Odatda, “Ota-onangiz hayotmi?” deb so‘rashganda, “Ha”, desangiz, “Davlatmand odam ekansiz” deyishadi havas bilan.
Ollohga shukr, onajonim 84 yoshga kirdilar. Nazarimda, mening onam dunyodagi eng mehribon, eng kechirimli va eng suluv ayol.
Oilamiz katta oila edi. Bobom, momom, amakim, yetti farzand, qariyasi bor xonadonlarda bo‘ladigan uzluksiz keldi-ketdilar. Ana shu katta xonadondagi yagona xizmatkor onam edi. Shuncha ish ko‘p bo‘lishi bilan ham biron marta “qiynalib ketdim“ deb, noliganini yoki ba’zi onalarga o‘xshab, “To‘yib ketdim senlardan ham, hayotdan ham”, deb, zarda bilan bizni qarg‘ab-netib urishganini eslay olmayman. Non yopsa, kichkintoylar uchun albatta kulchalar yopilar edi, qish kunlari ertalab tursak, uch oftoba iliqqina suvga to‘ldirilgan, maktabga kiyadigan poyafzallarimiz g‘ishtin pechning girdida yuvilgan, tumshuqlariga yumshoq lattalar tiqilgan holda issiqqina bo‘lib turardi. Oradan qancha yillar o‘tib ketgan bo‘lsa ham ana shu poyafzallarni eslasam, oyoqlarimda ajabtovur yoqimli haroratni his qilaman.
Sal ulg‘ayib, yoniga kirib u-bu yumushlarga yordamim tegadigan bo‘lgach, ukalarimning bir amallab yig‘ishtirgan joylarimni birpasda to‘zg‘itib tashlayverishidan nolisam, onam: “Qizijonim, sen bularning yumushlarini suyunib-suyib qilgin, erta-indin besh og‘ang besh qo‘rg‘oning, singling mehri daryo g‘amgusoring bo‘ladi”, derdi.
Endi o‘ylab qarasam, onaginamning zimmasida ne yumushimiz bo‘lsa, barini majburligidan, og‘rinib emas, o‘zi aytgandek, o‘zimizni suygandek ishimizni ham suyib qilgan ekan.
* * *
Onam hech qachon oilada “Bu ish erkakning vazifasi, bu ish ayolning vazifasi” deb yumush ajratgan ayol emas. O‘zi chevar ayol, bir umr elning kiyimini tikib, gilamini to‘qigan. Zarur bo‘lganda esa g‘isht terib, beton ham qorib ketaverardi. Qo‘shnilarimiz maxsus pech teruvchi usta chaqirib, falon pulga terdirgan g‘isht pech bizning uyda onam tomonidan har yil buzilib, har yil qayta terilar edi: “Katta bo‘lib ketibdi, ancha joyni egallayapti”, “Baland bo‘lib ketibdi, o‘tin ko‘p sarf bo‘ladi“, degan sabablar bilan.
Bir joylarga mehmonga borib kelishsa, otam rahmatli kulib-kulib, momomga gurung berardi: “Ena, oshxo‘rga osh, ishxo‘rga ish yo‘liqar, deganlari rost ekan. Buningiz o‘lib, tandirga qolip qazdi (yoki kiyim tikdi), men osh yedim”, der edi. Endi o‘ylab qarasam, ish bilganga ham qiyin-da, onaginamni ko‘rganda odamlarning bitkiza olmay turgan ishlari esiga tushib qolavergan: “Yaxshiyam kelib qoldingiz, tandirim to‘kilib qolgan, bir qolip qazdiradigan odam topmay yurgan edim, siz boshlab bering, men ovqatga unnay”, degan. Shu bilan onaginam mehmonga kiyadigan “hay-hay” ko‘ylagining etaklarini lippaga urib, qolip qazishga tushib ketgan. O‘zi tanti ayol, kuch-g‘ayrat bor, boshlagan ishini chala qoldirmay deb, osh pishguncha terlab-pishib qolipni oxirigacha qazib bergan. Yoki deylik borgan joyida: “Voy, sizni Xudo yetkazdi, do‘sim, ertaga to‘yim bor edi, ko‘ylagimni kimga tiktirsam, deb turgan edim. Bir ko‘kragini qo‘shib bersangiz bo‘ldi, u yog‘ini o‘zim tikaman”, deydi-da, tikuv mashinasining boshiga o‘tqizadi. Kiyim tikib yurgan kishilar yaxshi bilishadi, ko‘krakni qo‘shish uchun ko‘ylakni avval bichish kerak, yelkani, yonni tikasiz, hokazo, hokazolar va ko‘krak qo‘shildi, degan so‘z, kiyim bitdi, degani bo‘ladi. Ko‘krakni qo‘shgan onamiz yengni ham tikib, etaklarini qaytarib, tayyor qilib, mezbonga topshirib qo‘ya qoladi. Keyin otamiz haligiday kulib yuradi, “Oshxo‘rga osh, ishxo‘rga ish yo‘liqar” deb…
* * *
Onam hech qachon odam ajratmagan. Hamisha eshikdan kelgan odamni to‘rga chiqarib, dasturxon yozib, ishini bitkazib bergan. “Qozoning qaynab turgan payti eshigingdan tilanchi kirib kelsa, o‘sha taomda tilanchining ham rizqi bor”, deydi doim. Onamga bir marta kiyim tiktirgan odam qarindoshdek qadrdonga aylanib qolar, bora-bora ko‘plariga anchayin ishlarni tekinga ham tikib berib yuboraverardi. Faqat bir safar…
Tikuvchiligining orqasidan opa-singil bo‘lib qolgan bir ayolning eri keldi. Ma’lum bo‘lishicha, erkak ayolining egri yura boshlaganini sezib qolgan. Shu kuni ham “Opamnikiga ko‘ylak tiktirgani ketyapman” deb chiqqan ekan, er uning izidan qorama-qora kelsa, ayol biznikiga kirmay, ko‘chamizning narigi boshidan chiqib, tutning panasida turgan mashinaga o‘tirib ketib qolibdi…
Oradan bir necha kun o‘tib, haligi ayol bir necha kiyimlik qimmatbaho gazmol ko‘tarib onamning yoniga keldi. Onam bizni chiqarib yuborib, ayol bilan gaplashdi. Hovlida yurgan edim, bir payt ayol gazmollarini ko‘tarib chiqib ketdi. Uning qoshlari qahr bilan chimirilgan, ko‘zlari yig‘idan qizarib ketgan edi. Onamdan bu haqda so‘rasam, gapni qisqa qildi: “Men bunday ayollarning ko‘ylagini tikmayman”.
