Ishxonadan ahmoqona topshiriq oldim. Bugunoq kechki poyezdda poytaxtdan Buxoroga yo‘l olib, uch kunlik ishni bir sutkada bitirib qaytishim kerak emish.
Kupega chiqqanimda ikki ishi – cho‘zinchoq yuzli, qorachadan kelgan, soch-soqoli o‘sgan, sertuk bir odam, uning yonida, qahraton bo‘lishiga qaramay, yupungina kiyingan, mushaklari burtib chiqqan, qoramag‘iz yigit bor edi. Salomimga hafsalasizlik bilan alik olishdi.
Men ham ortiqcha e’tibor bermay, sumkamning zanjirqulfini mahkamlab, ustidan bog‘ichini ham ikki-uch qayta tang‘idim-da, o‘rindiq tagiga tiqdim. Paltomni yechib, pul, hujjat va boshqa lash-lushlarimni yon cho‘ntaklarimga soldim-da, sumkamning ustidan tashlab qo‘ydim. Saranjomlagach, joyimga o‘rnashib oldim. Mundoq qarasam, ikkisi ham tek qotgancha, menga taajjublanib turibdi. Hayron bo‘ldim.
– Ha, aka, tinchlikmi? – dedim noqulay vaziyatga oydinlik kiritish uchun.
Soqolli odam yigitga ma’noli tikildi-da:
– Uka, birinchi marta uzoqroq joyga yo‘lga chiqyapsizmi deyman? – dedi do‘rillagan ovozda.
– Yo‘q, – dedim. – Nega so‘rayapsiz?
– Yo biz o‘g‘riga o‘xshaymizmi? – dedi u tagdor qilib. – Ayting, kissavurga o‘xshaymizmi?
Rosti, men uning muddaosiga uncha tushunmadim. Hali salom yo‘q, alik yo‘q – bu ta’nalar nechun axir? Dangal so‘radim:
– Aka, tushunmadim sizni, biror gapingiz bo‘lsa, ochiq aytavering, nima gap o‘zi?
– Hay, avval o‘tiring-chi, mundoq. Tanishib olaylik-chi?
Soqolli kishi shoir ekan. Bir-ikki she’r o‘qidi, xiyla mazmundor, dardli, o‘tli-shudli she’rlar. Faqat shoir nomi Minorai Kalondan nariga o‘tmagan, amalu shon-shuhratga talpinmagan ijodkor ekan.
– Zo‘r shoir ekansiz-ku! – dedim maqtab.
– Hay, qo‘yavering, uka. Lekin boya odamni yomon xafa qildingiz, – dedi u.
– Ie, aka! – dedim. – Aytgancha, shundan gapiring siz, nima bo‘ldi o‘zi boya?
Shoir vagon oynasidan tashqariga qarab, esnadi. So‘ng bamaylixotir gap boshladi:
– Qarasam, xuddi ichi tillaga to‘laday, sumkangizni rosa o‘rab-chirmadingiz. Xuddi biz o‘g‘ri-yu, ko‘zingizni shamg‘alat qilib, yombilaringizni o‘marib ketadiganday. Tovba, shunchayam ehtiyotkor bo‘ladimi odam? Mana, bizning bor lash-lushimiz o‘rtada, hech kimdan qo‘rqmay, qo‘yib qo‘yibmiz-ku. Umr bo‘yi yo‘lda yuribmiz, poyezdda bormagan joyimiz qolmadi, shukr, shu paytgacha hech kim o‘g‘irlamagan.
“Iya, ha!… Gap bu yoqda ekan-da? Mening ehtiyotkorligim bularga og‘ir botibdi-da? Demak, ko‘ngli toza odamlar ekan”, deb o‘yladim.
Darhol “ayb”imni yuvish uchun gapni hazilga burdim:
– Shoir aka, o‘zingni ehtiyot qil – qo‘shningni o‘g‘ri tutma, degan ekan Amir Olimxon degan bir bobokaloningiz. Ming bor uzr, to‘g‘ri tushuning, sizlarni o‘g‘ri tutib, ahmoq bo‘libmanmi? Harbiylik kasali bu, aka, saranjomlikni yaxshi ko‘ramiz.
