayam kimligini aytmayotgani ko‘ngliga shubha oralataverdi. Qiz boshi bilan nimayam yordam qila olardi? Ishini hal qilib beradimi? Yo puldan qarashadimi? Ijara haqini to‘lab beradimi? Yoki…
Xo‘p, kimgadir yaxshilik qilmoqchi odam ismini pinhon tutadimi?
XXI asrda-ya? Kulgili-ku! Hozir allaqaysi amaldorlar biror muhtoj oilaga bir kilo olma yo banan, yoniga ikkita nonni tugib olib borsayam, rasmga tushirib, elga dasturxon qilib, hotamtoyligini namoyish qilayotgan, shuning orqasidan yuqoridan “ochko” ishlayotganlar zamonida-ya? Yo‘q, ishonmaydi bunga. Iskandar Karim unday anoyilardan emas. Tekin pishloq qopqonda bo‘lishiga aqli yetadi.
Tag‘in ayolning makrini birinchi ko‘rib turishi emas. Xo‘jayinning dollarini maydalaganida tavba qilib bo‘lgan.
Iskandar Karim shuni o‘ylab, bormaslikka ahd qildi.
Ammo bir soatlarcha vaqt o‘tib yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
– Alo? – dedi boyagi tanish nozik ovoz.
– Assalomu alaykum! – dedi Iskandar Karim.
– Va alaykum-assalom! Kelyapsizmi?
– Yo‘q…
Nozik ovoz jim qoldi. So‘ng:
– Nega? – deya so‘radi. – Tinchlikmi? Boya kelaman dedingiz-ku?
– Ishim chiqib qoldi, – deya yolg‘on to‘qidi Iskandar Karim.
– Qo‘rqyapsizmi, yigit? – dedi nozik ovoz ishva bilan. Uning bu gapi xuddi “erkakmisan”, degandek ohangda yangradiki, Iskandar Karimning hamiyatiga tegdi.
– Nimadan qo‘rqaman? – dedi oshkora jahli chiqib.
– Mendan-da… Bir oddiy qishloqlik chiroyli qizdan qo‘rqib…
Iskandar Karimning rosmanasiga hamiyati qo‘zidi.
– Kuting, hozir boraman! – dedi va manzilni yanayam aniqlashtirib oldi.
Endi uni hech kim to‘xtata olmas edi. Qiz bolaki haddi sig‘ib shunday deyaptimi, demak, bormaslik uyat. Yigit boshiga nomus! Endi yov bo‘lsayam tikka boradi.
Iskandar Karim apil-tapil oynaga qarab, soch-soqolini qirtishladi, bo‘yniga arzongina atirdan to‘yintirib sepdi.
Shahd bilan ostonadan chiqdi.
Avtobusga ham qaramay, bekatda taksi tutdi. Kafe manzilini aytib, o‘tirdi.
Etib borgach, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, u kafe emas, sirtiyam, ichiyam qaltiroq bir qovoqxona! Dordan qochganning bari shunda deysiz. Ichkari kirar ekan, araq-vino isi tamaki va chilim hidiga qorishib, ko‘zni achitar darajada bo‘rqsib yotar edi.
Shahar chekkasida bunday qo‘nalg‘alar ko‘p. Arzonligi uchunmi, odatda hamyoni yupun mijozning bari shunday joylarni makon tutadi.
Iskandar Karim avval o‘zini tanitmasdan, boya qo‘ng‘iroq qilgan qizning kimligini bilmoqchi bo‘ldi. Sir boy bermay, alangladi. Ammo o‘tirganlar orasida yolg‘iz odamning o‘zi yo‘q: har stolda suhbat qizigandan-qizigan, qadah so‘zlari aytilmoqda; ko‘zlari suzilib qolgan, shirakayf erkaklar baland ovozda latifalar aytib, kulishar, ba’zilari badqovoq basharasini burishtirgancha, dunyo siyosatidan safsata sotar, boshqalarga og‘iz ochirmasdan, baralla nutq irod qilar edi. Og‘zidan bo‘rqsitib tutun puflab, qo‘llarini sermab, hukumatning go‘riga g‘isht qalagancha, narx-navodan gap sotayotganlar ham ko‘rinadi.
Qaradi-qaradi, aytilgan manzildan adashdimmikan, deb o‘yladi.
Bir mahal yelkasiga kimdir qo‘l tashladi. Shundoq o‘girilgan edi, ortida go‘zal bir qiz turganini sezdi.
– Qiynalmay topib keldingizmi? – dedi qiz tabassum bilan. Shunchalar chiroyli ediki, Iskandar Karim ko‘zlaridan ko‘zini uzolmay, tili aylanmay qoldi. Qiz charosdek ko‘zlari bilan shundoq tikilib turar, lablari ingichka, ikki yuzi oppoq va dumaloq, o‘ng qoshining uchida mittigina yarashiqli xoli bor, bir qaragan odamning xayolini olar darajada suluv edi. Iskandar Karimning xayolidan, afsuski, buyuk rassomlar erta o‘lib ketishgan, aqalli birortasi shu qizni ko‘rganida, o‘laman Sattor, suratini chizaman, deya oyog‘i ostiga yotib olardi, degan gap o‘tdi. O‘shanda, ehtimolki, dovruq bozorida Mona Lizalar bo‘lmasdi…
– Yo‘q, to‘g‘ri topib keldim, – dedi xotirjamlik bilan.
Qiz yana bir tabassum hadya etdi va:
– Xo‘sh, qayerda o‘tiramiz? – dedi.
– Farqi yo‘q…
Qiz barmenga ishora qilib so‘radi. Barmen barmog‘i bilan burchakni ko‘rsatdi. Boya e’tibor bermagan ekan, qovoqxonaning to‘rida ikki xona – eshigi mato bilan bekitilgan alohida kabina ham bor ekan. Barmen ko‘rsatgan chap tarafdagi kabinaga kirishdi.
– Shu yer qulayroq, – dedi qiz o‘tirayotib.
Shu payt oldiga qizil peshband taqqan ofitsiant ayol kirib keldi.
– Bizga vino bering! – deya buyurtma qildi qiz. – Zakuskasiga qora achchiq shokolad.
Iskandar Karimning g‘ashi kela boshladi. To‘g‘ri, stol ustida ayolning ham fikri so‘raladi, ammo gapni erkak gapiradi. Buyurtmani ham u beradi… Ichimlik va gazakni-ku… Bu tannoz… Ha, mayli. Indamadi, qani, nima bo‘lar ekan oxiri, dedi.
Ofitsiant chiqib ketgach:
– Men vino ichmayman! – dedi. Qiz hayron bo‘ldi.
– Nega? – deya so‘radi.
– O‘zi… Shunchaki, ichmayman umuman…
Qiz kuldi.
– Erkak odam ham ichmaydimi… Ichasi-i-iz. Men bilan-a…
Iskandar Karim ikkilanib qoldi. Xayolida rejani pishitib qo‘ydi: o‘zini xuddi ichayotganday tutib, stakanga lab tekkizib-tekkizib turadi, ammo ichmaydi.
Lekin bu qizning joduli ko‘zlari oldida rejasi ko‘p ham to‘g‘ri keladiganga o‘xshamadi.
Qiz suhbatni boshlashdan avval qanchalik yuragini qizdirgan bo‘lsa, nozik xatti-harakatlari va jilvali gaplari bilan shuncha o‘ziga rom qila boshladi. Billur qadahga o‘zi quyib berar ekan, birgina ichaylik, muhim gapimni aytaman, dedi. Iskandar Karim arosatda qoldi va noiloj bir qadahni sipqordi.
– Meni tanimasligingiz aniq, – deya gap boshladi qiz biroz o‘tgach. – Men ham sizni bilmas edim. Kuni kecha bir tanishim gapirib qoldi. Juda aqlli, bama’ni yigit, deb maqtadi. Faqat, rosa qiynalib yuribdi, dedi. Shunday odamlarni vaqtida qo‘llab yuborsa, zo‘r bo‘lib ketadi, dedi. Siz haqingizda boshqalardan ham surishtirdim, aytgani rost ekan. Shundan keyin ko‘nglimda sizga bir yaxshilik qilish istagi tug‘ildi. Ehtimol, o‘nglanib, kelajakda katta odam bo‘lib ketsangiz, mengayam yordamingiz tegar, deb o‘yladim.
Qiz xuddi dong‘i ketgan notiqlar, qat’iyatli va so‘zamol advokatlardek dona-dona qilib ravon gapirar, har bir so‘zi Iskandar Karimga rad etib bo‘lmas hukmdek eshitilar, shunday bo‘lsa-da, baribir, negadir yoqib tushayotgan edi. Shuning uchun gapini bo‘lmay eshitib, muddaosini bilishni istardi.
Bu mahalda qiz qadahni yana to‘ldirib uzatdi. Iskandar Karim qadahni olayotganda qizning barmoqlari qo‘liga tegib ketganini sezdi va eti g‘alati jimirlab ketdi. Qiz ko‘z qisdi va:
– Tanishuvimiz uchun oldik! – dedi.
Sipqorishdi. Iskandar Karim vino ta’mini uncha sezmay qoldi. Vino ichdimi, suvmi – farqi yo‘qday…
– Bilaman, qanday yordamim tegishi mumkinligini o‘ylayapsiz, – dedi qiz zukkolik bilan. U, go‘yo, Iskandar Karimning ichini bexato uqib-o‘qiyotgan edi. – Men qo‘limdan kelmaydigan narsani va’da qilmayman, ammo qo‘limdan kelganini ayamayman…
«Voh, zo‘r gapirar ekan, – deya o‘yladi Iskandar Karim. – Bu enag‘ar biror oliymaqom psixolog va yoki aniq hayot ilm-fani qozonida biqirlab qaynab chiqqan bir akademik. Aslo undan kam emas…»
Shunday bo‘lsa-da, qizning xato o‘ylayotganini bildirib qo‘yish uchun ataylab dedi:
– Yo‘q, noto‘g‘ri o‘yladingiz. Men haqimda kimdan eshitganingizni bilishga qiziqyapman, xolos.
– O, bunisi sir, – dedi qiz zo‘raki kular ekan. – Men menga ishonganlarni sota olmayman!
– Unda yaxshi… – dedi
– Xullas, gap bunday. Men xorijiy bir kompaniyaning o‘zimizdagi mintaqaviy vakilligida ishlayman. Bizning kompaniya butun dunyoda tarmoqqa ega. Asosan xususiy biznes. Tarmoqli marketing deb eshitganmisiz?
– Yo‘q, – dedi Iskandar Karim. Ammo bu haqida oz-moz bilishini, keyingi paytlarda bir qancha tanishlari o‘sha mashhur tarmoqli marketing ishiga aralashib qolib, xonavayron bo‘lganini eshitganini aytgisi kelmadi. Chunki aytsa, qizning muddaosini to‘liqligicha aniqlashga xalaqit berishi mumkin.
– Xullas, o‘sha tarmoqli marketing sohasida nomi chiqqan, – deya fikrini davom ettirdi qiz. – Men o‘zi aslida go‘zallik salonida ishlayman. Gulday hunarim bor. Ammo hayotni ko‘ryapsiz, yetarlicha daromad, boylik orttirmasangiz, ko‘chada qolasiz.
Qiz shunday deya stakanini nazokat bilan oldinga surdi va Iskandar Karimning ko‘zlariga ma’noli tikildi. Iskandar Karim gapni darrov ilg‘adi. Qadahni qult-qult etkizib to‘ldirib, uzatdi va:
– Marhamat! – dedi. So‘ng qo‘shib qo‘ydi: – Demak, yaxshigina qo‘shimcha daromadingiz bor ekan-da?
– Albatta, – dedi qiz qadahdan sipqorib, lablarini qog‘oz sochiq bilan avaylab artar ekan. – Yaqinda Sebzor tomondan bir xonali kvartira oldim. Ishonasizmi, yarim yil deganda oldim!
– Qoyil, – dedi Iskandar Karim rosmanasiga havasi kelib.
– Gapning indallosi, sizni ham o‘z yonimga ishga olishni taklif qilmoqchi edim, – dedi qiz muddaoga o‘tib.
Iskandar Karim endi og‘iz juftlagan edi, qiz ilib ketdi:
– Yo‘q, yo‘q, qo‘rqmang, ishingizga ham, o‘qishingizga ham umuman xalaqit bermaydi. Bo‘sh vaqtlaringizda, kechqurunlar, dam olish kunlari shug‘ullansangiz ham bo‘laveradi. Muhimi, menga yordam berib tursangiz bo‘ldi.
Taklif Iskandar Karimga moyday yoqib tushdi. Sergey Dovlatov degan yahudiy yozuvchining bir hikoyasi qahramoni Boryaning sevimli gapi esiga tushdi: «Kitob bilan ayol zotidagi eng muhim narsa – shakl emas, mazmun…».
Hozir qarshisidagi qizning kimligidan ko‘ra, uning mazmuni behroq ekanligini sezdi. Ammo u aytayotgan gap unchalik ishonarli emas edi. Shuning uchun ko‘rsatajak yordami aynan nimadan iborat bo‘lishi mumkinligiga qiziqdi.
– Ishxonadan chiqib, kechda ofisimda birpas yordamlashasiz. Hujjat ishlari, marketing grafikalarini tayyorlaymiz. Original va antikvar mahsulotlar reklama so‘zlarini yozamiz.
Qarasa, uncha qiyin ish emas. Qiz jon kuydirib tushuntirishlari orada ozroq ishonch paydo qilayotgan edi.
– Mayli, ko‘ramiz, – dedi Iskandar Karim.
– Yashang! Yigit shunday gapiradi! – dedi qiz dadillashib. – Qani, hamkorlik uchun ichaylik unda!
Yana qadah urishtirilib, achchiq shokolod gazak qilindi.
Ikkisi ham shirakayf bo‘lib, ko‘zlari suzilib qoldi. Qiz sumkasidan telefon raqami va manzil yozilgan bejirim tashrif qog‘ozini chiqarib, stolga qo‘ydi.
– Istagan paytda telefon qilsangiz bo‘ladi, – deya lutf qildi.
Ofitsiant keltirgan hisob-kitob qog‘ozchaga ko‘z yugurtirdiyu Iskandar Karim yolg‘ondan cho‘ntak kovlagunicha, bir dasta pulni chiqarib, qo‘shib qaytarib berdi…
Oyoqlari chalishgancha tashqariga chiqishayotganida allaqachon qorong‘i tushib, qovoqxona mijozga to‘lib-toshgan, tamakiyu chilimning hididan ko‘z ochib bo‘lmas holga kelgan edi. Toza havoga chiqishganida qiz kutilmaganda qo‘lidan tutdi.