* * *
Oilamiz o‘rtahol edi. Otam oddiy ishchi, onam maktabda farrosh bo‘lib ishlardi. Tiktirishga olib kelishgan chiroyli gazmollardan ba’zan parcha-purcha laxtaklar ortib qolsa, singlim ikkalamiz diqillar edik: “Ona, shuni olib qolaylik, egasi bilib o‘tiribdimi?” Onam haligi laxtaklarni shartta qo‘limizdan yulib olardi: “Kishining haqi – Tangrining o‘ti. Qiyomatda men buning javobini berishim kerak. Agar egasiga qaytarmasam, bu qiyqimlar u dunyoda ilonga aylanib meni quvib yurarkan”.
* * *
Onam ehson qilishni juda yaxshi ko‘radi. Binoyidek kiyimlarini ham birovlarga berib yuboraveradi. “Nega unday qildingiz, sizda ham biror narsa bundo-oq taxlanib tursa bo‘lmaydimi?” desak, “Tiriklikda qil xayr, joningni do‘zaxdan ayir”, deydi doim.
Bir safar kasalxonaga tushib qolganida: “Xonangizda choy qaynatib ichaverasiz”, deb elektr choynagimni berdim. Qaytayotib, choynakni hamxonalariga tashlab kelibdi: “Ularning senikiday choynaklari yo‘q edi, qiynalib qolishmasin, savob bo‘ladi, dedim”. Tutab ketdim: “Voy ona-ey, savobga choy qaynatib bo‘lmaydi-ku”. Onam norozi chimirildi: “Odam xayrli bo‘lishi kerak, sen o‘z uyingda o‘tiribsan, ular kasalxonada yotishibdi”.
* * *
Onamga hamma havas qiladi: “Hamma farzandlari o‘qimishli, mehr-oqibatli. O‘zi saksondan oshgan bo‘lsa ham, na gapidan, na yo‘lidan adashmagan. Qaytaga tikish qilib, hammaning xojatini chiqarib o‘tiribdi, bizga ham shu kishining yo‘lini bersin”, deb, birov boshiga ro‘mol, birov yelkasiga bir kiyimlik sarpo tashlasa, “dod” deb, berganlarini qaytarib tashlaydi: “Yo‘-yo‘q, mening to‘rimdan go‘rim yaqin, meni qarzdor qilmanglar”.
Onamga: “Bu qarz emas, bularga hovuch duo bersangiz bo‘ldi. O‘zlari rozi bo‘lib berishgan narsa qarzga o‘tmaydi”, degan gapni hech tushuntira olmadim.
* * *
Onamning uyi qo‘shni ayollar uchun doimiy ko‘ngil bekati. Birov to‘rt og‘iz suhbatini olish uchun, yana birov bir og‘iz maslahat so‘rab, birov o‘zi eplay olmagan tikish-bichishini ko‘tarib boraveradi. Bahonada qancha gurung!.. Bir o‘zimdan ortib borganimda oldida o‘tirgan qo‘shni ayollarni ko‘rib, to‘g‘risi, hafsalam pir bo‘lib ketadi. Qaniydi, ular ham: “Hoy, manavi kampirning qizi kelibdi, ona va qizning bir-biriga aytadigan gaplari bordir, bemalol o‘tirib suhbatlashishsin”, deb qo‘zg‘ala qolishsa. Yo‘q, o‘tiraverishadi.
Bir safar onamdan yigirma yoshlar kichik bir qo‘shni ayol uzilib ketgan marjonini ko‘tarib chiqibdi: “Opa, shuni tizib bermasangiz, hech ko‘zim o‘tmayapti”.
O‘zi oshga tushgan pashshadek bo‘lib, bemavrid kirib kelganiga g‘ashim kelib o‘tirgandi, chaqib ola qoldim: “Bolasi tengi bo‘lib sizning ko‘zingiz o‘tmaganda, saksondan oshgan onamning ko‘zi o‘tadimi?”
Ayol zarracha ham xijolat bo‘lmadi, mendan ko‘proq kirib-chiqib yurgan eshigi-da, onamning fe’lini biladi, xuddi o‘z onasiga erkalik qilayotgandek nozlanib, marjonni onamning oldiga tashladi: “Opam yo‘lini biladi”. Onam ham marjonni olib, u qildi, bu qildi, iplarni xomitdi, bir-biriga ulab pishitdi, ishqilib birpasda besh qator durni tizib, qo‘shnining oldiga tashladi-da, o‘z-o‘zidan mamnun jilmayib, menga qaradi: “Ishning o‘zini emas, ko‘zini bilish kerak”.
