Jamila Ergasheva. Dard (hikoya)

Sulton kampirning kenjasi bozorda yuk tashiydi. Uning aravasi bozordagi eng ozoda, ko‘rkam arava, o‘zi ham hech qachon odamlar bilan haq talashmaydi, kim qancha bersa, shuni indamay olib ketaveradi, bozorligini kim qayerga desa, shaharning narigi chetidagi uyiga bo‘lsa ham olib borib beraveradi. Har kuni bozor chetidagi eng gavjum oshxonadan bir kosa osh, bitta kulcha olib, tushlik qiladi, ustidan bir donagina muzqaymoq yalashni ham unutmaydi. Qolgan pullarining bir so‘mini ham kamaytmasdan onasiga keltirib beradi. Sulton kampir kechki paytlar bozordan ranglari o‘chinqirab qaytgan o‘g‘lining yelkalaridan quchib, “Boy bolam, boyvachcha bolam-a”, deb erkalaydi. Akalar esa ko‘pincha ijirg‘anadi:
– Yo‘q qiling shu ovsaringizni. Shuning topgan pulini!..
U haqiqatan ham soddami, ovsarmi, ishqilib, biroz g‘alatiroq. Gaplashsangiz, gaplari ham to‘qmoqday, ko‘rinishi ham binoyidek, bir aybi – ba’zan katta ko‘chalarda ham qo‘shiq aytib yuraveradi, bir xayolga berilsa, manglayida turgan qirq yillik qadrdonini ham tanimaydi, ba’zan yetti yot begonaga yetti bukilib salom berib, hol-ahvol so‘rab qoladi.
Bu yil tiramohda Sulton kampir yomon og‘ridi. Har oqshom yotishdan avval “Shu bolamning nasibasi uchun ertaga sog‘-salomat turayin-da”, deb Ollohga iltijo qiladigan bo‘lib qoldi. Bo‘lmasa, to‘qqiz bolani uyli-joyli qilgan boybichcha, bu yoqda kelinlarning, u yoqda kuyovlarning hurmatiga sazovor bo‘lib o‘tirgan ayol. Ammo go‘yo joni shu kenjasining ichida. Kelinlari-yu qizlariga tinchlik bermay qo‘ydi:
– Shunga bittagina qiz topinglar, o‘lib-netib ketsam, kir-chiri, o‘rin-to‘shagi qarovsiz qolmasin.
Kelinlar indamay qo‘yishardi. Qizlar bo‘lsa: “Jim o‘tiring, shu tentagingizga kim ham tegaman deb, o‘lib borayapti”, deb siltab tashlashardi. Momoning ko‘zlarida “g‘ilt-g‘ilt” yosh aylanardi: “Senlarga qolgan kunim qursin”.
– Buningiz bir sinf o‘qigan bo‘lmasa, bir harf tanimasa, umrida biron qiz bilan gaplashib ko‘rgan bo‘lmasa! Buni qanday uylantirasiz? – jovillashardi beshafqat qizlar onani battar ranjitib. – Bo‘lmaydi. Agar o‘lib ketsangiz, o‘zimiz qaraymiz, siz hech xavotirlanmang.
Momo o‘ziga yetguncha qaysarmidi yoki o‘g‘lidan shunchalar xavotirlandimi, ahvoli sal o‘nglangach, o‘zi kelin axtarishga tushib ketdi. Izlab-izlab, o‘zi orzulaganidan ham ziyoda bir qiz topdi. Olis tog‘li qishloqda yashovchi bu qiz ertaklardagi malikalar bilan husn talashgan cho‘pon qizidek edi. Bir aybi – oyog‘i tug‘ma oqsoq, shu ayb bilan yoshi o‘ttizga yetgan, shu kunlarga yetguncha ota-ona ham o‘lib ketgan, yangalarning xizmatida turtkixo‘rda bo‘lib yurgan bir hokisor pariro‘y edi.
Momoni boshlab kelgan ovsin – asli shu qishloqning odami, gap maqsad-muddaoga ko‘chgach, bo‘lajak kuyov yigitni qiyomiga yetkazib maqtadi.
– Shunday ko‘ngilginasi ochiq. Shunday mehribon, mehnatkash, salomini kanda qilmaydi. Bozorda ishlab, aka-opalaridan ko‘proq pul topadi. Agar xo‘p desalaringiz, ovsinim bilan qaynog‘am ham shu qizning xizmatkori bo‘lishadi.
Aka bilan yanga qizdan so‘rab ham o‘tirishmadi: “Bitta og‘izning kami kam, atagan-boylaganlaringiz bo‘lsa, olib kelaveringlar”.