– Eh-he, uka, – dedi shoir shogirdiga qosh uchirib. – Buni qarang-a. O‘g‘ri bo‘lganimda hozirgidan tuzukroq yashardim… Ko‘rib turibsiz, topgan boyligim bir kapa-yu, uch bola. Qolgani mana, shu bo‘ldi, – u qalinligi piyozning po‘stiday keladigan kitobchani ko‘rsatdi. – Toshkentga nashriyotga kelgandim. Yangi, kecha chiqdi!
U kitobchani menga uzatdi.
Vagon kuzatuvchisi choy olib kirguncha tanishib ham oldik. Anavi yigit shoirning shogirdi, asli janub viloyatlaridan biridan bo‘lib, ustozinikiga – Buxoroga mehmonga ketayotgan ekan.
Gurungimiz bir qizib, bir uzilib qolaverdi. Qovun tushirib, shag‘al to‘kib o‘tirdik. Men esa ahyon-ahyonda oynadan tashqariga qarab qo‘yaman. Poyezd bir zaylda borar, qorong‘ida yaqin-olisdagi uylarning miltillagan chiroqlari shu’lasini bir-bir kesib o‘tar, bunday paytda odam yolg‘iz qolib, oynadan yon-atrofga sochilgan chiroqlar yog‘dusini tomosha qilib, zavq olgisi keladi. Lekin yoningda sheriklaring bo‘lsa, boz ustiga, ular shoir bo‘lsa, gurung zavqi bo‘lakcha ekan-da.
Kupeda to‘rt kishilik joy bo‘lib, negadir to‘rtinchi o‘rindiq bo‘sh edi. Shoir bo‘sh turgan ana shu o‘rindiqni ham o‘zginasi “ishg‘ol” qilgan, oyog‘ini uzatib, yonboshlab, cho‘zilib ketyapti. Ancha vaqtdan keyin suhbat mavzusi yana menga kelib taqaldi.
– O‘g‘irlik nimaligini bilmaysizlar-da sizlar, – dedi u. Aftidan, ko‘proq gapirgisi kelar, vaqtni xush o‘tkazib, olis yo‘l azobini yengishni istardi.
– O‘n yilcha avval shaharga bozorga tushgandim, – deya bir voqeani gapira boshladi shoir so‘lish olar ekan. – Bilasiz, bozor – o‘g‘ri ham, to‘g‘ri ham boradigan joy. Tiqilinchda yerga qarab ketayotgandim. Shu payt deng, oldimda ketayotgan bir xotinning cho‘ntagidan ikki dasta pul tushib qoldi. Shundoqqina ko‘rdi-a. Boshqalar oyoq osti qilib, bosib o‘tmasin, deya egasini to‘xtatishga ham ulgurmayoq, darhol pulni olmoqchi bo‘lib engashgandim, bir nima boshimga qarsillab tegdi. Ko‘zimdan o‘t chaqnab ketdi. Pul to‘rt dasta bo‘lib ko‘rindi. Gandiraklab qaddimni zo‘rg‘a tikladim. Qarshimda boyagi xotin turar, qo‘lida yomg‘irpo‘sh. U shartta qo‘limga yopishdi-yu, “Pulimni o‘g‘irladi”, deya dod sola ketdi.
Hamma qaradi. Olomon ayolning dodidan tahlikaga tushib, o‘rab oldi, uch-to‘rtovi qo‘limga chang soldi. To‘s-to‘polon bo‘lib ketdi.
Men: “Pulingiz tushib qoldi, olib, sizga bermoqchi edim”, deb qayta-qayta baqiraman, qani birov eshitsa… Alam qilar ekan, uka. Aybsiz aybdor bo‘ldim-qoldim. Gapimga hech kim ishonmadi. Bunday adolatsizlikka chidab bo‘lmaydi.