Haligi ayol marjonni taqib olgach, xaltasidan bir shim chiqardi: “Ukangiz bir shim olgan ekan, picha uzun keldi, to‘rt enlilar kesib, shuniyam g‘irillatib bir yurgizib bering, opajon. O‘zim qilaman desam, qurib ketgur chol, qo‘ymadi, buzib qo‘yasan, shu opaga olib bor, deydi. Men ham vaqtida ne bir tikishlar qilganman, bir o‘tirishda to‘rt qizimga to‘rt ko‘ylakni tikib, so‘ng turgan paytlarim bo‘lgan. Bu kishim bo‘lsa, mening ishimdan hech ko‘ngli to‘lmaydi”.
Onam “g‘irillatib” bergandan so‘ng ham olamjahon vaqt o‘tirib, nihoyat, mening qovog‘im uyilavergach, erka qo‘shni o‘rnidan turdi. Kun shomga qarab yo‘l olgan, mening ham vaqtim sob bo‘lgan edi: “Ona-ey, shu xotin bir o‘tirishda to‘rtta ko‘ylakni tikkan bo‘lsa, men osmondagi oyni olib ayvonimga fonus qilib, osib qo‘yganman. Bir umr savdoda ishlab, tangani tangaga urib, pul qilishdan boshqa ishga vaqt ajratmagan xotin-ku bu. Indamay, yolg‘on maqtanishlarini eshitib o‘tirasiz-ey”. Onam qo‘l siltaydi: “Kishi aybin ko‘rmoq bor-u, demoq yo‘q, qizim. Eshigimdan yetmish ikki tomiri egilib kelib o‘tiribdi, qanday yuzidan olaman?”
* * *
To‘ng‘ich nevaram o‘n birga kirdi, keyingisi to‘qqiz yoshda. Onaginam ularga chillasi chiqquncha birinchi choponni qavib kiygizgan edi. Shundan beri har ikki yilda har biriga bitta paxtalik nimcha, bitta to‘n qavib beradi.
“Qo‘ying, onajon! Bozor to‘la chopon, ko‘zingizning nurini ayasangiz-chi”, deyman ichim achib. “Ay, bolam-a, qo‘limdan kelarkan, qilayapman. Bozorning choponi men qavigan chopondek bo‘larmidi? Orasiga vatin solgan, men yumshoqqina paxta soldim, bu paxtalarga qancha quyosh nuri singgan, do‘xtirlar uni davoyi, deydi. Bularni nevaralaring kiyib, yonimga kelganda qancha quvonishimni sen tasavvur ham qila olmaysan. Shunday ayollar bor, na eriga, na bolalariga umrida bir to‘n qavib, kiygiza olmaydi. Xudoga shukr, otangga necha to‘n qavib kiygizdim, bolalarimga, nevaralarimga, endi chevaralarimga ham to‘n qavib kiygizish nasib qildi. Bekor yotgandan kimga naf? Kimgadir foydang tegib turganiga nima yetsin”. Har doimgidek, onam haq.
* * *
Dunyoda onamdek sog‘ligini, jonini avaylaydigan, hayotga tashna insonni kam uchratganman. To‘y-hasham, mehmondorchiliklarni juda yaxshi ko‘radi, ma’raka-ta’ziyalardan hech qolmaydi. Yoki salomatlik borasida. Masalan, mening bir joyim og‘risa, dardni berguvchi ham, olguvchi ham Olloh, deyman-u, indamay yotib olaman. Onam esa, jon ham, tan ham Ollohning omonati, uni asramoq kerak, Olloh ham asraganni asraydi, bir kun yoti-ib qolsang, ham o‘zingga, ham bola-chaqangga jabr qilib, kimga foyda, kimga ziyon, deydi. U kishim shu yoshida ham ne bir kelinlarning sepiga quroq ko‘rpa-yostiq deysizmi, yelpig‘ichu, qopchiq deysizmi, buyurtma olib, nafaqasiga qo‘shimcha pul ishlaydi. Kasalxonalarda yotib davolanishdan tashqari televizordan bir narsani eshitib qoladimi, qo‘ni-qo‘shnilar ma’ni berib ketgan bo‘ladimi, shu narsalarni ham albatta qo‘llab ko‘radi. “Oydin hayot”, “O‘zingni angla” ko‘rsatuvlarining biror sonini ham qoldirmasdan ko‘rib boradi. Bir borsam, nahorda tuzsiz qaynatilgan guruchga parhez qilib o‘tirgan bo‘lsa, boshqa safar ovqatdan yarim soat oldin limon suvi ichayapman, deydi. Ikkita limondan boshlab, yigirmataga chiqarishi kerak ekan. “Onajon-ey, sizga nima zaril, beta’m guruch-u, talxo‘r limon suvini ichib?” deyman. Limon ta’mini og‘zimda his qilib aftim burishadi. “Kerak! Xudo xohlasa, oyoqlarim og‘rimay qolsa, mashina chaqirib o‘tirmay uylaringga boraveraman”, deydi onam. “E-e, onajon, kimning oyog‘i og‘rimaydi? Oyoq bo‘lgandan keyin picha-picha og‘rib, o‘zining borligini bildirib, qadrini oshirib turadi-da”. “Bolam, yotib qolib, sizlarga tashvish bo‘lmayin, deyman-da”, garchi birovimizdan bir so‘m olmasa ham o‘zini oqlagan bo‘ladi.
* * *
Yillar o‘tgan sayin onamizning biz farzandlar uchun nechog‘liq katta davlat va g‘animat baxt ekanligini tobora chuqurroq his qilib borayotgan bo‘lsam-da, meni shiddat bilan ilgari olib ketayotgan hayot tashvishlaridan uzilib, hadeganda izzatiga yetavermayman. Har kun ertalab ahvol so‘rab, bir qo‘ng‘iroq qilaman: “Sog‘-salomatmisiz, onajon?” Onamning ovozi hamisha o‘ktam va shodon jaranglab turadi: “Rahmat, bolajonim. O‘zing yaxshimisan?..” Ke-etadi shu bilan… Bir boshdan hammaning ahvolini so‘rab chiqadi, kecha uyiga kimlar keldi, qanday axborotlar berdi… Mening esa vaqtim!..