Sulton kampir borini to‘kdi. Boshqa o‘g‘il-qizlarini ham tinch qo‘ymadi. Aka-opalar har qancha chimirilib, g‘ijinishmasin, Sulton kampir kenjasining to‘yini hech kimnikidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi.
Oppoq ko‘ylak bilan tim qora kostyum-shim kiyib, bo‘yinbog‘ taqib olgach, bo‘lar-bo‘lmasga iljayib turaverishini aytmasa, Kenja ham naq shahzodaga aylandi-qoldi, yonida turgan suluv kelinchak ham malikaning xuddi o‘zi, to‘yga kelganlar ularga qarab to‘ymas edi.
To‘y tarqagach, Kenja qarindosh-urug‘lar yetovida kelinni chimildiqqacha kuzatib qo‘ydi. Bir vaqt qarasa, chimildiq ortida qunishib o‘tirgan kelin bilan ikkisidan boshqa hech kim yo‘q. U qo‘rqib ketdi, eshik ortida turgan yangalarning “hay-hay”lashiga qaramay, qochib chiqib ketdi. Bir dasturxonga qolgan-qutgan yeguliklarni yig‘ib, to‘yni yakunlayotgan yigitlar uni ko‘rib, qiyqirib yuborishdi.
– Xo‘r-roz! Bo‘ldimi?
– Hey, men senga nima degandim? Bizning Kenja bilan hazillashma, demaganmidim? Kenja, bu yoqqa kel! Qani, kuyovga quyinglar!
Uni ham o‘z davralariga qo‘shishib, biri qo‘yib, biri unga kuyovlik “vazifa”larini tushuntira ketishdi…
Kenja ancha sarxush, toliqqan holatda chimildiqli uyga kirganda kelinning yonida o‘tirgan yanga ohista tomoq qirib, tashqariga chiqib ketdi. Kelin odob bilan o‘rnidan turib, chimildiqning bir chetiga o‘tdi. Kenjani chimildiqqa boshlab kelgan mardona sarxushlik tarqab, uning o‘rnini hayajon egallab oldi:
– Assalomu alaykum.
Unga javoban kelin rasamaddisini keltirib, uch marta ta’zim qildi.
– E-e, yasha-a-ng, rahma-a-t, – u yurak yutib, kelinning yoniga borib, qo‘llaridan tutdi. – Nega tik turibsiz, o‘tirsangiz-chi?
Kelin itoatkorlik bilan o‘tirdi.
– Ismingiz nima?
– Oygul…
– Oy?.. Ha-a, kechadan buyon bu qizni qayerda ko‘rganman deb hayron bo‘laman-a. Siz osmondan tushib keldingizmi? Yana osmonga qaytib ketib qolmaysizmi?
Kelin bosh chayqadi: “Yo‘q, ketmayman”.
– Rahmat sizga! Keling, endi uxlaymiz, men sizni yechintirib qo‘yishim kerak ekan…
Shu kundan boshlab, Kenja bozorga chiqmay qo‘ydi. Erta-yu kech kelinning ­izidan soyadek ergashib yurardi:
– Oy! Oymomo, Oymomom mening! – uning yuziga termilib hech to‘ymas, zavqi kelganda atrofdagilardan hech tortinib o‘tirmasdan, ko‘rsatkich barmoqlari bilan kelinning biqiniga nuqib, qitiqlab qo‘yaverardi. Bundan kelin sho‘rlik yerga kirib ketgudek xijolat bo‘lar, sholg‘omdek qizargan ko‘yi uyiga kirib ketar, izi­dan kelgan Kenjani jerkib tashlardi:
– Odamni sharmanda qildingiz!
– Joningdan!..
U achchiqlangan sari Kenjaning zavqi oshib, kelinga yopishib ketaverardi.
– Boring-e naryoqqa, kuppa-kunduzi uyalmaysizmi?
– Nega uyalishim kerak? Axir siz mening zakunniy xotinimmisiz? Ha, unda men siz bilan istagan paytim istagan ishimni qilishim mumkin… Ha, shunday!
Kelin… chillasi chiqar-chiqmas ketib qoldi. Sulton momo ne-ne orzu-havaslar bilan qilgan zebu ziynatlar, yaltir-yultur kiyim-kechaklar, oyoqlariga yiqilgudek bo‘lib yalingan qaynona va dilafgor erning iltijo bilan javdiragan ko‘zlari – hech narsa uni olib qololmadi.
Oradan bir hafta o‘tgach, tog‘dan qudalar kelishib, o‘zlari qilgan uch-to‘rt ki­yim-kechak, ko‘rpa-to‘shakni olib ketishdi:
– O‘zimni osaman, deyapti juvormarg, uvoliga qolib ketmaylik.