Birpasda qayerdandir melisa paydo bo‘lib, bozor yaqinidagi idorasiga olib ketdi. Ikkimizdan ham yozma tushuntirish oldi. Pulni xotinga berib, unga allanimalar dedi-da, chiqarib yubordi. Xotin shallaqilik qilib-qilib ketdi.
Uni kuzatib qaytgan melisa:
– Omadingiz bor ekan, xudo bir saqlabdi sizni, aka! – dedi.
– Nega? – dedim.
– U juda yomon xotin. Nomi chiqqan. Shantaj qilib odamlarning sho‘rini quritmoqchi bo‘ladi. Sizni ham sudga beraman, deb po‘pisa qilib, ancha-munchaga tushirishi mumkin edi. Yaxshiyam, shu bozorda odamlarni shantaj qilayotgan mahal biz borib qolganmiz.
O‘shanda, ishonasizmi, kuppa-kunduz kuni o‘g‘riga chiqdim-qoldim. Odamlar menga yeb qo‘yguday qaradi. Ich-ichimdan o‘zimni oqlasam ham, hamma seni o‘g‘ri deb turgandan keyin, qo‘lingdan hech nima kelmas ekan. Yomon alam qilgan, uka. Men o‘zi birovning haqidan hazar qiladigan odamman. Kapang kuygur o‘sha xotinning g‘amini yemasdan, puli loy-shilta bo‘lsa-da, menga nima deb o‘tib ketsam, birov bir nima demas edi. Lekin soddamiz, birovga yaxshilik qilay deb pand ham yeymiz-da…
Shoir jim bo‘ldi. O‘ychan o‘tirdi.
Shogird yigit unga hozirgina damlangan choynakdan bir piyola issiq choy uzatdi. So‘ng yigit, eslasam, hozir ham yuragimni jiz ettiradigan hikoyani – o‘z boshidan o‘tkazgan voqeani ayta boshladi.
– O‘shanda to‘qqiz yo o‘n yoshda edim, – deya xotirladi yigit. – Eslaysizmi, ustoz, ilgari sizgayam aytib bergandim buni, yil qurg‘oqchil kelib, butun qishlog‘imiz sillasi qurigan edi. Odamlar o‘rim mahali angarga tushib qolgan boshoqlarni terib, savalab ezib, shamolga sovurib, bug‘doy olar, o‘ngani naf deb, bir tog‘orami, yarim qopmi – yig‘ilganicha tegirmonga oborar, shu zaylda nonni shirin qilib yeb, qozonni suvga tashlab qo‘ygan edi. O‘sha yili negadir boshqa ekin-tikin ham yaxshi unmadi.
Otam ikkimiz ne-ne umidlar bilan ekkan lalmi tarvuz-qovunning jaziramada palagi so‘lib, ahvolimizni tag‘in ham tang qildi. Tomorqamizga ekkan kartoshka-piyoz ham suv taqchilligi, vaqtida sug‘orilmagani uchun yaxshi bo‘lmadi.
Dard ustiga chipqon deganday, otam ukasi Ma’ruf amakim bilan “sen-men”ga borib, arazlashib qolgan edi. Oqibatda hovlimiz o‘rtasidan devor ko‘tarilib, bir-birimiznikiga qadamimiz qirqilgan edi.
Amakim qishloq xo‘jaligi sohasida ishlar, daromadi tuzukkina, uncha-muncha narsa og‘zining yeli edi.
Kunlarning birida u hovlisiga bir traktor piyoz to‘kdi. Traktor ovozini eshitib, onam devor osha qaradi. Keyin uyga kirib, otamga:
– Ukangiz bir traktor piyoz opkeldi. Urishmaganingizda, bizgayam bir qop – yarim qop berardi, – dedi.