Har qanday holatda ham seni kechirishini bilgan odaming qarshisida har doim ham andisha qilib o‘tirmaysan. Ko‘pincha ilojim yetgancha: “Ha, xo‘p” deb turaman-u, ba’zan gaplarini shartta bo‘lib: “Onajon, shoshib turgan edim”, deb shu kungi farzandlik vazifamni nihoyalab qo‘ya qolaman. Va onam mening bu beadabligimdan sira xafa bo‘lmaydi, aksincha xijolat tortadi: “Mayli, bolam. O‘zingga qara, joning sog‘ bo‘lsin”.
Keyin esa kundalik tashvishlarimga andarmon bo‘lib ketaman va shu tashvishlar ichra yurib onamning xijolat ingan nurafshon yuzini hech ko‘z oldimdan ketkiza olmayman. O‘zimni oqlagan bo‘laman: “O‘zlariyam… Hech gaplari tugamaydi-da, axir telefon gurung uchun chiqarilmagan-ku”, deyman. Ammo baribir o‘zimni o‘zim yupata olmayman. Allaqayerdan onaning ko‘zlaridagi quvonchga xaridor bo‘lgan Hoji haqidagi rivoyat yodimga tushadi.
Emishki, haj niyatida safarga chiqqan bir kishiga bir oqshom tunash uchun joy bergan Hoji uning nima maqsadda yo‘lga chiqqanini eshitib, kutilmaganda: “Onang bormi?” deb so‘raydi va onasining hayotligini eshitgach: “Men ellik marta haj qildim, har safar yalangoyoq, yalangbosh, yolg‘iz haj qildim. Ellik hajimning ham savobini senga beraman, sen menga onang ko‘zlaridagi quvonchni ber”, deydi.
Men esa vaqtimni qizg‘anib o‘tiribman…
* * *
Nafaqaga chiqqanimdan buyon tez-tez yoniga borib, uzoq-uzoq suhbat qilib qaytaman. Onaginamning yuzi biram nurli, mehr to‘la nigohlari sokin, suhbatlari shundaylar shirin… Ko‘nglingizning gadosi. Dilingizni og‘ritib qo‘ymayin, avaylabgina gapiradi. Lekin har gapiga bir maqol qo‘shib gapirmasa, hisobmas. Hech yonidan ketgim kelmaydi. Bir kun so‘radim: “Onajon, armonlaringiz ko‘pmi?” Onam biroz o‘ylanib turdi-da, xotirjam javob qildi: “Yo‘q, bolam. Nimaga intilsam, avvalo Olloh, qolaversa, o‘zimning harakatim bilan erishdim, nimaga urinsam, aqlu zakovatim bilan uddaladim. Hech qachon bugungi ishni ertaga qo‘ymadim. Xudoyim o‘g‘il berdi, qiz berdi, baringizni rizqingiz bilan, baxtingiz, martabangiz bilan berdi. Bir armonim – ota-onam yashaydigan joydan maktab juda uzoq edi, savod chiqara olmadim. Oq qog‘ozning betidagi yozuvni o‘qiy olmadim. Turmushga chiqqanimdan keyin ham mustaqil o‘rgansam bo‘lar edi, oila, bola-chaqa tashvishidan orta olmadim. Sizlarning kitob quchoqlab yurganlaringizni ko‘rsam, havasim keladi. Agar kitob o‘qishni bilganimda tikuv mashinasidan tashqari kitoblar ham mening qadrdon dugonalarim bo‘lib qolar edi”.
* * *
Bola edim. Onam ukamni ko‘tarib, akam bilan meni yetaklab olis qishloqda yashaydigan xolamnikiga mehmonga olib bordi. Qo‘shni qishloqda yashaydigan kichkina xolam ham keldi. Kechki ovqatdan so‘ng katta gujum ostidagi loy supaga qator qilib joy tashlandi. Yo‘lda toliqqanmidik, biz bolalar avval oqshomdan uxlab qoldik. Tong payti shitirlagan ovozdan uyg‘onib ketdim. Sekin ko‘zimni ochib, yonboshimdagi to‘shakni shosha-pisha yig‘ib, joynamoz yozayotgan onamni ko‘rdim. Uning qiblaga tikilgan ko‘zlari xavotir va qo‘rquvga to‘la edi.
Namozini o‘qib bo‘lgach, hayron tikilib yotganimni ko‘rib, parishon holda yonimga o‘tirib, barmoqlari bilan sochlarimni taroqladi. Onamning barmoqlari yengilgina titrab turardi.
– Ena-a, sizni kim qo‘rqitdi?
Onam pastki labini tishlab, gunohkorona bosh chayqadi:
– Xolalaring bilan tong otari gurung qilib, namozni biroz kechiktirib qo‘ydim… Ishqilib, dargohida qabul qilsin-da.
O‘shanda onamning gaplariga umuman tushunmagan edim. Endi… Onamning o‘sha damdagi qo‘rquv to‘la nigohlarini, titrab turgan barmoqlarini eslasam, g‘alati bo‘lib ketaman.
* * *
Onam betob bo‘lib qoldi. Kechqurun yonida yotib qoldim. Iltimosi bilan shom uchun, xufton uchun tahorat suvi tayyorlab berdim. Astoydil “Enajon, ahvolingizga qarasangiz-chi?” deyishimga qaramasdan namozini o‘tirgan holda o‘qidi. Qarasam, bomdodga ham inqillab-sinqillab o‘rnidan turayapti: “Onajon-ey!” deyman o‘zimcha onamdan koyinib. Onaginam esa: “Bolam, kelindan xijolat bo‘laman, kap-katta ayol, yeb-ichib o‘tiribdi, namozini o‘qimaydi, desa-chi”, deydi. Yoqa ushladim: “Nega bandasidan xijolat bo‘lasiz? Ollohdan emas?”