– Ko‘rishib tanishganimiz biram yaxshi bo‘ldi-e… – dedi.
Iskandar Karim g‘alati ahvolga tushdi. Hali shu paytga qadar biror qiz bu qadar yaqin yo‘lamagan, o‘z ixtiyori bilan qo‘lidan tutmagan edi. Go‘yo ko‘chada hamma unga qarab turganday, qaranglar, qanday ketvorgan qiz bilan yuribdi, deyayotganday tuyulaverdi va o‘ng‘aysizlana boshladi. Sekin qizning changalidan qutulmoq niyatida qo‘lini tortib olib, cho‘ntagidan dastro‘molini chiqardi.
– Uyalmay qo‘ya qoling! – dedi qiz shaddodlik bilan.
“Juda chatoq-ku bu”, – deya o‘yladi Iskandar Karim.
– Taksi tutib bermaysizmi? – deb so‘radi qiz.
Qo‘l ko‘tarib, taksi to‘xtatdi. Hali endigina qiz aytgan manzilni tushuntirayotgan edi, qizning o‘zi:
– Ikki kishimiz, aytgan pulingizni beramiz! – deb qoldi.
Iskandar Karim noqulay vaziyatda qoldi, ammo qizdan ham ko‘ra haydovchining oldida mulzam bo‘lishdan uyalib, indamadi.
– Mayli, chiqinglar! – dedi yoshgina haydovchi.
Ixtiyorsiz ravishda orqa o‘rindiqqa o‘tirishdi. Xayolida reja qildiki, manzilga borib, jentelmenlarga o‘xshab qizni kuzatib qo‘yadi, tamom.
Ammo kutganiday bo‘lmadi. Taksidan tusha solib, qiz yana qo‘ltig‘iga qo‘l yuborib, mahkam tutdi.
– Shu “dom”, ikkinchi qavatida turaman… – dedi qiz ko‘zlariga tikilib.
– Yaxshi dam oling! – dedi Iskandar Karim ko‘zlarini olib qochar ekan.
– Iya, opchiqib qo‘ymaysizmi? – dedi qiz o‘tkir nigohlarini tikib. – Zo‘rg‘a oyoqda turibman o‘zi…
Iskandar Karimning ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi. Bu yog‘i qandoq bo‘larkan, deya o‘yladi. Yarim kechasi, qiz bilan uning uyiga kirib borishi… Biror falokat yuz berishidan cho‘chidi.
– Uzr, shu yerdan kuzatib qo‘yganim ma’qul, – dedi oxiri. – U yog‘i noqulay bo‘ladi.
– Hecham noqulaymas-da, – dedi qiz. – To‘g‘risini aytsam, bir o‘zim yashayman… Qo‘rqmang, yeb qo‘ymayman.
Iskandar Karim yuragi tez ura boshlaganini his qildi.
– Qandoq bo‘larkan…
Yo‘lakdan birin-ketin yuqoriga ko‘tarilishdi. Qiz oq temir eshik oldida to‘xtadi. Sumkasini titkilab kalitini topdi. Eshikni ochayotib, zinada turgan Iskandar Karimga qarab jilmaydi:
– Sizga katta rahmat! – dedi.
“Xayriyat, – dedi ichida Iskandar Karim. – Qutuldim…”
Ammo o‘ylagani o‘yida qoldi.
– Uyga kiring! – dedi qiz. – Achchiq qilib choy damlayman. Kayfimiz tarqab, sal o‘zimizga kelib olardik…
Bu chaqiriq shunday ohanraboli yangradiki, Iskandar Karim ilk bor bunday taklif eshitib turgani uchunmi, hayajondan entikib ketdi. Vinoning ta’siri borgan sari kuchayib, o‘y-xayollarini, hislarini o‘z zabtiga olayotgan shu chog‘da qanchalik o‘zini qo‘lga olishga, qiz bilan tinchgina xayrlashishga urinmasin, ming bir chora o‘ylamasin, oyoq-qo‘li jimirlab, yuragi tez va dukillab ura boshlayotgan, qola qol deyotgan bir ko‘ngliga ham, tezda ket va qutul deyotgan ikkinchi ko‘ngliga ham quloq osishni bilmas, bu ikki istakning jangida hali qaysi g‘olibu qay biri mag‘lub bo‘layotganini anglolmay, qay biriga bo‘ysunishni bilolmayotgan edi. Uning bu holi qizning kulgisini qistatdi, shekilli:
– Namuncha tortinasiz, a? Ayol kishi bo‘lib men taklif qilyapman, erkak bo‘lib, siz o‘ylanyapsizmi? – dedi o‘smoqchilab.
Bo‘ldi! Tamom! Qizning gapi to‘g‘ri! Yigit odam nimadan qo‘rqadi?
Iskandar Karim hozir ko‘p va oxirigacha o‘ylashning mavridi emasligini tushundi. Ochilgan, ostonasida qiz mahtal bo‘lib turgan eshik tomon dadil qadam bosdi. Ammo shu mahal qo‘l telefoni jiringlab qoldiyu esxonasi chiqib ketdi.
– Alo? – dedi ovozini rostlab, imkon qadar hayajoni va titrog‘ini sezdirmaslik uchun.
– Alo, Iskandar? – dedi narigi yoqdan tanish ovoz. Bu ijaradoshi Suyun aka degan odam edi. – Qayerdasan, uka?
Iskandar Karim kalovlanib qoldi. Bir haftadan beri qaysidir viloyatda xizmat safarida yurgan ijaradosh akani shubhaga qo‘yish juda xavfli edi, otasi Iskandar Karimning yurish-turishidan boxabar bo‘lish uchun tez-tez shu odamga qo‘ng‘iroq qilib turishini sezib qolgan edi. Shuning uchun:
– Men… Bir kursdoshimning tug‘ilgan kunida edim. Hozir yo‘lga chiqyapman, birpasda borib qolaman… – dedi.
– Yaxshi, – dedi ijaradoshi. – Tez kel! Eshikni qulflab, kalitni sug‘urib qo‘yaman. O‘zing ochib kiraver, xo‘pmi?
– Xo‘p, aka! – dedi Iskandar Karim qutulganiga shukr qilib.
Qiz eshik kesakisiga suyangancha hamon uni diqqat bilan kuzatib turardi, telefonda gaplashib bo‘lishi bilanoq Iskandar Karimga qo‘l uzatdi. Iskandar Karim ham xayrlashmoq bo‘lib qo‘lini cho‘zgan edi, qiz mahkam ushlab, o‘ziga chunonan tortdiki, tutib turgan eshik ham tortilib, tashqaridan yopilib qoldi…
Qari qizga tong otmas…
12
Iskandar Karim shoshgancha zinalardan gandiraklab tushib, toza havodan o‘pkasini to‘ldirib nafas oldi. Birpasda vaqt allamahal bo‘lib ketgan, “dom” xonadonlari aksarining chirog‘i o‘chgan, odamlar shirin uyqida edi.
Qo‘l soatiga qaradiyu, kapalagi uchib ketdi. Yo‘rg‘alagancha katta yo‘lga chiqdi. Taksi to‘xtatdi. Bir oq “Jiguli” kelib to‘xtadi. Endigina manzilni aytib, narx-navosini so‘rayman deya mashina oynasiga egilgan edi, ortidan kimdir chaqirdi. Qaradi. Sal narida, daraxt tagida turgan uch odam chaqiryapti.
Haydovchiga, “Hozir, aka, kutib turing”, dedi-da, ular tomonga oshiqdi.
– Uka, yaxshimisan? – dedi ulardan biri – sersoqol, ko‘zlari baqraygan erkak. Qorong‘ida turqi juda g‘alati ko‘rindi: yuzi cho‘tirsifat, chandiqqa o‘xshash uzun-kalta kesildiqlarga to‘lgan yuzini soqollari to‘liq yashirolmas edi.
Qolgan ikki erkak salomiga bepisand alik oldi. Yo‘q, alik olgani ham yo‘q, shunchaki, labini jiyirib qo‘ydi, xolos.
Iskandar Karim balandroq tovushda qaytadan salom bergan edi, yana aliksiz qoldi.
– Butta nima qivossan, uka? – deya so‘radi sersoqol.
– Hech nima, – dedi Iskandar Karim. – Ish bilan keluvdim, qaytyapman…
Ular bir-biriga qarab qo‘yishdi. Yuz-ko‘zida hech ma’nini uqib bo‘lmas edi.
– Qancha puling bor? – deb so‘radi soqolli yana.
Iskandar Karimning yuragi “shig‘” etdi.
– Yo‘l kira haqi qoldi, xolos, – dedi o‘zini go‘llikka solib. Sezdiki, bular o‘g‘ri-kisovur yoki bezori. Ular bilan pachakilashib bo‘lmaydi. Qo‘lidan har balo keladi. Shuning uchun erkakcha gaplashish kerak, xolos, deb o‘ylaydi.
– To‘g‘risini aytsam, uch ming so‘m pulim bor.
– Chiqar bu yoqqa! – deya buyurdi sertuk.
Iskandar Karim xotirjamlik bilan:
– Mayli, aka, kerak bo‘lsa, bari pulimni beraman, – dedi. – Faqat yo‘lkira haqini olib qolaman, maylimi?
Sersoqolning jahli chiqib ketdi:
– San kimmi kalaka qivossan, j…b?!
Iskandar Karim bunday po‘pisani birinchi marta ko‘rib turgani yo‘q, shuning uchun bamaylixotir tutdi o‘zini.
– Aka, kalaka qilayotganim yo‘q. Uyga yetvolishim kerak-ku.
Sersoqol yonidagiga:
– Ol buni! – deya buyruq berdi.
Ikkisi shartta Iskandar Karimning qo‘llariga chang soldi. Kuzatib turgan ekanmi, taksi haydovchisi eshikni ochib, qichqirdi:
– Hoy, yigitlar! Nima qilyapsizlar?!
Sersoqol unga qarab:
– Sani nima ishing bor!? – deya o‘shqirdi. Otasi tenggi haydovchi g‘ing deyolmadi. Ko‘cha egalari ekanligini fahmladi, shekilli, shartta eshikni yopib, mashinani haydab jo‘nab qoldi.
Ikki sherik Iskandar Karimning bilaklarini g‘ijimlab ushladi, qancha tipirchilamasin, ularga kuchi yetmadi. Biri o‘ng qo‘li tirsagiga tirnog‘ini qattiq botirgan edi, dodlab yuboray dedi.
– San gap qaytardingmi? – dedi sersoqol. Iskandar Karim jonidan o‘tayotgan og‘riqning zo‘ridan gapira olmadi. Baxtga qarshi, ko‘chada qatnov ham kam, onda-sonda biror-yarim mashina o‘tadi. Odamlarning oyog‘i tingan, odatda charog‘on bo‘ladigan shaharning bu puchmog‘ida har joyda bir simyog‘ochning xira nurini aytmasa, zimiston edi. Iskandar Karim hech qayerdan, hech qanday yordam, najot yo‘qligiga ko‘zi yetdi.
– Yaxshilab ushlalaring buni, – dedi sersoqol sheriklariga. – Hozir beti bilan ketiga naqsh bosamiz!..
Iskandar Karim bu zo‘raki muttahamlarning niyati buzuqligini, hech narsadan tap tortmasligini tushundi. Otdan bo‘lgan o‘t yeydi, itdan bo‘lgan et yeydi-da axir!
Sersoqol cho‘ntagidan kichkina pichoq chiqarib, oy yorug‘iga tutdi. Shunda Iskandar Karimning ko‘zlari qo‘rquvdan ola-ko‘la bo‘lib ketdi.
– Bo‘ldi, aka! Hammasini beraman! – dedi.
– Bu boshqa gap! – dedi sertuk. Sheriklari iljayishdi. – Odamni qoniga tashna qilmay, qisibgina borini berib ketavermaysanmi, uka.
– Tushundim…
Pulni olib, irshaygancha, qo‘lini bo‘shatishdi.
Iskandar Karim yelkasidan nafas oldi. Qaltiragan qo‘llarini ikki yonga yozib, bilaklarini ushlab-ushlab siladi. Tirnoq botgan eti similladi. Sezdiki, oyog‘i haliyam dag‘-dag‘ titrayapti.
“Ha, qo‘rqib ketdingmi, Iskandar Karim, – deya o‘yladi. – Chumchuq “pir” etsa, yuraging “shir” etdimi? Buncha qo‘rqoq ekansan… Bolaligingdagi jur’ating qani? Keraksiz paytlar ko‘ringan bilan do‘pposlashib yuraring-ku… Qilich tutgan qilichdan o‘lar. Sayoq yurdingmi, endi tayog‘ini ham yeysan!»
Iskandar Karim qo‘lidan hech nima kelmagani, cho‘ntagini qoqtirib, xemirsiz qolgani, eng yomoni, yigit boshi bilan kimningdir oldida bosh egib turgani nash’a qilib ketdi.
Kezangan yovdan qaytmas ekan. Qo‘llarini silkitib-silkitib, uqalamoqchi kishi bo‘lib, mushtini tugdi; yirik-mayda pullarni sanab turgan soqollining qansharini mo‘ljal olib, chunonam musht tushirdiki, sertuk zarbadan gandiraklab yiqildi.
– To‘ng‘izdan o‘q ayama! – deya baqirdiyu Iskandar Karim oldi-orqasiga qaramay qochmoqchi bo‘ldi. Sheriklaridan biri sertukni turg‘izmoqchi bo‘lib egildi. Ikkinchisi chaqqonlik qildi: cho‘ntagidan pichoq olib, Iskandar Karimning naq bo‘g‘ziga qaratib shundoq siltadiki, yaxshiyam, o‘zini ilkis ortga tortib, tisarilib qoldiyu pichoq vizillab tomog‘i tagidan o‘tib ketdi. Xayriyat, tegmadi.
Jon holatda qochdi. Bir deganda boya chiqib kelgan «dom» oldi tomoniga o‘tib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
– O‘ldiraman! – dedi sersoqol tishini g‘ijirlatib. – O‘ldirmasam agar, itman!
… Iskandar Karim sillasi qurigancha poyu piyoda yurib, ijara uyga yetib kelganida orqa mahalladagi hovlilar tomondan xo‘roz qichqira boshlagan edi.