Otam indamadi. Bir xo‘rsinib qo‘ydi. Men jim turib eshitdim. Bilardimki, bugun ham onam kechga tuzukroq ovqat qilolmagan. Chunki uyimizda na kartoshka, na piyoz bor edi. Og‘zimiz to‘lib go‘sht chaynamaganimizga ham ancha zamon bo‘lgan. Hali kuz kelmasdan, tomorqamiz ship-shiydam bo‘lib yotar, bozordan olishga ham otamning puli yo‘q, o‘zi ishlari yurishmay, qo‘li kaltalikdan ko‘kragini zaxga berib yotgan payti edi. Ro‘zg‘orda un qopimiz ham, kartoshka-piyoz to‘rvalarimiz ham bo‘shab qolgandi.
– Nega indamaysiz? – dedi onam kuyunib. Onamning ovozida alamzadalik bor edi.
Otam yana o‘ychan xo‘rsindi. So‘ng bir og‘iz:
– Nima qilay? – dedi. – Tushirgan ekan, haloli bo‘lsin. Senga nima?
Onam jim bo‘ldi. Boshqa gapirmadi. Faqat bir fursatdan so‘ng izidan oshxonaga kirganimda, ko‘zi jiqqa yosh, qo‘llari titrab, asabiylashib, cho‘michni taq-to‘q qilib, qozonga unnab yotgan ekan. Rahmim kelib ketdi.
– Ona, nega yig‘layapsiz? Yig‘lamang, – dedim. Onam ko‘z yoshini artdi.
– Yig‘lamayapman, bolam, – dedi. – Piyoz achchiq ekan…
Sezib turardim, onam yolg‘on gapiryapti. Axir tuxum qovuryapti-ku. Qolaversa, uyda piyoz yo‘q edi…
Men ham sir boy bermadim, indamay qo‘ya qoldim. Uyga kirsam, otam mollarga somon solaman deb chiqib ketdi. O‘zi boyagina mollarga yemish berib, og‘ilxonaga qamab kelgan edi…
Men otamning ham, onamning ham ichini yemirayotgan tuyg‘uni yaxshi his qilib turardim… U mahallar qiynalayotgan faqat biz emas edik. Amakimga o‘xshagan bir hovuch o‘ziga to‘qlar hisobmas, albatta. Ana shular boshqacha yashardi, xolos.
Amakimning men tenggi o‘g‘illari bilan har kuni birga o‘ynardik. Hovlimiz o‘rtasiga devor tushgandan so‘ng tez-tez devor bo‘ylab, bir-birimizga qaraymiz-u, birga o‘ynay olmaymiz. Kattalar ko‘rsa, urishardi. Axir otalarimiz – jon jigarlar ginador, manavi devor bekor ko‘tarilmagan-da… Shu bois o‘yinga mahtal bo‘lib ketgan mahallar faqat devordan hovlimizga mo‘ralaymiz.
Ko‘rdim, uch-to‘rt kun mobaynida amakimning piyozi tashqarida yotdi. Yangam har zamon – har zamonda saralab, qopga joylab, omborxonasiga kiritib qo‘yardi.
Bir necha kundan so‘ng devordan bir qaraganimda, piyoz uyumi xuddi yomg‘irga cho‘kkan go‘rday pasayib, yerga singib, bir qismigina qolgan, piyozpo‘sti hamma yoqqa qo‘qib yotar, yangam tovuq, kurkalarini katakdan bo‘shatib yuborar, ular esa yugura solib uyum atrofini titar edi.
O‘sha oqshom kun juda sovuq bo‘ldi. Qorong‘i tushgan, onam yana tuxum qovurayotgan edi.
– Otang odam bo‘lmadi, – dedi onam xunobi oshib. – Amaking ham chorig‘ini unutdi. Akam, jigarim-da shuyam, deb bir qopgina bo‘lsayam bermadi-ya. Devordan oshirib tashlasayam bo‘lardi. Bir traktor piyozli boyvuchcha yarmini tovug‘iga yedirib o‘tiribdi, ustimizdan kulganday. Otangning ham haqi bor edi-ku unda…
Chidam turolmadim. O‘pkam to‘lib ketdi…
…Keksa tutimiz shoxiga chiqib, sovuqda qalt-qatl etgancha, qorong‘i tushishini kutdim. Shartta chelakni ko‘tarib, devor yoniga borishga bordim-u, oshib o‘tishga ikkilanib qoldim. Axir hech qachon birovdan so‘ramay, narsa olmaganman.