Onam shuni ham bilmaysanmi, deganday g‘alati qarab, yelka qisdi, so‘ng “Olloh ahvolimni ko‘rib turibdi, u doim kechiradi. Banda bandaning ichidan nima o‘tganni qayerdan bilsin?” dedi.
* * *
Kutilmagan falokat tufayli qo‘ltiqtayoqqa suyanib qolganimga yetti yil bo‘layapti. Ammo o‘zimning bechora ahvolimni sira nazarga ilmadim. Shu ahvolda har yili Toshkentga bir boraman. Teatrlarga kiraman, kitob do‘konlarini aylanaman. Buxoroyu Samarqand, Xorazmu Qoraqalpog‘istonga ham bordim. Sog‘-salomat paytlarimda izlab bora olmaganim qancha do‘stlarimni ko‘rib, qancha aziz-avliyolarni ziyorat qilib qaytdim. Madinai Munavvaraga borib, qo‘ltiqtayoqda, nogironlar aravachasida Ollohning suyukli rasuli Muhammad Mustafoning (s.a.v.) turbatlarini ziyorat qildim. Muborak Makkaga borib, Ollohning baytini ziyorat qildim. Termizda-ku, to‘rt yil ishladim. Ish joyim Termizda edi, o‘rgangan ishimdan ketgim kelmadi.
Xullas, qo‘ltiqtayoqda bo‘lsam ham, yurdim-ko‘rdim, o‘zimga yoqmagan shu siyog‘imda ko‘rindim… Ammo shu yetti yil ichida kindik qonim tomgan, baxtiyor bolaligim o‘tgan, hamisha yo‘limga mushtoq onajonim bilan padari buzrukvorimning diydoriga eltguvchi qadrdon Jarqo‘rg‘on ko‘chalarida qo‘ltiqtayoq bilan bir marta ham yurmadim. O‘zim shu shaharda yashab turib ham… jarqo‘rg‘onliklarga o‘zimning bechora siyog‘imda ko‘ringim kelmadi…
Azaldan ko‘chat ekishni yaxshi ko‘rardim. Har yili erta bahorda o‘zim bozorga chiqib, turli ko‘chatlar olib kelib, hovlimga o‘tqazardim. Yetti yil shu mashg‘ulotdan ham mosuvo yurdim. Shu yil bahor erta keldi. Ko‘ngil bahoriy hislardan kengayib ketdimi, bir kuni peshindan so‘ng nevaramni olib bozorga bordim. Ko‘chatlar bozorning bir chetida sotilar, bozorni oralamasdan ham ko‘chat olib chiqish mumkin edi.
Ko‘chat bozoriga kiraverishda quchoq-quchoq ko‘chatlarini askardek bir safga chiroyli qilib tizib chiqqan sotuvchining yonida to‘xtadik. Salomiga alik olib, savdosiga baraka tiladim. Uning javdirayotgan ko‘zlariga qarab, qo‘ltiqtayoqlarimdan xijolat tortdim. O‘zimcha dadil-dadil gapirgan kishi bo‘ldim: “Qani, uka, ko‘chatlaringizni bir boshdan maqtang-chi”. Sotuvchi chaynaldi: “Endi, opa, biroz uzrli joyim bor. O‘zimning ko‘chatlarim kecha tugagan edi. Bir tanishim: “Shularni sotib ber” deb tashlab ketdi. Bularning narxini, otini bilaman-u, o‘zini bilmayman. Kim payvand qilgan, navi qanday? Sizga bersam, erta bir kun oldingizda xijolat bo‘lib qolmayin, deyman-da”.
Keyingi rastadagi sotuvchi yigit ham quyuqqina so‘rashdi. Ko‘chatlarini so‘ragan edim, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, uzr so‘radi: “Opajon, bu ko‘chatlarni sizga bera olmayman. Olib kelinganiga o‘n besh kun bo‘lgan. Tomirlarini namlab turibmizku-ya, baribir kafolat yo‘q-da. Siz kerakli ko‘chatlaringizning ro‘yxatini qilib bering, bugun keliningiz Denovga ko‘chatga ketgan, ertaga yangi ko‘chatlardan olib, o‘zim hovlingizga ekib berib kelaman”.
Ana, xolos… Men ko‘chatlarning nomini, sonini yozdim. Narxini ham ayting, birato‘la hisob-kitob qilib ketayin, dedim. Savdogar negadir qimtinibroq narxini aytdi. Ko‘chatlarning soni o‘ttizga yaqin, narxi yuz mingdan oshib ketdi. Yigitning “Avval ko‘chatlarni olib boray, keyin pulini berasiz”, deganiga ham qo‘ymay, pulini berdim: “Qutulib qo‘yganim yaxshi, ko‘ngil xotirjam bo‘ladi, uka”. “Xo‘p, opa”, “Uyimni bilasizmi o‘zi?”, “Bilaman, opa”.
Nevaramning rangi o‘zgardi. Burilishim bilan tirsagimdan tortdi: “Momojon, siz bu odamni tanimaysiz-ku, aldab ketsa-chi?”, “Aldamaydi, bolam”.
Jarqo‘rg‘onda Mashrab degan bir hardamxayol yigit yashaydi, hamma uni “Mashir tentak” deb ataydi. U tong sahardan yarim tungacha bozor aylanib, do‘konlarga kirib, rizqini terib, yeb yuradi. Uni odamlar “tentak” deyishadi-yu, lekin uning xotirasi juda kuchli, juda ko‘pchilikni, ehtimol, butun Jarqo‘rg‘onni taniydi: ismi kim, kasbi nima, ota-onasi kim, aka-ukalari kim, bolalari kim… Hech kimning dilini og‘ritmaydi.