Kelinning ahvoli haqiqatan ham yaxshi emasga o‘xshardi, bu narsa ularning qo‘rquv soya tashlab turgan ko‘zlaridan anglashilib turardi:
– Bir o‘qitib ham tashladik, hech foydasi bo‘lmadi.
Shu kuni Kenja rosa yig‘ladi. Ko‘chaga chiqib ketib, allaqayerdan ichib kelib, hovlini boshiga ko‘tarib, to‘polon qildi:
– Oymomomni topib beringlar! Topib beringlar Oymomomni!
Uni yupatish uchun bahona ham izlab ko‘rishdi:
– Hey, Kenja, tentakmisan? Oymomo kechasi, uxlab qolganingdan so‘ng keladi. Kunduzi quyosh bo‘ladi. Sen kechgacha sabr qil, Oymomong o‘zi keladi.
Ammo Kenja murosa qilishni istamas edi:
– Yo‘q, yo‘q, hozir kelsin mening Oymomom! Hoziroq olib kelib beringlar!
U yosh bolalardek yerga o‘tirib olib, tepsinib-tepsinib yig‘lardi. So‘ng shu ahvolda yig‘lab-yig‘lab ko‘chaga chiqib ketardi.
– Oymomo-o! Oymomoginam! – huvullab yotgan bo‘m-bo‘sh dashtlarga qarab baqirardi Kenja. – Qanisan? Nega meni tashlab ketding? Sensiz menga juda qiyin, enamgayam qiyin, kel, kela qol, Oymomo, bizni qiynama! Yo‘lga tushdingmi? Rahmat, bilardim qaytib kelishingni, men seni o‘zim kutib olaman, hozir, mana, borayapman, hozir yetib boraman.
U har kuni o‘ziga o‘zi shunday gapirinib, yo‘lga tushadi. So‘ng katta yo‘lni yoqalab ketaveradi, ketaveradi… Bir joylarga yetib borgach:
– E-e, sen bu tomondan kelar eding-ku, esimdan chiqibdi. Shoshmay tur, hozir oldingda bo‘laman, – deydi.
Va yana yo‘lini yangilaydi.
Hammadan ham Sulton momoga qiyin bo‘ldi. Bolasining aravakashlik qilib topgan pullarini sanab olib o‘tirgan kunlari ham bir davron ekan. Nonushtadan so‘ng o‘z-o‘ziga gapirinib, mung‘ayibgina chiqib ketayotgan o‘g‘liga “hay-hay”lagani bilan ortiga qaytara olmasa, uning qayoqqa ketayotganini bilmasa, bod chalgan oyoqlarini sudrab unga ergashib yura olmasa, huvullagan hovlida yolg‘iz yotib, xas­ta bolasining dardiga malham bo‘la olmasa!
– Onang bo‘lmay, mengina o‘layin-a, bolam!.. Qo‘limdan bir ish kelmasa… Qayerlardan seni uylantirdim-a! Sog‘larni devona qilgan ishq savdosi qurib ketsin-a, mening devona bolamni daydi qildi, adoyi tamom qildi! Endi qandaylar chora topaman-a!
Sulton momo bir kun beliga katta shol ro‘molni qattiq bog‘lab, yoniga o‘g‘lini oldi-da, yo‘lga tushdi. Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib… Oymomoning qishlog‘iga yetib keldi.
– Shu Oygul kelin bilan o‘zim bir gaplashayin.
Ularning kelayotganini ko‘rib, Oygul eng ichkari uyga kirib olgan ekan, hovliga chiqmadi. Sulton momo ko‘zlari javdirab turgan kenjasini mezbonlarning oldida qoldirib, o‘zi ichkariga kirdi.
– O‘g‘lim, sen shu yerda o‘tirib tur, men namozimni o‘qib chiqay.
Oygul ham rangi o‘chib, ozib-to‘zib ketgan edi, Sulton kampirni ko‘rib, garchi bu uchrashuvga o‘zini tayyorlab o‘tirgan bo‘lsa ham, kalovlanib qoldi. Kampir qizni bag‘riga bosib, uzoq yig‘ladi:
– O‘g‘lim ikkovimizni tiriklayin yerga ko‘mib kelganingni bilasanmi? Odam it bilan ham, mushuk bilan ham do‘st bo‘lib yashaydi. Beva befarzand qo‘shnimizning bir mushugi bor edi, shu mushuk bolalab-bolalab bir uy mushuk bo‘ldi, beva shularga qarab, shularning tashvishi bilan o‘tib ketdi boyoqish. Nahot mening o‘g‘lim mushukdan ham yomon bo‘lsa?!