Lekin onamning o‘sha kungi holati, mung‘ayib o‘tirishi ko‘z oldimga keldi, boya aytgan gapi qulog‘imdan ketmayapti.
Nomard amakim… Otam avvallari uyimizga biror nimani do‘rjiroq olib kelsa, albatta, amakimga ham mendan berib yuborar, bolalarining ham og‘zi tegsin, derdi. Amakim esa mana shu devor tiklangandan beri rosa bemehr bo‘ldi. Ichimda uni rosa so‘kdim.
So‘ng ko‘zimni chirt yumdim-u, dadillandim. Alam bilan bir sakrab, devorga chiqdim. Amakimning derazasiga mo‘ralasam, hammasi televizor ko‘rib o‘tirabdi. Devordan oshib tushishim bilan kuchugi dumini likillatib keldi. Non-pon berishimni kutdi. “Bobik, tur, yo‘qol!” degandim, indamay ketdi.
Bu kuchukni amakimning o‘g‘liga men o‘zim olib kelib berganman, uni yaxshi ko‘rardim, doim non berganim uchun menga o‘rganib qolgandi. Hovlimizga devor tushgandan beri u ham meni sog‘ingan, shekilli, erkalangisi keldi, “yo‘qol”, deganimga xafa bo‘lib ketdi.
Amakimning uyidan hech kim chiqib qolmasligiga ishonch hosil qilgach, piyoz uyumi tomon oyog‘imning uchida yurib bordim. So‘ng uyum orasidan apil-tapil qo‘lga ilashgan piyozni chelakka sola boshladim. Qorong‘ida hech nima ko‘rinmasdi. Faqat paypaslab, po‘stloqlar orasini g‘ijimlab ko‘rib, irimagan, bo‘shab qolmaganlarini solaverdim.
Idish yarim bo‘lmasidan, nimadir shaqirlab ketdi. Darhol piyoz uyumi ustiga pusib yotib oldim. Uy eshigi ochilib, kimdir chiqdi. Qarasam, amakim. Ustida chopon, quloqchinli telpak kiygan, qo‘lida fonari bor. Bu manzara derazadan tushib turgan yorug‘da juda vahimali ko‘rindi.
Bilasizmi, o‘sha damda ko‘nglimdan nima o‘tdi? Amakim hozir keladi-yu, o‘g‘irlik ustida ushlab oladi. O‘z jigarim bo‘la turib, o‘g‘irlik qildingmi, deya o‘lasi qilib kaltaklaydi, keyin sudrab, otamning oyog‘i ostiga otib yuboradi, deb o‘yladim. Ursa, chidarman, lekin bu gap hamma yoqqa tarqalsa, ertaga kim degan odam bo‘laman? Men o‘g‘ri bo‘lamanmi? Men-a? Maktabda doim “besh” olayotgan odam-a?
Taqdirga tan berib, sasimni chiqarmay, ko‘zimni chirt yumib oldim. Qadam tovushi tobora yaqinlashib kelar, yuragim taka-puka bo‘la boshladi. Juda qattiq qo‘rqdim. Lekin, xayriyat, oyoq tovushi uzoqlashib, eshitilmay qoldi. Quloq solib turdim, amakim molxonasining tunuka eshigini taraqlatib ochdi. Fonarini yoqib, mol-holini ko‘zdan kechirdi. So‘ng ortga qaytdi. Men yana boyagi alfozda, bu safar fonarning yorug‘i shundoq yonginamni yoritib o‘tganini sezib, battar vahimaga tushdim.
Biroq amakim yana meni ko‘rmadi. Ana, hushtak chalib, past ovozda qo‘shiq xirgoyi qilgancha uyiga kiryapti. U eshigini ichkaridan qulflagani eshitilguncha adoyi tamom bo‘ldim.