Bozor darvozasi yonida unga duch kelib qoldim. U qirq yillik qadrdonini ko‘rgandek, tavoze bilan so‘rashdi, onamni, o‘g‘limni so‘radi, albatta hammamizning ismi sharifimizni aytib! Mashinaning yoniga kelgach, nevaramning qo‘lidan kalitni olib, meni jentelmenlarga xos takalluf bilan mashinaga o‘tirg‘izdi, qo‘ltiqtayoqlarimni orqaga qo‘ydi. Atrof mashina, aravasiga har xil qutilarni uyib, “po‘sh-po‘sh”lab dunyoni buzayotgan aravakashlar, bozorga kirayotgan, chiqayotgan, shunchaki muzqaymoq yalab, o‘zlari ham muzqaymoqlari kabi erib, o‘tib ketayotganlar hisobiga nihoyatda tirband edi. Mashrab keng qulochini yozib, baland ovozda “xay-xay”lab hayqirgancha, to mashinamni orqaga haydab, katta yo‘lga tushib olgunimcha, to‘rt tomondagi gavjum harakatni to‘xtatib turdi. Men bir zum to‘xtab, tashakkur bildirgan kishi bo‘lib, bosh irg‘adim. U mashinaning ochiq derazasiga yaqin kelib: “Sen haliyam juda chiroylisan! Xafa bo‘lma”, dedi menga. Shu yerda uning tentakligi bilindi. Ko‘nglimni ko‘taraman deb, dilimni ranjitib qo‘ydi…
Dimog‘im achishdi, ko‘zlarimdan issiq yosh quyildi, burnim bo‘shadi. “Mana, momojon, bozorga chiqishni ham o‘rganib oldingiz. Endi tez-tez chiqib tursangiz ham bo‘ladi”, dedi nevaram. Men unga qaramasdan bosh chayqadim: “Yo‘q, endi bozorga chiqmayman”.
Ko‘chatlar-chi, deysizmi? Albatta, ularni va’da qilgan vaqtida olib kelib, ekib ketdi.
Oradan bir necha kun o‘tib, bu voqeani onamga hikoya qilib berdim.
– Bolam, inson o‘zining yaqin kishilaridan bu xil dardini yashirishi shart emas. Qo‘ltiqtayoqda yurish gunoh ishmi? Shukr qil. Yillab to‘shakda yotib qolgan odamlar qancha…
Keyin o‘ylab ko‘rsam, o‘sha kuni Mashrab ham “Haliyam chiroylisan”, deganida, onamning shu fikrlarini aytmoqchi bo‘lgan. Ya’ni “Shukrli bo‘l” demoqchi bo‘lgan…
* * *
Haj safarida imkoningizdagi har bir daqiqa hisobli. Sheriklarim farz amallarni ado qilib bo‘lishgan bo‘lsalar-da, ko‘proq vaqtlarini Harami sharifda o‘tkazishar, hajga kela olmagan yaqinlari uchun umralar qilishar, nafl umralar qilishar, nafl namozlari o‘qishar edi. Baytullohda o‘qilgan bir namozning savobi boshqa joylarda o‘qilgan namozlarning savobidan yuz ming marta ko‘p ekan. Buning ustiga Harami sharif shunday mahobatli, fayzli, go‘zal ediki, bu muqaddas dargohda shunchaki o‘tirish ham, duo qilish ham kishi ruhiga beqiyos halovat, lazzat bag‘ishlar edi. Zero, duo qilish ham ibodat-da. Har kun, har tun, safardagi har bir daqiqamni shu muborak Haramda o‘tkazmoqni juda-juda istasam-da, menga safarda tog‘a tutinib, o‘z homiyligiga olgan er-xotin – Abduvohid aka va Soliyaxonning ko‘magida farz amallarini bajarib qaytgach: “Meni ham yana Haramga olib boringlar” deb ularga yuk bo‘lishdan iymanar edim. Ellikboshimiz ko‘nglimdagi og‘riqlarni sezgandek: “Hoji ona, bu muqaddas shaharning har qaysi burchida o‘qilgan namoz muborakdir”, der edi meni tinchitib dalda berish uchun. Men ham taqdirga tan berib, namozlarimni mehmonxonada o‘qir, ibodatdan bo‘sh vaqtlarimda mehmonxona oldida o‘tirib, shaharni, o‘tgan-ketgan odamlarni tomosha qilar edim.