“Bir soat bo‘lsa ham mizg‘ib olishim kerak, – deya o‘yladi. – Ertalab yana o‘qishga borishim kerak, undan avval pochtaga kirib o‘tmasam bo‘lmaydi…”
13
Hamkurslarining bari bezovta edi. Sanoqli kunlardan so‘ng uchinchi kurs ham tugab, ta’til boshlanadi. Yana uch oy ko‘rishishmaydi.
Katta tanaffus payti Iskandar Karim oshxonaga tushdi. G‘ala-g‘ovur ichidagi talabalar orasidan zimdan Layloni qidirdi. Topolmadi.
Yana uchinchi qavatga chiqdi. Talabalar yo‘q hisobi, hamma tushlikka chiqa boshlagan edi. Xayriyatki, Layloni yo‘lak boshida uchratdi. U deraza yonida omonatgina turar, xayollari biroz parishon edi.
– Dars tugadimi? – deb so‘radi Iskandar Karim nimadan gap boshlashni bilmay.
– Yo‘q, – dedi Laylo beparvo.
– Tushlikka chiqmadingizmi?
– Yo‘q…
– Ha-a-a… – dedi Iskandar Karim so‘lish olib.
Laylo razm solib unga qaradi.
– Sochingizga nima qildi? – deya so‘radi ajablanib.
– Qariyapman, – dedi hazillashib Iskandar Karim. – Jinnixonada o‘qishning o‘zi bo‘ladimi…
Laylo kulmadi. Iskandarning ko‘zlariga tikilar, nigohlarida achinishga o‘xshash ifoda barq urib turardi.
– To‘g‘risini ayting, Iskandar, mazangiz yaxshimi? – deb so‘radi allaqanday mehrli ohangda.
– Zo‘r! – dedi Iskandar Karim ovoziga dadil tus berib.
– Sizga rahmat aytmoqchi edim… – dedi Laylo.
– Nega? Tinchlikmi?
– Kasal paytim shuncha xabar olibsiz… Kutmagan edim…
Iskandar Karim jilmaydi:
– Qo‘ysangiz-chi, hamma qatori-da… – dedi.
– Gul uchun alohida rahmat…
Iskandar Karimning yuragi dukillab ketdi. Demak, Layloga yoqibdi, deb o‘yladi. Ichida behad mamnun bo‘ldi, umrida birinchi bor qilgan ishidan yoqimli qoniqish tuydi.
– Yoqdimi? – deb so‘radi o‘ylaganlariga yanada ishonch hosil qilish uchun.
– Ha, siz berasizu…
Iskandar Karimning quvonchi ichiga sig‘may ketdi.
Bir lahza jim qoldilar.
Laylo ayni damda hayajonlanar, yuragida tushuniksiz hislar g‘alayon qilayotgan ediki, hech qachon birovning oldida o‘zini bunchalik sokin va… baxtiyor sezmagan edi!
Iskandar Karim ham yoqimli tuyg‘ular og‘ushiga tushib qoldi. Uni ko‘rsa, dukillay boshlaydigan yuragi xuddi mexanik soat millari kabi chiqillar, yo‘q, millisoniya mili kabi tez urar, ayni chog‘da ko‘nglidagi barcha niyatlarini unga aytgisi, shahlo ko‘zlariga tikilgancha, qo‘lidan tutib, qachonlardan buyon dilida saqlab kelayotgan izhorini bayon qilgisi kelib ketdi.
Ammo ikkilandi: hozir mavridimikan? Balki bunday gaplarni ikkisi yolg‘iz uchrashib, guvohlar yo‘q payti aytgan yaxshimikan.
– Laylo? – dedi Layloning ko‘zlariga masrurona tikilib. – Darsdan so‘ng kino-pinoga bormaymizmi?
Laylo ham xuddi shuni kutib turganidek:
– Mayli, – dedi.
– Kelishdik!
– Faqat… Baxtigul bilan boraman, maylimi?
Sezdi, Laylo Baxtiguldan o‘zini Iskandar Karim bilan ko‘rib qolishi mumkin bo‘lgan “og‘zida yuruvchilar”dan «himoya qalqoni» sifatida foydalanmoqchi.
– Bo‘ladi, – dedi Iskandar Karim kulib. – Darsdan so‘ng «Panorama» oldida kutaman…
Kinosaroyga yetib borishganida Iskandar Karim qo‘lida uchta chiptani o‘ynatib, tirjayib kutib turgan edi. Unda-bunda yoshi kattalar, oilaviy tomoshaga kelganlar ko‘zga chalinmasa, kinosaroy oldi asosan yosh-yalanglar, juft-juft kelgan muhabbatga mubtalolarga to‘la, qiy-chuv qilishib, o‘sha paytda nomi chiqqan bir filmning navbatdagi seansi boshlanishini kutib turishardi.
– Boshqa kino ko‘ramiz! – dedi Iskandar Karim. – Hamma ko‘rgan kinoni ko‘rmaymiz!
– Farqi yo‘q, – dedi Laylo.
Rostan ham, chipta olingan film kichikroq zalda ekan. Odam juda siyrak, har yer, har yerda bir-ikki juftlik, ular ham zalning orqa tarafini, ko‘zdan pana o‘rindiqlarni ishg‘ol qilishgandi. Iskandar Karim namoyishkorona old o‘rindiqlarga qarab yura boshladi. Laylo xijolat tortdimi, orqaroqda o‘tira qolaylik, deya oyoq tirab turib oldi. Iskandar Karim qarab turdi, ammo orqaga qaytmadi.
– Mayli, sizlar o‘zlaringizga qulay joyda o‘tira qolinglar, – dedi va bilganidan qolmadi.
Qizlar ancha orqadagi o‘rindiqlarga joylashishdi. Iskandar Karim go‘yo e’tibor bermadi. Beparvo holda, hali reklama berilayotgan katta erkanga tikilib o‘tiraverdi. Biror uch-to‘rt daqiqa o‘tgan edi, yonida Laylo paydo bo‘ldi.
– Baxtigul qo‘ymadi, – dedi Iskandar Karimning yonidagi o‘rindiqqa cho‘kar ekan. – Boring, oldinroqqa o‘tiring, deb miyamni yedi…
– Juda aqlli qiz-da, shu Baxtigul, – dedi Iskandar Karim.
Laylo yarq etib unga qaradi. Iskandar Karim jiddiy tikilib turaverdi.
– Ha, to‘g‘ri, – dedi Laylo va jilmaygancha qo‘shib qo‘ydi: – Chunki, mening dugonam-da!
Zal nim qorong‘i edi. Iskandar Karim har zamonda orqaga qarab-qarab qo‘yar, go‘yo hamma ikkisini poylayotganday, bir-biri bilan pichirlab, ularni muhokamayu g‘iybat qilayotganday tuyular, biroq tomoshabinlarning ko‘pi o‘zi bilan o‘zi andarmon, g‘ira-shirada bir-birining pinjiga kirib ketgudek o‘tirishardi.
Faqatgina old qatordagina bizning ikki qahramonimiz ekranga tikilib, qaddini rostlab o‘tirar edi.
Film boshlandi. Ammo… filmda nima bo‘ldi, o‘zi uni ko‘rishdimi-yo‘qmi, keyinchalik hech eslay olishmaydi. Beqiyos hayajonlar eslarida, yuraklari gupirlab, tanalarida uyg‘ongan yoqimli haroratlar eslarida, barmoqlari barmoqlariga tegibgina turgandagi titroqlar eslarida, dunyoni unutib, shirin orzularga cho‘mib, xayollarga berilishgani, taqdirlarini taqdirlariga esh qilib, surgan o‘ylari eslarida…
– Laylo?.. – deya shivirladi Iskandar Karim titroq ovozda, qizning qaynoq qo‘lini kiftiga olib. Shunda… Laylo birinchi bor qo‘lini tortib olmadi… Go‘yo inon-ixtiyorini yigitga to‘la ishonib topshirganday xotirjam tutdi. Qo‘llari shunchalik qaynoqqina ediki, Iskandar Karim beixtiyor entikib ketdi. Qanday qilib o‘zida jur’at topganini bilmay qoldi: – Sizni juda yaxshi ko‘raman, Laylo!..
Laylo javob bermadi. Javob bermadi emas, chamasi, javob berolmadi!
14
Boy bir o‘lsa, kambag‘al har kuni o‘ladi.
Iskandar Karim ishxonasida ishga ko‘milgani yetmaganiday, adoqsiz muammolar girdobida ham qoldi.
Yoz kunlaridan biri edi. Qishlog‘idan o‘tgan katta kanal qirg‘oqlari o‘pirilib, suv toshdi. Ko‘p qatori uylarini suv bosgan, qo‘li kalta ota-ona zor qaqshab, gandiraklab qolgan edi. Ishlab topgan ozroq pulini yubordi, urvoq ham bo‘lmadi.
Suvni daf qilib, uy-joyini tiklagunlaricha tinkasi quridi, ammo foydasi bo‘lmadi, zaxdan mog‘or bosgan paxsa uy poydevorlari darz ketib, omonat turib qoldi.
– Sen o‘qiyman deb shaharda yallo qilib yuraver! – deya zahrini sochdi bir kuni otasi.
– Nima qilay, ota… – deya zorlandi Iskandar Karim. – O‘qishni tashlab ketaymi endi. Bir yilgina qoldi o‘zi, hali hammasi yaxshi bo‘lib ketar…
– Bo‘ladi-ya, bo‘ladi, – deya kesatdi ota. – Odamlarning bolasi chet elda ishlab pul topyapti. Uyiga hovuch-hovuch pul jo‘natyapti. Shu bolalarning otalari, mana, ko‘chada hech kimga gap bermay hadanglab yuribdi.
Avval ham bir-ikki bor eshitgan bu gaplar Iskandar Karimning ichini ag‘dar-to‘ntar qilib yuborayotgan edi.
Ota oftobning tig‘ida kuyib ketgan manglayidagi terni sidirib, qabargan qo‘llari bilan pochasini shimardi. Qoq suyak bo‘lib ketgan oyoqlariga ilashgan xas va changni qoqdi. Ko‘zini yerga tikkancha, miq etmay o‘tirgan o‘g‘ilga qarab, davom etdi:
– Oshnalarim dam-badam aytyapti, oshna, soqoling selkillab qachongacha bola-chaqa deb, birovlarning ostonasida loy tepasan? Yoshing ellikka qarab ketyapti, bolang tenggi odamlarning hovlisida mardikorlik qilishdan uyalmaysanmi, deyapti. Tilimni tishlayman, tilimni! Tayinli javob berolmaganim uchun, bolam o‘qiyapti-da, deyman. Ular ustimdan battar kuladi: hoy, oshna, deydi, bizning bolalar o‘qimagan bo‘lsayam, dunyoning narigi chetida ishlayapti, pul jo‘natyapti, deydi, o‘sha pulga sotib olayotgan mashinalarini ko‘z-ko‘z qilib gapiradi. Men nima deyman, Iskandar, nima deyin ularga? O‘g‘lim o‘qib, katta ishda ishlaydi, deb aytayinmi? O‘sha ishingdayam faqatgina tovuqning donga yetadigan oylik beradi-ku… Tirik bo‘lib bozorda yo‘qsan, o‘lik bo‘lib – mozorda. Qachon odam bo‘lasan bu ketishda…
Ota-o‘g‘ilning gapini eshitgan shekilli, tutundan qorayib ketgan eski pastqam tandirxonadan kosovni ko‘tarib onasi chiqadi.
– Bolaga ko‘p zug‘um qilmang! – deydi. – Siz aytayotganlar bugun yaxshidir. Ertaga-chi? Nima qiladi? O‘qigan esa, hech qachon xor bo‘lmaydi. Iskandarjon, bu yoqqa qara, senga kulcha yopdim, bolaligingda suvga botirib yegan kulchalaringday…
Onasi doim shunday qilar edi: otasi tergay boshlasa yoki turtkilayotganini ko‘rsa, tamom: darrov oraga tushadi. Nimadir ish buyurib, otadan uzoqlashtiradi. Shu bilan go‘yo uning zug‘umidan “ozod” qiladi.
Iskandar Karim hamon miq etolmay o‘tirar edi. Miyasini parmalayotgan ota gaplariga jo‘yali javob topolmaydi… Qo‘llarini musht qilib tugadi. Xayolida: “Ota, men xorijda mardikor bo‘lmayman! Qachon bo‘lsam ham, bir kun albatta shu yerda, shu yurtda odam bo‘laman…” deydi.
Mushtining orasida qolgan issiq kulcha qo‘lini kuydirib, ezg‘ilanib ketganini sezmaydi ham…
15
…Tashnaning tushiga suv kirar emish.
Ular to‘rtinchi kurs boshlanguniga qadar hijron nima ekanligini anglab yetdilar.
Uch oylik ta’til – o‘ttiz yillik ayriliqday o‘tdi!
16
Iskandar Karim ishxonasidan olgan bir haftalik ta’tilni o‘tkazib, qishlog‘idan qaytdi. O‘zini munkillab qolgan mo‘ysafidlardek his etdi: qo‘lidan hech narsa kelmasligini tushundi. Indinga dars boshlansa-da, shuncha vaqt buni orziqib kutgan, kun, daqiqa sanab o‘tkazgan bo‘lsa-da, garchi ikki kundan so‘ng Layloni ko‘rish, ko‘zlariga termulish baxtiga muyassar bo‘lsa-da, ichini tirnayotgan dard-alamlardan, otasining dilni teshib yuborar gaplaridan xalos bo‘la olmadi.
“Endi boshqacha odam bo‘lishim kerak”, deya o‘yladi.
O‘qish boshlangan ilk kuni tongdan borib oldi. Kursdosh yigitlar bilan quchoqlashib ko‘rishishdi.
Layloni uzoq qidirdi. Kutdi-kutdi. Biroq u kelmadi. Tushga yaqin shalviragan kuyi ishxonasiga ketdi. Qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lib, raqamlarini terdi. Lekin yashil tugmani bosmadi.
Ertasi kuni halloslagancha birinchi darsga yetib kelishga bazo‘r ulgurdi.
Birinchi qavat foy’esida Layloni uchratdi. U xursand, shodon ko‘z tikib turardi. Iskandar Karimni ko‘rishi bilan ko‘zlari boz porlab ketdi.
– Voy, salom! – dedi qo‘l cho‘zib.
– Voy, alik! – dedi Iskandar Karim ham uning ohangida salomlashib.
Qaynoq qo‘llar uchrashib, yuraklaridagi sog‘inchlarini yetkazdilar.
Shu-shu, yuraklar bir-biriga qarab tinimsiz talpinadigan bo‘ldi.