Keyin yanayam tezroq harakat qilib, piyozni tanlamasdan chelakka solaverdim. Harna, tezroq bu yerdan ketay.
Chelak to‘lgach, jiddat bilan devordan oshib o‘tdim-u, yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Piyozni shu turishda oshxonamizga kiritib qo‘ydim-u, qo‘limni yuvib, uyga kirdim. Onam choy ichib o‘tirgan ekan. Otam haliyam oshnasinikidan uyga kelmagan, ukam va singillarim uxlab qolgan.
– Qayerda yuribsan? – dedi onam.
– Hech qayerda… – dedim men. Butun vujudim titroqda, qo‘lim qalt-qalt etardi.
Onam menga yemak suzib bergani oshxonaga ketdi. Zum o‘tmay, qaytib keldi. Ko‘zi to‘la yosh edi.
– Qayerdan olding? – dedi ovozi titrab.
Men yer chizib turaverdim. Bir mahal quloq-chakkam charsillab ketdi. Keyin yuzim lovullab yona boshladi.
– Ha, o‘g‘irlagan qo‘lginang sinsin sening! Tez ko‘zimdan yo‘qot uni! – deya baqirdi onam.
Tik turgancha unsiz yig‘lab yubordim. Onam qarg‘adi.
Alam bilan piyozni devordan qaytarib otmoqchi bo‘lib o‘rnimdan turib ketayotgandim, yo‘limni to‘sdi. Meni bag‘riga bosib yig‘ladi. Onamning xalatidan o‘tin isi kelardi, boshimga ko‘z yoshi tomib, yuragimni battar ezdi.
– Iloyim, bu kunlarni ko‘rmaganday bo‘lib ketaylik, bolam, – dedi. Keyin sal yumshadi: – Qilg‘iliqni qilib bo‘libsan, endi ertaga chuqurga to‘kib yuborasan!
Men ancha vaqtgacha karaxt holda, o‘zimni kechirolmay yurdim. Amakim tarafga qarashga yuragim betlamadi. Devorga yaqin yo‘lay olmadim.
Oradan yillar o‘tdi. Bir kuni amakimning boshiga kulfat tushib, o‘zi keldi. Otam uning holini ko‘rib, araz-ginani unutdi. Yarashdi. O‘rtamizdagi devor ham darrov buzildi. Hovlimiz yana keng bo‘ldi.
Ana shunday kunlarning birida, kenja amakimning uylanish to‘yida Ma’ruf amakim mast bo‘lib qoldi. Tashqariga toza havo olgani chiqqanida meni yoniga chaqirdi.
– Murodjon, aylanay sendan, o‘qishlaring yaxshimi? – deb so‘radi tili zo‘rg‘a aylanib.
Amakimning mehri tovlanib turgandi. “Ha”, dedim.
– Sen yaxshi o‘qishing kerak, – dedi u yana. – Odam bo‘lishing kerak. Bizning urug‘dan ham yaxshi odam chiqsin-da.
Men uyalib:
– Xo‘p, amaki, o‘qiyman, – dedim.
– Yo‘q, bilaman, sen yaxshi o‘qiysan, lekin… – dedi amakim chaynalib. – Hayotda yaxshi odam bo‘lish uchun… halol yashash kerak. O‘g‘irlik qilmaslik kerak-da…
Uh! Men shuncha vaqt hadiksirab yurganim… Onamdan o‘zga hech kim bilmadi, degan sirim. Ko‘rgan ekan-da… Umrimda bir marta qilgan o‘g‘irligim ham oshkor bo‘ldi. Shuncha chekkan vijdon azobim bir taraf, amakimning og‘zidan eshitgan bu gapim bir taraf bo‘ldi.