Noiloj odamning bu mahzun tomoshasida ko‘pincha menga o‘xshab aravachada o‘tiradigan jikakkina keksa ayol hamrohlik qilar edi. Bu ayolni juda kelishgan, o‘rta yoshlardagi basavlat bir kishi yonimga qo‘yib ketar: “Opa-singil gurunglashi-ib o‘tiringlar. Onajon, agar zeriksangiz, qo‘ng‘iroq qiling”, der edi. Mening esa bu kampirga havasim kelar: “Agar o‘g‘lim bilan kelganimda, uning bo‘yniga osilib olgan bo‘lar edim, har kun Harami sharifga borar edim, Vatanga qaytguncha sira Haramdan chiqmas edim”, deya o‘ylar edim. Bir kuni ko‘nglimdagilarni aytdim ham: “Xola, bu yerga o‘g‘li bilan kelgan onalar dunyodagi eng baxtli onalar bo‘lsa kerak”, dedim. “E-e!.. Bu o‘g‘ilga ko‘nglimda nafratdan bo‘lak hech narsa yo‘q”, – qo‘l siltadi kampir. “Nega?” – hayron bo‘ldim men. “Bu o‘g‘il farzand bo‘lib, umrida bir piyola qaymoq yoki bir kilo go‘sht bilan meni izlagan odam emas. Topgani xotini va qayin-bo‘yinlaridan ortmaydi. Men kenja o‘g‘lim bilan yashayman. Kenjamning qo‘li biroz yupqaroq edi. Qizi ToshMIga kirgan yili Rossiyaga ishga ketdi, shu qizning kontraktini to‘layman, deb. Bir yilda yarimjon bo‘lib qaytib keldi. Men kasal, o‘g‘lim kasal. Kontrakt to‘lashga qiynalib qoldik. Bir kuni deng, buni chaqirtirdim. Necha-necha do‘koni bor, pul, mol-dunyo mil-mil! “Shu qiz o‘qishga bir amallab kirgan edi, mehnati kuyib qolmasin. Qarashib yubor, savob bo‘ladi”, dedim. “Bu sho‘rtumshuqlaringizga ota hovlini tashlab chiqib ketdim, yana nima qilib berishim kerak? Uni Rossiyaga men jo‘natganim yo‘q, yarimjon bo‘lib qolishiga ham men sababchi emasman. O‘ziyam, qiziyam taqdirida borini ko‘raversin. U ahmoqning aqli bo‘lsa, pul izlab, Rossiyada yurmasdi. Ishlayman, degan odamga shu yerda ham ish to‘lib yotibdi. Qiynalib qolibdi, sizni oraga solmay, o‘zi borsin, “Aka!..” deb! Yo‘q, u kishi ministr, otdan tushsalar ham, egardan tushmaydilar!” – xullas, bir dunyo gap bilan ta’bimni tirriq qildi. “E-e, bor, ko‘zimdan yo‘qol! O‘z ukang oyog‘ingga yiqilishi kerakmi hali? Bir tikanli gap qilib, dilini og‘ritgan joying bordirki, oldingga bormapti ukang. Qaytib turqingni ko‘rmay!” dedim. Kenja kelin juda dono, qanoatli ayol edi. Hamma zebu ziynatlarini, hatto mebellarini ham sotdi, qarindoshlardan ozroq qarz ko‘tardik. Keyinroq qizimiz ishga kirdi. Xullas, qizni o‘qitdik. Hozir katta do‘xtir, boybichcha. Keyingi nevaram tadbirkor. Juda boyib ketmagan bo‘lsak ham, endi birovga muhtoj joyimiz yo‘q. Bir kun kutilmaganda katta o‘g‘il qo‘ng‘iroq qildi: “Ona, tayyorgarligingizni ko‘ravering, men sizni hajga olib ketaman”, dedi. “Qachon? Nega?”. “Ikki oydan keyin! Erta-indin tibbiy ko‘rikdan o‘tasiz”.
Birdan orqam tutib ketdi: “Men sen bilan hech qayerga bormayman. Umringda bir piyola qaymoq yoki bir kuygan kulcha bilan izlamagan o‘g‘il endi meni hajga olib bormoqchimisan?” dedim. “E-e, ona, qo‘ysangiz-chi shunday gaplarni! Siznikiga qaymoq ko‘tarib yurishga mening vaqtim bormi? Erka o‘g‘lingiz bola-chaqasiga nima yedirsa, sizga berib o‘tirgandir. Xursand bo‘lib, rahmat bolam, deyishning o‘rniga bu nima gap bo‘ldi?”. “Qaymoq obkelma, mayli, och qolgan joyim yo‘q. Ammo shu keksa onam tirikmi-o‘likmi, yarimjon o‘g‘ilning ostonasida biror narsaga muhtoj bo‘lib qolmadimikin, deb olti oyda bir yo‘qlamaysan. Meni ko‘rging kelmasa, o‘zingni bir ko‘rsatib ket, toshbag‘ir, nomard! Yo‘q, men hech qachon sen bilan hajga bormayman!”. “Onajon, onam bo‘la turib meni tushunmaysiz-a! Mening umuman vaqtim yo‘q. Butun umrim safarlarda o‘tadi. Odamlar ham to‘lovini qilib, ham pora berib, hajga bora olmaydi, siz bo‘lsangiz!.. Mayli, meni qo‘yavering, Xudodan qo‘rqing, ona!”, “Boshimni og‘ritma, men baribir bormayman. Hov, ana, qaynonajoningni olib boraver”.
Rostdan ham kelmoqchi emas edim. Kenja o‘g‘il bilan kelin qo‘ymadi: “Boring, onajon. Biz sizni o‘sha joylarga olib bora olmadik. Akam o‘zidan bilib, olib boraman, deyayotgan ekan, bu fikrni akamning ko‘ngliga Xudo solgan. Bu sizga Xudoning marhamati. Yo‘q demang”.
O‘zim ham hajga kelishni bir umr orzu qilganman, deng. O‘ylab-o‘ylab oxiri: “E-e, mayli, shu nobakor o‘g‘ilning topganida ona sifatida mening ham haqim bor”, dedim. Jahl – kofir, deganlari rost. Endi bu muqaddas joylarda yurib, jahlimni yenga olganimga, o‘zimni idora qila olganimga shukr qilaman”.
Kampir nursiz ko‘zlarini olis-olislarga tikib, ancha vaqt jim qoldi, so‘ng chuqur xo‘rsinib, qo‘shimcha qildi:
– O‘zing tuqqan bolang bo‘lsa ham, ko‘ngling qolsa, begonadek bo‘lib qolar ekan. Yo mening diydam shunchalar qattiqmi, bilmadim, shu yerlarda yurib ham, o‘g‘limga nisbatan hech mehrim tovlanmadi. Bilamanki, u meni bu yerga Ollohning va mening roziligim uchun emas, “Onasini hajga olib borib keldi” degan obro‘ uchun olib kelgan!