Kunlardan birida tanaffus payti Iskandar Karim sumkasidan kitobini olayotgan edi, kitob orasidan ro‘molcha chiqdi. Yangi. Hayron bo‘ldi. Bunaqa ro‘molchasi yo‘q edi. Aylantirib qaradi. O‘ziniki emas. Kitobi orasiga qayerdan tushib qoldi ekan? Ijara uyidagi yigitlarnikimikan? Ol-a! Ular bunday qimmat ro‘molcha ishlatmaydi, arzonidan, suv yuqtirmas kapronidan olishadi.
Kamiga ro‘molchadan shirin ifor taralib turibdi. E’tibor bersa, Layloning atriga o‘xshaydi. Lekin Layloning bunday qiladigan odati yo‘q edi.
Atrofga qaradi, hamkurslari hech narsadan xabari yo‘qqa o‘xshaydi. Esa, albatta, hozir hiringlashib, ustidan kulayotgan bo‘lishardi.
Kitobni qaytarib solib, sumkani yelkasiga ildi. Yo‘lak bo‘ylab pastga tushdi. Birinchi qavat zinasiga yetganida oldidan Laylo chiqib qoldi. Unga ergashib, ikkinchi qavatga qaytib chiqdi. Foy’edan o‘tishayotganida shu yerda birpas turaylik, deb taklif bildirdi. Qizga ro‘baro‘ bo‘ldi.
Uzoq-yaqindan gap tashladi. Qiz shahlo ko‘zlarini pirpiratib-pirpiratib eshitdi. Gap orasida xuddi hech nima bo‘lmaganday sumkasidan ro‘molchani olib, peshonasini artdi. Shu asnoda qizning ko‘zlariga sinovchan tikildi.
“Agar u solgan bo‘lsa, nimadir deydi. Bildirib qo‘yadi… Agar solmagan bo‘lsa, buni men unga sezdirib qo‘ymayin, ishqilib…”
E’tibor berdi: Laylo qo‘l ro‘molchaga butkul e’tibor bermadi.
Qiz bilan xayrlashgach, ichini it tirnadi. “Kim? Kim soldi ekan buni? Nega to‘yintirib atir sepgan? Atirki, dimog‘ini kuydiradigan yoqimli ifor. Har nafasda Layloni eslatib turadi…”
O‘ylab o‘yiga yeta olmadi.
Kimdir hazillashdimikan? Yo Baxtigul qildimikan buni? Nega? To‘xta, balki shu qilgandir? Axir u Layloni juda yaxshi biladi, qanday atir ishlatishidan ham boxabar.
Shu tariqa Layloni sinagan usulni unda ham sinab ko‘rdi. U ham ro‘molgacha ortiqcha qiyo boqmadi.
Bu sirli voqea jumboqligicha qoldi. Faqat o‘sha oqshom uxlashga yotishi oldidan telefoniga bir xabar kelgunicha bu kimning «qilmishi» ekanligini bila olmadi:
“Sizga esdalik bo‘lsin, dedim. Va… sizga yoqadigan atrimdan sepib qo‘ydim… Do‘stingiz L…”
“Voh! Nega buncha qiynading, Laylo! Shuni ertaroq aytmaysanmi? Yuragimni sug‘urib olding-ku…”
Sumkasidan chiqarib, ro‘molchani qaytadan to‘yib hidladi va yostig‘i tagiga qo‘yib qo‘ydi. Chiroqni o‘chirdi. Ammo doim zimiston bo‘ladigan xonasi Iskandar Karimning yuzlaridan taralayotgan baxt yog‘dusidan charog‘on bo‘lib ketganday edi…
17
Anchadan buyon erta qaytmagan Iskandar Karim bugun oqshom ijara uyga vaqtliroq keldi. Oshqozoni tinmay sibizg‘a chalayotgan edi.
Uyda ijaradoshlaridan Suyun aka bilan Zokir degan birinchi kurs talaba yigitcha bor ekan.
Suyun aka Iskandar Karimni ko‘rishi bilan qah-qah otib kula boshladi.
– Tinchlikmi, aka? – deb so‘radi Iskandar Karim.
– Tinch, uka, tinch, – dedi Suyun aka qiyiq ko‘zlarini artib. – Zo‘r narsa bo‘ldi-da boya. Quruq qolding.
– Nima bo‘ldi?
– Ishdan qornim juda tatalab keldim, – deya gapini boshladi Suyun aka. –Oshxonaga kirsam, yeyishga hech vaqo yo‘q. Dasturxon qurib yotibdi. Qozonning yuqiniyam kimdir yalab qo‘yibdi. Shalvirab, narigi xonaga o‘tsam, Zokirvoy balkonga qaragancha teskari o‘tiribdi. Boshiga yaltillatib nimadir surib olibdi.
“Zokirjon, qo‘ygin shu ishingni, baribir soch chiqmaydi endi”, deya hazillashdim.
“Chiqadi”, dedi u.
“Nima surding endi bu safar?” deb so‘radim.
“Asal” desa bo‘ladimi…
Ay, Iskandarjon, men, sen qornimiz nonga to‘ymay, och yuribmiz, bu bo‘lsa, kal boshiga asal suradi. Qornim och emasmi, shartta borib, boshini yalab, asalini yeb qo‘ydim.
Iskandar Karim odatdagi bu lofdan o‘zini tutib turolmadi. Paqillab kulib yubordi.
– Boshida menga yetadigan asal qoldimikan, aka? – deya so‘radi kulgidan o‘zini tiyolmay.
Bularga qo‘shilib Zokirvoy degani ham qo‘shilib kular, aftidan, pishiq-puxta bu yigit asalning qolganini o‘tirgan ko‘rpachasi tagiga bekitganu qo‘li bilan har ehtimolga qarshi paypaslab, bor-yo‘qligini tekshirib qo‘yardi.
Oradan bir soatlar o‘tib, to‘rtinchi ijaradoshi Komil aka ikki kursdosh do‘stini boshlab kelib qoldi. Xayriyatki, bo‘sh kelishmabdi. Qo‘llarida yelimxaltada meva-cheva, yeguliklar, non, shakar va tuxum olib kelishibdi.
Mehmon yigitlardan biri ovqatga unnab ketdi. Yarim tunda odmigina dasturxon atrofida yig‘ildilar. Qorinlari to‘ygach, ming qo‘yli boylardek, hali chiqib ulgurish qayoqda deysiz, ichiga tortib ketgan qorinlarini silab-silab qo‘yishdi.
To‘ygan odam o‘zidan ortadi. Gurung avjiga chiqqanda Komil akaning oshpaz do‘sti kutilmaganda Iskandar Karimdan so‘rab qoldi:
– Iskandarjon, o‘qish qachon tugaydi?
– Shu yil, nasib qilsa.
– Ha, zo‘r-ku. Qaysi sohadan ketasiz endi? Kim bo‘lmoqchisiz?
Iskandar Karim bolalik orzusi – siyosatchi bo‘lishini aytdi.
– E-e, bekor-bekor, – dedi u. – Tuzukroq sohani tanlasangiz bo‘lmasmidi?
– U nima deganingiz? – dedi Iskandar Karim.
– Xo‘p, mayli, qayerda ishlamoqchisiz?
– Qayerda bo‘lsayam… davlat ishida.
– Afsus… Afsus… Ming afsus…
– Nimaga endi afsus?
– Ha, endi… Ertaga qozoningiz qaynamaydigan sohani tanlabsiz-da, uka… Hozir yog‘li joyga kirib, soqqani qiladigan zamon-ku. Siyosatchi bo‘p, hali uning, hali buning ketini yalab yurish yaxshimas…
Iskandar Karimning oshkora g‘ashi keldi.
– Davlat ishida kim ishlaydi unda? – deya so‘radi jiddiy ohangda.
– Qo‘ysangiz-chi, uka. Cho‘ntakda hemiringiz yo‘q, qorningiz och bo‘lsa, davlatni o‘ylab nima qilasiz? Ming yil ishlang, bir xonali kapa ham tiklay olmaysiz bunaqa sohada. Hali uylanasiz, bola-chaqali bo‘lasiz. O‘shanda gaplarimni eslaysiz.
Iskandar Karimga bu gaplar yoqmadi. Qarshi hujumga o‘tdi:
– O‘zingiz-chi? Qaysi sohada ishlaysiz?
“Oshpaz” xuddi mazax qilganday kuldi:
– Ozgina qoldi ishga kirishimga. Avval propiskani to‘g‘rilashim kerak ekan. Shuning harakatida yuribman.
– Propiskani qanday to‘g‘rilaysiz? Otliqqa yo‘q-ku!
– Endi, uka, uniyam yo‘li bor ekan-da. Shahardan bir tanishroq boshi ochiq kennayi bor. Shu bilan gaplashdim. Soqqasini beraman, dedim. O‘sha bilan vaqtinchalik nikohdan o‘tsak, propiska hal ekan… Ish bitgandan keyin «ajrashib» ketaveramiz-da!
«Oshpaz» sharaqlab kulib yubordi. Qo‘shilib kulishdi. Uning uddaburonligiga qoyil qolishdi. Birgina Iskandar Karim xo‘mrayib turaverdi.
– Bunday ishlab, yashagandan ko‘ra, ochdan o‘lgan yaxshi, aka… – dedi.
“Oshpaz” beo‘xshov kuldi. Uning bu kulishidan: “Hali hayot oldinda, ko‘rasan, tirmizak” deganday gap uqdi.
Iskandar Karim shu-shu har gal o‘sha “oshpaz”ni ko‘rganida ijirg‘anib qaraydigan bo‘ldi.
18
Majnun ham sevguniga qadar hamma yigit qatori bo‘lgan ekan.
Oshiq Iskandar Karim keyingi paytlar o‘zini butkul unutdi. Es-xayolini faqat va faqat bir kishi band etgan. Yuragi faqat bir ismni deb uradi: Laylo!
Ishxona ishlari o‘lda-jo‘lda qolib ketmoqda edi. Kunda-kunora ishga bora olmay qolar, ishidan unum ketgan, har tayyorlagan hujjatida g‘ij-g‘ij xato va kamchiliklar bo‘y ko‘rsatib turar, rahbarlaridan tinimsiz dakki eshitayotgan edi. Ammo endi biz bilgan ilgarigi ishga chanqoq, o‘qishga o‘ch Iskandar Karim yo‘q edi.
Qarshimizda g‘amgin va g‘amnok, ko‘zlari faqat va faqat bir go‘zal sanamni ko‘radigan, ishq dardiga chalingan “og‘ir bemor” – oshiq Iskandar Karim turardi.
Kamiga o‘qish yakunlanishiga oz fursat qolgan, hamkurslar og‘zida endi davlat imtihonlari boshlanar emish, degan xavotirli gap tinmay aylanayotgan kunlar ham yaqinlashdi.
Darsi tugashi bilan ishga kechikayotgan Iskandar Karim shoshilinch taksi tutib metroga yetib oldi.
Metro gavjum edi. Bekat o‘rtarog‘ida vagon bo‘shroq bo‘ladi, deya xayol qildi. Bir mahal bekatning narigi boshida kimnidir ko‘rdi-yu taxtaday qotib qoldi.
Uch kishi – Laylo, Baxtigul va yana bir tanish chehra turar edi. E’tibor berib qaradi. Ko‘z nurim pasaydimikan, deb xayol qilib ko‘zlarini ishqalab qaradi: yo‘q, adashmabdi, uchinchisi ham tanish tuyuldi!
Kim bo‘ldi ekan-a? Qayerda ko‘rdi ekan uni?
E, ha!.. Bo‘ldi… Bu qiz o‘sha… kafega chaqirib birga o‘tirgan, uyiga kuzatib, tunda…
E, to‘xta! Axir u bu yerda nima qilyapti? Nima qilsayam, go‘rga, u Laylo bilan nega birga turibdi? Nimani gaplashishyapti? Bu oddiy tasodifmi yoki…
O‘lsin agar, Iskandar Karim uch qizning bu alfozda birga suhbatlashib turishini hech bir mantiq bilan bog‘lay olmadi.
Ko‘ngliga ming bir shubha-gumon oraladi.
Shartta oldiga borib, o‘zlaridan so‘ramoqchi ham bo‘ldiyu, tiyildi. Yo‘q joydan g‘avg‘o chiqishini istamadi. To‘g‘rirog‘i, g‘avg‘o chiqishidan ham ko‘ra, anavi qiz tanib qolib, bo‘lib o‘tgan voqealarni Layloga gullab qo‘yishidan qo‘rqdi. Yaxshisi, bu g‘alati uchrashuv sirini bilishga ahd qiladi. Biroq shu mahal metro poyezdi kelib qoldi. Ular xotirjam suhbatlashib turishgan ediyu, hech kutilmaganda uchovi ham chaqqonlik bilan poyezdga o‘tirib olishdi. Iskandar Karim taxtaday qotib qolaverdi. Uning xayoliga oxirgi vagoniga o‘tirib, ularni izidan ta’qib qilib borish fikri kelganida poyezd allaqachon eshiklarini yopib, joyidan qo‘zg‘algan edi. Kechikdi… Endi bu sirli uchrashuv mantig‘ini chaqa olmaydi. Ehtimol, bu shunchaki bir tasodifdir, deb yupatdi o‘zini.
“Har ne bo‘lganda ham, oxiri baxayr bo‘lsin-da…” degan o‘y o‘tdi xayolidan.
Ammo…
Ertasi kuni ertalab xuddi shu bekatda vagondan tushar ekan, narigi tomonidan Laylo kelayotganini ko‘rib qoldi. Suyunib ketdi. Uning qarshisiga peshvoz chiqar ekan, yana yuragi dukillab ura boshlaganini his qildi.
Biroq… uni ko‘rsa yuzlari gulgun bo‘lib ketadigan Layloning chiroyi ochilmadi. Qaytanga nigohlari qahrli tus oldi.
Iskandar Karimning ichi shuvillab ketdi.
“Tinchlikmikan ishqilib…”
– Salom, Laylo! – dedi Layloning ham tund kayfiyati o‘z ruhiga ko‘chib o‘tganini sezmagan holda.
Laylo qovog‘ini uydi.
– Salom… – dedi quruqqina qilib. Iskandar Karimning dami ichiga tushib ketdi. Nega buncha quruq? Nima bo‘ldi unga?
– Yaxshimisiz? – deya so‘ray oldi, xolos.
– Yomon! – dedi qiz cho‘rt kesib. – Juda yomon!
Laylo jarrohlikdan so‘ng juda ta’sirchan bo‘lib qolgan edi. Ammo bunchalik qo‘rs emas edi.
– Nega? – deya hayron bo‘ldi Iskandar Karim. – Nima bo‘ldi, tinchlikmi?