Oygul indamadi.
– Jon bolam, uyga yur, uyingga yur. Sen ketgandan buyon bolam bir kun ham uyda o‘tirgani yo‘q. Kun bo‘yi seni izlab ko‘chalarda tentirab yuradi. U o‘zi yaxshi yigit edi, uylangunicha bozorda ishlab, dunyo-dunyo pul topib kelgich edi. Ichmaydi-chekmaydi. Senga qiziqib, besh-olti kun bozorga chiqmay qo‘ydi-da. Sal kunda qiziqishi ham so‘nadi, yana avvalgi holiga qaytadi. Unga ozgina vaqt kerak, jon bolam, jonim bolam, yo‘q dema, uyga qayt.
Oygulning quralay ko‘zlari yoshga to‘ldi, bir yutinib, bosh chayqadi: “Yo‘q”.
– Yo‘q, dema, bolam. Kenjam o‘lib qoladi. Savob uchun, Xudoning roziligi uchun qaytgin. Mayli, uni er deb bilma, bir mushukka qaragandek qarasang ham mayli, faqat uni bu ahvolda tashlab ketma. Bir odamni bir parcha etdan boqib-bovlab, ko‘pga qo‘shish qancha savob bo‘lsa, birovning hayotini saqlab qolish ham shuncha savob bo‘ladi. Hech ish qilma, qo‘lingni sovuq suvga urmasang ham mayli, faqat uyimda o‘tirsang bo‘ldi. Xo‘p degin, jon bolam, maylimi?
Onaizorning yuragi erib, suv bo‘lib oqib ketdi. Oygul hiqillab yig‘lay boshladi, shunday bir mehribon onasi yo‘qligini armon qildi…
Lekin baribir bosh chayqadi.
– Momo, hech ilojim yo‘q. Ber desangiz, yuragimni sug‘urib, qo‘lingizga bera­yin. Ammo men endi u uyga qaytib bora olmayman. O‘g‘lingiz… mushuk bo‘lsa, bosh burmay qaragan bo‘lar edim, ammo u odam, siz bilan men o‘ylagandan ham sodda odam. Uni yo‘ldan urib, yomon ishlarga o‘rgatuvchilar, shundan huzur qiladiganlar ko‘p. Odamlar juda beshafqat. Meni qiynamang, men bora olmayman.
– Kim, nimani o‘rgatibdi bolamga, ayt, o‘zim gaplashaman.
Oygul aytmadi.
Sulton kampir zo‘rg‘a sudralib tashqariga chiqdi. “Namozimni o‘qib chiqay”, deganda indamay supada qolgan o‘g‘li unga qarab:
– Oymomo yo‘qmikin, – deb so‘radi.
Sulton kampir qizarib ketgan ko‘zlarini o‘g‘lining umidvor nigohidan olib qochdi. Kenjaning rangi o‘zgardi. Bir onasiga, bir uy egalariga qaradi:
– Ena, men shu yerda qolay. Shularning ishlarini qilib, shu yerda yuray, ena, maylimi? Oymomo ham bir kun baribir shu yerga keladi. Xo‘p deng, ena…
Sulton kampirning sultonligidan asar ham qolmagan edi. U umid bilan javdirabgina mezbonlarga qaradi:
– Mayli edi… Xudo yo‘liga… Hamma ishlaringizni qiladi…
Mezbonlar yerga qarashdi:
– Oygulning o‘zi ziyoda. Arvohlar ro‘yi xotiri uchun saqlab yuribmiz.
Sulton momo og‘ir xo‘rsinib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi:
– Bolam, endi Oymomong osmondan tusha olmas ekan, bu yerdan ketamiz.
Kenja bir onasiga, bir xo‘mrayib turishgan uy egalariga qaray-qaray yo‘lga tushdi. Ammo uning ko‘nglini birpasda umidsizlik tark etib, muhabbat egalladi:
– Ena! Ena-a! – o‘ydim-chuqur so‘qmoqda bir amallab ilgarilayotgan onasining yengidan tortdi iljayib. – Biz bu yoqda yuribmiz, Oymomo uyga borib, bizni kutib o‘tirgan bo‘lsa-ya.
…Har kuni, qishin-yozin, ertadan kechgacha soch-soqollari o‘siq yigit tentirab yuradigan yo‘lga kelganda mashinalar tezlikni biroz pasaytiradi. Uni taniganlar esa tavba qilishadi. Ehtimol, kimlardir to‘ydan keyin unga o‘rgatgan amallarini eslab kulib ham yurar…
Ammo bir narsa aniq, muhabbat og‘ir dard ekan.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 5-son