Hamsuhbatimni tinglab turib, onaginamning bir gapini esladim. Birov-yarim bolasidan shikoyat qilib qolsa, shunday der edi: “Ichingdan chiqqan ola ilon, ol-da, belingga boyla!” Xalqimiz qanchalar donishmand, ichingdan chiqqandan voz kechib bo‘ladimi axir?! Yana hazrat payg‘ambarimizning muborak hadislari bor: “Nafsim qo‘lida bo‘lgan Ollohga qasamki, mo‘min bo‘lmaguncha jannatga kirmaysizlar” va “…bir-biringizni sevmaguncha komil mo‘min bo‘la olmaysizlar”.
Ona va o‘g‘ilki, bir-birini kechira olmasa, mo‘minlik haqida, jannat haqida xayol qilishi mumkinmi? Axir bilamiz-ku, Rabbim kechirimli, marhamatli Zot va kechirimli bandalarini sevadi. Olloh Qur’oni Karimda marhamat qilgan: “Ollohning marhamatidan umidingizni uzmang!..” Yana shunday mazmunda hadis bor, yer yuzini to‘ldirib yuboradigan miqdorda gunoh qilgan banda tavba qilsa, Olloh bandasini yer-ko‘kni to‘ldiradigan miqdordagi mahfirat bilan qarshi olar ekan.
Onaxonga rahmim keldi. Axir, nafrat va kek to‘la ko‘ngil bilan, ayniqsa, bu nafrat va kek o‘z farzandingga qaratilgan bo‘lsa, yashash nihoyatda qiyin bo‘ladi. Hadisu shariflarga hayotiy misollar qo‘shib, sekin-sekin tushuntirdim. Biz uzoq suhbatlashdik:
– Xolajon, kenja o‘g‘lingizning hayotidagi qiyinchiliklar ham o‘tib ketibdi. Endi Ollohning roziligi uchun bu o‘g‘lingizni ham kechirmasangiz bo‘lmaydi, undan rozi bo‘ling. Axir u sizning farzandingiz, oldingizga o‘g‘lim nega buncha beoqibat chiqdi ekan, degan savolni qo‘yganingizda, ona bo‘lib bergan tarbiyamda o‘zimdan biror kamchilik o‘tmadimikin, deb o‘ylab qo‘yishni ham unutmang. U sizni Ollohning uyiga olib keldi. Uni kechirsangiz, Olloh undan ham, sizdan ham rozi bo‘lishi aniq. Ikkingizning ko‘nglingiz ham halovat topadi. Bu joylarga bir keldingiz, yana kelish nasib qiladimi-yo‘qmi, yoningizda shunday mehribon, polvon o‘g‘lingiz bor ekan, bo‘yniga osilib olib, har kun Harami sharifga bormaysizmi?
Ayol mahzun jilmaydi:
– Bilmasam, singlim…
Ertasi kuni u “tomoshagoh”imizga chiqmadi. Sheriklaridan so‘rasam, o‘g‘li bilan Harami sharifga ketibdi. Xuddi men orzu qilgandek, “o‘g‘lining bo‘yniga osilib olib!..” Uning qaroriga, baxtiga astoydil havas qildim. Men ham yuraklarim yonib, niyat qildim: “Ey, Olamlar Parvadigori! Bu hajimni oxirgisi qilmagin. Bu muborak shaharga, muqaddas Ka’ba ziyoratiga yana kelishni, albatta, o‘g‘lim bilan kelishni nasib ayla!”
* * *
Onam har narsadan nolib yuradigan odamlarni yoqtirmaydi. O‘zi ham hech qachon nolimaydi. Shukrlilik, qanoat haqidagi bir rivoyatni ko‘p aytadi.
Emishki, bir podshoning yolg‘iz qizi betob bo‘lib qolibdi. Mamlakatning barcha tabiblari urinib ham malikani davolay olishmabdi. Bundan qahrlangan podsho: “Agar qizimni davolay olmasanglar, barchangizning boshingizni qilichdan o‘tkazaman”, debdi. Shunda bir tabib: “Qizingizga dunyoda hech armonim yo‘q, o‘ziga shukr, degan odamning ko‘ylagini olib kiydirsangiz, qizingiz batamom sog‘ayib ketadi”, deb, hamkasblarini o‘limdan saqlab qolibdi. Qizining sog‘ligidan qattiq xavotirlangan podshoning o‘zi xos navkarlari bilan “O‘ziga shukr, armonim yo‘q” deguvchi odamni izlab chiqibdi. Ne bir boy-boyonlar, og‘zidan kuy-qo‘shiq tushmaydigan shoyonlar bilan gaplashishibdi. Barchasi “Shukrku-ya, ammo…” deb, bir armonini aytibdi. Bearmon odamni izlab-izlab holdan toygan bir paytda kimsasiz bir chekka qishloqning chekkasidagi g‘aribona kulbaning yonidan o‘tib ketishayotib, “O‘zingga shukr, Yaratgan Egam, hech bir armonim yo‘q”, degan xitobni eshitishibdi. Ular kulba yonida to‘xtab, uy egasini chaqirishibdi: “Hoy, shukrli inson, tashqariga chiqqil, sen bilan yurt podshosi gaplashmoqchi”. Ichkaridan ovoz kelibdi: “Podshohim meni kechirsinlar, men chiqa olmayman, sababi ustimda ko‘ylagim yo‘q”. Bundan podsho o‘ziga xulosa chiqaribdi. Haligi kishiga bosh-oyoq sarpo kiydirib, qiziga muallim qilib tayinlabdi.
* * *
Ushbu satrlarni yozar ekanman, yuragimning tub-tubida simillab turgan sog‘inch hissini tuydim. Onam – Olloh bergan beminnat xazinam, g‘animat ne’matim. Shoshib, bolaligim o‘tgan qadrdon uy tomon yo‘lga tushdim.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 3-son