– Tinchlik emas! – dedi titrab Laylo. – Hammasi tamom endi! Siz bilan boshqa gaplashmaymiz!
– Nega axir? – hech nimaga tushunmay, zorlanib so‘radi Iskandar Karim.
– Nimaga deb so‘ramang! Aloqalarni uzamiz! Tamom-vassalom!
– Yo‘q, – dedi Iskandar Karim qat’iy. – Bunaqasi ketmaydi. Nimadir bo‘ldimi sizga? Aytmaguningizcha qo‘ymayman baribir!
– Bundan ortiq nimayam bo‘lar edi, – dedi Laylo qahr bilan. – Sinovdan o‘ta olmadingiz!
Iskandar Karim dong qotdi.
– Qanday sinov? – deya so‘radi.
Laylo bu safar shunday dona-dona qilib gapirdi, go‘yo na’ra tortdiki, Iskandar Karim adoyi tamom bo‘ldi!
– Oddiy sinov! Sinovga xiyonat bilan javob berdingiz!
– Nimalar deyapsiz, Laylo? Qanaqa xiyonat?
– O‘zingizni go‘llikka solmang! Aziza degan opacham bilan ko‘rishgansiz. Men faqat menga sadoqatingizni bilish uchun o‘sha opachamdan siz bilan gaplashib ko‘rishni iltimos qilgan edim. Siz bo‘lsa, u bilan…
Laylo gapini oxirigacha aytolmay yig‘lab yubordi.
Iskandar Karim tanasini tok urganday, qaltirab ketdi. Demak, demak, o‘sha qiz… buning tanishi bo‘lgan… nega? Nima uchun unday qilishdi?
Chayon cho‘qqa tushsa, o‘z nishini o‘ziga sanchar ekan. Lekin Laylo chayon emas edi-ku! Nega o‘z baxtiga o‘zi chang soladi?
Iskandar Karimning miyasiga tizginsiz savollar quyilib kelar, ularning birortasiga jo‘yali javob topolmayotgan edi.
Ayni paytda qarshisida bu ko‘rgilikdan, chidab bo‘lmas alamdan zor qaqshab yig‘layotgan muhabbati turardi. Uni bag‘riga bosib, dalda bergisi keldi. Kerak bo‘lsa, uzr aytib, kechirim so‘ramoqchi ham bo‘ldi. Ammo nazarida, endi kech edi… Ular o‘tirajak poyezd allaqachon ketib bo‘lgan edi.
Shundoq esa-da, Layloning qo‘llaridan tutdi.
– Sizga bir gap aytaman, faqat oxirigacha eshitasiz, agar xulosangiz o‘zgarmasa, unda mayli, siz aytganday bo‘ladi, – dedi.
Laylo gapirmadi. Jiqqa yoshga to‘lgan ko‘zlarini artdi. Uni bu alfozda ko‘rib, Iskandar Karimning ko‘ngli buzildi.
– Sizga hech qachon yolg‘on gapirmaganman, – deya gapida davom etdi. – Buning foydasi ham yo‘q aslida… Xullas, siz aytgan qiz bilan rostdan ham bir ko‘rishganman. O‘shanda…
Iskandar Karim gapiraverdi, o‘tgan voqealar ko‘z oldidan kino tasmasidek qayta jonlanaverdi.
… xayrlashmoq bo‘lib qo‘lini cho‘zgan edi, qiz mahkam ushlab, o‘ziga chunonan tortdiki, tutib turgan eshik ham tortilib, tashqaridan yopilib qoldi…
Ana, nima bo‘layotganini daf’atan sezmay qolgan Iskandar Karim qo‘lini tortib oldi. Qiz bo‘ynilariga qo‘lini yuborib, osildi. Bo‘ynida xuddi… ilon o‘rmalaganday seskanib ketdi.
– Nimalar qilyapsiz? – dedi qizga qarab. Qiz ko‘zlarini suzdi:
– Nima qilibman, – dedi ohista. – Voy-bu, bir erkalansam, erkalanibman…
Iskandar Karim vinoning achqimtil ta’midan qaqrayotgan tomog‘ini qirdi.
Shu tobda hech kutilmagan va o‘ylamagan ish bo‘ldi: qishloqda, og‘zi uvadalanib ketgan eski tandir bo‘yida onasining bir qo‘lida kasov, ikkinchisida yangi uzilgan kulchani tutganicha sog‘inch to‘la ko‘zlarini yo‘liga tikib turgan ma’sum nigohlari ko‘z oldiga kelib ketdi… Tandirxonaning narigi burchidan Laylo ham yengsa-yu rapidani kiygancha, yoyilgan xamir tagiga suv sepib, tandirga ilaman deya jilmayib qarab turganini ko‘rdi…
Garchi sarhushlikda ehtirosdan junbishga kelib turgan bo‘lsa-da, tuyg‘ulari chilparchin bo‘ldi. Hozirgina manavi ofatijon oldida gul – bahona, diydor – g‘animat deb turgan, butun vujudini qamrab olib, tobora qo‘zg‘alib kelayotgan hirsi so‘ndi-qoldi.
– Yo‘q! – dedi qat’iy ohangda. – Oqibati yomon bo‘ladi…
Bo‘ynida chirmashib, qonini gupirtirayotgan qizning qaynoq qo‘llari shalvirab tushib ketdi.
– Shunaqami? – dedi qiz xo‘mrayib.
– Ha…
– Bo‘pti! Uzr… Keta qoling!
Iskandar Karim yoqasini to‘g‘rilab, indamay eshikka yo‘nalgan edi, orqasidan alamli ovoz keldi:
– Qo‘rqoq!
Ilkis to‘xtadi. Ammo gapirmadi. Eshikni sharaqlatib yopdiyu chiqib ketdi.
Sho‘ring qurg‘ur Iskandar Karim gapini yakunlar ekan, zimdan Layloga qarab-qarab qo‘ydi. Nazarida, gaplari biroz ishonchsizroq chiqayotganday edi. Axir qaysi er yigit yarim tunda, yolg‘iz qiz, tag‘in ham o‘z mayllarini bildirib bag‘riga chorlab turgan suluv oldidan quruqqina chiqib ketar ekan… Bunga Laylo tugul, o‘zining ham ishongisi kelmayapti-ku. Agar o‘sha vaziyatda Iskandar Karimning o‘zi emas, boshqa birov bo‘lganidayu keyin shunday cho‘pchak to‘qib chiqarganida, hech qachon ishonmagan bo‘lar edi. Ammo nachora, Iskandar Karim mutlaqo o‘zi kutmagan holda, qizning oldidan quruqqina chiqa oldi. Istasa, Layloning oldida Ollohning nomi bilan qasam ham ichishini aytdi.
– Qasam ichishning keragi yo‘q, – dedi Laylo. – Baribir endi sizga ishonmayman!
Layloning qahrli ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan, kiprik qoqsa, dumalab ketgudek edi.
Iskandar Karim uning ko‘zlariga tik qarar ekan, Laylo hozir qo‘llarida xuddi mina tutib turganday, qimirlasa, bas, ikkisi tilka-pora bo‘lguday tuyuldi.
– Unda o‘zingiz bilasiz! – dedi zarda bilan. – Birovlarga ishonib yuravering!
Layloning nigohlari g‘azab va alamdan portlago‘day bo‘ldi.
Iskandar Karim ortga burildiyu keta boshladi.
Metro bekatiga shamol epini kirib kelayotgan edi. Poyezdning chiroqlari ko‘rina boshladi.
Iskandar Karim butun vujudini alamli hayqiriq mahv etgan ko‘yi og‘ir qadamlar tashlab yoqimsiz hidli bekat zinasidan qaytib chiqa boshladi.
Endigina bekatning eshigiga yetganida metro poyezdining chinqirib signal chalgani va qattiq tormoz ovozi eshitildi. Yo‘lovchilarning bari poyezd tomon yugurgilab qoldi. Hatto, chipta nazoratchilariyu militsiya xodimlari ham yugurib bekatga tushib ketdi.
Iskandar Karim jahl otiga mingancha pishqirib tashqariga chiqdi va toza havodan to‘yib simirgancha, bekat tepasida birpas turib qoldi.
…o‘lguday horib, ishxonaga kirib keldi. Kompyuteriga sariq qog‘oz ilingan ekan. Olib o‘qidi: “Iskandarjon, arizangizni yozib ketaverar ekansiz. Rahbar arizasini oling dedi. Men vazirlikka ketdim, arizani stolim ustiga qo‘yib keting. Qolganini ertaga gaplashamiz. A. S. Sana, imzo”.
Manglayidan sovuq ter chiqib ketdi. Dod degisi keldi. Ammo tishini-tishiga qo‘ydi. Ayb o‘zida. Hammasiga o‘zginasi aybdor. O‘qish-ku, mayli, muhabbatga mubtalo bo‘lib, ishni ham unutib qo‘ydi…
Arizani yozayotib, qo‘li qaltiradi.
O‘sha zahoti titroq qo‘li bilan qora jildli yondaftariga ham alam bilan yana bir satrni bitib qo‘ydi: “Nachora, bir kunda baridan ayrildim. Ayrilar ekanman, nega boshladim…”
19
Uyga poyu piyoda qaytmoqqa qaror qildi. Odamlardan o‘zini uzoqroq tutgisi, yolg‘iz holda o‘ylariga erk bergisi keldi.
Yo‘l-yo‘lakay Laylo bilan o‘rtasidagi munosabatlar haqida o‘yladi. Darz ketgan muhabbatiga achinishni ham, havas qilishni ham bilmadi. Kechagina sevgisidan mast bo‘lib, Iskandar Karimdan ko‘zini uzmay yurgan, muhabbatini avaylab, pinhon tutishni qayta-qayta so‘ragan, o‘qishni tugatishlari bilan taqdirini bir umrga bog‘lashga rozilik bergan, mudom ishonch rishtalarini mustahkam saqlashga ahd qilgan qiz nega uni sinamoqchi bo‘ldi? Nima uchun? Qaysi aybi uchun?
Oila qurishgach, hatto ketaman desa, qishlog‘iga ham birga ketishga ota-onasini ko‘ndiraman deb va’da bergan qizning ko‘nglida ishonchsizlik qayerdan paydo bo‘ldi ekan?
Iskandar Karim adoqsiz savollarning birortasiga tayin javob topolmadi.
Har qadami zilday og‘ir tuyular, tovoni tilinganday jizillab borar, buyam yetmaganday, boshi og‘riqdan yorilay derdi.
Chorrahaga yaqinlashdi. O‘y-xayollari chuvalashib, hali svetaforning yashil chirog‘i yonmasidan yurib ketdi. Bir mashina katta tezlikda kelib turtib yuborishiga bir baxya qoldi. Haydovchi tormozni qattiq bosdi, mashina shinalari chiyillagancha, asfaltda qora iz qoldirib, ko‘kimtir tutun chiqdi. Haydovchi oynadan boshini chiqarib, ortiga qaragancha, bo‘ralatib so‘kdi.
Iskandar Karim asabiy qo‘l siltadi:
– Bor, yo‘qol, yo‘lingdan qolma!
Katta yo‘l yoqasidagi yo‘lak bo‘ylab, vazmindan-vazmin qadam bosib ketaverdi. Shom cho‘kib bo‘lgan, shahar tungi chiroqlar yog‘dusida tobora go‘zallashib, gavjumlashgan, yo‘lning ikki tarafi bo‘ylab cho‘zilgan restoran-kafelar, yemakxonayu qovoqxonalarning bari xo‘randaga makon tutgan edi.
Iskandar Karim hamyonini kavladi. Qo‘liga ozroq pul va mayda chaqalar ilashib chiqdi. Ishidan ayrildi. Endi keladigan pul yo‘q. Manavilar esa, keyingi haftaga yetmaydi. Yetmas ekan, ularni tejashdan yo asrab o‘tirishdan naf yo‘q.
Ertani o‘ylayverib, esi og‘ib bo‘lgan Iskandar Karim alamdan labini qattiq tishladi. Labi qonadi. Qonni tupurish o‘rniga negadir ichiga yutib yubordiyu yovvoyi bir ta’mni his etdi. Qorni tatalab ketgan esa-da, yemakxonaga emas, gir-atrofida ko‘rkam stol-stullar bilan to‘lgan bir hashamatli shisha devorli restoranga tutash kamtargina kafega kirdi.
Quyma pivo buyurtma qildi. Ofitsiant birpasda ko‘piklari toshib, tilladek tovlanib turgan bokalda muzdek pivo va ikki dona qurut olib keldi. Iskandar Karim xuddi cho‘lda qolib ketgan sahroyi kabi muzdek pivoni bir ko‘tarishda sipqorib, yarimlatdi.
Shisha devorning narigi tomoniga, nomi chiqqan hashamdor restoranda o‘tirgan mijozlarga termulib qoldi. Odamlar qanchalar baxtiyor… Barining yuz-ko‘zida quvonch, xursandchilik. Xotirjam nigohlarida dunyoga beqiyos muhabbatni ko‘rasan kishi. Go‘yo, bu shahar odamlari g‘am-tashvishdan ayro dunyoda yashaydi. Pulni, mol-dunyoni qanday qilib topishar ekan-a…
Iskandar Karim ularning stoliga ham dam-badam qaraydi. Tansiq taomlar ko‘rib, ichi g‘uldiraydi. Tamshanib qo‘yadi.
Har zamonda bir ho‘plam ichib, qurutdan chorak-chorak qilib tishlaydi. Tanasi uzra yoyilib borayotgan muzdek ichimlik ham ichini yondirayotgan dardlarning otashini so‘ndirolmayotgan edi.
Bir mahal restoran oldiga bir qora mashina kelib to‘xtadi. Undan bir ayol va erkak tushdi. Iskandar Karim ularning shisha devor ortidagi restoranga kirganidagina yuzini ko‘rdi. Ko‘rdiyu, vo-ajab, deya hushtak chalib yubordi!
Qora kostyumini qo‘liga tashlab olgan rahbari va uning ortidan pildiragancha kelgan kadrlar bo‘limi boshlig‘i Sanobar opa edi!
Iskandar Karim bokalning so‘nggi yutumini qultillatib yutdiyu yangi mehmonlardan ko‘zini uzmagancha, ofitsiantni chaqirdi.
– Yana bitta bering! – dedi.