Mana, yigirma beshga kiryapman. Shu paytgacha amakim bu haqda boshqa gapirmadi. Lekin o‘sha voqeani eslasam, etim jimirlaydi. Har gal amakimning ko‘ziga ko‘zim tushsa, uyalib ketaman. U xuddi “Sen o‘g‘risan! Piyoz o‘g‘irlagansan”, deganday tuyulaveradi. Vijdon azobi deb mana buni aytsa bo‘ladi, akalar…
Biz shogird yigitning hikoyasini mutaassir bo‘lib tingladik. Bu orada mening xijolatdan betim qizargani qoldi. Men shunday pokdomon, yaxshi odamlardan xavfsirab o‘tirganimga pushaymon bo‘ldim. Lekin sir boy bermadim. Aksiga olib, bularga men ham nimadir gapirib beray desam, hayotimda tayinarli voqea bo‘lmagan ekan. Biroq…
…Xunuk voqea tong otib, Buxoro ostonasiga yaqinlashganimizda sodir bo‘ldi. Men tuni bilan mijja qoqmay, poyezdning taqa-tuq tebranishiga monand xayol surib borardim. Sheriklarim shirin uyquda.
Zerikkanimdan chekkim keldi. Kupedan chiqayotganimda, shoir yigit u yog‘idan bu yog‘iga ag‘darilib, boshini choyshabga o‘ragancha, xurrak otib yotardi. Qarab, miriqib orom olayotgan bu yigitga havasim keldi. Yo‘lda uxlay olmay, bedor ketadigan menday odamga qiyin, deb o‘yladim.
Tamburdan qaytib keldim-u, joyimga cho‘zildim. Shu yotishda bir qush uyqusini olibman. Bir mahal kimdir turtdi. Ko‘zimni ochsam, shoir tepamda turibdi.
– Uka, sumkamni kim kovlaganini ko‘rmadingizmi? – dedi.
O‘rnimdan sapchib turdim. Qarasam, uning sumkasi yerda yotar, zanjirqulfi ochiq, ichidan kiyim-kechak, non, o‘rog‘liq qog‘ozlar ko‘rinib turibdi.
– Yo‘q, nima bo‘ldi? – dedim dovdirab.
– Pulimni o‘g‘irlabdi, – dedi u.
Boshimga bolg‘a bilan urganday bo‘ldi.
– Kim o‘g‘irlabdi? – dedim sarosimaga tushib.
– Shuni sizdan so‘rayapman-da, – dedi shoir. – Eshikni siz ochiq qoldirganmidingiz?
Uh! O‘lay agar, shamasi qattiq tegib ketdi. Boya chekkani chiqib kelganimda, eshik ochiq qolgan ekan-da, deb o‘yladim…
– Bilmayman, aka, chin so‘zim, – dedim. – Rosti, hech kimni ko‘rmadim bu yerda…
Ustoz-shogird gapimga ishonqiramadi. Vagon kuzatuvchisini chaqirib, to‘polon qildi. U ham xom sut emgan banda bo‘lsa, qo‘lidan nima kelardi.
– Ehtiyot bo‘lmaysizmi, aka? – dedi, xolos.
Men esa unga qancha taskin bermay, Bari bir o‘zimni gunohkorday sezaverdim. To‘g‘ri, tamburga chiqdim, ehtimol, eshikni ochiq qoldirgandirman, lekin… Men emas-ku… Biroq isbot-dalilim ham yo‘q edi. Nima qilay, ularga men o‘g‘ri emasligimni qanday tushuntiraman?
Poyezd vokzalga kelib to‘xtadi. Hamma tushishga taraddudlandi. Men ham o‘rab-chirmagan sumkamni olib, vagondan tushayotib, soqolli shoirning:
– O‘zi pismiqqa o‘xshab, jim kelayotganidan biluvdim… Ehtiyotkorligidan sezganday bo‘luvdim-a… – deya ming‘irlaganini eshitdim.
Eshitdim-u, tishimni tishimga bosdim. Yomon alam qildi. Ichimda: “Piyozni oxirigacha yegan ekansan-da”, dedim-u, perron bo‘ylab shart-shurt yurib ketdim. Meni bundan ham noxush voqea – ahmoqona topshiriq kutib turgan edi…
2016 yil
“Ijod olami” jurnali, 2017 yil, 3-son