Bu mahalda rahbari ofitsiant ko‘rsatgan shisha devorga yaqinroq joyga, uzun gultuvak gullari Iskandar Karimni biroz to‘sib turadigan stolga kelib, stullardan birini tortdi va ayolga iltifot ko‘rsatib, o‘tirg‘izdi. O‘zi qarama-qarshi stulga cho‘kdi. Rahbar o‘tirishi bilan yon-atrofga bir-bir razm solib, olazarak qaradi.
Shu mahal shisha devor ortida o‘tirgan Iskandar Karimga ko‘zi tushdi-yu, tarashaday qotib qoldi. Undan ko‘zini uzmasdan, ayolga nimadir deya shivirladi. Kadrlar bo‘limi boshlig‘i yalt etib ortiga burilib qaradi.
Ana shunda Iskandar Karimning chirog‘i yondi!
Ikkisiga qarab, jilmaydi va ko‘piklari toshay-toshay deb turgan yangi pivo bokalini dast ko‘tarib, go‘yo ular bilan havoda to‘qishtirdi!
Bugungina, boyagina ishdan bo‘shatilgan xodimining bu qilig‘i rahbarga, undan ham ko‘ra kadrlar bo‘limi boshlig‘iga mutlaqo yoqmadi, shekilli, o‘zlarini qo‘yarga joy topolmay, tipirchilab qolishdi.
“Bu la’natilarni ilgari bir marta liftda bir-biriga juda yaqin turganini ko‘rib qolganimda tasodif bo‘lsa kerak, deb o‘ylovdim, – deya xayolidan o‘tkazdi Iskandar Karim. – Demak, demak, tasodif emas ekan… O‘zim ham aytdim, o‘shandan so‘ng anavi urg‘ochining muomalasi o‘zgarib qoldi, deb… Dam-badam ishimdan kamchilik chiqqani, ketma-ket arizalar yozdirishgani bejiz emas ekan-da…”
Iskandar Karim o‘rnidan turdi. O‘tirishni ham, qaytib ketarini ham bilmay turgan rahbariga shisha devor osha yana bir bor jilmaydi. Bosh barmog‘ini yuqori ko‘tarib, “zo‘r” deya ishora berdi va kafedan g‘olibona chiqib ketdi.
Uyi tomon jadal yurar ekan, negadir qadam olishi yengillashganday edi.
Ijaraga uyiga kelganida o‘zini ancha tetik his qildi.
Nihoyat, hayotidagi eng og‘ir kunlardan biri o‘z poyoniga yetayotgan edi. Shu chog‘da endi ortiq hech narsani o‘ylamaslikka qaror qildi.
«O‘lmagan qul sabr qilsa, boshiga tushganini ko‘raveradi» dedi ichida va zildek gavdasini to‘shakka gurs etkizib tashladi.
20
Ertasi kuni ertalab fakultetda g‘ala-g‘ovur, shivir-shivirning ustidan chiqdi. Kursdoshlari Iskandar Karimni ko‘rishi bilan g‘alatidan-g‘alati qarab qolishdi.
Birinchi bo‘lib Baxtigul yugurib keldi.
– Eshitdingizmi, Iskandar? – deya so‘radi behad xavotirda hovliqib. Uning kirtayib ketgan ko‘zlari biroz qizargan, hozir birov «buv» desa yig‘lab yuborguday tusi bor edi.
– Nimani? – dedi Iskandar Karim hayron bo‘lib.
– Layloni… – deya hiqillab boshladi.
– E, endi mengayam baribir! – dedi Iskandar Karim qo‘l siltab.
Baxtigul taxtaday qotib qoldi.
– U nima deganingiz? Esingiz joyidami?
– Joyida! – deya uning gapini cho‘rt kesdi Iskandar Karim. – Orani ochiq qildik!
Baxtigul esdan og‘ayotgan odamday angrayib qoldi.
– Sizning xabaringiz yo‘qmi hali? – dedi ro‘molchasi bilan ko‘zini artar ekan.
Iskandar Karim indamadi.
– Laylo… endi yo‘q… – dedi Baxtigul va yig‘lab yubordi. – Kecha metroda….
Laylo gapini oxirigacha aytmadi. Balki, u oxirigacha aytdiyu Iskandar Karim eshitmadi…
Quloqlari batang bo‘lgan Iskandar Karimning tanasi bo‘shashib ketdi. Dimog‘i achishib, nafas olishi qiyinlashdi. Lom-mim deyolmay, deraza yoniga bordi. Derazani ochdi. Ko‘zlarini yumib olgancha, urilayotgan yengil shabadaga yuz burib turdi.
Metroning yoqimsiz isi kelganday bo‘ldi…
Ko‘z oldiga kecha metro bekatidagi uchrashuvi keldi. Tortishgani… Layloning alamdan qalt-qalt etgan nozik vujudi va qahrdan yongan ko‘zlari jonlandi.
Jahl ustida xayrlashmay, shartta ketib yuborgani…
Metro poyezdining tormozni qattiq bosganiyu olamni buzib chinqirgani…
Odamlarning bekatda yugurgilab qolgani…
Iskandar Karimni g‘aflat bosdi.
O‘sha oqshom muhabbat osmonida bir lobar yulduz so‘ndi.
21
Ko‘ngil vayrona bo‘lmasin ekan. Necha kunki, tashlandiq xarobazordek huvillab yotgan ko‘ngli Iskandar Karimning majolini quritdi. Go‘yo vaqt butkul to‘xtab qolgan, kun va tunlarning ham farqi sezilmas, hayot – ma’nisiz va sariq chaqaga arzimaydigan tiriklikdek tuyula boshladi.
Qosh qoraymasdan uyga horib qaytgan Iskandar Karim yarim tunga qadar kiprik qoqmay, misoli o‘likdek qimirlamay yotdi. Ko‘zini yumishi bilan Laylo paydo bo‘lar, avvalgidek gulgun jilmayishlari o‘rnini g‘amnok nigohlar egallagan, norizo termulgancha nimalardir demoqchi bo‘lar, ammo Iskandar Karim uning gaplarini eshitolmas, eshitmagan sayin Layloning qahri kelib, ma’yus boqishlari yo‘qolar va ko‘zlari ola-ko‘la bo‘lib yonar, quloqlari xuddi ertaklardagi devlarnikidek kattalashar, tirnoqlari o‘sib chiqib, xanjar shakliga kirar, shu xanjarsifat tirnoqlarini botirib o‘ldirmoqchi bo‘lib, Iskandar Karimga yovuzlarcha hamla qilar edi.
Iskandar Karim qo‘rquvdan seskanib ko‘zini ochishi bilan Laylo yana o‘z holiga qaytar, ma’yus termulib turar edi.
Yostig‘i ostidan ro‘molchani olib, hidladiyu yetmish ikki tomiri jimirlab ketdi…
O‘pkasi to‘lib kela boshdi.
Shiftga qarab yotgancha, ochiq ko‘zlari ustiga ro‘molchani tashladi. Ammo baribir ko‘z oldidan Laylo ketmadi. Bu safar u imlab o‘z yoniga chaqirdi. Iskandar Karim bormoq bo‘lib, qadam tashladi, ammo qadami unmadi. Yugurmoqchi bo‘ldi, joyida muallaq qolaverdi. Ming yugurmasin, bir yumalab yetadigan joyga yetolmadi.
“Qara, Laylo, qo‘l uzatsa yetadigan joydasan, ammo senga yetish naqadar qiyin…”
Laylo qo‘llarini uzatdi. Iskandar Karim ham qo‘l cho‘zdi, biroq yana yetmadi.
G‘amnok ko‘zlarini uzmasdan, Laylo havoga yozuv bitdi. Iskandar Karim havoda suzib yurgan o‘rgimchak to‘ri singari yozilayotgan yozuvni tusmollab o‘qidi: “Bax-t-i…”
Biroq so‘zlarni oxirigacha o‘qib ulgurmasidan harflar havoga singib yo‘qolib boraverdi. Iskandar Karim angraydi. Tushunolmadi. Laylo nima demoqchi? “Baxtimizga yetolmadik”, “Baxtiyor bo‘lolmadik” deyaptimi? Yoki “Baxtli bo‘ling” deya tilak bildirdimikan?
G‘oyat ichikishlar, afsusu nadomatlar daryosiga tobora g‘arq bo‘lib sho‘ng‘ib borayotgan Iskandar Karim ezgin o‘ylar aro xayolan dardlashdiki, nega ovoz chiqarib gapirmaysan, Laylo?.. Nima uchun unday ish qilding o‘zi? Nega meni sensiz yashash abas dunyoga tashlab keta qolding? Odamni bunchalar azoblashni sevmasang, dedi…
Iskandar Karim majolsiz qo‘llari bilan ro‘molchani g‘ijimlab, bir chetiga ochiq ko‘zlarida halqalangan yoshni artdi… Shunday xo‘rsindiki, xuddi ko‘krak qafasini mushuk tirnaganday achishdi.
Qovoqlari zilday og‘irlashib, ko‘zlari yumilib ketaverdi.
Qancha yotdi – bilmaydi. Saharga yaqin bir tush ko‘ribdi. Emishki, Laylo ikkisi qo‘l ushlashib so‘lim bir bog‘da sayr qilib yurganmish. Kutilmaganda oldilaridan daryo chiqib qolgan emish. Ko‘rib, xursand bo‘lishibdi. Layloni dast ko‘tarib, suvdan olib o‘tmoqchi bo‘libdi. Pochalarini shimarib, suvga endi oyoq suqqan ekan, oyog‘i ostidagi suv birdan g‘oyib bo‘libdiyu birgalikda suv tubida paydo bo‘lgan juda chuqur jarlikka qulashibdi.
Laylo bo‘yinlaridan mahkam quchgancha, dod deb baqirar, Iskandar Karim ham lahzalar ichra u bilan vidolashar emish. Jarlik tubiga yetay-etay deganda, o‘zlarini jarda emas, ho‘v o‘sha tanish metro bekatida ko‘rishganmish.
“Xayriyat, tirik qoldik. Shukr, ming qatla shukr”, deya endigina xursand bo‘la boshlashgan ekan, metro poyezdi relsidan chiqib, to‘g‘ri ularning ustiga pishqirgancha bostirib kela boshlabdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, poyezdni boshqarayotgan kishi Laylo emish! Iskandar Karim jon holatda qo‘lidan tutib turgan qizni o‘ziga qaratib qarasa, uyam Laylo emish. Hech narsaga tushunmay, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrayotganmish. Juda yaqinlashib qolganda ikkisi ham poyezddagi Layloga: “To‘xtat!” deya baqiribdi. U bo‘lsa, tormozni bosish o‘rniga tezlikni yanada oshiribdi va qah-qah otib kulgancha: “Ikkovingni ham tinchitaman!” deya baqiribdi. Baqirganida chiroq yorug‘ida katta-katta suyloq tishlari ko‘rinib ketibdi.
Ikkovi ham o‘zlarini platforma o‘rtasiga otishibdi. Ammo foydasi bo‘lmabdi: poyez naqd ustilariga bostirib kelib, majaqlab ketibdiyu bekat ustunlarining barini yiqitib, chiqish zina oldida to‘xtab, yona boshlabdi…
Xuddi shu manzara moyanasida Iskandar Karimning tanasi tilka-pora bo‘lib ketibdi…
Dod degancha baqirib yubordi.
Narigi xonada uxlayotgan ijaradosh yigitlar qo‘rquvdan uyg‘onib, ko‘zlarini ishqalagancha chiroqni yoqib kelishdi. Jiqqa terga botib, qalt-qalt titrayotgan Iskandar Karimning yuz-ko‘zlaridagi sarosimani ko‘rib, “yomonroq tush ko‘rdingmi” deya so‘rashdi.
Iskandar Karim karaxt holda, bosh irg‘ab qo‘ydi.
Ro‘molcha bilan terini artdi. Oshxonaga chiqib, bir piyola sovuq suvni pichirlagancha qult-qult etkizib, bo‘lib-bo‘lib ichdi.
Bu mudhish tush unga umrbodlik do‘st tutindi.
22
…Agar mehmonning yuzidagi samimiyat pardasi ko‘tarilib, piching qila boshlasa, bilingki, uning izzati bitgan, mehmonga emas, haqorat eshitishga kelgan. Buning uchun uni bemalol urishsa, so‘ksa bo‘ladi. Hatto, uydan haydab solish ham mumkin.
Biroq badbaxt Iskandar Karimning oldida o‘tirgan mana bu ayol mehmon emas, o‘z jufti haloli – baxtiqaro Baxtigul edi. Zaharli tilidan sochilayotgan beayov pichinglari to‘g‘ri suyakka borib qadalayotgan esa-da, hozir uni so‘kib ham bo‘lmasdi, uydan quvib chiqarishning ham mavridi emas edi.
Qishloqqa ko‘chib kelib yashayotganining oltinchi yili edi. Ayoli tugunini ko‘tarib, ota uyiga ketib qorasini ko‘rsatmaganiga yetti oydan oshdi.
Jalada qolgan odam yomg‘irdan qo‘rqmaydi. Xotini illo-billo, ajrashaman, dedi. Avvaliga Iskandar Karim unamadi.
Ayoli sening zulmingga chidagandan ko‘ra, o‘zimni osaman, dedi. Iskandar Karim urush-janjallarni bir chetga surib qo‘yib, yon berishga majbur bo‘ldi.
Ayoli sendek latta erdan isnod qilaman, dedi. Na topish-tutishingning tayini bor, na yeb-ichishingning, dedi. Iskandar Karim tishini g‘ijirlatdiyu sukut saqladi.
Oxiri bo‘lmadi. Hayosizga har kun hayit deganidek ayoli ayollik qildi: qasdma-qasdiga ming turfa turlanib, ming turfa tuslana boshladi. Avval yurish-turishi o‘zgardi. Sidirg‘a sochlari yoyilib, yelkasiga tushdi. Ko‘cha-ko‘yda xuddi o‘n sakkiz yashar qizchalardek noz-karashma qilib yuradigan bo‘ldi.
Er bo‘lmishning qarindosh-urug‘i or qildi.
Yangalar Iskandar Karimni siquvga oldi. Ammalar ko‘zini ochirmadi.
“Yig‘ishtirib olsang o‘lasanmi? – dedi amakilar. – Kimning xotini shunday yuradi?”
Iskandar Karim chorasiz qoldi.
Mana, ayoli pattasini olgani kelib o‘tiribdi. Bir og‘iz “taloq” aytilsa, kifoya. Iskandar Karim o‘yladiki, mayli, osmon gumburlab, arshi a’lo titrab ketsayam, endi “talog‘ini” aytmasa bo‘lmaydi. U yog‘i ayolning boshi ochiq, bu yog‘i Iskandar Karimning – yo‘li.
Ko‘rpacha chetida, dasturxonga yarim burilib, o‘z uyi – o‘lan to‘shagiga benihoya yotsirabgina turgan ayoliga zimdan qarab qo‘yayotgan Iskandar Karim taloq guvohlari – qarindosh-urug‘i yetib kelguniga qadar qovog‘ini solib, mo‘m tishlab o‘tirmoqdan o‘zga chora yo‘qligini tushundi.
23
Qarindoshlar hadeganda kelavermadi. Aytimchi bola – doim burni oqib yuradigan jiyani qaytib keldi.
Sukut saqlab o‘tiraverib, Iskandar Karimning yuragi toriqdi.
– Tayinlab keldingmi? – deya so‘radi oxiri.
– Ha, tayinlab aytdim, – dedi aytimchi.
Iskandar Karim ko‘z qiri bilan ayoliga nazar tashladi. Ayoli qoshlari chimirilib, ters o‘tirdi.
Iskandar Karim o‘yladiki, endi barini yuziga aytmasa bo‘lmaydi, harna, qarindoshlar ajrimning asl sababini so‘rayverib, yurakni ezib yurmaydi. Baribir u gaplar ko‘nglining qora bir burchak-tuynuklarida turaveradi, aytilmay qolsa, qachondir xotiraga tushganida darrov es-hushini o‘z zabtiga olib, tinchlik bermaydi, aytging, aytganda ham telbalarcha hayqirib baralla aytging keladi, toki eshitgan odam butun aybni Iskandar Karimdan ko‘rmasin, unga qo‘shilib, olamga jar solsin, ey, odamzod, mana bu bandaning ahvolini ko‘r, boyaqish dunyoga sig‘may qolibdi-ku, quloq tutmasang, adoyi tamom bo‘libdi, bir bechoraning boshiga ish tushganda, qo‘lni qovushtirib turish yaramaydi, dalda ber, suyanch bo‘l, ko‘ngliga quloq osginu hovuridan tushir, shunda yengil tortadi desin va turgan gapki, o‘zi ham o‘sha olomonga qo‘shilib, seni tushunsin, seni anglasin, ko‘nglingga qarasin.
Shunday deya o‘ylar ekan, Iskandar Karim xuddi o‘qlangan to‘pponchaday g‘azab bilan, shartta-shartta yuzga gapirmoqqa shay turdi. Va shuning moyanasida esa ho‘v bir zamonlardagi ayrim manzaralar xotirasida peshma-pesh jonlanib, qalbida bir shirin titroq uyg‘otsa, bir bitmas chok qoldirib, azobli tilib o‘ta boshladi.
24
E, baxtiqaro Baxtigul, dedi ichida ayqirib. Qara, bilgichlar husn to‘yda kerak, muhabbat – kunda, deb bejiz aytmagan ekan. Sening nimangga uchdim ekan-a? Layloga yetisha olmaganimdan keyin Sahroi Kabir kabi huvillab yotgan qalbimga sen kirib kelding. Men seni avval-boshda sevganim yo‘q. Sen ayriliq onlarimda yolg‘iz tashlab qo‘ymading. Jon do‘sting – yolg‘iz dugonang yuz ko‘rishmas bo‘lib ketishini bilsang-da, garchi bundan o‘sha dugonang ranjishini, ehtimolki, sen bilan ham aloqalarini uzishini bilsang-da, sen yuz o‘girmading. Laylodan ayrilganimizda men ham… o‘zimni… O‘sha metroga…
Ming bir yomon o‘ylar yuragimni kemirib tashlagan edi.
O‘sha og‘ir damlarimda ra’yimga qarading.
Men ham ahmoqlik qildim, aslida. Qasd qildim, qasd!
Hali oradan yillar o‘tib, qasdlashishning jabrini tortishimni qayerdan ham bilibman…
Har kimga o‘z ko‘nglidagi juft nasib etsa, umri uzayadi, deb bejiz aytishmagan ekan. Ofiyat istab, sokin tortib, hayotida farog‘atli kunlar ko‘p bo‘ladi, ko‘ngliga kulgi sig‘adi, umriga mazmun kiradi. Yo‘qsa… ko‘rgan kuni jahannamga aylanadi. Ruhiyatda yaqinlik bo‘lmasa, ko‘ngil degani doim ham bir-biriga mos tushmasa-da, baribir odam o‘y-xayollarida bo‘lsayam o‘z juftidan mushtaraklik izlaydi, topolmasa, beixtiyor o‘zga ko‘ngillarga qalbidan izn bergisi keladi… Bu ixtiyorsiz sodir bo‘lar ekan, Laylo! Yo‘qsa, seni shunchalik sevgan qalbga boshqa uchun joy topilarmidi?
Ikkinchi muhabbat esa, omonat muhabbat bo‘ladi. El ikkinchi xotin — yo‘ldan qo‘shilgan xotin, deydi. Ikkinchi xotin birinchidek bo‘lmaydi. Bo‘la olmaydi. Chunki u yurakni yurakka berib, qalbni qalbga tutashtirib, tamal toshi qo‘yilgan hayot yo‘lining qaysidir bekatida, yo‘ldan qo‘shilgan odam. O‘zi g‘isht qo‘ymagan poydevorni avaylamaydi!
Bilasanmi, bu juda yomon. Juda yomon, baxtiqaro Baxtigul!
Sen buni tushunasanmi o‘zi?
Qo‘rqamanki, hech qachon anglolmaysan, anglash ham gapmi, hatto tasavvur qilolmaysan, bil’aks, senga doim murosasozlikdan ko‘ra, ziddiyatlar yoqqan, mudom kim bilandir taraf-taraf bo‘lishing, dilxiraliklar bilan boshqalarga ozor berishing, so‘ng vijdon azobida qovrilib, o‘zingni qo‘yarga joy topolmay, talvasada yurishing, xuddi urush-janjalsiz yashay olmaydiganday qilib ko‘rsatishing muhimroqday tutasan o‘zingni, shugina tutuming seni ado qiladi, mana, buning isbotini ko‘rib turibsan, hozir yonginamda o‘tiribsan-u yetti yot begonadaysan, xuddi birinchi marotaba ko‘rishganimizdagi – muhabbat atalmish chorboqqa ilk bor birga qadam qo‘yganimizdagidek o‘zingni olib qochyapsan, yuragingda behad chuqur hadik borligini sezib turibman, sezmay o‘libmanmi, xayolingda kechayotgan har fikrni uqaman, ko‘z qarashlaringdan nima demoqchi ekanligingni fahmlayman, shunday ekan, shartaki tuyg‘ularingni sirtdan sokin ko‘rinayotgan o‘ylaring bilan xaspo‘shlama, barini bilaman, bugun mendan qutulsang bo‘ldi, o‘zingga xon – ko‘lankang maydon bo‘lishni istayapsan, shoshma, niyatingga yetasan, ungacha ozroq sabr qilib turishingga to‘g‘ri keladi, senga aytar gaplarimni eshitmasingdan taloq qo‘yish yo‘q, chunonchi mening ham umrimni egovlagan yillar silsilasida to‘planib qolgan, shu paytga qadar oilam tinchligini o‘ylab, churq etib aytishni ep ko‘rmagan gaplarim ko‘p, ularni bugun to‘kib-sochmasam, endi og‘irlik qiladi… Ehtimol, menga shunday tuyular, ammo boshqalardayam ayni fikrni shakllantirgansanki, ularning tili bo‘lsa o‘zlari aytsin – vaqt o‘tib, huv keksalik davrlariga qadar yetib borsak, balki, noto‘g‘ri xayollarda yurganimni eslab, kulibgina qo‘ya qolarman, ammo hozircha shunday fikrdamanki, sen aynan shunday ziddiyatlisan, beqarorsan, uzoqni ko‘ra olmaysan, beadoq kaltafahmlik ila jizzakilik qilasanki, bu hol o‘zingga bilinmaydi. Nachora, boshimga shu tashvishni sotib olayotganim o‘sha mahal – yoshlik davrimda xuddi qiz zotining urug‘i qurib ketganday seni tanlab, qilayotgan bu xatoyim qimmatga tushishini, yosh umrimni xazon qilishiga ko‘zim yetganida, issig‘ida hayot yo‘limizni bog‘lamasdim, ammo g‘o‘rlikda ne bir yaxshi umidlar qilganim, orzularni tush ko‘rganim, shuning orqasidan ko‘zim ko‘r, qulog‘im kar bo‘lganini bugun afsus bilan eslashdan ma’ni ham, foyda ham yo‘qligini bilsam-da, ayni o‘ylar menga tinchlik bermayotganini bilishingni istardim.
25
Yaxshi eslaydi: bir gal qishloqdan onasi qora tortib xasta hamsoya xotinni boshlab kelib qoldi. Iskandar Karim suyundi. Ayolining ham chiroyi ochilib gurung berib o‘tirgan edi.
Bemor hamsoyani do‘xtirga ko‘rsatishdi. Uyiga qaytib kelishganida, u quyuqdan-quyuq alqadi. Sizlargayam tirnoq bitsin, iloyim, deya duo qildi.
Ammo hammasi ertasi kuni kechda, ishdan kelganida boshlandi. Qarasa, kelganidan beri chehrasi yorishgancha suhbatlashib, bir gapirib, ikki kulib o‘tirgan onasining dami ichiga tushib ketgan. Keng-mo‘l mehmonxonada hamsoya ayol bilan pichir-pichir qilib gaplashadi, ovozini eshitib bo‘lmaydi.
Xotinining esa qoshlari chimirilib, orqasi tutib o‘tirgan ekanmi, choy quyib, uzatadiyu dam oshxonaga chiqib ketadi, dam yotoqxonaga o‘tib, gumdon bo‘ladi.
Ko‘ngli g‘ash tortdi. Biroq mehmonlarga sezdirmadi. Yotoqxonaga kirsa, ayoli tumtayib o‘tiribdi.
– Tinchlikmi? – dedi hayron bo‘lib.
– Tinch, – dedi Baxtigul.
– Nega bu yerda o‘tiribsan unda?
– O‘zim, charchadim…
– Charchaydigan nima ish qilding?
Ayoli javob berish o‘rniga xo‘mraydi.
Iskandar Karim ayolining jizzakiliklariga ko‘nikib ketgani bois, ortiqcha so‘z qotmadi. Barini o‘zidan ko‘rdi: uning bu holga kelishiga o‘zi, jizzakiliklari sababchi.
Ammo baribir bu hol unga yoqmadi.
– Chiq, mehmonlar bilan o‘tir. Nima yoqmayotgan bo‘lsa, ular ketishgach aytasan, kelishib ketaveramiz o‘zimiz, lekin hozir ularga hech nimani sezdirma, – dedi.
Ayoli yov qarash qilib qo‘ydi, xolos. Ammo qaytib chiqmadi. Iskandar Karim ichidan qirindi o‘tib, onasi va hamsoya xotin bilan o‘zi suhbatlashib o‘tirgan bo‘ldi.
Ertasi kuni ular ketishdi. Ketar oldidan onasi imlab, chaqirdi. Hech kimga eshittirmasdan:
– Bolam, kelganim malol keldimi? – deb so‘radi.
Iskandar Karimning eti jimirlab ketdi. Boshiga to‘qmoq bilan urganday bo‘ldi.
– Nega unday deysiz, ena? – dedi lol bo‘lib.
– Bilmadim. Ishqilib tinch o‘tiruvdinglarmi? Tinchingizni buzmadikmi?
– Yo‘q, ena… Tinchmiz.
– Ha, unda yaxshi. Kelin bizdan xafamikan, yo?
– Nega xafa bo‘larkan? Qaytanga, sizlarni ko‘rib, xursand bo‘p ketdi… – deya o‘tirik to‘qidi.
– Bilmasam, bolam. Odam ko‘rganim yolg‘on-e… Ignaning ustida o‘tirganday bo‘ldim…
Iskandar Karimning ichini it tirnadi, ammo dilidagini tiliga chiqarmadi.
Hammasi keyin ma’lum bo‘ldi: onasi tushmagur kelinning oldida hamsoyaning kelinini maqtabroq gapirib qo‘yibdi… Vannaning jumragini bor bo‘yi ochib, sharillatib suv oqizibdi. Buyam “kamlik qilganiday”, ovqatni chapillatib yebdi, choyni qattiq xo‘rillatib ichibdi…
Baxtigul bu gaplarni shunday norizo ohangda aytdiki, Iskandar Karimning g‘ashi kelib, tili qichidi. Ammo xotinlar gapiga parvo qilgan erkak ularning qavmidan bo‘lib qoladi, degan aqidasiga amal qilib, g‘ing demadi. Biroq Baxtigulning keyingi paytlarda tili chiqib qolganiga, xurmacha qiliqlari paydo bo‘layotganiga chidashi qiyin bo‘ldi.
Bechora onasi… Qay ahvolga tushdi-ya.
Bir mahallar yod olgan, do‘stlari davrasida aytib turadigan bir she’r quloqlari ostida aks-sado berdi. She’rni pichirlab o‘qir ekan, onasining nafasi ichiga tushib, pichirlaganlari, hamsoya xotin oldida izza bo‘lgan ezgin nigohlari ko‘z oldiga keldi:
Ona kelib olis qishloqdan[1]
O‘g‘li bilan yashay boshladi.
Va dasturxon yozilgan choqda
Shirmoy nonning chetin tishladi.
Yuvib berdi bir bozor kirni,
Suvlar quydi so‘lgan gullarga.
Nevaralar bog‘chadan qaytgach,
Ertak aytib berdi ularga.
Avaylardi xonadon tinchin,
Suygan o‘g‘li uyning burchida,
Qog‘oz uzra egilgancha jim
She’r yozgan payt tutun ichida.
Qadam bosib xavotir bilan,
Qo‘rqar edi nafas olishga.
Tunlar xurrak tortmay deya u
Bosh qo‘yardi tongda bolishga.
Ammo bir kun mazasi qochib,
Ko‘z oldida yorug‘lik so‘ndi.
Qo‘llaridan tushib ketdi-yu,
Chil-chil bo‘lib piyola sindi.
O‘sha zahot hushiga qaytdi,
Chayqalardi o‘ngida olam.
U yugurib chiqqan o‘g‘liga
Shivirladi: “Ketaymi, bolam?”
O‘z jufti halolidan kutmagan bu oqibat yomon ta’sir qildi.
Bir bo‘lgan ikki bo‘lmay qolmas, ikki bo‘lgan uch bo‘lmay qolmas, uch bo‘lgan doim bo‘lmay qolmas.
Bir bo‘ldi, Baxtigul, ikki bo‘lmasin!
26
Olti oy avval edi. Oralaridan ola mushuk o‘tib qoldi.
Baxtigulning yo‘q joydan bahona izlab, kamchilik topaverishi, hadeb gap talashishidan zada bo‘lgan Iskandar Karim pichoq borib suyagiga qadalganini his qildi. Og‘ir karvon og‘ir ko‘char ekan. Iskandar Karimdek bosiq odam chidab turolmadi: baqirib gap qaytarayotgan Baxtigulga jahl ustida bir tarsaki tushirdi.
Baxtigul o‘pkasini bosolmay, alamdan tuni bilan yig‘lab chiqdi.
Ertasi kuni janjalning kattasi bo‘ldi.
– Senga tegib nimayam ko‘rdim o‘zi! – deya yig‘ladi Baxtigul. Yoshlari sel bo‘lib oqar, qancha qahr otiga minmasin, hozir unga qarab rahmi ham kelib ketdi.
“Bunchalik qilmasligim kerak edi…”
– O‘zi aslida meni sevmas eding! – deya alamdan qalt-qalt titrab bo‘zladi Baxtigul. – Sening ko‘ngling haliyam Layloda! Buni bilmaydi deb o‘ylaysanmi?..
– Baxtigul!!! – deya baqirdi Iskandar Karim. Hozir Baxtigulning ta’nalaridan ko‘ra sensirashi og‘ir botayotgan edi.
– Endi og‘zimni yopa olmaysan! – deya battar telbalarcha ushqirdi Baxtigul. – Shuncha yil chidadim! Yaxshi ko‘rmading, indamadim, hali sevib qolar deb yashadim. Tug‘mas deb ezding, chidadim. Ko‘zim ko‘r ekan. O‘zi avval-boshdan senga tegib xato qildim.
Baxtigul jahl ustida necha yillik sirini lop etib aytib qo‘yishiga bir bahiya qoldi…
Yuk og‘irini nor ko‘tarar, dard og‘irini – er. Ammo er ham ko‘tara olmaydigan yuklar bo‘lar ekan. U nima ekanligini Baxtiguldan ko‘ngli butkul qolib, qayta ilimagan Iskandar Karimdan so‘ramoq kerak…
27
“…Men hozir shularni o‘ylar ekanman, odamlardan eshitayotgan bir gap, hatto tinglayotgan har neki hazin musiqam dilimga g‘ashlik solyapti. Xonish qilayotgan xonandaning nolasi dilimni o‘rtayapti. Bir vallomat buyuk aytgan ekan, musiqa baxtli odamni boz baxtiyor qiladi, baxtsizni battar baxtsizlik sahrosiga uloqtiradi. Nazarimda, u rost gapni aytganki, mana, o‘zimni notavon, g‘arib, adashgan va baxtiqaro his qilayapman… Sen esa, ayni damda nimalar qilayotganingni o‘ylayapman, baxtiqaro Baxtigul. Ayriliqdan xuddi jinnilardek zavq olish, o‘zingning baxtiqaro emasliginingni boshqalarga ko‘rsatib, isbotlashdek yaramas qiliqlar qo‘lingdan kelishini namoyon etayotganingga qoyil qolib o‘tiribman va bunga sira ajablanmayman, binobarin, sen o‘zi aslan shunday eding: mening boshimga kulfat yog‘ilganida yo sinov kelganida sirtdan g‘amimga sherik ko‘rinsang-da, boshim tepasida turib chapak chalib, raqs tushganing shundoqqina ko‘z oldimda jonlanadi; dilim xufton bo‘lib, ko‘nglimga qil sig‘may ikki olam ovorasi bo‘lib qolganlarimda sho‘x-shodon qo‘shiqni varanglatib qo‘yib, hech qilmagan qilig‘ing – raqs tushganingni unutolmayman, axir uni esdan chiqarib bo‘ladimi, hech bir er-xotin birining boshiga kulfat tushganida ikkinchisi yayrab o‘ynaganini ko‘rmaganman, nazarimda, hayotda bunday bo‘lmaydi ham, chunki, faqat baxtsiz oilalardagina o‘chakishib, ichida mamnun kular, ammo baribir inson tanasining biror joyi og‘riyotganida xursandchilikdan chapak chalib, raqs tushmaydi… Og‘riqdan ingranadi.
Bilsang, kecha tuni bilan seni o‘ylab chiqdim. O‘zimni qo‘yarga joy topolmadim. Bugun qanchalik nafratlansam ham, o‘sha damlarni qumsadim.
Ammo oyog‘im ostida mina borligini, uni bexosdan bosib olganimni bilib qolganimda nima qilardim?
Minalar-ku jismni parcha-parcha qilib yuborishi mumkindir, ammo xotiralarni yo‘qota olmaydi…”
Mana, o‘sha yo‘qolmas va adoqsiz xotiralar Iskandar Karimni ado qilmoqda.
Hozir qarindoshlari yig‘iladi. Ming bir ikkilanishlaru oylab kechgan o‘ylovlar ortidan, Yaratganga tavakkal va yaxshi niyatlar qilib boshlangan ishq ertagi kutilmaganda ayanchli tarzda yakun topadi.
…Aslida baxt o‘zi nima?
Iskandar Karim shu paytga qadar boshidan kechirgan ko‘rgiliklar, azob-uqubatlar, hijron va ayriliqlar, mudom uni ta’qib etib kelgan omadsizliklar, bir-biriga qorishib, galma-gal yog‘ilgan sinovlarni yengib o‘tayotgan edi. Hatto, tirnoqqa zor ekanligiga ham chidayotgan edi…
Hech qachon to‘lmagan ko‘nglining bir chetini bo‘lsa-da to‘ldirib, obod etgan Baxtigul bilan bugungi ko‘rishuvi, ehtimolki, so‘nggi vidolashuvi og‘irlik qilmoqda edi.
Agar aytimchi bola hovliqib kirib, ammasi bilan singlisi kelganini aytmaganida boshi tars yorilar yoki yuragi yana xuruj qilishi mumkin edi.
28
– Yana hunarini boshladimi? – deya so‘radi ammasi salom-alikni ham unutib. – Qachongacha elga ermak bo‘lasizlar, a?
Iskandar Karim ammasiga e’tiroz qilmoqchi edi, Baxtigul tilga kirdiyu og‘zidagini ilib ketdi:
– Hunar ko‘rsatganlar boshqa, o‘shalarga gapiring! – dedi ammaning ko‘ziga tik boqib.
Amma bo‘lmishga birov gap bermasin. Boshlasa, gapini tugata olmaydi. Bir uzoqdan keldi, bir yaqindan – jahl qildi, avradi, ta’sirli gaplar aytdi, oyatu suralardan eslatdi, o‘rtada tirik yetim bo‘lib qolgan qo‘shnisining bolalarini misol keltirib picha ko‘z yoshi ham qilib oldi. Voh, axir Iskandar Karim bilan Baxtigulning bolasi yo‘qligi esiga tushdimi, noo‘rin gapirib qo‘yganidan xijolat tortdi. Biroq har gapiga chirsillab gap qaytarib o‘tirgan Baxtigul baribir taslim bo‘ldi: amma nima desa, garchi o‘ziga gard yuqtirmayotgan bo‘lsa-da, xayrixohlik bildira boshladi. Buni sezgan amma dinu diyonatdan, turmushning mushtiyu oilaning muqaddasligidan va’z o‘qiyverdi.
Baxtigul jim eshitdi. Iskandar Karimni Laylodan tortib olganimning azobini tortyapman endi, deya o‘yladi…
“Oralarini buzgan o‘sha qizni o‘zim topganimni aytsammi-aytmasammi? – deya mulohaza qildi ichida. – Iskandarni o‘sha qiz bilan sinab ko‘rish kerak deb Layloni ishontirganimni, aslida u qiz bilan Iskandarning orasida o‘sha tunda hech nima bo‘lmaganini yaxshi bilishimni, Layloni undan uzoqlatish uchun qizni yolg‘on gapirishga ko‘ndirganimni aytsam, yuragi tars yorilib ketsa kerak. Unda nima bo‘ladi… Qil ustida turgan taqdirimni o‘zim jarlikka itaramanmi?… Yo‘q, yaxshisi aytmayman. Bu mening o‘zim bilan ketadigan taqdirim siri bo‘la qolsin…”
Baxtigul o‘ylayverdi, amma gapiraverdi.
– Azob ko‘rmay, rohat yo‘q, aynanaylar! – dedi amma oxiri birpas tin olgach, sovib qolgan piyoladan choy ho‘plar ekan. – Bir achchiqning bir chuchugi albatta bo‘ladi. Har azobga bardosh kerak, har odamga hamisha yo‘ldosh kerak. Bunday arzimagan narsalarni deb ikkoving ikki tomonga ketaversanglar, aytinglar, qachon, kim bilan ham baxtli bo‘la olasizlar?! Hech kim bilan!
Ammaning jaydari “diplomatiyasi” ish berdimi yoki Baxtigulning o‘ylarimi – aniq emas, ammo oradan ko‘tarilgan oqibat qaytganday bo‘ldi.
Amma bilan singlisini kuzatishar ekan, uyga kirayotib, ostonada ikkovi baravar turib qoldi.
– Kiring, – dedi Baxtigul.
Iskandar Karim ostona hatladi. Indamay uzun xontaxta bo‘yiga borib, bolishga yonboshladi. Qovog‘i uyiq bo‘lsa-da, ko‘ngli yorishgan, ruhi biroz yengillashgan edi. Bir piyola choyni yutoqib sipqordi.
– Men endi nima qilay… – dedi Baxtigul.
– O‘zing bilasan… – dedi Iskandar Karim beparvo.
Baxtigul jimib qoldi. Turdi-turdi, ammo imdod kutgan Iskandar Karimdan sado chiqmadi.
– Tuguningni olib kel, deyish shuncha qiyinmi?.. – dedi Baxtigul xuddi yolg‘ondan araz urganday…
– Ha, juda qiyin! – dedi Iskandar Karim jo‘rttaga jahl qilib.
Baxtigul qo‘lidagi qog‘oz sochiqni Iskandar Karim tomon otdi. Havoda uchib kelib boshida turib qolgan qog‘oz sochiqni olar ekan, Iskandar Karim ham bolalardek erkalanib turgan Baxtigulga qarata irg‘itdi.
Ikkisi bap-baravar kulib yuborishdi.
29
Eski-tuski buyumlar, keraksiz jihozlar, sarg‘ayib ketgan taxlam-taxlam gazeta-jurnallar, bag‘ri qon bo‘lgan qoralamalarini to‘plab, ko‘hnachilarga topshirib yuborishga, go‘yo baxtsiz va omadsiz kunlari bilan xayrlashishga, yomon xotiralaridan qutulishga ahd qildi. Qog‘ozlarni saralayotib, talabalik paytida tutgan bir qora jildli yondaftarga nigohi tushdiyu tanasini yashin urganday bo‘ldi. Bir-bir varaqladi. Orasidan bir ro‘molcha chiqdi… Ro‘molchani avaylabgina titroq tutgan qo‘liga oldi. Hidlab ko‘rdi. Dimog‘iga allanechuk is keldi…
Yondaftarning so‘nggi betlaridan biri e’tiborini boz tortdi. Unga: “Nachora, bir kunda baridan ayrildim…” deb yozib qo‘yilgan edi.
Eti jiz etdi.
Kundalikda bitilgan yoshlik bilan xayrlashgach, keyinchalik ham ko‘p narsasidan mosuvo bo‘lgan, hayotda hech qachon omadi chopmagan, nimagaki qo‘l ursa, bari barbodlikka yuz tutgan Iskandar Karimday g‘aroyib odam aynan o‘sha g‘o‘rlik damlarida yana tag‘in nimasidan ayrilganini daf’atan eslay olmasa-da, sekin xotiralarida jamlangan voqealarni yodga oldi.
Mayin jilmayib qo‘ydi.
Qora jildli yondaftarining changini yaxshilab qoqib, ro‘molcha ikkisini olib qoldi. Qolgan lash-lushlarning barini jandachiga topshirdi.
O‘sha oqshom mijja qoqmay yondaftarini o‘qib chiqdi. Qiziq-qiziq gaplarini eslab, tinmay kuldi.
Bir mahal xonasiga beshikdagi o‘g‘ilchasini tebrataverib, uxlatolmay halak bo‘lgan Baxtigul kirib qoldi.
– Nima qilyapsiz, dadasi? – deya so‘radi.
– Hech nima, – dedi jilmayib.
So‘ng yondaftarga, o‘sha ayriliqlar bitilgan satrlar tagiga: “Inson bir-biridan arazlashni xush ko‘radi. Kimdandir xafa bo‘lgisi keladi. Nima uchunligining ahamiyati yo‘q, biror bahona topib, arazlasa bo‘lgani. Xafa bo‘ldimi, burgaga achchiq qilib, ko‘rpaga o‘t qo‘yadi. Kulga aylangan o‘sha “ko‘rpa” bilan misoli achchiq-achchiq ginalar ham tarqab, havoga sovuriladi. Go‘yo, o‘tmishdagi, ho‘v o‘sha qora dog‘lardan qutulganday his qilib, armonlari ariganday tuyuladi… Ammo shunday armonlar borki, ularning achchiq ta’mini yuraging to‘xtayotganida ham sezib yotasan. So‘nggi nafasingda ham og‘rig‘ini his qilasan…” deya yozdi.
Biroq nimadandir ko‘ngli to‘lmadi. Taskin bermadi. Nedir bir aytilmay qolgan gapi bor-u, aytmasa ko‘ngilida kemtiklik qolib ketayotganday tuyuldi.
Xayolga cho‘mgancha o‘yladi. So‘ng: “Gulni sevgan tikaniga ham chidarkan. Sen esa, tikansiz gulim eding. Qo‘llarimda so‘lgan gulim… Vujudimga ishq o‘tini qalab, o‘zi shamdek so‘ngan gulim… Arosatda qoldirgan baxtiqaro gulim… Mudom olgan nafasimdasan…” deya bitik bitib qo‘ydi-da, yondaftar orasiga ro‘molchani ham solib, javonning tepasiga, eng aziz narsalari turadigan tokchaga joyladi.
Kim bilsin, balki bu yondaftarni o‘qish boshqa nasib qilmas. Agar nasib qilsa, tashna hislar asiri o‘laroq, nimalarni eslashini o‘ylab, yengilgina oh tortib qo‘ydi.
2023 yil, may.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2023 yil, 12-son.
[1] O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davronning “Shoirning onasi” nomli she’ri.